Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 15.05.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-maydagi 404-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi faoliyatini tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasini tashkil etish toʻgʻrisida” 2017-yil 18-apreldagi PF-5016-son Farmonini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi toʻgʻrisidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 23-iyun,
419-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 23-iyundagi 419-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda Davlat raqobat qoʻmitasi deb ataladi) maqomini, asosiy vazifalarini, faoliyati yoʻnalishlarini, funksiyalarini va huquqlarini belgilaydi.
2. Davlat raqobat qoʻmitasi xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish, davlat mulkini boshqarish, qimmatli qogʻozlar bozori, xususiylashtirish, monopoliyaga qarshi siyosat, raqobatni rivojlantirish, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish, birja, baholash, rieltorlik va reklama faoliyati sohasida davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
3. Davlat raqobat qoʻmitasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga hamda mazkur Nizomga amal qiladi.
4. Davlat raqobat qoʻmitasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi va oʻz faoliyatini davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradi.
5. Davlat raqobat qoʻmitasining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlarining vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik yurituvchi subyektlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
6. Davlat raqobat qoʻmitasi va uning hududiy organlari taʼminoti, ularni moddiy-texnik taʼminlash:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
Davlat raqobat qoʻmitasining budjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
7. Davlat raqobat qoʻmitasi va uning hududiy organlari yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq ochiladigan bank hisob raqamlariga ega boʻladi.
2-bob. Davlat raqobat qoʻmitasining vazifalari va faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari
8. Xususiylashtirilgan korxonalarning ishlab chiqarish faoliyatini tiklash va samaradorligini oshirishni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, shu asosda aholi daromadlarining barqaror oʻsishini taʼminlaydigan yangi ish oʻrinlarini yaratish, ushbu maqsadlarda vakolatli davlat organlari, moliya hamda boshqa bozor tuzilmalarining Savdo-sanoat palatasi hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat va boshqaruv organlari bilan mustahkam hamkorlikdagi faoliyatini muvofiqlashtirish Davlat raqobat qoʻmitasining eng muhim vazifasi hisoblanadi.
9. Quyidagilar Davlat raqobat qoʻmitasi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari hisoblanadi:
tarmoqlar, hududlar va turli xususiylashtirish shakllari boʻyicha muttasil yangilanib turuvchi maʼlumotlar bazasini hamda xususiylashtirilgan obyektlar reyestrini, shuningdek davlat aktivlari reyestrini shakllantirish;
xususiylashtirilgan korxonalar faoliyatining moliyaviy-iqtisodiy va ishlab chiqarish koʻrsatkichlarini soliq, iqtisodiyot va statistika organlari bilan birgalikda doimiy asosda tahlil qilib borish, shu asosda faoliyat koʻrsatmayotgan, past rentabelli va zarar koʻrib ishlayotgan korxonalarni, boʻsh turgan va samarasiz foydalanilayotgan obyektlar hamda yer uchastkalarini aniqlash;
ilgari xususiylashtirilgan korxonalar samaradorligining pastligi hamda ishlamayotganligi sabablari va omillarini, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish quvvatlari, boʻsh turgan va qurilishi tugallanmagan obyektlarni aniqlash;
yangi ish joylarini yaratish, ishlab chiqarish faoliyati samaradorligini oshirish va modernizatsiyalash hamda raqobatdosh mahsulot ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, ruxsat beruvchi hujjatlarni olishda, kommunikatsiyalarga ulanishda va tijorat banklaridan kreditlar ajratilishida ularga koʻmaklashish maqsadida aniq xususiylashtirilgan korxonalarni rivojlantirishning “yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqish va ularni amalga oshirishni taʼminlash;
Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda xususiylashtirilgan obyektlar negizida investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan tadbirkorlarga biznes yuritish va biznes-rejalarni ishlab chiqish asoslari, tadbirkorlik faoliyati sohasidagi qonunchilik, menejment, moliyaviy boshqaruv va boshqa fanlarni kasb-hunar kollejlari bazasida oʻtkaziladigan kurslarda oʻqitishni tashkil qilish, bunda tajriba almashish uchun respublikamizda ishlayotgan, katta muvaffaqiyatlarga erishgan tadbirkorlar va xorijiy mutaxassislarni jalb etish;
bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat siyosatini amalga oshirish, iqtisodiy nochor korxonalarni moliyaviy sogʻlomlashtirish, ularning faoliyati samaradorligini oshirish va yangi investorlarni jalb etish dasturlarini ishlab chiqish va roʻyobga chiqarishda ishtirok etish;
davlat aktivlarini boshqarish, davlat ulushiga ega boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari faoliyatini monitoring qilish va tahlil etish, ularda korporativ boshqaruvning zamonaviy xalqaro standartlari va metodlarini joriy etish, shuningdek davlat aktivlarini xususiy mulkdorlarga, shu jumladan, “nol” xarid qiymati boʻyicha sotishning ochiq-oydinligi va shaffofligini taʼminlash, investorlar tomonidan qabul qilingan investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlar bajarilishi monitoringini olib borish;
monopoliyaga qarshi siyosatni amalga oshirish, raqobatni va qimmatli qogʻozlar bozorini rivojlantirish, isteʼmolchilar huquqlarini muhofaza qilish, baholash, rieltorlik va birja faoliyatini litsenziyalash, reklama bozorini tartibga solish;
kadrlarni tizimli tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish, rahbar va mutaxassislar, shu jumladan, idoraviy tuzilmalar rahbarlari hamda mutaxassislarining ish shakllari va uslublarini takomillashtirish, zimmasiga yuklangan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun ularning masʼuliyatini oshirish.
