Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 08.06.2011
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON MUALLIFLIK HUQUQINI HIMOYa QILISh RESPUBLIKA AGENTLIGI FAOLIYATINI TAKOMILLAShTIRISh TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 8-iyundagi 166-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika davlat boshqaruvi organlari tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2003-yil 9-dekabrdagi PF–3358-son Farmoniga muvofiq, shuningdek mualliflik huquqi himoya qilinishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar Oʻzbekiston mualliflik huquqini himoya qilish respublika agentligining asosiy vazifalari etib belgilansin:
mualliflik huquqini va turdosh huquqlarni himoya qilish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlash;
mualliflar, ularning huquqiy vorislari hamda boshqa mualliflik huquqi va turdosh huquqlar egalarining mulkiy huquqlarini tuzilgan shartnomalar asosida amalga oshirish va himoya qilish, mualliflik huquqi va turdosh huquqlarning buzilishiga yoʻl qoʻymaslik hamda buzilgan huquqlarni tiklash boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrish;
fan, adabiyot va sanʼat asarlarini, shuningdek ushbu asarlar mualliflarini roʻyxatdan oʻtkazish, Oʻzbekiston Respublikasi hududida mualliflik huquqi va turdosh huquqlar obyektidan foydalanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar hisobini yuritish;
mualliflarning, ularning huquqiy vorislarining hamda boshqa mualliflik huquqi va turdosh huquqlar egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini, shu jumladan chet ellarda, belgilangan tartibda ifodalash;
mualliflik huquqini va turdosh huquqlarni himoya qilish sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.
2. Quyidagilar:
Oʻzbekiston mualliflik huquqini himoya qilish respublika agentligi apparati tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston mualliflik huquqini himoya qilish respublika agentligi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston mualliflik huquqini himoya qilish respublika agentligi xodimlarining cheklangan umumiy soni 17 nafar, shu jumladan boshqaruv xodimlari soni 10 nafar etib belgilansin.
Oʻzbekiston mualliflik huquqini himoya qilish respublika agentligi bosh direktoriga, zarurat boʻlganda, agentlik tuzilmasiga xodimlarning belgilangan cheklangan umumiy soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
4. Quyidagilar:
Vazirlar Mahkamasining “Butunittifoq mualliflik huquqini himoya qilish vakilligining Oʻzbekiston boʻlimini Oʻzbekiston Respublikasi Mualliflik huquqini himoya qilish vakilligi (agentligi)ga aylantirish toʻgʻrisida” 1992-yil 30-yanvardagi 38-son qarori;
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 30-yanvardagi 38-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 1994-yil 13-avgustdagi 413-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A. A. Azizxoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 16-iyun,
286-son
Vazirlar Mahkamasining
2004-yil 16-iyundagi 286-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston mualliflik huquqini himoya qilish respublika agentligi apparati tuzilmasi
Vazirlar Mahkamasining
2004-yil 16-iyundagi 286-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston mualliflik huquqini himoya qilish respublika agentligi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston mualliflik huquqini himoya qilish respublika agentligi (keyingi oʻrinlarda Agentlik deb ataladi) mualliflik huquqini va turdosh huquqlarni himoya qilish sohasidagi vazifalarni hal etish uchun maxsus vakolatli davlat boshqaruv organi hisoblanadi.
Agentlik oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisob beradi.
2. Agentlik oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qarorlariga va boshqa hujjatlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.
3. Agentlik oʻz faoliyatini davlat boshqaruvi boshqa organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradi.
4. Agentlikning moddiy-texnika taʼminoti, shuningdek Agentlik tizimi xodimlari mehnatiga haq toʻlash shartnoma asosida ijodiy uyushmalar jamgʻarmalariga mablagʻlar yigʻishda Agentlik tomonidan olinadigan vositachilik ajratmalari, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
Xarajatlar daromadlardan oshib ketgan taqdirda tafovut davlat budjeti hisobiga qoplanadi.
5. Agentlik yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi yozilgan muhrga ega boʻladi.
II. Agentlikning vazifalari va funksiyalari
6. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
mualliflik huquqini va turdosh huquqlarni himoya qilish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlash;
mualliflar, ularning huquqiy vorislari hamda boshqa mualliflik huquqi va turdosh huquqlar egalarining mulkiy huquqlarini tuzilgan shartnomalar asosida amalga oshirish va himoya qilish, mualliflik huquqi va turdosh huquqlarning buzilishiga yoʻl qoʻymaslik hamda buzilgan huquqlarni tiklash boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrish;
fan, adabiyot va sanʼat asarlarini, shuningdek ushbu asarlar mualliflarini roʻyxatdan oʻtkazish, Oʻzbekiston Respublikasi hududida mualliflik huquqi va turdosh huquqlar obyektidan foydalanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar hisobini yuritish;
mualliflarning, ularning huquqiy vorislarining hamda boshqa mualliflik huquqi va turdosh huquqlar egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini, shu jumladan chet ellarda, belgilangan tartibda ifodalash;
mualliflik huquqini va turdosh huquqlarni himoya qilish sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.
