Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-iyundagi 367-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 2-fevraldagi PF-5325-son Farmoniga muvofiq hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazining faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 2-fevraldagi PF-5325-son Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi (keyingi oʻrinlarda “Oila” markazi deb ataladi) tashkil etilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni 24 kishidan iborat markaziy apparatining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;
“Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalarining namunaviy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;
“Oila” markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari va tumanlar (shaharlar) boʻlimlari boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 3a-ilovaga muvofiq;
“Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tumanlar (shaharlar) boʻlimlarining boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soniga nisbatan toifalangan tumanlar (shaharlar) roʻyxati 4-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazining Ustavi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
“Oila” markazi direktoriga, zaruriyat boʻlganda, “Oila” markazining markaziy apparati, “Oila” markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari, shuningdek, “Oila” markazining tumanlar (shaharlar) boʻlimlari tuzilmasiga boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi T.K. Narbayevaga, “Oila” markazi direktoriga:
15 kun muddatda “Oila” markazining markaziy apparatini yuqori malakali va tashabbuskor kadrlar bilan toʻldirish choralarini koʻrish;
bir oy muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda “Oila” markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari, shuningdek, “Oila” markazining tumanlar (shaharlar) boʻlimlariga zamonaviy talablarga javob beradigan yuqori malakali va tashabbuskor kadrlar bilan toʻldirilishini taʼminlash topshirilsin.
4. Belgilansinki:
“Oila” markazi oila institutini mustahkamlash va rivojlantirish, jamiyatda zamonaviy namunali oila mezonlarini joriy etish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni tashkil etish va oʻtkazish sohasida respublikaning yetakchi ilmiy-tadqiqot ekspert muassasasi hisoblanadi;
“Oila” markazi oila institutini rivojlantirish sohasida amalga oshiriladigan fundamental, amaliy va innovatsion loyihalarni ekspertizadan oʻtkazishda ishtirok etadi, tadqiqotlar natijalari amaliyotga tatbiq etilishini taʼminlaydi.
5. Quyidagilar:
joriy taʼminotga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan tanlovlar natijalari boʻyicha ilmiy loyihalarni bajarishga ajratiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari, Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlari, xalqaro va xorijiy tashkilotlar va jamgʻarmalarning grantlari, shartnoma asosida noshirlik faoliyatini amalga oshirishdan, tadqiqotlar oʻtkazishdan va ishlar bajarish (xizmat koʻrsatish)dan tushadigan mablagʻlar hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalari “Oila” markazi markaziy apparati faoliyatini moliyalashtirish;
tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari mablagʻlari, xalqaro va xorijiy tashkilotlar va jamgʻarmalarning grantlari, shartnoma asosida noshirlik faoliyatini amalga oshirishdan, tadqiqotlar oʻtkazishdan va ishlar bajarish (xizmat koʻrsatish)dan tushadigan mablagʻlar hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar “Oila” markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari, “Oila” markazining tuman (shahar) boʻlimlari faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining xarajatlari parametrlarida “Oila” markazi va uning hududiy boʻlinmalarining taʼminotiga 2018-yilda zarur boʻlgan budjet mablagʻlarini ajratsin va keyingi yillardan boshlab mablagʻ ajratishni nazarda tutsin;
“Oila” markaziga 3 ta avtotransport vositasini saqlash uchun limit ajratsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda “Oila” markaziga oila institutini qoʻllab-quvvatlash va oilaviy qadriyatlarni rivojlantirish sohasida faoliyat yuritayotgan xalqaro va xorijiy tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik oʻrnatish va rivojlantirishda har tomonlama koʻmaklashsin.
8. “Oila” markazi Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birgalikda ommaviy axborot vositalarida va Internet jahon axborot tarmogʻida “Sogʻlom oila — sogʻlom jamiyat” konseptual gʻoyasini keng targʻib qilish boʻyicha tadbirlar oʻtkazilishini taʼminlasin.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 3-iyundagi 457-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2019-y., 09/19/457/3235-son)
9. “Oila” markazi:
a) normativ-huquqiy hujjatlar matnlari hamda zarur boʻlgan taqdirda ularga tegishli axborot-tahliliy materiallar elektron shaklda yuboriladigan davlat organlari va boshqa tashkilotlar roʻyxatiga;
b) quyidagilarga:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuraturasi, Oliy sudining statistik maʼlumotlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Ommaviy kommunikatsiya sohasini monitoring qilish markazi byulletenlari va kundalik maʼlumotlari toʻplami;
xorijiy matbuot obzorlari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar markazining tahliliy axborotlari, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Ijtimoiy tadqiqotlar instituti hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar institutining tahliliy materiallari, majburiy tarzda yuboriladigan tashkilotlar roʻyxatiga kiritilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi “Oila” markazini belgilangan tartibda zarur telefon aloqasi, shu jumladan hukumat aloqasi bilan taʼminlasin.
11. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi “Oila” markazi bilan birgalikda 2018-yil 15-aprelgacha “Oila” markazining hududiy boʻlinmalarini joylashtirish choralarini koʻrsinlar.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 6-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi T.K. Narbayeva hamda “Oila” markazi direktori zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 26-mart,
229-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-martdagi 229-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazining
TAShKILIY TUZILMASI
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-martdagi 229-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi markaziy apparatining
TUZILMASI
Izoh. Markaz markaziy apparati boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni (texnik va yordamchi xodimlarni hisobga olmagan holda) – 24 nafar.