3-bob. Davlat raqobat qoʻmitasining asosiy funksiyalari
10. Davlat raqobat qoʻmitasi oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
a) xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish sohasida:
tarmoqlar, hududlar va turli xususiylashtirish shakllari boʻyicha muttasil yangilanib turuvchi maʼlumotlar bazasini hamda xususiylashtirilgan obyektlar reyestrini, shuningdek davlat aktivlari reyestrini shakllantirishni, ularni ixtisoslashtirilgan tashkilotlar va soha mutaxassislarini jalb etgan holda texnik jihatdan va boshqacha tartibda qoʻllab-quvvatlashni tashkil etadi;
soliq, statistika, kadastr va boshqa davlat organlari maʼlumotlari bazasi bilan oʻzaro elektron hamkorlikni yoʻlga qoʻyadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlarning ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanishlarini yanada ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 23-fevraldagi PQ-2796-son qarori asosida tashkil etilgan Qurilishi tugallanmagan obyektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarini xatlovdan oʻtkazish hamda aniqlash boʻyicha Idoralararo komissiyalarning joylarda xususiylashtirilgan obyektlar va korxonalar xatlovini oʻtkazish boʻyicha ishlarini tashkil etadi;
soliq, iqtisodiyot va statistika organlari bilan birgalikda xususiylashtirilgan korxonalarning moliyaviy-iqtisodiy faoliyati va ishlab chiqarish koʻrsatkichlari boʻyicha tahlilni doimiy ravishda olib boradi va shu asosda ishlamayotgan, kam quvvatli va iqtisodiy nochor korxonalarni, boʻsh turgan va foydalanilmayotgan obyektlar va yer uchastkalarini aniqlaydi;
foydalanilmayotgan ishlab chiqarish quvvatlari, boʻsh turgan va qurilishi tugallanmagan obyektlari mavjud ilgari xususiylashtirilgan korxonalarning ishlamayotgani va kam samarali ekanligining omillari va sabablarini aniqlaydi;
manfaatdor davlat organlari va tashkilotlarini, tijorat banklari hamda mulkdorlarni jalb qilgan holda ishlamayotgan, past rentabelli va zarar koʻrib ishlayotgan korxonalar, boʻsh turgan va samarasiz foydalanilayotgan obyektlar va yer uchastkalari boʻyicha “yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqishni tashkillashtiradi;
idoralararo komissiyalar bilan birgalikda “yoʻl xaritalari”ni amalga oshirishni taʼminlaydi;
“yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqish va amalga oshirishda paydo boʻladigan muammolarni ularning vakolatlari doirasida hal qilish yuzasidan iltimosnomalar va bajarilishi majburiy boʻlgan talablar yuborish yoʻli bilan xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish masalalari boʻyicha davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtiradi;
xususiylashtirilgan korxonalar negizida investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan tadbirkorlik subyektlariga ruxsat beruvchi hujjatlarni olishda, kommunikatsiyalarga ulanishda va tijorat banklari kreditlari ajratilishida koʻmaklashadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda, kasb-hunar kollejlari bazasida xususiylashtirilgan korxonalar negizida investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan tadbirkorlik subyektlarini ishbilarmonlik asoslari va biznes-reja ishlab chiqish, tadbirkorlik faoliyati sohasida qonunchilik, menejment, moliyaviy boshqaruv va boshqa mavzular boʻyicha oʻquvini respublikada muvaffaqiyatli faoliyat koʻrsatayotgan tadbirkorlik subyektlari va chet el mutaxassislarini jalb qilgan holda tashkil etadi;
idoralararo komissiyalarga ularga yuklangan vazifalarni amalga oshirishda koʻmaklashadi;
Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish fondining daromad va xarajatlari hisobini yuritadi;
Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish fondi mablagʻlarini amalda xususiylashtirilgan korxonalarda investitsiya loyihalarini shu jumladan tijorat banklari kredit liniyalarini ajratish vositasida bajarishga, shuningdek tadbirkorlik subyektlarini oʻqitishni tashkil etishga yoʻnaltirishni taʼminlaydi;
Tadbirkorlik faoliyati asoslariga oʻqitish respublika oʻquv markazi va uning hududiy filiallarining xususiylashtirilgan korxonalar rahbarlari hamda ishlab chiqarish va texnik xodimlari uchun biznes-reja ishlab chiqish, tadbirkorlik sohasidagi qonunchilik, menejment, moliyaviy boshqaruv yuzasidan doimiy oʻquv kurslari faoliyati samarali tashkil etilishini taʼminlaydi;
Savdo sanoat palatasi, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda ishini yangidan boshlayotgan tadbirkorlik subyektlariga biznes-reja tayyorlash, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq amaliy masalalarni hal etish va kerakli axborotlarni olishda ekspertlik, huquqiy va maslahat koʻmagi koʻrsatish uchun biznes-inkubatorlar tashkil etish va ularning faoliyatini yoʻlga qoʻyish choralarini koʻradi;
ilgari xususiylashtirilgan boʻsh turgan, samarasiz foydalanilayotgan obyektlar va ishlab chiqarish maydonlari negizida tadbirkorlikni rivojlantirish sohasidagi jarayonlarni tahlil qiladi va ularni rivojlantirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;
b) bankrotlik, iqtisodiy nochor korxonalarni tarkibiy oʻzgartirish va sud boshqaruvchilari faoliyatini nazorat qilish sohasida davlat tomonidan tartibga solishni amalga oshirish sohasida:
bankrotlik ishlari boʻyicha davlat siyosatini amalga oshiradi, iqtisodiy nochor korxonalarni moliyaviy sogʻlomlashtirish, ular faoliyati samaradorligini oshirish va yangi investorlarni jalb etish dasturlarini ishlab chiqadi va ularni amalga oshirishda qatnashadi;
ustav fondida davlat ulushi boʻlgan korxonalarning moliyaviy holatini, shu jumladan, toʻlovga qodir boʻlmagan, zarar koʻrib ishlayotgan va iqtisodiy nochor korxonalarni aniqlash maqsadida maʼlumotlar bazasini yuritish yoʻli bilan monitoring va tahlil qiladi, shuningdek manfaatdor davlat organlari bilan birgalikda ularni moliyaviy sogʻlomlashtirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining takliflari asosida bankrotlik tartibotlarini qoʻllash tashabbusi bilan chiqish, ustav fondida davlat ulushi boʻlgan iqtisodiy nochor korxonalarni tarkibiy oʻzgartirish va ixchamlashtirish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
ustav fondida davlat ulushi boʻlgan korxonalarda bankrotlik tartibotlarining borishini nazorat qiladi, shuningdek sudgacha sanatsiya, sud sanatsiyasi va tashqi boshqaruv rejalarini kelishadi;
