1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.01.00.00 Suverenitet. Konstitutsiya / 01.01.02.00 Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Suverenitet. Konstitutsiya]
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
Qoʻshma qarori
Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi boʻyicha komissiya toʻgʻrisida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2025-yil 29-yanvardagi 402-V/KQ-56-V-sonli “Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi boʻyicha komissiyani tuzish toʻgʻrisida”gi Qoʻshma qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi kafolatlarini kuchaytirish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 20-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladilar:
1. Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi boʻyicha komissiya 1-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.
2. Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi boʻyicha komissiya reglamenti 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Kengashining qarorlari 3-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri D. TOSHMUHAMEDOVA
Toshkent sh.,
2011-yil 15-iyun,
300-II-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2011-yil 15-iyun,
191-II-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2011-yil 15-iyundagi № 300–II/191–II-sonli Qoʻshma qaroriga 1-ILOVA
Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi boʻyicha komissiyaning
TARKIBI
1.
Eshmatova Feruza Farxadovna
—
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman), komissiya raisi
2.
lavozimi boʻyicha
—
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) oʻrinbosari, komissiya raisi oʻrinbosari
3.
Yunusova Aliya Tuygunovna
—
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani)
4.
Rashidova Sayyora Sharafovna
—
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti direktori
5.
Muxammadiyev Ulugʻbek Nasriddinovich
—
Toshkent davlat Sharqshunoslik instituti dotsenti
6.
Tulyakov Eldor Sobirjonovich
—
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori
7.
Mamatxanov Askar Maxmutovich
—
“Yuksalish” umummilliy harakati raisi oʻrinbosari — ijrochi direktori
8.
Xodjayeva Sayyora Ataxanovna
—
Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori
9.
Karimova Nodira Erkinovna
—
Respublika “Istiqbolli avlod” ijtimoiy axborot markazi raisi
10.
Mamarasulova Gulnoz Abulkosimovna
—
“Markaziy Osiyo Uyushmasi” Jamiyatining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi direktori
11.
Sharipov Bexzod Shuxratovich
—
“Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat notijorat tashkilotining raisi
12.
Kabulova Dilovar Nasimovna
—
Fuqarolik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash markazi direktori
13.
Ganiyev Shuxrat Abduraimovich
—
“Gumanitar huquqiy markaz” direktori
14.
Farmonov Aʼzam Turgʻunovich
—
“Huquqiy tayanch” nodavlat notijorat tashkiloti raisi
15.
Muxamedova Zebiniso Ibroximovna
—
Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi boshligʻi
16.
Tursunmurodov Rustambek Permatovich
—
Kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi Sirdaryo viloyati Kengashi raisi
17.
Sobirov Baxodir Boypulatovich
—
Navoiy davlat pedagogika instituti rektori
18.
Tuxtasinov Ilxom Madaminovich
—
Samarqand davlat chet tillari instituti rektori
19.
Tursunov Muhammadamin Abduvosiyevich
—
“Fargʻona dori-darmon” aksiyadorlik birlashmasi raisi
20.
Bektemirov Xamro Solayevich
—
Xorazm viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi
21.
Joʻrayev Utkir Kamilovich
—
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) Jizzax viloyatidagi mintaqaviy vakili
22.
Normurodov Murodullo Togʻayevich
—
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili
23.
Valiyev Jaxongir Mamadaliyevich
—
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) Namangan viloyatidagi mintaqaviy vakili
24.
Artikov Abdurashid Zairovich
—
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) Surxondaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili
25.
Shlimbetov Jenisbay Kurbanbayevich
—
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi mintaqaviy vakili
26.
Xuseynova Abira Amanovna
—
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili
27.
Djurayev Shuxrat Nizamovich
—
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili
28.
Xusanov Diyor Sheraliyevich
—
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili
29.
Alimov Shuxrat Ashrabovich
—
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) Sirdaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili
30.
Kamalov Rustam Jamalovich
—
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) Toshkent viloyatidagi mintaqaviy vakili
31.
Kamilov Alisher Odilovich
—
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) Fargʻona viloyatidagi mintaqaviy vakili
32.
Ollayorov Odilbek Davlatovich
—
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) Xorazm viloyatidagi mintaqaviy vakili
33.
Abduvoxidova Gulnoraxon Abdugʻaniyevna
—
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili
34.
