Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining
buyrugʻi
Odamning immunitet tanqisligi virusiga tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil 15-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2584]
Oʻzbekiston Respublikasining “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 39-son, 507-modda) muvofiq buyuraman:
1. Odamning immunitet tanqisligi virusiga tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. ALIMOV
Toshkent sh.,
2014-yil 15-aprel,
5-son
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2014-yil 15-apreldagi 5-sonli buyrugʻiga
ILOVA
Odamning immunitet tanqisligi virusiga tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq, shaxslarni odamning immunitet tanqisligi virusiga (OIV) tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
odamning immunitet tanqisligi virusi (bundan buyon matnda OIV deb yuritiladi) — odamning surunkali yuqumli immunitet tanqisligi kasalligini qoʻzgʻatuvchi;
OIV infeksiyasi — odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan surunkali yuqumli immunitet tanqisligi kasalligi;
orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi (bundan buyon matnda OITS deb yuritiladi) — odamning immunitet tanqisligi virusi odamning immun tizimini shikastlashi natijasida kasallik belgilari kelib chiqadigan OIV infeksiyasining soʻnggi bosqichi.
2. OIVga tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish tekshiruvdan oʻtayotgan shaxsning sogʻligʻi holatini oʻrganish va baholash hisoblanadi.
3. OIVga tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish quyidagi maqsadlarda oʻtkaziladi:
OIV infeksiyasiga barvaqt tashxis qoʻyish;
OIV infeksiyasini boshqalarga yuqishining oldini olish;
OIV infeksiyasining tarqalganlik darajasini hamda OIVga qarshi kurash tadbirlari samaradorligini baholash;
profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni belgilash;
epidemiyaning rivojlanishini prognoz qilish;
donorlar qoni va uning tarkibiy qismlarining xavfsizligini taʼminlash.
4. Davolash-profilaktika muassasalarining tibbiyot xodimlari OIVga tibbiy tekshiruvdan oʻtayotgan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar maxfiyligini taʼminlashi shart.
2-bob. OIVga tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish
Oldingi tahrirga qarang.
5. OIVga tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish pasport identifikatsiya ID-kartasi, tugʻilganlik haqida guvohnoma (bolalar uchun) yoxud shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat asosida amalga oshiriladi.
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2024-yil 10-yanvardagi 2-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2584-2, 05.02.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.02.2024-y., 10/24/2584-2/0097-son)
Tekshiruvdan oʻtayotgan shaxsning iltimosiga koʻra ixtiyoriy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish anonim boʻlishi mumkin.
6. OIVga tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish barcha davolash-profilaktika muassasalarida ixtiyoriy, majburiy yoki gʻayriixtiyoriy tartibda amalga oshiriladi.
7. OIVga tibbiy tekshiruvdan oʻtkazishda shaxs bilan qaysi tartibda tekshiruv oʻtkazilishidan qatʼi nazar, dastlabki va keyingi maslahatlashuv amalga oshiriladi.
8. Dastlabki va keyingi maslahatlashuv OIVga tibbiy tekshirish uchun shaxsdan qon namunasini olishni taklif etgan davolash-profilaktika muassasasi xodimi tomonidan amalga oshiriladi.
9. OIVga tibbiy tekshiruvdan oʻtayotgan shaxsga dastlabki maslahatlashuvda:
OIV haqida zarur maʼlumotlar beriladi;
shaxsning OIVni yuqtirish xavfi baholanadi;
shaxsni OIVga tibbiy tekshiruvdan oʻtish uchun qaror qabul qilishiga koʻmaklashiladi.
10. Keyingi maslahatlashuvda:
shaxsning xulq-atvori bilan bogʻliq vazifalar belgilab olinadi;
