Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida oʻquv yuklamasining hajmini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 16-avgustdagi PQ-3216-son qaroriga muvofiq, shuningdek ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlashning kadrlar salohiyatini oshirish imkonini beradigan sifat jihatdan yangi tizimini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida oʻquv yuklamasining hajmi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 26-sentabr,
766-son
Vazirlar Mahkamasining
2017-yil 26-sentabrdagi 766-son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida oʻquv yuklamasining
hajmi
Barcha turdagi auditoriya va auditoriyadan tashqari oʻquv ishlarini oʻz ichiga olgan oʻquv yuklamasining eng yuqori hajmi haftasiga 54 soat qilib belgilanadi. Ishlab chiqarishdan ajralgan holda (kunduzgi) oʻqish shakli uchun auditoriya mashgʻulotlari va ilmiy faoliyatning eng yuqori hajmi haftasiga 36 soat qilib belgilanishi lozim.
Oʻqishning normativ muddati uch yil boʻlgani holda oʻquv jarayoni 152 hafta davom etishi zarur.
Oʻqish davrining umumiy hajmi quyidagicha taqsimlanadi:
nazariy va amaliy taʼlim — 63 — 70%;
attestatsiya — 8 — 10%;
taʼtil — 8 — 16%;
malakaviy amaliyot — 6 — 18%;
bitiruv malakaviy (ilmiy-tadqiqot) ishi — 2 — 5%.
Nazariy va amaliy taʼlim hajmi fanlar bloklari boʻyicha quyidagicha taqsimlanadi:
gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy fanlar — 10 — 15%;
matematik va tabiiy-ilmiy fanlar — 5 — 15%;
umumkasbiy fanlar — 35 — 50%;
ixtisoslik fanlari — 30 — 40%;
qoʻshimcha fanlar — 5 — 9%.
Taʼlim yoʻnalishi boʻyicha fan, texnika va texnologiyalarning zamonaviy yutuqlari, kadrlar buyurtmachilari talablaridan kelib chiqqan holda oʻquv davrining umumiy hajmi taqsimotiga hamda nazariy taʼlim davri hajmining fanlar bloklari boʻyicha taqsimotiga Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi ilmiy kengashining qarori asosida 5 foizgacha oʻzgartirish kiritilishi mumkin.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2017-y., 09/17/766/0021-son)