O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI YER QA’RINI GEOLOGIK O‘RGANISH, SANOATDA, KONCHILIKDA VA KOMMUNAL-MAISHIY SEKTORDA ISHLARNING BEXATAR OLIB BORILISHINI NAZORAT QILISH DAVLAT INSPEKSIYASI BOSHLIG‘INING
buyrug‘i
Neft bazalari, turg‘un, konteynerli va ko‘chma avtoyoqilg‘i quyish shoxobchalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil 14-mayda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2583]
O‘zbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-sonli “Mehnatni muhofaza qilishga doir me’yoriy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish va ishlab chiqish to‘g‘risida”gi va 2010-yil 20-iyuldagi 153-sonli “Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorlariga asosan buyuraman:
1. Neft bazalari, turg‘un, konteynerli va ko‘chma avtoyoqilg‘i quyish shoxobchalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Boshliq B. GULYAMOV
Toshkent sh.,
2014-yil 16-aprel,
60-son
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qa’rini geologik o‘rganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi boshlig‘ining 2014-yil 16-apreldagi 60-son buyrug‘iga
ILOVA
ILOVA
Neft bazalari, turg‘un, konteynerli va ko‘chma avtoyoqilg‘i quyish shoxobchalaridan foydalanishda xavfsizlik
Oldingi tahrirga qarang.
Mazkur Qoidalar neft bazalari, turg‘un, konteynerli va ko‘chma avtoyoqilg‘i quyish shoxobchalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini belgilaydi.
(muqaddima O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining 2026-yil 18-martdagi 43-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3803, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
neft bazalari — neft mahsulotlarini qabul qilish, saqlash va tarqatishni ta’minlovchi yong‘in va portlash xavfi mavjud bo‘lgan obyekt;
turg‘un avtoyoqilg‘i quyish shoxobchasi — transport vositalariga faqat suyuq motor yoqilg‘isi (benzin va dizel)ni quyishga mo‘ljallangan va yer osti rezervuarlari va yoqilg‘i-taqsimlovchi kolonkalar bilan jihozlangan avtoyoqilg‘i quyish shoxobchasi;
konteynerli avtoyoqilg‘i quyish shoxobchasi — transport vositalariga faqat suyuq motor yoqilg‘isi (benzin va dizel)ni quyishga mo‘ljallangan avtoyoqilg‘i quyish shoxobchasi;
ko‘chma avtoyoqilg‘i quyish shoxobchasi — faqat suyuq motor yoqilg‘isi (benzin va dizel)ni chakana usulda sotishga mo‘ljallangan shoxobcha.
2. Mazkur Qoidalar neft bazalariga, turg‘un, konteynerli va ko‘chma avtoyoqilg‘i quyish shoxobchalariga (bundan buyon matnda tashkilot deb yuritiladi) nisbatan tatbiq etiladi.
3. Mazkur Qoidalar talablari ishlab chiqarish binolari va inshootlarini loyihalash, qurish va qayta qurishda, texnologik jarayonlarni va sexlarni texnik jihozlash va qayta jihozlashda hamda uskunalardan foydalanishda hisobga olinishi lozim.
4. Mazkur Qoidalar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari bajarilishi shartligini istisno etmaydi.
2-bob. Xavfsizlikka qo‘yiladigan umumiy talablar
1-§. Mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish
Oldingi tahrirga qarang.
5. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tashkil qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-dekabrdagi 819-son qarori bilan tasdiqlangan Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish ishlarini hamda mehnatni muhofaza qilish xizmati faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining 2026-yil 18-martdagi 43-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3803, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)
6. Tashkilotlarda quyidagi asosiy hujjatlar ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi lozim:
mehnat sharoitlari va mehnatni muhofaza qilish ishlarini yaxshilash, sanitariya-sog‘lomlashtirish bo‘yicha qoidalarni o‘z ichiga olgan jamoa shartnomasi;
tasdiqlangan mehnat sharoitlarini baholash va ish o‘rinlarini attestatsiya qilish uslubiga muvofiq ish o‘rinlarini attestatsiya qilish kartalari;
mehnatni muhofaza qilish xizmatining choraklik ish rejalari;
xodimlar va muhandis-texnik xodimlarni o‘qitish, yo‘l-yo‘riq berish va bilimlarini sinovdan o‘tkazish dasturlari;
mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha nazorat yuritish jurnali (uch bosqichli nazorat);
xodimlarga yong‘inga qarshi yo‘l-yo‘riq berish va yong‘in-texnikaviy minimum mashg‘ulotlarini o‘tkazish dasturi;
har bir kasb va ish turlari uchun mehnat muhofazasi bo‘yicha yo‘riqnomalar.
Oldingi tahrirga qarang.
7. O‘zbekiston Respublikasi “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 12-moddasiga muvofiq ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshiruvchi, xodimlarining soni ellik kishi va undan ortiq bo‘lgan har bir tashkilotda mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishini ta’minlash, ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida mehnatni muhofaza qilish xizmati tashkil etiladi yoki mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha tegishli tayyorgarlikka ega bo‘lgan mutaxassis lavozimi joriy etiladi.
Xodimlarining soni ellik nafardan kam bo‘lgan tashkilotda mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish yoki mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassis lavozimini joriy etish to‘g‘risidagi qaror ish beruvchi tomonidan mazkur tashkilot faoliyatining o‘ziga xos xususiyati hisobga olingan holda qabul qilinadi.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining 2026-yil 18-martdagi 43-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3803, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)
Oldingi tahrirga qarang.
8. Mehnatni muhofaza qilish xizmati va yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tashkilotning mustaqil tarkibiy bo‘linmalari bo‘lib, ular bevosita tashkilot rahbariga bo‘ysunadi.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining 2026-yil 18-martdagi 43-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3803, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)
9. Mehnatni muhofaza qilish xizmatining mutaxassislari lavozim yo‘riqnomasiga binoan ularning majburiyatlari jumlasiga kiritilmagan boshqa ishlarni bajarishga jalb qilinishi mumkin emas.
10. Tashkilotlarda mehnat faoliyati bilan bog‘liq ravishda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni tekshirish va hisobini yuritish Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-sonli qarori bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
2-§. Xodimlarni o‘qitish, ularning bilimlarini sinovdan o‘tkazish va ularga yo‘l-yo‘riq berishni tashkil etish
11. Xodimlar o‘z kasblari va ish turlari bo‘yicha belgilangan tartibda o‘qishlari, ularning bilimlari sinovdan o‘tkazilishi va ularga yo‘l-yo‘riq berilishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
12. Xodimlarning mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha bilimlarini sinovdan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-dekabrdagi 819-son qarori bilan tasdiqlangan Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqdan o‘tkazish, o‘qitish va bilimlarni tekshirish, malaka oshirish hamda qayta tayyorlash to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
(12-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining 2026-yil 18-martdagi 43-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3803, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)
Oldingi tahrirga qarang.
13. Har bir kasb va ish turlari uchun mehnat muhofazasi bo‘yicha yo‘riqnomalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-dekabrdagi 819-son qarori bilan tasdiqlangan Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha yo‘riqnomalarni ishlab chiqish to‘g‘risidagi nizomga muvofiq ishlab chiqiladi hamda tashkilot xodimlarini va ish joylarini ushbu yo‘riqnomalar bilan ta’minlash tashkilot rahbariyati zimmasiga yuklatiladi.
(13-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining 2026-yil 18-martdagi 43-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3803, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)
3-§. Xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari
14. Tashkilotlar GOST 17.2.3.02-78 “Tabiatni muhofaza qilish. Atmosfera. Sanoat korxonalari zararli moddalarining yo‘l qo‘yiladigan chiqarishlarini o‘rnatish qoidalari” bo‘yicha xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari, ularning tavsifi, yuzaga kelish manbalari, xodimlarga ta’sir qilish xususiyatlari va salomatlik uchun xavflilik darajasi va kelgusidagi oqibatlari to‘g‘risida to‘liq va xolisona ma’lumotga ega bo‘lishi lozim.
15. Ish joylaridagi ishlab chiqarish muhiti hamda xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ishlab chiqarish muhitining fizik, kimyoviy, radiologik, mikrobiologik va mikroiqlim o‘lchovi natijalari, shuningdek mehnat sharoitlarini attestatsiya qilish orqali belgilanishi kerak.
16. Yangi zararli moddalar paydo bo‘lishiga yoki xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari yo‘qolishiga olib keladigan texnologik jarayonlar o‘zgarganda, xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari to‘g‘risidagi ma’lumotlarga tashkilot rahbari tomonidan tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi lozim.
4-§. O‘ta xavfli kasblar va ishlar ro‘yxati
17. Tashkilotlar o‘ta xavfli kasblar va ishlar ro‘yxatiga ega bo‘lishi lozim.
18. Lavozim yo‘riqnomalariga muvofiq, xavfli moddalar bilan bajariladigan ishlarni, balandlikda, ifloslangan havo va suv muhitida, yuqori harorat va namlik sharoitida bajariladigan ishlarni, bug‘ va suv isitish qozonlari, yuk ko‘tarish mexanizmlari, bosim ostida ishlaydigan sig‘imlar, elektr qurilmalarga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq ishlarni hamda tegishli tarmoq tarif-malaka ma’lumotnomasiga muvofiq boshqa xavfli ishlarni bajarishni nazarda tutuvchi kasblar o‘ta xavfli kasblar ro‘yxatiga, mazkur vazifalarni bir martalik topshiriq asosida bajarilishini nazarda tutuvchi ishlar o‘ta xavfli ishlar ro‘yxatiga kiritilishi zarur.
19. O‘ta xavfli ishlarni bajarish faqat belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan hujjat (naryad-ruxsatnoma)ga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
20. Barcha xodimlar o‘ta xavfli ishlarni bajarish topshirig‘ini olishdan oldin, mehnat muhofazasi bo‘yicha yo‘l-yo‘riq olishlari va ishlarni xavfsiz bajarish usullarini o‘zlashtirishlari shart.
21. O‘ta xavfli ishlarni rejalashtirish, tashkillashtirish va xavfsiz bajarish belgilangan talablarga muvofiq amalga oshirilishi uchun tashkilot rahbariyati javobgardir.
5-§. Jamoaviy va yakka tartibda himoyalanish vositalarini qo‘llash
22. Xodimlar xavfli va zararli ishlab chiqarish omillaridan jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalari bilan himoyalangan bo‘lishi lozim.
23. Jamoaviy himoya vositalari xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari ishlab chiqarish xonalari va ish joylaridagi barcha xodimlarga ta’sir qilgan taqdirda qo‘llanilishi zarur hamda tashkilot binolarini qurish yoki rekonstruksiya qilish loyihalariga kiritilishi shart.
24. Jamoaviy himoya vositalariga quyidagilar kiradi:
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining havo muhitini normallashtirish vositalari (shamollatish va havo tozalash, isitish, havo harorati va namligini bir xil me’yorda saqlash va boshqalar);
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining yorug‘ligini normallashtirish vositalari (yoritish asboblari, yorug‘likdan himoya qilish moslamalari va boshqalar);
shovqindan, tebranishdan, elektr va statik toklar urishidan hamda qurilmalar yuzasini yuqori darajadagi haroratdan himoya qilish vositalari;
mexanik va kimyoviy omillarning ta’siridan himoya qilish vositalari.
25. Xodimlar Neft va gaz ishlab chiqarish korxonalari xodimlari uchun maxsus kiyim, maxsus poyabzal va boshqa yakka tartibda himoyalanish vositalarini bepul berishning namunaviy me’yorlariga (ro‘yxat raqami 2132, 2010-yil 13-avgust) muvofiq maxsus kiyim, maxsus poyabzal va boshqa yakka tartibdagi himoyalanish vositalari bilan ta’minlanishi lozim.
26. Yakka tartibdagi himoya vositalaridan foydalanadigan xodimlar ularni qo‘llash, himoya xususiyatlari va amal qilish muddati to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ega bo‘lishi kerak.
27. Tashkilotda quyidagilar ta’minlanishi shart:
jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalarining samaradorligi va sozligi;
yakka tartibdagi himoya vositalarining zarur miqdori va nomenklaturasi;
yakka tartibdagi himoya vositalarini qo‘llash va ulardan to‘g‘ri foydalanish ustidan doimiy nazoratni amalga oshirish;
xavfli va zaharli moddalar bilan ishlashda foydalanilgan yakka tartibdagi himoya vositalarini dezinfeksiya qilish, bir marta qo‘llaniladigan vositalar bundan mustasno.
28. Zaharli moddalar bilan ishlashda teri kasalliklarining oldini olish uchun profilaktik pasta va mazlardan foydalanish zarur.
6-§. Kasbiy tanlov
29. Tashkilotlarda tanlov o‘tkazilishi lozim bo‘lgan kasblar va mutaxassisliklar ro‘yxati bo‘lishi lozim.
30. Xodimlar va ishlab chiqarish uchastkalarining rahbarlari tegishli tarmoq tarif-malaka ma’lumotnomasiga muvofiq zarur ma’lumotga va ish tajribasiga ega bo‘lishi kerak.
31. Bosim ostida va boshqa o‘ta xavfli ishlarda ishlovchi xodimlar maxsus kurslarda tayyorgarlikdan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘lishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
32. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-iyuldagi 290-son qarori bilan tasdiqlangan O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarning mehnatidan foydalanilishi taqiqlangan og‘ir ishlarning hamda zararli yoki xavfli mehnat sharoitlaridagi ishlarning ro‘yxatiga muvofiq, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar og‘ir, zararli yoki xavfli mehnat sharoitlaridagi ishlarga qabul qilinmasligi lozim.
(32-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining 2026-yil 18-martdagi 43-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3803, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(33-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining 2026-yil 18-martdagi 43-sonli qaroriga (ro‘yxat raqami 3803, 03.04.2026-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)
7-§. Xodimlarni ishlab chiqarish jarayonida qatnashishga qo‘yish shart-sharoitlari
34. Xodimlarni ishlab chiqarish jarayonida qatnashishga qo‘yish oldidan quyidagilar tekshirilishi zarur:
ish joyining mazkur Qoidalarda belgilangan sanitariya va gigiyena, xavfsizlik talablariga, shuningdek shovqin va tebranishga, shamollatish va isitishga qo‘yiladigan talablarga muvofiqligi;
xodimning mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha bilimlarini sinovdan o‘tkazish, unga yo‘l-yo‘riq berish va salomatligini nazorat qilish davriyligiga amal qilinganligi;
texnologik jarayonlarda ishtirok etuvchi asbob-uskunalar va ularning himoya vositalari sozligi;
jamoaviy himoya vositalarining sozligi, xodimning yakka tartibdagi himoya vositalariga egaligi.
8-§. Xodimlarning salomatligini nazorat qilish
35. Tashkilotlarda xodimlarning salomatligini nazorat qilish Xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom (ro‘yxat raqami 2387, 2012-yil 29-avgust) asosida amalga oshirilishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
36. Tashkilot rahbariyati kasaba uyushmasi qo‘mitasi va sog‘liqni saqlash muassasasi bilan birgalikda har yili dastlabki (mehnat shartnomasini tuzayotganda) va davriy (mehnat faoliyati davomida) majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi lozim bo‘lgan xodimlarning ro‘yxatini tuzishi hamda xodimlarning tibbiy ko‘rikdan o‘tishini ta’minlashi zarur.
(36-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining 2026-yil 18-martdagi 43-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3803, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)
Oldingi tahrirga qarang.
37. Majburiy tibbiy ko‘riklar tashkilotga tibbiy xizmatlar ko‘rsatuvchi davolash profilaktika muassasalari tomonidan, agar ular bo‘lmagan taqdirda tashkilot joylashgan joydagi hududiy davolash-profilaktika muassasalari tomonidan o‘tkaziladi.
(37-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining 2026-yil 18-martdagi 43-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3803, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)
Oldingi tahrirga qarang.
