O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining
buyrug‘i
Ta’lim muassasalarida boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik mashg‘ulotlari o‘tkazishda mehnatni muhofaza qilish qoidalarini tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil 9-oktabrda 2620-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-son “Mehnatni muhofaza qilishga doir me’yoriy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish va ishlab chiqish to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining to‘plami, 2000-y., 7-son, 39-modda) va 2010-yil 20-iyuldagi 153-son “Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2010-y., 28-29-son, 234-modda) qarorlariga muvofiq buyuraman:
1. Ta’lim muassasalarida boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik mashg‘ulotlari o‘tkazishda mehnatni muhofaza qilish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Vazir A. ABDUHAKIMOV
Toshkent sh.,
2014-yil 9-sentabr,
21-B-son
O‘zbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2014-yil 9-sentabrdagi 21-B-sonli buyrug‘iga
ILOVA
Ta’lim muassasalarida boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik mashg‘ulotlari o‘tkazishda mehnatni muhofaza qilish
QOIDALARI
Oldingi tahrirga qarang.
Mazkur Qoidalar ta’lim muassasalarida boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik mashg‘ulotlarini o‘tkazishda mehnatni muhofaza qilish tartibini belgilaydi.
(muqaddima O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2026-yil 25-iyundagi 19-2026/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3910, 27.07.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.07.2026-y., 10/26/3910/0790-son)
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan ta’lim muassasalariga (bundan buyon matnda tashkilotlar deb yuritiladi) taalluqlidir.
2. Mazkur Qoidalar talablari binolarni va inshootlarni loyihalash, qurish va qayta qurishda, ish joylarini texnik jihozlash va qayta jihozlashda, texnologik jarayonlar hamda uskunalardan foydalanish va ta’mirlashda inobatga olinishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Ushbu Qoidalar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar, shaharsozlik normalari va qoidalari, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari talablari bajarilishi shart ekanligini istisno etmaydi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2026-yil 25-iyundagi 19-2026/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3910, 27.07.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.07.2026-y., 10/26/3910/0790-son)
Oldingi tahrirga qarang.
4. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati bunga maxsus vakolat berilgan davlat organlari tomonidan, jamoatchilik nazorati esa mehnat jamoalari va kasaba uyushmasi tashkilotlari tomonidan mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha vakillar orqali amalga oshiriladi.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
2-bob. Xavfsizlikka qo‘yiladigan umumiy talablar
1-§. Mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish
Oldingi tahrirga qarang.
5. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tashkil qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-dekabrdagi 819-son qarori bilan tasdiqlangan Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish ishlarini hamda mehnatni muhofaza qilish xizmati faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2026-yil 25-iyundagi 19-2026/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3910, 27.07.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.07.2026-y., 10/26/3910/0790-son)
6. Tashkilotlarda quyidagi asosiy hujjatlar ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi lozim:
mehnat sharoitlari va mehnatni muhofaza qilish ishlarini yaxshilash, sanitariya-sog‘lomlashtirish bo‘yicha qoidalarni o‘z ichiga olgan jamoa shartnomasi;
mehnatni muhofaza qilish xizmatining choraklik ish rejalari;
xodimlar va muhandis-texnik xodimlarni o‘qitish, yo‘l-yo‘riq berish va bilimlarini sinovdan o‘tkazish dasturlari;
mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha nazorat yuritish jurnali (uch bosqichli nazorat);
xodimlarga yong‘inga qarshi yo‘l-yo‘riq berish va yong‘in-texnikaviy minimum mashg‘ulotlarini o‘tkazish dasturi;
Oldingi tahrirga qarang.
har bir kasb va ish turlari uchun mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha yo‘riqnomalar.
(6-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2026-yil 25-iyundagi 19-2026/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3910, 27.07.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.07.2026-y., 10/26/3910/0790-son)
Oldingi tahrirga qarang.
7. O‘zbekiston Respublikasi “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 12-moddasiga muvofiq ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshiruvchi, xodimlarining soni ellik kishi va undan ortiq bo‘lgan har bir tashkilotda mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishini ta’minlash, ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida mehnatni muhofaza qilish xizmati tashkil etiladi yoki mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha tegishli tayyorgarlikka ega bo‘lgan mutaxassis lavozimi joriy etiladi. Ellikta va undan ortiq transport vositasi mavjud bo‘lgan tashkilotda yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ham tashkil etiladi yoki yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha mutaxassis lavozimi joriy etiladi.
Xodimlarining soni ellik nafardan kam bo‘lgan tashkilotda mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish yoki mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassis lavozimini joriy etish to‘g‘risidagi qaror ish beruvchi tomonidan mazkur tashkilot faoliyatining o‘ziga xos xususiyati hisobga olingan holda qabul qilinadi.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2026-yil 25-iyundagi 19-2026/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3910, 27.07.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.07.2026-y., 10/26/3910/0790-son)
Oldingi tahrirga qarang.
