|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.02.2019
|
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
Urugʻchilik toʻgʻrisida
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 16-fevraldagi OʻRQ-521-sonli “Urugʻchilik toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
1-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi tushunchalar qoʻllaniladi:
“urugʻlik” — oʻsimlikning nav va duragaylarni saqlab qolish, takror yetishtirish uchun ishlatiladigan botanik donlari yoki boshqa qismlari;
Oldingi tahrirga qarang.
“reproduksion urugʻliklar” — fond urugʻliklarini va ularning keyingi reproduksiyalarini koʻpaytirishdan olinadigan urugʻliklar;
(1-moddaning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 6-apreldagi OʻRQ–31-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2006-y., 14-son, 113-modda)
“duragay urugʻliklar” — turkumdoshlarni chatishtirishdan olinadigan urugʻliklar;
“genetik sifat (nav sifati)” — muayyan nav urugʻlikning genetik (nav) jihatidan qanchalik toza ekanligini bildiruvchi koʻrsatkichlar majmui;
“ekinboplik xususiyati” — urugʻliklarning ekishga qanchalik yaroqli ekanligini bildiruvchi koʻrsatkichlar majmui;
“urugʻlik turkumi” — bir turdagi (muayyan ekin, nav, reproduksiya, toifa, genetik (nav) tozalikdagi, muayyan yil hosilidan olingan, kelib chiqishi bir), hujjat bilan tasdiqlangan maxsus jamlangan urugʻlikning bir xil miqdori;
“aprobatsiya qilish” — oʻsimliklarning genetik (nav) jihatidan qanchalik toza ekanligini, kasalliklarga, zararkunandalarga chidamliligi va ekishga moʻljallangan urugʻlikning umumiy holatini aniqlash maqsadida dalada oʻtkaziladigan tadqiqot;
“patent egasi (litsenziar)” — seleksiya navining egasi, duragay egasi huquqini qonun hujjatlariga muvofiq olgan shaxs.
2-modda. Urugʻchilikning asosiy vazifalari
Urugʻchilikning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
qishloq xoʻjaligi ekinlarining oʻz urugʻchilik bazasini yaratish;
navni yangilash va nav almashtirish jarayonida urugʻlik navlari va duragaylarining biologik hamda xoʻjalik jihatidan qimmatli xususiyatlarini saqlab qolish;
mamlakatimiz va jahonning qimmatli genofondini saqlab qolish hamda undan samarali foydalanish;
respublikaning turli tabiiy-iqlim mintaqalariga moslangan yangi tezpishar, serhosil, intensiv navlarini yaratish va koʻpaytirish;
(2-moddaning toʻrtinchi va beshinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 15-apreldagi 772-I-sonli Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 5-son, 124-modda)
qishloq xoʻjaligini serhosil va yuqori sifatli urugʻliklar bilan taʼminlash;
urugʻliklarning sifati ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
urugʻchilikka jahon tajribasi yutuqlarini joriy etish.
3-modda. Urugʻchilik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Urugʻchilik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonundan va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida urugʻchilik sohasidagi munosabatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasining qonun hujjatlari bilan ham tartibga solinadi.
4-modda. Urugʻlik yetishtirish va undan foydalanish huquqi
Patent bilan muhofaza qilinadigan navlar va duragaylar urugʻligini yetishtirish hamda undan foydalanish huquqiga patent egalari, shuningdek litsenziyaga ega boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslar egadirlar.
Patent yoki guvohnoma bilan muhofaza qilinmaydigan navlar va duragaylar urugʻligi har qanday yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq yetishtirilishi va undan foydalanilishi mumkin.
Patent egalari, ular vakolat bergan shaxslar, shuningdek ular oʻrtasidagi shartnomalar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 38-moddasi.
5-modda. Urugʻchilik bilan shugʻullanuvchi shaxslarning vazifalari
Urugʻchilik bilan, duragaylar va yangi navlar yaratish bilan shugʻullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslarning vazifasi quyidagilardan iborat:
birlamchi urugʻchilikning samarali tizimini va urugʻ yetishtirish texnologiyasini ishlab chiqish hamda joriy etish;
duragaylar va navlarga doir muallif taʼriflarini taqdim etish;
urugʻliklarni ishlatuvchilar bilan shartnoma tuzish asosida yuqori navli va ekinbop xususiyatli urugʻliklar yetishtirish;
vaqti-vaqti bilan urugʻlar kataloglarini tayyorlash hamda bosib chiqarish;
har bir turkumdagi urugʻlik navi va ekinboplik xususiyatlari boʻyicha toʻliq hisobni olib borish.