38. Ish beruvchi majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan yoxud majburiy tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra tibbiy komissiyalar tomonidan berilgan tavsiyalarni bajarishdan bo‘yin tovlagan shaxslarni ishdan chetlashtirishi shart.
(38-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining 2026-yil 18-martdagi 43-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3803, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)
39. Tashkilot rahbariyati o‘z xodimlarining majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘z vaqtida o‘tishi uchun va majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan shaxslarni ishga qo‘yish natijasida fuqarolarning sog‘lig‘iga yetkazilgan zararli oqibatlar uchun javobgar bo‘ladilar.
40. Xodimlarni sog‘lig‘ining holati tufayli ularga ruxsat etilmagan ishlarga qo‘yish taqiqlanadi.
9-§. Sanitariya va gigiyenaga qo‘yiladigan talablar
41. Tashkilot ish hududidagi havoning harorati, nisbiy namligi va harakatlanish tezligi GOST 12.1.005-88 “Ish hududining havosi. Umumiy sanitariya-gigiyenik talablari”ga muvofiq bo‘lishi kerak.
42. Tashkilotning ishlab chiqarish xonalari quyidagi talablarga muvofiq saqlanishi lozim:
havoning harorati, nisbiy namligi va harakatlanish tezligi ish joylaridagi ortiqcha issiqlik, bajarilayotgan ishning og‘irlik darajasiga ko‘ra toifasi va yil mavsumini hisobga olgan holda belgilanishi;
Oldingi tahrirga qarang.
ishlab chiqarish, sanitariya-maishiy, xom ashyo va tayyor mahsulotni saqlash xonalarining yorug‘ligi SHNQ 2.01.05-24 “Tabiiy va sun’iy yoritish” shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiq bo‘lishi hamda mehnat sharoitlarini yaratish uchun yetarli yorug‘lik kuchini ta’minlashi;
(42-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining 2026-yil 18-martdagi 43-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3803, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)
yoritish asboblari chang to‘planishiga imkoniyat bermaydigan konstruksiyaga ega bo‘lishi, shuningdek singan taqdirda uning parchalari sochilib ketmasligi uchun yopiq bo‘lishi.
Oldingi tahrirga qarang.
43. Noqulay omillar ta’siriga qarshi himoya tadbirlarini amalga oshirishda samarali havo almashinuvi tizimini SHNQ 2.04.05-22 “Isitish, ventilyatsiya va konditsiyalash” shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiq tashkil qilish lozim.
(43-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining 2026-yil 18-martdagi 43-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3803, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)
44. Ishlab chiqarish, sanitariya-maishiy, xom ashyo va tayyor mahsulotni saqlash xonalarini gigiyenik jihatdan toza saqlash va xodimlarning shaxsiy gigiyenasiga qo‘yiladigan talablar tegishli normativ hujjatlarda belgilangan qoidalarga muvofiq bo‘lishi lozim.
10-§. Tashkilot maydonlariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
Oldingi tahrirga qarang.
45. Tashkilot maydonlari va binolarining joylashuvi SHNQ 2.09.17-21 “Sanoat korxonalarining bosh rejalarini loyihalash” shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga mos bo‘lishi kerak.
(45-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining 2026-yil 18-martdagi 43-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3803, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)
46. Tashkilotda transport vositalari va piyodalarning tashkilot hududida harakatlanish chizmasi ishlab chiqilgan va tasdiqlangan bo‘lishi hamda tashkilotga kirish va chiqish joylari hamda ish joylarining ko‘rinarli qismiga osib qo‘yilishi zarur.
47. Tashkilot maydonlari ko‘kalamzorlashtirilgan va suv quyish quvurlari tarmoqlari bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim. Maydonlardagi o‘tish joylari mustahkam yopqichlar, suv oqib ketadigan inshootlar bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
48. Yozgi mavsumda yo‘laklar va o‘tish joylariga suv sepilgan bo‘lishi kerak.
49. Qishki mavsumda yo‘laklar va o‘tish joylari qordan tozalanib, qum sepilgan hamda binolarning tomlari qordan, karnizlari esa muzdan tozalab turilishi zarur.
50. Yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan yo‘laklar va tashkilotga kirish joyi tekis, kengligi kamida 1,5 m bo‘lib, yon tomonlari devorcha va to‘siqlarga ega bo‘lishi kerak.
51. Tashkilot hududida har kuni tozalab va dezinfeksiya qilib turiladigan axlat tashlanadigan idishlar bo‘lishi shart.
52. Tashkilotning hududi chegara bo‘ylab to‘silgan va uning hududiga begonalarning kirishi cheklangan va nazorat ostiga olingan bo‘lishi lozim.
11-§. Bino va inshootlarga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
Oldingi tahrirga qarang.
53. Ishlab chiqarish binolari va inshootlari SHNQ 2.09.02-23 “Korxonalarning ishlab chiqarish hamda ma’muriy-maishiy bino va inshootlari. Loyihalash talablari” shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
(53-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining 2026-yil 18-martdagi 43-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3803, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)
54. Ishlab chiqarish binolari va inshootlari hamda yordamchi binolar va xonalardagi havoning harorati, nisbiy namligi va harakatlanish tezligi GOST 12.1.005-88 “Ish hududining havosi. Umumiy sanitariya-gigiyenik talablari”ga muvofiq bo‘lishi kerak.
55. Muntazam ishlashga mo‘ljallangan xonalarning pollariga yog‘och to‘shamalar va panjaralar yotqizilgan bo‘lishi, mazkur pol to‘shamalari zararli moddalar, ishlab chiqarishdagi kirlar va changlardan yengil tozalangan bo‘lishi zarur.
56. Binoning transport vositalari kirish joylarida darvozalar va signal asbob-uskunalari o‘rnatilgan bo‘lishi lozim.
57. Darvoza tavaqalari darvozaning yopiq va ochiq holatida maxsus moslamalar bilan mustahkam tutib turilgan bo‘lishi kerak.
58. Transport vositalarining binoga kirishi uchun darvoza eni foydalanilayotgan transport vositalari enidan ortiq bo‘lishi, darvozalarning balandligi transport vositalarining balandligidan kamida 0,2 m ortiq bo‘lishi zarur.
59. Tashkilotlarda binolar va inshootlardan foydalanish holatini muntazam kuzatish tashkil etilgan bo‘lishi kerak.
60. Barcha ishlab chiqarish binolari va inshootlari bir yilda kamida ikki marta (bahorgi va kuzgi mavsumda) tashkilot rahbari tayinlagan komissiya tomonidan texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi lozim. Texnik ko‘rik xulosalari aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tadbirlar va ularni amalga oshirish muddatlari ko‘rsatilgan dalolatnomalar bilan rasmiylashtirilishi zarur.
61. Xodimlar uchun xavf tug‘diruvchi halokat tusidagi buzilishlar tezda bartaraf etilishi kerak. Bunda xavfli hududlardagi ish jarayoni halokat bartaraf etilgunga qadar to‘xtatib turilishi va u yerdagi xodimlar xavfsiz joyga ko‘chirilishi kerak.
62. Tashkilotning ishlab chiqarish xonalari va omborxonalari yong‘indan xabar beruvchi va yong‘inni bartaraf etuvchi avtomatik qurilmalar bilan jihozlangan bo‘lishi lozim.
63. Kirish va chiqish yo‘llari turli jismlar va asbob-uskunalar bilan to‘sib qo‘yilmasligi kerak. Evakuatsiya chiqish yo‘llarining barcha eshiklari binodan chiqish yo‘nalishi bo‘yicha ochilishi zarur.
12-§. Shovqin va tebranishga qo‘yiladigan talablar
64. Ish joylarida, xonalarda va tashkilot hududida shovqin va tebranishning darajasi SanQvaM 0120-01 “Ish joylarida shovqinning yo‘l qo‘yilgan darajasining sanitariya me’yorlari”, SanQvaM 0122-01 “Ish joylarida umumiy va lokal tebranishning sanitariya me’yorlari”, GOST 12.1.003-89 “Shovqin. Umumiy xavfsizlik talablari” va GOST 12.1.012-90 “Tebranma. Umumiy xavfsizlik talablari”ga muvofiq bo‘lishi kerak.
65. Ish joylarida shovqin va tebranish darajasi muntazam nazorat qilib turilishi kerak. Agarda u belgilangan me’yorlardan yuqori bo‘lsa, uni pasaytirish uchun quyidagi tadbirlar qo‘llanishi lozim:
detallarning zarbali harakatlarini zarbasiz harakatlarga, ilgarilama-qaytma harakatlarni aylanma harakatlarga o‘zgartirish;
shovqin chiqaruvchi agregat yoki uning ayrim qismlariga shovqinni to‘suvchi qobiqlar o‘rnatish;
agregatdan chiqayotgan aerodinamik shovqinlarga qarshi samarali tovush so‘ndirgichlar qo‘llash;
shovqinli uskunalarni (parraklar, kompressor) to‘silgan xonalarda yoki ishlab chiqarish xonalaridan tashqariga joylashtirish;
tebranish manbalarini (elektr dvigatellar, parraklar va boshqalar) poldan va binoning boshqa konstruksiyalaridan izolyatsiyalangan mustaqil poydevorlarda yoki maxsus hisoblab chiqilgan amortizatorlarga o‘rnatish.
66. Shovqinni texnik vositalar bilan bartaraf etish imkoni bo‘lmasa, eshitish a’zolarini yakka tartibdagi himoya vositalari va shovqinga qarshi kaskalardan foydalangan holda himoyalash kerak.
13-§. Shamollatish va isitish tizimiga qo‘yiladigan talablar
Oldingi tahrirga qarang.
67. Shamollatish va isitish tizimi SHNQ 2.04.05-22 “Isitish, ventilyatsiya va konditsiyalash” shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
(67-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining 2026-yil 18-martdagi 43-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3803, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)
68. Oqimli shamollatishlarni tashqi havo tizimidan olish yerdan kamida 2 m balandlikda bajarilishi kerak.
69. O‘tish joylarida joylashgan isitish jihozlari o‘tish yo‘laklarining kengligiga qo‘yilgan talablarni buzmasligi zarur.
70. Ish joylaridagi havo harorati yengil jismoniy ishda 21°C, o‘rtacha og‘ir ishda 17°C va og‘ir ishda 16°C dan past bo‘lmasligi kerak.
71. Xodimlarning isinishi uchun mo‘ljallangan xonalardagi havo harorati 22°C dan kam bo‘lmasligi kerak.
72. Xodimlarning isinishi uchun mo‘ljallangan xonalargacha bo‘lgan masofa binolarda joylashgan ish joylaridan 75 m dan va bino tashqarisidagi ish joylaridan 150 m dan ko‘p bo‘lmasligi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
14-§. Suv ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimiga qo‘yiladigan talablar
(14-paragrafning nomi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining 2026-yil 18-martdagi 43-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3803, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)
Oldingi tahrirga qarang.
73. Suv ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimi SHNQ 2.04.01-22 “Binolarning ichki suv ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish” shaharsozlik normalari va qoidalari talabiga mos kelishi zarur.
(73-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining 2026-yil 18-martdagi 43-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3803, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)
74. Ichimlik suvi O‘zDSt 950-2011 “Ichimlik suvi. Gigiyenik talablar va sifatini nazorat qilish” talablariga muvofiq bo‘lishi, uning harorati 80°C dan 200°C gacha bo‘lishi kerak.
75. Ichimlik suvidan foydalanish uchun suv quvuriga ulangan favvorachalar o‘rnatilishi yoki maxsus idishlarda qaynatilgan suv bo‘lishi lozim.
15-§. Yoritishga qo‘yiladigan talablar
Oldingi tahrirga qarang.
76. Tashkilot hududi va ishlab chiqarish xonalarini tabiiy va sun’iy yoritish SHNQ 2.01.05-24 “Tabiiy va sun’iy yoritish” shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
(76-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining 2026-yil 18-martdagi 43-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3803, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)
77. Yoritish vositalari toza va soz holatda bo‘lishi zarur. Yorug‘lik tushuvchi oynalar har yili kamida ikki marotaba tozalanishi lozim.
78. Yorug‘lik tushuvchi oyna va eshiklar turli buyumlar bilan to‘sib qo‘yilmasligi kerak.
79. Sun’iy yoritish umumiy va birlashgan tizim orqali amalga oshirilishi zarur. Birgina mahalliy yoritishni qo‘llash taqiqlanadi.
80. Tashkilot hududi va ishlab chiqarish xonalarida yoritish vositalarining ko‘zni qamashtirishidan saqlash choralari ko‘rilgan bo‘lishi kerak.
81. Ish joylari va xonalarda portlash xavfi bo‘lgan gaz va chang konsentratsiyasi yig‘ilib qolish ehtimoli mavjud bo‘lsa, elektr yoritish tizimi xonadan tashqarida o‘rnatilishi kerak.
82. Xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan xonalarda kuchlanishi 36 V dan yuqori bo‘lmagan ko‘chma elektr yoritqichlar ishlatilishi kerak. Uskunalar va inshootlar (bunkerlar, quduqlar, bug‘lantirish kameralari, tunnellar va boshqalar)ning ichki sirtini yoritish uchun ishlatiladigan ko‘chma elektr yoritqichlarning kuchlanishi 12 V dan oshmasligi kerak.
83. Ko‘chirib yuriluvchi yoritqichlar shishali himoya qopqoqlari va metall to‘r bilan jihozlangan bo‘lishi lozim. Ushbu yoritqichlar va boshqa ko‘chirib yuriluvchi apparatlar uchun mis tolali egiluvchan elektr o‘tkazgichlar qo‘llanilishi zarur.
84. Evakuatsiya yo‘laklari va zinapoyalarda avariya yoritqichlari bo‘lishi kerak.
85. Avariya yoritqichlari boshqa yoritqichlardan turi, o‘lchami va maxsus tushirilgan belgilari bilan ajralib turishi va vaqti-vaqti bilan changdan tozalab turilishi lozim.
86. Avariya yoritish tarmoqlariga elektr energiya iste’molchilarining ulanishi taqiqlanadi. Avariya yoritilishlarining sozligi har chorakda kamida bir marta tekshirilishi zarur.
16-§. Maishiy imoratlarga qo‘yiladigan talablar
Oldingi tahrirga qarang.
87. Tashkilotlarning maishiy bino va xonalari SHNQ 2.09.02-23 “Korxonalarning ishlab chiqarish hamda ma’muriy-maishiy bino va inshootlari. Loyihalash talablari” shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
(87-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining 2026-yil 18-martdagi 43-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3803, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)
88. Kiyim almashtirish xonalari, dushxonalarning o‘lchamlari, dush setkalari, oyoq vannalari, bet-qo‘l yuvgichlar, ichimlik suvi ta’minoti qurilmalari, hojatxonalar va boshqa maishiy xona va jihozlarning soni smenadagi eng ko‘p xodimlar soni hisobga olingan holda belgilanishi zarur.
89. Dushxonalar va hojatxonalardagi tarnovlar, kanallar, traplar, pissuarlar va unitazlar muntazam ravishda tozalanishi, yuvilishi va dezinfeksiya qilinishi lozim.
90. Barcha maishiy imoratlar ozoda saqlanishi, muntazam dezinfeksiya qilinishi va sutkaning qorong‘i paytida yoritilgan bo‘lishi kerak.
17-§. Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilishga qo‘yiladigan talablar
91. Tashkilot faoliyati atrof tabiiy muhitning (havo, tuproq, suv havzalari) ifloslanishiga va zararli omillarning tegishli normalardan ortiq darajada tarqalishiga olib kelmasligi lozim.
92. Tashkilotlarda ishlab chiqarish jarayonlarini amalga oshirishda atrof tabiiy muhitni oqova suvlar, shamollatish tizimi chiqindilari va boshqa chiqindilar bilan ifloslanishi ehtimolini istisno etadigan sharoitlar ta’minlanishi lozim.