7. Agentlik oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish masalalari boʻyicha takliflar ishlab chiqadi va ularni belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
mualliflardan, ularning huquqiy vorislaridan hamda boshqa mualliflik huquqi va turdosh huquqlar egalaridan olingan vakolatlar doirasida yuridik va jismoniy shaxslar bilan ular tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida va chet ellarda mualliflik huquqi hamda turdosh huquqlar obyektlaridan foydalanish yuzasidan shartnomalar tuzadi;
tuzilgan shartnomalar asosida mualliflik pulini toʻplash, taqsimlash va mualliflarga, ularning huquqiy vorislariga hamda boshqa mualliflik huquqi va turdosh huquqlar egalariga toʻlashni amalga oshiradi;
mualliflar, ularning huquqiy vorislari hamda boshqa mualliflik huquqi va turdosh huquqlar egalarining huquqlarini amalga oshirishga koʻmaklashadi;
mualliflar, ularning huquqiy vorislari hamda boshqa mualliflik huquqi va turdosh huquqlar egalarining qonuniy manfaatlarini, shu jumladan chet ellarda, ifodalaydi;
mualliflik huquqi va turdosh huquqlarning buzilishiga yoʻl qoʻymaslik va buzilgan taqdirda ularni tiklash boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻradi;
Oʻzbekiston Respublikasi tuzgan xalqaro bitimlardan kelib chiqadigan majburiyatlarning bajarilishini oʻz vakolatlari doirasida taʼminlaydi;
fan, adabiyot va sanʼat asarlarini, shuningdek ushbu asarlar mualliflarini roʻyxatdan oʻtkazadi, roʻyxatdan oʻtkazilganlik toʻgʻrisida belgilangan namunada guvohnoma beradi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida mualliflik huquqi va turdosh huquqlar obyektlaridan foydalanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar hisobini yuritadi;
mualliflik huquqi va turdosh huquqlar sohasidagi xorijiy qonun hujjatlarini hamda ularni qoʻllanish tajribasini oʻrganadi;
mualliflarning, ular huquqiy vorislarining hamda boshqa mualliflik huquqi va turdosh huquqlar egalarining mualliflik huquqi va turdosh huquqlar obyektiga mulkiy huquqlarini amalga oshirish va himoya qilish bilan shugʻullanuvchi xorijiy tashkilotlar bilan oʻz vakolatlari doirasida bitimlar va shartnomalar tuzadi;
mualliflarning, ular huquqiy vorislarining hamda boshqa mualliflik huquqi va turdosh huquqlar egalarining mualliflik huquqi va turdosh huquqlar obyektiga mulkiy huquqlarini amalga oshirish va himoya qilish bilan shugʻullanuvchi tashkilotlar faoliyatiga koʻmaklashadi;
xalqaro va boshqa tashkilotlar tomonidan mualliflik huquqi va turdosh huquqlar masalalari boʻyicha oʻtkaziladigan ilmiy anjumanlarda, simpoziumlarda, konferensiyalarda, seminarlarda va boshqa tadbirlarda qatnashadi;
mualliflik huquqi va turdosh huquqlar masalalari boʻyicha ilmiy konferensiyalar, seminarlar, kurslar va boshqa tadbirlar tashkil qiladi.
III. Agentlikning huquqlari va javobgarligi
8. Agentlik oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslardan zarur axborotlar, hujjatlar va materiallarni belgilangan tartibda soʻrash va olish;
huquqni muhofaza qilish va boshqa vakolatli davlat organlari bilan mualliflik huquqi va turdosh huquqlar sohasidagi buzilishlarning oldini olish boʻyicha hamkorlik qilish;
mualliflar hamda boshqa mualliflik huquqi va turdosh huquqlar egalarining mualliflik huquqini va turdosh huquqlarni himoya qilishga doir masalalar boʻyicha manfaatlarini sud organlarida ifodalash;
mualliflik huquqi va turdosh huquqlar masalalari boʻyicha ekspert xulosalari berish;
mualliflik huquqini va turdosh huquqlarni himoya qilish sohasidagi ilmiy-metodik va axborot materiallari hamda boshqa nashrlarni chop etish va tarqatish;
mualliflar, ularning huquqiy vorislari, boshqa mualliflik huquqlari va turdosh huquqlar egalari hamda mualliflik huquqi va turdosh huquqlar obyektlaridan foydalanuvchilar oʻrtasida shartnomalar tuzishda, tegishli vakolatlarni berishda vositachilik qilish.
Agentlik qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
9. Agentlik oʻz vakolatlari doirasida, vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun bajarish majburiy boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilishga haqlidir.
Agentlik, zarur hollarda, boshqa vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar bilan qoʻshma qarorlar va boshqa hujjatlar chiqarishga haqlidir.
10. Agentlik oʻziga yuklangan vazifalarning samarali bajarilishi uchun javob beradi.
IV. Agentlik faoliyatini tashkil etish
Oldingi tahrirga qarang.
11. Oʻzbekiston mualliflik huquqini himoya qilish respublika agentligiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan bosh direktor boshchilik qiladi.
(11-bandning birinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 5-iyundagi 108-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 23-son, 183-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Bosh direktorning bir nafar oʻrinbosari boʻladi belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan.
(11-bandning ikkinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 5-iyundagi 108-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 23-son, 183-modda)
Bosh direktor maqomiga koʻra vazirning birinchi oʻrinbosariga, bosh direktor oʻrinbosari — vazir oʻrinbosariga tenglashtiriladi.
12. Agentlik bosh direktori:
Agentlik faoliyatiga yakkaboshchilik asosida umumiy rahbarlik qiladi hamda Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
Agentlik tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritadi, xodimlarning belgilangan umumiy soni doirasida shtatlar jadvalini, shuningdek Agentlik xarajatlari smetasini tasdiqlaydi;
Agentlik xodimlarini belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi.
Bosh direktor qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
13. Agentlik oʻziga yuklangan funksiyalarni amalga oshirish uchun joylarda xodimlarning cheklangan umumiy soni doirasida inspektorlarga ega boʻlishi mumkin.
14. Agentlikni qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 24-son, 275-modda; 2010-y., 23-son, 183-modda)