1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.08.00.00 Iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy qurilish sohasidagi davlat boshqaruvining umumiy masalalari / 02.08.01.00 Davlat dasturlari, konsepsiyalar va boshqalar;
2.14.00.00.00 Sog‘liqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.01.00.00 Sog‘liqni saqlash / 14.01.03.00 Aholiga davolash-profilaktika yordami ko‘rsatish / 14.01.03.06 Ona va bola salomatligini muhofaza qilish]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat dasturlari, konsepsiyalari va boshqalar;
2.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Sog‘liqni saqlash. Sanitariyaga oid qonun hujjatlari]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoyishi
“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturini ishlab chiqish va amalga oshirishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida
Xalqimizning asriy an’analarini hisobga olib, “Ona va bola sog‘lom bo‘lsa, oila baxtli, oila baxtli bo‘lsa, jamiyat mustahkam bo‘ladi” degan hayotbaxsh qadriyat va oliyjanob g‘oya jamiyatda chuqurroq anglab yetilishiga va qaror topishiga yo‘naltirilgan keng chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning darajasini yanada yuksaltirish, oilani, onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish, jamiyatda onalarga alohida hurmat-ehtirom muhitini shakllantirish, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash, oilaning mustahkam, sog‘lom va ahil bo‘lishida mahalliy davlat hokimiyati organlari va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish maqsadida, shuningdek 2016-yil O‘zbekiston Respublikasida “Sog‘lom ona va bola yili” deb e’lon qilinganligi munosabati bilan:
1. “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha Respublika komissiyasi ilovagamuvofiq tarkibda tashkil etilsin.
2. Respublika komissiyasi (Sh. Mirziyoyev):
manfaatdor vazirliklar va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini, boshqa jamoat va nohukumat tashkilotlarini keng jalb etgan holda bir oy muddatda “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturining loyihasini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun kiritsin;
“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturining asosiy yo‘nalishlarini chuqurroq ishlab chiqish uchun ishchi guruhlar tashkil etsin va ularga respublikaning yetakchi mutaxassislari va olimlarini, keng jamoatchilik vakillarini jalb etsin.
3. “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi loyihasini ishlab chiqishda, sog‘lom va barkamol avlodni shakllantirish, xotin-qizlarning turmush sharoiti va darajasini har tomonlama yaxshilash yuzasidan olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarni yanada mantiqiy davom ettirish maqsadida, quyidagi ustuvor vazifalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilsin:
oilani, onalik va bolalikni muhofaza qilish, ayollar manfaatlarini himoya qilish, sog‘lom bolani tarbiyalashda ularning rolini oshirish, kuchli, barqaror va ravnaq topayotgan davlatning negizi sifatida oila institutini mustahkamlashga yo‘naltirilgan qonunchilik va normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish;
olis va chekka qishloq tumanlarida yashayotgan aholi, ayniqsa ayollar uchun zarur ijtimoiy, maishiy va tibbiy nuqtai nazardan zarur sharoitlar yaratish, qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosidagi zamonaviy uy-joylar, ijtimoiy infratuzilma obyektlarini barpo etish, qishloq aholisini toza ichimlik suv, tabiiy gaz bilan ta’minlash, xizmatlar ko‘rsatish va servis darajasini yuksaltirish borasidagi ishlarni izchil davom ettirish;
tibbiyot muassasalarining, jumladan perinatal va skrining markazlarning moddiy-texnika bazasini va kadrlar salohiyatini yanada mustahkamlash, oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlarining ish samaradorligini oshirish, patronaj tibbiyot hamshiralarining sonini ko‘paytirishni ta’minlash, akusher-ginekologlar va bolalar shifokorlari malakasini oshirish;
nikohga kirayotgan shaxslarning nikohdan oldin to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tishini ta’minlash uchun tibbiyot xodimlarining mas’uliyatini kuchaytirish, shu asosda tug‘ma va irsiy kasalliklar sonini kamaytirish hamda ushbu maqsadlarda poliklinikalarni zamonaviy tashxis uskunalari bilan jihozlash, ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, mustahkam oila qurish va sog‘lom farzand tug‘ilishi uchun nikohdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tishning muhimligini aholi keng qatlamlari ongiga singdirgan holda katta tushuntirish ishlarini olib borish;
aholining tibbiy madaniyatini oshirish, sanitariya va gigiyena, homilador ayollarning sog‘lig‘ini saqlash va psixofiziologik ahvolini yaxshilash, yosh onalar va bolalarni tegishli tarzda parvarish qilish sohasidagi ishlarni kuchaytirish, ularning ovqatlanish ratsioni sifati va kaloriyasi yaxshilanishini ta’minlash;
yoshlar orasida jismoniy tarbiya va sportni keng ommalashtirish, yoshlarni, ayniqsa qishloq joylarda qizlarni sport bilan muntazam shug‘ullanishga jalb etish, yangi sport obyektlarini qurish, ishlab turganlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy sport uskunalari va anjomlari bilan jihozlash, yuqori malakali trener kadrlar va murabbiylar bilan ta’minlash;