8. Mehnatni muhofaza qilish xizmati va yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tashkilotning mustaqil tarkibiy bo‘linmalari bo‘lib, ular bevosita tashkilot rahbariga bo‘ysunadi.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2026-yil 25-iyundagi 19-2026/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3910, 27.07.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.07.2026-y., 10/26/3910/0790-son)
9. Mehnatni muhofaza qilish xizmatining mutaxassislari lavozim yo‘riqnomasiga binoan ularning majburiyatlari jumlasiga kiritilmagan boshqa ishlarni bajarishga jalb qilinishi mumkin emas.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Tashkilotlarda mehnat faoliyati bilan bog‘liq ravishda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni tekshirish va hisobini yuritish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-son qarori bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
(10-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2026-yil 25-iyundagi 19-2026/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3910, 27.07.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.07.2026-y., 10/26/3910/0790-son)
2-§. Xodimlarni o‘qitish, ularning bilimlarini sinovdan o‘tkazish va ularga yo‘l-yo‘riq berishni tashkil etish
11. Xodimlar o‘z kasblari va ish turlari bo‘yicha o‘qishlari, ularning bilimlari sinovdan o‘tkazilishi va ularga yo‘l-yo‘riq berilishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
12. Xodimlarning mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha bilimlarini tekshirish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-dekabrdagi 819-son qarori bilan tasdiqlangan Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqdan o‘tkazish, o‘qitish va bilimlarni tekshirish, malaka oshirish hamda qayta tayyorlash to‘g‘risidagi nizom talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
(12-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2026-yil 25-iyundagi 19-2026/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3910, 27.07.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.07.2026-y., 10/26/3910/0790-son)
Oldingi tahrirga qarang.
13. Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha yo‘riqnomalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-dekabrdagi 819-son qarori bilan tasdiqlangan Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha yo‘riqnomalarni ishlab chiqish to‘g‘risidagi nizom talablariga muvofiq ishlab chiqiladi hamda tashkilot xodimlarini va ish joylarini ushbu yo‘riqnomalar bilan ta’minlash tashkilot rahbariyati zimmasiga yuklatiladi.
(13-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2026-yil 25-iyundagi 19-2026/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3910, 27.07.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.07.2026-y., 10/26/3910/0790-son)
3-§. Xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari
Oldingi tahrirga qarang.
14. Tashkilotlar GOST 17.2.3.02-2014 “Sanoat tashkilotlari ifloslantiruvchi moddalarning yo‘l qo‘yiladigan chiqarishini o‘rnatish qoidalari” bo‘yicha xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari, ularning tavsifi, yuzaga kelish manbalari, xodimlarga ta’sir qilish xususiyatlari va salomatlik uchun xavflilik darajasi va kelgusidagi oqibatlari to‘g‘risida to‘liq va xolisona ma’lumotga ega bo‘lishi lozim.
(14-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2026-yil 25-iyundagi 19-2026/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3910, 27.07.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.07.2026-y., 10/26/3910/0790-son)
15. Ish joylaridagi ishlab chiqarish muhiti hamda xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ishlab chiqarish muhitining fizik, kimyoviy, radiologik, mikrobiologik va mikroiqlim o‘lchovi natijalari, shuningdek mehnat sharoitlarini attestatsiya qilish orqali belgilanishi kerak.
16. Yangi zararli moddalar paydo bo‘lishiga yoki xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari yo‘qolishiga olib keladigan texnologik jarayonlar o‘zgarganda, xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari to‘g‘risidagi ma’lumotlarga tashkilot rahbari tomonidan tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi lozim.
4-§. O‘ta xavfli kasblar va ishlar ro‘yxati
17. Tashkilotlar o‘ta xavfli kasblar va ishlar ro‘yxatiga ega bo‘lishi lozim.
18. Lavozim yo‘riqnomalariga muvofiq, xavfli moddalar bilan bajariladigan ishlarni, balandlikda, ifloslangan havo va suv muhitida, yuqori harorat va namlik sharoitida bajariladigan ishlarni, bug‘ va suv isitish qozonlari, yuk ko‘tarish mexanizmlari, bosim ostida ishlaydigan sig‘imlar, elektr qurilmalarga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq ishlarni hamda tegishli tarmoq tarif-malaka ma’lumotnomasiga muvofiq boshqa xavfli ishlarni bajarishni nazarda tutuvchi kasblar o‘ta xavfli kasblar ro‘yxatiga, mazkur vazifalarni bir martalik topshiriq asosida bajarilishini nazarda tutuvchi ishlar o‘ta xavfli ishlar ro‘yxatiga kiritilishi zarur.
19. O‘ta xavfli ishlarni bajarish faqat belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan hujjat (naryad-ruxsatnoma)ga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
20. Barcha xodimlar o‘ta xavfli ishlarni bajarish topshirig‘ini olishdan oldin, mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha yo‘l-yo‘riq olishlari va ishlarni xavfsiz bajarish usullarini o‘zlashtirishlari shart.
(20-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2026-yil 25-iyundagi 19-2026/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3910, 27.07.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.07.2026-y., 10/26/3910/0790-son)
21. O‘ta xavfli ishlarni rejalashtirish, tashkillashtirish va xavfsiz bajarish belgilangan talablarga muvofiq amalga oshirilishi uchun tashkilot rahbariyati javobgardir.
5-§. Jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalarini qo‘llash
22. Xodimlar xavfli va zararli ishlab chiqarish omillaridan jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalari bilan himoyalangan bo‘lishi lozim.
23. Jamoaviy himoya vositalari xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari ishlab chiqarish xonalari va ish joylaridagi barcha xodimlarga ta’sir qilgan taqdirda qo‘llanilishi zarur hamda tashkilot binolarini qurish yoki rekonstruksiya qilish loyihalariga kiritilishi shart.
24. Jamoaviy himoya vositalariga quyidagilar kiradi:
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining yorug‘ligini normallashtirish vositalari (yoritish asboblari, yorug‘likdan himoya qilish moslamalari va boshqalar);
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining havo muhitini normallashtirish vositalari (shamollatish va havo tozalash, isitish, havo harorati va namligini bir xil me’yorda saqlash va boshqalar);
shovqindan, tebranishdan, elektr va statik toklar urishidan hamda qurilmalar yuzasini yuqori darajadagi haroratdan himoya qilish vositalari;
mexanik va kimyoviy omillarning ta’siridan himoya qilish vositalari.
