Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 15.01.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-yanvardagi PF-52-sonli “Turizm, madaniyat, madaniy meros va sport sohalarini yanada rivojlantirish uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratish toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2016-yil 2-dekabrdagi PF-4861-sonli Farmonini bajarish yuzasidan va Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi faoliyatining samarali tashkil etilishini taʼminlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
mamlakatning turizm salohiyatini tubdan oshirishga, turizmga iqtisodiyotning strategik sektori maqomini berishga, turizm sohasida yagona davlat siyosati oʻtkazilishiga yoʻnaltirilgan turizmni rivojlantirishning yaxlit konsepsiyasi shakllantirilishi va amalga oshirilishini taʼminlash;
turizm xizmatlarining tashqi va ichki bozorlarida marketing tadqiqotlari olib borishga, tarixiy-madaniy merosni keng targʻib qilishga, Oʻzbekiston Respublikasining turizm qiyofasini saqlab qolish va rivojlantirishga, milliy turizm mahsulotlari va brendlari xalqaro turizm bozorlariga kirib borishiga yoʻnaltirilgan faol reklama-axborot siyosatini amalga oshirish;
ichki, kirish va chiqish turizmini kompleks rivojlantirishning milliy va hududiy dasturlari ishlab chiqilishini muvofiqlashtirish va ularning amalga oshirilishi monitoringi, turizm turlarining keng doirasini jadal rivojlantirish, xalqaro standartlarga muvofiq boʻlgan turizm infratuzilmasini rivojlantirishga xorijiy investitsiyalarni, shuningdek xalqaro moliya institutlari va boshqa tashkilotlarning kreditlari va grantlarini jalb etish;
turizm faoliyati rivojlanishini muvofiqlashtirish, mintaqalarda yangi turizm yoʻnalishlari tashkil etilishini taʼminlash, ularni pasportlashtirish, turizm yoʻnalishlari, gidlar (ekskursovodlar) va turizm obyektlari boʻyicha yagona milliy reyestrlarni shakllantirish;
(1-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-iyundagi PF-5454-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.06.2018-y., 06/18/5454/1290-son)
turizm xizmatlarini tashkil etishda, eng avvalo, turistlar joylashtiriladigan joylarda, ovqatlanish punktlarida, respublika hududi boʻylab harakatlanishda va turizm obyektlariga tashriflarni uyushtirishda turistlarning xavfsizligi va sogʻligʻini taʼminlashga yoʻnaltirilgan turizm xizmatlari koʻrsatish sifati va xavfsizligi standartlari ishlab chiqilishini muvofiqlashtirish, turizm sohasida xizmatlarni litsenziyalash va sertifikatlashtirish hamda litsenziyalanadigan va sertifikatlashtiriladigan turizm xizmatlarining belgilangan talablar va standartlarga muvofiqligi boʻyicha inspeksiya nazoratini amalga oshirish;
turizm sohasini davlat tomonidan va bozor munosabatlari asosida tartibga solishni maqbullashtirish va turizm xizmatlari bozorida raqobatni rivojlantirish, turizmni rivojlantirishga qarshilik qilayotgan barcha gʻov va toʻsiqlarni bartaraf etishga qaratilgan takliflar ishlab chiqish, turizm sohasida tadbirkorlik faolligi oshishiga har tomonlama koʻmaklashish, ushbu sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini faol joriy etish;
turizm faoliyati sohasida birinchi navbatda BMTning Butunjahon turizm tashkiloti, turizm boʻyicha nufuzli xalqaro va milliy tashkilotlar hamda turizm sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi xorijiy kompaniyalar bilan xalqaro hamkorlikni kengaytirish, xalqaro va davlatlararo standartlar va normalarni turizm faoliyati va amaliyotiga joriy etish;
turizm faoliyati subyektlari xodimlarini muntazam ravishda qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni yuqori sifat darajasida tashkil etish, tarmoq turizm fanlarini rivojlantirishga koʻmaklashish.
2. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi barcha majburiyatlar va shartnomalar, shu jumladan xalqaro majburiyatlar va shartnomalar boʻyicha “Oʻzbekturizm” Milliy kompaniyasining huquqiy vorisi hisoblanadi, mehnat shartnomalari bundan mustasno.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tuzilmasida mustaqil boʻlinmalar sifatida:
tugatilayotgan “Oʻzbekturizm” Milliy kompaniyasi huzuridagi “Buyuk ipak yoʻli” reklama agentligi” davlat unitar korxonasi negizida “Milliy turizm mahsulotlarini targʻibot qilish markazi” davlat unitar korxonasi;
“Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi” unitar korxonasi negizida “Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi” davlat unitar korxonasi;
“Dispetcherlashtirish va sayyohlarga xizmat koʻrsatish markaziy boshqarmasi” davlat korxonasi negizida “Dispetcherlashtirish va sayyohlarga xizmat koʻrsatish markazi” davlat unitar korxonasi;
“Respublika ilmiy-oʻquv konsalting markazi” davlat korxonasi negizida “Turizm sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash Respublika markazi” davlat unitar korxonasi tashkil etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi toʻgʻrisidagi Nizom ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-fevraldagi PQ-3510-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2018-y., 07/18/3510/0668-son)
5. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hududiy boʻlinmalarining rahbarlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, tegishli viloyatlar hokimlarining taqdimnomasiga binoan Qoʻmita raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 24-maydagi PF-5447-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2018-y., 06/18/5447/1269-son)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti, Qoʻmita huzuridagi budjetdan tashqari Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.