Texnik va yordamchi xodimlar soni davlat boshqaruvi organlari uchun nazarda tutilgan normativlar boʻyicha belgilanadi.
Markazga ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish uchun shartnoma asosida ilmiy va oʻquv muassasalarining yetakchi mutaxassis, ekspert, olim va oʻqituvchilarini qoʻshimcha jalb etish huquqi beriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-martdagi 229-son qaroriga 3-ILOVA
“Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalarining
NAMUNAVIY TUZILMASI
Izoh. Boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni (tuman (shahar) boʻlimlarining texnik va yordamchi xodimlarni hisobga olmagan holda) — 7 nafar. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni — 98 nafar.
Tuman (shahar) boʻlimlarining oilalar bilan ishlash boʻyicha mutaxassislarining umumiy soni — 306 nafar.
Boshqarmalarning texnik va yordamchi xodimlar soni davlat boshqaruvi organlari uchun nazarda tutilgan normativlar boʻyicha belgilanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-martdagi 226-son qaroriga 3a-ILOVA
“Oila” markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari va tumanlar (shaharlar) boʻlimlari boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni
T/r
Hudud nomi
“Oila” markazining hududiy boshqarmalari
“Oila” markazining tumanlar (shaharlar) boʻlimlari
Jami
1.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi
7
24
31
2.
Andijon viloyati
7
23
30
3.
Buxoro viloyati
7
18
25
4.
Jizzax viloyati
7
18
25
5.
Qashqadaryo viloyati
7
25
32
6.
Navoiy viloyati
7
16
23
7.
Namangan viloyati
7
19
26
8.
Samarqand viloyati
7
26
33
9.
Sirdaryo viloyati
7
16
23
10.
Surxondaryo viloyati
7
21
28
11.
Toshkent viloyati
7
32
39
12.
Fargʻona viloyati
7
28
35
13.
Xorazm viloyati
7
18
25
14.
Toshkent shahri
7
22
29
Jami
98
306
404
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-martdagi 229-son qaroriga 4-ILOVA
“Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazining tumanlar (shaharlar) boʻlimlari boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soniga nisbatan toifalangan tumanlar (shaharlar)
* 1-toifa — oilalar bilan ishlash boʻyicha 2 nafar mutaxassis belgilanmoqda.
** 2-toifa — oilalar bilan ishlash boʻyicha 1 nafar mutaxassis belgilanmoqda.
Jami: oilalar bilan ishlash boʻyicha mutaxassis 306 ta shtat birligi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-martdagi 229-son qaroriga 5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazining
USTAVI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Ustav Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazining (keyingi oʻrinlarda “Oila” markazi deb ataladi) asosiy vazifalari, funksiyalari, huquq va majburiyatlari, shuningdek, uning faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. “Oila” markazi oila institutini mustahkamlash va rivojlantirish, jamiyatda zamonaviy namunali oila mezonlarini joriy etish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni tashkil etish va oʻtkazish sohasida respublikaning yetakchi ilmiy-tadqiqot ekspert muassasasi hisoblanadi;
“Oila” markazi oila institutini rivojlantirish sohasida amalga oshiriladigan fundamental, amaliy va innovatsion loyihalarni ekspertizadan oʻtkazishda ishtirok etadi, tadqiqotlar natijalari amaliyotga tatbiq etilishini taʼminlaydi.
3. “Oila” markazi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Ustavga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
4. “Oila” markazi, “Oila” markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhr va blankalarga, mustaqil balansga, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligida shaxsiy hisobraqamlariga ega boʻladi.
5. “Oila” markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari huzurida yuridik shaxs hisoblanmaydigan “Oila” markazi tumanlar (shaharlar) boʻlimlari faoliyat yuritadi.
6. “Oila” markazining rasmiy nomi:
1) davlat tilida:
toʻliq nomi — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, qisqartmasi — “Oila” markazi;
2) rus tilida:
toʻliq nomi — Nauchno-prakticheskiy issledovatelskiy tsentr “Oila” pri Kabinete Ministrov Respubliki Uzbekistan, qisqartmasi — Sentr “Oila”;
3) ingliz tilida:
toʻliq nomi — Scientific and practical research center “Oila” under the Cabinet of Ministers of the Republic of Uzbekistan, qisqartmasi — center “Oila”.
2-bob. “Oila markazining” tashkiliy tuzilmasi
7. “Oila” markazining tashkiliy tuzilmasi quyidagilar kiradi:
“Oila” markazining markaziy apparati;
“Oila” markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari;
“Oila” markazining tumanlar (shaharlar) boʻlimlari.
