Suvga quduqlarni burg‘ulash uchun ruxsatnoma berish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 27-iyundagi 430-sonli “Yer osti suvlaridan foydalanish sohasidagi faoliyatni yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
“Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Tadbirkorlik faoliyati sohasida ruxsat berish tartiblari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida” 2013-yil 15-avgustdagi 225-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Suvga quduqlarni burg‘ulash uchun ruxsatnoma berish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va iste’mol tovarlari masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 4-avgust,
214-son
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 4-avgustdagi 214-son qaroriga ILOVA
Suvga quduqlarni burg‘ulash uchun ruxsatnoma berish tartibi to‘g‘risida
Nizom
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom yuridik va jismoniy shaxslar (keyingi o‘rinlarda ariza beruvchi deb ataladi) uchun suvga quduqlarni burg‘ulash uchun ruxsatnoma (keyingi o‘rinlarda ruxsatnoma deb ataladi) berish tartibini belgilaydi.
Yer osti suvlaridan sutkasiga 5 kub metrgacha hajmda yakka tartibda suv olishni ko‘zda tutuvchi jismoniy shaxslar uchun suvga quduqlarni burg‘ulash uchun ruxsatnoma talab etilmaydi.
Ruxsatnoma berish ushbu Nizomning 1-ilovasiga muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.
2. Suvga quduqlarni burg‘ulash ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda Davlat geologiya qo‘mitasi deb ataladi) organlari bilan kelishuv bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining (keyingi o‘rinlarda Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi deb ataladi) hududiy organi tomonidan beriladigan amal qilishi bir martalik ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi.
3. Suvga quduqlarni burg‘ulash, suvga burg‘ulash ishlari amalga oshirilishini hisobga olish va ularni nazorat qilishni tartibga solish, yer osti suvlaridan maqsadsiz foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik ruxsatnomani berishning maqsadi hisoblanadi.
4. Ruxsatnoma olish uchun ariza beruvchilar ushbu Nizomning 7-bandida nazarda tutilgan zarur hujjatlar to‘plamini Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining hududiy organlariga taqdim etadilar.
5. Ruxsatnomaning amal qilish muddati burg‘ulash ishlarini amalga oshirish davri uchun, biroq 3 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga belgilanadi.
II. Ruxsat berish talablari va shartlari
6. Quyidagilar ruxsatnomani berishda ruxsat berish talablari va shartlari hisoblanadi:
a) tegishli vakolatli organlar tomonidan tasdiqlangan normativ hujjatlar, shuningdek ekologik va sanitariya-gigiyena normalari va qoidalari talablariga rioya qilish;
b) quduqlarning loyiha parametriga rioya qilish;
v) davlat ekologiya ekspertizasi xulosalari shartlarini bajarish;
g) maxsus burg‘ulash uskunasi mavjud tashkilotlar tomonidan burg‘ulash ishlarini amalga oshirish;
d) tasdiqlangan loyihaga asosan quduqlar qurilishini amal oshirish;
e) burg‘ulashdan keyin quduq suvining talab etiladigan sifatga muvofiqligini aniqlash uchun kimyoviy tahlil o‘tkazish va quduq atrofidagi 1-mintaqaning sanitariya-muhofaza qilish hududini obodonlashtirish.
III. Ruxsatnoma olish uchun zarur hujjatlar
7. Ruxsatnoma olish uchun ariza beruvchilar Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining hududiy organlariga quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:
a) ushbu Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shakl bo‘yicha ariza;
b) tadbirkorlik subyekti — yuridik shaxs uchun yuridik shaxsning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi; tadbirkorlik subyekti — jismoniy shaxs uchun yakka tartibdagi tadbirkorning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi;
v) suvga quduqlarni burg‘ulash nazarda tutilgan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlar;
g) davlat ekologiya ekspertizasining ijobiy xulosasi.
8. Ruxsatnoma tusidagi hujjatni olish uchun zarur hujjatlar ariza beruvchi tomonidan Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining hududiy organlariga, ularni olganligi to‘g‘risidagi bildirishnoma bilan birga, bevosita pochta aloqasi vositalari orqali yoki elektron shaklda taqdim etiladi. Elektron shaklda taqdim etilgan hujjatlar arizachining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.