tijorat banklariga berilgan (realizatsiya qilingan) bankrot korxonalar boʻyicha ishlab chiqarish faoliyatini tiklash, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash boʻyicha investitsiya majburiyatlari bajarilishi monitoringini olib boradi;
iqtisodiy nochor korxonalarda bankrotlik yoki sudgacha sanatsiya tartibotlarini amalga oshirishda kreditorlarning manfaatlari va aksiyadorlar (qatnashchilar)ning mulkiy huquqlari himoya qilinishini taʼminlaydi;
ustav fondida davlat ulushi boʻlgan va (yoki) pul majburiyatlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi oldida qarzdor boʻlgan korxonalarning sudgacha sanatsiyasini oʻtkazish, uzaytirish yoki muddatidan oldin toʻxtatish toʻgʻrisida, shuningdek sudgacha sanatsiya qilish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
tarkibiy oʻzgartirilishi kerak boʻlgan iqtisodiy nochor, zarar koʻrib ishlayotgan va past rentabelli korxonalarning, shuningdek ularga nisbatan bankrotlik tartibotlari qoʻllangan korxonalarning qurilishi tugallanmagan obyektlarini hamda asosiy fondlarini konservatsiya qilish va sotish masalalarini koʻrib chiqadi va bu toʻgʻridagi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
sud boshqaruvchilarini tayyorlash tizimini tashkil etadi, ularni attestatsiyadan oʻtkazadi hamda sud boshqaruvchilarining yagona reyestrini yuritadi, sud boshqaruvchilari attestatini berish, ularning amal qilishini toʻxtatib turish va toʻxtatish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
ustav fondida davlat ulushi boʻlgan korxonalarda bankrotlik tartibotining borishini nazorat qiladi, shuningdek sudgacha sanatsiya chogʻida davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash monitoringini amalga oshiradi;
davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlangan korxonalarning sudgacha sanatsiyasini uzaytirish va muddatidan oldin toʻxtatish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
zarar koʻrib ishlayotgan, toʻlovga qodir boʻlmagan va iqtisodiy nochor korxonalarni tarkibiy oʻzgartirish, ixchamlashtirish, moliyaviy sogʻlomlashtirish va sudgacha sanatsiyani amalga oshirish davrida qonun hujjatlarida nazarda tutilgan shakllarda davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining zarar koʻrib ishlayotgan va iqtisodiy nochor korxonalarni tarkibiy oʻzgartirish, moliyaviy sogʻlomlashtirish dasturlarining amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitadi;
tashqi boshqaruvchilarning, shuningdek davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlangan yoxud mulkida davlat ulushi boʻlgan sanatsiya qilinayotgan korxonalar rahbarlarining hisobotlarini eshitadi;
v) qimmatli qogʻozlar bozorini rivojlantirish va korporativ boshqaruv sohasida:
qimmatli qogʻozlar bozorini rivojlantirishga, shuningdek qimmatli qogʻozlar birja savdosi tamoyillariga rioya qilishni taʼminlash choralarini koʻradi;
moliyaviy vositalarning yangi turlarini, shu jumladan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun zarur resurslarni jalb etish imkonini beradigan qimmatli qogʻozlar hosilalarini joriy etishga koʻmaklashadi;
davlat boshqaruvining manfaatdor organlari bilan birgalikda qimmatli qogʻozlar bozorini, shuningdek ushbu bozorni rivojlantirish uchun zarur muhit va infratuzilmani shakllantirish va ularning amal qilishi jarayonlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralarini koʻradi;
qimmatli qogʻozlar bozorida fuqarolarning va xorijiy investorlarning, shu jumladan, investitsion va professional faoliyatni ragʻbatlantirish, qimmatli qogʻozlar bozorida jamoaviy investitsiyalash shartlarini takomillashtirish yoʻli bilan faolligini oshirish boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish bilan bogʻliq jarayonlarni tahlil qiladi va korporativ munosabatlarni tartibga soluvchi normalarni takomillashtirishga doir takliflarni shakllantiradi;
xoʻjalik jamiyatlarida korporativ boshqaruvni takomillashtirish, shu jumladan, ularning tashkiliy tuzilmasini takomillashtirish boʻyicha xalqaro tamoyillar va qoidalar asosida tavsiyalar ishlab chiqadi;
ijro etuvchi organlar va ustav fondida davlat ulushi boʻlgan, respublika iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari kuzatuv kengashlari rahbarlarining korporativ boshqaruvning sifatli tizimini joriy etish boʻyicha hisobotlarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida vaqti-vaqti bilan eshitishni tashkil etadi;
davlat aktivlarini samarali boshqarish boʻyicha “Davlat aktivlarini boshqarish markazi” DUKning hamda korporativ boshqarish va qimmatli qogʻozlar bozorini rivojlantirish boʻyicha Qimmatli qogʻozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi faoliyatini muvofiqlashtiradi hamda ular faoliyati monitoringini olib boradi, shuningdek ularning samarali oʻzaro hamkorlik qilishini taʼminlaydi;
aksiyadorlik jamiyatlarida boshqaruv va nazorat organlari faoliyatining amaliy masalalarini aks ettiruvchi korporativ boshqaruv boʻyicha qoʻllanmalar nashr etadi, shuningdek investorlar va qimmatli qogʻozlar bozori qatnashchilarini taʼlim jihatidan qoʻllab-quvvatlashning shakllantirilishiga koʻmaklashadi;
xalqaro tashkilotlar bilan korporativ boshqaruv va qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish sohasidagi xalqaro munosabatlarni rivojlantirishga koʻmaklashadi;
g) xususiylashtirish obyektlarini sotishdan oldin tayyorlash va realizatsiya qilish, investorlar tomonidan majburiyatlar bajarilishi monitoringini olib borish sohasida:
manfaatdor davlat organlari va xoʻjalik birlashmalarini jalb etgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari bilan tasdiqlanadigan xususiylashtirish boʻyicha davlat dasturlari loyihalarini ishlab chiqadi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi hamda ularning amalga oshirilishini taʼminlaydi;
xususiylashtirish obyektlarini sotishdan oldin tayyorlashni amalga oshiradi va xususiylashtirishning, shu jumladan, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlari korxonalarining, aniq investitsiya majburiyatlari evaziga “nol” xarid qiymati boʻyicha realizatsiya qilingan obyektlarni xususiylashtirishning shartnomaviy shartlarini belgilaydi;
xususiylashtirish obyektlari, shartlari va shakllari yuzasidan qabul qilinadigan qarorlarning shaffofligi va ochiqligini taʼminlaydi, xususiylashtiriladigan korxonalar — emitentlar va ular tomonidan chiqariladigan qimmatli qogʻozlar toʻgʻrisidagi axborotni tarqatadi, shuningdek mahalliy va xorijiy investorlarni jalb etish maqsadida reklama-axborot ishlarini amalga oshiradi;