Oldingi tahrirga qarang.
25. Xodimlar tegishli ishlarni bajarish uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan miqdorda yakka tartibdagi himoya vositalari bilan ta’minlanishi lozim.
(25-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
26. Yakka tartibdagi himoya vositalaridan foydalanadigan xodimlar ularni qo‘llash, himoya xususiyatlari va amal qilish muddati to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ega bo‘lishi kerak.
27. Tashkilotda quyidagilar ta’minlanishi shart:
jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalarining samaradorligi va sozligi;
yakka tartibdagi himoya vositalarining zarur miqdori va nomenklaturasi;
yakka tartibdagi himoya vositalarini qo‘llash va ulardan to‘g‘ri foydalanish ustidan doimiy nazoratni amalga oshirish;
xavfli va zaharli moddalar bilan ishlashda foydalanilgan yakka tartibdagi himoya vositalarini dezinfeksiya qilish, bir marta qo‘llaniladigan vositalar bundan mustasno.
28. Xavfli moddalar bilan ishlashda teri kasalliklarining oldini olish uchun profilaktik pasta va mazlardan foydalanish zarur.
6-§. Kasbiy tanlov
29. Tashkilotlarda tanlov o‘tkazilishi lozim bo‘lgan kasblar va mutaxassisliklar ro‘yxati bo‘lishi lozim.
30. Xodimlar va ishlab chiqarish uchastkalarining rahbarlari tegishli tarmoq tarif-malaka ma’lumotnomasiga muvofiq zarur ma’lumotga va ish tajribasiga ega bo‘lishi kerak.
31. Bosim ostida va boshqa o‘ta xavfli ishlarda ishlovchi xodimlar maxsus kurslarda tayyorgarlikdan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘lishi shart.
7-§. Xodimlarni ishlab chiqarish jarayonida qatnashishga qo‘yish shart-sharoitlari
32. Xodimlarni ishlab chiqarish jarayonida qatnashishga qo‘yish oldidan quyidagilar tekshirilishi zarur:
ish joyining mazkur Qoidalarda belgilangan sanitariya va gigiyena, xavfsizlik talablariga, shuningdek shovqin va tebranishga, shamollatish va isitishga qo‘yiladigan talablarga muvofiqligi;
xodimning mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha bilimlarini sinovdan o‘tkazish, unga yo‘l-yo‘riq berish va salomatligini nazorat qilish davriyligiga amal qilinganligi;
texnologik jarayonlarda ishtirok etuvchi asbob-uskunalar va ularning himoya vositalari sozligi;
jamoaviy himoya vositalarining sozligi, xodimning yakka tartibdagi himoya vositalariga egaligi.
8-§. Xodimlarning salomatligini nazorat qilish
33. Tashkilotlarda xodimlarning salomatligini nazorat qilish Xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom (ro‘yxat raqami 2387, 2012-yil 29-avgust) asosida amalga oshirilishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
34. Tashkilot rahbariyati kasaba uyushmasi qo‘mitasi va sog‘liqni saqlash muassasasi bilan birgalikda har yili dastlabki (mehnat shartnomasini tuzayotganda) va davriy (mehnat faoliyati davomida) majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi lozim bo‘lgan xodimlarning ro‘yxatini tuzishi hamda xodimlarning tibbiy ko‘rikdan o‘tishini ta’minlashi zarur.
(34-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2026-yil 25-iyundagi 19-2026/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3910, 27.07.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.07.2026-y., 10/26/3910/0790-son)
Oldingi tahrirga qarang.
35. Majburiy tibbiy ko‘riklar tashkilotga tibbiyot xizmati ko‘rsatuvchi davolash-profilaktika muassasalari tomonidan, agar ular bo‘lmagan taqdirda tashkilot joylashgan joydagi hududiy davolash-profilaktika muassasasi tomonidan o‘tkaziladi.
(35-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2026-yil 25-iyundagi 19-2026/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3910, 27.07.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.07.2026-y., 10/26/3910/0790-son)
Oldingi tahrirga qarang.
36. Ish beruvchi majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan yoxud majburiy tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra tibbiy komissiyalar tomonidan berilgan tavsiyalarni bajarishdan bo‘yin tovlagan shaxslarni ishdan chetlashtirishi shart.
(36-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2026-yil 25-iyundagi 19-2026/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3910, 27.07.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.07.2026-y., 10/26/3910/0790-son)
37. Tashkilot rahbariyati o‘z xodimlarining majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘z vaqtida o‘tishi uchun va majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan shaxslarni ishga qo‘yish natijasida fuqarolarning sog‘lig‘iga yetkazilgan zararli oqibatlar uchun javobgar bo‘ladilar.
38. Xodimlarni sog‘lig‘ining holati tufayli ularga ruxsat etilmagan ishlarga qo‘yish taqiqlanadi.
9-§. Sanitariya va gigiyenaga qo‘yiladigan talablar
39. Tashkilot ish hududidagi havoning harorati, nisbiy namligi va harakatlanish tezligi GOST 12.1.005-88 “Ish hududining havosi. Umumiy sanitariya-gigiyenik talablari”ga muvofiq bo‘lishi kerak.