shaxsni ruhiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash amalga oshiriladi.
11. Dastlabki va keyingi maslahatlashuv amalga oshirilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar shaxsga davolash-profilaktika muassasasida ochilgan tibbiy hujjatga yozib qoʻyiladi.
12. Voyaga yetmaganlarni va muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslarni OIVga tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish ularning qonuniy vakillari roziligi bilan amalga oshiriladi.
13. Davolash-profilaktika muassasasi tibbiyot xodimlari OIVni yuqtirib olgan shaxsni davolashda hamda profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirishda shifokor sirini saqlagan holda shaxsga nisbatan insonparvarlik munosabatida boʻlib, uning huquqlarini poymol qilmasdan zarur tibbiy yordam koʻrsatishi shart.
14. Davolash-profilaktika muassasalarida OIVga tibbiy tekshiruvdan oʻtayotgan shaxsning vena qon tomiridan bir marta ishlatiladigan shprits bilan 5 ml hajmda qon olinib, quruq toza probirkaga solinadi.
15. Olingan qon namunasi immunoferment usulida (IFA) tekshirish uchun mazkur Qoidalarning 1-ilovasiga muvofiq shakldagi yoʻllanmaga asosan 24 soat ichida OIV infeksiyasiga tashxis qoʻyish laboratoriyalariga (bundan buyon matnda laboratoriya deb yuritiladi) yetkazib beriladi.
Bunda davolash-profilaktika muassasasi rahbarining buyrugʻi bilan OIV/OITS masalalari boʻyicha javobgar shaxs hamda qon namunasini laboratoriyaga yetkazib berish uchun tibbiyot xodimi belgilanadi.
16. Qon namunasini laboratoriyaga yetkazib beruvchi tibbiyot xodimi uni 4ºS dan 8ºS gacha boʻlgan haroratda saqlanishini taʼminlab beruvchi maxsus konteyner (termosumkalar) yoki bikslarda jamoat transporti boʻlmagan transport vositalarida laboratoriyaga olib boradi.
17. Qon namunasi olingan vaqtdan boshlab 24 soat ichida laboratoriyalarga yetkazib berilmagan taqdirda, qon zardobi ajratib olinadi. Bunda qon zardobi 4ºS dan 8ºS gacha boʻlgan haroratda saqlangan holda 5 kun ichida laboratoriyalarga yetkazib berilishi lozim.
18. Tekshiruvdan oʻtayotgan shaxsda OIV aniqlangan taqdirda, u bilan keyingi maslahatlashuv oʻtkaziladi hamda u dispanser hisobiga qoʻyiladi, mazkur shaxs oʻzga shaxslarga OIV infeksiyasini yuqtirganlik uchun jinoiy javobgarlik toʻgʻrisida mazkur Qoidalarning 2-ilovasiga muvofiq shaklda yozma ravishda ogohlantiriladi.
19. Nikohlanuvchi shaxslar Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 25-avgustdagi 365-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq, OIVga tibbiy koʻrikdan oʻtadi.
Oldingi tahrirga qarang.
20. OIVga tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish natijalari shifokor siri boʻlib, uni shaxs yoki uning qonuniy vakilining roziligisiz oshkor qilishga yoʻl qoʻyilmaydi, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
21. Ixtiyoriy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish tekshiruvdan oʻtayotgan shaxsning xohishiga koʻra, maxfiylikka rioya etilgan holda amalga oshiriladi.
22. OIVning yuqish xavfi yuqori deb hisoblangan shaxslarga davolash-profilaktika muassasalari tibbiyot xodimlari tomonidan ixtiyoriy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan oʻtish tavsiya etilishi shart.
23. Quyidagi klinik koʻrsatmalari mavjud boʻlgan shaxslarga ixtiyoriy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan oʻtish tavsiya etiladi:
tana harorati bir oydan ortiq vaqt davomida meʼyoridan yuqori koʻtarilib turgan shaxslar;
bir oydan ortiq davom etayotgan nomaʼlum etiologiyali diareya boʻlgan shaxslar;
uch oydan ortiq davom etayotgan limfoadenopatiya boʻlgan shaxslar;
surunkali va qaytalovchi, davolanishi natijasiz zotiljam boʻlgan shaxslar;
jinsiy aʼzolarining surunkali, bachadon va bachadon nayining ogʻir yalligʻlanishi, endometrit, adneksit kasalliklari mavjud boʻlgan shaxslar;