Erkin iqtisodiy hududlarning maʼmuriy kengashi qarorlari boʻyicha sotiladigan davlat mulki obyektlaridan tashqari, xususiylashtirish obyektlarining sotuvchisi funksiyasini amalga oshiradi, ularning boshlangʻich sotuv narxini, investitsiyalar hajmini, savdolarning turi va shartlarini belgilaydi, shu jumladan, davlatga tegishli qimmatli qogʻozlarni mustaqil ravishda yoki shartnoma asosida jalb etiladigan mahalliy va xorijiy investitsiya vositachilari orqali ichki va xalqaro bozorlarda, birja savdolari va birjadan tashqari savdolarda sotadi;
xususiylashtirish obyektlarining oldi-sotdisi boʻyicha Davlat raqobat qoʻmitasi tomonidan tuziladigan bitimlarning oʻz vaqtida va toʻliq bajarilishi, shu jumladan, investorlar tomonidan investitsiya majburiyatlarining bajarilishi monitoringini olib boradi;
ustav kapitaliga berilgan obyektlardan tashqari, yangi mulkdorga xususiylashtirilgan obyektga mulk huquqini tasdiqlovchi order (sertifikat) beradi, shuningdek xaridorning xizmat koʻrsatuvchi investitsiya vositachisiga uning tomonidan sotib olingan aksiyalarni oʻtkazishga (razblokirovka qilishga) depo topshirigʻini taqdim etadi;
xususiylashtirish bilan bogʻliq jarayonlarni tahlil qiladi hamda xususiy mulkdorlar tomonidan xususiylashtirish obyektlari sotilishining ochiqligi va shaffofligini taʼminlaydigan xususiylashtirishning yangi shakllari va usullarini joriy etish, shu jumladan, mulkiy munosabatlarni tartibga soluvchi normalarni takomillashtirish yuzasidan takliflarni shakllantiradi;
d) davlat mulki obyektlarini tasarruf etish, shu jumladan, ularni xatlovdan oʻtkazish, hisobga olish va samarali boshqarish sohasida:
davlat korxonalari va muassasalarining, shuningdek davlat korxonalari va muassasalarini xususiylashtirish jarayonida tashkil etiladigan xoʻjalik jamiyatlarining Oʻzbekiston Respublikasi nomidan muassisi boʻladi;
qonun hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi nomidan davlat aksiyalar paketi (ulushi) boʻyicha xoʻjalik jamiyatlarining aksiyadori (ishtirokchisi) huquqlarini amalga oshiradi, shuningdek ushbu huquqlarni ishonchli boshqaruvchilarga beradi;
“Davlat aktivlarini boshqarish markazi” DUK boshqaruviga xoʻjalik jamiyatlari aksiyalari paketlari (ulushlar)ni beradi;
davlat aktivlarini xususiy mulkdorlarga “nol” xarid qiymati boʻyicha berish yuzasidan xatlovlarni amalga oshiradi;
davlat koʻchmas mulkini, davlat korxonalari va muassasalarini, ustav fondida davlat ulushi boʻlgan xoʻjalik jamiyatlarini, shu jumladan, chet eldagi va davlat nomidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va boshqa davlat organlari ish koʻradigan xoʻjalik jamiyatlarining, davlat koʻchmas mulkini xatlovdan oʻtkazadi va hisobga oladi (xatlovdan oʻtkazish va hisobga olish qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda tegishli vakolatli davlat organlari tomonidan yuritiladigan mol-mulk bundan mustasno);
davlat aksiyalar paketlarini (ulushlarni) va boshqa mol-mulkni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda tashkil etiladigan va faoliyat koʻrsatayotgan xoʻjalik jamiyatlarining ustav fondlariga kiritadi;
davlat mulki boʻlgan mol-mulkning ijaraga beruvchisi boʻladi, ushbu vakolatlarni amalga oshirish huquqi boshqa davlat organlari va tashkilotlariga berilgan hollar bundan mustasno;
davlat korxonalariga davlat mulkini berish boʻyicha davlat korxonalari tashkil etilishining kelishilishini amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibga muvofiq davlat mulkini boshqarish masalalari boʻyicha davlat organlarining oʻzaro hamkorligini muvofiqlashtiradi;
respublika iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari roʻyxati boʻyicha takliflarni Aksiyadorlik birlashmalari va kompaniyalaridagi aksiyalar davlat ulushidan samarali foydalanilishi yuzasidan monitoring olib borish komissiyasiga koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun kiritadi;
xoʻjalik jamiyatlarida davlat ulushlarini boshqarish boʻyicha davlat ishonchli vakillari va investitsiya aktivlarining ishonchli boshqaruvchilarini, shuningdek aksiyadorlik jamiyatlarini boshqarishda davlat ishtirokining maxsus huquqidan foydalanuvchi (“oltin aksiya”) davlat vakillarini tayinlash va ozod etish yuzasidan takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 31-martdagi PQ-2327-son qarori bilan tuzilgan Aksiyadorlik jamiyatlari faoliyati samaradorligini oshirish va korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish boʻyicha Komissiyaga koʻrib chiqish uchun kiritadi;
davlatning ishonchli vakillari va ishonchli boshqaruvchilari bilan xoʻjalik jamiyatlaridagi davlat ulushlarini ishonchli boshqarish shartnomalari tuzilishini taʼminlaydi;
davlatning ishonchli vakillari, davlat aktivlarini ishonchli boshqaruvchilar faoliyati monitoringi olib borilishini taʼminlaydi, aksiyadorlarning (ishtirokchilarning) umumiy yigʻilishlarida va kuzatuvchi kengashlar majlislarida ovoz berish tartibi boʻyicha ularga koʻrsatmalar beradi, shuningdek ularni taqdirlash tartibini belgilaydi;
ustav fondida davlat ulushi boʻlgan xoʻjalik jamiyatlarining moliyaviy-xoʻjalik faoliyatini tahlil qiladi, jamiyatning biznes-rejasi parametrlari muntazam ravishda bajarilmagan taqdirda esa — jamiyatning ijro etuvchi organi tarkibini oʻzgartirish tashabbusi bilan chiqadi;
e) monopoliyaga qarshi tartibga solish, raqobat muhitini rivojlantirish va tabiiy monopoliyalar subyektlari faoliyatini nazorat qilish sohasida:
monopoliyaga qarshi tartibga solishni yanada takomillashtirish, raqobatni rivojlantirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqadi, ularni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, boshqa davlat organlariga va xoʻjalik boshqaruvi organlariga yuboradi;
raqobatga qarshi xatti-harakatlarni va tartibga solinadigan narxlar (tariflar)ning, shuningdek Tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning davlat reyestriga kiritilgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar yoki shaxslar guruhi tomonidan koʻrsatiladigan moliyaviy xizmatlarga narxlarning asossiz oʻsishini aniqlaydi va ularning oldini oladi;
tovar va moliya bozorlarida raqobat muhitining holatini oʻrganadi va xoʻjalik yurituvchi subyekt yoki shaxslar guruhlarining ustunlik mavqeyini aniqlaydi, shaxslar guruhlari qatnashchilarining tarkibini aniqlaydi;