“Oʻzbekturizm” Milliy kompaniyasi huzuridagi budjetdan tashqari Turizmni rivojlantirish jamgʻarmasi Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi budjetdan tashqari Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga aylantirilsin.
7. Quyidagilar:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Qoʻmitaning vakolatlariga muvofiq sudlarga beriladigan daʼvolar va arizalar boʻyicha davlat boji toʻlashdan;
b) mehnat va boshqa shartnomalar asosida Qoʻmita raisining xorijiy maslahatchisi sifatida jalb qilingan xorijiy mutaxassislar:
ish haqi fondining yagona ijtimoiy toʻlovi toʻlashdan;
jismoniy shaxslar — norezidentlardan olinadigan daromad soligʻi toʻlashdan ozod qilinsin.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 24-maydagi PF-5447-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2018-y., 06/18/5447/1269-son)
8. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Toshkent shahri, Mirzo Ulugʻbek tumani, Istiqlol koʻchasi, 47 uyda, “Milliy PR markazi” Toshkent shahri, Mirobod tumani, Oybek koʻchasi, 18-uyda joylashtirilsin.
Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi markaziy apparatiga 5 ta shaxsan biriktirilgan (xorijiy maslahatchilarga biriktirilganlarni hisobga olmagan holda), 1 ta maxsus (yoʻlsiz joylarda yura oladigan), 2 ta navbatchi avtomobil va 1 ta mikroavtobus limiti ajratilishi nazarda tutiladi;
Qoʻmitaga tegishli xizmat avtomobil transportiga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan yillik kilometr masofa limiti tatbiq etilmaydi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-fevraldagi PQ-3510-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2018-y., 07/18/3510/0668-son)
9. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasini zarur aloqa vositalari, shu jumladan hukumat aloqa vositalari bilan taʼminlashga belgilangan tartibda koʻmaklashsin.
91. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga oʻz idoraviy vazifalarini amalga oshirish uchun uchuvchisiz uchish apparatlarni sotib olish, olib kirish, saqlash va Oʻzbekiston Respublikasi hududida foydalanish vakolati berilsin.
(91-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-iyundagi PQ-4755-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2020-y., 07/20/4755/0783-son)
10. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 2-dekabr,
PQ-2666-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 2-dekabrdagi PQ-2666-son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Qoʻmita) turizm sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishni taʼminlovchi davlat boshqaruv organi hisoblanadi va oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi.
2. Qoʻmita oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, shuningdek, mazkur Nizomga amal qiladi.
3. Qoʻmita oʻz vazifa va funksiyalarini amalga oshirishda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik qiladi.
4. Qoʻmitaning oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari mulkchilik shaklidan va idoraviy boʻysunuvidan qatʼi nazar davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyativa boshqaruvi organlari, xoʻjalik subyektlari tomonidan ijro etilishi majburiy hisoblanadi.
5. Qoʻmita, uning hududiy boʻlinmalari va idoraviy mansub tashkilotlari yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan va oʻz nomi yozilgan muhrga ega.
2-bob. Qoʻmitaning asosiy vazifalari va funksiyalari
6. Quyidagilar Qoʻmitaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
mamlakatning turizm salohiyatini tubdan oshirish, turizmga iqtisodiyotning strategik sektori maqomini berish, turizm sohasida yagona davlat siyosatini olib borish maqsadida turizmni rivojlantirishning yaxlit konsepsiyasini shakllantirish va amalga oshirishni taʼminlash;
turistik xizmatlarning tashqi va ichki bozorlarida marketing tadqiqotlarini amalga oshirish, turizm sohasida Oʻzbekiston Respublikasining tarixiy-madaniy merosini keng targʻib qilishga qaratilgan faol reklama-axborot siyosatini amalga oshirish,mamlakatning turistik imijini saqlash va rivojlantirish, xalqaro turistik bozorlarda milliy mahsulotlar va brendlarni ilgari surish;
ichki, kirish va chiqish turizmini kompleks rivojlantirishning milliy va hududiy dasturlarini ishlab chiqishni muvofiqlashtirish va amalga oshirishni monitoring qilish, keng qamrovliturizm turlarini jadal rivojlantirish, turizm infratuzilmasini xalqaro standartlarga mos ravishda rivojlantirishga xorijiy investitsiyalar, shuningdek, xalqaro moliya institutlari va boshqa tashkilotlarning kreditlari va grantlarini jalb qilish;
turistik faoliyatni rivojlantirishni muvofiqlashtirish, hududlarda yangi turistik yoʻnalishlar ochilishini taʼminlash, ularni pasportlashtirish, turistik yoʻnalishlar, gidlar (ekskursovodlar) va turistik obyektlar boʻyicha yagona milliy reyestrlarni shakllantirish;
turistik xizmatlarni tashkil qilishda, avvalambor ular joylashtirilgan manzillarda, ovqatlanish joylarida, respublika hududi boʻylab harakatlanish vaqtida, turistik obyektlarga tashriflarni tashkillashtirishda turistlar xavfsizligi va sogʻligʻini taʼminlashga yoʻnaltirilgan turistik xizmatlarni koʻrsatish sifati va xavfsizligining standartlarini ishlab chiqishni muvofiqlashtirish, turizm sohasidagi xizmatlarni litsenziyalash va sertifikatlashtirishni, shuningdek, litsenziyalanayotgan va sertifikatlashtirilayotgan turistik xizmatlarning belgilangan talablar va standartlarga muvofiqligi ustidan inspeksiya nazoratini amalga oshirish;