ogʻiz boʻshligʻining virusli yoki zamburugʻli kasalliklari va tilning tukli chaqalanishi (leykoplakiya) bilan kasallangan shaxslar;
immun tizimi buzilgan (t-xelperlarning kamayib ketishi) va chuqur immunitet tanqisligi holatida boʻlgan shaxslar;
koʻp marta qaytalanuvchi surunkali kasalliklar bilan kasallanayotgan shaxslar;
qon va boshqa biologik suyuqliklar retsipiyenti boʻlgan shaxslar;
mazkur Qoidalarning 3-ilovasidagi roʻyxatda nazarda tutilgan OIV infeksiyasiga xos boʻlgan opportunistik kasalliklari mavjud boʻlgan shaxslar.
24. Anonim ravishda IFA usulida tahlil oʻtkazilgan va musbat natija aniqlanganda, shaxsning qon namunalarini laborator tahlil qilish toʻxtatiladi. Bunda shaxs bilan keyingi maslahatlashuv oʻtkaziladi hamda shaxsini tasdiqlovchi hujjat asosida ixtiyoriy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan oʻtish tavsiya etiladi.
25. Quyidagilar majburiy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan oʻtkazilishi kerak:
qon, biologik suyuqliklar donorlari;
ellik yoshgacha boʻlgan nikohlanuvchi shaxslar;
inyeksiya orqali giyohvandlik vositalarini isteʼmol etishda gumon qilinayotgan shaxslar;
OIVni yuqtirib olgan onalardan tugʻilgan bolalar;
oʻz faoliyatida qon, biologik suyuqliklar, odam organlari va toʻqimalari bilan ishlovchi tibbiyot xodimlari;
jinsiy sherigida OIV aniqlangan shaxslar.
26. Bunda qon, biologik suyuqliklar donorlari — har qon topshirishdan oldin, inyeksiya orqali giyohvandlik vositalarini isteʼmol etishda gumon qilinayotgan shaxslar — bir yilda bir marta, OIVni yuqtirib olgan onalardan tugʻilgan bolalar — polimeraza zanjirlik reaksiya usulida 6 va 12 haftalikda, IFA usulida esa, 18 oylikda OIVga tibbiy tekshiruvdan oʻtkaziladi.
27. Odamning immunitet tanqisligi virusini yuqtirib olgan shaxslar ishlashi man etilgan kasbiy faoliyat turlari roʻyxatida (roʻyxat raqami 2581, 2014-yil 7-may) koʻrsatilgan ayrim kasblarda ishlovchi xodimlar Xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 2387, 2012-yil 29-avgust) muvofiq ishga kirayotganda, dastlabki va davriy tibbiy koʻriklardan oʻtayotganda, majburiy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan oʻtadi.
Oldingi tahrirga qarang.
28. Tekshiruvdan oʻtayotgan shaxsni gʻayriixtiyoriy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda uning roziligisiz yoki qonuniy vakilining roziligisiz tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsining, surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning qaroriga yoki sud ajrimiga koʻra amalga oshiriladi.
(28-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 31-bobi.
3-bob. OIV mavjud emasligi toʻgʻrisida sertifikat berish
29. Tekshiruvdan oʻtayotgan shaxsning iltimosiga koʻra OIV mavjud emasligi toʻgʻrisida mazkur Qoidalarning 4-ilovasiga muvofiq shaklda sertifikat berilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
30. OIV mavjud emasligi toʻgʻrisida sertifikat berish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda, faqat OITSga qarshi kurashish markazlarida haq evaziga amalga oshiriladi. Boshqa tibbiy muassasalar tomonidan berilgan OIV mavjud emasligi toʻgʻrisida sertifikat haqiqiy emas deb hisoblanadi.
(30-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Qoidalarning 4-ilovasi.
31. Sertifikat davlat va ingliz tillarida toʻldiriladi hamda maslahatlashuv oʻtkazgan shifokor va sertifikat berayotgan OITSga qarshi kurashish markazi rahbari tomonidan imzolanib, markazning muhri bilan tasdiqlanadi.
32. Sertifikatning amal qilish muddati — uch oy.
33. Ushbu Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
Savdo-sanoat palatasi raisi A. SHAYXOV
2014-yil 15-aprel
Odamning immunitet tanqisligi virusiga tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish qoidalariga
1-ILOVA
Qon namunalarining IFA usulida OIVga tekshirish uchun
YOʻLLANMA
Oldingi tahrirga qarang.

