|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 02.08.2005
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
BANK-MOLIYA SOHASIDAGI TADQIQOTLARNI ChUQURLAShTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiy tadqiqotlarni tashkil qilishni takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 2005-yil 2-avgustdagi PQ-143-sonli qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Respublika moliya-bank tizimini rivojlantirish tendensiyalari va qonuniyatlarini chuqur oʻrganish, moliya va bank tizimining rivojlantirilishini, yanada isloh qilinishini va erkinlashtirilishini prognozlashning mustahkam ilmiy-metodologik bazasini yaratish, mamlakat iqtisodiyotini isloh qilish va rivojlantirishning asosiy ustuvorliklarini va maqsadli vazifalarini amalga oshirishga yoʻnaltirilgan pul-kredit siyosatini shakllantirishga doir takliflar ishlab chiqish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, Moliya vazirligi, Oʻzbekiston banklar uyushmasining Bank-moliya tizimini rivojlantirish va erkinlashtirishni prognozlash institutini (keyingi oʻrinlarda Institut deb yuritiladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari etib belgilansin:
respublika bank-moliya tizimi rivojlanishining hozirgi holatini chuqur izchil tahlil qilish, bank-moliya tuzilmalari faoliyatining jahon tajribasini oʻrganish va shu asosda bank tizimini yanada isloh qilish va erkinlashtirish, bank qonunchiligini takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash;
bank-moliya tizimini rivojlantirish va isloh qilishning makroiqtisodiy va budjet siyosati bilan oʻzaro uzviy muvofiqlashtirilgan, iqtisodiyotni isloh qilishning maqsadli vazifalariga va ustuvor yoʻnalishlariga, mamlakatni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning qabul qilingan kompleks dasturlariga muvofiq boʻlgan strategiyasini ishlab chiqishda qatnashish;
pul-kredit munosabatlarining rivojlanish tendensiyalarini va pul muomalasi mexanizmini chuqur oʻrganish, pul agregatlarini makroiqtisodiy koʻrsatkichlar bilan oʻzaro bogʻliq holda tahlil qilish, pul massasi oʻsishini cheklash, bankdan tashqari aylanmani qisqartirish, pul tizimini mustahkamlash, milliy valyutaning barqarorligini taʼminlash va uning xarid quvvatini oshirish boʻyicha takliflar tayyorlash, pul aylanmasidagi naqd va naqdsiz pul massasining maqbul nisbatini aniqlash;
qisqa muddatli va oʻrta muddatli istiqbolga moʻljallangan asosiy monitar koʻrsatkichlarning prognoz parametrlarini asoslash;
ichki valyuta bozorining rivojlanish tendensiyalarini, banklararo valyuta savdolarini tashkil etish mexanizmini oʻrganish, almashtirish kurslari oʻzgarishiga taʼsir koʻrsatuvchi omillarni tahlil qilish, valyuta siyosatini yanada erkinlashtirish va almashtirish kurslarini birxillashtirish, banklararo valyuta bozorini rivojlantirish, davlat valyuta resurslaridan samarali foydalanish, oltin-valyuta zaxiralarining barqaror koʻpayishini taʼminlash boʻyicha takliflarni asoslash;
tahlil asosida respublikaning ikki bosqichli bank va moliya tizimlarini yanada takomillashtirish, tijorat banklari va moliya institutlari faoliyatining mustaqilligi va barqarorligini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
xalqaro moliya-bank tizimining rivojlanish tendensiyalari monitoringini amalga oshirish, jahon moliya oqimlari dinamikasi va yoʻnalishlarini tahlil qilish, respublika moliya-bank tizimini mustahkamlash va rivojlantirish hamda uni jahon moliya tizimiga integratsiyalash boʻyicha tegishli takliflar ishlab chiqish.
3. Belgilab qoʻyilsinki, Institut Respublika bank kengashining ishchi organi hisoblanadi va oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga hisob beradi.
