|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 26.04.2006
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“DAVINKOM” INVESTITSIYa FIRMASINI TAShKIL ETISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 26-apreldagi“O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi faoliyatini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–335-sonli qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Xususiylashtirilgan korxonalarning davlatga tegishli qimmatli qog‘ozlarini ichki va xalqaro fond bozorlarida tarqatish ishlarini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi huzurida davlat qo‘shma korxonasi shaklidagi, o‘z faoliyatini xo‘jalik hisobida yuritish huquqlari bo‘yicha amalga oshiruvchi “Davinkom” investitsiya firmasi tashkil etilsin.
Belgilansinki, quyidagilar “Davinkom” investitsiya firmasining asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari hisoblanadi:
bozor hajmini aniqlash va qimmatli qog‘ozlarni sotishning eng samarali yo‘llari va shakllarini tanlash maqsadida qimmatli qog‘ozlarning mamlakatimizdagi va xalqaro bozorlari ahvolini o‘rganish bo‘yicha marketing tadqiqotlarini o‘tkazish;
xususiylashtirilgan korxonalar — emitentlar va ular tomonidan chiqarilayotgan qimmatli qog‘ozlar to‘g‘risidagi axborotlarni tarqatish, mamlakatimizdagi va xorijiy investorlarni jalb etish maqsadida reklama faoliyati bilan shug‘ullanish;
xususiylashtirilgan korxonalarning davlatga tegishli qimmatli qog‘ozlarini ichki va xalqaro bozorlarda, shu jumladan birja va birjadan tashqari savdolarda mustaqil ravishda yoki shartnoma asosida jalb etiladigan mamlakatimiz hamda chet el investitsiya muassasalari va banklari orqali belgilangan tartibda tarqatish;
qimmatli qog‘ozlar olti-sotdisi bo‘yicha o‘zi tuzgan bitishuvlarning o‘z vaqtida va to‘liq ijrosi monitoringini amalga oshirish;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilayotgan xususiylashtirish dasturi bo‘yicha, keyinchalik ularni Tender savdolari o‘tkazish bo‘yicha davlat komissiyasiga kiritish uchun, xususiylashtirilayotgan korxonalar va aksiyalar narxlarini belgilash bilan bog‘liq sansalorlik, rasmiyatchilik, masalalarni hal etish muddatlarini cho‘zib yuborish hollarini aniqlash;
korxonalarning investitsiya ehtiyojlariga muvofiq ularning biznes-rejalarini ro‘yobga chiqarish uchun qimmatli qog‘ozlarning ikkilamchi va undan keyingi emissiyalarini o‘tkazish sxemalarini shartnoma asosida ishlab chiqish.
2. “Davinkom” firmasi markaziy apparatining va mintaqalardagi filiallarining tuzilmasi 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
“Davinkom” firmasi va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi filiallari xodimlarining cheklangan soni 77 nafar, shu jumladan markaziy apparat xodimlari soni 25 nafar (xizmat ko‘rsatuvchi xodimlardan tashqari) etib belgilansin.
Belgilansinki:
“Davinkom” firmasi bosh direktori, uning o‘rinbosari hamda filiallar direktorlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi hay’ati qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda tayinlanadilar;
“Davinkom” firmasi markaziy apparatini va uning mintaqalardagi filiallari faoliyatini mablag‘ bilan ta’minlash ustavga muvofiq xo‘jalik faoliyatini yuritishdan olingan daromadlar hisobiga amalga oshiriladi.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
“Davinkom” firmasi xususiylashtirilgan korxonalarning davlatga tegishli qimmatli qog‘ozlarini mamlakatimiz va xalqaro fond bozorlarida tarqatish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasining vakolatli agenti hisoblanadi;
“Davinkom” firmasi xususiylashtirilayotgan korxonalarning qimmatli qog‘ozlarini tarqatish (sotish) bo‘yicha o‘zining barcha ishlarini faqat O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi nomidan va uning topshirig‘iga binoan amalga oshiradi;
“Davinkom” firmasining daromadlari va xarajatlari smetasi, uning foydasini taqsimlash, filiallari va vakolatxonalarini ochish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadi;
“Davinkom” firmasining faoliyati asosiy yo‘nalishlarini muvofiqlashtirib borish, ustav jamg‘armasini ko‘paytirish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish va o‘tkaziladigan operatsiyalarini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi.
