Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Estrada qoʻshiqchilik sanʼatini yanada rivojlantirish toʻgʻrisida
Keyingi yillarda mamlakatimizda zamonaviy estrada qoʻshiqchilik sanʼatini rivojlantirish yoʻlida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Davlat tomonidan bu sohaga katta eʼtibor qaratilib, keng jamoatchilik, xususan yoshlar oʻrtasida estrada sanʼatiga qiziqish kuchayib bormoqda, yangi-yangi ijodiy guruhlar va xonandalar maydonga chiqmoqda.
Shu bilan birga, estrada sanʼati madaniyatini, estrada ijodkorlarining professional malakasini oshirish, yosh sanʼatkorlarning oʻz iqtidorini toʻla namoyon etishi uchun shart-sharoit yaratish borasida kamchilik va nuqsonlarga ham yoʻl qoʻyilmoqda. Xalqimizni Vatanga muhabbat, milliy istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qiluvchi yetuk musiqiy asarlar bilan bir qatorda, mutasaddi tashkilotlar va baʼzi estrada jamoalari hamda yakkaxon ijrochilarning masʼuliyatsizligi oqibatida mazmunan sayoz, badiiy jihatdan zaif qoʻshiqlar ham konsert dasturlari, radio-telekanallardan oʻrin olmoqda, audio-video kassetalar orqali tarqatilib, maʼnaviy tarbiya ishiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Ijodiy jamoalar va yakkaxon ijrochilarning faoliyati va repertuarlarini muvofiqlashtirish yuzasidan Madaniyat ishlari vazirligi, “Oʻzteleradio” kompaniyasi, “Oʻzbeknavo” gastrol-konsert birlashmasi olib borayotgan ishlarni qoniqarli deb boʻlmaydi.
Oʻzbek milliy musiqa sanʼatini yanada rivojlantirish, yosh isteʼdod egalariga yoʻl ochib berish, ularni qoʻllab-quvvatlash, moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish, estrada qoʻshiqchiligining yutuq va tajribalarini umumlashtirish, soha taraqqiyoti uchun zarur imkoniyatlar yaratish, badiiy yuksak asarlarni targʻib etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Respublika keng musiqiy jamoatchilik vakillari, estrada sanʼatining taniqli namoyandalari, “Maʼnaviyat va maʼrifat” Kengashi, Madaniyat ishlari vazirligi, “Oʻzteleradio” kompaniyasi, Yozuvchilar uyushmasi, Bastakorlar uyushmasi, Badiiy akademiya va boshqa manfaatdor tashkilotlarning takliflari asosida Milliy estrada sanʼatini rivojlantirish va muvofiqlashtirish Kengashi tuzilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin, uning Nizomi (2-ilova) maʼqullansin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 13-iyundagi PQ-653-sonli qarori tahririda — Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-y., 6-son, 306-modda)
2. Milliy estrada sanʼatini rivojlantirish va muvofiqlashtirish Kengashining asosiy vazifasi etib quyidagilar belgilangani eʼtiborga olinsin:
estrada jamoalari, yakkaxon ijrochilar hamda boshqa sanʼatkorlarning faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning ijodiy, iqtisodiy, huquqiy manfaatlarini himoya qilish;
zamonaviy estrada sanʼatining oʻzbek musiqa madaniyati taraqqiyotidagi oʻrni, gʻoyaviy-badiiy yoʻnalishlari, uni milliy va umuminsoniy qadriyatlar bilan uygʻunlikda rivojlantirish tamoyillarini belgilash;
mamlakat miqyosida oʻtkaziladigan bayramlar, festivallar, koʻrik-tanlovlar, tomosha-shoular, xalq sayillari va boshqa madaniy-maʼrifiy tadbirlarga doir tavsiyalar tayyorlash;
milliy estrada sanʼatining monitoringini tashkil etish, sohani rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan turli anjumanlar, ilmiy-ijodiy simpoziumlarni muntazam ravishda oʻtkazib borish, oʻz davriy nashrlarini yoʻlga qoʻyish;
soha rivojiga munosib hissa qoʻshayotgan sanʼatkorlarning nomzodlarini davlat mukofotlariga koʻrsatish, oʻzining turli nufuzli mukofotlarini taʼsis qilish, estrada namoyandalari, avvalambor, yoshlarni moddiy va maʼnaviy jihatdan ragʻbatlantirish, tegishli oʻquv yurtlariga tavsiya etish.