40. Tashkilotning xonalari quyidagi talablarga muvofiq saqlanishi lozim:
havoning harorati, nisbiy namligi va harakatlanish tezligi ish joylaridagi ortiqcha issiqlik, bajarilayotgan ishning og‘irlik darajasiga ko‘ra toifasi va yil mavsumini hisobga olgan holda belgilanishi;
Oldingi tahrirga qarang.
ishlab chiqarish, sanitariya-maishiy, xom ashyo va tayyor mahsulotni saqlash xonalarining yorug‘ligi SHNQ 2.01.05-24 “Tabiiy va sun’iy yoritish” shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq bo‘lishi hamda mehnat sharoitlarini yaratish uchun yetarli yorug‘lik kuchini ta’minlashi;
(40-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2026-yil 25-iyundagi 19-2026/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3910, 27.07.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.07.2026-y., 10/26/3910/0790-son)
yoritish asboblari chang to‘planishiga imkoniyat bermaydigan konstruksiyaga ega bo‘lishi, shuningdek singan taqdirda uning parchalari sochilib ketmasligi uchun yopiq bo‘lishi.
Oldingi tahrirga qarang.
41. Noqulay omillar ta’siriga qarshi himoya tadbirlarini amalga oshirishda samarali havo almashinuvi tizimini SHNQ 2.04.05-22 “Isitish, ventilyatsiya va konditsiyalash” shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiq tashkil qilish lozim.
(41-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2026-yil 25-iyundagi 19-2026/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3910, 27.07.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.07.2026-y., 10/26/3910/0790-son)
10-§. Tashkilot maydonlariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
42. Tashkilotda transport vositalari va piyodalarning tashkilot hududida harakatlanish chizmasi ishlab chiqilgan va tasdiqlangan bo‘lishi hamda tashkilotga kirish va chiqish joylari hamda ish joylarining ko‘rinarli qismiga osib qo‘yilishi zarur.
43. Tashkilot maydonlari ko‘kalamzorlashtirilgan va suv quyish quvurlari tarmoqlari bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim. Maydonlardagi o‘tish joylari mustahkam yopqichlar, suv oqib ketadigan inshootlar bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
44. Yozgi mavsumda yo‘laklar va o‘tish joylariga suv sepilgan bo‘lishi kerak.
45. Qishki mavsumda yo‘laklar va o‘tish joylari qordan tozalanib, qum sepilgan hamda binolarning tomlari qordan, karnizlari esa muzdan tozalab turilishi zarur.
46. Yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan yo‘laklar va tashkilotga kirish joyi tekis, kengligi kamida 1,5 m bo‘lib, yon tomonlari devorcha va to‘siqlarga ega bo‘lishi kerak.
47. Tashkilot hududida har kuni tozalab va dezinfeksiya qilib turiladigan axlat tashlanadigan idishlar bo‘lishi shart.
48. Tashkilotning hududi chegara bo‘ylab to‘silgan va uning hududiga begonalarning kirishi cheklangan va nazorat ostiga olingan bo‘lishi lozim.
11-§. Bino va inshootlarga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
Oldingi tahrirga qarang.
49. Tashkilotdagi binolar va xonalar SHNQ 2.09.02-23 “Korxonalarning ishlab chiqarish hamda ma’muriy-maishiy bino va inshootlari. Loyihalash talablari” shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
(49-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2026-yil 25-iyundagi 19-2026/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3910, 27.07.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.07.2026-y., 10/26/3910/0790-son)
50. Binolar va xonalardagi havoning harorati, nisbiy namligi va harakatlanish tezligi GOST 12.1.005-88 “Ish hududining havosi. Umumiy sanitariya-gigiyenik talablari”ga muvofiq bo‘lishi kerak.
51. Muntazam ishlashga mo‘ljallangan xonalarning pollariga yog‘och to‘shamalar va panjaralar yotqizilgan bo‘lishi, mazkur pol to‘shamalari zararli moddalar, ishlab chiqarishdagi kirlar va changlardan yengil tozalangan bo‘lishi zarur.
52. Binoning transport vositalari kirish joylarida darvozalar va signal asbob-uskunalari o‘rnatilgan bo‘lishi lozim.
53. Darvoza tavaqalari darvozaning yopiq va ochiq holatida maxsus moslamalar bilan mustahkam tutib turilgan bo‘lishi kerak.
54. Transport vositalarining binoga kirishi uchun darvoza eni foydalanilayotgan transport vositalari enidan ortiq bo‘lishi, darvozalarning balandligi transport vositalarining balandligidan kamida 0,2 m ortiq bo‘lishi zarur.
55. Tashkilotlarda binolar va inshootlardan foydalanish holatini muntazam kuzatish tashkil etilgan bo‘lishi kerak.
56. Barcha ishlab chiqarish binolari va inshootlari bir yilda kamida ikki marta (bahorgi va kuzgi mavsumda) tashkilot rahbari tayinlagan komissiya tomonidan texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi lozim. Texnik ko‘rik xulosalari aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tadbirlar va ularni amalga oshirish muddatlari ko‘rsatilgan dalolatnomalar bilan rasmiylashtirilishi zarur.
57. Xodimlar uchun xavf tug‘diruvchi halokat tusidagi buzilishlar tezda bartaraf etilishi kerak. Bunda xavfli hududlardagi ish va o‘quv jarayoni halokat bartaraf etilgunga qadar to‘xtatib turilishi va u yerdagi xodimlar va o‘quvchilar xavfsiz joyga ko‘chirilishi kerak.
58. Tashkilotning binolari va inshootlari yong‘indan xabar beruvchi va yong‘inni bartaraf etuvchi avtomatik qurilmalar bilan jihozlangan bo‘lishi lozim.