93. Tashkilotlarda chiqindilarni yig‘ish uchun atrofi o‘ralgan maxsus joy ajratilishi va chiqindilar uchun maxsus idishlar bilan ta’minlanishi kerak. Ushbu idishlar chiqindilar bo‘shatilganda xlorli ohak eritmasi bilan dezinfeksiya qilinishi va yuvilishi kerak.
18-§. Mehnat va dam olishga qo‘yiladigan talablar
Oldingi tahrirga qarang.
94. Xodimlarning ish vaqti, shu jumladan qisqartirilgan ish vaqti, dam olish va tanaffuslar vaqti tashkilot tomonidan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
(94-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 13, 14-boblari.
3-bob. Ishlab chiqarish jarayonlariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
1-§. Umumiy talablar
95. Ishlab chiqarish jarayonlarida xavfsizlikni ta’minlashda:
neft mahsulotlarini qabul qilish, saqlash, tarqatish va uning hisobini olib borishda mos bo‘lgan texnologik jarayonlarni qo‘llash;
shikastlanish va kasb kasalliklariga olib kelmaydigan ishlab chiqarish uskunalarini qo‘llash;
tashkilot hududini obodonlashtirish;
nazorat-o‘lchov asboblarini, avariyalarga qarshi himoya qurilmalarini hamda axborotni qabul qilish, qayta ishlash va uzatish vositalarini qo‘llash;
tezkor va germetik ishlaydigan berkituvchi va tartiblovchi armaturalarni hamda xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarini chegaralovchi vositalarni qo‘llash;
ishlab chiqarish uskunalarini qulay joylashtirish va ish joylarini tashkil qilish;
xodimlarni kasbiga ko‘ra tanlash, ularni o‘qitish, mehnat muhofazasiga doir bilim va malakalarini tekshirish;
xodimlarni jamoaviy va yakka tartibda himoyalanish vositalari bilan ta’minlash;
portlashning oldini olish va yong‘indan himoyalanishga doir texnik va tashkiliy tadbirlarni amalga oshirish zarur.
96. Ishlab chiqarishda gaz xavfi bor ishlarni bajarish faqat belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan hujjat (naryad-ruxsatnoma)ga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
97. Neft mahsulotlarini qabul qilish, saqlash va tarqatishdagi jarayonlarda yong‘in va portlash xavfi bor muhitning ruxsat etilgan chegarasi haqida xabar beruvchi va qurilmani xavfsiz tarzda to‘xtatib qo‘yadigan yoki jarayonni xavfsiz holatga o‘tkazadigan avtomatik himoya tizimi rejalashtirilishi lozim.
2-§. Temir yo‘l estakadalaridagi quyish-to‘kish ishlarini bajarishga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
98. Temir yo‘l estakadasida quyish-to‘kish ishlari o‘tkazilayotganda faqat uchqun hosil qilmaydigan asbob-uskunalarni ishlatish lozim.
99. Neft mahsulotlarini ortish yoki tushirish uchun keltirilayotgan temir yo‘l vagon-sisternalar maxsus kompozitsion tormoz kolodkalari bilan jihozlanishi kerak.
Neft mahsulotini quyish paytida temir yo‘l vagon-sisternalarining toshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik zarur.
100. Neft mahsulotlarini temir yo‘l vagon-sisternalariga quyish-to‘kishda ularni temir yo‘l omborlari, turg‘un inshootlar, asosiy (magistral) yo‘llar, yuk ortish-tushirish umumiy joylari hamda turar joylardan kamida 100 m nariga joylashtirish zarurligini inobatga olish shart.
Temir yo‘l vagon-sisternalariga tez alangalanadigan suyuqliklarni quyishda uni bir maromdagi oqim bilan sisterna ichidagi suyuqlikning sathidan pastga quyish zarur.
Neft va neft mahsulotlarini erkin tushirib (oqizib) quyish mumkin emas. Quyish moslamasining uchi vagon-sisternaning tubidan 20 sm balandlikda o‘rnatilishi kerak.
101. Avariya vaziyatlarida nosoz temir yo‘l vagon-sisternalarni neft mahsulotlaridan bo‘shatish uchun maxsus jihozlangan joy ajratilishi lozim. Avariya sharoitlari asoslangan hamda quyish-to‘kish estakadasi maxsus vositalar bilan jihozlangan bo‘lsa, nosoz temir yo‘l vagon-sisternalardagi neft mahsulotlarini bevosita estakadaning o‘zida bo‘shatishga ruxsat etiladi.
102. Drenaj idishida to‘plangan iflos neft mahsulotlarini ajratuvchi-idish rezervuarlarga yoki ishlatilgan neft mahsulotlari saqlanadigan idish-rezervuarga yo‘naltirish kerak.
103. Temir yo‘l estakadasi hududida neft mahsulotlari to‘kilishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim.
104. Temir yo‘l vagon-sisternalariga neft mahsulotini quyish paytida temir yo‘l estakasi atrofidagi 100 m radiusli hududda barcha ta’mirlash ishlari to‘xtatilishi zarur.
105. Temir yo‘l estakadasi hududida quyidagilar taqiqlanadi:
temir yo‘l vagon-sisternalarni profilaktik ta’mirlash va tozalash;
sanoat korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan (portlashdan himoyalanmagan) ko‘chirib yuriluvchi yoritqichlarni va chiroqlarni ishlatish;
momaqaldiroq paytida tez alangalanadigan neft mahsulotlarini quyish yoki to‘kish;
nosoz temir yo‘l vagon-sisternalarga neft mahsuloti quyish;
temir yo‘l estakadasi va sisterna ustida turib detallar va boshqa buyumlarni yerga tashlash.
106. Temir yo‘l estakadasi bo‘ylab temir yo‘l vagon-sisternalarining har qanday harakati neft mahsuloti quyish-to‘kish (sexi) uchastkasi operatori uning ko‘rsatmasi asosida amalga oshirilishi kerak.
3-§. Avtoquyish estakadalaridagi quyish-to‘kish ishlarini bajarishga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
107. Avtoquyish estakadasidagi neft mahsulotini quyish-to‘kish ishlarini avtotsisternaning dvigatelini to‘xtatib qo‘ygan holda bajarish lozim.
108. Tez alangalanadigan mahsulotlarni tashishga mo‘ljallangan avtotsisternalar avtoquyish estakadasining yerga tutashtiruvchi konturiga ulanadigan yertutashtirgich qurilmasi bilan jihozlanishi zarur.
Avtotsisternalarning glushitellari uchqun so‘ndirgich to‘ri bilan jihozlangan bo‘lishi hamda ular avtotsisternaning old tomoniga, dvigatel yoki radiatorning ostiga chiqarilgan bo‘lishi kerak.
Avtotsisternani quyish maydonchadagi yertutashtirgich qurilmasiga ulamaguncha unga mahsulot quyish taqiqlanadi.
109. Avtotsisternaga neft mahsulotining quyilishini transport vositasi haydovchisi va quyish bo‘yicha operator nazorat qilishi zarur.
110. Avtotsisternaga neft mahsulotini quyishda neft mahsuloti to‘kilgan bo‘lsa, uning dvigatelini o‘t oldirish taqiqlanadi. Mazkur holatda avtotsisterna tros yoki shtanga yordamida shatakka olib xavfsiz masofagacha tortib borilishi kerak.
111. Neft mahsulotini quyish tugatilgandan so‘ng, quyish shlangidagi neft mahsuloti to‘liq to‘kilgandan keyingina shlangni avtotsisterna og‘zidan chiqarib olinishi kerak. Avtotsisternaning qopqog‘i ehtiyotkorlik bilan zarbalarga yo‘l qo‘ymay berkitilishi kerak.
112. Avtotsisternaga neft mahsulotini quyish avtomatik tarzda amalga oshirilganda, haydovchi mazkur tizimni ishlatish yo‘riqnomasiga amal qilgan holda bajarishi zarur.
4-§. Namuna olish va rezervuardagi neft mahsuloti sathini o‘lchash jarayoniga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
113. Rezervuarlardan neft mahsuloti namunalari GOST 2517-85 “Neft va neft mahsulotlari. Namuna olish usullari” talablariga mos ravishda doimiy yoki ko‘chma namuna olgichlar yordamida olinishi lozim.
114. Rezervuarga neft mahsulotini quyish yoki uni neft mahsulotidan bo‘shatish vaqtida namuna olish taqiqlanadi.
Qo‘lda namuna olish rezervuardagi neft mahsulotining harakati to‘xtagandan 10 daqiqa o‘tgach bajarilishi kerak.
Rezervuardagi neft mahsuloti sathini o‘lchash undagi neft mahsulotining harakati to‘xtagandan 2 soat o‘tgach amalga oshirilishi lozim.
Namuna olishdan oldin tok o‘tkazuvchi mis sim butunligi (sozligi)ni tekshirish va namuna olgichni yerga tutashtirish zarur.
Momaqaldiroq, kuchli yog‘inlar va bo‘ron paytida namuna olish taqiqlanadi.
115. Rezervuar lyukida o‘lchov lentasining oson harakatlanishini ta’minlovchi uchqun chiqarmaydigan qoplama-moslama bo‘lishi kerak.
116. Neft mahsuloti sathini o‘lchash hamda namuna olishda lyuklar va rezervuar uskunalarining sozligiga e’tibor berish zarur.
117. Rezervuar lyukini ochib namuna olishda yoki neft mahsuloti sathini o‘lchash vaqtida xodim lyukning shamol kelayotgan tarafida turishi kerak. Bunda zaharlanib qolmaslik uchun lyuk og‘ziga qarash yoki egilish mumkin emas.
118. Neft mahsuloti sathini o‘lchaganda uchqun chiqarmaslikka, o‘lchash lyukining chetiga lot urilib ketmasligiga, o‘lchash lentasini uni yo‘naltiruvchi quvur devoriga ishqalanmasligiga harakat qilish lozim.
Lentani paxtali latta bilan artish kerak. Bunda jun yoki sintetik matoni ishlatish taqiqlanadi.
119. Namuna olish yoki neft mahsuloti sathini o‘lchash paytida rezervuar ustiga to‘kilgan neft mahsuloti dog‘larini yaxshilab tozalash va rezervuar ustini quruq latta bilan artish lozim.
120. Rezervuar ustida ishlatilgan lattalarni yoki boshqa biror buyumlarni qoldirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
121. Namuna olgandan yoki neft mahsuloti sathini o‘lchagandan keyin lyuk qopqog‘ini ehtiyotkorlik bilan yopish kerak. Bunda rezina, mis yoki qo‘rg‘oshindan yasalgan qistirma mavjudligini tekshirish zarur.
122. Olingan neft mahsuloti namunasini laboratoriyaga olib borishda xavfsizlikni ta’minlash uchun uni maxsus konteynerlarda tashish lozim.
123. Rezervuar ustiga chiqish yoki undan tushishda ishga yaroqli narvon bilan rezervuarga qarab, tutqichlarni ushlab harakat qilish lozim.
124. Rezervuar tomidan turib pastga lot, ruletka, asboblar va boshqa buyumlarni tashlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
5-§. Xom ashyo, yoqilg‘i, tayyor mahsulotlarni saqlashda, tashishda omborlar va ishlab chiqarish chiqindilariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
125. Omborlarda faqat xom ashyo, yoqilg‘i, tayyor mahsulotlarni qabul qilish, saqlash va tarqatish bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishga ruxsat etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
126. Omborlardagi va yuklarni saqlash maydonlaridagi uskunalar va vositalar SHNQ 2.09.19-22 “Neft va neft mahsulotlari omborxonalari” shaharsozlik normalari va qoidalari, sanoat sanitariyasi va yong‘in xavfsizligi me’yorlari va qoidalari talablariga mos bo‘lishi kerak.
(126-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining 2026-yil 18-martdagi 43-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3803, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)
127. Omborlar va yuk saqlash maydonlarida yuklarni ortish-tushirish va yuklarni tashish kabi og‘ir bajariladigan ishlar mexanizatsiyalashtirilgan bo‘lishi lozim.
128. Yuklar saqlanadigan omborlar yoki yuk saqlash maydonchalari hududiga kirish joylarida transport vositalarining harakat yo‘nalishi va turish o‘rni hamda yuklarni ortish-tushirish joylari ko‘rsatilgan sxemalar osib qo‘yilishi lozim.
129. Omborlarda yong‘in xavfsizligi, taxlash va saqlash bo‘yicha xavfsizlik qoidalari (yo‘riqnomalar) bo‘lishi kerak.
130. Neft mahsulotlarini tarqatish uchastkalarida qum zaxirasi, neft mahsulotlarining to‘satdan to‘kilishini bartaraf etish va ifloslangan joyini tozalash vositalari bo‘lishini inobatga olish lozim.
131. Idishlardan neft mahsuloti sizib (oqib) chiqqanda yoki to‘kilganda neft mahsuloti butunlay yig‘ishtirib olinmaguncha va ushbu joydagi gazlanganlik darajasi ruxsat etilgan konsentratsiya chegarasigacha pasaymaguncha ombordagi ishlar to‘xtatib turilishi kerak. Nosoz (buzuq) idishlar neft mahsulotidan bo‘shatilishi va bug‘lantirilishi shart.
132. Bitta binoda tez alangalanadigan suyuqliklarni yong‘in va portlash xavfi bor aralashmalarni hosil qiluvchi boshqa moddalar bilan birga saqlash taqiqlanadi.
133. Tashkilotlarda barcha turdagi chiqindilar bilan ishlashga oid yo‘riqnomalar ishlab chiqilgan bo‘lishi lozim. Chiqindilarni yig‘ish, tashish va joylashtirishni ta’minlovchi xodimlar chiqindilar bilan xavfsiz ishlash uslublariga o‘qitilgan bo‘lishlari kerak.
6-§. Avtoyoqilg‘i quyish shoxobchalaridan foydalanishga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
134. Avtoyoqilg‘i quyish shoxobchalaridan (bundan buyon matnda AYQSH deb yuritiladi) ularning texnik pasportlari va foydalanishga oid yo‘riqnomalari asosida foydalanilishi lozim.
135. AYQSH rezervuariga neft mahsulotini oqib tushadigan qilib quyish mumkin emas.
136. AYQSH rezervuarlariga neft mahsulotini quyish paytida avtotsisterna atrofidagi 3 m radiusda boshqa transport vositalarining harakatiga yo‘l qo‘yilmaydi.
137. Avtotsisternadan AYQSH rezervuariga neft mahsulotini quyish jarayoni avtotsisterna haydovchisi va AYQSH operatorining nazorati ostida amalga oshirilishi lozim. Avtotsisterna haydovchisi va AYQSH operatori quyish qurilmasining germetikligini va neft mahsuloti quyilishini nazorat qilishlari, oqib (sizib) chiqish holatlari sezilganda neft mahsuloti quyishni darhol to‘xtatishlari zarur.
138. AYQSH rezervuariga neft mahsuloti quyayotgan avtotsisterna unda hosil bo‘ladigan statik elektr tokini yo‘q qiluvchi qurilmaga ega bo‘lishi lozim.
139. Neft mahsulotini to‘kayotgan avtotsisterna yertutashtirgich qurilmasiga ulanishi zarur.
Yerga tutashtiruvchi simni avval avtotsisterna korpusiga, so‘ngra yertutashtirgich qurilmasiga ulash lozim. Yerga tutashtiruvchi simlarni avtotsisternaning bo‘yalgan, iflos metall qismlariga ulash mumkin emas. Har bir avtotsisterna to‘liq bo‘shatilgunga qadar yerga alohida tutashtirilishi shart.