6-modda. Urugʻlikning sifatini aniqlash
Urugʻlikning genetik (nav) sifati dala va laboratoriyada oʻtkaziladigan sinov natijalari boʻyicha aniqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ekinbop urugʻliklar yetishtirish maqsadida ekilgan navli qishloq xoʻjalik ekinlari Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi belgilaydigan tartibda aprobatsiya qilinadi.
(6-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 25-apreldagi 421-I-sonli Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 126-modda)
7-modda. Urugʻliklarni sertifikatlash
Ekish uchun ishlatiladigan urugʻliklar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sertifikatlanishi lozim.
Urugʻliklarni sertifikatlash amaldagi standartlar asosida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi qoshidagi “Agrosanoat majmuida xizmatlar koʻrsatish markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan hamda uning joylardagi boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi.
(7-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 23-iyuldagi OʻRQ-486-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2018-y., 03/18/486/1559-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Standart urugʻliklarga muvofiqlik sertifikati, nostandart urugʻliklarga esa ularning sifati toʻgʻrisida talon beriladi.
(7-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 15-apreldagi 772-I-sonli Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 5-son, 124-modda)
8-modda. Urugʻliklarni realizatsiya qilish
Urugʻliklarning navi va ekinboplik xususiyatlari koʻrsatilgan muvofiqlik sertifikati mavjud boʻlgan taqdirda ularni realizatsiya qilishga yoʻl qoʻyiladi.
Kimyoviy yoki biologik ishlov berilgan urugʻlar isteʼmolchiga yoki savdo tarmogʻiga faqat oʻralgan holda yetkazib beriladi. Har bir oʻramda qaysi turda ishlov berilganligi koʻrsatilgan yorliq va xavfsizlik chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma boʻlishi shart.
(8-moddaning birinchi va ikkinchi qismlari Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 15-apreldagi 772-I-sonli Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 5-son, 124-modda)
Himoya qilinadigan navlar Davlat reyestriga hamda Oʻzbekiston Respublikasi hududida ekishga tavsiya etilgan qishloq xoʻjalik ekinlari Davlat reyestriga kiritilmagan navlar va duragaylarning urugʻligini sotish mumkin emas.
Muomalaga kiritilayotgan urugʻliklar davlat standartlari talablariga muvofiq albatta tamgʻalanadi va idishlarga joylanadi.
Karantindagi va boshqa xavfli hasharotlar, oʻsimlik kasalliklari yoki begona oʻtlar keng tarqalgan davlatlardan keltirilgan urugʻliklarni respublika hududida tarqatish taqiqlanadi.
9-modda. Urugʻliklarni import va eksport qilish
Urugʻliklarni import qilishga quyidagi shartlarda yoʻl qoʻyiladi, agar:
ular davlat sinovidan oʻtgan va Oʻzbekiston Respublikasi hududida ekishga tavsiya etilgan qishloq xoʻjalik ekinlari Davlat reyestriga kiritilgan navning urugʻi boʻlsa;
ularni import qilishga oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat xizmatining ruxsatnomasi mavjud boʻlsa;
Oldingi tahrirga qarang.
ularning muvofiqlik sertifikati va muvofiqlik belgisi mavjud boʻlsa;
(9-moddaning birinchi qismi toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 15-apreldagi 772-I-sonli Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 5-son, 124-modda)
ularga eksport qilayotgan mamlakat tomonidan fitosanitariya sertifikati berilgan boʻlsa;
ular seleksiya va tadqiqot ishlariga, koʻrgazmaga qoʻyishga moʻljallangan boʻlsa.
Oldingi tahrirga qarang.
Ilmiy va nav sinash maqsadlarida import va eksport qilinayotgan urugʻliklar uchun boj toʻlovi undirilmaydi, ular kvotalanmaydi va litsenziyalanmaydi.
(9-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 21-dekabrdagi OʻRQ-134-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 50-51-son, 513-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Urugʻliklarni eksport qilishga Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi yoki u vakolat bergan organning xulosasi mavjud boʻlgan taqdirdagina yoʻl qoʻyiladi.