tovar yoki moliya bozorida ustunlik mavqeyini egallab turgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar va tabiiy monopoliyalar subyektlari davlat reyestrlarini shakllantiradi va yuritadi;
xoʻjalik yurituvchi subyektlarni tashkil etish, ularni qoʻshish yoki birlashtirishda, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning ustav fondida (ustav kapitalida) aksiyalarni (ulushlarni) sotib olishda raqobat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;
tabiiy monopoliyalar subyektlarining tovarlari (ishlari, xizmatlari)ga narxlar va tariflarni tahlil qiladi hamda tabiiy monopoliyalar subyektlari tomonidan taqdim etiladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) narxlarining asossiz oshirib yuborilishidan va sifati pasayishidan isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qiladi;
tartibga solinadigan narxlar (tariflar)ga va tovarlar (ishlar, xizmatlar)ga ustama narxlarga rioya qilinishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;
tabiiy monopoliyalar subyektlari va ustunlik mavqeyini egallagan xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini narxlarni shakllantirishda deklaratsiya qilish (tasdiqlash) uchun taqdim etilgan hisob-kitoblarning asoslanganligini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tekshiradi;
raqobat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar va davlat organlari reyestrini yuritadi va eʼlon qiladi;
oʻz vakolatlari doirasida xoʻjalik yurituvchi subyektlarni insofsiz raqobatchilardan va davlat organlarining noqonuniy qarorlaridan, ular mansabdor shaxslarining raqobat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzuvchi xatti-harakatlaridan (harakatsizligidan) himoya qilishni taʼminlaydi;
oʻz vakolatlari doirasida davlat organlari va ustunlik mavqeyini egallab turgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning tovar yoki moliya bozorlariga kirishini taʼminlash boʻyicha qonun hujjatlari va boshqa hujjatlar ijro etilishini nazorat qiladi;
mahsulotlarning monopol turlarini birja savdolariga qoʻyish toʻgʻrisida belgilangan tartibda qaror qabul qiladi;
mahsulotlarning yuqori likvidli va monopol turlarining birja savdolariga qoʻyilishini belgilangan tartibda nazorat qiladi;
tanlov (tender) va birja savdolari oʻtkazishda raqobat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nazorat qiladi;
tabiiy monopoliyalar subyektlari tomonidan tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilish tartibiga rioya etilishini nazorat qiladi va majburiy xizmat koʻrsatilishi kerak boʻlgan isteʼmolchilar roʻyxatini aniqlash yuzasidan takliflar kiritadi;
ustunlik mavqeyini egallab turgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar va tabiiy monopoliyalarning tovarlariga (ishlariga, xizmatlariga) xarajatlarni kamaytirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
yuridik shaxsning individuallashtirilgan vositalariga va tovarni individuallashtirish vositalariga mutlaq huquqni sotib olish bilan bogʻliq insofsiz raqobat holatlarini aniqlaydi;
Tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning davlat reyestriga kiritilgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar yoki moliyaviy xizmatlar koʻrsatish boʻyicha shaxslar guruhi tomonidan koʻrsatiladigan moliyaviy xizmatlar narxlari monitoringini olib boradi;
j) isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama faoliyatini tartibga solish sohasida:
isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nazorat qiladi;
isteʼmol tovarlariga narxlar va xizmatlarga tariflar monitoringini olib boradi;
jamoat tuzilmalari bilan birgalikda isteʼmolchilarning huquqlari va manfaatlari himoya qilinishini, shuningdek aholining isteʼmol madaniyatini oshirish boʻyicha maʼrifiy ishlar olib borilishini amalga oshiradi;
reklama sohasida insofsiz raqobatga yoʻl qoʻymaslik va notoʻgʻri reklamaga barham berish maqsadida reklama bozorini tartibga solish chora-tadbirlarini koʻradi;
davlat organlari bilan birgalikda isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilishga va reklama sohasida insofsiz raqobatning oldini olishga qaratilgan tadbirlar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini muvofiqlashtiradi;
z) birja, baholash va rieltorlik faoliyatini litsenziyalash sohasida:
birja, baholash va rieltorlik faoliyatini litsenziyalaydi;
baholovchilar va rieltorlarga malaka talablarini belgilaydi, ularga malaka sertifikatlari beradi;
litsenziatlar tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qiladi;
birjalar, baholash, rieltorlik tashkilotlari va rieltorlarning litsenziyalari hamda baholovchilar va rieltorlarning malaka sertifikatlari reyestrini yuritadi;
maxsus vakolatli davlat organi bilan birgalikda birja aʼzolari va rieltorlik tashkilotlari uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat qoidalarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi, shuningdek qonun hujjatlarida belgilangan tartibda monitoring olib boradi va ushbu qoidalarga rioya etilishini nazorat qiladi;
i) faoliyatning boshqa sohalarida:
Davlat raqobat qoʻmitasi vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqadi;
Davlat raqobat qoʻmitasi vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha normativ-huquqiy va metodologik bazani ishlab chiqadi va takomillashtiradi;
Davlat raqobat qoʻmitasi vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha qonun hujjatlari buzilishini bartaraf etish yuzasidan oʻz vakolatlari doirasida zarur xatti-harakatlarni amalga oshiradi;
Davlat raqobat qoʻmitasi vakolatiga kiradigan masalalarning hal etilishi boʻyicha sansalorlik, byurokratizm, muddatlar choʻzilishi holatlarini aniqlaydi va ularning bartaraf etilishini taʼminlaydi;
kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlashni va ularning malakasini oshirishni tashkil etadi, Davlat raqobat qoʻmitasi, shu jumladan idoraviy mansub tuzilmalar rahbarlari va mutaxassislarining ish usullari va metodlarini takomillashtiradi, ularning oʻzlariga yuklangan vazifalarning oʻz vaqtida va samarali bajarilishi yuzasidan masʼuliyatini oshiradi;
xalqaro hamkorlikni va Davlat raqobat qoʻmitasiga yuklangan boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
11. Davlat raqobat qoʻmitasi oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bevosita, shuningdek hududiy organlar va oʻzining idoraviy mansub tuzilmalari orqali amalga oshiradi.