turizm sohasini davlat tomonidan va bozor orqali tartibga solishni maqbullashtirish, turizm xizmatlari bozorida raqobatni rivojlantirish, turizmni rivojlantirishga xalaqit berayotgan barcha toʻsiqlar va gʻovlarni bartaraf etish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish, turizm sohasida tadbirkorlar faolligini oshirishga har tomonlama koʻmaklashish, mazkur sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini faol joriy etish;
turistik faoliyat sohasida birinchi navbatda, BMTning Jahon turizm tashkiloti, turizm boʻyicha nufuzli xalqaro va milliy tashkilotlar, shuningdek, turizm sohasida faoliyat koʻrsatayotgan xorijiy kompaniyalar bilan xalqaro hamkorlikni kengaytirish, turistik faoliyat amaliyotiga xalqaro va davlatlararo standartlar va normalarni joriy etish;
turizm sohasi uchun kadrlar tayyorlash boʻyicha takliflar kiritish, turistik faoliyat subyektlari xodimlarini muntazam qayta tayyorlash va malakasini oshirishni yuqori sifatli darajada tashkil etish, turizm tarmoq ilm-fanini rivojlantirishga koʻmaklashish;
turistik zonalarning samarali boshqaruvini tashkil qilish;
turistik zonalar hududida turizm infratuzilmasi obyektlarini barpo etish va ularning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur investitsiyaviy shart-sharoitlarni yaratish;
turistlarning maqsadli toifalari orasida turistik zonalarning salohiyatini targʻib qilish boʻyicha marketing ishlarini olib borish;
muhofaza etiladigan tabiiy hududlardan tashqari turizm infratuzilmasi obyektlarini joylashtirish uchun ajratilgan salohiyatli oʻrmon fondi hududlarini rejalashtirish va loyihalashtirish;
respublika kinolokatsiyalarini, shu jumladan jamoat tashkilotlari va tadbirkorlik subyektlarini jalb qilgan holda xorijda targʻib qilish.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-fevraldagi PF-6165-sonli Farmoniga asosan xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.02.2021-y., 06/21/6165/0104-son)
7. Qoʻmita zimmasiga yuklatilgan vazifalarga koʻra quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) mamlakatning turistik salohiyatini tubdan oshirish,turizmga iqtisodiyotning strategik sektori maqomini berish, turizm sohasida yagona davlat siyosatini olib borish maqsadida turizmni rivojlantirishning yaxlit konsepsiyasini shakllantirish va amalga oshirishni taʼminlash sohasida:
turizmni rivojlantirishning asosiy tendensiyalari va prognozlarini tahlil qilishni inobatga olgan holda turizm sohasini rivojlantirishning qisqa, oʻrta va uzoq muddatga moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlari va vazifalarini belgilashda ishtirok etadi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar, shuningdek, turistik faoliyat subyektlari tomonidan turizm sohasida yagona davlat siyosatining amaliy ijrosini taʼminlaydi;
turizm sohasida davlat tomonidan tartibga solish va boshqaruv mexanizmlari hamda tuzilmasini tashkiliy-huquqiy takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
turizmni rivojlantirish masalalarida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi va ularni belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
b) turistik xizmatlarning tashqi va ichki bozorida marketing tadqiqotlarini amalga oshirish, Oʻzbekiston Respublikasining tarixiy-madaniy merosini keng targʻib qilishga qaratilgan faol reklama-axborot siyosatini amalga oshirish, mamlakatningturistik imijini saqlash va rivojlantirish, xalqaro turistik bozorlarda milliy turistik mahsulotlar va brendlarni ilgari surish sohasida:
turistlar oqimining salohiyatli va istiqbolli bozorlarini oʻrganadi, turizm sohasida reklama-axborot siyosatini olib borishning samarali uslub va mexanizmlarini belgilaydi, uning natijalariga koʻra tegishli kompleks choralar koʻradi;
mamlakatning turistik salohiyatini targʻib qilish samaradorligini oshirish maqsadida xorijiy turistlar nimani afzal koʻrishini oʻrganish va talab yuqori boʻlgan turistik mahsulotlarni aniqlashga qaratilgan marketing tadqiqotlarini tashkil etadi;
milliy turistik mahsulotlar va brendlarni xalqaro turistik bozorlarda taqdim etishda koʻmaklashadi;
turistik faoliyat subyektlari va boshqa manfaatdor shaxslarni xalqaro turistik bozorlarda mamlakat turistik salohiyatini targʻib qilishda ishtirok etishga ragʻbatlantirishni taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy turoperatorlar, ommaviy axborot vositalari va boshqa tashkilotlar ishtirokida axborot turlari (infoturlar)ni tashkillashtiradi;
Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalaridagi turizmni rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchilar faoliyatini muvofiqlashtiradi;
turistik yoʻnalishlar boʻylab hamda turistik koʻrgazma va infratuzilma obyektlari yaqinida istiqomat qiluvchi aholining turistik madaniyatini oshirish (mehmondoʻstlik madaniyati) boʻyicha chora-tadbirlarni tashkillashtiradi va oʻtkazadi;
