Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Sport turlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi terma jamoalari aʼzolari boʻlgan sportchilarni tayyorlash uchun jalb etilgan xorijiy mutaxassislarning ish shart- sharoitlari toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston sportchilarini 2016-yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) boʻlib oʻtadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya oʻyinlariga tayyorlash toʻgʻrisida” 2013-yil 25-fevraldagi PQ–1923-son qaroriga muvofiq, shuningdek sport turlari boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoalarini sport musobaqalarida qatnashishga sifatli tayyorlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Sport turlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi terma jamoalari aʼzolari boʻlgan sportchilarni tayyorlash uchun jalb etilgan xorijiy mutaxassislarning ish shart-sharoitlari toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 30-dekabr,
346-son
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 30-dekabrdagi 346-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Sport turlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi terma jamoalari aʼzolari boʻlgan sportchilarni tayyorlash uchun jalb etilgan xorijiy mutaxassislarning ish shart- sharoitlari toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom mehnat shartnomasi (kontrakt) asosida Oʻzbekiston Respublikasi terma jamoalarining aʼzolari boʻlgan sportchilarni tayyorlash uchun jalb etilgan, mehnatiga budjet mablagʻlari hisobiga haq toʻlanadigan xorijiy mutaxassislarga haq toʻlash tartibini va ularning ish shart-sharoitlari belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
xorijiy mutaxassis — boshqa mamlakatning amaliy sport tajribasiga ega boʻlgan sport sohasidagi mutaxassisi;
ish beruvchi — Oliy sport mahorati respublika maktabi, sport turlari boʻyicha respublika sport federatsiyasi (uyushma, markaz va shu kabilar);
sport maslahatchisi — sportchini yoki sport jamoasini tayyorlash masalalari boʻyicha, shuningdek sportchilar sport musobaqalarida qatnashishi jarayonida maslahatlar beruvchi sport turlari boʻyicha mutaxassis;
sport menejeri — sportchi yoki sport jamoasining natijali kasb faoliyatini taʼminlaydigan boshqaruv, iqtisodiyot, psixologiya, sotsiologiya sohasidagi mutaxassis;
trener — tegishli maʼlumotga ega boʻlgan, oʻquv-mashq va jismoniy tarbiya-ommaviy tadbirlarni oʻtkazuvchi, shuningdek sport natijalariga erishish uchun musobaqalashish faoliyatiga rahbarlik qiluvchi jismoniy shaxs.
3. Xorijiy mutaxassis ishga trener, sport menejeri, sport maslahatchisi sifatida qabul qilinishi mumkin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi terma jamoalari aʼzolari boʻlgan sportchilarni tayyorlash uchun jalb etilgan xorijiy mutaxassis belgilangan tartibda uning nomiga berilgan mehnat faoliyati bilan shugʻullanish huquqining tasdiqnomasi mavjud boʻlganda va xorijiy ishchi kuchini jalb etishga ish beruvchi tomonidan olingan ruxsatnoma asosida Oʻzbekiston Respublikasi hududida ishlashi mumkin.
II. Xorijiy mutaxassislar bilan mehnat shartnomalari (kontraktlar) tuzish toʻgʻrisidagi takliflarni taqdim etish
5. Ish beruvchi xorijiy mutaxassislar faoliyatini faoliyat natijalari asosida oʻrganadi. Oʻrganish yakunlari boʻyicha natijali xorijiy mutaxassisni tanlaydi va u bilan muzokaralar olib boradi.
6. Xorijiy mutaxassis ish beruvchiga oʻz xizmatlarini koʻrsatishga rozi boʻlgan taqdirda, ish beruvchi u bilan mehnat shartnomasi (kontrakt) tuzish toʻgʻrisida takliflar tayyorlash uchun zarur hujjatlarni tayyorlaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Ish beruvchi Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligiga (keyingi oʻrinlarda Vazirlik deb ataladi) xorijiy mutaxassislar bilan mehnat shartnomalari (kontraktlar) tuzish toʻgʻrisidagi takliflarni (keyingi oʻrinlarda ish beruvchining takliflari deb ataladi) taqdim etadi. Ish beruvchining takliflarida quyidagilar:
(7-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 8-maydagi 272-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.05.2024-y., 09/24/272/0337-son)
xorijiy mutaxassisning trenerlik faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
sportchilarni tayyorlash boʻyicha xorijiy mutaxassisning dasturi;
xorijiy mutaxassisning maʼlumoti toʻgʻrisidagi hujjatlar (mavjud boʻlganda);
Oldingi tahrirga qarang.
xorijiy mutaxassis mehnatiga har oylik haq toʻlashning moʻljallanayotgan summasi (shartnoma (kontrakt) tuzilgan kundagi mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 50 baravarigacha miqdorda, har oylik haq toʻlashning miqdori tomonlar tuzgan shartnoma (kontrakt) bilan aniqlanadi) mavjud boʻladi.