140. AYQSHda transport vositasiga avtoyoqilg‘i quyishda quyidagi talablarga rioya qilish shart:
mototsikllar, motorollerlar, mopedlar avtoyoqilg‘i tarqatish ustuniga 15 m qolganda dvigateli o‘chirilib, qo‘lda yurgizib olib kelinishi, avtoyoqilg‘i quyilgandan keyin esa ustundan 15 m uzoqlashgandan keyingina, ularning dvigatellari ishga tushirilishi lozim;
avtotransport vositalariga avtoyoqilg‘i quyish uchun dvigateli o‘chirilgan holda va haydovchining ishtirokida amalga oshirilishi zarur;
avtotransport vositasi yuzasiga to‘kilgan neft mahsuloti haydovchi tomonidan avtotransport vositasi dvigateli ishga tushirilishidan oldin quruq latta bilan yaxshilab artib tozalanishi lozim. Yerga to‘kilgan neft mahsuloti ustiga qum sepilib, shimilgan qum alohida maxsus konteynerda uning yig‘ish va to‘planish miqdoriga qarab, AYQSH hududidan tashqariga, maxsus ajratilgan joyga chiqarib tashlanishi lozim.
141. Avtotransport vositasiga avtoyoqilg‘i quyib bo‘lingandan keyin haydovchi taqsimlagich kranni ustunga o‘rnatib qo‘yishi lozim. Avtoyoqilg‘i olayotgan transport vositasi bilan uning ketida turgan transport vositasi orasidagi masofa kamida 3 m, undan keyingi navbatda turgan transport vositalar orasidagi masofa esa kamida 1 m bo‘lishi kerak.
AYQSH hududida transport vositalari ko‘p to‘planib qolganda, undan chiqish yo‘li holi va aylanish (burilish)ga imkon bo‘lishi zarur.
142. Yong‘in va portlash xavfi bo‘lgan yuklari bor transport vositalariga avtoyoqilg‘i AYQSH hududidan kamida 25 m narida joylashgan, alohida, maxsus jihozlangan maydonchada quyilishi zarur.
Oldingi tahrirga qarang.
143. AYQSHdagi elektr qurilmalariga xizmat ko‘rsatish ishlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi 712-son qarori bilan tasdiqlangan Iste’molchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari va Iste’molchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalari talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
(143-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining 2026-yil 18-martdagi 43-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3803, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)
7-§. Ishlab chiqarish jarayonida yong‘in va portlash xavfsizligiga qo‘yiladigan talablar
144. Tashkilotda yong‘in xavfsizligi GOST 12.1.004-91 “Yong‘in xavfsizligi. Umumiy talablar”ga muvofiq amalga oshiriladi.
145. Tashkilot yong‘in va portlash xavfi bo‘lgan holatlarning sodir bo‘lishini ogohlantiruvchi, shuningdek yong‘in va portlashdan himoyalovchi tashkiliy-texnik chora-tadbirlar bilan ta’minlanishi shart.
146. Yong‘in va portlash xavfi bo‘lgan binolar, tashqi qurilmalariga o‘rnatilgan elektr nazorat-o‘lchov asboblari va avtomatika uskunalari mustahkam bo‘lishi lozim.
147. Har bir sex, qurilma va ishlab chiqarish uchastkasida ulardagi ishlab chiqarish texnologiyasini hamda yong‘in va portlash xavfsizligi xususiyatlarini inobatga olib yong‘in xavfsizligiga doir yo‘riqnomalar ishlab chiqilishi kerak.
148. Qurilmalar, sexlar, ishlab chiqarish uchastkalaridagi yong‘in xavfsizligi bo‘yicha yo‘riqnomalarda quyidagilar aks ettirilishi zarur:
neft mahsulotlari va qo‘llaniladigan materiallarning yong‘in va portlashdan xavfliligini ifodalovchi ma’lumotlar;
xodimlar bajarishi shart bo‘lgan yong‘in xavfsizligi talablari;
ishlab chiqarishning o‘ta xavfli uchastkalari uchun maxsus talablar va chora-tadbirlar;
yong‘in yoki avariya sodir bo‘lganda, texnologik qurilmalarni to‘xtatish va yong‘indan saqlash xizmatini chaqirish qoidalari;
yong‘in sodir bo‘lganda xodimlarning vazifalari;
yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalarini ishga tushirish usullari;
hudud, binolar, inshootlar, yong‘inga qarshi rezervuarlar va yong‘inga qarshi gidrantlarga borish yo‘laklarining soz holatiga doir talablar;
chekish va ochiq olovni qo‘llash taqiqlangan hamda chekish mumkin bo‘lgan joylarga oid talablar.
149. Yong‘in va portlash xavfi bor muhitni hosil qilishda ishtirok etuvchi moddalar bilan ishlashga doir ishlab chiqarish jarayonlari (tashish va saqlash) o‘tkaziladigan obyektlardagi ishlarda yong‘in va portlash xavfsizligini ta’minlash talablari bajarilishi zarur.
150. Yong‘in va portlash xavfsizligini ta’minlash uchun ishlab chiqarish jarayoni davomida yong‘in va portlash xavfi bo‘lgan moddalar parametrlarini, texnologik rejimni, ishlab chiqarish xonalaridagi havo tarkibini, texnologik va elektr uskunalar holatini nazorat qilib turish lozim.
151. Ochiq olovni qo‘llash taqiqlangan va boshqa xavf mavjud bo‘lgan joylarda ogohlantiruvchi belgilar bo‘lishi zarur.
152. Uskunalarni ishlatuvchi va ta’mirlovchi har bir xodim uchun tashkilot rahbariyati tomonidan ularning burch va xizmat vazifalarini, asosiy texnologik operatsiyalarini, ta’mirlash va avariya ishlarini bajarish tartibini belgilovchi, mahalliy sharoitlarini inobatga olgan yo‘riqnomalar hamda xavfsizlik texnikasi va yong‘in xavfsizligiga doir tadbirlar ishlab chiqilishi lozim.
4-bob. Ishlab chiqarish uskunalariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
1-§. Umumiy xavfsizlik talablari
153. Qurilmalarni ishlatishda loyiha hujjatlari va texnik pasportda ko‘rsatilgan asosiy uskunalarning ruxsat etilgan xizmat muddati (resursi)ni va o‘tkazgich quvurlar va armaturalarni ishlatish bo‘yicha hisob muddatlarini inobatga olish zarur.
Nosoz holatdagi yoki xavfsizlik qurilmalari (blokirovkalash, muayyan holatni ushlab turuvchi signal moslamalari va asboblar) nosoz bo‘lgan hamda texnik pasportida ko‘rsatilgan me’yordan ortiq zo‘riqish va bosim ostidagi uskunalar, mexanizmlar va asboblarni ishlatish taqiqlanadi.
Uskunalar va nazorat-o‘lchov asboblarining qismlari fizik jihatdan to‘liq ishdan chiqqanidan so‘ng ularni ishlatish taqiqlanadi.
154. Texnik shahodatlash, montaj qilish yoki ishlatish paytida uskunalarni texnik ishlatish qoidasi talablariga mos emasligi aniqlanganda mazkur uskunalarni ishlatishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Uskunalar konstruksiyasiga ushbu mexanizmlarni loyihalagan tashkilotning ruxsatisiz o‘zgartirish kiritish mumkin emas.
155. Yuradigan zinalar — 60° gacha, rezervuarlarda esa, 50° li qiyalikda (temir yo‘l quyish-to‘kish estakadalarida — 45° dan ortiq emas) bo‘lishi kerak. Narvonlarning eni kamida 65 sm (temir yo‘l quyish-to‘kish estakadalarida kamida 70 sm), yuk ko‘tarib chiqiladigan narvonlarniki esa, kamida 1 m, zinalar oralig‘idagi masofa 25 sm gacha, pog‘onalarning eni kamida 12 sm bo‘lishi lozim.
Narvonlar pog‘onalarining har ikki tomonida odam oyog‘i sirpanib ketishiga yo‘l qo‘ymaydigan, balandligi 15 sm (temir yo‘l quyish-to‘kish estakadalarida — 20 sm) keladigan yonlama plankalar yoki yonlama to‘siqlar bo‘lishi kerak. Narvonlarning har ikki tomonida balandligi kamida 1 m li tutqich (ushlagich)lari bo‘lishi zarur.
156. Balandlikdagi ish maydonchasining tagi (poli)ga oyoq sirpanmaydigan metall yoki qalinligi kamida 40 mm taxta yotqizilgan bo‘lishi, atrofi kamida 1,25 m balandlikdagi to‘siq (tutqichlar) va bo‘ylamasiga har 40 sm taxtachalar bilan qoplanishi, polga zichlab o‘rnatilgan, balandligi kamida 15 sm bort (devorcha)lar bilan o‘ralgan bo‘lishi kerak.
157. Uskuna (qurilma)larning tashqi yuzalari va issiqlik izolyatsiyalovchi g‘iloflarning qoplamalari yuzasidagi harorat yong‘in va portlash xavfi bo‘lgan mahsulotlarning eng past alangalanish haroratidan katta bo‘lmasligi, bino ichidagi harorat xodimlar tegishi mumkin bo‘lgan joyda ko‘pi bilan 45 °C, tashqi qurilmalarda esa, ko‘pi bilan 60 °C bo‘lishi lozim.
2-§. Temir yo‘l quyish-to‘kish estakadalariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
Oldingi tahrirga qarang.
158. Temir yo‘l quyish-to‘kish estakadalarining joylashuvi SHNQ 2.09.19-22 “Neft va neft mahsulotlari omborxonalari” shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq bo‘lishi, temir yo‘l relsidan estakadagacha bo‘lgan oraliq masofani GOST 9238-83 “Binolar va temir yo‘l harakatlanuvi tarkib izlarining yaqinlashish gabaritlari 1520 (1524) mm” talablariga mos holda qabul qilish lozim.
(158-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining 2026-yil 18-martdagi 43-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3803, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)
159. Quyish-to‘kish qurilmasining har ikki tomonida yoki temir yo‘lda alohida (ikkita ikki o‘qli yoki bitta to‘rt o‘qli vagon uzunligida) ustunlarga lokomotivlar o‘tishini taqiqlovchi signal belgilari — nazorat ustunlari o‘rnatilishi kerak.
160. Temir yo‘l quyish-to‘kish estakadalari yonmaydigan materialdan yasalib, temir yo‘l quyish-to‘kish estakadasining har ikki uchida (ko‘pi bilan 100 m) eni 0,7 m, qiyaligi eng ko‘pi bilan 45o narvonlarga ega bo‘lishi kerak.
Temir yo‘l quyish-to‘kish estakadalarida quyish-to‘kish qurilmalariga xizmat ko‘rsatish uchun atrofi tutqichlar bilan o‘ralgan maydonchalar qurilishi lozim.
161. Temir yo‘l quyish-to‘kish estakadasi hududida temir yo‘l vagon-sisternalarini to‘xtatish va mahkamlash uchun yog‘och boshmoqlar yoki uchqun chiqarmaydigan metall boshmoqlardan foydalaniladi. Ushbu maqsadlar uchun metall boshmoqlardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
162. Och rangli neft mahsulotlari uchun ko‘tarib-tushiriladigan ko‘prikchalar yog‘och yostiqchali, boltlari ko‘rinmaydigan qilib cho‘ktirilgan va rezina taglikka ega bo‘lishi zarur.
163. Temir yo‘l quyish-to‘kish estakadasining xizmat ko‘rsatiladigan maydonchasidagi zulfinlarning chambaragi, ko‘tarish mexanizmlari, kranlarning dastasi va quyish moslamalarigacha bo‘lgan masofa qulay va 1,5 m dan ortiq bo‘lmasligi kerak.
164. Temir yo‘l vagon-sisternalariga neft va neft mahsulotlarini qabul qilish va yuklash ishlarini konstruksiyasi bo‘yicha quyish-to‘kishni xavfsiz o‘tkazilishini ta’minlovchi maxsus jihozlangan quyish-to‘kish qurilmalari vositasida amalga oshirish lozim.
165. Temir yo‘l vagon-sisternalariga neft mahsulotlarini quyishni teleskopik yoki sharnirli usulda ulangan uskunalarda, quyishni avtomatik chegaralovchi moslamalari va mexanizatsiya vositalari bilan jihozlangan avtomatlashtirilgan tizim yordamida shlang ishlatmasdan bajarish kerak.
166. Temir yo‘l quyish-to‘kish estakadasidagi ustunlar, pastki to‘kish qurilmalari, rezina-metalli shlanglar, salniklar, texnologik o‘tkazgich quvurlardagi flanetsli ulamalar to‘liq germetik zich bo‘lishi, ustunlarga tartib raqamlari qo‘yilishi zarur.
167. Temir yo‘l quyish-to‘kish estakadasi, unga keladigan temir yo‘llar hamda neft mahsulotlarining o‘tkazgich quvurlari yerga tutashtirilgan bo‘lishi lozim.
168. Temir yo‘l quyish-to‘kish estakadasining quyish-to‘kish moslamalari temir yo‘l vagon-sisterna og‘ziga urilganda uchqun chiqarmaydigan materialdan yasalgan uchliklar bilan jihozlanishi va yerga tutashtirilgan bo‘lishi kerak.
169. Tabiiy atmosfera yog‘in-sochinlarini yig‘ib tashqariga chiqarish va to‘kilgan neft mahsulotlarini yuvish uchun quyish joyi qattiq beton qoplamali bo‘lishi va drenaj tizimiga chiqarib yuboradigan qurilma bilan jihozlanishi lozim. Mazkur joydagi temir yo‘l relslari temir-beton shpallarga yotqizilishi zarur. Qattiq qoplama, suv o‘tkazmaydigan, qabul joylari (lotok, quduqlar, chuqurchalar) tomonga qarab 2 foiz darajasida qiyalatib qurilishi va butun atrofi bo‘ylab kamida 0,2 m li to‘siq (bort) bilan o‘ralgan bo‘lishi lozim.
170. Temir yo‘l quyish-to‘kish estakadalarida temir yo‘l vagon-sisternasiga neft mahsuloti to‘lish chegarasiga yetganda quyish jarayoni avtomatik tarzda to‘xtashi kerak.
171. Temir yo‘l quyish-to‘kish estakadasidagi tez alangalanadigan suyuqliklar va yonuvchi suyuqliklar keladigan o‘tkazgich quvurlarga tez ishlaydigan berkitish qurilmasi yoki masofadan turib boshqariladigan, avariya vaziyatlarida esa mazkur o‘tkazgich quvurlarni uzib qo‘yadigan zulfinlar o‘rnatilishi kerak.
Mazkur uzib qo‘yadigan qurilma temir yo‘l quyish-to‘kish estakadasidan 20 — 50 m nariga o‘rnatilib, operator xonasidan va bevosita temir yo‘l quyish-to‘kish estakadasining evakuatsiya zinapoyasining eng past joyidan turib boshqarilishi kerak.
172. Neft va neft mahsulotining maksimal xavfsiz quyish tezligini qabul qilishda quyilayotgan neft mahsulotining xossasi, quyish qurilmasidagi o‘tkazgich quvur diametri va devorlari materialining xossalari inobatga olinishi va loyihada belgilanishi kerak.
173. O‘tkazgich quvurlar va quyish-to‘kish kollektorlari tizimlarida yong‘in va portlash xavfi bor aralashmalari hosil bo‘lishining oldini olish maqsadida, maxsus ishlarga mo‘ljallangan uskunalar va turg‘un tarmoqlardan foydalanib, mazkur joylarga inert gaz yoki bug‘ olib kelishini ko‘zda tutish lozim.
174. Neft va neft mahsulotlarini temir yo‘l quyish-to‘kish estakadasi yashinning bevosita urishi va elektr magnit induksiyasidan himoyalangan bo‘lishi zarur.
175. Temir yo‘l quyish-to‘kish estakadasi joylashgan temir yo‘llari estakadadan temir yo‘l vagon-sisternani har ikki tomonga yurgizib chiqarib olishga imkon beradigan ravishdagi aylanib o‘tish yo‘llariga ega bo‘lishi, uning uzunligi estakadadan kamida 30 m gacha cho‘zilib, maxsus to‘siqgacha yetishi kerak.
