O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Xo‘jalik boshqaruvi organlari va yirik davlat korxonalaridagi Innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi to‘g‘risidagi Namunaviy nizomni tasdiqlash haqida
Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy-innovatsion ishlanma va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishning samarali mexanizmlarini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 12-yanvardagi 24-son qaroriga muvofiq, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlarining innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish bilan bog‘liq tadbirlarni moliyalashtirishdagi ishtirokini yanada kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Xo‘jalik boshqaruvi organlari va yirik davlat korxonalaridagi Innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi to‘g‘risidagi Namunaviy nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Xo‘jalik boshqaruvi organlari va yirik davlat korxonalari rahbarlariga ushbu qaror bilan tasdiqlangan Namunaviy nizomga muvofiq Innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomni bir oy muddatda ishlab chiqish va tasdiqlash tavsiya etilsin.
3. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi S.R. Xolmurodov, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri I.Y. Abduraxmonov va O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vaziri B.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 12-mart,
195-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-martdagi 195-son qaroriga
ILOVA
Xo‘jalik boshqaruvi organlari va yirik davlat korxonalaridagi Innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi to‘g‘risida
Namunaviy nizom
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Namunaviy nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy-innovatsion ishlanma va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishning samarali mexanizmlarini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 12-yanvardagi 24-son qaroriga muvofiq xo‘jalik boshqaruvi organlari va yirik davlat korxonalaridagi Innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb ataladi) mablag‘larini shakllantirish, boshqarish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Jamg‘arma xo‘jalik boshqaruvi organlari va yirik davlat korxonalarida (keyingi o‘rinlarda xo‘jalik yurituvchi subyekt deb ataladi) ilmiy amaliy tadqiqotlarni, innovatsion ishlanmalarni, tajriba-konstruktorlik ishlanmalarni moliyalashtirish va ularni ishlab chiqarishga tatbiq etish maqsadida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan holda tashkil etiladi.
2-bob. Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish tartibi
3. Jamg‘arma xo‘jalik yurituvchi subyektning innovatsion faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishga yo‘naltiriladigan mablag‘larini jamg‘arib boradi.
4. Qo‘yidagilar Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirishning asosiy manbalari hisoblanadi:
xo‘jalik yurituvchi subyekt sof foydasidan 10 foiz miqdoridagi ajratmalar;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
(4-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
5. Mazkur Namunaviy nizomning 4-bandida ko‘rsatilgan Jamg‘arma mablag‘lari xo‘jalik yurituvchi subyekt tomonidan unga xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklaridan birida ochiladigan maxsus hisob raqamida jamlanadi.
3-bob. Jamg‘armani boshqarish va Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish
6. Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish uchun taqdim etilgan ilmiy-amaliy tadqiqotlar, innovatsion ishlanmalar va tajriba-konstruktorlik ishlari loyihalari (keyingi o‘rinlarda loyiha deb ataladi) xo‘jalik yurituvchi subyektning Ilmiy-texnik kengashi (keyingi o‘rinlarda Ilmiy-texnik kengash deb ataladi) tomonidan ko‘rib chiqiladi.
7. Ilmiy-texnik kengashga ko‘rib chiqish uchun loyihalar xo‘jalik yurituvchi subyektning innovatsiyalarga buyurtmalar portfelini shakllantirish va yaratilgan texnologiyalarning tajriba-sanoat sinovini o‘tkazish ishlarini muvofiqlashtirish, mahsulotning tajriba partiyalarini ishlab chiqarish va seriyalab ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni tashkil qilishga mas’ul bo‘limi tomonidan kiritiladi.
8. Ilmiy-texnik kengash Jamg‘arma mablag‘laridan moliyalashtiriladigan loyihalarning ilmiy-texnik ekspertizasini o‘tkazadi va quyidagilar bo‘yicha qaror qabul qiladi:
loyihani Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan moliyalashtirishga qabul qilish yoki loyihani moliyalashtirishni rad etish;
loyihani qayta ishlashga yoki qo‘shimcha ekspertizaga yuborish.
Zarur hollarda tegishli sohada yetarli darajadagi bilim va malakaga ega bo‘lgan olim va mutaxassislar ekspert sifatida jalb etiladi.
Muhokamada ishtirok etish uchun loyiha rahbari va ijrochilari taklif etilishi mumkin.
Ilmiy-texnik kengash qarorlari ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi va uning raisi imzosi bilan bayonnoma tarzida rasmiylashtiriladi.
9. Jamg‘arma mablag‘lari Ilmiy-texnik kengashning ijobiy xulosasi olingandan so‘ng, xo‘jalik yurituvchi subyekt rahbari qarori asosida Jamg‘armaning tasdiqlangan daromadlari va xarajatlari smetasi doirasida maxsus hisob raqamidan sarflanadi.