mehmonxonalar va turistik faoliyatning boshqa subyektlari uchun sayyohlarning xavfsiziligini taʼminlash, ularga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa davlat organlari bilan oʻzaro hamkorlik masalalari boʻyicha qisqa muddatli kurslarni tashkillashtiradi;v) ichki, kirish va chiqish turizmini kompleks rivojlantirishning milliy va hududiy dasturlarini ishlab chiqishni muvofiqlashtirish va amalga oshirishni monitoring qilish, keng qamrovliturizm turlarini jadal rivojlantirish, turizm infratuzilmasini xalqaro standartlarga mos ravishda rivojlantirishga xorijiy investitsiyalar, shuningdek, xalqaro moliya institutlari va boshqa tashkilotlarning kreditlari va grantlarini jalb qilish sohasida:
mavjud turistik salohiyat, turistik xizmatlar bozorining hamda turizm va logistika sohasidagi infratuzilmalar holatini tizimli asosda tahlil qiladi, shuningdek, mazkur sohadagi xalqaro standartlarni oʻrganadi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar ishtirokida ichki, kirish va chiqish turizmini kompleks rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqishni va ularni koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasiga kiritishni tashkillashtiradi;
turistik industriyani rivojlantirish, turistik xizmatlar infratuzilmasini, eng avvalo, asosiy turistik yoʻnalishlar boʻylab mehmonxonalar va kempinglar, transport-logistika va yoʻl infratuzilmasi, umumiy ovqatlanish obyektlari va turizmning boshqa infratuzilmalarini shakllantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqishda ishtirok etadi;
turizmni rivojlantirish boʻyicha milliy va hududiy dasturlar bajarilishini muvofiqlashtiradi, turizmni rivojlantirish dasturlarining amaldagi ijrosini taʼminlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqadi, ularning bajarilishi ustidan samarali monitoring olib boradi;
turistik sohani rivojlantirishga investitsiyalarni jalb qilish ishlarida, xorijiy investorlar, eng avvalo, yetakchi dunyo brendlarini jalb qilish uchun turizm sohasida eng qulay shart-sharoitlarni yaratish boʻyicha takliflar ishlab chiqishda ishtirok etadi;
turistik infratuzilmani rivojlantirish uchun taqdim etilgan mablagʻlar, grantlar, boshqa moliyaviy va moddiy resurslardan oqilona va maqsadli foydalanishni taʼminlash boʻyicha choralar koʻradi;
g) turistik faoliyatni rivojlantirishni muvofiqlashtirish, hududlarda yangi turistik yoʻnalishlar ochilishini taʼminlash, ularni pasportlashtirish, turistik yoʻnalishlar, gidlar (ekskursovodlar) va turistik obyektlar boʻyicha yagona milliy reyestrlarini shakllantirish sohasida:
turistik tashkilotlar, shuningdek, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlarning ichki, kirish va chiqish turizm sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda hududlarda yangi turistik yoʻnalishlarining ishlab chiqilishini hamda ularning ichki va tashqi turistik bozorlarda ilgari surishni tashkillashtiradi;
turistik faoliyatning belgilangan standartlariga muvofiq turistik yoʻnalishlarni pasportlashtirishni amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasining turistik resurslari va turistik yoʻnalishlari, shuningdek, ekskursovodlari va gid-tarjimonlari reyestrini yuritadi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlarning turizmni rivojlantirish sohasidagi faoliyatini umumlashtiradi va tahlil qiladi, shuningdek, ularning turizm sohasidagi ishlarini takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqadi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlarga turizm sohasini iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarini rivojlantirish bilan hamohang yanada kompleks rivojlantirish boʻyicha takliflar kiritadi;
d) turistik xizmatlarni tashkil qilishda, avvalambor, ular joylashtirilgan manzillarda, ovqatlanish joylarida, respublika hududi boʻylab harakatlanish vaqtida, turistik obyektlarga tashriflarni tashkillashtirishda turistlarning hayoti va sogʻligʻining xavfsizligini taʼminlashga yoʻnaltirilgan turistik xizmatlarni koʻrsatish sifati va xavfsizligining standartlarini ishlab chiqishni muvofiqlashtirish, turizm sohasidagixizmatlarni litsenziyalash va sertifikatlashtirishni, shuningdek, litsenziyalanayotgan va sertifikatlashtirilayotgan turistik xizmatlarning belgilangan talablar va standartlarga muvofiqligi ustidan inspeksiya nazorati sohasida:
turistik xizmatlar sifati va xavfsizligiga qoʻyiladigan talablarni shakllantirish uchun turistik xizmatlar koʻrsatish jarayonini va ulardan turistlarning qoniqish hosil qilishi ustidan monitoring olib boradi;
milliy oʻziga xosliklar, iqlim sharoitlari va ilgʻor xorijiy tajribani inobatga olgan holda turistik xizmatlarning sifati va xavfsizligi boʻyicha milliy standartlar ishlab chiqilishini muvofiqlashtiradi, shuningdek, ularning doimiy takomillashtirib borilishini taʼminlaydi;
turistik xizmatlarni belgilangan tartibda litsenziyalashni amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasining sertifikatlashtirish boʻyicha milliy organi — “Oʻzstandart” agentligi bilan yaqin hamkorlikda turistik xizmatlarni majburiy sertifikatlash, shu jumladan mehmonxonalar (motellar) klassifikatsiyasini belgilashni amalga oshiradi;
litsenziyalanayotgan va sertifikatlanayotgan turistik xizmatlarning oʻrnatilgan talablar va standartlarga muvofiqligi ustidan inspeksiya nazoratini amalga oshiradi;