3-bob. “Oila” markazining asosiy vazifa va funksiyalari
8. Quyidagilar “Oila” markazining asosiy vazifalari hisoblanadi:
1) oila institutini mustahkamlash boʻyicha, eng avvalo, “Sogʻlom oila — sogʻlom jamiyat” konseptual gʻoyasini hayotga tatbiq etishga yoʻnaltirilgan yagona davlat siyosatini olib borish;
2) oilaning reproduktiv salomatligi va demografik rivojlanishini, uning farovonligi va xotirjamligini oshirish masalalarini kompleks oʻrganishni tashkil etish;
3) zamonaviy oilani rivojlantirish, oilaning ichki munosabatlari, shaxslararo munosabatlarni, boy madaniy tarixiy meros va anʼanaviy oilaviy qadriyatlar muammolari boʻyicha fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni oʻtkazish;
4) umuminsoniy va milliy oilaviy qadriyatlarni, er-xotin, ota-ona va farzandlar, er-xotin va ularning ota-onalari oʻrtasidagi munosabatlarni tahlil qilish asosida zamonaviy namunali oilaning mezonlarini belgilash, shuningdek, zamonaviy oilaning namunali shaklini hamda “Oila jamiyat va davlat himoyasida” konstitutsiyaviy prinsipini keng targʻib etish va jamiyatga singdirish ishlarini olib borish;
5) davlat organlari, xotin-qizlar qoʻmitalari va boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikda notinch va muammoli oilalarni aniqlash va ularning manzilli roʻyxatlarini tuzish, maʼnaviy-axloqiy muhitni sogʻlomlashtirish, nizoli holatlarning oldini olish, oilaviy munosabatlarni mustahkamlash va milliy mentalitetga zid boʻlgan turli yot xavf-xatarlarga qarshi turish maqsadida ular bilan toʻgʻridan toʻgʻri aloqa oʻrnatish;
6) oila-nikoh munosabatlari sohasida amaliyotni oʻrganish va tajriba almashish borasida xalqaro va xorijiy tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni amalga oshirish.
9. “Oila” markazi oʻziga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
1) oila institutini mustahkamlash boʻyicha, eng avvalo, “Sogʻlom oila — sogʻlom jamiyat” konseptual gʻoyasini hayotga tatbiq etishga yoʻnaltirilgan yagona davlat siyosatini olib borish sohasida:
oila institutini mustahkamlash boʻyicha tahliliy materiallar va ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqadi;
oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
oila institutini mustahkamlash sohasidagi normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
jamoatchilikni oila institutini mustahkamlash sohasidagi ishlarning ahvoli toʻgʻrisida xabardor etadi;
yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, oiladagi nizoli holatlarni hal qilishning huquqiy va psixologik asoslarini oʻrgatish, ajrashishlarning oldini olish, shuningdek, oiladagi maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlashga oid boshqa masalalar sohasida kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashni tashkil etadi;
2) oilaning reproduktiv salomatligi va demografik rivojlanishini, uning farovonligi va xotirjamligini oshirish masalalarini kompleks oʻrganishni tashkil etish sohasida:
sogʻliqni saqlash organlari va boshqa tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikda oilaning reproduktiv salomatligi va demografik rivojlanishini, uning farovonligi va xotirjamligini oshirish darajasini tahlil qiladi va bu boradagi faoliyatni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
markazda ishlab chiqilgan metodik tavsiyalar asosida sogʻlom oila qurish, sogʻlom farzandni dunyoga keltirish, sogʻlom turmush tarzini yuritish asoslarini xotin-qizlar orasida manzilli targʻib etish maqsadida yakka tartibda tushuntirish ishlarini, ochiq muloqot, sayyor qabul va davra suhbatlari oʻtkazadi;
ota-onalar uchun oilada nogiron farzandlarini toʻgʻri parvarishlash va tarbiyalash, ularning tegishli koʻnikmalarini patronaj tizimi orqali oshirish boʻyicha metodik koʻrsatmalar ishlab chiqadi;
oila va nikoh, reproduktiv salomatlik, shuningdek, oilalarda sogʻlom turmush tarzini shakllantirish masalalari boʻyicha mashgʻulotlar oʻtkazishni tashkil etadi;
oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlari tuzilmalarida oʻsmir qizlar va fertil yoshidagi ayollar uchun “ayollar maslahatxonalari”ni tashkil etishga koʻmaklashadi;
3) zamonaviy oilani rivojlantirish, oilaning ichki munosabatlari, shaxslararo munosabatlarni, boy madaniy tarixiy meros va anʼanaviy oilaviy qadriyatlar muammolari boʻyicha fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni oʻtkazish sohasida:
ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalari bilan birgalikda fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni tashkil etish va oʻtkazishda ishtirok etadi;
fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni ekspertizadan oʻtkazadi, ularning dolzarbligi, ilmiy va amaliy ahamiyatidan kelib chiqib tadqiqotlar natijalarini amaliyotga tatbiq etishda ishtirok etadi;
oila institutini mustahkamlash, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash va oilaviy ajrashishlarni oldini olishga doir yagona yondashuvlarni ishlab chiqadi;
fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarning natijalari hamda ularning amaliyotga tatbiq etilishi natijalarini baholaydi, fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar oʻtkazishni va ularni amaliyotga tatbiq etishni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