59. Kirish va chiqish yo‘llari turli jismlar va asbob-uskunalar bilan to‘sib qo‘yilmasligi kerak. Evakuatsiya chiqish yo‘llarining barcha eshiklari binodan chiqish yo‘nalishi bo‘yicha ochilishi zarur.
12-§. Shovqin va tebranishga qo‘yiladigan talablar
60. Ish joylarida, xonalarda va tashkilot hududida shovqin va tebranishning darajasi SanQvaM 0120-01 “Ish joylarida shovqinning yo‘l qo‘yilgan darajasining sanitariya me’yorlari”, SanQvaM 0122-01 “Ish joylarida umumiy va lokal tebranishning sanitariya me’yorlari”, GOST 12.1.003-89 “Shovqin. Umumiy xavfsizlik talablari” va GOST 12.1.012-90 “Tebranma. Umumiy xavfsizlik talablari”ga muvofiq bo‘lishi kerak.
61. Ish joylarida shovqin va tebranish darajasi muntazam nazorat qilib turilishi kerak. Agarda u belgilangan me’yorlardan yuqori bo‘lsa, uni pasaytirish uchun quyidagi tadbirlar qo‘llanishi lozim:
detallarning zarbali harakatlarini zarbasiz harakatlarga, ilgarilama-qaytma harakatlarni aylanma harakatlarga o‘zgartirish;
shovqin chiqaruvchi agregat yoki uning ayrim qismlariga shovqinni to‘suvchi qobiqlar o‘rnatish;
agregatdan chiqayotgan aerodinamik shovqinlarga qarshi samarali tovush so‘ndirgichlar qo‘llash;
shovqinli uskunalarni (parraklar, kompressor) to‘silgan xonalarida yoki ishlab chiqarish xonalaridan tashqariga joylashtirish;
tebranish manbalarini (elektr dvigatellar, parraklar va boshqalar) poldan va binoning boshqa konstruksiyalaridan izolyatsiyalangan mustaqil poydevorlarda yoki maxsus hisoblab chiqilgan amortizatorlarga o‘rnatish.
62. Shovqinni texnik vositalar bilan bartaraf etish imkoni bo‘lmasa, eshitish a’zolarini yakka tartibdagi himoya vositalari va shovqinga qarshi kaskalardan foydalangan holda himoyalash kerak.
13-§. Shamollatish va isitish tizimiga qo‘yiladigan talablar
Oldingi tahrirga qarang.
63. Shamollatish va isitish tizimi SHNQ 2.04.05-22 “Isitish, ventilyatsiya va konditsiyalash” shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
(63-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2026-yil 25-iyundagi 19-2026/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3910, 27.07.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.07.2026-y., 10/26/3910/0790-son)
64. Oqimli shamollatishlarni tashqi havo tizimidan olish yerdan kamida 2 m balandlikda bajarilishi kerak.
65. O‘tish joylarida joylashgan isitish jihozlari o‘tish yo‘laklarining kengligiga qo‘yilgan talablarni buzmasligi zarur.
66. Ish joylaridagi havo harorati yengil jismoniy ishda 21°C, o‘rtacha og‘ir ishda 17°C va og‘ir ishda 16°C dan past bo‘lmasligi kerak.
67. Xodimlarning isinishi uchun mo‘ljallangan xonalardagi havo harorati 22°C dan kam bo‘lmasligi kerak.
68. Xodimlarning isinishi uchun mo‘ljallangan xonalargacha bo‘lgan masofa binolarda joylashgan ish joylaridan 75 m dan va bino tashqarisidagi ish joylaridan 150 m dan ko‘p bo‘lmasligi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
14-§. Suv ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimiga qo‘yiladigan talablar
(14-paragrafning nomi O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 28-noyabrdagi 21-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3719, 06.12.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.12.2025-y., 10/25/3719/1145-son)
Oldingi tahrirga qarang.
69. Suv bilan ta’minlash va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimi SHNQ 2.04.01-22 “Binolarning ichki suv ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish” talabiga mos kelishi kerak.
(69-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 28-noyabrdagi 21-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3719, 06.12.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.12.2025-y., 10/25/3719/1145-son)
70. Ichimlik suvi O‘zDSt 950-2011 “Ichimlik suvi. Gigiyenik talablar va sifatini nazorat qilish” talablariga muvofiq bo‘lishi, uning harorati 8°C dan 20°C gacha bo‘lishi kerak.
71. Ichimlik suvidan foydalanish uchun suv quvuriga ulangan favvorachalar o‘rnatilishi yoki maxsus idishlarda qaynatilgan suv bo‘lishi lozim.
15-§. Yoritishga qo‘yiladigan talablar
Oldingi tahrirga qarang.
72. Tashkilot hududi va xonalarini tabiiy va sun’iy yoritish SHNQ 2.01.05-24 “Tabiiy va sun’iy yoritish” shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
(72-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2026-yil 25-iyundagi 19-2026/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3910, 27.07.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.07.2026-y., 10/26/3910/0790-son)
73. Yoritish vositalari toza va soz holatda bo‘lishi zarur. Yorug‘lik tushuvchi oynalar har yili kamida ikki marotaba tozalanishi lozim.
74. Yorug‘lik tushuvchi oyna va eshiklar turli buyumlar bilan to‘sib qo‘yilmasligi kerak.
75. Sun’iy yoritish umumiy va birlashgan tizim orqali amalga oshirilishi zarur. Birgina mahalliy yoritishni qo‘llash taqiqlanadi.