3-§. Avtoyoqilg‘i quyish estakadalariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
176. Avtotsisternalarga avtoyoqilg‘i quyish maydonlari neft mahsuloti guruhlariga ko‘ra birlashtiriladi va ayvon ostida joylashtiriladi. Ayvon konstruksiyasi yonmaydigan materialdan tayyorlangan bo‘lishi lozim.
177. Avtoyoqilg‘i quyish estakadasi joylashgan maydoncha qattiq qoplamali bo‘lib, to‘kilgan neft mahsulotlarini maxsus yig‘gichga, yog‘in-suvlarini esa oqova suv tizimiga kelishini ta’minlashi kerak.
Quyish qurilmalari texnologik sxemaga muvofiq tartib raqamga va ushbu qurilmadan o‘tadigan neft mahsuloti navi (sorti)ning nomiga ega bo‘lishi lozim. Maydonlarda yo‘l harakati va yong‘in xavfsizligiga doir belgilar o‘rnatilishi zarur.
178. Nosoz avtotsisternalarni avtoyoqilg‘i quyish estakadasida ta’mirlanishi taqiqlanadi.
179. Avtoyoqilg‘i quyish estakadasi (punkti)da operator xonasidan avtomatik tarzda boshqariladigan quyish ustunlari va avtomatik usulda quyadigan qurilmalarni qo‘llash kerak.
180. Avtoyoqilg‘ini quyishni qo‘lda, gidravlika yoki pnevmatik usulda amalga oshirishda qo‘llaniladigan quyish-to‘kish qurilmasining uzatmalari, qurilma mexanizmlari tasodifan, o‘z-o‘zidan harakatga kelishining oldini olish lozim.
181. Avtotsisternaga quyilayotgan neft mahsuloti avtotsisterna toshib ketishining oldini olish uchun belgilangan sathgacha neft mahsuloti to‘ldirilganda, avtomatik tarzda quyilishni to‘xtatib qo‘yadigan avtomatik chegaralagich moslamani qo‘llash zarur.
182. Avtotsisternaga neft mahsulotini quyish tugallangandan so‘ng quvurdagi neft mahsulotini to‘kmay, uning neft mahsulotidan to‘liq bo‘shatib olinishini ta’minlovchi chora-tadbirlarni ko‘zda tutish lozim.
183. Quyish moslamalarida ularning og‘zigacha neft mahsulotlari bilan to‘ldirilgan avtotsisternalarni avtoyoqilg‘i quyish shoxobchalaridan chiqib ketishining oldini olish uchun ular maxsus (svetoforlar va shlagbaumlar) vositalar bilan jihozlanishi kerak.
184. Avtoyoqilg‘i quyish estakadasida neft mahsulotini olayotgan yoki tushirayotgan avtotsisternalarda haydovchi nasosning ishga tushib ketishining oldini oluvchi, yertutashtirgich moslamasi bilan jihozlangan blokirovka tizimi bo‘lishi lozim.
185. Yong‘in sodir bo‘lganda, avtotsisternani sudrab olib chiqib ketish uchun avtoyoqilg‘i quyish estakadasida tros yoki shtanga bo‘lishi lozim.
186. Avtotsisternalarda GOST 194333.3-2000 “Xavfli yuklar. Markirovka” talablariga muvofiq tegishli belgilari, harakatlanayotganda yerga tutashtiruvchi zanjirning tegib turadigan qismining uzunligi 100 — 200 mm keladigan uchqun chiqarmaydigan materialdan yasalgan bo‘lishi kerak.
187. Avtotsisternalarda ikkita o‘t o‘chirgich, kigiz, quruq qumli quti, belkurak va xavf haqidagi axborot tizimining ma’lumot jadvali bo‘lishi zarur.
4-§. Rezervuar parklariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
188. Rezervuar parkining hududiga kirish uchun marzaning har ikkala tomoniga tutqichlari bor o‘tish zinapoyalarini o‘rnatish zarur. Bunda:
alohida turgan rezervuar uchun — kamida ikkita;
rezervuarlar guruhi uchun — kamida to‘rtta.
O‘tish joylarini belgilashda xodimlar yurishi uchun qulay nuqtalarni tanlash lozim. O‘tish joylari (zinapoyalari) bo‘lmagan joylarda marza ustidan yurib o‘tish taqiqlanadi.
189. Rezervuar parki hududiga maxsus uchqun so‘ndirgichi yo‘q transport vositalarning kirishi taqiqlanadi.
190. Poydevori cho‘kkan, zich bo‘lmagan hamda nosoz uskunali rezervuarlardan foydalanish mumkin emas.
191. Rezervuar tomiga, narvonning har ikkala tomoniga qarab, rezervuar perimetri bo‘yicha va narvon tutqichlariga ulangan, balandligi kamida 1 m to‘siq-tutqichlar o‘rnatish lozim.
Rezervuar tomidagi uskunalarga xizmat ko‘rsatishda foydalaniladigan maydonchalar narvonning eng yuqori pog‘onasi bilan mahkam tutashtirilgan bo‘lishi lozim. Maydonchalarda yog‘och pol o‘rnatish taqiqlanadi.
192. Quduqlarning metall lyuklarini, rezervuarlarning narvonlarini va tomini faqat yog‘ochli kuraklar bilan tozalash kerak.
193. Rezervuarlardagi neft mahsulotlarini isitish harorati neft mahsuloti bug‘larini berk tigelda alangalanishi darajasidan 15 °C past va 90 °C dan yuqori bo‘lmasligi kerak. Rezervuardagi isitilayotgan neft mahsulotining harorati muntazam nazorat qilib borilishi, olingan ko‘rsatkichlar esa, boshqaruv xonasida (operator xonasida) qayd qilib borilishi lozim.
194. Neft mahsulotini bug‘ isitgich yordamida qizdirganda, to‘yingan bug‘ning bosimi 0,4 MPa dan (4 kg/sm2 dan) ortiq bo‘lmasligi kerak.
195. Rezervuarlar (parklar) marzalari ichiga elektr uskunalarni o‘rnatish va elektr kabel tarmoqlarini yotqizish mumkin emas, yong‘in va portlashdan himoyalanib yasalgan elektr isitish tizimi, nazorat va avtomatika qurilmalari hamda mahalliy yoritish asboblari bundan mustasno.
196. Rezervuar yaqinida o‘rnatilgan berkitish qurilmasi qo‘lda hamda marzadan tashqarida turib elektruzatmali zulfin orqali boshqariladigan bo‘lishi kerak.
5-§. Nasos stansiyalariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
197. Nasos stansiyasining eshik va derazalari tashqariga ochiladigan hamda eshiklari ostonasiz (bo‘sag‘asiz) bo‘lishi kerak. Yorug‘lik tushadigan tirqishlar to‘silmagan bo‘lishi, deraza oynalar va fonarlar tozalab turilishi zarur.
198. Ayvonlarga joylashtirilgan ochiq nasos stansiyalaridagi yon to‘siqlarining yuzasi uning o‘sha yon tomoni poldan tomning yoki nasosxona ayvonining eng yuqori nuqtasigacha hisoblaganda umumiy yuzasining 50 foizidan ko‘p bo‘lmasligi kerak.
Nasos stansiyalarining yon tomonidagi himoya to‘siqlari yonmaydigan materialdan yasalib, tabiiy shamollatish shartlariga ko‘ra poldan (yerdan) kamida 30 sm ko‘tarilib turgan bo‘lishi kerak.
199. Tez alangalanadigan suyuqliklarni haydash (damlash) uchun ikki yonlama, zarur hollarda esa, bir yonlama va qo‘shimcha zichlagichli salniksiz markazdan qochma nasoslar ishlatilishi lozim.
200. Transportirovka qilinayotgan (haydalayotgan) neft mahsulotini orqaga qarab harakatlanishining oldini olish uchun o‘tkazgich quvurining damlash tarmog‘iga teskari klapan o‘rnatish lozim.
201. Nasoslarning xavfsiz ishlatilishini ta’minlash maqsadida ularni signalizatsiya va blokirovka tizimi bilan jihozlash lozim.
202. Neft va neft mahsulotlarini haydovchi nasoslar qayerga o‘rnatilishidan qat’i nazar, mahalliy va masofadan turib boshqaruvga ega bo‘lishi zarur.
203. Nasoslarning so‘ruvchi va haydovchi tarmoqlarida masofadan turib boshqariladigan berkituvchi yoki uzib qo‘yuvchi qurilma ko‘zda tutilishi lozim. Masofadan uzib qo‘yadigan moslama har bir muayyan holat uchun o‘tkazgich quvurning diametri va uzunligiga qarab loyihalovchi tashkilot tomonidan belgilanadi.
204. Nasos stansiyasining pollari yonmaydigan va neft mahsulotlari ta’siriga dosh beradigan materiallardan yasalishi lozim. Polda drenaj lotoklari bo‘lib, ular yaxshi yopiladigan lotokning tagi va devorlarini suv va neft mahsuloti o‘tkazmaydigan qilib yasalishi kerak. Lotoklar oqova tizim tomonga gidrozatvor orqali qiyalatib o‘rnatilishi zarur.
205. Nasos stansiyasidagi o‘tkazgich quvurlar lotoklarga joylashtirilishi va devorlar (teshiklari) orqali o‘tgan joylarining zichlagich moslamalarini qo‘llab berkitish lozim.
206. Nasos yoki kompressorning so‘ruvchi va haydovchi o‘tkazgich quvurlardagi berkitish, ajratish va saqlagich qurilmalarini qoida tariqasida, nasos yoki kompressorga yaqinroq, xizmat ko‘rsatish uchun qulay va xavfsiz joyga o‘rnatish kerak.
207. Yonma-yon joylashgan nasoslarning qismlari o‘rtasidagi hamda nasoslar bilan bino devorlari o‘rtasidagi masofa kamida 1 m, ikki qator qilib o‘rnatilganda esa, qatorlar orasi kamida 2 m bo‘lishi lozim.
Nasoslarning qismlari, o‘tkazgich quvurlar va boshqa uskunalar eshikdan kamida 1 m nariga o‘rnatilgan bo‘lishi kerak.
208. Uskunalar va o‘tkazgich quvurlarning 45 °C gacha qiziydigan yuzalari to‘silgan yoki xodimlar tekkanda kuyib qolishining oldini oluvchi izolyatsiyalovchi material bilan qoplangan bo‘lishi lozim.
209. Nasos stansiyasida joylashgan asosiy va yordamchi uskunalar texnologik sxema asosida tartib raqamlar bilan belgilanishi kerak. Tartib raqamlarni ko‘rinarli joyga oq bo‘yoq bilan yozish zarur. Dvigatel bilan nasos o‘rtasida devor bo‘lsa, tartib raqam ham nasosga, ham dvigatelga yoziladi. Nasos agregati bir xonada joylashgan bo‘lsa, raqam faqat dvigatelga yoziladi.
210. Nasos stansiyasidagi asosiy va yordamchi qurilmalar hamda suv ta’minoti, shamollatish, oqova, havo ta’minoti va yong‘in o‘chirish tizimlari bir-biridan farqlanadigan ranglarga bo‘yalishi kerak. O‘tkazgich quvurlarining sirtlarida ularning vazifalari hamda haydalayotgan neft mahsulotining yo‘nalishi ko‘rsatilishi lozim.
211. Dvigatel va nasoslarda, ulardagi aylanma harakatning yo‘nalishini ko‘rsatuvchi strelkalar, ishga tushirish qurilmasida esa “Ishga tushirish” va “STOP” yozuvlar bo‘lishi lozim.
212. Nasos stansiyasidagi knopkalar (tugmachalar) va qayta ulagichlar yong‘in va portlashdan himoyalanib hamda nam o‘tkazmaydigan qilib yasalgan bo‘lishi zarur.
“Ishga tushirish” knopkasi (tugmachasi) pult yuzasidan 3 — 5 mm pastroq qilib, “STOP” knopka (tugmacha)si esa, qo‘ziqorin shaklida biroz kattalashtirilgan bo‘lib, pult yuzasidan (paneldan) bo‘rtib chiqib turgan bo‘lishi kerak.
213. Har bir nasos agregatiga manometr o‘rnatilishi lozim. Manometrsiz yoki nosoz manometrli nasoslarni ishlatish taqiqlanadi.
214. Nasos agregatida uni yerga tutashtiruvchi tizimga ulashga xizmat qiluvchi moslama bo‘lishi, uning ustiga yertutashgich belgisi qo‘yilishi lozim.
215. Berk binodagi nasos stansiyalarida majburiy oqimli-so‘ruvchi shamollatish tizimi va yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalari bo‘lishi lozim.
216. Nasos stansiyalardagi moylash vositalarining miqdori sutka ehtiyoji darajasida berkitiladigan metall idishlarda saqlanishi kerak.
217. Artish materiallarini qopqoqli metall qutilarga yig‘ib, keyinchalik qayta ishlatishga tayyorlash yoki yo‘q qilib yuborish mumkin.
Moylash vositalarini uzoq muddat saqlashga ruxsat etilmaydi.
218. Nasoslarni ishlatishda podshipniklar va salniklar holatiga alohida e’tibor berish zarur.
Podshipniklar yetarli darajada moylangan bo‘lishi lozim va ular 60 °C dan ortiq qizib ketmasligi kerak.
Podshipniklar haroratini har soatda kamida bir marta tekshirib turish kerak.
219. Nasoslar va o‘tkazgich quvurlarning issiq yuzasiga artish materiallari yoki neft mahsulotlari shimilgan buyumlarni qo‘yish taqiqlanadi.
220. Nasoslarni ishlatishda nasoslarda va o‘tkazgich quvurlari germetik bo‘lishi hamda salnikli zichlagichlar va boshqa joylarida neft mahsulotlarini me’yordan ortiq miqdorda sizib chiqish holatlari darhol bartaraf etilishi zarur.
221. Nasos stansiyasidagi barcha uskunalarning ishqalanuvchi detallari o‘z vaqtida moylanishi kerak. Moylash paytida neft mahsulotining sachrab, oqib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak.
222. Ishlab turgan nasoslar ish rejimida biror nosozliklar (shovqin, haddan tashqari kuchli tebranish, podshipniklar qizishi, salniklardan neft mahsuloti sizib chiqishi va darzliklar) aniqlanganda, nasoslarning ishlashini darhol to‘xtatish zarur. Nosozlik sabablari aniqlanib, ularga barham berilmaguncha nasoslarni ishlatish taqiqlanadi.
223. Nasoslar ishini avtomatik tarzda nazorat qilish vositalari bo‘lmasa, asbob-uskunalarning ishlashini muntazam ravishda nazorat qilib turish zarur.
224. Nasos stansiyasiga elektr energiyasi to‘satdan kelmay qolganda, dvigatellarni elektr tarmog‘idan tezda uzib qo‘yish kerak.
225. Har bir nasos stansiyasida avariya holati uchun asbob-uskunalar komplekti va akkumulyatorli fonarlar zaxirasi bo‘lishi hamda ular maxsus javonlarda saqlanishi kerak.
6-§. Texnologik o‘tkazgich quvurlariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
226. Texnologik o‘tkazgich quvurlarini qurish va joylashtirishga doir umumiy xavfsizlik talablari QMQ 3.05.05-98 “Texnologik uskunalar va texnologik o‘tkazgich quvurlar”ga muvofiq bo‘lishi kerak.
227. Tashkilotning texnologik o‘tkazgich quvurlari texnologik sxemasida ularning yer usti va yer ostidagi o‘tkazgich quvurlarining hamda ularga o‘rnatilgan berkitish qurilmalarining joylashuvi ko‘rsatilishi lozim.
O‘tkazgich quvurlarining joylashuv sxemasini tashkilot rahbariyatining ruxsatisiz o‘zgartirish mumkin emas.
228. Neft va neft mahsulotlarini o‘tkazgich tarmoqlari orqali transport qilish uchun faqat po‘lat texnologik o‘tkazgich quvurlarni qo‘llash kerak.
