|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 25.08.2025
|
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
EKOLOGIK EKSPERTIZA TOʻGʻRISIDA
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 24-fevraldagi OʻRQ-1036-sonli “Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga taʼsirni baholash va strategik ekologik baholash toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan 2025-yil 25-avgustdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
1-modda. Ekologik ekspertiza tushunchasi
Ekologik ekspertiza deganda rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xoʻjalik va boshqa xil faoliyatning ekologik talablarga muvofiqligini belgilash hamda ekologik ekspertiza obyektini roʻyobga chiqarish mumkinligini aniqlash tushuniladi.
2-modda. Ekologik ekspertiza toʻgʻrisidagi qonunchilik
(2-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Ekologik ekspertiza toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iborat.
(2-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining ekologik ekspertiza toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
(2-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qoʻshimcha maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-sentabrdagi 541-sonli qarori bilan tasdiqlangan Davlat ekologik ekspertizasi toʻgʻrisidagi nizomga qarang.
3-modda. Ekologik ekspertiza maqsadlari
Ekologik ekspertiza quyidagi maqsadlarda oʻtkaziladi:
moʻljallanayotgan xoʻjalik va boshqa xil faoliyatni amalga oshirish toʻgʻrisida qaror kabul qilinishidan oldingi bosqichlarida bunday faoliyatning ekologik talablarga muvofiqligini aniqlash;
rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xoʻjalik va boshqa xil faoliyat atrof tabiiy muhit holatiga va fuqarolar sogʻligʻiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlsa yoki shunday taʼsir koʻrsatayotgan boʻlsa, bunday faoliyatning ekologik xavflilik darajasini aniqlash;
atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish boʻyicha nazarda tutilayotgan tadbirlarning yetarliligi va asosliligini aniqlash.
4-modda. Ekologik ekspertiza turlari
Ekologik ekspertiza davlat va jamoat ekologik ekspertizasi, shuningdek ekologik audit tarzida amalga oshiriladi.
5-modda. Ekologik ekspertizaning asosiy prinsiplari
Ekologik ekspertizaning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
qonuniylik;
xolislik;
asoslilik;
ekologik xavfsizlik talablarini hisobga olishning majburiyligi;
har qanday rejalashtirilayotgan xoʻjalik va boshqa xil faoliyatning ehtimol tutilgan ekologik xavflilik prezumpsiyasi;
xoʻjalik va boshqa xil faoliyatning atrof tabiiy muhitga va fuqarolar sogʻligʻiga taʼsirini baholashning kompleksliligi.
6-modda. Ekologik ekspertizaning oshkoraligi
Ekologik ekspertiza buyurtmachilari uni oʻtkazish toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalarida eʼlon berishlari mumkin. Bunday holda ekologik ekspertiza tugallangan kundan boshlab bir oy ichida uning natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar eʼlon qilinadi.
Davlat ekologik ekspertizasi oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlon va uning natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ommaviy axborot vositalarida berilishi shart boʻlgan obyektlarning roʻyxati qonunchilik bilan belgilab qoʻyiladi.
(6-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-sentabrdagi 541-son “Atrof-muhitga taʼsirni baholash mexanizmini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori.
7-modda. Ekologik ekspertiza ekspertining mustaqilligi
Ekologik ekspertiza buyurtmachisi yoki boshqa manfaatdor shaxslarning ekologik ekspertiza ekspertining faoliyatiga aralashuviga yoʻl qoʻyilmaydi.
8-modda. Ekologik ekspertiza buyurtmachisining huquqlari
Ekologik ekspertiza buyurtmachisi quyidagi huquqlarga ega:
ekologik ekspertiza oʻtkazish masalalari boʻyicha maslahatlar va zarur uslubiy yordam olish;
ekologik ekspertiza ekspertlariga ekologik ekspertiza obyektlari xususida takliflar, mulohazalar, tushuntirishlar va ekologik audit natijalarini taqdim etish;
qoʻshimcha ekologik ekspertiza oʻtkazish toʻgʻrisida iltimos qilish;
ekologik ekspertiza oʻtkazilishining borishi haqida axborot olish.