(9-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 25-apreldagi 421-I-sonli Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 126-modda)
Eksport qilinadigan urugʻliklarga Oʻzbekiston Respublikasi oʻsimliklar karantini xizmati tomonidan beriladigan fitosanitariya sertifikati ilova qilinadi.
10-modda. Realizatsiya qilinadigan urugʻliklarga kafolatlar
Urugʻliklar yetishtirish va ularni realizatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar urugʻlarning navi va ekinboplik sifatlari tegishli hujjatlarda koʻrsatilgandek boʻlishiga kafolat beradilar va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Basharti, urugʻliklar yetishtirish va ularni realizatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan urugʻliklarning sifat koʻrsatkichlari yoʻqligi oʻzlariga bogʻliq boʻlmagan holatlarning oqibati ekanligini isbotlasalar, urugʻlikni ishlatuvchi koʻrilgan zararni qoplashni talab qilishi mumkin emas.
Sotib olingan urugʻliklarga berilgan kafolatlar ularning sifati toʻgʻrisidagi hujjatda koʻrsatilgan muddat davomida amal qiladi.
11-modda. Sugʻurta urugʻlik fondi
Sugʻurta urugʻlik fondi imkoniyatlari cheklangan mintaqalarga, xalqaro shartnomalarga muvofiq navli urugʻliklarni yetkazib berish uchun, shuningdek tabiiy ofatlar ehtimolini nazarda tutgan holda va boshqa maqsadlarda tashkil etiladi.
Sugʻurta urugʻlik fondini tashkil etish va undan foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
12-modda. Urugʻchilikni ilmiy jihatdan taʼminlash
Oldingi tahrirga qarang.
Urugʻchilik Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi, tegishli tarmoq ilmiy-tadqiqot muassasalari, oliy oʻquv yurtlari va boshqa ilmiy tashkilotlar tomonidan ilmiy jihatdan taʼminlanib, ular:
(12-moddaning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 15-apreldagi 772-I-sonli Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 5-son, 124-modda)
seleksiya va urugʻchilik boʻyicha ilmiy-texnika dasturlarini;
urugʻchilik, urugʻshunoslik va navshunoslikning ilmiy asoslangan tizimini;
yangi va istiqbolli navlarni joriy etishga doir tavsiyalarni;
yuqori sifatli urugʻlik yetishtirish samaradorligini oshirishning uslub va usullarini;
urugʻchilikda axborot bilan taʼminlash tizimini ishlab chiqadilar.
13-modda. Urugʻlik yetishtirishning davlat tomonidan ragʻbatlantirilishi
Qonun hujjatlarida urugʻlik yetishtirishni ragʻbatlantirish chora-tadbirlari nazarda tutilishi mumkin.
14-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining urugʻchilik sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi:
urugʻchilik sohasida davlat siyosatini amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xoʻjalik ekinlari Davlat reyestrini yuritadi;
qishloq xoʻjalik ekinlari urugʻliklarining navlarini sinash borasidagi ishga rahbarlik qiladi;
manfaatdor vazirliklar va idoralar, davlat hokimiyati mahalliy organlari bilan birga qishloq xoʻjaligi ekinlarining muayyan hududlarga moslashtirilgan va istiqbolli navlarini ekish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqadi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya qilingan qishloq xoʻjalik ekinlarining Davlat reyestri toʻgʻrisidagi Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 18-dekabrdagi 553-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi hududida ekishga tavsiya qilingan qishloq xoʻjaligi ekinlarining davlat reyestri toʻgʻrisidagi Nizom.
(14-moddaning nomi va birinchi qismi birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 25-apreldagi 421-I-sonli Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 126-modda)
15-modda. Urugʻliklarni sertifikatlashtirish va ularning sifatini nazorat qilish davlat organi
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi hamda uning hududiy boʻlinmalari urugʻliklarni sertifikatlashtirish va ularning sifatini nazorat qilish boʻyicha davlat organidir.