76. Tashkilot hududi va xonalarida yoritish vositalarining ko‘zni qamashtirishidan saqlash choralari ko‘rilgan bo‘lishi kerak.
77. Ish joylari va xonalarda portlash xavfi bo‘lgan gaz va chang konsentratsiyasi yig‘ilib qolish ehtimoli mavjud bo‘lsa, elektr yoritish tizimi xonadan tashqarida o‘rnatilishi kerak.
78. Xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan xonalarda kuchlanishi 36 V dan yuqori bo‘lmagan ko‘chma elektr yoritqichlar ishlatilishi kerak. Uskunalar va inshootlarning ichki sirtini yoritish uchun ishlatiladigan ko‘chma elektr yoritqichlarning kuchlanishi 12 V dan oshmasligi kerak.
79. Ko‘chirib yuriluvchi yoritqichlar shishali himoya qopqoqlari va metall to‘r bilan jihozlangan bo‘lishi lozim. Ushbu yoritqichlar va boshqa ko‘chirib yuriluvchi apparatlar uchun mis tolali egiluvchan elektr o‘tkazgichlar qo‘llanilishi zarur.
80. Evakuatsiya yo‘laklari va zinapoyalarda avariya yoritqichlari bo‘lishi kerak.
81. Avariya yoritqichlari boshqa yoritqichlardan turi, o‘lchami va maxsus tushirilgan belgilari bilan ajralib turishi va vaqti-vaqti bilan changdan tozalab turilishi lozim.
82. Avariya yoritish tarmoqlariga elektr energiya iste’molchilarining ulanishi taqiqlanadi. Avariya yoritilishlarining sozligi har chorakda kamida bir marta tekshirilishi zarur.
16-§. Maishiy imoratlarga qo‘yiladigan talablar
Oldingi tahrirga qarang.
83. Tashkilotlarning maishiy bino va xonalari SHNQ 2.09.04-23 “Korxonalarning ishlab chiqarish hamda ma’muriy-maishiy bino va inshootlari. Loyihalash talablari” shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
(83-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2026-yil 25-iyundagi 19-2026/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3910, 27.07.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.07.2026-y., 10/26/3910/0790-son)
84. Kiyim almashtirish xonalari, dushxonalarning o‘lchamlari, dush setkalari, oyoq vannalari, bet-qo‘l yuvgichlar, ichimlik suvi ta’minoti qurilmalari, hojatxonalar va boshqa maishiy xona va jihozlarning soni smenadagi eng ko‘p xodimlar soni hisobga olingan holda belgilanishi zarur.
85. Dushxonalar va hojatxonalardagi tarnovlar, kanallar, traplar, pissuarlar va unitazlar muntazam ravishda tozalanishi, yuvilishi va dezinfeksiya qilinishi lozim.
86. Barcha maishiy imoratlar ozoda saqlanishi, muntazam dezinfeksiya qilinishi va sutkaning qorong‘i paytida yoritilgan bo‘lishi kerak.
17-§. Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilishga qo‘yiladigan talablar
87. Tashkilot faoliyati atrof tabiiy muhitning (havo, tuproq, suv havzalari) ifloslanishiga va zararli omillarning tegishli normalardan ortiq darajada tarqalishiga olib kelmasligi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
88. Mashg‘ulotlarni amalga oshirishda atrof tabiiy muhitning oqova suvlarni chiqarib yuborish, shamollatish tizimi chiqindilari va boshqa chiqindilar bilan ifloslanishi ehtimolini istisno etadigan sharoitlar ta’minlanishi lozim.
(88-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 28-noyabrdagi 21-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3719, 06.12.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.12.2025-y., 10/25/3719/1145-son)
89. Tashkilotlarda chiqindilarni yig‘ish uchun atrofi o‘ralgan maxsus joy ajratilishi va chiqindilar uchun maxsus idishlar bilan ta’minlanishi kerak. Ushbu idishlar chiqindilar bo‘shatilganda xlorli ohak eritmasi bilan dezinfeksiya qilinishi va yuvilishi kerak.
18-§. Mehnat va dam olishga qo‘yiladigan talablar
Oldingi tahrirga qarang.
90. Xodimlarning ish vaqti, shu jumladan qisqartirilgan ish vaqti, dam olish va tanaffuslar vaqti tashkilot tomonidan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
(90-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 13, 14-boblari.
3-bob. O‘quv jarayonlarini tashkil etishga qo‘yiladigan talablar
1-§. Taktik o‘quv xonalari va otish mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan joylarga qo‘yiladigan talablar
91. Taktik o‘quv xonalarining yuzasi bir kishi uchun 2,1 m2 bo‘lishi kerak.
92. Taktik o‘quv va otish mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan xonalarning poli yog‘och yoki shunga o‘xshash materiallardan bo‘lishi zarur.
93. Taktik o‘quv va otish mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan xonalarning eshik va derazalari yaxshi yopiladigan bo‘lishi lozim.
94. Taktik o‘quv xonalari va otish mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan joylarda o‘quvchilar va xodimlar hayoti uchun xavf tug‘diruvchi holatlar tezda bartaraf etilishi kerak.
95. Taktik o‘quv va otish mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan xonalarda hashoratlar, kemiruvchi va sudralib yuruvchi hayvonlarning paydo bo‘lishiga qarshi choralar ko‘rib borilishi lozim. Mazkur xonalarda o‘quv mashg‘ulotlari boshlanadigan kundan kamida 10 kun oldin dezinfeksiya ishlari o‘tkazilishi kerak.