Ekologik ekspertiza buyurtmachisi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
(8-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
9-modda. Ekologik ekspertiza buyurtmachisining majburiyatlari
Ekologik ekspertiza buyurtmachisi:
ekologik ekspertiza uchun materiallarni qonunchilik talablariga muvofiq taqdim etishi;
davlat ekologik ekspertizasi oʻtkazilganligi uchun qonunchilikda belgilangan tartibda haq toʻlashi;
(9-modda birinchi qismining ikkinchi va uchinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-sentabrdagi 541-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat ekologik ekspertizasi toʻgʻrisidagi nizom.
davlat ekologik ekspertizasi xulosasida koʻrsatilgan talablarni bajarishi shart.
Ekologik ekspertiza buyurtmachisi zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
(9-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
10-modda. Ekologik ekspertizani moliyalash
Davlat ekologik ekspertizasini va ekologik auditni moliyalash buyurtmachining mablagʻlari hisobidan qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(10-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Jamoat ekologik ekspertizasini moliyalash nodavlat notijorat tashkilotlarining yoki fuqarolarning oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
11-modda. Davlat ekologik ekspertizasi obyektlari
Davlat ekologik ekspertizasi obyektlari quyidagilardan iborat:
davlat dasturlarining, konsepsiyalarining, ishlab chiqarish kuchlarini, iqtisodiy va ijtimoiy soha tarmoqlarini joylashtirish hamda rivojlantirish sxemalarining loyihalari;
barcha turdagi qurilishlar uchun yer uchastkalarini ajratish materiallari;
loyihaoldi va loyiha hujjatlari;
tabiiy resurslardan foydalanish bilan bogʻliq, xoʻjalik va boshqa xil faoliyatni tartibga soluvchi normativ-texnik va yoʻriqnoma-uslubiy hujjatlarning loyihalari;
texnika, texnologiya, materiallar, moddalar, mahsulotlarning yangi turlarini yaratishga doir hujjatlar;
atrof tabiiy muhit holatiga va fuqarolar sogʻligʻiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi ishlab turgan korxonalar va boshqa obyektlar;
keyinchalik ularga muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, favqulodda ekologik vaziyat va ekologik ofat zonalari maqomini berish maqsadida oʻtkazilgan hududlarni kompleks tekshirish materiallari;
(11-moddaning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 4-yanvardagi OʻRQ-278-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 1-2-son, 1-modda)
shaharsozlik hujjatlarining barcha turlari;
maxsus huquqiy rejimli obyektlar.
12-modda. Davlat ekologik ekspertizasi sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi
Davlat ekologik ekspertizasi sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi hisoblanadi.
(12-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 14-sentabrdagi OʻRQ-446-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 978-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi:
(12-moddaning ikkinchi qismi birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 14-sentabrdagi OʻRQ-446-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 978-modda)
davlat ekologik ekspertizasini tashkil etadi va oʻtkazadi;
davlat hamda jamoat ekologik ekspertizasi, shuningdek ekologik audit boʻyicha normativ-texnik va yoʻriqnoma uslubiy hujjatlarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
davlat ekologik ekspertizasini oʻtkazishga ekspertlar va mutaxassislarni jalb etadi;
davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasini ololmagan obyektlarga nisbatan moliyalash, kreditlash va boshqa moliya operatsiyalarini toʻxtatib turish (tugatish) toʻgʻrisidagi taqdimnomalarni bank va boshqa kredit tashkilotlariga yuboradi;
davlat ekologik ekspertizasi xulosalarining ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
ekologik ekspertiza oʻtkazish masalalari yuzasidan boshqa davlatlarning tabiatni muhofaza qilish tashkilotlari hamda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni amalga oshiradi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
(12-modda ikkinchi qismining sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qoʻshimcha maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-yanvardagi 29-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizomga qarang.
13-modda. Davlat ekologik ekspertizasini oʻtkazishning majburiyligi
Ushbu Qonunning 11-moddasida koʻrsatib oʻtilgan obyektlarni davlat ekologik ekspertizasidan oʻtkazish majburiydir.
Davlat ekologik ekspertizasi Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qoʻmitasining, viloyatlar va Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalarining ixtisoslashgan ekspert boʻlinmalari tomonidan oʻtkaziladi.