olib borilayotgan fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar hamda ularni amaliyotga tatbiq etish natijalari toʻgʻrisida maʼlumotlar bazasini shakllantiradi;
4) umuminsoniy va milliy oilaviy qadriyatlarni, er-xotin, ota-ona va farzandlar, er-xotin va ularning ota-onalari oʻrtasidagi munosabatlarni tahlil qilish asosida zamonaviy namunali oilaning mezonlarini belgilash, shuningdek, zamonaviy oilaning namunali shaklini hamda “Oila jamiyat va davlat himoyasida” konstitutsiyaviy prinsipini keng targʻib etish va jamiyatga singdirish ishlarini olib borish sohasida:
nikohdan oʻtuvchi shaxslar tomonidan oilaviy hayot asoslari boʻyicha majburiy oʻqishdan oʻtishlari masalasi boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazadi, bu sohada oʻquv dasturlarini ishlab chiqadi;
er-xotin, ota-ona va farzandlar, er-xotin va ularning ota-onalari oʻrtasidagi munosabatlarni yoʻlga qoʻyish, oila va nikohni saqlab qolishdagi oʻzaro masʼuliyatini taʼminlash masalalarini oʻrganadi;
umuminsoniy va milliy oilaviy qadriyatlarni, ilgʻor xorijiy tajribani tahlil qilish asosida oilalardagi maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bilan bogʻliq metodik tavsiyalar ishlab chiqadi;
oilalar mustahkamligini taʼminlash, oilaviy ajrashishlarning oldini olish, oilaning farzand tarbiyasi borasidagi masʼuliyatini oshirish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni saqlashda oilaning tutgan oʻrnini targʻib qilish, shuningdek namunali oilalarning hayotiy tajribasini ommalashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va ularni amalga oshiradi;
fuqarolar yigʻinlari yarashtirish komissiyalariga oiladagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi omillarni barvaqt aniqlash masalalarida uslubiy koʻmak koʻrsatadi;
oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, saqlash va rivojlantirish, maʼnaviy-ahloqiy tarbiya, iqtisodiy, huquqiy bilimlar, tibbiy madaniyatni oshirish, oilaviy munosabatlar psixologiyasi boʻyicha mashgʻulotlar oʻtkazishni nazarda tutadigan oʻquv dasturlarini ishlab chiqadi;
5) davlat organlari, xotin-qizlar qoʻmitalari va boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikda notinch va muammoli oilalarni aniqlash va ularning manzilli roʻyxatlarini tuzish, maʼnaviy-axloqiy muhitni sogʻlomlashtirish, nizoli holatlarning oldini olish, oilaviy munosabatlarni mustahkamlash va milliy mentalitetga zid boʻlgan turli yot xavf-xatarlarga qarshi turish maqsadida ular bilan toʻgʻridan toʻgʻri aloqa oʻrnatish sohasida:
notinch va muammoli oilalarni aniqlash va ularning manzilli roʻyxatlarini tuzishda ishtirok etadi;
davlat organlari, xotin-qizlar qoʻmitalari va boshqa jamoat tashkilotlari notinch va muammoli oilalar bilan toʻgʻridan toʻgʻri aloqa oʻrnatishi masalalari boʻyicha amaliy va innovatsion tadqiqotlarni oʻtkazadi;
notinch va muammoli oilalardagi maʼnaviy-ahloqiy muhitni sogʻlomlashtirish, nizoli holatlarning oldini olish, oilaviy munosabatlarni mustahkamlash masalalari boʻyicha takliflar va metodik tavsiyalar ishlab chiqadi;
notinch va muammoli oilalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantiradi hamda ulardagi maʼnaviy-ahloqiy muhitni sogʻlomlashtirish, nizoli holatlarning oldini olish, oilaviy munosabatlarni mustahkamlash, milliy mentalitetga zid boʻlgan turli yot xavf-xatarlarga qarshi turish maqsadida ular bilan toʻgʻridan toʻgʻri aloqa oʻrnatishda ishtirok etadi;
6) oila-nikoh munosabatlari sohasida amaliyotni oʻrganish va tajriba almashish borasida xalqaro va xorijiy tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni amalga oshirish sohasida:
oila-nikoh munosabatlari sohasida xalqaro va xorijiy tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan ilmiy va ishbilarmon aloqalarni oʻrnatadi va rivojlantiradi;
xorijiy mamlakatlarning oila-nikoh munosabatlari sohasidagi tajribasini oʻrganadi, uni qoʻllash boʻyicha ilmiy asoslangan takliflar va metodik tavsiyalar ishlab chiqadi;
oila institutini mustahkamlash, oilaviy qadriyatlarni rivojlantirish va mustahkamlash, jamiyatda zamonaviy oilaning namunali modelini hamda “Oila jamiyat va davlat himoyasida” konstitutsiyaviy prinsipini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar toʻgʻrisidagi axborotni tayyorlaydi va xalqaro hamjamiyatiga yetkazadi.
4-bob. “Oila” markazi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalarining vazifa va funksiyalari
10. Quyidagilar “Oila” markazi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
1) “Oila” markaziga yuklangan vazifa va funksiyalarning samarali bajarilishini taʼminlashda ishtirok etish;
2) “Oila” markazi tumanlar (shaharlar) boʻlimlarining faoliyatini nazorat qilish va muvofiqlashtirish;
3) yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, oiladagi nizoli holatlarni hal qilishning huquqiy va psixologik asoslarini oʻrgatish, ajrashishlarning oldini olish, shuningdek, oiladagi maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlashga oid boshqa masalalar sohasida kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash boʻyicha maxsus oʻquv kurslarini tashkil etish va oʻtkazish.