Azimov Saidbek Ibragimovich
—
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) Kotibiyati mudiri, komissiya kotibi
Eslatma: Komissiyasi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar yoki tegishli majburiyatlarni bajarish zimmasiga yuklatilgan masʼul shaxslar komissiya tarkibiga kiritiladi.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2022-yil 14-noyabrdagi 2661-IV/KQ-428-IV-sonli Qoʻshma qarori tahririda)
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2011-yil 15-iyundagi № 300-II/191-II-sonli Qoʻshma qaroriga 2-ILOVA
Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi boʻyicha komissiyaning
REGLAMENTI
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Reglament “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 20-moddasiga muvofiq Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi boʻyicha komissiyani (bundan buyon matnda Komissiya deb yuritiladi) tashkil etish hamda uning faoliyat yuritishi tartibini belgilab beradi.
2. Komissiya Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakiliga (ombudsmanga) (bundan buyon matnda Vakil deb yuritiladi) davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslar tomonidan inson huquqlari va erkinliklari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishi yuzasidan parlament nazoratini taʼminlash boʻyicha vakolatlarini amalga oshirishda koʻmaklashadi.
3. Komissiya oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalariga, xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalariga, shuningdek mazkur Reglamentga amal qiladi.
4. Komissiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
Vakilning oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish borasidagi faoliyatiga koʻmaklashish;
Inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilayotganligi toʻgʻrisida Vakilga kelib tushayotgan shikoyatlarni uning topshirigʻiga binoan oʻrganish va tahlil qilish;
Vakilning muayyan shikoyatlarga doir xulosalari loyihalarini tayyorlash;
inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlash hamda himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash;
inson huquqlari va erkinliklari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha hamda ularni Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga, xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalariga muvofiqlashtirish boʻyicha takliflar tayyorlashda ishtirok etish;
inson huquqlariga rioya etilishi monitoringini oʻtkazishda qatnashish va oʻrganish natijalari boʻyicha tegishli materiallar tayyorlash;
inson huquqlari va erkinliklari himoya qilinishini taʼminlash masalalarini tartibga solishni nazarda tutadigan qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari yuzasidan Vakilning takliflarini tayyorlash;
inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlash sohasida jamoatchilik nazorati mexanizmlarini ishlab chiqishga koʻmaklashish;
Vakilning yillik hisobotlarini, shuningdek inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro shartnomalarning bajarilishi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining milliy maʼruzalarini tayyorlashda ishtirok etish;
aholining inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi huquqiy savodxonligini oshirishga koʻmaklashish;
inson huquqlari va erkinliklari sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda ishtirok etish;
Vakilning vakolati doirasiga taalluqli boshqa masalalarni muhokama qilish.
5. Komissiya oʻziga yuklatilgan vazifalarni hal etish uchun:
Vakil tomonidan yoʻllangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining va Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlgan chet el fuqarolarining, fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning, shuningdek nodavlat notijorat tashkilotlarning inson huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari buzilganligi toʻgʻrisidagi shikoyatlarini koʻrib chiqish;
inson huquqlari va erkinliklari buzilishi holatlari toʻgʻrisidagi axborotni Vakilning topshirigʻiga koʻra tekshirish;
davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning mansabdor shaxslarini, nodavlat notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari, ilmiy muassasalarning vakillarini, mutaxassislar va olimlarni oʻz majlislariga taklif etish;
inson huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi masalalariga doir axborotni toʻplash, oʻrganish va tahlil qilishni amalga oshirish, maxsus tadqiqotlar oʻtkazish;
Vakilning oʻz vakillari faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotlarni eshitish huquqiga ega.
6. Komissiya oʻz vakolatlarini amalga oshirish vaqtida davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, shuningdek ommaviy axborot vositalari bilan belgilangan tartibda oʻzaro hamkorlik qiladi.
II. Komissiyaning faoliyatini tashkil etish
7. Komissiya Komissiya raisi va aʼzolaridan iborat tarkibda tuziladi. Vakil komissiya raisi hisoblanadi. Komissiya tarkibiga Vakil oʻrinbosari lavozimi boʻyicha kiradi.
Komissiya inson huquqlari sohasida tajriba va bilimlarga, huquqni himoya qilish faoliyatida katta tajribaga ega boʻlgan shaxslardan, shu jumladan davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, oliy taʼlim muassasalari vakillaridan tuziladi.
