|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 31.07.2018
|
ShARH
Keyingi yillarda shahar va qishloq aholi punktlarining zamonaviy meʼmoriy qiyofasini shakllantirish, uy-joy va ijtimoiy-maishiy qurilishni jadal rivojlantirish, muhandislik-kommunikatsiya va yoʻl-transport infratuzilmasini yangilash hamda rekonstruksiya qilish boʻyicha amalga oshirilgan kompleks chora-tadbirlar Toshkent, Andijon, Fargʻona, Namangan, Qoʻqon, Urganch, Qarshi, Shahrisabz shaharlarining arxitektura-loyihalashtirish tizimini sezilarli darajada yaxshilash imkonini berdi. Guliston, Termiz va Jizzax shaharlarini rekonstruksiya qilish ishlari jadal surʼatlarda olib borilmoqda.
Namunaviy loyihalar asosida yakka tartibdagi zamonaviy turar joylar barpo etilishi natijasida qishloq aholi punktlarining qiyofasi tubdan yaxshilanib bormoqda. 2016-yil oxiridan boshlab aholining kam taʼminlangan qatlami uchun shaharlar va qishloq aholi punktlarida arzon uy-joylarni qurish ishlari yanada tezkor surʼatlarda davom ettirilmoqda.
Shu bilan birga, tahlillar aholi punktlarida qurilish ishlarini olib borish va rekonstruksiya qilish, loyiha va qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish davomida belgilangan tartib, qoida va meʼyorlar qoʻpol ravishda buzilayotgan holatlar mavjudligini koʻrsatmoqda.
Joylarda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi hamda davlat boshqaruvi organlari oʻrtasida hududlarni rivojlantirishda shaharsozlik jarayonini boshqarish borasida vazifalar va vakolatlarning aniq chegaralari mavjud emasligi shaharlar hamda boshqa aholi punktlarini rejali rivojlantirish va kompleks qurish hamda izchil rivojlantirish borasida shoshilinch, baʼzida esa notoʻgʻri loyihaviy-rejali qarorlar chiqarilishiga sabab boʻlmoqda.
Zamonaviy loyihalashtirish usullarini, amaliy dasturiy mahsulotlarni, ilm-fan, arxitektura va dizayn yutuqlarini hayotga tatbiq etish, zamon talablariga javob beradigan, murakkab hamda yuqori kategoriyali loyiha-qidiruv ishlarini amalga oshirish imkoniyatiga ega istiqbolli yoshlarni jalb etish uchun yetarli qiziqishi boʻlmagan loyiha tashkilotlari faoliyatini qayta koʻrib chiqish talab etilmoqda.
Bugungi kunda shaharsozlik sohasiga oid asosiy masalalar va muhim muammolarni hal etish gʻoyat dolzarb vazifa ekani inobatga olinib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmon hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror qabul qilindi.
Xususan, qabul qilingan Farmon, avvalo, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasining arxitektura va shaharsozlik sohasida yagona davlat va ilmiy-texnikaviy siyosatni olib borish jarayonidagi rolini oshirishga qaratilgan boʻlib, uning faoliyatidagi asosiy vazifalar va yoʻnalishlarni belgilab beradi. Jumladan:
shaharsozlik va shaharsozlik faoliyatiga oid meʼyoriy-huquqiy bazani muntazam ravishda takomillashtirib va yangilab borish;
loyihalash ishlari va qurilish faoliyatini muvofiqlashtirish, qurilishda ishlab chiqarish jarayoniga ilgʻor texnologiyalar jalb qilinishini tashkil etish;
bozor munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kapital qurilishda davlat xaridlarini amalga oshirish tizimini yanada takomillashtirish;
arxitektura, loyihalash va qurilish sohalari uchun malakali kadrlarni tayyorlashni taʼminlash.
Farmonda yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonunchilikka, jumladan, aholi punktlarini loyihalash va qurishda, loyiha-qidiruv va qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishda, qurilish materiallari hamda mahsulotlarini ishlab chiqarishda, buyurtmachi tomonidan texnik nazorat hamda loyihalash tashkilotlari tomonidan mualliflik nazoratining olib borilishida shaharsozlik tartib-qoidalari va meʼyorlariga rioya et�sh boʻyicha qatʼiy nazorat oʻrnatilishiga alohida eʼtibor qaratilgan.
Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasining Loyiha va qurilish-montaj ishlari sifatiga rioya etilishi ustidan davlat nazorati bosh boshqarmasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi huzuridagi Arxitektura-qurilish nazorati davlat inspeksiyasi etib qayta tashkil qilindi.
Arxitektura-qurilish nazorati davlat inspeksiyasi boshligʻi oʻz lavozimiga koʻra bir vaqtning oʻzida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi oʻrinbosari, hududiy inspeksiyalar boshliqlari tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisining oʻrinbosari, viloyatlar hamda Toshkent shahri arxitektura va qurilish bosh boshqarmalarining oʻrinbosarlari hisoblanishlari belgilab qoʻyilgan.
Yuklatilgan vazifalarning amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi huzuridagi Arxitektura-qurilish nazorati davlat inspeksiyasi va uning hududiy inspeksiyalari inspektorlariga quyidagi huquq berilmoqda, yaʼni:
nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi hududiy komissiyalar bilan kelishilmagan holda, moliyaviy manbalarning turidan qatʼiy nazar, barcha qurilish obyektlarida, jumladan, shaxsiy uy-joy qurilish obyektlarida ruxsat beruvchi hujjatlarning mavjudligini aniqlash hamda shaharsozlik meʼyorlari va qoidalari talablarining bajarilishini taʼminlash maqsadida qisqa muddatli inspektorlik tekshiruvlarini amalga oshirish.
Shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonunchilikni tegishli tartibga keltirish va mazkur qonunchilikka rioya etilishini taʼminlash boʻyicha muhim chora-tadbirlardan biri — tasdiqlanmagan bosh rejalarsiz va mukammal rejalashtirilmagan loyih�larsiz shahar va tuman markazlarida har qanday koʻrinishdagi shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish, shuningdek, loyihalarsiz va qonunchilik meʼyorlarida koʻzda tutilgan boshqa ruxsat beruvchi hujjatlarsiz obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish ushbu Farmonga muvofiq taqiqlanadi.
Toshkent arxitektura-qurilish instituti va Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti, shuningdek, respublikaning oʻn toʻrtta hududida bittadan arxitektura-qurilish yoʻnalishidagi kasb-hunar kolleji Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi tizimiga oʻtkazilgani qabul qilingan Farmondagi muhim yangiliklardan biridir.
Bunday yoshlarni tarmoqqa jalb etish, soha kadrlarini tayyorlash sifatini tubdan oshirish, fan, nazariya va amaliyotning, shuningdek, oʻquv jarayonini loyihalashtirish va qurilish amaliyoti bilan uzviyligini taʼminlash, oʻquv muassasalari bitiruvchilarini kafolatli ish bilan taʼminlashga qaratilgandir.
Mazkur vazifalarni hal etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi huzurida asosiy faoliyati oʻquv jarayonlariga mahalliy va xorijiy oliy oʻquv yurtlari, loyiha-qurilish firma va kompaniyalaridan malakali mutaxassislarni jalb etish orqali oʻquv jarayonlari sifatini oshirishga qaratilgan taʼlim muassasalarini qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiluvchi jamgʻarma tashkil etilmoqda.
Ushbu Farmon bilan shaharlar qiyofasini shakllantirishda arxitektura-shaharsozlikning muhim oʻrin egallashi inobatga olinib, Vazirlar Mahkamasi huzurida Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashining yangilangan tarkibi tasdiqlandi va uning vazifalari belgilab berildi. Ushbu vazifalar qatoridan aholi punktlari infratuzilmasini rivojlantirish va kompleks qurilishlarning bosh rejalarga mosligi taʼminlanganini inobatga olgan holda, davlat va xoʻjalik yurituvchi organlar rahbarlari hisobotlarini eshitish ham oʻrin olgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi faoliyatidagi ana shu muhim va ustuvor vazifalardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni asosida “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror qabul qilindi. Mazkur qaror bilan:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasining markaziy apparati, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi huzuridagi Arxitektura-qurilish nazorati davlat inspeksiyasi tashkiliy tuzilmalari;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Arxitektura va qurilish qoʻmitasining tuzilmasi, viloyatlar va Toshkent shahri arxitektura va qurilish bosh boshqarmalarining namunaviy tuzilmalari, shuningdek, tumanlar va shaharlar arxitektura va qurilish boʻlimlarining namunaviy tuzilmalari tasdiqlandi;
hududiy boʻlinmalarning Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasiga toʻgʻridan toʻgʻri boʻysundirilishi va hisobdorligi, shuningdek, hududiy boʻlinmalar rahbarlarini tayinlash va ozod etishning yangi tartibi joriy etilishi belgilandi.
Yuklatilgan vazifalarni bajarishni taʼminlash maqsadida Qoʻmita tuzilmasida yangi vazifa va faoliyat yoʻnalishlariga ega quyidagi boshqarma va boʻlimlar tashkil etiladi:
loyihalashda texnik meʼyorlashtirish, qurilishda yangi loyihaviy yechimlar, texnologiyalar va materiallarni joriy etish boshqarmasi;
litsenziyalash, loyihalashtirish tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish va loyihalash xizmati bozorini rivojlantirish boshqarmasi;
pudrat tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish, pudrat ishlari bozorini rivojlantirish va kapital qurilishda iqtisodiy islohotlar boshqarmasi;
taʼlim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish va Jamgʻarmani boshqarish boʻlimi.
Qoʻmitaning hududiy boʻlimlari faoliyatini samarali boshqarish va muvofiqlashtirish maqsadida davlat arxitektura-qurilish �azorati hududiy inspeksiyalari, davlat ekspertizasi boshqarmalari hamda tanlov savdolari va narxlarni shakllantirish hududiy konsalting markazlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Arxitektura va qurilish qoʻmitasi, viloyatlar hamda Toshkent shahri arxitektura va qurilish bosh boshqarmalariga qayta boʻysundirildi.
Umumiy hisobda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi tizimidagi xodimlar soni 466 nafarga yetkazilib, ularning 386 nafarini tuman hamda shahar arxitektura va qurilish boʻlimlaridagi xodimlar tashkil etadi. Bu bilan shahar hamda tuman arxitektura va qurilish boʻlimlari shtat birliklari uch nafarga yetkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasida arxitektura va shaharsozlikni yanada rivojlantirish boʻyicha qaror bilan tasdiqlangan kompleks chora-tadbirlar shaharsozlik va shaharsozlik faoliyati sohasida meʼyoriy-huquqiy va meʼyoriy-texnik bazani takomillashtirishga qaratilgan aniq tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq choralar koʻrishni koʻzda tutadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur Farmoni va qarori ijrosini taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi tizimi faoliyatini samarali boshqarish imkonini beradi.
Aholi uchun qulay turmush tarzini yaratish, shuningdek, rivojlangan ishlab chiqarish, ijtimoiy, muhandislik-transport infratuzilmasiga ega obod aholi punktlarini barpo etish olib borilayotgan shaharsozlik siyosatining muhim natijasi boʻlib qoladi, albatta.