11. “Oila” markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
1) “Oila” markazi tumanlar (shaharlar) boʻlimlarining faoliyatini tashkiliy va axborot jihatidan taʼminlaydi;
2) “Oila” markazi tumanlar (shaharlar) boʻlimlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Hukumat qarorlari va “Oila” markazi buyruqlarining ijro etilishi ustidan tizimli nazoratni taʼminlaydi;
3) “Oila” markazi tumanlar (shaharlar) boʻlimlarining faoliyati ustidan rahbarlik va nazoratni amalga oshiradi;
4) “Oila” markazi tumanlar (shaharlar) boʻlimlarining tegishli hududdagi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xotin-qizlar qoʻmitalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, sogʻliqni saqlash organlari, FHDY organlari va davlat boshqa organlari va tashkilotlari bilan oʻzaro hamkorligini tashkil etadi;
5) “Oila” markazi tumanlar (shaharlar) boʻlimlarini moliyalashtiradi, ularning buxgalteriya hisobi va xarajatlar hisobotini tashkil etadi;
6) “Oila” markazi tumanlar (shaharlar) boʻlimlarining moddiy-texnik taʼminotini taʼminlaydi;
7) jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni tashkil etadi;
8) tashkiliy, moliyaviy, ishlab chiqarish, xoʻjalik va oʻz vakolatiga taalluqli boshqa masalalar boʻyicha qarorlar qabul qiladi;
9) tegishli hududda oila instituti va anʼanaviy oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini tizimli tahlil qiladi;
10) tegishli hududdagi demografik vaziyat, oilalar farovonligi va turmush sifati darajasi boʻyicha statistik materiallarni toʻplaydi;
11) tegishli hududda oilaning maʼnaviy-ahloqiy asoslarini shakllantiruvchi boy madaniy tarixiy meros va anʼanaviy oilaviy qadriyatlarni saqlash ishlarini tashkil etadi;
12) tegishli hududda oila institutining ahvoli va rivoji hamda anʼanaviy oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash masalalari boʻyicha maʼlumotlar bazasini shakllantiradi;
13) tegishli hududda oilani mustahkamlash va barkamol avlodni tarbiyalash masalalarida oila, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va taʼlim muassasalari oʻzaro hamkorligining turli shakllarini tashkil etadi;
14) yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, oiladagi nizoli holatlarni hal qilishning huquqiy va psixologik asoslarini oʻrgatish, ajrashishlarning oldini olish, shuningdek, oiladagi maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlashga oid boshqa masalalar sohasida kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash boʻyicha maxsus oʻquv kurslarini tashkil etadi;
15) oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlari tuzilmalarida oʻsmir qizlar va fertil yoshidagi ayollar uchun “ayollar maslahatxonalari”ni tashkil etishga koʻmaklashadi;
16) notinch va ehtiyojmand oilalardagi kasalligi, shu jumladan, reproduktiv salomatligi bilan bogʻliq kasalligi boʻlgan shaxslarni aniqlashga va ularga manzilli tibbiy yordam koʻrsatishga koʻmaklashadi;
17) oilada sogʻlom farzandni dunyoga keltirish masalalarini hal qilishda Respublika “Ona va bola skriningi” markazi va Respublika aholi reproduktiv markazining boʻlinmalari bilan hamkorlik qiladi.
5-bob. “Oila” markazi tumanlar (shaharlar) boʻlimlarining vazifalari va funksiyalari
12. Quyidagilar “Oila” markazi tumanlar (shaharlar) boʻlimlarining asosiy vazifalari va funksiyalari hisoblanadi:
1) “Oila” markaziga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishini taʼminlashda ishtirok etish;
2) tegishli hududdagi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xotin-qizlar qoʻmitalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish, sogʻliqni saqlash, FHDY hamda davlat boshqa organlari va tashkilotlari bilan oʻzaro hamkorlikni tashkil etish.
13. “Oila” markazining tumanlar (shaharlar) boʻlimlari oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
1) oilaning demografik rivojlanishi, farovonligi va xotirjamligi darajasi boʻyicha maʼlumotlar bazasini shakllantiradi;
2) oilaning ichki munosabatlari, shaxslararo munosabatlarni, boy madaniy tarixiy meros va anʼanaviy oilaviy qadriyatlarni saqlashda muammolari boʻlgan oilalar bilan ishlaydi;
3) oila institutini mustahkamlashga, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlashga va oilaviy ajrashishlarning oldini olishga koʻmaklashadi;
4) jamiyatda zamonaviy oilaning namunali shaklini hamda “Oila jamiyat va davlat himoyasida” konstitutsiyaviy prinsipini keng targʻib etadi va joriy etadi;
5) davlat organlari, xotin-qizlar qoʻmitalari va boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikda notinch va muammoli oilalarni aniqlaydi va ularning manzilli roʻyxatlarini tuzadi;
6) notinch va muammoli oilalarda maʼnaviy-ahloqiy muhitni sogʻlomlashtirish, nizoli holatlarning oldini olish, oilaviy munosabatlarni mustahkamlashga koʻmaklashadi.
6-bob. “Oila” markazining huquqlari va javobgarligi
14. “Oila” markazi oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
davlat organlari va ularning mansabdor shaxslaridan “Oila” markaziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun zarur boʻlgan hujjatlar va maʼlumotlar, shu jumladan statistik axborotni soʻrash va bepul olish;
“Oila” markaziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish bilan bogʻliq normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda kiritish;
Davlat axborot tizimlarining tegishli axborot bazalaridan va vakolatli organlarning resurslaridan “Oila” markazi faoliyatiga taalluqli boʻlgan maʼlumotlardan belgilangan tartibda foydalanish;
maslahatchilar va ekspertlar sifatida yuqori malakali mahalliy va xorijiy mutaxassislarni shartnoma asosida ishga taklif etish;
Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari loyihalarini belgilangan tartibda ishlab chiqish, Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda “Oila” markazi vakolatiga taalluqli masalalar boʻyicha idoralararo xususiyatdagi xalqaro shartnomalarni belgilangan tartibda tuzish;
“Oila” markazining vakolatiga taalluqli masalalar boʻyicha xalqaro miqyosda Oʻzbekiston Respublikasi manfaatlarini belgilangan tartibda ifoda etish;
oʻz vakolati doirasida xalqaro va xorijiy tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni amalga oshirish;
“Oila” markazi faoliyatini keng yoritish maqsadida rasmiy veb-saytlar, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda sahifalar yaratish;
oʻz vakolati doirasida anjumanlar, seminarlar, simpoziumlar oʻtkazish, hamda boshqa tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan shunday tadbirlarda ishtirok etish;
“Oila” markazi vakolatiga taalluqli masalalar boʻyicha uslubiy materiallar va tavsiyalar ishlab chiqish;
“Oila” markazi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari, “Oila” markazi tumanlar (shaharlar) boʻlimlari rahbarlarining “Oila” markazi vakolatiga taalluqli masalalar boʻyicha hisobotlarini eshitish;
oila institutini dolzarb va istiqbolli rivojlantirish muammolarini ishlab chiqish maqsadida ishchi guruhlari va vaqtinchalik ijodiy jamoalar tuzish;
belgilangan tartibda noshirlik faoliyatini amalga oshirish, davriy ilmiy-amaliy nashrlarni chop etish;
shartnoma asosida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, daromad shaklida olingan mablagʻlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda “Oila” markazi xodimlarini ragʻbatlantirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ijtimoiy masalalarni hal qilishga yoʻnaltirish.