4. Institutning xodimlari cheklangan soni 32 nafardan iborat boʻlgan (xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari) tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Respublika bank kengashiga, zarurat boʻlganda, Institutning tasdiqlangan tuzilmasiga xodimlarning belgilangan soni doirasida oʻzgartirish kiritish huquqi berilsin.
Institut direktori maqomi, moddiy va maishiy taʼminot sharoitlariga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi oʻrinbosariga tenglashtirilsin.
5. Respublika bank kengashi:
ikki hafta muddatda Bank-moliya tizimini rivojlantirish va erkinlashtirishni prognozlash instituti toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin;
Institutda ishlash va tadqiqotlar oʻtkazish uchun yuqori malakali ilmiy xodimlarni, moliya va bank sohalaridagi milliy va xalqaro ekspertlarni jalb etish chora-tadbirlarini koʻrsin;
Institutga xalqaro moliya tashkilotlari, xorijiy jamgʻarmalar va boshqa manbalar grantlarini jalb etishda koʻmaklashsin.
6. Institutga quyidagi huquqlar berilsin:
Institut xodimlari va jalb etiladigan ekspertlar, ilmiy xodimlar hamda mutaxassislardan, shu jumladan xorijiy mutaxassislardan vaqtinchalik ishchi guruhlar tuzish yoʻli bilan tadqiqotlar oʻtkazish;
tadqiqotlarga davlat boshqaruv organlari, idoralar, tijorat banklari va boshqa moliya muassasalari mutaxassislarini, tadqiqot markazlari xodimlarini, oliy oʻquv yurtlari olimlari va oʻqituvchilarini kontrakt asosida jalb etish;
xalqaro tashkilotlar, xorijiy moliya muassasalari, jamgʻarmalar, universitetlar va tadqiqot markazlari bilan tadqiqotlar va birgalikdagi ishlarni amalga oshirish yuzasidan shartnomalar tuzish;
Institut xodimlarini va tadqiqotlar uchun jalb qilinayotgan mutaxassislar va ekspertlarni xorijiy tadqiqot markazlari va universitetlarga tajriba orttirishga va oʻqishga yuborish;
noshirlik faoliyatini amalga oshirish, moliya va bank sektorlarini rivojlantirish muammolari boʻyicha axborot-tahliliy obzorlarni va maʼruzalarni chiqarish;
markaziy iqtisodiy organlar, vazirliklar, idoralar, banklar va boshqa tashkilotlardan Institutga yuklangan vazifalar doirasida zarur normativ, statistik va tahliliy axborotlarni soʻrash va olish.
7. Institut:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, Oliy Majlis materiallari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, vazirliklar va idoralarning normativ va yoʻriqnoma hujjatlari majburiy tartibda yuboriladigan tashkilotlar roʻyxatiga;
Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy banki, Davlat soliq qoʻmitasi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Davlat mulki qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi, boshqa vazirliklar va idoralarning statistika axboroti byulletenlari majburiy tartibda yuboriladigan reyestrga kiritilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki mablagʻlari, Fan va texnologiyalar markazi, xalqaro moliyaviy tashkilotlar grantlari, Oʻzbekiston banklar uyushmasi, tijorat banklari va boshqa moliya-iqtisodiy tuzilmalarning buyurtmalari, shuningdek Institutning oʻz faoliyatidan olinadigan daromadlar Institutni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.
9. Institut Toshkent shahri, A.Qayumov tor koʻchasi, 2-uyga joylashtirilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki bir oy muddatda:
Institutning koʻrsatib oʻtilgan binosini Oʻzbekiston banklar uyushmasidan oʻz balansiga olsin;
Oʻzbekiston banklar uyushmasiga Institut binosining qurilishi bilan bogʻliq haqiqiy xarajatlarni toʻlasin.
11. Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi Institutni telefon va telekommunikatsiya aloqasining zarur turlari, shu jumladan hukumat telefoni aloqasi bilan taʼminlasin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S.Azimov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M.Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 18-noyabr,
398-son
Bank-moliya tizimini rivojlantirish va erkinlashtirishni prognozlash institutining
TUZILMASI
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2002-y., 22-son, 175-modda)