ommaviy axborot vositalarida tegishli maʼlumotlarni joylashtirish orqali turistik faoliyat subyektlari va ishtirokchilarini muayyan vaqtda tashrif buyurish turistlar xavfsizligi uchun xatarli boʻlgan mamlakatlar (joylar) toʻgʻrisida xabardor qiladi;
turizm sohasida “ishonch telefonlari” ishlashini tashkillashtiradi;
e) turizm sohasini davlat tomonidan va bozor orqali tartibga solishni maqbullashtirish, turizm xizmatlari bozorida raqobatni rivojlantirish, turizmni rivojlantirishga xalaqit berayotgan barcha toʻsiqlar va gʻovlarni bartaraf etish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish, turizm sohasida tadbirkorlar faolligini oshirishga har tomonlama koʻmaklashish, mazkur sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini faol joriy etish sohasida:
turizm sohasida tadbirkorlik faolligi mexanizmlari va ragʻbatlantirish choralari samaradorligini oshirishga qaratilgan kompleks tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
turistik faoliyatni davlat va bozor orqali tartibga solishni maqbullashtirish, chet el turistlari uchun viza va roʻyxatga olish tartib-tamoyillari, pasport hamda bojxona nazoratini yanada soddalashtirish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
turistik sohada faoliyat olib boruvchi tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga oid qonun hujjatlariga rioya qilinishi ustidan samarali monitoringni taʼminlaydi, qonun hujjatlarining buzilish sabablarini tahlil qiladi va ularni bartaraf qilish boʻyicha takliflar kiritadi;
turistik faoliyat subyektlari tomonidan turizm sohasiga oid qonun hujjatlariga rioya qilinishitaʼminlash va ularning faoliyatini rivojlantirishga toʻsqinlik qilayotgan gʻovlarni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi, turizm sohasiga oid qonun hujjatlariga rioya qilish yuzasidan tekshiruv materiallarini tahlil qiladi va umumlashtiradi;
respublika turistik bozorining rivojlanish tendensiyalari va ularda boʻlayotgan oʻzgarishlarni monitoring qiladi, raqobat muhiti shakllanganturistik xizmatlar bozorini yanada rivojlantirish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng tatbiq etish orqali turistik xizmatlar koʻrsatishning zamonaviy metod va mexanizmlaridan foydalanish boʻyicha chora-tadbirlar koʻradi;
j) turistik faoliyat sohasida, birinchi navbatda, BMTning Jahon turizm tashkiloti, turizm boʻyicha nufuzli xalqaro va milliy tashkilotlar, shuningdek, turizm sohasida faoliyatkoʻrsatayotgan xorijiy kompaniyalar bilan xalqaro hamkorlikni kengaytirish sohasida:
xalqaro turistik tashkilotlar, chet davlatlarning vakolatli organlari, shuningdek, turizm sohasidagi xorijiy kompaniyalari bilan xalqaro hamkorlik, oʻzaro samarali harakat qilish mexanizmlarini rivojlantirish va takomillashtirish sohasida takliflarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
belgilangan tartibda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jahon turizm tashkiloti (YNVTO) va boshqa xalqaro tashkilotlarda Oʻzbekiston Respublikasining manfaatlarini ifoda etadi va turizm masalalari boʻyicha oʻzaro hamkorlik qiladi, turizm sohasini tartibga soluvchi universal xalqaro konvensiyalar va shartnomalarda Oʻzbekiston ishtirokini taʼminlaydi;
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Jahon turizm tashkiloti (YNVTO) hujjatlari qoidalarining ijrosi monitoringini tashkillashtiradi, belgilangan tartibda tegishli axborotlarni tayyorlaydi ularga yuboradi;
turizmni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan chet el donorlari va kredit tashkilotlari mablagʻlarining belgilangan tartibda jalb qilinishi va undan foydalanilishini tashkillashtiradi;
har yili Toshkent shahrida Toshkent xalqaro turistik yarmarkasi va Xalqaro Oʻzbek turistik koʻrgazmasi oʻtkazilishini tashkil etishni taʼminlaydi;
xorijiy mamlakatlarda oʻtkaziladigan xalqaro turistik yarmarkalar, koʻrgazmalar va biznes-uchrashuvlarda mamlakatning turistik faoliyat subyektlari ishtirokini tashkil etish boʻyicha tayyorgarlik chora-tadbirlarini muvofiqlashtiradi;
shu jumladan xalqaro turizm tashkilotlari, xorijiy davlatlarning vakolatli organlari, shuningdek, xorijiy kompaniyalar bilan oʻzaro hamkorlikdaxalqaro turizm tadbirlarini oʻtkazadi va ularda ishtirok etadi;
z) turizm sohasi uchun kadrlar tayyorlash boʻyicha takliflar kiritish, turizm sohasi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish, turizmtarmoq ilm-fani rivojiga koʻmaklashish sohasida:
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda turizm sohasidagi oʻrta-maxsus, kasb-hunar va oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarining bandligi boʻyicha tadqiqotlar olib boradi, taʼlim muassasalarida kadrlar va mutaxassislarning kasbiy tayyorgarlik yoʻnalishlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
turizm, ayniqsa menejment va marketing sohasida kasbiy tayyorlash, gidlar (ekskursovodlar)ni tayyorlashda koʻmaklashadi;
kadrlarning muntazam malakasini oshirish va qayta tayyorlashni tashkil etishni taʼminlaydi, Qoʻmita, uning hududiy boʻlinmalari va idoraviy mansub tashkilotlarining rahbarlari va mutaxassislarini attestatsiyadan oʻtkazadi, shu jumladan ularning tegishli xorijiy oʻquv markazlari va taʼlim muassasalarida stajirovkadan oʻtishini taʼminlaydi;
turistik ilm-fanni rivojlantirish choralarini koʻradi, turizm sohasida ilmiy-tadqiqot, ekspertlik ishlarini tashkillashtiradi.