(13-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 14-sentabrdagi OʻRQ-446-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 978-modda)
14-modda. Davlat ekologik ekspertizasini oʻtkazishda qoʻyiladigan talablar
Davlat ekologik ekspertizasini oʻtkazishda:
taqdim etilgan materiallarning tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiqligi tekshiriladi;
(14-moddaning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xoʻjalik va boshqa xil faoliyatning ekologik va ijtimoiy oqibatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning toʻgʻriligi va toʻliqligi tahlil qilinadi;
biologik, kimyoviy moddalar va texnologiyalarning atrof tabiiy muhitga taʼsirini baholashning asosliligi tekshiriladi;
rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xoʻjalik va boshqa xil faoliyatni amalga oshirish oqibatlarining ekologik xavfliligi darajasini baholashning toʻgʻriligi tekshiriladi;
ekologik xavfsizlik talablarini taʼminlashga doir chora-tadbirlarning yetarliligi va asosliligi aniqlanadi;
ekologik normativlar loyihalarining asosliligi tekshiriladi.
15-modda. Davlat ekologik ekspertizasini oʻtkazish uchun taqdim etiladigan materiallar
Davlat ekologik ekspertizasini oʻtkazish uchun buyurtmachi tomonidan quyidagilar taqdim etiladi:
loyihalashtirilayotgan obyektlar boʻyicha — atrof muhitga taʼsir koʻrsatilishi toʻgʻrisidagi bayonot loyihasini, ekologik oqibatlar toʻgʻrisidagi bayonotni, qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda esa atrof muhitga taʼsir koʻrsatilishi toʻgʻrisidagi bayonotni oʻz ichiga olgan atrof muhitga taʼsirni baholash materiallari;
(15-modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
ishlab turgan obyektlar boʻyicha — ekologik normativlarning loyihalari, obyektning atrof tabiiy muhitga va fuqarolar sogʻligʻiga taʼsir koʻrsatish hollari aniqlangan taqdirda atrof muhitga taʼsir koʻrsatilishi toʻgʻrisida tayyorlangan bayonot. Buyurtmachi qoʻshimcha tarzda ekologik audit materiallarini taqdim etishga haqli;
ushbu Qonun 11-moddasining ikkinchi, uchinchi, beshinchi va sakkizinchi xatboshilarida koʻrsatilgan obyektlar boʻyicha — tayyorlangan barcha hujjatlar.
Atrof muhitga taʼsir koʻrsatilishi toʻgʻrisidagi bayonot loyihasi davlat ekologik ekspertizasi obyektini moliyalash boshlangunga qadar taqdim etiladi.
Atrof muhitga taʼsir koʻrsatilishi toʻgʻrisidagi bayonot davlat ekologik ekspertizasi obyektining texnik-iqtisodiy asoslari tasdiqlangunga qadar taqdim etiladi.
Ekologik oqibatlar toʻgʻrisidagi bayonot obyekt qonunchilikda belgilangan tartibda foydalanishga qabul qilib olingunga qadar taqdim etiladi.
(15-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-sentabrdagi 541-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat ekologik ekspertizasi toʻgʻrisidagi nizom.
16-modda. Davlat ekologik ekspertizasi ekspertining huquqlari
Davlat ekologik ekspertizasi eksperti quyidagi huquqlarga ega:
davlat ekologik ekspertizasini oʻtkazish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar va materiallarni olish;
davlat ekologik ekspertizasi uchun taqdim etilgan, qonunchilik talablariga javob bermaydigan materiallarni rad etish;
(16-modda birinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
davlat ekologik ekspertizasi obyekti boʻyicha alohida fikr bildirish, bu fikr davlat ekologik ekspertizasi xulosasiga ilova qilinadi.
Davlat ekologik ekspertizasi eksperti qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
(16-modda birinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
17-modda. Davlat ekologik ekspertizasi ekspertining majburiyatlari
Davlat ekologik ekspertizasi eksperti:
davlat ekologik ekspertizasini amalga oshirish tartibi va shartlariga rioya etishi;
davlat ekologik ekspertizasi oʻz vaqtida, kompleks, xolis, sifatli oʻtkazilishini hamda belgilangan tartibda xulosa berilishini taʼminlashi;
davlat ekologik ekspertizasining muayyan obyektiga nisbatan shaxsiy manfaatdorligi boʻlgan taqdirda oʻzini oʻzi rad etishi;
davlat ekologik ekspertizasi uchun taqdim etilgan materiallarning but saqlanishini hamda davlat, harbiy, xizmat va tijorat siri boʻlgan maʼlumotlarning oshkor qilinmasligini taʼminlashi shart.