4-bob. Davlat raqobat qoʻmitasining huquqlari va javobgarligi
12. Davlat raqobat qoʻmitasi oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
Davlat raqobat qoʻmitasi vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha sudlarga daʼvo arizalari va arizalar berish, normativ-huquqiy hujjatlar qoʻllanilishi va buzilishi bilan bogʻliq ishlarni sudda koʻrib chiqish jarayonida qatnashish;
davlat organlaridan, xoʻjalik yurituvchi subyektlardan, shu jumladan, tijorat banklaridan va boshqa tashkilotlardan Davlat raqobat qoʻmitasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar va materiallarni soʻrash va bepul olish;
Davlat raqobat qoʻmitasi vakolatiga kiradigan masalalarga doir normativ-huquqiy hujjatlar buzilishi bilan bogʻliq jinoyatlar belgilari boʻyicha jinoiy ish qoʻzgʻash toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish uchun tegishli organlarga materiallarni yuborish;
Davlat raqobat qoʻmitasi vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha xalqaro tashkilotlar, xorijiy mamlakatlarning davlat organlari va boshqa tashkilotlari bilan shartnomalar tuzish;
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda Davlat raqobat qoʻmitasi huzuridagi Tadbirkorlik asoslariga oʻqitish respublika oʻquv markazida tadbirkorlik subyektlari oʻquvini tashkil etish uchun oliy taʼlim muassasalari, kasb-hunar-kollejlari oʻqituvchilarini, vazirliklar va idoralar, muvaffaqiyatli ish olib borayotgan tadbirkorlik subyektlari mutaxassislarini, respublikada ishlayotgan xorijiy mutaxassislarni jalb etish;
Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlarini jamlash, ularni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda taqsimlash, shu jumladan xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashuvchi tijorat banklarining kredit liniyalariga mablagʻlar ajratish;
strategik davlat mulki obyektlarining yagona roʻyxati, davlat mulki obyektlarini aniqlash mezonlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining xususiylashtirish boʻyicha qarorlari yuzasidan takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
davlatga tegishli aksiyalar (ulushlar)ni va mol-mulkni sotish, shuningdek ularni shu jumladan tashqi bozorlarda xoʻjalik jamiyatlarining aksiyalariga (ulushiga) va mol-mulkiga almashtirish boʻyicha operatsiyalarni amalga oshirish;
investorlar tomonidan investitsiya majburiyatlari va/yoki boshqa majburiyatlar bajarilishini, shu jumladan investitsiya kiritish obyektiga borib oʻrganish;
muayyan davrga oʻzaro majburiyatlar va xususiylashtirilgan obyekt faoliyati shakllari toʻgʻrisida bitim tuzish;
joyiga borgan holda xatlovdan oʻtkazish va davlat mulkidan foydalanish samaradorligini tekshirish;
idoraviy boʻysunishdan, idoraviy boʻysunish mavjud boʻlmaganda, hududiy boʻysunishdan kelib chiqqan holda kuzatuvchi kengashlarga yoki xoʻjalik jamiyatlarining yigʻilishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli komplekslariga, davlat boshqaruvi organlariga, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlariga asoslangan taqdimnomalar kiritish yoʻli bilan ustav fondida davlat ulushi boʻlgan davlat korxonalari, xoʻjalik jamiyatlari rahbarlarini almashtirish masalalari tashabbusi bilan chiqish;
davlat unitar korxonalarida, ustav fondida davlat ulushi boʻlgan xoʻjalik jamiyatlarida tashabbus koʻrsatiladigan auditorlik tekshirishlari oʻtkazish uchun auditorlik kompaniyalarini tanlov asosida aniqlash;
aksiyadorlik jamiyatlari, boshqa xoʻjalik jamiyatlari va shirkatlarining aksiyalarini (ulushlari, paylarini) sotib olish;
amaliy tadqiqotlarni bajarish, ekspertiza oʻtkazish, normativ-metodik hujjatlarni ishlab chiqish, ustav fondida davlat ulushi boʻlgan korxonalarda modernizatsiyalash samaradorligini oshirish va marketingni rivojlantirish uchun ilmiy-tadqiqot, auditorlik, advokatlik, konsalting tashkilotlarini va boshqa tashkilotlarni, mustaqil ekspertlarni shartnoma asosida jalb etish;
korporativ boshqaruv, menejment, moliya va qimmatli qogʻozlar sohasida ish tajribasiga ega boʻlgan mutaxassislarni ustav fondida davlat ulushi boʻlgan xoʻjalik jamiyatlarining kuzatuvchi kengashlari tarkibiga kiritish uchun jalb etish;
raqobat, tabiiy monopoliyalar, isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish, bankrotlik va reklama toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini tekshirish va qonun buzilishlarini aniqlash, ular boʻyicha ish qoʻzgʻash va (yoki) koʻrib chiqish;
raqobat, tabiiy monopoliyalar, isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilganligi uchun xoʻjalik yurituvchi subyektlarni, davlat organlarini, ularning mansabdor shaxslarini va boshqa jismoniy shaxslarini tegishli javobgarlikka tortish;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xoʻjalik yurituvchi subyektlarga, davlat organlariga, ularning mansabdor shaxslariga, sud boshqaruvchilariga raqobat, tabiiy monopoliyalar, bankrotlik, isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish, reklama toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilishini bartaraf etish va (yoki) ularning oqibatlarini bartaraf etish, dastlabki holatini tiklash toʻgʻrisida bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berish, shuningdek berilgan koʻrsatmalar bajarilishini nazorat qilish;
berilgan vakolatlar doirasida maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni belgilangan tartibda koʻrib chiqish, mansabdor shaxslarga jarimalar solish;
raqobat, tabiiy monopoliyalar, isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish, reklama toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining buzilishi ishlari boʻyicha qarorlar qabul qilish, shu jumladan raqobat, tabiiy monopoliyalar, isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilishi natijasida asossiz ravishda olingan daromadni (foydani) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xoʻjalik yurituvchi subyektlardan olib qoʻyish va (yoki) isteʼmolchilarga qaytarish, shuningdek jarima solish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