(15-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 23-iyuldagi OʻRQ-486-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2018-y., 03/18/486/1559-son)
16-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasining urugʻchilik sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi:
asosiy qishloq xoʻjaligi ekinlari (paxta va gʻalla) uchun ajratilgan ekin maydonlarini muntazam nazorat qiladi, ekin maydonlarining ishlab chiqaruvchilar — fermer xoʻjaliklari va boshqa xoʻjaliklar, tumanlar va viloyatlar tomonidan qabul qilingan hamda tasdiqlangan shartnoma majburiyatlariga muvofiqligi boʻyicha tanlab tekshirishlarni amalga oshiradi;
paxta va don ekinlarining urugʻliklari sifati ustidan nazoratni amalga oshiradi;
qishloq xoʻjaligi ekinlari navlarining genetik sofligi va ushbu ekinlar urugʻliklarining sifati sohasidagi davlat siyosatining ijro qilinishi, qishloq xoʻjaligi ekinlari navlarini joylashtirish, rayonlashtirish va navli urugʻliklar tayyorlash rejalarining bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
yuqori sifatli elita urugʻliklarni, birinchi va keyingi reproduksiyalardan hosil qilingan urugʻliklarni yetishtirish, urugʻliklarni davlat standartiga, mavjud yoʻriqnomalar va qoidalarga rioya etilgan holda tejab sarflash ustidan nazoratni amalga oshiradi;
qishloq xoʻjaligi ekinlari aprobatsiyasi toʻgʻri oʻtkazilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarining mahalliy va xorijiy seleksiya navlarining, shu jumladan biotexnologik navlarning birlamchi urugʻchiligini tashkil etish hamda rivojlantirish ustidan nazoratni amalga oshiradi;
tarmoq korxonalari tomonidan qishloq xoʻjaligi ekinlarining urugʻliklarini tayyorlash, qayta ishlash va saqlash boʻyicha normativ talablarning xalqaro standartlar va texnik reglamentlarga muvofiq ishlab chiqilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
ishlab chiqarishda kimyoviy preparatlarning samarali qoʻllanilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
sertifikatlashtirilmagan va davlat standartiga javob bermaydigan urugʻliklarning tarqatilishini taqiqlaydi;
ekinlar boʻyicha urugʻlar arxivining tarkibi va urugʻlar arxivlarining yuritilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(16-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 23-iyuldagi OʻRQ-486-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2018-y., 03/18/486/1559-son)
17-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi organlari xodimlarining huquqlari
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi organlarining xodimlari oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
sifat koʻrsatkichlarining toʻgʻriligini va davlat standartlariga muvofiqligini tekshirish maqsadida zarur tahlillar oʻtkazish uchun urugʻliklarning namunalarini tanlab olish;
urugʻliklarning himoya qilinadigan navlaridan gʻayriqonuniy ravishda foydalanilishini taqiqlash;
har qanday urugʻlik yetishtiruvchining, urugʻlik yetkazib beruvchining va savdo tashkilotining hududiga kirish;
urugʻchilik dalalariga hamda urugʻliklarning turkumlariga doir zarur axborot, hujjatlar va namunalarni olish;
qonun hujjatlarini buzgan holda urugʻlikni yetishtirish, saqlash va sotish hollarini toʻxtatib qoʻyish yoki taqiqlash;
muvofiqlik sertifikati va fitosanitariya yoki karantin sertifikati mavjud boʻlmasa, urugʻliklar turkumlarining tashilishini taqiqlab qoʻyish;
muvofiqlik sertifikati, fitosanitariya yoki karantin ruxsatnomasi boʻlmagan urugʻliklarni boshqa davlatlardan respublikaga olib kirishga yoʻl qoʻymaslik;
qishloq xoʻjaligi ekinlarining navini yangilash va navlarni joylashtirish tartibini buzganlik uchun xoʻjaliklarning rahbarlariga va boshqa masʼul shaxslarga nisbatan choralar koʻrish.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi organlarining xodimlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
(17-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 23-iyuldagi OʻRQ-486-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2018-y., 03/18/486/1559-son)
18-modda. Urugʻchilik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Urugʻchilik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
19-modda. Xalqaro shartnomalar
Basharti, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida ushbu Qonunda nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 29-avgust,
267-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 9-son, 130-modda; 1997-y., 4-5-son, 126-modda; 1999-y., 5-son, 124-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 14-son, 113-modda; 2007-y., 50-51-son, 513-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2018-y., 03/18/486/1559-son)