“Oila” markazi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
15. “Oila” markazi:
oila institutini mustahkamlash sohasida davlat siyosatining samarali amalga oshirilishi;
oila institutini mustahkamlash, jamiyatda uning zamonaviy namunali shaklini joriy etish boʻyicha tadqiqotlarni samarali oʻtkazilishi hamda taʼsirchan, ilmiy asoslangan va amaliy taklif va tavsiyalarni ishlab chiqilishi;
“Oila” markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari, “Oila” markazining tumanlar (shaharlar) boʻlimlari ishi samarali tashkil etilishi;
“Oila” markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari, “Oila” markazining tumanlar (shaharlar) boʻlimlari bilan birgalikda “Oila” markaziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni sifatli va oʻz vaqtida bajarish taʼminlanishi uchun javob beradi.
7-bob. “Oila” markazi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalarining huquqlari va javobgarligi
16. “Oila” markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari oʻzlariga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
davlat organlarining hududiy boʻlinmalari va ularning mansabdor shaxslaridan “Oila” markaziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun zarur boʻlgan hujjatlar va maʼlumotlarni soʻrash va bepul olish;
Davlat axborot tizimlarining tegishli axborot bazalaridan va vakolatli organlarning resurslaridan “Oila” markazi faoliyatiga taalluqli boʻlgan maʼlumotlardan belgilangan tartibda foydalanish;
“Oila” markazi bilan kelishilgan holda, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, oiladagi nizoli holatlarni hal qilishning huquqiy va psixologik asoslarini oʻrgatish, ajrashishlarning oldini olish, shuningdek, oiladagi maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlashga oid boshqa masalalar sohasida kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash boʻyicha maxsus oʻquv kurslarini tashkil etish uchun yuqori malakali mahalliy mutaxassislarni shartnoma asosida oʻqituvchi sifatida ishga taklif etish;
“Oila” markazining tumanlar (shaharlar) boʻlimlari faoliyatini oʻrganish;
“Oila” markaziga yuklangan vazifa va funksiyalarni bajarish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha tegishli hududdagi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xotin-qizlar qoʻmitalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, sogʻliqni saqlash organlari, FHDY organlari hamda davlat boshqa organlari va tashkilotlari bilan oʻzaro hamkorlik qilish;
tegishli hududdagi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining hududiy boshqarmalariga “Oila” markazi vakolatiga taalluqli masalalar boʻyicha takliflar kiritish.
“Oila” markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
17. “Oila” markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari:
tegishli hududlarda oila institutini mustahkamlash sohasida davlat siyosati samarali amalga oshirilishi;
“Oila” markaziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish boʻyicha “Oila” markazining tumanlar (shaharlar) boʻlimlari ishi samarali tashkil etilishi;
“Oila” markaziga kiritilayotgan takliflar va boshqa hujjatlarning sifatli tayyorlanishi;
oila institutini rivojlantirish boʻyicha dasturlar, tadbirlar rejalari va boshqa dasturiy hujjatlar samarali amalga oshirilishi;
oilada, ayniqsa nikohning ilk davrida er-xotin va ularning ota-onalari oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, erta nikoh va ajrashishlarning oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan choralarning natijadorligi;
notinch va muammoli oilalarni oʻz vaqtida aniqlash, ulardagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish choralarini koʻrish, nizoli holatlarning oldini olish va oilaviy munosabatlarni yaxshilanishi uchun javob beradi.
8-bob. “Oila” markazi tumanlar (shaharlar) boʻlimlarining huquqlari va javobgarligi
18. “Oila” markazining tumanlar (shaharlar) boʻlimlari oʻzlariga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
davlat organlari hududiy boʻlinmalari va ularning mansabdor shaxslaridan “Oila” markaziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun zarur boʻlgan hujjatlar va maʼlumotlarni soʻrash va bepul olish;
Davlat axborot tizimlarining tegishli axborot bazalaridan va vakolatli organlarning resurslaridan “Oila” markazi faoliyatiga taalluqli boʻlgan maʼlumotlardan belgilangan tartibda foydalanish;
“Oila” markaziga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni bajarish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha tegishli hududdagi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xotin-qizlar qoʻmitalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish, sogʻliqni saqlash, FHDY organlari va davlat boshqa organlari va tashkilotlari bilan oʻzaro hamkorlik qilish;
tegishli hududdagi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining hududiy boshqarmalariga “Oila” markazi vakolatiga taalluqli masalalar boʻyicha takliflar kiritish.