Mazkur maqsadlar uchun shisha va boshqa mo‘rt materiallar hamda yonuvchi va qiyin yonuvchi materiallardan (ftorplast, polietilen, viniplastdan) yasalgan o‘tkazgich quvurlardan foydalanishga ruxsat etilmaydi.
229. Tashilayotgan (haydalayotgan) neft mahsulotining korroziyaga faolligi va ishlatishga mo‘ljallangan muddatiga ko‘ra o‘tkazgich quvurlarining devorlari qalinligining korroziya tufayli yemirilishini hisobga olib tanlash kerak.
230. Neft va neft mahsulotli texnologik o‘tkazgich quvurlarini neft bazalari hududi bo‘ylab yer yuzasiga, yonmaydigan konstruksiyalar, estakadalar, ustun va tayanchlarga o‘rnatib joylashtirish kerak.
231. O‘tkazgich quvurlarini bir-biriga ulash faqat payvandlash orqali amalga oshiriladi. O‘tkazgich quvurlar orqali qotib (quyuqlashib) qoladigan neft mahsulotlarini haydayotganda hamda armatura va texnologik uskunalar o‘rnatiladigan joylarda yonmaydigan materialdan yasalgan qistirmali flanetsli ulanmalarni qo‘llashga ruxsat etiladi.
232. O‘tkazgich quvurlarni puflash uchun inert gaz va bug‘ni o‘tkazgich quvurining boshlanish va oxirgi nuqtalariga ulash lozim. Bunda armatura va tiqinli shtutserlar o‘rnatilgan bo‘lishi kerak.
233. Yong‘in va portlashdan himoyalangan armaturaning elektr uzatmalarini kapital ta’mirlash ixtisoslashtirilgan tashkilotlarda amalga oshiriladi.
234. Markazdan qochma nasoslar va kompressorlarning haydovchi (damlovchi) o‘tkazgich quvur tarmog‘iga haydalayotgan suyuqlikni teskari yo‘nalishda harakatlanib ketishining oldini olish maqsadida teskari klapan yoki shunga o‘xshash qurilma o‘rnatilishi, zarur bo‘lganda esa, saqlagich qurilmasini (klapan) o‘rnatish lozim.
Texnologik o‘tkazgich quvurlarining berkituvchi-tartibga soluvchi armaturasiga ijroviy texnologik sxemaga muvofiq, uning tartib raqami yozib qo‘yilishi zarur.
Berkituvchi, tartiblovchi va saqlovchi armaturalar ularga xizmat ko‘rsatishga va boshqarishga qulay hamda oson boriladigan joylarga o‘rnatilishi kerak.
235. Yer usti texnologik o‘tkazgich quvurlarining tayanchlari (ustunlari) va osma moslamalarining xavfli darajada osilib qolishi yoki avariya holati sodir etilishining oldini olish maqsadida ular doimiy nazorat ostida bo‘lishi kerak.
236. Texnologik o‘tkazgich quvurlari ustidan xodimlar o‘tadigan joylarga o‘tish maydonchalari yoki tutqichli ko‘prikchalar qurish lozim.
237. Texnologik o‘tkazgich quvurlarining lotoklari va transheyalari yonmaydigan materialdan yasalgan plitalar bilan berkitilishi zarur.
238. Texnologik o‘tkazgich quvurlarining lotoklari, transheyalari va quduqlari doimo toza holatda bo‘lishi, muntazam ravishda suv bilan yuvib turilishi shart.
Quduqlar, kameralar yoki transheyada (lotoklarda) joylashgan berkitish armaturalari quduq yoki transheyaga (lotokka) tushmasdan yuqoridan turib ochib-yopish imkonini beruvchi moslamaga ega bo‘lishi kerak.
239. O‘tkazgich quvurlarning armaturalarini ochish yoki yopish uchun lomlar va quvurlarni ishlatish taqiqlanadi.
240. Texnologik o‘tkazgich quvurlarida berk (tupik) uchastkalar bo‘lsa, ular doimiy nazorat ostida bo‘lishi zarur.
241. Texnologik o‘tkazgich quvurlari va armaturalarni qizdirish uchun gulxan, mash’ala va kavsharlash lampalarini qo‘llash mumkin emas. Bunda qizdiriladigan uchastkani ishlab turgan tarmoqdan uzib (ajratib) qo‘yish va qaynoq suv va bug‘dan foydalanish kerak.
242. Texnologik o‘tkazgich quvurlarida sodir bo‘lgan tiqinlarni bartaraf etish uchun ishqalanish yoki quvurga urilish tufayli uchqun hosil qiluvchi po‘lat simlar va boshqa moslamalarni ishlatish taqiqlanadi.
243. Nostandart ulash detallari va armaturalarni qo‘llagan holda texnologik o‘tkazgich quvurlarini ishlatishga yo‘l qo‘yilmaydi.
244. Neft mahsulotlarini haydash paytlarida texnologik o‘tkazgich quvurlari va ularning armaturalarini ta’mirlash taqiqlanadi.
245. Neft mahsulotlarini haydovchi texnologik o‘tkazgich quvurlarida elektr statik hodisasi ro‘y berishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ular yerga tutashtirilishi lozim.
7-§. Laboratoriyalarga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
246. Laboratoriyalarni yong‘inga chidamlilik bo‘yicha kamida II darajadagi binolarga joylashtirish kerak. Laboratoriyalar boshqa ishlab chiqarish binolaridagi xonalarga joylashtirilganda, ular yonmaydigan devor bilan ajratib qo‘yilishi lozim.
247. Laboratoriyaning ishchi xonalari oqimli-so‘ruvchi shamollatish tizimiga va shkaflar hamda boshqa gaz ajralib chiquvchi manbalardan so‘ruvchi mahalliy moslamalarga ega bo‘lishi kerak.
248. Laboratoriyaning barcha xonalari doimo toza bo‘lishi kerak. To‘kilgan tez alangalanadigan suyuqliklar va yonuvchi suyuqliklar yig‘ib olinib, mazkur joy tezda issiq suv bilan yuvilishi zarur.
249. Zaharli yoki yong‘in va portlash xavfi mavjud bo‘lgan bug‘lar va gazlar ajralib chiqishi ehtimoli bo‘lgan barcha ishlar so‘ruvchi shkafda bajarilishi lozim. So‘ruvchi shkaflar ichida ochiq olovni qo‘llab ishlash zarur bo‘lganda, ish joyini qarovsiz qoldirish mumkin emas.
250. Neft mahsulotlari va boshqa tez alangalanadigan suyuqliklarni qizdirish zarur bo‘lganda, suyuqlik ko‘pirib va sachrab ketmasligi uchun uni suvsizlantirib olish lozim.
251. So‘ruvchi shkaflarni idishlar, asboblar va bajarilayotgan ishga aloqasi bo‘lmagan boshqa laboratoriya uskunalari bilan aralashtirib yuborish taqiqlanadi.
Oynalari singan va shamollatish tizimi nosoz bo‘lgan so‘ruvchi shkaflarni ishlatish taqiqlanadi.
252. Yong‘in va portlash xavfi bor moddalar bilan ishlashga mo‘ljallangan ish stollari va so‘ruvchi shkaflar yonmaydigan material bilan qoplanib, qirg‘og‘i kamida 1 sm bortga ega bo‘lishi, faol kimyoviy moddalar bilan ishlaydigan joylar esa, ular ta’siriga bardosh beradigan material bilan qoplanishi kerak.
253. So‘ruvchi shkaflar va idish yuvish xonalari yong‘in va portlashdan himoyalangan chiroqlar bilan yoritilishi kerak. Tok shtepsel qurilmalarini so‘ruvchi shkafdan tashqariga joylashtirish kerak.
254. Laboratoriya xodimlari neft mahsulotlari, yong‘in va portlash xavfi mavjud bo‘lgan kimyoviy moddalar va materiallarni bilishlari va ular bilan ishlaganda xavfsizlik choralariga rioya qilishlari zarur.
255. Yonuvchi va zaharli moddalarni qizdirish (isitish) bilan bog‘liq ishlarni bajarganda, laboratoriya xonasida kamida ikki kishi bo‘lishi kerak. Ish joyini qarovsiz qoldirish taqiqlanadi. Xodim ma’lum vaqtga ish joyini qoldirishi kerak bo‘lganda, isitish manbalari tokdan ajratib qo‘yilishi lozim.
256. Maxsus kiyimsiz yoki yog‘-moy bilan ifloslangan maxsus kiyimda ish bajarish taqiqlanadi.
257. Ish yakunida gaz va suv jo‘mraklari yopilganligi, gorelkalar, lampalar, elektr isitish asboblari, elektr motorlar, shamollatish tizimlari, elektr yoritqichlar manbadan uzilganliklari, rakovinaning suv bilan yuvilganligi, barcha yonuvchi moddalar omborga yig‘ilganligi, reaktivlar va materiallar turgan idishlarning og‘zi tiqinlar bilan berkitilganligi, laboratoriya xonasi va ish joylari yig‘ib-sarishtalanganligi tekshirilishi zarur.
258. Ish uchun zarur bo‘lgan neft mahsulotlari va reaktivlar kunlik ehtiyoj miqdorida saqlanishi mumkin. Ular so‘ruvchi shkaflar ichida saqlanayotgan bo‘lsa, ushbu shkaflarda tahlillar o‘tkazish taqiqlanadi.
O‘zaro kimyoviy qo‘shilishi oqibatida yong‘in va portlash hosil qiluvchi moddalarni birga saqlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
259. Yong‘in xavfi bor moddalar (neft, benzin, benzol, spirt va boshqalar), neft mahsuloti namunalari, kislotalar va ishqorlar yong‘in xavfsizligi talablariga javob beradigan xonalarda saqlanishi kerak.
260. Laboratoriyada bir turli gazli ballonni bittadan ortiq miqdorda saqlab turish taqiqlanadi.
261. Laboratoriyaning gaz tarmog‘i ish joyidagi jo‘mrak va kranlardan tashqari, binoning tashqarisiga qulay qilib joylashtirilgan hamda umumiy berkitish jo‘mragiga ega bo‘lishi lozim.
262. Ish joylari va so‘ruvchi shkaflardagi suv va gaz jo‘mraklari xizmat ko‘rsatish uchun qulay va xavfsiz joyga o‘rnatilishi zarur.
263. Nosoz ulanmalar yoki jo‘mraklardan gaz sizib chiqayotganligi aniqlanganda, gaz tarmog‘idagi umumiy jo‘mrak yordamida gaz kelishi to‘xtatilib, gaz sizib chiqishiga barham berish va xona shamollatilishi lozim.
Gaz tarmog‘idagi germetiklikni tekshirish uchun ochiq olovdan foydalanish taqiqlanadi. Ballonlar yoki reduktor jo‘mraklaridagi nozichlik sovun ko‘pigi surtilib aniqlanadi.
264. Suyultirilgan gaz ballonlaridan foydalanilganda, ular quyosh nuri to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushmaydigan, yoritqich va isitgich uskunalaridan chiqayotgan issiqlik ta’sir qilmaydigan joylarga o‘rnatilishi (saqlanishi) lozim. Ballonlar maxsus xomutlar yordamida tik holatda o‘rnatiladi.
265. Yonuvchi gazli ballonlarni oqimli-so‘ruvchi shamollatish tizimi bilan jihozlangan maxsus binolarda (xonalarda) saqlash va o‘rnatish lozim. Usti berkitilgan ochiq joylarda maxsus javon yoki panjarali yaxshi shamollatiladigan shkaflarda saqlash yoki o‘rnatish kerak.
266. Neft mahsulotlari namunalari, tez alangalanadigan erituvchilar va reaktivlarni saqlash uchun so‘ruvchi shamollatish tizimi bilan jihozlangan maxsus bino ajratilishi lozim.
Namunalarni bino tashqarisiga o‘rnatilgan tabiiy shamollatiluvchi metall qutilarda saqlash mumkin.
267. Kimyoviy modda solingan har bir idishga mahsulot nomi yozilgan etiketka yopishtirilishi lozim.
268. Tajovuzkor (reaktiv) suyuqliklar shisha idishlarga solinib, ular mahkam va zich qilib berkitilishi, solingan moddaning nomi va konsentratsiyasi yozilgan birkalar bog‘lab qo‘yilishi kerak. Mazkur shisha idishlarning og‘zini berkitmay tashish taqiqlanadi.
269. Tajovuzkor (reaktiv) suyuqlik solingan idishni qo‘lda yoki yelkada tashish mumkin emas. Bunda tajovuzkor (reaktiv) suyuqlik solingan idishni mexanizatsiyalashgan moslamalardan foydalangan holda maxsus zambillar yoki qo‘sh qavat taglikli korzinalarda ikki kishi bo‘lib tashilishi lozim.
270. Tajovuzkor (reaktiv) suyuqlik solingan idishlarni o‘tish joylari va ko‘pchilik yig‘iladigan joylarda qarovsiz qoldirish taqiqlanadi.
271. Tajovuzkor (reaktiv) suyuqliklarni bir idishdan boshqasiga quyishda yoki mayda idishlarga quyishda chetlari qayrib qo‘yilgan va havo chiqaruvchi naychasi bor maxsus xavfsiz voronkalardan foydalanish kerak.
272. Kislotalarni quyish, ishqorlarni eritish hamda ularni qo‘llash joylari mahalliy so‘ruvchi shamollatish tizimi, toza latta, sochiq, qo‘l yuvish uchun shlangli suv jo‘mragi va ko‘zni yuvish uchun suv favvorasi (fontancha) bilan jihozlanishi lozim.
273. Foydalanilgan neft mahsuloti qoldig‘i, tajovuzkor (reaktiv) suyuqliklar va zaharli moddalar maxsus metall idishga quyilishi va ish oxirida laboratoriyadan tashqariga chiqarib tashlanishi zarur. Mazkur suyuqliklarni rakovinalar va maishiy oqova tizimiga to‘kish taqiqlanadi.
274. O‘ta zararli va zaharli moddalar bilan ish olib borilayotgan binolarning shamollatish tizimi alohida va boshqa xonalarning shamollatish tizimiga ulanmagan bo‘lishi kerak.
275. Benzin, efir yoki boshqa yong‘in xavfi mavjud bo‘lgan moddalar yerga to‘kilganda hamda gaz hidi sezilganda, barcha gorelkalarni o‘chirish va gaz chiqayotgan manbani topish hamda nosozlikni bartaraf etish zarur. Bunda elektr asboblardan foydalanish taqiqlanadi.
276. Laboratoriya idishlarini yuvish joyi ishchi xonalardan boshqa bo‘lib, yonmaydigan yaxlit to‘siq bilan ajratilishi va alohida chiqish eshigiga ega bo‘lishi zarur.
277. Yuvish xonasiga kirishda, uning yong‘in va portlash xavfliligi darajasi bo‘yicha toifasini ko‘rsatuvchi va tamaki mahsulotlari iste’mol qilinishini taqiqlovchi xavfsizlik belgilari mavjud bo‘lishi kerak.
278. Yuvish xonasidagi idish yuvish joyi eritmalar saqlanadigan joyidan alohida hamda mahalliy so‘ruvchi shamollatish va umumiy oqimli-so‘ruvchi shamollatish tizimi bilan jihozlangan bo‘lishi lozim.
279. Yuvish joyiga o‘tkir kislotalar, ishqorlar va zaharli moddalar ishlatilgan idishlar topshirilishidan oldin to‘liq bo‘shatilishi va neytrallashtirilishi zarur.
280. Sulfat kislotasi konsentratsiyasini pasaytirish uchun kislotani mayda porsiyalar bilan suvga quyish kerak.
281. Kaustik sodaning uncha katta bo‘lmagan eritmasini tayyorlash uchun idishga oldin suv quyib, so‘ngra unga kaustik soda bo‘laklarini solinishi va to‘liq eriguncha aralashtirib turilishi zarur.