____________________

___________________‎‎

__________________

‎‎(Davolash-profilaktika muassasasi)

‎‎(boʻlim yoki boʻlinma)

‎(yuborilgan sana)

T/r‎

Qon namunasini laboratoriyada roʻyxatga olingan soni ‎

F.I.O., pasport identifikatsiya ID-kartasi, tugʻilganlik haqida guvohnoma (bolalar uchun) seriyasi va raqami‎

Jinsi‎

Tugʻilgan yili va sanasi‎

Yashash manzili‎

Ish joyi‎

Kod‎

Tashxis‎

Qon olingan sana‎

Tekshiruv natijasi‎

Imzo‎

‎Qon namunasini olgan tibbiyot xodimi _____________________

‎_____________

‎‎‎‎(F.I.O.)

‎(imzo)

Qon namunasini yetkazib berish
‎boʻyicha ‎masʼul ‎tibbiyot xodimi ___________________________ ‎‎

‎_____________ ‎‎

‎‎‎‎(F.I.O.)

‎(imzo)

‎‎____________________

‎‎(yetkazib berilgan sana)

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2024-yil 10-yanvardagi 2-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2584-2, 05.02.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.02.2024-y., 10/24/2584-2/0097-son)
Odamning immunitet tanqisligi virusiga tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish qoidalariga
2-ILOVA

Shaxsni oʻzga shaxslarga OIV infeksiyasini yuqtirganlik uchun jinoiy javobgarlik toʻgʻrisida ogohlantirish
‎VARAQASI

Men ____________________________________________________ yilda tugʻilganman.‎‎
‎Yashash joyim ____________________________________________________________
‎‎Menga keyingi maslahatlashuv oʻtkazishda quyidagi maʼlumotlar berildi:
‎1. OIV infeksiyasi toʻgʻrisida.
‎2. OIV bilan zararlanganligim toʻgʻrisida;
‎3. Quyidagi yoʻllar orqali kasallik OIVni boshqa shaxsga yuqtirishim mumkinligi haqida:

‎‎ jinsiy aloqa yoʻli bilan;
‎ donor sifatida qon va biologik suyuqliklarni topshirganda;
‎giyohvandlik vositalarini igna orqali tomir ichiga va mushak orasiga qabul qilishda umumiy shprits va ignalardan foydalanganda;
‎ boshqa shaxslar bilan birgalikda soqol olishda lezviyadan, teri va shilliq qavatlarning butunligini buzadigan muolajalarda, teshadigan va kesadigan asbob-anjomlardan umumiy foydalanganda;
‎ maishiy hayotda alohida shaxsiy gigiyena buyumlari: soqol olish asboblari, taroq, manikyur-pedikyur anjomlari, huqna (klizma) uchun ishlatiladigan asboblar, ayollar jinsiy aʼzolarini yuvish uchun maxsus asboblar boʻlish kerakligi va faqat oʻzimning shpritsimdan foydalanish va boshqalarni.

‎‎4. Jinsiy aloqa vaqtida himoya vositasidan foydalanishim kerakligi toʻgʻrisida.
‎5. Menga:‎

‎‎yashash joyimdagi davolash-profilaktika muassasasi yuqumli kasalliklar shifokori yoki umumiy amaliyot shifokori yoxud OITSga qarshi kurash markazida dispanser hisobida turishim kerakligi;
‎doimiy ravishda dispanser koʻrigidan oʻtishim, tibbiy muolajalarni hududiy davolash-profilaktika muassasasi yuqumli kasalliklar shifokori yoki OITSga qarshi kurash markazi mutaxassislaridan olishim kerakligi;
‎kutilmagan hollarda tez yordamga zarurat tugʻilganda davolash-profilaktika muassasasi tibbiyot xodimiga OIV bilan zararlanganligim toʻgʻrisida maʼlum qilishim kerakligi.

‎‎6. Jinsiy (yoki giyohvand) sheriklarimni majburiy ravishda OIVga tekshiruvdan oʻtishlarini talab etishim va tekshiruv natijasini sir saqlashim tushuntirildi.