“Oila” markazining tumanlar (shaharlar) boʻlimlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
19. “Oila” markazining tumanlar (shaharlar) boʻlimlari:
tegishli hududlarda oila institutini mustahkamlash sohasida davlat siyosati samarali amalga oshirilishi;
“Oila” markaziga kiritilayotgan takliflar va boshqa hujjatlarning sifatli tayyorlanishi;
oila institutini rivojlantirish boʻyicha dasturlar, tadbirlar rejalari va boshqa dasturiy hujjatlar samarali amalga oshirilishi;
oilada, ayniqsa nikohning ilk davrida er-xotin va ularning ota-onalari oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, erta nikoh va ajrashishlarning oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan choralarning natijadorligi;
notinch va muammoli oilalarni oʻz vaqtida aniqlash, ulardagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish choralarini koʻrish, nizoli holatlarning oldini olish va oilaviy munosabatlarni yaxshilanishi uchun javob beradi.
9-bob. “Oila” markazi faoliyatini tashkil etish
20. “Oila” markaziga Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan direktor boshchilik qiladi.
Direktor Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan ikkita oʻrinbosarga ega boʻladi.
21. “Oila” markazi direktori maqomi, mehnatga haq toʻlash shartlari, moddiy taʼminoti, tibbiy va transport xizmati koʻrsatish boʻyicha vazirga, direktorning oʻrinbosarlari esa vazir oʻrinbosarlariga tenglashtiriladi.
22. Direktor oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun:
1) “Oila” markazining faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi;
2) “Oila” markazining xodimlarini belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi;
3) “Oila” markazi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari, “Oila” markazi tumanlar (shaharlar) boʻlimlari rahbarlarining hisobotlarini eshitadi;
4) oʻz vakolati doirasida “Oila” markazi markaziy apparati, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) boʻlimlarining barcha xodimlari tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan buyruqlar chiqaradi, koʻrsatma va topshiriqlar beradi;
5) “Oila” markazi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) boʻlimlarining ishda jiddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻygan rahbarlariga nisbatan intizomiy javobgarlik choralarini koʻrish, shu jumladan egallab turgan lavozimidan ozod etish toʻgʻrisida taqdimnomalar kiritadi;
6) qonun hujjatlariga muvofiq “Oila” markazi markaziy apparati xodimlarini ragʻbatlantirish shakllarini belgilaydi, lavozim maoshlariga ustama va qoʻshimcha toʻlovlarni belgilaydi, xodimlarga moddiy yordam koʻrsatish boʻyicha qarorlar qabul qiladi;
7) “Oila” markaziga yuklangan vazifalar ijrosi uchun shaxsan javob beradi;
8) “Oila” markazi faoliyatiga taalluqli masalalar boʻyicha tezkor yigʻilishlar oʻtkazadi;
9) Ilmiy-metodik kengash toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlaydi va uning ishini tashkil etadi;
10) mutaxassislar va amaliyotchilarni yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, oiladagi nizoli holatlarni hal qilishning huquqiy va psixologik asoslarini oʻrgatish, ajrashishlarning oldini olish, shuningdek, oiladagi maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlashga oid boshqa masalalar sohasida kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash boʻyicha maxsus oʻquv kurslari ishini tashkil etishga jalb etish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi;
11) “Oila” markazining ish rejasi, hisobotlari va metodik ishlanmalarini tasdiqlaydi;
12) “Oila” markazi markaziy apparatining tarkibiy boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomlarni, “Oila” markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari, “Oila” markazi tumanlar (shaharlar) boʻlimlari rahbarlari va xodimlarining funksional vazifalarini tasdiqlaydi;
13) qonun hujjatlariga va ushbu Ustavga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradi.
23. Direktor vaqtinchalik boʻlmaganda uning vakolatlarini uning oʻrinbosarlaridan biri bajaradi.
24. “Oila” markazi tizimi xodimlari:
“Oila” markazi markaziy apparatining xodimlari Direktor tomonidan;
“Oila” markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) boʻlimlari rahbarlari “Oila” markazi direktori bilan kelishgan holda tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar (shaharlar) hokimlari tomonidan;
“Oila” markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) boʻlimlari xodimlari “Oila” markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari rahbarlari tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
10-bob. “Oila” markazining davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorligi
25. “Oila” markazi davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan quyidagi shakllarda oʻzaro hamkorlik qiladi:
“Oila” markazi va boshqa tashkilotlar oʻzaro axborot almashishi hamda “Oila” markazining soʻrovi asosida boshqa tashkilotlarga axborot taqdim etishi;
“Oila” markazi tashkilotlar tomonidan taqdim etgan materiallarni oʻrganishi, ular asosida takliflar ishlab chiqishi va tegishli tashkilotlarga taqdim etishi;
“Oila” markazining boshqa tashkilotlar tomonidan ishlab chiqilayotgan “Oila” markazi faoliyatiga taalluqli boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini kelishishda ishtirok etishi;
“Oila” markazi tomonidan amaldagi qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va takliflarni ishlab chiqish va ularni tegishli tashkilotlarning fikrini olish uchun yoʻllashi;
“Oila” markazi tomonidan boshqa tashkilotlar bilan qoʻshma tadbirlar tashkil etish va oʻtkazish, shuningdek boshqa tashkilotlar tomonidan oʻtkaziladigan “Oila” markaziga yuklangan vazifalar va faoliyat yoʻnalishlari bilan bogʻliq boʻlgan tadbirlarda ishtirok etishi;
“Oila” markazi va uning hududiy boʻlinmalari faoliyatini rejalashtirishda boshqa tashkilotlarning fikrlari va takliflarini hisobga olish hamda “Oila” markazi va boshqa tashkilotlarning birgalikdagi faoliyatiga taalluqli masalalarni kelishishi;
oila institutini va anʼanaviy oilaviy qadriyatlarni rivojlantirish sohasida grant asosida amalga oshirilayotgan davlat ilmiy-texnik dasturlari, fundamental, amaliy va innovatsion loyihalarni ekspertizadan oʻtkazishda ishtirok etishi;
boshqa tashkilotlarning soʻrovi asosida “Oila” markazi vakolatiga taalluqli masalalar boʻyicha ekspert xulosalarini tayyorlashi;
boshqa tashkilotlarning soʻrovi asosida “Oila” markazi vakolatiga taalluqli masalalar boʻyicha axborot va uslubiy koʻmak koʻrsatishi;
“Oila” markazining asosiy vazifalaridan kelib chiqib oʻzaro hamkorlikning boshqa shakllari.