8. Qoʻmita oʻziga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni bevosita, shuningdek, hududiy boʻlinmalari va idoraviy mansub tashkilotlar orqali bajaradi.
3-bob. Qoʻmitaning huquq va majburiyatlari
9. Qoʻmita oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
Qoʻmita vakolatiga taalluqli masalalarda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlardan hujjatlar, statistik maʼlumotlar, hisobotlar, tahliliy materiallar, xulosalar va boshqa maʼlumotlarni soʻrash, talab qilish va qabul qilish;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga turistik obyektlar va turistik infratuzilmalarda turistlar uchun shart-sharoitlar yaratish doirasida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida koʻrib chiqilishi majburiy taqdimnomalar yuborish;
turizmni rivojlantirish, mamlakat, shu jumladan hududlarning milliy turistik mahsulotlarini ilgari surish boʻyicha ishlar hamda loyihalarini moliyalashtirish uchun davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining xarajatlar smetasini koʻrib chiqish va kelishishda ishtirok etish;
xorijiy davlatlarning turizm masalalari boʻyicha vakolatli organlari bilan belgilangan tartibda maʼlumotlar almashish;
oʻz vakolati doirasida konferensiyalar, seminarlar, simpoziumlar, koʻrgazmalar, yarmarkalar va boshqa tadbirlar oʻtkazish, shuningdek, boshqa tashkilotlar tomonidan oʻtkaziladigan shunga oʻxshash tadbirlarda ishtirok etish;
turizmni rivojlantirishga qaratilgan choralarni birgalikda ishlab chiqish maqsadida xalqaro, xorijiy va respublika tashkilotlari bilan aloqalar oʻrnatish;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda Qoʻmitaning markaziy apparati va uning idoraviy boʻlinmalarida shartnoma asosida ishlash uchun turizm sohasidagi yetakchi xorijiy mutaxassislarni jalb qilish;
mehmonxonalar, motellarni klassifikatsiyalash, shuningdek, turistlarni joylashtirishning boshqa vositalarini standartlashtirish boʻyicha tartib-taomillarni amalga oshirish;
turizm sohasidagi muammolar boʻyicha muvofiqlashtiruvchi, ilmiy-texnik, idoralararo ekspertlik komissiyalarini tuzish, maxsus yigʻilishlar chaqirish, shuningdek, mazkur muammolarni oʻrganish va hal qilish,maslahatlashuvlar uchun mahalliy va xorijiy mutaxassislar, ekspertlar va olimlarni jalb qilish;
turistik zonalar va tabiiy kurort hududlarini tashkil qilishning maqsadga muvofiqligi va samaradorligi toʻgʻrisida xulosa tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ularni tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflarni kiritish;
mamlakatning yuksak turistik imijini saqlash maqsadida reklama va turizm sohasini targʻib qiluvchi boshqa mahsulotlarni (mamlakatning turizm salohiyatini aks ettiruvchi reklama audio-videomateriallari, risolalar, fotoalbomlar, kitoblar, xaritalar va boshqa reklama-axborot materiallari, maqolalar, kompyuter dasturlari, veb-saytlar, portallar) yaratish, chop etish, koʻpaytirishni amalga oshirish, suvenirlar va boshqa mahsulotlar sotib olish, shuningdek, mamlakat hududida va xorijda tadbirlar tashkil etish uchun mehmonxona, transport, umumiy ovqatlanish va boshqa xizmatlar koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlarini jalb qilish maqsadida mustaqil yoki idoraviy mansub tashkilotlar orqali belgilangan tartibda shartnomalar tuzish;
turistik faoliyat subyektlaridan turizm sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini talab qilish;
turistik faoliyatni amalga oshirish uchun belgilangan tartibda litsenziyalar berish, ularning amal qilishini toʻxtatish va tugatish, ushbu litsenziyalarni bekor qilish;
turistik xizmatlarni majburiy sertifikatlashtirishdan oʻtkazish va koʻrsatilayotgan turistik xizmatlarning belgilangan standartlar, normalar va talablarga muvofiqligi ustidan inspeksiya nazoratini amalga oshirish;
turistik xizmatlarning muvofiqlik sertifikatini belgilangan tartibda toʻxtatish va tugatish, ushbu sertifikatlarni bekor qilish;
turistik faoliyat va turistlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkillashtirish bilan band boʻlgan boshqa subyektlarni ixtiyoriy ravishda sertifikatlashtirish (klassifikatsiyadan oʻtkazish);
oʻz vakolati doirasida davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiy boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish;
turizm masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini ishlab chiqishda ishtirok etish, belgilangan tartibda xalqaro shartnomalar imzolash;
turizmni rivojlantirish masalalarida xorijiy davlatlar, xalqaro va chet el tashkilotlari vakillari bilan muzokaralar olib borish;