9. Ruxsatnoma olish uchun Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining hududiy organlariga taqdim etilgan hujjatlar ro‘yxat bo‘yicha qabul qilinadi va ro‘yxat darhol hujjatlar qabul qilingan sana haqidagi belgi bilan ariza beruvchiga beriladi (yuboriladi).
Ushbu Nizomning 7-bandida nazarda tutilmagan hujjatlar taqdim etishni ariza beruvchilardan talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
IV. Arizani ko‘rib chiqish va ruxsatnoma berish yoki uni berilishini rad etish haqida qaror qabul qilish
10. Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining hududiy organlari ushbu Nizomning 7-bandida nazarda tutilgan hujjatlar qabul qilingan kundan boshlab o‘n besh ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatda (Davlat geologiya qo‘mitasi organlari bilan kelishish uchun zarur bo‘lgan vaqtni hisobga olgan holda) ruxsatnoma olish uchun taqdim etilgan materiallarni ko‘rib chiqadilar va uni berish yoki berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladilar.
11. Ariza ko‘rib chiqilganligi uchun to‘lov undirilmaydi.
12. Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining hududiy organi taqdim etilgan materiallarni o‘rganib chiqadi va e’tirozlar bo‘lmaganda, yetti ish kuni mobaynida ularni kelishish uchun pochta aloqasi vositasi orqali yoki elektron shaklda Davlat geologiya qo‘mitasi organlariga yuboradi.
13. Davlat geologiya qo‘mitasi organlari hujjatlar olingan kundan boshlab besh ish kuni mobaynida Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining hududiy organlariga ajratilgan yer uchastkasida suvga quduqni burg‘ulash imkoniyati to‘g‘risidagi xulosani yoki burg‘ulash mumkin emasligi haqidagi asoslangan yozma xulosani taqdim etadilar.
14. Taqdim etilgan xulosa asosida Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining hududiy organi uch ish kuni mobaynida ruxsatnoma berish yoki uni berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Ruxsatnoma berilganligi uchun yig‘im undirilmaydi.
15. Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining hududiy organi tegishli qaror qabul qilingan sanadan boshlab bir ish kunidan kechikmasdan ariza beruvchiga ruxsatnomani beradi (yuboradi) yoki uni ruxsatnoma berish rad etilganligi to‘g‘risida yozma ravishda xabardor qiladi.
16. Quyidagi hollarda ariza beruvchilarga ruxsatnoma berishda rad javobi berilishi mumkin:
a) ushbu Nizomning 7-bandida nazarda tutilgan hujjatlar to‘liq hajmda taqdim etilmaganda;
b) hujjatlarda ishonchsiz yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar mavjud bo‘lganda;
v) ruxsatnoma berishda ariza beruvchi ruxsat berish talablari va shartlariga nomuvofiq bo‘lganda;
g) Davlat geologiya qo‘mitasi organlarining ajratilgan yer uchastkasida burg‘ulash mumkin emasligi haqidagi asoslangan yozma xulosasi mavjud bo‘lganda.
17. Boshqa asoslar, shu jumladan maqsadga muvofiq emasligi sabablari bo‘yicha ruxsatnoma berishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
18. Ruxsatnoma berishni rad etish haqidagi qaror qabul qilingan taqdirda, rad etish sabablari, qonun hujjatlarining aniq normalari va ariza beruvchi ko‘rsatib o‘tilgan sabablarni bartaraf etib, qayta ko‘rib chiqish uchun hujjatlar taqdim qilishi mumkin bo‘lgan muddatni ko‘rsatgan holda ariza beruvchiga yozma shaklda rad etish to‘g‘risidagi xabarnoma yuboriladi (topshiriladi).
Ariza beruvchi ruxsatnoma berishni rad etish haqidagi yozma xabarnoma olingan kundan boshlab o‘n ish kunidan kam bo‘lmagan muddat mobaynida rad etish sabablarini bartaraf etish va hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish uchun taqdim etish huquqiga ega.
19. Ruxsatnoma berishni rad etish uchun asos bo‘lgan sabablar bartaraf etilgan taqdirda, belgilangan muddatda hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining hududiy organi tomonidan, ariza beruvchining rad etish sabablari bartaraf etilganligi to‘g‘risidagi arizasi va rad etish sabablari bartaraf etilganligini tasdiqlovchi tegishli hujjatlar olingan kundan boshlab besh ish kunidan oshmaydigan muddatda amalga oshiriladi.