26. “Oila” markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) boʻlimlari “Oila” markaziga va tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) hokimliklariga hisobot beradi.
“Oila” markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari rahbarlari har yarim yilda bir marta Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari oldida qilingan ishlar toʻgʻrisida hisobot beradi.
“Oila” markazining tumanlar (shaharlar) boʻlimlari rahbarlari har chorakda bir marta tumanlar (shaharlar) hokimliklari oldida oʻz faoliyatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha qilingan ishlar toʻgʻrisida hisobot beradi.
Tuman (shahar) hokimining oʻrinbosari — tuman (shahar) xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Xotin-qizlar qoʻmitasi, FHDY organlari va boshqa tuzilmalarning xotin-qizlar va oila masalalari boʻyicha faoliyatining oʻzaro muvofiqligini taʼminlash maqsadida “Oila” markazining tumanlar (shaharlar) boʻlimi faoliyatini muvofiqlashtirib boradi.
“Oila” markazining vakillarini ish rejalarida koʻzda tutilmagan tadbirlarda ishtirok etishga jalb etish “Oila” markazi bilan kelishgan holda amalga oshiriladi.
27. “Oila” markazi “Oila” markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) boʻlimlari faoliyatini axborot va metodik jihatdan taʼminlaydi.
28. “Oila” markazi “Oila” markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) boʻlimlari rahbarlarining ularga yuklangan vazifalarni samarali bajarish boʻyicha faoliyatining doimiy monitoringini olib boradi.
29. “Oila” markazining tumanlar (shaharlar) boʻlimi faoliyatini tashkil etish “Oila” markazi tomonidan tuman (shahar) xotin-qizlar qoʻmitasi bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshiriladi.
11-bob. “Oila” markazini moliyalashtirish va moddiy-texnik taʼminlash, uning xodimlari mehnatiga haq toʻlash, ularni moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya qilish
30. Quyidagilar “Oila” markazi faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:
1) joriy taʼminot, shu jumladan xodimlar mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish xarajatlari boʻyicha:
“Oila” markazi markaziy apparati xodimlariga — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari, Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlari, xalqaro va xorijiy tashkilotlar va jamgʻarmalarning grantlari, noshirlik faoliyati, shartnoma asosida tadqiqotlar oʻtkazishdan va ishlar bajarish (xizmat koʻrsatish)dan tushadigan mablagʻlar hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar;
“Oila” markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari, “Oila” markazining tumanlar (shaharlar) boʻlimlari xodimlariga — tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari mablagʻlari, xalqaro va xorijiy tashkilotlar va jamgʻarmalarning grantlari, shartnoma asosida tadqiqotlar oʻtkazishdan va ishlar bajarish (xizmat koʻrsatish)dan tushadigan mablagʻlar hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar;
2) maxsus oʻquv kurslarini tashkil etish va oʻtkazish, shu jumladan oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazishga jalb etiladigan mutaxassislarning mehnatiga haq toʻlash, maxsus oʻquv kurslari tinglovchilari uchun oʻquv, tarqatma materiallar va kanselyariya anjomlarini xarid qilish bilan bogʻliq xarajatlar boʻyicha — Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar;
3) Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan tanlovlar natijalari boʻyicha ilmiy loyihalarni bajarishga ajratiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari.
31. “Oila” markazining markaziy apparati, “Oila” markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari, “Oila” markazining tumanlar (shaharlar) boʻlimlari xodimlari maqomi va mehnatga haq toʻlash shartlariga koʻra tegishli ravishda vazirlik va uning hududiy boshqarmalari xodimlariga tenglashtiriladi.
“Oila” markazi markaziy apparati xodimlariga davlat boshqaruvi organlari markaziy apparati xodimlari uchun belgilangan tibbiy taʼminot shart-sharoitlari saqlab qolinadi.
12-bob. Yakunlovchi qoidalar
32. “Oila” markazini qayta tashkil etish va tugatish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
33. Ushbu Ustav talablari buzilishida aybdor shaxslar belgilangan tartibda javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-martdagi 229-son qaroriga 6-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazini tashkil etish toʻgʻrisida” 1998-yil 2-fevraldagi 54-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazi Ishtirokchilar kengashi tarkibi toʻgʻrisida” 2001-yil 30-maydagi 242-son qarori.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.03.2018-y., 09/18/229/0950-son; 04.06.2019-y., 09/19/457/3235-son)