‎‎7. Oʻzbekiston Respublikasining “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan tanishdim va OIV statusimni bila turib, boshqa shaxsni OIV kasalligini yuqtirish xavfi ostida qoldirsam yoki unga OIV kasalligini yuqtirsam Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 113-moddasiga asosan, jinoiy javobgarlikka tortilishim mumkinligi toʻgʻrisida ogohlantirildim.

‎‎‎‎OIVni yuqtirib olgan shaxs ________________________

_________ ‎

‎‎_________‎

‎‎(F.I.O.)

(imzo) ‎

(sana)‎

‎‎Keyingi maslahatlashuvni
‎oʻtkazgan ‎ shifokorning imzosi _____________________

‎‎
‎_______‎

‎‎
‎________‎

‎‎‎‎(F.I.O.)

(imzo) ‎ ‎

(sana)‎ ‎

Odamning immunitet tanqisligi virusiga tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish qoidalariga
3-ILOVA
OIV infeksiyasiga xos boʻlgan opportunistik kasalliklar
ROʻYXATI
Kandidozlar (kekirdak, qiziloʻngach, bronx va oʻpka sohasi)
Bachadon boʻyni invaziv saratoni
Oʻpka va oʻpkadan tashqari sil
Tarqoq gistoplazmoz
Pnevmotsistli zotiljam
Koksidomikoz (oʻpkadan tashqari yoki tarqoq)
Oʻpkadan tashqari kriptokokkoz (yevropacha blastomikoz)
Surunkali ichak kriptosporidiozi
Sitomegalovirusli retinit
Jigar, taloq, limfa tugunlaridan tashqari sitomegalovirusli infeksiya
Oddiy gerpes (uchuq), surunkali yaralar 1 oy davomida, ezofagit, bronxit, zotiljam
Surunkali ichak izosporiozi
Kaposhi sarkomasi
Batsillyar angiomatoz
Teri mikobakteriozi
Immunoblast sarkoma
Berkit limfomasi
Birlamchi miya limfomasi
18 yoshgacha boʻlgan bolalarda interstitsial limfoid zotiljam yoki oʻpkaning limfoidli giperplaziyasi
Kuchayib boruvchi, koʻp oʻchoqli leykoensefalopatiya
Miya toksoplazmozi
Salmonellali septitsemiya
Xorioretinit, endokardit, miokardit, nomaʼlum etiologiyali perikardit
Onixomikozlar
Nafas yoʻllarining qaytalanuvchi infeksiyalari (6 oy ichida 2 va undan ortiq holatda sinusit, bronxit, oʻrta quloq yalligʻlanishi)
Odamning immunitet tanqisligi virusiga tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish qoidalariga
4-ILOVA
OIV mavjud emasligi toʻgʻrisida sertifikat
shakli
‎‎OʼZBEKISTON RESPUBLIKASI SOGʼLIQNI SAQLASH VAZIRLIGI


‎‎

MINISTRY OF HEALTH OF THE REPUBLIC OF UZBEKISTAN

_____________________ OITSga QARSNI
‎‎KURASNISN MARKAZI

TNE _______________________ CENTER
‎TO FIGNT AIDS
‎‎‎

CERTIFICATE № 000000
‎of the test was negative to NIV

‎OIV mavjud emasligi togʼrisida
‎SERTIFIKAT‎‎

‎‎I

‎‎hereby certify that ‎

‎‎‎Men___________________________________________________, shuni tasdiqlaymanki

‎‎surname of doctor (shifokorning familiyasi)

_______________________________________________________________
‎name of patient (shaxsning F.I.O., kirill va lotin yozuvi bilan)

‎‎data of birth ‎‎

‎‎was tested on

‎‎‎tugʼilgan sanasi___________________ ‎
‎‎___________________da tekshirildi va‎

‎‎for the presence in his/her blood of antibodies to the human immunodeficiency virus (NIV) and that the result of the test was NEGATIVE
‎ushbu shaxsda odamning immunitet tanqisligi virusi (OIV) antitelolari MAVJUD EMASLIGI aniqlandi

‎‎STAMP
‎‎MUNR ‎

‎Signature of the chief
‎Rahbar imzosi

‎‎Signature of the doctor
‎Shifokor imzosi

(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 20-son, 237-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.11.2017-y., 10/17/2584-1/0328-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 05.02.2024-y., 10/24/2584-2/0097-son)