Oldingi tahrirga qarang.
Madaniyat vazirligi, “Oʻzteleradio” kompaniyasi va boshqa tegishli ijodiy tashkilotlarga Milliy estrada sanʼatini rivojlantirish va muvofiqlashtirish Kengashining soha faoliyatiga doir tavsiya va takliflarini eʼtiborga olib, ularni amalga oshirish vazifasi yuklatilsin.
(2-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 28-avgustdagi 678-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 35-son, 930-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 28-avgustdagi 678-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2017-y., 35-son, 930-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 28-avgustdagi 678-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2017-y., 35-son, 930-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 28-avgustdagi 678-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2017-y., 35-son, 930-modda)
6. Milliy estrada sanʼatini rivojlantirish va muvofiqlashtirish Kengashi qoshida yozuvchilar, bastakorlar, musiqa sharhlovchilari, jurnalistlar va jamoatchilik namoyandalaridan iborat Ijodiy koʻmaklashuvchi vakillar guruhining tuzilgani maʼqullansin.
Oldingi tahrirga qarang.
Belgilab qoʻyilsinki, Ijodiy koʻmaklashuvchi vakillar guruhi Milliy estrada sanʼatini rivojlantirish va muvofiqlashtirish Kengashi Nizomida koʻzda tutilgan dasturiy vazifalarni amalga oshiradi, yuridik va jismoniy shaxslar, ijodiy jamoalar, guruhlar, yakkaxon ijrochilardan konsert-tomosha faoliyati bilan shugʻullanishga maxsus ruxsatnoma (litsenziya) olish uchun tushgan arizalarni koʻrib chiqib, muhokama qiladi, sanʼatkorlarning ijodiy nufuzi, mahorati, professional malakasi, repertuar saviyasiga qarab, ularga xulosa beradi. Mazkur guruh xulosasi “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi tomonidan litsenziyalar berilishi uchun asos hisoblanadi.
(6-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 28-avgustdagi 678-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 35-son, 930-modda)
Ijodiy koʻmaklashuvchi vakillar guruhi tarkibi Milliy estrada sanʼatini rivojlantirish va muvofiqlashtirish Kengashi qaroriga koʻra har yili 30 foizga yangilanib borishi inobatga olinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 28-avgustdagi 678-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2017-y., 35-son, 930-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 28-avgustdagi 678-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2017-y., 35-son, 930-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 28-avgustdagi 678-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2017-y., 35-son, 930-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 28-avgustdagi 678-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2017-y., 35-son, 930-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 28-avgustdagi 678-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2017-y., 35-son, 930-modda)
12. Adliya vazirligi bir oy muddatda mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan amaldagi qonunchilikka oʻzgartirishlar kiritishga doir takliflarni Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
13. Quyidagilar:
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbeknavo” gastrol-konsert birlashmasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 1996-yil 26-apreldagi 163-son qarori (4 va 10-bandlardan tashqari);
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbeknavo” gastrol-konsert birlashmasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash toʻgʻrisida” 1997-yil 21-fevraldagi 102-son qarori;
Vazirlar Mahkamasining “Korxonalar (tashkilotlar)ga faoliyatning ayrim turlari bilan shugʻullanish huquqini beradigan maxsus ruxsatnomalar (litsenziyalar) berish tartibi toʻgʻrisida nizom”ga qoʻshimchalar kiritish haqida” 1997-yil 21-fevral 99-son qarori 1-bandining 2 va 3-xatboshilari;
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbeknavo” gastrol-konsert birlashmasi faoliyatini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 1999-yil 4-maydagi 216-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
14. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchilari T. Alimov va X. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 26-iyun,
272-son
Vazirlar Mahkamasining
2001-yil 26-iyundagi 272-son qaroriga
2-ILOVA
Milliy estrada sanʼatini rivojlantirish va muvofiqlashtirish kengashining
nizomi
1. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
1.1. Respublika “Maʼnaviyat va maʼrifat” Kengashi, ijodiy uyushmalar hamda taʼsischilar vakillaridan iborat Milliy estrada sanʼatini rivojlantirish va muvofiqlashtirish Kengashi (bundan buyon matnda Kengash deb ataladi) estrada sanʼatini rivojlantirish va yosh ijrochilarning kamol topishiga qaratilgan chora-tadbirlarni, konsert-tomosha faoliyatini hamda shu sohada audio-video, Internet materiallari, kompakt-disklar ishlab chiqarilishini muvofiqlashtiruvchi jamoatchilik organidir. Kengash respublikada faoliyat koʻrsatayotgan malakali estrada xonandalari, bastakorlar, rejissorlar, shoirlar, badiiy soʻz ustalari, musiqashunoslar, jurnalistlar, shou-biznes sohasi mutaxassislari va jamoatchilik vakillaridan tarkib topadi. Shuningdek, Kengash tarkibiga maʼnaviyat va maʼrifat sohasi uchun masʼul tashkilotlar va muassasalar vakillari ham kiradi.