Qoʻmita huzuridagi budjetdan tashqari Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan jurnalistlar, blogerlar va suratga olish guruhlarini xorijga va Oʻzbekiston hududlariga Oʻzbekistonning turizm salohiyati haqida reportajlar, videoroliklar tayyorlash, Qoʻmita delegatsiyalari va turizm kompaniyalari ishtirokidagi koʻrgazma, muzokara va boshqa shu kabi tadbirlarni yoritish uchun yuborish;
Qoʻmita huzuridagi budjetdan tashqari Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan mahalliy va xorijiy ishtirokchilar oʻrtasida turizmning istiqbolli turlari va yoʻnalishlarini, mamlakatning turizm salohiyatini ilgari surish va reklama qilishga qaratilgan sovrinli tanlov va viktorinalar oʻtkazish;
marketing strategiyasidan kelib chiqqan holda, xorijiy teleradiokompaniyalar va boshqa, shu jumladan bosma va raqamli ommaviy axborot vositalari bilan xorijiy bozorlarga moʻljallangan reklama, reportaj va boshqa roliklarni translatsiya qilish, maqolalar, reklamalar, bosma mahsulotlar, shu jumladan turizm xaritalari, risolalar va kitoblar, internet videoroliklari tayyorlash va chop etish, shuningdek, reklama va fotoreportajlarni hamda shu kabi boshqa mahsulotlarni suratga olish va tayyorlash uchun shartnomalar tuzish;
gazetalar, jurnallar va boshqa ommaviy axborot vositalariga, shu jumladan idoraviy mansub tashkilotlari orqali taʼsischi boʻlish;
Qoʻmita balansida turgan koʻchmas mulkdan foydalanish uchun oʻzining idoraviy mansub tashkilotlariga ijara toʻlovlari uchun nol stavka belgilash.
Qoʻmita va uning idoraviy mansub tashkilotlari sohaga oid xalqaro (chet el) tashkilotlariga aʼzo boʻlish huquqiga ega.
Qoʻmita oʻz zimmasiga kredit majburiyatlarini olish, shuningdek, uchinchi shaxslar tomonidan jalb qilingan kreditlar boʻyicha kafil boʻlish yoki kafolatlar berish huquqiga ega emas.
Qoʻmita, zarur hollarda, belgilangan tartibda boshqa davlat boshqaruvi organlari bilan birgalikda qoʻshma qarorlar va boshqa hujjatlar chiqarish huquqiga ega.
10. Qoʻmita oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalar samarali bajarilishi uchun javobgar hisoblanadi.
4-bob. Qoʻmita faoliyatini tashkil etish
11. Qoʻmitaga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan rais rahbarlik qiladi;
Qoʻmita Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan toʻrt nafar oʻrinbosar, shu jumladan bir nafar birinchi oʻrinbosarga ega.
Qoʻmita raisi maqomiga koʻra vazirga, raisning birinchi oʻrinbosari — vazirning birinchi oʻrinbosariga, rais oʻrinbosarlari — vazir oʻrinbosarlariga tenglashtiriladi.
12. Rais:
Qoʻmita faoliyati ustidan umumiy rahbarlikni amalga oshiradi va Qoʻmita zimmasiga yuklatilgan vazifa va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi;
belgilangan umumiy shtatlar soni doirasida Qoʻmitaning markaziy apparati va hududiy boʻlinmalari shtatlar jadvalini, shuningdek, Qoʻmitaning markaziy apparati, uning hududiy boʻlinmalari, idoraviy mansub tashkilotlari xarajatlar smetasini tasdiqlaydi.
markaziy apparat va hududiy boshqarmalarning boʻlinmalari, shuningdek, idoraviy mansub tashkilotlar toʻgʻrisidagi nizomlarni va ularning tuzilmasini belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
Qoʻmita markaziy apparatining xodimlarini, hududiy boʻlinmalar, idoraviy mansub tashkilotlarning rahbarlarini belgilangan tartibda lavozimiga tayinlaydi va lavozimidan ozod qiladi;
xorijdagi diplomatik vakolatxonalarda turizm masalalarini rivojlantirish boʻyicha maslahatchilarni lavozimiga tayinlash va lavozimidan ozod etish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga taqdimnoma kiritadi;
Qoʻmita vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha qarorlar qabul qiladi, raisning birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosari, Qoʻmita, uning hududiy boʻlinmalari va idoraviy mansub tashkilotlari boshqa mansabdor shaxslarining vakolati, majburiyatlari va javobgarlik darajasini belgilaydi;
Qoʻmita, hududiy boʻlinmalar va idoraviy mansub tashkilotlar xodimlari tomonidan ijro etilishi majburiy boʻlgan buyruqlar chiqaradi va koʻrsatmalar beradi;
Qoʻmitaning markaziy apparati xodimlari, hududiy boʻlinmalar va idoraviy mansub tashkilotlar rahbarlarini moddiy ragʻbatlantirishning qoʻshimcha mexanizmlarini belgilaydi;
Rais qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradi.
13. Qoʻmitada uning faoliyatidagi asosiy yoʻnalishlarni muvofiqlashtiruvchi, rais (hayʼat raisi), uning oʻrinbosarlari (lavozimiga koʻra), shuningdek, Qoʻmita markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalari rahbarlaridan iborat tarkibda hayʼat tashkil etiladi.