hayʼat qarori asosida xoʻjalik yurituvchi subyektning arizasi boʻyicha, agar mablagʻlarni olib qoʻyish toʻgʻrisidagi qarorni qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda ijro etish xoʻjalik yurituvchi subyektning bankrotligiga olib kelishi mumkin boʻlsa, undirilishi kerak boʻlgan summani boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyatini berish;
isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etilishini belgilangan tartibda tahlil qilish (oʻrganish, tekshirish);
tegishli davlat organlariga litsenziyalashni joriy etish yoki bekor qilish, bojxona tariflarini oʻzgartirish, kvotalarni joriy etish yoki bekor qilish, shuningdek soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash boʻyicha imtiyozlar berish yoxud imtiyozlarni bekor qilish, imtiyozli kreditlar berish va davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning boshqa turlarini qoʻllash toʻgʻrisida tegishli davlat organlariga takliflar kiritish;
zarar koʻrib ishlayotgan va iqtisodiy nochor korxonalarni tarkibiy oʻzgartirish, ixchamlashtirish va moliyaviy sogʻlomlashtirish dasturlarini shakllantirishda qatnashish, shuningdek ularning amalga oshirilishi monitoringini olib borish;
ustav fondida davlat ulushi boʻlgan, iqtisodiy tavakkalchilik guruhida turgan korxonalarning moliyaviy-xoʻjalik faoliyatini normallashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish yuzasidan koʻrsatmalar berish;
ijtimoiy infratuzilma obyektlarini, shuningdek tarkibiy oʻzgartirish va sanatsiya amalga oshirilayotgan korxonalarning umumiy foydalaniladigan ishlab chiqarish infratuzilmasi obyektlarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mahalliy davlat hokimiyati organlari va ularning funksional mansubligi boʻyicha tegishli xoʻjalik birlashmalari balansiga berish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga takliflar kiritish;
qonun hujjatlariga muvofiq sud boshqaruvchilari faoliyatini nazorat qilish, sud boshqaruvchisining faoliyatida qonun hujjatlari muntazam ravishda yoki bir marta qoʻpol ravishda buzilishi aniqlangan taqdirda, uni majburiyatlarni ijro etish boshqaruvchisidan ozod etish haqida xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilish, sud boshqaruvchilariga berilgan attestatlarning amal qilishini belgilangan tartibda toʻxtatib turish va toʻxtatish;
ustav fondida davlat ulushi boʻlgan va xoʻjalik sudi tomonidan bankrot deb eʼtirof etilgan xoʻjalik jamiyati boʻyicha tugatish ishlarini amalga oshirishda qatnashish;
xulosalar olish uchun boshqa organlarning mutaxassislarini jalb etish;
Davlat raqobat qoʻmitasi vakolatiga kiradigan masalalarni hal etish uchun komissiyalar, kengashlar va boshqa maslahat organlari tashkil etish, shuningdek ularning nizomlari va tartibini tasdiqlash, zaruriyat boʻlganda, ularga boshqa vazirliklar, idoralarning va boshqa tashkilotlarning mutaxassislari va ekspertlarini jalb etish;
Davlat raqobat qoʻmitasining budjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlarini belgilangan tartibda tasarruf etish;
maxsus vakolatli davlat organi bilan birgalikda birja aʼzolari va rieltorlik tashkilotlarining jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat qoidalariga rioya etishini tekshirish, qonun buzilishlari aniqlangan taqdirda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda choralar koʻrish.
Davlat raqobat qoʻmitasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
13. Davlat raqobat qoʻmitasi oʻz vakolatlari doirasida Qoʻmita vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlaydi, shuningdek koʻrsatib oʻtilgan hujjatlarning bajarilishini nazorat qiladi va ularning qoʻllanishi boʻyicha koʻrsatmalar beradi.
Davlat raqobat qoʻmitasi, zarurat boʻlganda, boshqa vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralari bilan birgalikda qaror va boshqa hujjatlar chiqarish huquqiga ega.
14. Davlat raqobat qoʻmitasi oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi uchun qonun hujjatlariga muvofiq javob beradi.
15. Davlat raqobat qoʻmitasi vakolati yuzasidan raqobat, tabiiy monopoliyalar, isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilishi natijasida asossiz ravishda olingan daromadni (foydani) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xoʻjalik yurituvchi subyektlardan olib qoʻyish va (yoki) isteʼmolchilarga qaytarish, istisno tariqasida, Davlat raqobat qoʻmitasining markaziy apparatida va hududiy organlarida qonun hujjatlariga asosan tuzilgan maxsus komissiyalarning qarorlari asosida amalga oshiriladi.
5-bob. Davlat raqobat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish
16. Davlat raqobat qoʻmitasiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tasdiqlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan rais boshchilik qiladi.
Davlat raqobat qoʻmitasi raisining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan toʻrt nafar oʻrinbosari, shu jumladan bir nafar birinchi oʻrinbosari boʻladi.
Davlat raqobat qoʻmitasi raisi:
Davlat raqobat qoʻmitasi faoliyatiga rahbarlik qiladi va Davlat raqobat qoʻmitasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
Davlat raqobat qoʻmitasi markaziy apparati va uning hududiy organlari tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritadi, shuningdek Davlat raqobat qoʻmitasi markaziy apparati va uning hududiy organlari shtat jadvalini va xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;
Davlat raqobat qoʻmitasi markaziy apparatining tarkibiy boʻlinmalari va uning hududiy organlari toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlaydi;
hududiy organlarning ular tomonidan qonun hujjatlari buzilgan holda qabul qilingan qarorlarini (koʻrsatmalarini) bekor qiladi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Rais vaqtincha boʻlmagan taqdirda uning vazifalarini birinchi oʻrinbosar bajaradi.
