Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.12.2025
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Buyrak va (yoki) jigar bo‘lagi hamda gematopoetik suyak ko‘migi o‘zak hujayralarini transplantatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizomni tasdiqlash haqida
(qarorning nomi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 21-iyundagi 387-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.06.2021-y., 09/21/387/0585-son)
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Surunkali buyrak va jigar hamda qon hosil qilish tizimi kasalliklarining terminal bosqichidagi bemorlarni yuqori texnologiyali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam bilan ta’minlash, shuningdek, respublikada transplantatsiya jarrohlik amaliyotlarini keng joriy etishni tashkil qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
(muqaddima O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 21-iyundagi 387-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.06.2021-y., 09/21/387/0585-son)
1. Buyrak va (yoki) jigar bo‘lagi hamda gematopoetik suyak ko‘migi o‘zak hujayralarini transplantatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 21-iyundagi 387-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.06.2021-y., 09/21/387/0585-son)
2. Vaqtinchalik nizomning amal qilish vaqti — “Inson organlari, to‘qimalari va (yoki) hujayralarini transplantatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining kuchga kirish kunigacha deb belgilansin.
3. Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2017-yil 31-dekabrgacha bo‘lgan muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga “Inson organlari, to‘qimalari va (yoki) hujayralarini transplantatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini belgilangan tartibda kiritsin, unda jumladan transplantatsiya xizmatini rivojlantirishning yuridik mexanizmlari ta’minlanishi yuzasidan qat’iy nazorat belgilanishini hamda transplantatsiyadan keyingi davrda bemorlarning doimiy dispanser kuzatuvi amalga oshirilishini nazarda tutsin.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi to‘g‘risida”gi Qonuni.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri A.K. Shodmonov zimmasiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Sog‘liqni saqlash, ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 23-oktabr,
859-son
Oldingi tahrirga qarang.
(Buyrak va (yoki) jigar bo‘lagi hamda gematopoetik suyak ko‘migi o‘zak hujayralarini transplantatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom O‘zbekiston Respublikasining “Inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi to‘g‘risida”gi Qonuni kuchga kirishi munosabati bilan 2022-yil 11-maydan amal qilishini to‘xtatgan)
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.10.2017-y., 09/17/859/0156; 26.12.2019-y., 09/19/1035/4226-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.06.2021-y., 09/21/387/0585-son; 08.02.2022-y., 09/22/62/0111-son)