20. Hujjatlarni qayta ko‘rib chiqishda Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining hududiy organi tomonidan, ariza beruvchiga avval yozma shaklda bayon etilmagan rad etish sabablarini keltirishga, ilgari ko‘rsatilgan sabablar bartaraf etilganligini tasdiqlovchi hujjatlar bilan bog‘liq rad etish sabablaridan tashqari, yo‘l qo‘yilmaydi.
21. Rad etilganlik haqidagi yozma xabarnomada keltirilgan muddat o‘tgandan so‘ng ariza beruvchi tomonidan berilgan ariza yangidan berilgan ariza hisoblanadi va Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining hududiy organi tomonidan umumiy asoslarda ko‘rib chiqiladi.
22. Ariza beruvchi ruxsatnoma berishni rad etish to‘g‘risidagi qaror, shuningdek Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining hududiy organi mansabdor shaxsining harakati (harakatsizligi) yuzasidan belgilangan tartibda shikoyat qilishga haqli.
V. Ruxsatnomaning dublikatini berish, uning amal qilishini to‘xtatib turish, to‘xtatish va ruxsatnomani bekor qilish
23. Ruxsatnoma yo‘qolgan yoki yaroqsiz bo‘lib qolgan taqdirda, ariza beruvchining arizasi asosida uning dublikati beriladi.
24. Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining hududiy organi ruxsatnomaning dublikatini ariza beruvchidan ariza, shuningdek ruxsatnoma xususiyatiga ega bo‘lgan hujjatning yaroqsiz bo‘lib qolgan asl nusxasi olingan kundan boshlab besh ish kunidan ortiq bo‘lmagan muddatda ruxsatnomaning dublikatini berishga majbur. Dublikat berilganligi uchun yig‘im undirilmaydi.
25. Ruxsatnomaning amal qilishini to‘xtatib turish, to‘xtatish va uni bekor qilish “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining tegishli ravishda 22, 23 va 25-moddalarida ko‘zda tutilgan hollarda va tartibda amalga oshiriladi.
26. Ruxsatnomaning amal qilish muddatini belgilangan tartibda to‘xtatish uchun asos bo‘ladigan ruxsatnoma talablari va shartlarining bir martalik qo‘pol buzilishiga burg‘ulash loyihasida ko‘zda tutilgan burg‘ulash ishlarining amalga oshirilishi natijasida atrof tabiiy muhitga, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetkazilishi yoki bunday zarar yetkazilishining muayyan xavfi paydo bo‘lishi kiradi.
VI. Ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish
27. Ariza beruvchi — yuridik shaxs o‘zgarganda, uning nomi yoki joylashgan joyi (pochta manzili) o‘zgarganda, ariza beruvchi yoxud uning huquqiy vorisi qayta ro‘yxatga olingandan so‘ng yetti ish kuni mobaynida Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining hududiy organiga ko‘rsatilgan ma’lumotlarni tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish to‘g‘risida ariza berishi shart.
28. Ariza beruvchi — jismoniy shaxsning unga berilgan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganlik to‘g‘risidagi guvohnomada keltirilgan familiyasi, ismi, otasining ismi yoki faoliyat joyi o‘zgargan taqdirda, ariza beruvchi qayta ro‘yxatdan o‘tgandan keyin yetti ish kuni mobaynida hududiy organga, ko‘rsatilgan ma’lumotlarni tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda, ariza berishi shart.
29. Hujjatlar ariza beruvchi tomonidan Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining hududiy organiga bevosita, ularning olinganligi haqidagi xabarnoma bilan pochta aloqasi vositasi orqali yoki elektron shaklda taqdim etiladi. Elektron shaklda taqdim etilgan hujjatlar arizachining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.
30. Ruxsatnoma qayta rasmiylashtirilgunga qadar, ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish to‘g‘risida arizani bergan ariza beruvchi yoki uning huquqiy vorisi (merosxo‘ri) Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hududiy organining qabul qilganligi to‘g‘risidagi belgi bilan ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish to‘g‘risida berilgan arizasi asosida unda ko‘rsatilgan harakat va (yoki) faoliyatni bajaradi yoki amalga oshiradi.
31. Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining hududiy organi ruxsatnomani qayta rasmiylashtirishda berilgan ruxsatnomalar reyestriga tegishli o‘zgartirishlar kiritadi.
32. Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining hududiy organi tomonidan tegishli hujjatlar ilova qilingan holda ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish to‘g‘risidagi ariza olingan kundan boshlab besh ish kunidan ortiq bo‘lmagan muddatda ruxsatnomani qayta rasmiylashtiradi va beradi.
33. Ushbu bo‘limda nazarda tutilmagan hujjatlarni taqdim etishni ariza beruvchidan talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
VII. Berilgan ruxsatnomalar reyestri
34. Berilgan ruxsatnomalar reyestrida quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi:
a) arizachining nomi, tashkiliy-huquqiy shakli, pochta manzili va telefon raqami (jismoniy shaxslar uchun — familiyasi, ismi, otasining ismi, pasportining ma’lumotlari);
b) ruxsatnomaning ro‘yxatdan o‘tkazilgan tartib raqami, berilgan sanasi va amal qilish muddati;
v) quduqlarning tartib raqami, chuqurligi va maqsadli foydalanilishi;
g) ruxsatnomalarni qayta rasmiylashtirish, amal qilishini to‘xtatish, to‘xtatib turish va ularni tiklash, dublikatlarini berish, ruxsatnomalarni bekor qilish asoslari va sanasi.
Ruxsatnoma tusida berilgan hujjatlar reyestridagi mavjud ma’lumotlar yuridik va jismoniy shaxslarning ular bilan tanishib chiqishi uchun ochiq hisoblanadi.
Suvga quduqlarni burg‘ulash uchun ruxsatnoma berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga 1-ILOVA
Suvga quduqlarni burg‘ulash uchun ruxsatnoma berish
sxemasi
Suvga quduqlarni burg‘ulash uchun ruxsatnoma berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga 2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi ___________________________________________________________________ (hududiy tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasinig nomi) SUVGA QUDUQLARNI BURG‘ULASh UChUN RUXSATNOMA
20__ “__”_____________
Ro‘yxatga olish raqami_____
1. Ushbu ruxsatnoma ____________________________________________________ da
____________________________________________________ uchun suvga quduqlarni
(suvdan maqsadli foydalanish)
burg‘ulash loyihasini amalga oshirish uchun berildi.
2. Suv olish inshooti ___ ta quduqlardan iborat va ______________________________
(loyihalash tashkilotining nomi)
________________________tomonidan ishlab chiqilgan loyihaga muvofiq qurilmoqda
3. Quduqning loyiha parametrlari quyidagicha: a) boshlang‘ich diametri _____________________ mm; b) boshqa diametrga o‘tish chuqurligi___________ m; v) yakunlovchi diametr ______________________ mm; g) quduqning loyihaviy chuqurligi __________ m.
4. Har bir quduqdan suv olish sutkasiga _______ m3 hajmda nazarda tutilgan.
5. Davlat ekologiya ekspertizasi xulosasi_____________________________________ ________________________________________________________________________
(xulosaning raqami, berilgan sanasi va xulosani bergan organning nomi)
6. Ushbu ruxsatnomaning amal qilish muddati - 20__ “__”_____________ gacha.
“KELIShILDI” Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining “___________________________” Davlat korxonasi direktori ____________________ (F.I.O., imzosi)
“KELIShILDI” O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining hududiy organi raisi _________________________ (F.I.O., imzosi)
M.O‘. Ro‘yxatdan o‘tkazilgan raqami ____ 20__ yil “__”__________
M.O‘.
Suvga quduqlarni burg‘ulash uchun ruxsatnoma berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga 3-ILOVA
Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hududiy organining raisi _________________________ga (F.I.O.)
Suvga quduq burg‘ulash uchun ruxsatnoma berish uchun ARIZA
______________________________________________________________________da joylashgan suvga quduq burg‘ulash uchun ruxsatnoma berishingizni so‘raymiz.
Arizaga ilova qilinayotgan hujjatlar ro‘yxati (Suvga quduqlarni burg‘ulash uchun ruxsatnoma berish tartibi to‘g‘risidagi Nizom talablariga muvofiq):