282. Kaustik soda eritmasini qo‘lda sinmaydigan, berkitiladigan idishda yoki maxsus katakchalarga joylashtirilgan, tagiga yumshoq materialdan taglik qo‘yilgan shisha idishlarda tashish mumkin.
283. Xlorli ohak va ohakli eritmani tashish, maydalash va tarozida tortishda xodimlarga xalat, respirator, himoya ko‘zoynaklari, gazniqob va qo‘lqoplar berilishi kerak.
284. Zaharli moddalarni laboratoriya rahbarining ruxsatisiz berishga ruxsat etilmaydi.
285. O‘yuvchi moddalar inson tanasiga tekkanda, zudlik bilan jarohatlangan joy kuchli suv oqimi bilan yuvilishi kerak.
286. Oziq-ovqat mahsulotlari maxsus ajratilgan joylarda iste’mol qilinishi zarur. Tajovuzkor (reaktiv) moddalar bilan ish bajariladigan xonalarda oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilishdan oldin qo‘llar yuvilib, maxsus kiyim yechib qo‘yilishi lozim.
287. To‘kilgan kislota ustiga qum sepilib, kislota shimilgan qum kurak bilan tozalanib, o‘rniga soda yoki ohak to‘kilib, suv bilan yuviladi va quruq latta bilan artiladi.
288. O‘yuvchi moddalar, kislotalar, ishqorlar bilan ishlashdan oldin kran ochilib, suv oqizib qo‘yilishi yoki suv zaxirasiga ega bo‘lishi lozim.
289. Ichida bosim yoki vakuum hosil bo‘lishi mumkin bo‘lgan shisha idishlar g‘ilof bilan o‘ralgan bo‘lishi kerak.
290. Shisha tayoqcha va naychalarni sindirishda hamda ular uchiga rezina naychalarni kiydirishda sochiqdan foydalanib ishlash kerak. Bunda shisha naychalar va tayoqchalarning uchini olovda eritib olish zarur.
291. Shisha naychalarni tiqin ichiga kiritishda, naychani tiqin ichiga kiradigan tomoniga yaqin joydan ushlash kerak. Naycha tiqinga kirishini osonlashtirish uchun tiqindagi teshikni suv yoki glitserin bilan ho‘llash lozim.
292. Laboratoriyaning bino va xonalarida chekish, ochiq olovdan foydalanish, polni benzin yoki kerosin bilan yuvish, korjoma, lattalarni isitish konstruksiyalari ustida quritish, bug‘li isitish quvurlari ustida tez alangalanadigan neft mahsulotlari bilan ishlash, to‘kilgan neft mahsulotini yig‘ishtirib olmay qoldirish, yonuvchi suyuqliklarni rakovina va yuvinish joylariga to‘kish taqiqlanadi.
293. Ish stollari, shkaflar, deraza tokchalarini neft mahsuloti solingan idishlar bilan to‘ldirib tashlamaslik kerak.
294. Yog‘-moy artilgan lattalar, qipiq va boshqa shunga o‘xshash materiallar qopqoqli temir qutilarga to‘planib, ish yakunida maxsus ajratilgan joyga chiqarib tashlanadi.
295. Olov bilan bog‘liq ishlarni bajarishda laboratoriyada kamida ikki kishi bo‘lishi kerak.
296. Olovli ishlarni bajaradigan ish stoli yuzasi tunuka, kafel yoki linolium bilan qoplanishi, isituvchi asbob tagiga asbestning qalin listi qo‘yilishi lozim. Tez alangalanadigan suyuqliklarni bevosita alanga ustida qizdirish taqiqlanadi.
297. Tez alangalanuvchi xavfli moddalarni olovli ishlar bajarilayotgan binoda bir idishdan boshqasiga quyish, yonuvchi materiallarni gorelkalar va boshqa isitish asboblari yonida saqlash mumkin emas.
298. Etillangan mahsulotlarni tahlil qilish bilan band bo‘lgan xodimlarning ish kiyimlari degazatsiya qilinishi va har oyda kamida ikki marta yuvilishi kerak.
299. Degazatsiya kamerasi bo‘lmaganda, ish kiyimlari kerosinga botirilib ikki soat ushlab turilib, siqib tashlanishi va suvda qaynatilib, issiq suv bilan yaxshilab yuvilishi va shundan keyin umumiy yuvish joyiga topshirilishi lozim.
300. Etillangan benzinni yondirgichlarning yoqilg‘isi sifatida yoki laboratoriya ishlarida eritgich sifatida ishlatishga, qo‘l va laboratoriya idishlarini yuvishga ruxsat etilmaydi.
301. Simobli asboblar va boshqa tarkibida simob bo‘lgan uskunalardan SanQvaM 0247-08 “Simob bilan va simob solingan asboblar bilan ishlashga mo‘ljallangan ishlab chiqarish va laboratoriya xonalarini loyihalash, barpo etish, foydalanishga doir sanitariya qoidalari”ga muvofiq foydalanish lozim.
302. Laboratoriya binosi singan termometrlar, manometrlar va boshqa asboblardagi simobning to‘kilishi tufayli ifloslanganda, simob tomchilari (zarra) yaxshilab yig‘ib olinishi zarur. Mayda tomchilar ho‘llangan filtrlash qog‘ozi yoki gazeta vositasida hamda mis yoki oq tunukadan yasalgan plastinkalar va amalgamatsiya qilingan mo‘yqalam yordamida yig‘iladi.
303. Qog‘ozga yoki mo‘yqalamga yopishgan simob zarralari suvli idishga silkitib tushirilishi kerak. Turli tirqishlar, yoriqlar va bo‘shliqlarga kirib qolgan simobni faqat kimyoviy usulda (demerkurizatsiyalash) tozalash mumkin.
Demerkurizatsiya xlorli temirning 20 foiz suvli eritmasi bilan zararlangan yuzani ho‘llab chiqib, bir sutkaga qoldirish yoki yuzani dixloraminning to‘rt xlorli ugleroddagi 5 foiz eritmasi bilan 10 soatga ho‘llab qo‘yish va qo‘shimcha ravishda natriy polisulfidining 5 foiz eritmasi bilan yuvilgan holda amalga oshiriladi.
304. Yuza tozalagandan keyin bir necha marta sovunli, toza suv bilan yuvilishi lozim. Demerkurizator temirning xlorli eritmasini bo‘yalgan yuzalarga ishlov berishda ham qo‘llanishi mumkin.
305. To‘kilgan simobni yig‘ishda ishlatilgan cho‘tkalar, chelaklar, lattalarga maxsus usul bilan ishlov berilishi va zararsizlantirilishi kerak.
306. Laboratoriya binosida, toza va quruq qum, qum uchun kurak, kigiz yoki asbest matosi va o‘t o‘chirgichlar kabi birlamchi vositalar bo‘lishi kerak. Alangalanib ketgan neft mahsulotlarini suv bilan o‘chirish mumkin emas.
Yong‘in o‘chirishning birlamchi vositalari binoga kirish joyiga o‘rnatilishi lozim.
307. So‘ruvchi shkaflarda alanga sodir bo‘lganda, shamollatish tizimi darhol to‘xtatilishi, elektr isitish asboblari manbadan ajratilishi yoki yonayotgan gaz gorelkasi o‘chirilishi va alangani bartaraf etish choralari qo‘llanishi lozim.
Yong‘in ro‘y berganda yong‘in xavfsizligi bo‘limiga xabar berilishi zarur.
308. Laboratoriya binosida begona shaxslarning bo‘lishi taqiqlanadi.
8-§. Qozonxonaga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
Oldingi tahrirga qarang.
309. Qozonxonaning isitish va shamollatish tizimi SHNQ 2.04.05-22 “Isitish, ventilyatsiya va konditsiyalash” shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiq bo‘lishi shart.
(309-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining 2026-yil 18-martdagi 43-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3803, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)
310. Qozonxona qurilmasi qismlarini ko‘rikdan o‘tkazish, tartibga solish, sozlash paytida foydalaniladigan yechib olinadigan uskunalarini jips o‘rnatish uchun ularga bo‘yoq yoki lak surtishga ruxsat etilmaydi.
311. Qozonxona binosidagi birinchi qavat polining balandligi bino atrofidagi hudud balandligidan past bo‘lmasligi kerak.
312. Qozonxonadan chiqadigan eshiklar tashqariga ochilishi lozim. Eshiklarda ichkaridan berkitiladigan moslama bo‘lmasligi kerak. Qozonxonadan chiqadigan eshiklar qozonlar ishlab turganda berkitilmasligi zarur.
313. Qozonxona qurilmasining konstruksiyasi uni montaj qilishda, sinash va ta’mirlashda hamda xizmat muddati davomida ishlatishda xavfsizlikni ta’minlashi lozim. To‘siqlarning g‘ilof va eshiklarida ularni ishonchli berk holatda turishini ta’minlaydigan moslamalar bo‘lishi shart.
314. Qozondagi suvning sathini ko‘rsatuvchi uskuna yassi, silliq yoki qo‘tir shaffof shisha plastinkadan iborat bo‘lib, kamida 8 mm li ko‘rish tirqishiga ega bo‘lishi zarur.
315. Mazkur to‘g‘ri harakatlanuvchi ko‘rsatish moslamasi ko‘pi bilan 2 m balandlikda, old tomonga ko‘pi bilan 30° qiya qilib, tik holatda o‘rnatilishi lozim.
316. Qozonga umumiy bug‘ o‘tkazish qobiliyati qozonning bir soatlik unumdorligidan past bo‘lmagan kamida ikkita bug‘ saqlagich klapanlar o‘rnatilgan bo‘lishi kerak.
317. Saqlagich klapanlari xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar tegib ketishidan himoyalovchi to‘siqlarga (g‘ilof) ega bo‘lishi lozim.
318. Qozon o‘rnatilgan binoda tez alangalanadigan yoqilg‘i solingan idishlar hamda yonuvchi moylash materiallarining zaxirasini saqlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
319. Suyuq yoqilg‘ini yondirishda forsunkalardan tomadigan yoqilg‘ini qozonxona poliga tushishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak.
320. Suyuq yoqilg‘i keladigan o‘tkazgich quvurlariga, zarur hollarda qozonlarga borishini to‘xtatadigan, berkitish jo‘mraklari o‘rnatilishi zarur.
321. Qozonxonada soat, favqulodda vaziyatlar uchun ovozli signalizatsiya tizimi va tashkilot rahbariyati hamda bug‘ iste’molchilari bilan aloqa o‘rnatish uchun aloqa vositalari bo‘lishi zarur.
322. Xodimga qozon ichida ishlash uchun naryad-ruxsatnoma qozon ichidagi harorat 60 °C dan ortiq bo‘lmaganda berilib, ushbu naryad-ruxsatnoma belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan bo‘lishi shart.
323. Gaz yurish yo‘llarida ishlashga undagi harorat 60 °C dan ortiq bo‘lmaganda ruxsat beriladi. Ish boshlashdan oldin mazkur joylar shamollatilishi, ishlab turgan qozonlardan gaz va changlar kirmaydigan qilib zaslonkalar zichlanib qulflab qo‘yilishi hamda vaqtinchalik g‘isht devor bilan ajratib qo‘yilishi kerak.
Gaz yurish yo‘llaridagi harorat 50 — 60 °C bo‘lganda, xodimlar uning ichida 20 daqiqadan ortiq bo‘lmasligi kerak.
324. Zulfinlar orqali uzib qo‘yilgan o‘tkazgich quvurlari, bug‘ o‘tkazgichlari va gaz o‘tkazgichlari uchastkalarida hamda qozon qurilmasining gaz yurish yo‘llarini ajratilgan qismida ishlar olib borilayotganda, ularning tegishli zulfinlariga va qopqoqlariga hamda tutun so‘rgichni, havo haydovchi shamollatgichni va yoqilg‘i ta’minlagichni ishga tushirish qurilmalariga “Ulamang, odamlar ishlamoqda!” degan plakat osib qo‘yish lozim.
325. Qozonxona binosida qozon qurilmasi va ekonomayzerlariga xizmat ko‘rsatishga, qozonxona uskunalarini ta’mirlashga yoki bug‘ va issiq suv olish texnologiyasiga bevosita aloqasi bo‘lmagan mashina va asboblarni o‘rnatish taqiqlanadi.
326. Qozonlar ishlab turganda quyidagilar taqiqlanadi:
o‘choqda yonish jarayoni tugab, bosim atmosfera bosimi darajasiga tushmaguncha qozonni qarovsiz qoldirish;
qozonning bosim ostidagi elementlarida ta’mirlash ishlarini o‘tkazish;
navbatchilikda turgan mashinistga (o‘t yoquvchi) uning ishlab chiqarish yo‘riqnomasida ko‘zda tutilmagan ishni bajarishni topshirish.
327. Armaturasi, ta’minot asboblari, avtomatikasi, yong‘inni o‘chirish vositalari va signalizatsiyasi nosoz qozonlarni ishga tushirish va ishlatish taqiqlanadi.
328. Qozon ishini avariyali to‘xtatishda xavfsizlikni ta’minlash uchun quyidagi chora-tadbirlar qo‘llanishi zarur:
yoqilg‘i va havo kelishini to‘xtatib, tutun yo‘lini tortish kuchini tezda sustlashtirish;
zudlik bilan o‘choqdagi yoqilg‘ini olib tashlash;
o‘choqda o‘t yonishi to‘xtagandan keyin tutun zaslonkasini, qo‘l bilan yoqish o‘choqlarida esa, uning eshikchalarini biroz vaqtga ochib qo‘yish;
saqlagich klapanlarini sal ko‘tarib qo‘yish yoki avariya jo‘mragi orqali bug‘larni chiqarish.
329. Qozonning ishlashi to‘xtatilganda, zudlik bilan o‘choqqa yoqilg‘i va havo berishni to‘xtatish, mo‘rilar va shamollatgichlarni berkitish orqali tutun so‘rilishini to‘xtatish hamda barcha havo va gaz zaslonkalarini berkitish zarur.
330. Qozonxonada yong‘in sodir bo‘lganda, yong‘indan saqlash xizmatini tezda chaqirib, qozon holatining nazoratini davom ettirish va yong‘inni o‘chirish tadbirlarini qo‘llash lozim.
Qozonxonada yong‘in ro‘y berganda, qozonxona binosining tashqarisidagi zulfin yordamida gaz kelishi to‘xtatilishi kerak. Yong‘in qozonlarga xavf solayotgan bo‘lsa va uni o‘chirishning iloji bo‘lmasa, qozonlarni avariya tartibida tezda to‘xtatish, unga suv yuborib, ichidagi bug‘ni atmosferaga (bino tashqarisi) chiqarib yuborish lozim.
331. Qozonxonalarda uskunalar, armaturalar, nazorat va sozlash asboblarini joriy ta’mirlash uchun ta’mirlash uchastkasi yoki xonasi ajratilishi kerak.
332. Qozonlarga va qozonxona qurilmasi ishiga bevosita aloqasi bo‘lmagan shaxslarni qozonxonaga kirishi mumkin emas.
9-§. Neft bazalarida mexanika ustaxonasiga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
333. Metallga uni kesish orqali ishlov beriladigan mexanika ustaxonasi binolarida moylovchi-sovutuvchi suyuqliklarni havo atmosferasiga tozalab chiqarib tashlaydigan, zararsizlantirish o‘tkazmasi yoki panalagichiga ega bo‘lgan mahalliy so‘ruvchi moslamalar o‘rnatilishi kerak.
334. Mexanika ustaxonasining poli tekis, sirpanmaydigan, bo‘sag‘asiz bo‘lishi lozim.
335. Mexanika ustaxonasidagi o‘tish, yurish joylari va quduqlar lyuklari materiallar, yarim tayyor detallar, chiqindi va idishlar bilan to‘sib qo‘yilmasligi, bo‘sh turishi ta’minlanishi zarur. Dastgohlarni quduq lyuklari ustiga o‘rnatish taqiqlanadi.