Hayʼat aʼzolari soni va shaxsiy tarkibi raisning taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Hayʼat quyidagilar bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqadi:
mazkur Nizom qoidalarida belgilab qoʻyilgan Qoʻmitaning asosiy faoliyat yoʻnalishlarini tayyorlash va amalga oshirish;
Qoʻmita nomenklaturasiga kiradigan lavozimlarga kadrlarni tanlash, joylashtirish, ularni tayyorlash va qayta tayyorlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va hukumat qarorlarida belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish yuzasidan Qoʻmita rahbarlari va mutaxassislarining ijro intizomi va shaxsiy javobgarligini kuchaytirish.
Hayʼat Qoʻmita vakolatiga taalluqli boʻlgan boshqa masalalarni ham koʻrib chiqish huquqiga ega.
Hayʼat yigʻilishlariga Qoʻmita vakolatiga taalluqli masalalar boʻyicha boshqa davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda tashkilotlar rahbarlari taklif etilishi mumkin.
Hayʼat uning majlisida hayʼat tarkibining yarmidan koʻpi qatnashgan taqdirda vakolatli boʻladi. Koʻrib chiqilayotgan masalalar boʻyicha qarorlar oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
Hayʼat qarorlari Qoʻmitaning qarorlari va raisning buyruqlari orqali amalga oshiriladi.
Rais va hayʼat aʼzolari oʻrtasida kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda rais paydo boʻlgan kelishmovchiliklar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot bergan holda mustaqil ravishda qaror qabul qiladi. Hayʼat aʼzolari ham oʻz fikr-mulohazalarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga xabar qilishlari mumkin.
Hayʼat faoliyati tartibi uning hayʼat tomonidan tasdiqlanadigan reglamenti bilan belgilanadi.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti, Qoʻmita huzuridagi budjetdan tashqari Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari, shuningdek, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar Qoʻmita faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahriningmahalliy budjetlari mablagʻlari hududiy boʻlinmalarni moliyalashtirish manbai hisoblanadi. Xodimlarni qoʻshimcha moddiy ragʻbatlantirish Qoʻmita huzuridagi budjetdan tashqari Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan amalga oshiriladi.
15. Xodimlarni Qoʻmita huzuridagi budjetdan tashqari Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan qoʻshimcha moddiy ragʻbatlantirish quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
a) koʻp yillik xizmat qilganlik uchun har oylik ustamalar. Turizm tizimida koʻp yillik xizmat qilganlik uchun ustamalar quyidagi miqdorlarda toʻlanadi:

Ish staji

Ustama miqdori lavozim maoshiga nisbatan koeffitsiyent

2 yilgacha

0,3

2 yildan 3 yilgacha

0,4

3 yildan 5 yilgacha

0,5

5 yil va undan yuqori

0,6

b) chorak yakuni boʻyicha eng tashabbuskor va natijador xodimlarni ustamani (ragʻbatlantirish koeffitsiyentini) hisobga olgan holda lavozim maoshining 100 foizigacha boʻlgan miqdorda bir yoʻla mukofotlash;
v) eng tashabbuskor va samarali ishlagan xodimlarni ustamani (ragʻbatlantirish koeffitsiyentini) hisobga olgan holda lavozim maoshining 100 foizigacha boʻlgan miqdorda moddiy ragʻbatlantirish;
g) jamoa shartnomasiga muvofiq mehnat natijalari bilan bogʻliq boʻlmagan kompensatsiya toʻlovlari va biryoʻla beriladigan mukofotlar.
Ushbu bandning “b” va “v” kichik bandlarida nazarda tutilgan toʻlovlar summasi bir chorakda, ustamani (ragʻbatlantirish koeffitsiyentini) hisobga olgan holda, lavozim maoshining ikki baravari miqdoridan oshmasligi kerak.
Xodimlarni qoʻshimcha moddiy ragʻbatlantirish toʻgʻrisidagi nizom, shuningdek, koʻp yillik xizmat qilganlik uchun ustamalarni belgilash huquqini beradigan ish stajini hisoblash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Qoʻmita raisi tomonidan tasdiqlanadi.
Qoʻmita huzuridagi budjetdan tashqari Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan tushadigan mablagʻlar hisobiga xodimlarga qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa toʻlovlar ham toʻlanishi mumkin.
16. Idoraviy mansub tashkilotlarining moddiy-texnik taʼminoti hamda ularning xodimlari mehnatiga haq toʻlash Qoʻmitaning oʻz mablagʻlari, Qoʻmita huzuridagi budjetdan tashqari Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari, shuningdek, qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
17. Hududiy boʻlinmalar oʻz faoliyatini Qoʻmita raisi tomonidan tasdiqlanadigan nizomga muvofiq amalga oshiradi.
Qoʻmitaning hududiy boʻlinmalari rahbarlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, tegishli viloyatlar hokimlarining taqdimnomasiga koʻra rais tomonidan lavozimga tayinlanadilar.
18. Qoʻmitani qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Ilova norasmiy tarjima.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 49-son, 559-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2018-y., 07/18/3510/0668-son, 25.05.2018-y., 06/18/5447/1269-son, 01.06.2018-y., 06/18/5454/1290-son; 10.01.2019-y., 03/19/514/2450-son; 20.06.2020-y., 07/20/4755/0783-son; 10.02.2021-y., 06/21/6165/0104-son)