mamlakatimizda tinchlik, osoyishtalik va farovonlikni yanada mustahkamlashning muhim sharti sifatida oilalarda sog‘lom ma’naviy muhitni, xususan, o‘zaro hurmat-ehtirom, er-xotin o‘rtasida, ota-onalar bilan farzandlar, qaynona-kelin o‘rtasida, qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasida mehr-oqibat ruhini yaratish;
qiz bolalarni — bo‘lajak onalarni — jismonan sog‘lom va intellektual rivojlangan tarzda shakllantirish, ularning akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida albatta ta’lim olishini, zamonaviy bilimlar va kasb-hunarlarga ega bo‘lishlarini ta’minlash, ularning hayotda munosib o‘rinni egallashlarida, kelajakda sog‘lom va mustahkam oila qurishlarida asosiy shart hisoblanmish mustahkam hayotiy pozitsiyani va mustaqil fikrlashni shakllantirish;
sog‘lom bolani shakllantirishda ta’lim tizimining rolini kuchaytirish, maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ini yanada rivojlantirish, boshlang‘ich ta’limning yuqori sifatini ta’minlab, ilg‘or pedagogika va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini amaliyotga keng joriy etgan holda bolalarni maktabga tayyorlash darajasini tubdan oshirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish tadbirlarini amalga oshirish;
kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining, avvalo qizlarning ish bilan bandligini ta’minlash chora-tadbirlarini amalga oshirish, o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish ishtiyoqidagi yoshlarga imtiyozli kreditlar, yosh oilalarga uy-joy sotib olish va qurish uchun ipoteka kreditlari, uzoq muddat foydalaniladigan tovarlar xarid qilish uchun iste’mol kreditlari ajratish ishlarini yanada kengaytirish;
dasturiy chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalarni hal etishda mahalliy hokimiyat organlari bilan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, xotin-qizlar va yoshlar birlashmalari, faxriylar tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, bu ishlarga jamiyatda hurmat va obro‘-e’tiborga sazovor bo‘lgan keksa avlod vakillarini keng jalb etish;
ommaviy axborot vositalari, shu jumladan elektron axborot vositalarining va Internet tarmog‘ining imkoniyatlaridan faol foydalangan holda “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturining maqsadlari va vazifalari hamda Dasturning amalga oshirilishi to‘g‘risida keng axborot-tushuntirish ishlarini tashkil etish.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasida, viloyatlar va Toshkent shahrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari rahbarligida “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturining aniq tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, ularni Respublika komissiyasiga taqdim etish bo‘yicha hududiy komissiyalar tuzilsin.
5. Mazkur farmoyishning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2015-yil 10-dekabr,
F-4577-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 10-dekabrdagi F-4577-son farmoyishiga ILOVA
“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturini ishlab chiqish bo‘yicha Respublika komissiyasi
TARKIBI
Sh.M. Mirziyoyev
—
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri, komissiya rahbari
R.S. Azimov
—
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, moliya vaziri, komissiya rahbarining o‘rinbosari
A.I. Ikramov
—
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, komissiya rahb�rining o‘rinbosari
V.A. Golishev
—
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi
B.Y. Xodiyev
—
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari
B.I. Zakirov
—
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari
I.E. Basitxanova
—
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi raisi
G.K. Saidova
—
iqtisodiyot vaziri
M.M. Ikramov
—
adliya vaziri
A.V. Alimov
—
sog‘liqni saqlash vaziri
A.V. Vaxabov
—
oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri
U.I. Inoyatov
—
xalq ta’limi vaziri
B.M. Axmedov
—
madaniyat va sport vaziri
A.A. Abduxakimov
—
mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri
F.M. Mullajonov
—
Markaziy bank raisi
J.A. Qo‘chqorov
—
moliya vaziri o‘rinbosari
A.R. Toxtayev
—
Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari
T.K. Narbayeva
—
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi
A.D. Xadjayev
—
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi
M.B. Xazratkulov
—
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori
U.O. Xolmuxamedov
—
“O‘zkommunxizmat” agentligi direktori
U.Z. Salimov
—
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi direktori
O.O. Yusupov
—
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi
J.S. Inogamov
—
“Mahalla” jamg‘armasi raisi
N.U. Qosimov
—
Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi rahbari vazifasini bajaruvchisi
A.A. Mavrulov
—
Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi rahbari
B.M. G‘aniyev
—
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashi raisi
B.K. Yusupaliyev
—
Vazirlar Mahkamasining Sog‘liqni saqlash, ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari axborot-tahlil departamenti mudiri, komissiya kotibi
Izoh.
Respublika komissiyasi tarkibiga lavozimiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyat va Toshkent shahri hokimlari kiradi.
LexUZ sharhi
Ilova norasmiy tarjima.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2015-y., 50-son, 624-modda)