Alohida mexanizmlar va mexanizmlar bilan dastgohlar oralig‘i kamida 1 m, xodimlar o‘tadigan joylarning eni kamida 0,75 m bo‘lishi kerak.
336. Mexanika ustaxonasida sozlagichlar, materiallar, yarim fabrikatlar, tayyor detallar va ishlab chiqarish chiqindilarini saqlash javonlari, idishlari, stollari va boshqa uskunalarining joylashtirilishi uchun maydonchalar bo‘lishi zarur.
Har bir ish joyida dastgoh yonida ish joyining poli bo‘ylab, dastgohlardan kamida 0,6 m nariga yog‘och to‘shama o‘rnatilishi kerak.
10-§. Avtoyoqilg‘i quyish shoxobchalari texnologik uskunalariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
337. Avtoyoqilg‘i quyish shoxobchalaridagi texnologik uskunalar ishga yaroqli holatda bo‘lishi shart.
338. Texnologik uskunalar germetik bo‘lishi lozim. Yoqilg‘i quyish ustunlarida avtoyoqilg‘i sizib (oqib) chiqishi namoyon bo‘lganda, ularni ishlatish taqiqlanadi. Sizib (oqib) chiqish holatlari sezilganda, darhol nosozlikni bartaraf etish choralarini qo‘llash lozim.
Nosoz uskunalarda texnologik operatsiyalarni bajarish hamda ularga avtoyoqilg‘i quyish shoxobchalaridagi yong‘in xavfsizligi darajasini oshirishga sabab bo‘ladigan konstruktiv o‘zgartirishlar kiritish taqiqlanadi.
339. Avtoyoqilg‘i va uning bug‘larini atmosferadan ajratib turuvchi qopqoqlar va flanetslar, patrubkalar, shtutserlar tiqinlarining armaturaga tegib turadigan joylariga neft mahsulotiga va atrof-muhitga chidamli materialdan yasalgan uchqun chiqarmaydigan qistirmalar qo‘yilishi va zichlab yopilishi shart. Mazkur qopqoqlar va tiqinlar avtoyoqilg‘i quyish shoxobchalaridan foydalanish paytida ochilishi nazarda tutilgan bo‘lsa, ular uchqun chiqarmaydigan qilib yasalgan bo‘lishi lozim.
340. Texnologik qurilmalar texnologik jarayondagi xavfsizlikni ta’minlovchi ishga yaroqli hamda nazorat, himoya va tartiblovchi tizimlarga ega bo‘lishi kerak.
341. Avtoyoqilg‘i quyish shoxobchalaridagi rezervuarlarning to‘kuvchi jo‘mragiga ulanadigan moslamalar va avtotsisterna shlangining uchlari sisternaga urilganda, uchqun chiqishiga yo‘l qo‘ymaydigan materialdan yasalishi va yerga tutashtirilishi lozim.
342. Avtoyoqilg‘i quyish shoxobchalari hududidagi rezervuarlar lyuklarining qopqoqlarini ochib-yopganda uchqun chiqishiga yo‘l qo‘ymaydigan materialdan yasalgan qistirmalar bilan jihozlangan bo‘lishi shart.
343. Avtoyoqilg‘i quyish shoxobchalari binosida vaqtinchalik elektr o‘tkazgichlar, elektr plitalar, reflektorlar va boshqa ochiq isituvchi elementli elektr asboblaridan hamda yasama elektr isitish uskunalaridan foydalanish taqiqlanadi.
344. Avtoyoqilg‘i quyish shoxobchalari yong‘inga qarshi uskunalar va yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalari bilan jihozlanishi lozim. Avtoyoqilg‘i quyish shoxobchalarida yonayotgan transport vositalarini tezkor evakuatsiya qilish uchun uzunligi kamida 3 m keladigan qattiq shatak shtangalari bo‘lishi kerak.
345. Har bir avtoyoqilg‘i quyish shoxobchalarida tez tibbiy yordam berish uchun zarur dori vositalari bilan ta’minlangan dori qutichalari bo‘lishi lozim.
11-§. Elektr qurilmalari va elektr uskunalariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
346. Elektrtexnik qurilmalar va ishlab chiqarish uskunalari sifatida foydalaniladigan qurilmalar QMQ 3.05.06-97 “Elektr texnik qurilma” va GOST 12.2.007.0-75 “Elektr texnik mahsulotlar. Xavfsizlikka doir umumiy talablar” talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
347. Binolar va inshootlar yoki ularning ayrim qismlari vazifasi, mazkur hududdagi momaqaldiroqning jadalligi hamda yil davomida yashin urishini ehtimoliy miqdorini inobatga olib, yashindan himoyalovchi qurilmalar toifasi va himoya hududining turi bo‘yicha muhofazalangan bo‘lishi kerak.
348. Uskunalardan neft, gazkondensat va neft mahsulotlaridan hamda inson tanasidan xavfli uchqunli ryazryadlar chiqishining oldini olish maqsadida paydo bo‘ladigan elektr statik zaryadlarining oqib chiqib ketishini ta’minlovchi tadbirlarni qo‘llash lozim.
5-bob. Ta’mirlash ishlari jarayonidagi xavfsizlik talablari
1-§. Xavfsizlikka doir umumiy talablar
349. Avariyalarni bartaraf etish ishlarining o‘tkazilishi avariyani bartaraf etish rejasi, neft mahsuloti o‘tkazgichlarda avariya-tiklash ishlarini tashkil qilish va o‘tkazish talablariga mos ravishda amalga oshirilishi lozim.
350. Ta’mirlash ishlariga maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan va imtihon topshirgan, guvohnoma olgan hamda mustaqil ishlashiga ruxsat etilgan mutaxassislar jalb etiladi.
351. Ishlab turgan obyektlarni ta’mirlash uchun ta’mirlash ishlari reglamentida ko‘rsatilgan muddatlarda havo muhitidagi neft mahsuloti bug‘lari miqdorini nazoratdan o‘tkazish zarur. Agar ta’mirlash paytida neft mahsulotlari bug‘lari tegishli konsentratsiyadan ortiq bo‘lsa, darhol ishni to‘xtatib, odamlarni xavfli hududdan olib chiqish kerak.
352. Gazpayvandlashni qo‘llab ta’mirlash ishlari tugaganidan keyin, ish joyini yaxshilab tekshirish, metall parchalari, kuyindilar yoki tutab turgan predmetlardan tozalash, zarur hollarda suv sepib o‘chirish lozim.
2-§. Quyish-to‘kish qurilmalaridagi ta’mirlash ishlariga qo‘yiladigan talablar
353. Quyish-to‘kish qurilmalaridagi texnologik uskunalar germetikligining buzilishi hamda yong‘in va portlash xavfi bor zararli omillar ajralib chiqishi bilan bog‘liq ta’mirlash ishlarini o‘tkazish uchun naryad-ruxsatnoma rasmiylashtiriladi.
354. Olovli ishlar bilan bog‘liq ta’mirlash ishlarini quyish-to‘kish operatsiyalari o‘tkazilayotgan yerdan kamida 100 m narida amalga oshirish lozim.
355. Texnologik uskunalar va sisternalarni estakada hududida ta’mirlash taqiqlanadi.
356. Quyish-to‘kish qurilmasida olovli ishlarni boshlashdan oldin quyidagilarni bajarish zarur:
quyish-to‘kish qurilmasi joylashgan maydonchani, to‘kish tarnovlarini, oqova lotoklarini neft mahsuloti qoldiqlaridan tozalash;
quyish-to‘kish qurilmalari va o‘tkazgich quvurlarni uzib qo‘yish va neft mahsulotlaridan bo‘shatish;
olovli ishlar o‘tkaziladigan joydan kamida 20 m naridagi kuzatish quduqlari, oqova tizimidagi gidravlik berkitgichlar, bo‘sh rezervuarlarning qopqoqlarini yaxshilab yopib, ustiga 10 sm qalinlikdagi qum to‘kib qo‘yish.
357. Ta’mirlash ishlarini o‘tkazishdan oldin zulfinlar kameralarini va quduqlarni obdan shamollatish, ulardagi neft mahsuloti qoldiqlarini yuvib, sanoat oqova tizimi tomonga yo‘naltirish, polni suv bilan tozalash kerak.
3-§. Rezervuarlarni ta’mirlash ishlaridagi xavfsizlik talablari
358. Rezervuarni ta’mirlaganda og‘ir vaznli yuklar va po‘lat metall listlarni (varaq) ko‘tarish uchun mexanik moslamalar qo‘llanishi lozim. Mazkur moslamalar ishonchli tormoz qurilmasiga ega bo‘lishi kerak.
359. Rezervuarning korpusidagi asosiy metallda yoki payvand choklarida darzliklar namoyon bo‘lganda, rezervuar darhol neft mahsulotidan bo‘shatilib, ta’mirlashga topshirilishi zarur. Neft mahsuloti bilan to‘ldirilgan rezervuardagi darzlik yoki bo‘rtib chiqqan joylarni urib tekislash hamda payvandlash taqiqlanadi.
360. Rezervuar yuqori halqa maydonchasida turib, uning suzuvchi tomi ko‘rikdan o‘tkaziladi. Ko‘rik paytida suzuvchi tom holatining gorizontalligi, tomning markaziy qismida mahsulot, qishda tom ustida qor yo‘qligi, halqasimon zichlovchi zatvorning (berkitgich) himoyalovchi shchitlarini hamda suv tushirish tizimi zulfinining holatlari tekshiriladi.
4-§. Nasos qurilmalari va texnologik o‘tkazgich quvurlarini ta’mirlashda xavfsizlik talablari
361. Nasos agregatini ta’mirlashga chiqarilganda, uning so‘ruvchi-haydovchi o‘tkazgich quvurlarini berkitib, boshqaruv shchitiga “Ulamang, odamlar ishlamoqda!” degan yozuv osib qo‘yilishi lozim va bu haqda tegishli jurnalga qayd etilishi hamda ta’mirlashga chiqarilgan sana yozib qo‘yilishi lozim.
362. Ishlab turgan nasos agregatlarini va o‘tkazgich quvurlarni ta’mirlashga ruxsat etilmaydi.
363. Nasos agregatlarini ta’mirlashda ajratilgan qismlari uchun tokchalar tayyorlab qo‘yilishi zarur.
364. Avtomatlashtirilgan nasosxonalarning so‘ruvchi-haydovchi o‘tkazgich quvurlaridagi avtomatika vositasi ishlamay qolishi tufayli nasoslar ishi to‘xtab qolganda, zulfinlar darhol berkitilishi lozim.
365. Ichini ochish shart bo‘lmagan sharoitda qisqa vaqtli ta’mirlash o‘tkazilganda, nasos ishi to‘xtatilib, u ishlab turgan o‘tkazgich quvurlardan zulfinlar vositasida ajratilishi, taqiqlovchi yozuv osib qo‘yilishi hamda zulfinlarning to‘satdan ochilib ketishining oldini oluvchi choralar qo‘llanilishi zarur.
366. Nasosning ichini ochish vaqtida to‘kilgan neft mahsulotlari tezda yig‘ishtirib olinishi va to‘kilgan joyga qum sepilishi yoki shlang orqali suv bilan yuvilishi kerak.
367. Zaharli, yonuvchi va tez alangalanadigan suyuqliklarni haydashga mo‘ljallangan nasoslarni ta’mirlash uchun qismlarga ajratish va yig‘ish jarayonlari xavfsiz ishlashini ta’minlovchi maxsus asboblar va moslamalar bilan jihozlash lozim.
5-§. Nazorat-o‘lchov asboblari va avtomatika vositalarini ta’mirlashda xavfsizlik talablari
368. Nazorat-o‘lchov asboblari va avtomatika (bundan buyon matnda NO‘A va A deb yuritiladi) vositalarini ta’mirlash ushbu asbob va vositalarni ishlatuvchi tashkilot yoki ixtisoslashtirilgan tashkilot xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
369. NO‘A va A vositalarining bino ichiga kirgan, chiqqan yoki tambur va koridor devorlari orqali o‘tgan kabellari doimo soz holatda bo‘lishi kerak.
370. NO‘A va A vositalarini montaj, demontaj qilish va ta’mirlash ularni texnologik, impulsli tarmoqlardan ajratgan va elektr kuchlanishini uzib qo‘ygan holda amalga oshirilishi lozim.
371. Yong‘in va portlash xavfi bo‘lgan binolarning bevosita o‘zida NO‘A va A vositalarini ta’mirlashni payvandlash, kavsharlash, boshqa ochiq olov va yuqori harorat qo‘llamasdan o‘tkazish mumkin.
372. NO‘A va A vositalarini ta’mirlash ishlarida qo‘llaniladigan, yong‘in va portlash xavfi mavjud bo‘lgan hududlardagi ochiq holda (konstruksiyalar, devorlar, shiftlar, kanallar va tonnellarda) yotqizilgan (joylashtirilgan) kabellarning ustki qoplamasi yonuvchi materiallardan (kanop, bitum, paxta-qog‘ozli o‘ramlar) bo‘lmasligi lozim.
373. Yong‘in va portlash xavfi mavjud bo‘lgan hududga joylashtirilgan, kuchlanishi 1 kW dan ortiq bo‘lgan kabellarning uzunligi imkon darajasida qisqartirilishi zarur.
374. Yong‘in va portlash xavfi mavjud bo‘lgan hududlarda ta’mirlash ishlari olib borilganda, ulovchi va taqsimlovchi kabel muftalarining qo‘llanilishi taqiqlanadi.
6-bob. Favqulodda vaziyatlarda xavfsiz ishlashga qo‘yiladigan talablar
375. Shamolning tezligi 12,5 m/s bo‘lganda minorali, chorpoya (kozlovoy) va boshqa kranlar yordamida idishlarga solingan neft mahsulotlarini yuklash-tushirish taqiqlanadi.
376. Tashkilotlarda ehtimol tutilgan avariyalarni bartaraf etish rejasi ishlab chiqilishi lozim. Unda mavjud sharoitlarni hisobga olgan holda avariyalarning oldini olish va avariya vaziyatlarini bartaraf etish, avariya sodir bo‘lganda esa, uning oqibatlarini chegaralash va yengillashtirish, alangalanish va portlashning oldini olish, avariyani bartaraf etishda band bo‘lmagan odamlarni evakuatsiya qilish yuzasidan xodimlarning tezkor vazifalari nazarda tutilishi kerak.
7-bob. Mehnat muhofazasi qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
377. Mazkur Qoidalarga amal qilish uchun javobgarlik tegishli ishlarni bajaruvchi tashkilotlar zimmasiga yuklatiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
378. Mansabdor shaxslar va xodimlar mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilmaganliklari uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
(378-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 49-moddasi.
8-bob. Yakuniy qoida
379. Mazkur Qoidalar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi, O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi, Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Elektr energetikada nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi va “O‘zbekneftegaz” milliy xolding kompaniyasi bilan kelishilgan.
Ichki ishlar vaziri A. AXMEDBAYEV
2014-yil 16-aprel
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri A. XAITOV
2014-yil 16-aprel
Sog‘liqni saqlash vaziri A. ALIMOV
2014-yil 16-aprel
Favqulodda vaziyatlar vaziri T. XUDAYBERGENOV
2014-yil 16-aprel
“Davarxitektqurilish” qo‘mitasi raisi B. ZOKIROV
2014-yil 16-aprel
Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining raisi B. ABDUSAMATOV
2014-yil 16-aprel
“O‘zstandart” agentligi bosh direktori A. KURBANOV
2014-yil 16-aprel
“O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasining boshlig‘i R. IKRAMOV
2014-yil 16-aprel
“O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi boshlig‘i A. NIMATULLAYEV
2014-yil 16-aprel
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi T. NARBAYEVA
2014-yil 16-aprel
“O‘zbekneftegaz” MXK boshqaruv raisi Sh. FAYZULLAYEV
2014-yil 16-aprel
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2014-y., 20-son, 236-modda; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)