|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 18.12.2023
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZGALAR PARVARIShIGA MUHTOJ YoLGʻIZ KEKSALAR, PENSIONERLAR VA NOGIRONLIGI BOʻLGAN ShAXSLARGA IJTIMOIY YORDAM KOʻRSATIShNI KUChAYTIRISh TOʻGʻRISIDA
(qaror nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-fevraldagi 62-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.02.2022-y., 09/22/62/0111-son)
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 15-dekabrdagi 665-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 24-yanvardagi 30-son qarori bilan tasdiqlangan “Qariyalarni qadrlash yili” davlat dasturining 3.9-bandini bajarish hamda oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz keksalar, pensionerlar va nogironligi boʻlgan shaxslarning uyiga borib ijtimoiy xizmat koʻrsatish bilan toʻliq qamrab olinishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-fevraldagi 62-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.02.2022-y., 09/22/62/0111-son)
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga Aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari orqali ushbu markazlarda roʻyxatga olingan ishsiz fuqarolarni haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etish yoʻli bilan oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz keksalar, pensionerlar va nogironligi boʻlgan shaxslarning uyiga borib ijtimoiy yordam koʻrsatishga jalb etish topshirilsin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-fevraldagi 62-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.02.2022-y., 09/22/62/0111-son)
2. Belgilab qoʻyilsinki, oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz keksalar, pensionerlar va nogironligi boʻlgan shaxslarning uyiga borib ijtimoiy xizmat koʻrsatishga aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari orqali jalb etiladigan ishsiz fuqarolarga ish haqi toʻlash (shu jumladan ijtimoiy sugʻurtaga ajratmalar) bilan bogʻliq xarajatlarni mablagʻ bilan taʼminlash Ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-fevraldagi 62-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.02.2022-y., 09/22/62/0111-son)
3. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Moliya vazirligi ishsiz fuqarolarni yolgʻiz keksalar, pensionerlar va nogironlarning uyiga borib ijtimoiy xizmat koʻrsatishga jalb etish tartibini bir oy muddatda ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar, unda bir nafar xodim hisobiga xizmat koʻrsatish normativlarini belgilash, jalb etiladigan ishsiz fuqarolarni ularning muayyan kontingentga xizmat koʻrsatishga yaroqliligi va xohishini hisobga olgan holda komission yoʻl bilan tanlash, ushbu ishlarni tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlarni Ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplash tartibi, shuningdek ijtimoiy xizmat koʻrsatishning toʻliqligi va sifatini samarali nazorat qilish mexanizmi nazarda tutilsin.
4. Vazirlar Mahkamasining “Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 1999-yil 19-iyuldagi 353-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1999-y., 7-son, 40-modda) ilovaga muvofiq qoʻshimchalar kiritilsin.
5. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz fuqarolarga ijtimoiy yordam koʻrsatishda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari rolini oshirish toʻgʻrisida” 2000-yil 29-iyuldagi 288-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 29-mart,
106-son
Vazirlar Mahkamasining “Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 1999-yil 19-iyuldagi 353-son qaroriga kiritiladigan qoʻshimchalar
Vazirlar Mahkamasining “Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 1999-yil 19-iyuldagi 353-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1999-y., 7-son, 40-modda) bilan tasdiqlangan Nizomda:
— V qism quyidagi 26-band bilan toʻldirilsin:
“26. Oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz keksalar, pensionerlar va nogironlarning uyiga borib ijtimoiy xizmat koʻrsatish boʻyicha haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb etilgan, mehnat boʻlimlarida roʻyxatga olingan ishsiz fuqarolarga ish haqi toʻlash xarajatlari toʻliq Ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi”;
— 26-band 27-band deb hisoblansin;
— “Haq toʻlanadigan jamoat ishlarining namunaviy roʻyxati”dagi (Nizomga 2-ilova) “Ish mazmuni”ning 4-bandi “va oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz keksalar, pensionerlar va nogironlarning uyiga borib ijtimoiy xizmat koʻrsatish ishlari” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2002-y., 5-6-son, 46-modda; 2007-y., 19-20-son, 195-modda; 2010-y., 13-son, 96-modda; 2017-y., 15-son, 249-modda, 37-son, 990-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.02.2022-y., 09/22/62/0111-son)