8. Komissiya aʼzolari Vakilning taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlarining qoʻshma qarori bilan Vakilning vakolati muddatiga tasdiqlanadi.
Komissiya tarkibiga koʻrsatilgan nomzodlarning muhokamasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlarining qoʻshma majlisida mazkur nomzodlar ishtirokida oʻtkaziladi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlarining aʼzolari muhokama qilinayotgan nomzodlar boʻyicha oʻz fikrlarini bayon qilishga haqli.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlari Komissiya aʼzolarini saylash masalalari boʻyicha qoʻshma qaror qabul qiladilar.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlari Vakilning taqdimnomasiga binoan Komissiya aʼzosi vakolatlarini tugatish toʻgʻrisidagi masalani quyidagi asoslar boʻyicha koʻrib chiqishlari mumkin:
u oʻz vakolatlarini zimmasidan soqit qilish toʻgʻrisida ariza berganida;
Komissiya aʼzosining sogʻligʻi holati barqaror tarzda buzilganida yoki u vafot etganida;
unga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganida;
u Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini yoʻqotganida yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga doimiy yashash uchun chiqib ketganida;
u oʻz vazifalarini doimiy ravishda bajarmaganida.
10. Komissiya Komissiya aʼzolari, olimlar, mutaxassislar, nodavlat notijorat tashkilotlarning vakillari orasidan oʻz faoliyati yoʻnalishlari boʻyicha seksiyalarni, shuningdek faoliyatiga rahbarlikni Komissiya aʼzolari amalga oshiradigan doimiy va muvaqqat ishchi guruhlarni shakllantirish huquqiga ega.
11. Komissiya raisi:
Komissiya faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi;
Komissiya majlislarini chaqiradi, ularda raislik qiladi;
davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mansabdor shaxslarini, nodavlat notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari, ilmiy muassasalarning vakillarini, mutaxassislar va olimlarni Komissiya majlislarida ishtirok etish uchun taklif etadi;
Komissiyaning istiqboldagi va joriy faoliyatini rejalashtirishni tashkil etadi, Komissiyaning ish rejasi va qarorlari bajarilishini nazorat qiladi;
Komissiya majlisining kun tartibini va majlisga taklif etilgan shaxslarning roʻyxatini shakllantiradi;
Komissiyaning qarorlarini va boshqa hujjatlarini imzolaydi.
12. Komissiya aʼzosi:
fuqarolarni qabul qilishni amalga oshiradi va Vakil tomonidan yoʻllangan shikoyatlarni koʻrib chiqadi;
Komissiyaning majlislari toʻgʻrisidagi axborotni oldindan olishga, Komissiya va uning ishchi guruhlari majlislarida ishtirok etishga haqli;
Komissiya majlisida soʻzga chiqishga, Komissiyaning vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha takliflar kiritishga haqli;
Komissiya faoliyatiga taalluqli har qanday hujjat va materiallar bilan tanishishga haqli;
Komissiyaning navbatdan tashqari majlisini chaqirish tashabbusi bilan chiqishga haqli;
Vakilning topshiriqlarini bajaradi;
Komissiya tomonidan qabul qilingan qarorlarga qoʻshilmagan taqdirda oʻz fikrini yozma ravishda bayon etishga haqli boʻlib, uning bu fikri Komissiya majlisining bayonnomasiga albatta kiritib qoʻyilishi lozim.
Komissiya aʼzosi ushbu Reglamentda va “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 19-moddasida nazarda tutilgan vakolatlarni amalga oshirish vaqtida taʼqib qilinishi yoki huquqlari boshqacha tarzda cheklanishi mumkin emas.
III. Komissiya majlislarini oʻtkazish tartibi
13. Komissiya ishining tashkiliy shakli uning majlislaridir. Komissiya majlislari kalendar ish rejasiga muvofiq muntazam ravishda oʻtkaziladi. Zarur boʻlgan hollarda Komissiyaning navbatdan tashqari majlislari oʻtkazilishi mumkin. Komissiya majlisini Komissiya raisi yoki uning topshirigʻiga koʻra Komissiya aʼzolaridan biri olib boradi.
Komissiya oʻz vakolatlari doirasida har qanday masalani koʻrib chiqishga haqli. Komissiya majlisida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining va Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlgan chet el fuqarolari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning, shuningdek nodavlat notijorat tashkilotlarning koʻrib chiqilgan shikoyatlari toʻgʻrisidagi axborot, Vakilning muayyan shikoyatlar boʻyicha xulosalari loyihalari koʻrib chiqilishi mumkin.