(1.1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 17-iyuldagi 196-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 31-son, 380-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
1.2. Kengash oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, boshqa qonunchilik hujjatlari va ushbu Nizom asosida amalga oshiradi.
(1.2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Kengashning oliy organi Kengash aʼzolari va estrada sanʼati namoyandalarining yillik anjumanidir (bundan buyon matnda Yillik anjuman deb ataladi). Uning ishida Kengash aʼzolaridan tashqari Kengashning hududiy boʻlimlari vakillari qatnashadi. Yillik anjumanda respublika estrada sanʼati namoyandalari maslahat ovozi bilan ishtirok etishlari mumkin. Yillik anjuman Kengash rahbariyatining hisobotini tinglaydi, Kengash aʼzolarini saylaydi va ish rejasini tasdiqlaydi.
2. Kengashning vazifalari
Kengash quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
2.1. Estrada jamoalari, yakkaxon ijrochilar hamda boshqa sanʼatkorlarning faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning ijodiy, iqtisodiy, huquqiy manfaatlarini himoya qilish;
2.2. Zamonaviy estrada sanʼatining oʻzbek musiqa madaniyati taraqqiyotidagi oʻrni, gʻoyaviy-badiiy yoʻnalishlari, uni milliy va umuminsoniy qadriyatlar bilan uygʻunlikda rivojlantirish tamoyillarini belgilash;
2.3. Mamlakat miqyosida oʻtkaziladigan bayramlar, festivallar, koʻrik-tanlovlar, tomosha-shoular, xalq sayillari va boshqa madaniy-maʼrifiy tadbirlarga doir tavsiyalar taqdim etish;
2.4. Milliy estrada sanʼatining monitoringini tashkil etish, sohani rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan turli anjumanlar, ilmiy-ijodiy simpoziumlarni muntazam ravishda oʻtkazib borish, oʻz davriy nashrlarini yoʻlga qoʻyish;
2.5. Soha rivojiga munosib hissa qoʻshayotgan sanʼatkorlarning nomzodlarini davlat mukofotlariga koʻrsatish, oʻzining turli nufuzli mukofotlarini taʼsis qilish, estrada namoyandalari, avvalambor, yoshlarni moddiy va maʼnaviy jihatdan ragʻbatlantirish, tegishli oʻquv yurtlariga tavsiya etish.
2.6. Mamlakatimizda estrada qoʻshiqchiligini yanada rivojlantirishga, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qiluvchi yetuk musiqiy asarlar yaratilishini qoʻllab-quvvatlash.
2.7. Milliy estrada sohasidagi isteʼdodli yosh ijodkorlarning kasbiy va maʼnaviy kamol topishiga imkon yaratish, ularning malaka oshirishi, oʻz iqtidorini namoyon etishi uchun tashkiliy masalalarni hal etish, bozor munosabatlari sharoitida yakkaxon ijrochilar va ijodiy jamoalar faoliyatiga koʻmaklashish.