17. Davlat raqobat qoʻmitasida rais (hayʼat raisi), uning oʻrinbosarlari (lavozimi boʻyicha), shuningdek Davlat raqobat qoʻmitasi faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini muvofiqlashtiruvchi uning tarkibiy boʻlinmalari rahbarlaridan iborat tarkibda hayʼat tashkil etiladi.
Hayʼat aʼzolarining soni va shaxsiy tarkibi Davlat raqobat qoʻmitasi raisining taqdimnomasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Hayʼat:
Davlat raqobat qoʻmitasi faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini tayyorlash va amalga oshirish;
Davlat raqobat qoʻmitasi markaziy apparati boʻlinmalari rahbarlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish, shuningdek Davlat raqobat qoʻmitasi nomenklaturasiga kiradigan lavozimlarga kadrlar tanlash, ularni joy-joyiga qoʻyish, tayyorlash va qayta tayyorlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlarida, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlarida belgilangan vazifalarni bajarish boʻyicha ijro intizomini mustahkamlash, ularning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishi taʼminlanishi uchun Davlat raqobat qoʻmitasi rahbarlari va xodimlarining shaxsiy masʼuliyatini oshirish bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqadi.
Hayʼat Davlat raqobat qoʻmitasining vakolatiga tegishli boʻlgan boshqa masalalarni ham koʻrib chiqishga haqli.
Hayʼat majlislariga Davlat raqobat qoʻmitasining vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha boshqa vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va oʻzga tashkilotlarning rahbarlari taklif etilishi mumkin.
Hayʼat majlisida hayʼat tarkibining yarmidan koʻpi qatnashsa Hayʼat vakolatli hisoblanadi. Koʻrib chiqiladigan masalalar boʻyicha qarorlar oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
Hayʼat qarorlari Davlat raqobat qoʻmitasi raisining buyruqlari bilan amalga oshiriladi. Rais va Hayʼat aʼzolari oʻrtasida kelishmovchiliklar yuzaga kelganda, rais yuzaga kelgan kelishmovchiliklar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot bergan holda mustaqil ravishda qaror qabul qiladi. Hayʼat aʼzolari ham oʻz fikrini belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga maʼlum qilishlari mumkin.
Hayʼat faoliyatining tartibi uning Hayʼat tomonidan tasdiqlanadigan reglamenti bilan belgilanadi.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasi markaziy apparati boʻlinmalari rahbarlari Davlat raqobat qoʻmitasi hayʼati qarori bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish qoʻmitasi raisi, Davlat raqobat qoʻmitasining hududiy boshqarmalari rahbarlari tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari bilan kelishgan holda Davlat raqobat qoʻmitasi hayʼati qarori bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
19. Quyidagilar Davlat raqobat qoʻmitasining hududiy organlari hisoblanadi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasida — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish qoʻmitasi;
viloyatlar va Toshkent shahrida — xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish hududiy boshqarmalari.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahri hududiy boshqarmalari bevosita Davlat raqobat qoʻmitasiga va tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga hisobot beradilar.
20. Davlat raqobat qoʻmitasining hududiy organlari oʻz faoliyatini Davlat raqobat qoʻmitasi raisi tomonidan tasdiqlanadigan nizomlar asosida amalga oshiradilar.
21. Davlat raqobat qoʻmitasi va uning hududiy organlarining mansabdor shaxslari biron-bir tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish va xizmat mavqeyidan shaxsiy maqsadlarida foydalanish huquqiga ega emas.
6-bob. Davlat raqobat qoʻmitasi xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish
22. Davlat raqobat qoʻmitasi xodimlarining ish haqi lavozim maoshi, mukofotlar, ustamalar va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan ragʻbatlantiruvchi toʻlovlardan iborat boʻladi.
Davlat raqobat qoʻmitasi markaziy apparati va uning hududiy organlari xodimlariga davlat organlarida va (yoki) Davlat raqobat qoʻmitasi tizimida koʻp yillik uzluksiz xizmat qilganligi uchun bir yoʻla har yillik mukofot quyidagi miqdorlarda (lavozim maoshiga nisbatan ragʻbatlantirish koeffitsiyentlari hisobga olingan koeffitsiyentlarda) quyidagi miqdorlarda toʻlanadi:
3 yildan 5 yilgacha — 0,6;
5 yildan 10 yilgacha — 0,8;
10 yildan 15 yilgacha — 1,0;
15 yildan ortiq — 1,5.
Koʻp yil uzluksiz xizmat qilganlik uchun toʻlanadigan mukofot olish huquqini beruvchi ish staji Davlat raqobat qoʻmitasi raisi tomonidan kasaba uyushmasi organi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishgan holda tasdiqlanadigan nizomga muvofiq hisoblab chiqiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari, shuningdek Davlat raqobat qoʻmitasining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan budjetdan tashqari mablagʻlari ish haqi va boshqa mukofotlarni toʻlash manbalari hisoblanadi.
7-bob. Yakunlovchi qoida
23. Davlat raqobat qoʻmitasini qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 23-iyundagi 419-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan baʼzi qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2012-yil 30-dekabrdagi 374-son qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2012-y., 12-son, 94-modda) 1-bandi, shuningdek qarorga ilova.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” (Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Tovar va moliya bozorlarida monopoliyaga qarshi tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2013-yil 20-avgustdagi 230-son qarori) 2013-yil 23-oktabrdagi 287-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2013-y., 10-son, 76-modda) ilovaning 3-bandi.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi toʻgʻrisidagi Nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida” 2015-yil 21-maydagi 134-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2015-y., 5-son, 39-modda).
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Nazorat-taftish bosh boshqarmasi va uning hududiy nazorat- taftish boshqarmalari toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida” 2015-yil 30-iyundagi 173-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2015-y., 6-son, 52-modda) 2-ilovaning 11-bandi.
5. Vazirlar Mahkamasining “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish milliy tizimining takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2015-yil 3-iyuldagi 180-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2015-y., 7-son, 55-modda) ilovaning 3-bandi.
6. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” (Oʻzbekiston Respublikasining “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida” 2015-yil 3-iyundagi OʻRQ-387-sonli hamda “Investitsiya va pay fondlari toʻgʻrisida” 2015-yil 25-avgustdagi OʻRQ-392-sonli qonunlari) 2015-yil 23-sentabrdagi 274-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2015-y., 9-son, 84-modda) ilovaning 13-bandi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 26-son, 588-modda)