Komissiya majlisida Komissiya aʼzolari umumiy sonining kamida yarmi ishtirok etayotgan boʻlsa, majlis vakolatli hisoblanadi. Komissiya aʼzosi Komissiya majlisida ishtirok etish imkoni boʻlmagan taqdirda, koʻrib chiqilayotgan masalalar boʻyicha oʻz fikrini yozma ravishda taqdim etishga haqli.
14. Komissiya majlislari Vakilning Kotibiyati joylashgan yerda oʻtkaziladi. Komissiya sayyor majlis oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqli.
15. Komissiya majlislari, qoida tariqasida, ochiq va oshkora oʻtkaziladi. Komissiya majlislariga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolari, davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalarining, ilmiy muassasalarning vakillari, mutaxassislar va olimlar taklif etilishi mumkin.
Komissiya majlislarida Vakil Kotibiyatining xodimlari, Vakil huzuridagi Ekspert kengashi va ishchi guruhlarning aʼzolari ishtirok etadilar.
16. Komissiya majlisida Vakil yoki uning topshirigʻiga koʻra raislik qiluvchi:
Komissiya majlisini olib boradi;
Komissiya majlisi kun tartibidagi masalalarning muhokamasini tashkil etadi va ularni ovozga qoʻyadi;
Komissiya aʼzolarining barcha takliflarini ularning kelib tushish tartibida ovozga qoʻyadi;
Komissiya aʼzolari va taklif etilganlar tomonidan mazkur Reglament normalariga rioya etilishini taʼminlaydi.
17. Komissiya majlisi davlat tilida olib boriladi. Zarur hollarda Komissiya majlisi ishtirokchilarining chiqishlari boshqa tillarga tarjima qilinishi mumkin.
Komissiya majlisi bayonnoma bilan rasmiylashtirilib, raislik qiluvchi va majlis kotibi tomonidan imzolanadi. Komissiya bayonnomasida kun tartibi, Komissiya aʼzolari va majlisda ishtirok etayotgan boshqa shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi, koʻrib chiqilgan har bir masala boʻyicha ovoz berish natijalari, qabul qilingan qarorlar qayd etiladi. Bayonnomaga kun tartibi materiallari ilova qilinadi.
18. Komissiya majlisi yakunlari boʻyicha qabul qilingan qarorlar Komissiya qarorlari bilan rasmiylashtiriladi, ularni Komissiya raisi imzolaydi. Komissiya qarorlari majlisda ishtirok etayotgan Komissiya aʼzolari umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Komissiya qarorlari tavsiya xususiyatiga ega boʻladi. Zarur boʻlgan hollarda Komissiya qarori Komissiya aʼzosining taklifiga binoan Vakilning farmoyishi bilan rasmiylashtirilishi mumkin.
Komissiya vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlar Vakilning imzosi bilan masalani hal qilish vakolati doirasiga kiradigan tegishli davlat organlariga va boshqa korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda mansabdor shaxslarga yuboriladi. Komissiya qarorini olgan davlat organlari va boshqa korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda mansabdor shaxslar uni belgilangan muddatlarda koʻrib chiqishlari va qabul qilingan qaror toʻgʻrisida Vakilni xabardor qilishlari shart.
19. Masalalarga va muhokamaning borishiga qoʻshilmagan Komissiya aʼzosi oʻz fikrini yozma ravishda taqdim etish huquqiga ega, bu fikr Komissiyaning barcha aʼzolariga yetkaziladi va tegishli majlis bayonnomasiga ilova qilinadi.
20. Komissiya tomonidan muhokama qilinayotgan ijtimoiy muhim masalalar va Komissiya majlisida qabul qilingan qarorlar Vakilning farmoyishi bilan ommaviy axborot vositalari orqali jamoatchilik eʼtiboriga yetkaziladi.
IV. Vakilning oʻz vakili
21. “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 20-moddasi uchinchi qismiga muvofiq Vakil Komissiya aʼzosini oʻz vakili sifatida tayinlashi mumkin, shu jumladan mamlakatning tegishli mintaqalarida ham.
Vakilning oʻz vakili faoliyatini Vakil tomonidan berilgan vakolatlar doirasida va ushbu Reglamentda nazarda tutilgan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining tegishli mintaqasida Vakil nomidan hamda uning bevosita rahbarligi ostida amalga oshiradi.