96. Taktik o‘quv va otish mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan xonalarda polga mustahkam o‘rnashmagan buyumlar va jihozlar qo‘yilmasligi, ushbu xonalarning devorlarida ko‘chib tushgan yoki tirqish joylar bo‘lmasligi zarur.
97. Taktik o‘quv va otish mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan xonalarda, ularning devorlarida elektr simlari yuzaga chiqib qolmasligi, elektr simlari izolyatsiyasining yorilgan joylari bo‘lmasligi, razetka va o‘chirgichlar yaxshi himoyalangan hamda ishchi holatda bo‘lishi kerak.
98. Taktik o‘quv xonalari va otish mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan joylar birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatish uchun vositalar bilan ta’minlangan bo‘lishi zarur.
2-§. Yong‘in va portlash xavfsizligiga qo‘yiladigan talablar
99. Tashkilotlarda yong‘in va portlash xavfsizligi GOST 12.1.004-91 “Yong‘in xavfsizligi. Umumiy talablari” va GOST 12.1.010-90 “Portlash xavfi. Umumiy talablari”ga muvofiq ta’minlanishi lozim.
100. Tashkilot binolari va xonalarining portlash jihatidan xavflilik darajalari loyiha tashkiloti tomonidan SHNQ 2.01.19 — 09 “Bino, xona va tashqi qurilmalarning portlash, yong‘in va yong‘in xavfliligi toiflarini aniqlash”ga muvofiq har bir holat uchun alohida aniqlanishi kerak.
101. Harbiy tayyorgarlik mashg‘ulotlarini o‘tkazishda ularda oldindan nazarda tutilmagan yong‘inlar, portlashlar, avariyalar, zaharlanishlar sodir bo‘lishi ehtimolini istisno etadigan sharoitlar ta’minlanishi lozim.
102. Tashkilot binolari va xonalari dastlabki yong‘inni o‘chirish vositalari bilan ta’minlangan bo‘lishi shart.
103. Shamollatish tizimi yong‘indan darak beruvchi signalizatsiya bilan birlashtirilgan bo‘lishi lozim.
104. Yong‘in suv manbai yo‘laklari hamda yong‘inni o‘chirish vositalariga boradigan yo‘laklar doimo bo‘sh bo‘lishi kerak.
105. Yong‘in va portlash xavfi mavjud bo‘lgan uskunalar va ish joylarida ochiq olovdan foydalanishni taqiqlovchi hamda alangalanuvchi va portlovchi moddalar bilan ishlashda ehtiyotkorlikka rioya qilish zarurligi to‘g‘risida ogohlantiruvchi belgilar bo‘lishi zarur.
106. Xodimlar bilan yong‘in xavfsizligi bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazilishi va ularga yong‘inning oldini olish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar berilishi kerak.
3-§. Elektr qurilmalariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
Oldingi tahrirga qarang.
107. Tashkilotlarda elektr qurilmalarini o‘rnatishda va ulardan foydalanishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi 712-son qarori bilan tasdiqlangan Iste’molchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari va Iste’molchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalari talablariga rioya qilinishi kerak.
(107-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2026-yil 25-iyundagi 19-2026/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3910, 27.07.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.07.2026-y., 10/26/3910/0790-son)
108. Elektr energiyasidan foydalanadigan tashkilotlarda tashkilot rahbarining buyrug‘i bilan muhandis-texnik xodimlardan elektr xavfsizligi uchun mas’ul xodim tayinlangan bo‘lishi va bu xodim elektr xavfsizligi bo‘yicha tegishli malaka guruhiga ega bo‘lishi shart.
109. Elektr xavfsizligi uchun mas’ul xodim kuchlanishi 1000 V va undan yuqori bo‘lgan elektr uskunalarga xizmat ko‘rsatishi uchun elektr xavfsizligi bo‘yicha V malaka guruhiga, kuchlanishi 1000 V gacha bo‘lgan elektr uskunalarga xizmat ko‘rsatish uchun esa IV malaka guruhiga ega bo‘lishi talab etiladi. Mas’ul xodim davriy ravishda va o‘rnatilgan tartibda tashkilotda tuzilgan elektr xavfsizligi bo‘yicha komissiyada sinovdan o‘tishi shart.
110. Elektr xavfsizligi uchun mas’ul xodim:
elektr qurilmalarining ishonchli, tejamli va xavfsiz ishlashini;
elektr qurilma va tarmoqlarda rejali ta’mirlash ishlari hamda profilaktik sinovlarning belgilangan muddatlarda o‘tkazilishini;
elektr energiya sarfining hisobi olib borilishini;
himoya vositalari va yong‘inga qarshi jihozlar mavjudligi hamda ularning o‘z vaqtida sinovdan o‘tkazib turilishini ta’minlashi kerak.
111. Elektr toki o‘tkazuvchi qismlar, taqsimlovchi qurilmalar, apparatlar va o‘lchash asboblari, shuningdek turli saqlovchi qurilmalar, rubilniklar va boshqa ishga tushiruvchi moslamalar faqat yonmaydigan asoslarda montaj qilinishi lozim.
112. Yuqori namlik va issiqlik ajralib chiquvchi xonalarda elektr yoritqichlar namlikdan, elektr dvigatellari esa, suyuqlik sachrashidan himoyalangan bo‘lishi shart.
113. Taqsimlovchi qurilmalar izolyatsiyasining qarshiligi va chidamliligi tekshirib turilishi zarur.
114. Binolar va maishiy xonalarda qo‘llaniluvchi lyuminessent yoritqichlar yopiq holda, namlik va chang o‘tkazmaydigan maxsus armaturada bajarilishi lozim.