4. Belgilansinki, “Davinkom” firmasi” daromadlari:
firma tomonidan qimmatli qog‘ozlar birja va birjadan tashqari bozorlarda mustaqil ravishda sotilganda — O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasidan oldi-sotdi bitishuvi summasining 1 foizi miqdorida olinadigan vositachilik yig‘imlari va qimmatli qog‘ozlar oldi-sotdisi bitishuvlari narxining taklif etilgan narxdan ortiq summasining 5 foizi miqdorida olinadigan mukofotlar hisobiga;
firma tomonidan qimmatli qog‘ozlar birjadan tashqari bozorda birjadan tashqari savdolarning elektron tizimi orqali yoki vositachini — mamlakatimiz investitsiya muassasasini tender asosida jalb etgan holda sotilganda — O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasidan tuzilgan bitishuv summasining bir foizi miqdorida olinadigan vositachilik yig‘imi hisobiga, ularning 0,1 foizi esa “Davinkom” firmasi ixtiyorida qoladi, 0,9 foizi esa vositachiga yoki birjadan tashqari savdolarning elektron tizimini amalga oshiruvchi tashkilotga o‘tkaziladi;
firma tomonidan qimmatli qog‘ozlar xorijiy vositachini jalb etgan holda sotilganda — O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasidan amalga oshirilgan bitishuv summasining bir foizi miqdorida olinadigan mukofot hisobiga;
firma ustaviga va amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq “Davinkom” firmasi asosiy faoliyati bilan bog‘liq boshqa ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatishdan tushumlar hisobiga shakllanadi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi bir oy muddatda:
“Davinkom” firmasi Ustavini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;
“Davinkom” firmasi ustav jamg‘armasini xususiylashtirishdan olinadigan, investitsiya va bozor infratuzilmasini rivojlantirishga yo‘naltiriladigan mablag‘lar hisobiga 5 mln. so‘m miqdorida shakllantirsin;
“Davinkom” firmasining markaziy apparati va filiallarini yuqori malakali mutaxassislar bilan butlasin;
“Davinkom” firmasi markaziy apparatini va filiallarini, ularning zimmalariga yuklangan vazifalarga muvofiq faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash uchun, moddiy-texnikaviy jihozlashda ko‘maklashsin;
“Davinkom” firmasining markaziy apparatini Respublika birja markazining Toshkent shahar, Buxoro ko‘chasi, 10-uydagi binosining Respublika ko‘chmas mulk birjasi tomonidan bo‘shatiladigan xonalarga joylashtirsin;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda “Davinkom” firmasi filiallarini joylashtirish masalasini hal qilsin.
6. Toshkent shahar hokimligi Respublika ko‘chmas mulk birjasini joylashtirishni ikki hafta muddatda ta’minlasin.
7. O‘zbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligi “Davinkom” firmasini va uning filiallarini belgilangan tartibda telefon va telegraf, shu jumladan Hukumat aloqa vositalari bilan ta’minlasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Aksiyalar paketlarini joylashtirishni takomillashtirish hamda davlat mulki negizida tashkil etilgan aksiyadorlik jamiyatlarini boshqarishda aksiyadorlar rolini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1997-yil 18-avgustdagi 404-son qaroriga 2-ilovaga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari V.A. Chjen zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 17-iyun,
303-son
“Davinkom” investitsiya firmasi markaziy apparati
TUZILMASI
“Davinkom” investitsiya firmasi filialining
NAMUNAVIY TUZILMASI
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 18-avgustdagi 404-son qarori bilan tasdiqlangan “Xususiylashtirilayotgan korxonalar aksiyalari bilan birja va birjadan tashqari bozorlarda bitishuvlarni amalga oshirish tartibi”ga kiritiladigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. 1.2-bandda:
o‘ninchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Davlat mulki qo‘mitasining xususiylashtirilayotgan korxonalar aksiyalarini savdoga qo‘yish bo‘yicha vakil qilingan agenti (vakil qilingan agent) — “Davinkom” investitsiya firmasi;
o‘n birinchi xatboshi chiqarib tashlansin.
2. 2.1-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasining korxonalarni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish hamda aksiyalar emissiyasi prospektini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori (buyrug‘i) xususiylashtirilayotgan korxonalar aksiyalarini birja va birjadan tashqari savdolarga qo‘yish uchun asos hisoblanadi. Aksiyalarni tarqatishga mamlakatimiz va xorijiy vositachilar jalb etilgan taqdirda, shuningdek o‘tkazilgan, g‘olibni aniqlab bergan tegishli tenderning bayoni ham uning uchun asos hisoblanadi”.
3. 4.1-bandning “b” kichik bandida:
uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“vakil qilingan agent xususiylashtirilayotgan korxonalar aksiyalari paketlarini to‘g‘ridan to‘g‘ribirja savdolariga ular sotilgungacha bo‘lgan muddatga qo‘yadi”;
4. 4.3-band chiqarib tashlansin.
5. 5.1-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Vakil qilingan agent aksiyalarni tarqatishni mustaqil ravishda yoki tender asosida jalb etiladigan vositachilar — investitsiya muassasalari orqali amalga oshiradi”.
6. 5.2-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Vakil qilingan agent aksiyalarni sotish va vositachilar — investitsiya muassasalarini jalb etish bo‘yicha tenderlarning tashkilotchisi hisoblanadi, u O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi bilan kelishgan holda tenderni o‘tkazish shartlari va muddatlarini belgilaydi”.
7. 6.1-banddagi “Markaz yoki Davlat mulki qo‘mitasi vakil qilgan boshqa organ” so‘zlari “Davinkom” investitsiya firmasi” so‘zlari bilan almashtirilsin.
8. 6.2-bandning uchinchi xatboshidagi “birja va birjadan tashqari bozorlarda” so‘zlari “birjadan tashqari bozorda” so‘zlari bilan almashtirilsin.
9. 6.4-banddagi birinchi gap quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Birja va birjadan tashqari bozorlarda aksiyalarning taklif etiladigan narxi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi yoki uning topshirig‘iga ko‘ra, vakil qilingan agent tomonidan belgilanadi”.
10. 9.1-bandning to‘rtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“xususiylashtirilayotgan korxonalarning vakil qilingan agent topshirig‘iga asosan sotishga qo‘yiladigan aksiyalarini zaxiraga qo‘yishni amalga oshirish”.
11. “Xususiylashtirilayotgan korxonalar aksiyalari bilan birja va birjadan tashqari bozorlarda bitishuvlarni amalga oshirish tartibi”ga 1, 2 va 3-ilovalar chiqarib tashlansin.