2.8. Milliy estrada sanʼatini targʻib qilishga qaratilgan, davr talablariga javob beradigan dasturlar tayyorlash va ularni amalga oshirish choralarini koʻrish.
2.9. Estrada qoʻshiqchiligi sohasida tayyorlanadigan va tarqatiladigan audio, video, kompakt-disklar, Internet materiallari va boshqa nashrlarning yuqori saviyasini taʼminlash boʻyicha hamda estrada qoʻshiqchiligida taqlidchilik, badiiy sayozlik kabi salbiy holatlarga qarshi, milliy oʻziga xoslikni saqlashga qaratilgan chora-tadbirlar koʻrish.
Oldingi tahrirga qarang.
2.10. “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi va Ijodiy koʻmaklashuvchi vakillar guruhi faoliyatini nazorat qilish va muvofiqlashtirib borish.
(2.10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 28-avgustdagi 678-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 35-son, 930-modda)
2.11. Estrada sanʼatining yutuqlarini ommalashtirish uchun zarur nashrlarni tayyorlashga tegishli uslubiy va amaliy yordam koʻrsatish, nashr etilgan materiallarning saviyasini tahlil etib borish.
3. Kengashning huquqlari
Kengash quyidagi huquqlarga ega:
Oldingi tahrirga qarang.
3.1. Konsert-tomosha faoliyati bilan shugʻullanuvchi estrada jamoalari, yakkaxon ijrochilarning repertuarlarini, konsert dasturlari va ssenariylarini tahlil etish va baholash.
(3.1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 17-iyuldagi 196-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 31-son, 380-modda)
3.2. Estrada qoʻshiqchiligi va ijrochiligi faoliyati sohasida mamlakat va xalqaro miqyosdagi festivallar, koʻrik-tanlovlar tashkil etish. Chet ellarga gastrol safarlariga chiqish, xalqaro va respublika miqyosidagi estrada festivallarida qatnashishga tavsiyanomalar berish.
3.3. Yakkaxon ijrochilar va jamoalarning respublika va xalqaro festivallarda faol qatnashuvini taʼminlashga qaratilgan boshqa chora-tadbirlar koʻrish.
3.4. Davlat mukofotlariga nomzodlar koʻrsatish.
3.5. Iqtidorli yosh estrada qoʻshiqchilarining malakasini oshirish uchun oliy oʻquv yurtlariga imtiyozli ravishda qabul qilishga tavsiyalar berish.
3.6. Estrada sanʼatidagi yutuqlarni ragʻbatlantirish uchun mukofotlar taʼsis etish.
3.7. Kengash va Ijodiy koʻmaklashuvchi vakillar guruhi tarkiblariga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida takliflar berish.
3.8. Kengash vakolatlari doirasidagi masalalar yuzasidan respublikada estrada qoʻshiqchiligi va ijrochiligi sohasida faoliyat koʻrsatuvchi yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi shart boʻlgan tegishli qarorlar qabul qilish.
4. Kengash ishini tashkil etish
Oldingi tahrirga qarang.
4.1. Kengash oʻz aʼzolari tarkibidan Kengash raisi, rais oʻrinbosari, Ijodiy koʻmaklashuvchi vakillar guruhi rahbarini va Kengash masʼul kotibini saylaydi.
(4.1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 28-avgustdagi 678-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 35-son, 930-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
4.2. Kengash raisi, rais oʻrinbosari va Ijodiy koʻmaklashuvchi vakillar guruhi rahbari jamoatchilik asosida ishlaydi. Kengashning masʼul kotibi lavozimiga koʻra “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi direktorining oʻrinbosari hisoblanadi va birlashma ishchi apparati shtatlar roʻyxati asosida maosh bilan taʼminlanadi.
(4.2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 28-avgustdagi 678-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 35-son, 930-modda)
4.3. Kengash oʻz tarkibida estrada qoʻshiqchilik sanʼati janrlari boʻyicha seksiyalar, hududiy boʻlimlar tashkil etadi va Kengash aʼzolaridan ularning rahbarlarini saylaydi.