115. Kabellar va elektr simlarning izolyatsiyasi, tashqi birikmalar, elektr tokidan himoyalovchi yerga ulangan simlar, elektr dvigatellarning ishlash rejimi ko‘rikdan o‘tkazilishi va o‘lchash asboblari orqali tekshirib turilishi kerak.
116. Elektr apparatlari va agregatlarining nollash va yerga ulash simlari butunligi kamida 6 oyda bir marta tekshirilishi, tekshirish natijalari dalolatnoma bilan rasmiylashtirilishi zarur.
117. Quyidagi elektr qurilmalari nollanishi yoki yerga ulanishi lozim:
kuchlanishi 380 V undan yuqori bo‘lgan o‘zgaruvchan tok hamda 440 V va undan yuqori bo‘lgan o‘zgarmas tokda ishlovchi barcha elektr qurilmalari;
nominal kuchlanishi 42 V dan yuqori, lekin 380 V dan past bo‘lgan o‘zgaruvchan tok va 110 V dan yuqori, lekin 440 V dan past o‘zgarmas tokda ishlovchi yuqori xavfli tashqi qurilmalar.
118. Nominal kuchlanishi 42 V gacha bo‘lgan o‘zgaruvchan tokda va 110 V gacha bo‘lgan o‘zgarmas tokda ishlaydigan elektr qurilmalarini nollash yoki yerga ulash talab etilmaydi, metall konstruksiyaga o‘rnatilgan nazorat kabellari, kuch kabellarining metall qobiqlari hamda portlash xavfi bo‘lgan xonalardagi elektr qurilmalar, payvandlash transformatorining ikkilamchi cho‘lg‘amalari bundan mustasno.
119. Bitta elektr shtepseliga bir nechta iste’molchilarni ulash taqiqlanadi.
120. Changlarning statik elektr razryadlaridan alangalanib ketmasligi uchun uskunalarning g‘iloflari, asosiy vallari va havo quvurlari yerga ulangan bo‘lishi lozim.
121. Havo quvurlarining filtrlari mayda katakli metall to‘r bilan o‘ralgan va to‘r yerga ulangan bo‘lishi lozim.
122. Tashkilotning bino va inshootlari yashin qaytargichlar o‘rnatilgan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yashin urishidan himoyalangan bo‘lishi zarur. Yashin qaytargichlar har yili bahorgi mavsumda tekshirib turilishi, aniqlangan nosozliklar bartaraf etilishi lozim.
4-§. Otish mashg‘ulotlarini o‘tkazishga qo‘yiladigan talablar
123. Otish mashg‘ulotlarini o‘tkazish uchun ta’lim muassasasi rahbarining buyrug‘i bilan otish mashg‘ulotlarini o‘tkazish uchun mas’ul xodim tayinlanishi zarur.
124. Otish mashg‘ulotlarini o‘tkazish rejasi otish mashg‘ulotlarini o‘tkazish uchun mas’ul xodim tomonidan ishlab chiqilishi va ta’lim muassasasi rahbari tomonidan tasdiqlanishi kerak.
125. Otish mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan hududlar otish mashg‘ulotlari boshlanishidan oldin shahar (tuman) mudofaa ishlari bo‘limlari bilan hamkorlikda tekshirib chiqilishi lozim.
126. Otish mashg‘ulotlarini o‘tkazishdan oldin o‘quvchilar texnika xavfsizligi va otish qoidalariga rioya etish haqida ogohlantirilishi zarur.
127. Otish mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan joyda tasodifan harakatlanuvchi obyektlar paydo bo‘lganda, mashg‘ulotlar mas’ul xodim tomonidan sirena tovushi yoki qizil bayroq ko‘tarish orqali to‘xtatilishi kerak.
128. Otish mashg‘ulotlari tugatilgandan keyin mas’ul xodim tomonidan hisobot tayyorlanishi va ta’lim muassasasi rahbariga taqdim etilishi lozim.
4-bob. Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
129. Mazkur Qoidalarga amal qilish uchun javobgarlik tegishli ishlarni bajaruvchi tashkilotlar zimmasiga yuklatiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
130. Mansabdor shaxslar va xodimlar mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilmaganliklari uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladi.
(130-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 49-moddasi.
5-bob. Yakuniy qoida
131. Mazkur Qoidalar O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, “Sanoatgeokontexnazorat” Davlat inspeksiyasi va “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi bilan kelishilgan.
Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisi B. ZOKIROV
2014-yil 8-sentabr,
Ichki ishlar vaziri A. AXMEDBOYEV
2014-yil 8-sentabr,
Mudofaa vaziri Q. BERDIYEV
2014-yil 8-sentabr,
Sog‘liqni saqlash vaziri A. ALIMOV
2014-yil 8-sentabr,
Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Sh. TESHAYEV
2014-yil 8-sentabr,
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A. VAXABOV
2014-yil 8-sentabr,
Xalq ta’limi vaziri U. INOYATOV
2014-yil 8-sentabr,
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi T. NARBAYEVA
2014-yil 8-sentabr,
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi direktori U. SALIMOV
2014-yil 8-sentabr,
“Sanoatgeokontexnazorat” Davlat inspeksiyasi boshlig‘i B. GULYAMOV
2014-yil 8-sentabr,
“O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi boshlig‘i A. NIMATULLAYEV
2014-yil 8-sentabr,
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2014-y., 41-son, 514-modda; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 10.12.2025-y., 10/25/3719/1145-son; 27.07.2026-y., 10/26/3910/0790-son)