22. Vakilning oʻz vakili faoliyatini Vakil uni tayinlagan vaqtdan eʼtiboran boshlaydi. Vakilning oʻz vakili faoliyatida bevosita Vakilga hisobdor boʻladi.
23. Vakilning oʻz vakili faoliyatini quyidagi yoʻnalishlarda amalga oshiradi:
Vakilning topshiriqlarini bajarish, tadbirlarda ishtirok etish, tegishli mintaqada qoʻshimcha tadbirlar oʻtkazish;
tegishli mintaqada yashaydigan fuqarolarning shikoyatlarini qabul qilish va koʻrib chiqish, ularning buzilgan huquqlarini tiklashda koʻmaklashish;
fuqarolarning Vakil Kotibiyatidan yoʻllangan shikoyatlarida bayon qilingan dalillar tekshiruvini oʻtkazish;
Vakilning Kotibiyati tomonidan amalga oshirilayotgan inson huquqlari monitoringini oʻtkazishda ishtirok etish, tegishli mintaqada rejalashtirilgan inson huquqlari monitoringini tashkil etish va oʻtkazish;
mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar hamda tashkilotlarning inson huquqlariga rioya etilishi boʻyicha huquqni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisidagi tahliliy materiallarni hamda ularning faoliyatini takomillashtirishga doir takliflarni tayyorlash;
inson huquqlari sohasida axborot-maʼrifiy ishlarni amalga oshirish, fuqarolarga inson huquqlari toʻgʻrisida axborot olishda koʻmaklashish;
tegishli mintaqada mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari bilan inson huquqlari masalalari boʻyicha oʻzaro hamkorlik qilish.
24. Vakilning oʻz vakili shikoyatni olgach:
uni mohiyatan koʻrib chiqishga;
shikoyatni hal etish Vakilning oʻz vakili vakolatlari doirasidan chetga chiqqan taqdirda, shikoyatni xulosa loyihasi bilan birga Vakilga yoʻllashga;
ariza beruvchi oʻz huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishi uchun foydalanishi mumkin boʻlgan vositalar va shakllarni koʻrsatishga;
shikoyatni uni mohiyatan hal qilishga vakolatli boʻlgan tashkilotga yoki mansabdor shaxsga berishga;
ariza beruvchini uning huquqlari va qonuniy manfaatlariga taalluqli hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishtirishga;
rad etish sabablari koʻrsatilishi sharti bilan shikoyatni koʻrib chiqishni rad etishga;
qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa chora-tadbirlarni koʻrishga haqli.
25. Vakilning oʻz vakili faoliyatini amalga oshirish chogʻida:
mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda mansabdor shaxslarga aniqlanishi lozim boʻlgan holatlar tekshiruvini oʻtkazishda koʻmak soʻrab murojaat qilish;
mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning vakillarini hamda mansabdor shaxslarni aniqlanishi lozim boʻlgan holatlar tekshiruvini oʻtkazish uchun taklif etish. Tekshirish harakatlari yoki harakatsizligi yuzasidan shikoyat qilingan tashkilot yoki mansabdor shaxsga topshirilishi mumkin emas;
mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarga hamda mansabdor shaxslar huzuriga toʻsqinliksiz kirish;
mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda mansabdor shaxslardan hujjatlar, materiallar va boshqa maʼlumotlarni soʻrash va olish;
tashkilotlar va mutaxassislarga, Vakilning oʻz vakili huzuridagi ekspertlar guruhi aʼzolariga aniqlanishi lozim boʻlgan masalalar boʻyicha ekspert bahosi va xulosalarini tayyorlashni topshirish;
ushlab turilgan yoki hibsga olingan shaxs bilan uchrashuvlar va suhbatlar oʻtkazish;
Vakilning topshirigʻiga binoan sud majlislarida kuzatuvchi sifatida ishtirok etish;
inson huquqlariga rioya etilishi hamda ularni himoya qilish sohasida mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar bilan birgalikda tadbirlar oʻtkazish;
tegishli mintaqada inson huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi toʻgʻrisidagi hamda oʻz faoliyati haqidagi materiallarni Vakil bilan kelishilgan holda ommaviy axborot vositalarida doimiy ravishda yoritish huquqiga ega.
26. Mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning mansabdor shaxslari Vakilning tegishli mintaqadagi oʻz vakili tomonidan soʻralgan fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi bilan bogʻliq hujjatlar, materiallar va boshqa maʼlumotlarni taqdim etishlari shart. Vakilning oʻz vakili faoliyati masalalari boʻyicha mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning rahbarlari hamda boshqa mansabdor shaxslari tomonidan darhol qabul qilinishi huquqidan foydalanadi.
27. Vakilning oʻz vakili faoliyatini amalga oshirish chogʻida:
Vakilga shikoyatlarni koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisidagi axborotni muntazam ravishda taqdim etishi;
ariza beruvchining va boshqa shaxslarning shaxsiy hayoti toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, shuningdek shikoyatlarni tekshirishga doir axborotni Vakilni xabardor qilmay va uning roziligini olmay turib oshkor qilmasligi;
ariza beruvchini uning shikoyati koʻrib chiqilishi natijalari toʻgʻrisida xabardor qilishi;
harakatlari yoki harakatsizligi oqibatida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi aniqlangan mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organi, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi, korxona, muassasa, tashkilotga yoki mansabdor shaxsga buzilgan huquqlarni tiklash boʻyicha oʻz tavsiyalarini yoʻllashi shart. Bunda Vakilning tegishli mintaqadagi oʻz vakili tomonidan berilgan tavsiyalarni olgan tashkilot yoki mansabdor shaxs ularni koʻrib chiqishi va bir oydan kechiktirmay asoslangan javobni yoʻllashi shart.
28. Vakilning oʻz vakili ishini tashkil etish uchun mahalliy davlat hokimiyati organlari unga xona, mebel, zarur aloqa turlari va texnika vositalari ajratilishida koʻmaklashadilar.
Maslahat yordamini koʻrsatish maqsadida mahalliy davlat hokimiyati organining qarori bilan Vakilning oʻz vakili huzurida inson huquqlari sohasida tajriba va bilimga ega boʻlgan shaxslar orasidan ekspert guruhi tuzilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar, Adliya, Sogʻliqni saqlash vazirliklari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sud qonunchiligini demokratlashtirish va liberallashtirish hamda sud tizimi mustaqilligini taʼminlash boʻyicha tadqiqot markazi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi, Oʻzbekiston sudyalar assotsiatsiyasi va boshqa davlat hamda jamoat tuzilmalari bilan Vakilning hamkorligi toʻgʻrisidagi kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida Vakilning oʻz vakili joylarda birlashgan ishchi guruhlarni tuzishi mumkin.
29. Vakilning oʻz vakili tegishli hokimiyat vakillik organi sessiyalarida mintaqada inson huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi toʻgʻrisidagi axborotni belgilangan tartibda taqdim etadi.
V. Yakunlovchi qoidalar
30. Vakil tomonidan Komissiya aʼzosiga xizmat guvohnomasi beriladi. Xizmat guvohnomasining namunasi Vakil tomonidan tasdiqlanadi.
31. Komissiya faoliyatini axborot-tahlil va boshqa jihatlardan taʼminlashni Vakilning Kotibiyati amalga oshiradi.
Komissiya aʼzolarining malakasini oshirish, stajirovkasi va xizmat safarlari masalalari Vakil tomonidan hal etiladi.
32. Mazkur Reglamentga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi takliflar Komissiya majlisida koʻrib chiqiladi hamda keyin koʻrib chiqish uchun Vakil tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlariga kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2011-yil 15-iyundagi № 300-II/191-II-sonli Qoʻshma qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Kengashining oʻz kuchini yoʻqotgan qarorlari
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Kengashining 1995-yil 29-avgustdagi “Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida”gi № 985-I-sonli Qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 9, 216-modda).
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Kengashining 1999-yil 12-avgustdagi “Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi boʻyicha komissiya tarkibiga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi № 798-I-sonli Qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-yil, № 8, 193-modda).
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Kengashining 2000-yil 13-dekabrdagi “Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi boʻyicha komissiya tarkibiga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi № 152-II-sonli Qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-yil, № 11-12, 305-modda).
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Kengashining 2002-yil 11-dekabrdagi “Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi boʻyicha komissiya tarkibiga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi № 428-II-sonli Qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-yil, № 12, 235-modda).
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Kengashining 2003-yil 28-avgustdagi “Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi boʻyicha komissiya tarkibiga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi № 514-II-sonli Qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-yil, № 8, 128-modda).
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2011-y., 6-son, 159-modda)