4.4. Kengash yigʻilishlari yilning har choragida kamida bir marta oʻtkaziladi. Zarurat boʻlganda navbatdan tashqari yigʻilishlar oʻtkazilishi mumkin.
5. Kengashning ishchi va maslahat organlari
Oldingi tahrirga qarang.
5.1. “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi Kengashning ishchi organi, Ijodiy koʻmaklashuvchi guruh uning maslahat organi hisoblanadi.
(5.1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 28-avgustdagi 678-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 35-son, 930-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
5.2. Ijodiy koʻmaklashuvchi vakillar guruhi jamoatchilik asosida faoliyat yuritadi.
(5.2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 28-avgustdagi 678-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 35-son, 930-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
5.3. “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi direktori va Ijodiy koʻmaklashuvchi vakillar guruhi rahbari Kengash raisining oʻrinbosarlari hisoblanadi.
(5.3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 28-avgustdagi 678-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 35-son, 930-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(5.4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 28-avgustdagi 678-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2017-y., 35-son, 930-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
5.5. “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi oʻz faoliyati boʻyicha yilning har choragida bir marta Kengash oldida hisobot beradi.
(5.5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 28-avgustdagi 678-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 35-son, 930-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
5.6. Ijodiy koʻmaklashuvchi vakillar guruhi Milliy estrada sanʼatini rivojlantirish va muvofiqlashtirish Kengashi Nizomida koʻzda tutilgan dasturiy vazifalarni amalga oshiradi, yuridik va jismoniy shaxslar, ijodiy jamoalar, guruhlar, yakkaxon ijrochilardan konsert-tomosha xizmati koʻrsatish bilan shugʻullanishga maxsus ruxsatnoma (litsenziya) olish uchun tushgan arizalarni koʻrib chiqib, muhokama qiladi, sanʼatkorlarning ijodiy nufuzi, mahorati, professional malakasi, repertuar saviyasiga qarab, ularga tegishli xulosalar beradi.
(5.6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 17-iyuldagi 196-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 31-son, 380-modda)
6. Nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish tartibi
6.1. Nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qaror Yillik anjuman tomonidan qabul qilinadi.
6.2. Nizomga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish haqidagi qaror Yillik anjuman qatnashchilaridan kamida uchdan ikki qismi ishtirok etayotgan Yillik anjumanda, qatnashchilarning yarmidan koʻpi yoqlab ovoz bergan taqdirda qabul qilingan hisoblanadi.
6.3. Nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar amaldagi qonunlarda belgilangan tartibda qayta davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi shart.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 28-sentabrdagi 542-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat organlari va muassasalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va davlat organlarini tugatish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning” Maʼmuriy reglamenti.
7. Kengash faoliyatini toʻxtatish tartibi
7.1. Kengash faoliyatini toʻxtatish uni qayta tashkil etish yoki tugatish yoʻli bilan amalga oshirilishi mumkin.
7.2. Kengashni qayta tashkil etish estrada sanʼati namoyandalarining Yillik anjumani qarori boʻyicha amalga oshiriladi.
7.3. Kengashni tugatish estrada sanʼati namoyandalarining Yillik anjumani qaroriga koʻra yoki Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunlarida koʻzda tutilgan asoslarga binoan sudning qarori boʻyicha amalga oshiriladi.
7.4. Davlat reyestriga tegishli yozuv bitilgan paytdan boshlab Kengash qayta tashkil etilgan yoki tugatilgan hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 28-avgustdagi 678-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2017-y., 35-son, 930-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 28-avgustdagi 678-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2017-y., 35-son, 930-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 28-avgustdagi 678-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2017-y., 35-son, 930-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(6-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 13-yanvardagi 25-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2024-y., 09/24/25/0036-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2001-y., 12-son, 81-modda; 2003-y., 21-son, 213-modda; 2005-y., 27-son, 191-modda; 2014-y., 19-son, 215-modda; 31-son, 380-modda; 2015-y., 49-son, 613-modda; 2017-y., 35-son, 930-modda; Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-y., 6-son, 306-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 16.01.2024-y., 09/24/25/0036-son)