10. Jamg‘arma mablag‘larini boshqarish xo‘jalik yurituvchi subyekt rahbari tomonidan amalga oshiriladi, uning asosiy vazifalariga quyidagilar kiradi:
Jamg‘armaning daromadlari va xarajatlari smetasini tasdiqlash;
Jamg‘armaning daromadlari va xarajatlari to‘g‘risidagi hisobotlarni ko‘rib chiqish va tasdiqlash;
Jamg‘arma mablag‘larining maqsadli va samarali sarflanishini nazorat qilish;
Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish bilan bog‘liq boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
11. Xo‘jalik yurituvchi subyekt rahbarining ilm-fan va innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari:
a) Jamg‘arma mablag‘laridan samarali foydalanishni tashkil etadi va uni tashkil etish maqsadlariga erishish uchun mas’uldir;
Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish choralarini ko‘radi;
Jamg‘arma daromadlari va xarajatlarining ijro etilishi bo‘yicha hisob va hisobotlarning yuritilishini, shuningdek, ularning ishonchliligini ta’minlaydi;
b) O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda har yili quyidagilarni shakllantiradi:
ilmiy-texnik, innovatsion loyihalar va ishlab chiqilgan texnologiyalarning tajriba-sanoat sinovlarini o‘tkazish ishlarini, mahsulotning tajriba partiyalarini ishlab chiqarishni va seriyali ishlab chiqarishni tashkil etish uchun buyurtmalar portfeli;
mos yo‘nalishdagi ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalari bilan ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish bo‘yicha tuzilgan shartnomalar ro‘yxati;
moddiy-texnik, ilmiy-laboratoriya bazasini mustahkamlash, tajriba tadqiqotlarini o‘tkazish, ilmiy ishlanmalarni joriy etish, ilmiy-texnik kadrlarni moddiy rag‘batlantirish hamda ularning malakasini oshirishni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun mos yo‘nalishdagi ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalarining ro‘yxati.
v) ajratilgan mablag‘lardan foydalanish va kelgusi hisobot davrida kutilayotgan xarajatlar to‘g‘risida xo‘jalik yurituvchi subyekt rahbariga har chorakda ma’lumot kiritadi.
12. Ilmiy-texnik, innovatsion loyihalar uchun buyurtmalar portfelini shakllantirish va ishlab chiqilgan texnologiyalar bo‘yicha tajriba-sanoat sinovlarini o‘tkazish, mahsulotning sinov partiyalarini chiqarishni va seriyali ishlab chiqarishni tashkil etish, shuningdek, ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish uchun shartnomalar ro‘yxatini shakllantirish me’yorlari quyidagilar hisoblanadi:
loyihalarning xo‘jalik yurituvchi subyekt ehtiyojlariga muvofiqligi;
iqtisodiy va ekologik samaradorlik;
mehnat sarfi va resurslarni maqbullashtirish;
mahsulotning energiya samaradorligi va raqobatbardoshligi;
ilmiy hajmdorlik, import o‘rnini qoplash va eksportga yo‘naltirilganlik;
mahalliy xomashyo asosida texnologiyalarni ishlab chiqish.
4-bob. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish tartibi
13. Jamg‘arma mablag‘lari quyidagilarga yo‘naltiriladi:
yangi texnika va texnologiyalarni ishlab chiqish, zarur tajriba-sanoat sinovlarini o‘tkazish, mahsulotlarning tajriba partiyalarini ishlab chiqarish va seriyalab ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga tayyorlash chora-tadbirlarini amalga oshirish bilan bog‘liq tadbirlarni moliyalashtirish;
mos yo‘nalishdagi ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalari bilan ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish bo‘yicha tuzilgan shartnomalarni moliyalashtirish;
mos yo‘nalishdagi ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik va ilmiy-laboratoriya bazasini mustahkamlash, ularni eskperimental tadqiqotlar o‘tkazish, ilmiy ishlanmalarni joriy etish, ilmiy-texnik xodimlarni moddiy rag‘batlantirish va malakasini oshirishda moliyaviy qo‘llab-quvvatlash.
14. Jamg‘armaning joriy yilda foydalanilmagan mablag‘lari qaytarib olinmaydi va mazkur Nizomda belgilangan tartibda kelgusida foydalanish uchun xo‘jalik yurituvchi subyektning maxsus hisob raqamida saqlanadi.
5-bob. Yakunlovchi qoida
15. Jamg‘arma mablag‘larini to‘g‘ri shakllantirish va ulardan maqsadli foydalanish uchun javobgarlik xo‘jalik yurituvchi subyekt rahbari va uning ilm-fan va innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari zimmasiga yuklanadi.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.03.2018-y., 09/18/195/0891-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)