Davlat ekologik ekspertizasi ekspertining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
(17-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
18-modda. Davlat ekologik ekspertizasi ekspertining javobgarligi
Oʻz vazifasini buyurtmachining huquqlariga yoki qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlariga moddiy zarar yoki maʼnaviy ziyon yetkazgan tarzda bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun, shuningdek ekologik ekspertiza toʻgʻrisidagi qonunchilikni boshqacha tarzda buzganlik uchun davlat ekologik ekspertizasining eksperti qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladi.
(18-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 14 va 985-moddalari.
19-modda. Davlat ekologik ekspertizasini oʻtkazish muddatlari
Davlat ekologik ekspertizasini oʻtkazish muddati oʻttiz kundan oshmasligi lozim. Uni oʻtkazish muddati davlat ekologik ekspertizasi obyektining murakkabligiga qarab Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining raisi tomonidan koʻpi bilan ikki oyga uzaytirilishi mumkin.
(19-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 14-sentabrdagi OʻRQ-446-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 978-modda)
20-modda. Davlat ekologik ekspertizasining xulosasi
Davlat ekologik ekspertizasi natijalari boʻyicha xulosa tuzilib, u davlat ekologik ekspertizasi obyektini roʻyobga chiqarish mumkinligi yoki mumkin emasligi toʻgʻrisidagi yakunlarni oʻz ichiga olgan boʻladi.
21-modda. Davlat ekologik ekspertizasi xulosasini ijro etishning majburiyligi
Davlat ekologik ekspertizasining xulosasi davlat ekologik ekspertizasi obyektini moliyalash va roʻyobga chiqarishda yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ijro etilishi majburiydir. Davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi boʻlmay turib, loyihalarning bank va boshqa kredit tashkilotlari tomonidan moliyalanishi, shuningdek ularning roʻyobga chiqarilishi taqiqlanadi.
Davlat ekologik ekspertizasining davlat ekologik ekspertizasi obyektini roʻyobga chiqarish mumkin emasligi toʻgʻrisidagi xulosasi boʻlgan taqdirda, buyurtmachi xulosadagi mavjud takliflarga muvofiq loyiha maromiga yetkazilishini taʼminlashi hamda materiallarni davlat ekologik ekspertizasi uchun qayta taqdim etishi yoxud rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xoʻjalik va boshqa xil faoliyatdan voz kechishi shart.
22-modda. Davlat ekologik ekspertizasi xulosasining amal qilish muddati
Davlat ekologik ekspertizasi obyektining ekologik talablarga muvofiqligi xususida davlat ekologik ekspertizasining bergan xulosasi berilgan kundan eʼtiboran uch yil mobaynida yuridik kuchga ega boʻladi.
23-modda. Jamoat ekologik ekspertizasi
Jamoat ekologik ekspertizasi ekologik asoslanishi taqozo etiladigan har qanday faoliyat sohasida nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolarning tashabbusi bilan amalga oshirilishi mumkin. Jamoat ekologik ekspertizasini amalga oshirishga toʻsqinlik qilish taqiqlanadi.
Jamoat ekologik ekspertizasi davlat ekologik ekspertizasi oʻtkazilishidan qati nazar amalga oshirilishi mumkin.
Jamoat ekologik ekspertizasining xulosasi tavsiya xususiyatiga ega boʻladi.
24-modda. Ekologik audit
Ekologik audit ekologik auditorlik tashkiloti tomonidan oʻtkaziladigan ekologik audit subyektining xoʻjalik faoliyatini va boshqa faoliyatini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar hamda atrof-muhitni muhofaza qilishga va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar talablariga ushbu subyektning rioya etishi yuzasidan tizimli, hujjatlashtirilgan, mustaqil ekologik baholashdir.
(24-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 29-apreldagi OʻRQ-688-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.04.2021-y., 03/21/688/0394-son)
25-modda. Nizolarni hal qilish
Ekologik ekspertizani tashkil etish va oʻtkazishda yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal qilinadi.
(25-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
26-modda. Ekologik ekspertiza toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Ekologik ekspertiza toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar qonunda belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Loyihalarni davlat ekologik (sanitariya ekologik) ekspertizasining ijobiy xulosasisiz roʻyobga chiqarish Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 96-moddasida nazarda tutilgan javobgarlikka tortish uchun asos boʻladi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 193-moddasiga asosan ekologiya xavfsizligiga oid normalar va talablarni buzganlik uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.
(26-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent shahri,
2000-yil 25-may,
73-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 144-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 1-2-son, 1-modda; 2017-y., 37-son, 978-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son, 29.04.2021-y., 03/21/688/0394-son)