(7-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 15-yanvardagi 23-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 09/22/23/0095-son)
Oldingi tahrirga qarang.
8. Vazirlik ish beruvchining takliflarini oʻzining huzurida tashkil etiladigan Ekspert komissiyasiga yuboradi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-iyuldagi 508-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2018-y., 09/18/508/1477-son)
III. Xorijiy mutaxassislar bilan mehnat shartnomalari (kontraktlar) tuzish toʻgʻrisida ish beruvchining takliflarini Ekspert komissiyasida koʻrib chiqish
Oldingi tahrirga qarang.
9. Ekspert komissiyasi Oʻzbekiston Respublikasi sport vazirining buyrugʻi bilan tashkil etiladi.
Ekspert komissiyasi kamida yetti nafar kishidan iborat tarkibda tuziladi, unga Vazirlikning tegishli tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi, sport turlarini rivojlantirish respublika markazlari va sport federatsiyalari (uyushmalari)ning vakillari kiritiladi.
Ekspert komissiyasiga rais boshchilik qiladi (Oʻzbekiston Respublikasi sport vazirining oʻrinbosaridan past boʻlmagan darajada).
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 8-maydagi 272-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.05.2024-y., 09/24/272/0337-son)
10. Ekspert komissiyasi ish beruvchining takliflarini ish beruvchi tomonidan taklif etilayotgan xorijiy mutaxassisning mehnatiga haq toʻlash uchun budjet mablagʻlari ajratishning maqsadga muvofiqligi yuzasidan bir oy mobaynida koʻrib chiqadi.
11. Ekspert komissiyasi majlisini rais, u boʻlmaganda esa — raisning qarori boʻyicha Ekspert komissiyasi aʼzolaridan biri boshqaradi.
12. Ekspert komissiyasining majlisi, agar unda Ekspert komissiyasi aʼzolari umumiy sonining kamida uchdan bir qismi hozir boʻlsa qonuniy huquqqa ega hisoblanadi. Qaror ochiq ovoz berish yoʻli bilan qabul qilinadi.
13. Ekspert komissiyasi ish beruvchining takliflarini koʻrib chiqadi va xorijiy mutaxassisning mehnatiga haq toʻlash uchun budjet mablagʻlari ajratishning maqsadga muvofiqligi yoki budjet mablagʻlari ajratishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
14. Ekspert komissiyasining qarori, agar uning uchun Komissiyaning majlisda hozir boʻlgan aʼzolarining oddiy koʻpchiligi ovoz bergan boʻlsa qabul qilingan deb hisoblanadi. Ovozlar teng boʻlib qolgan taqdirda raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
15. Ekspert komissiyasining qarori protokol bilan rasmiylashtiriladi va u Ekspert komissiyasining raisi va kotibi tomonidan imzolanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
16. Xorijiy mutaxassisning mehnatiga haq toʻlash uchun budjet mablagʻlari ajratishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda Ekspert komissiyasi bir vaqtning oʻzida ushbu mablagʻlar miqdorini belgilaydi (shartnoma (kontrakt) tuzilgan kundagi mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 50 baravarigacha). Bunda:
(16-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 15-yanvardagi 23-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 09/22/23/0095-son)
ushbu Nizomning 8-bandida sanab oʻtilgan hujjatlar;
Oʻzbekiston Respublikasi terma jamoalarining aʼzolari boʻlgan sportchilarni tayyorlash boʻyicha prognozlashtirilayotgan natijalar hisobga olinadi.
17. Ish beruvchi tomonidan taklif etilgan xorijiy mutaxassisning mehnatiga haq toʻlash uchun budjet mablagʻlari ajratishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda Ekspert komissiyasining qarorida rad etish sabablari koʻrsatiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
171. Ish beruvchi tomonidan taklif etilgan xorijiy mutaxassisning mehnatiga haq toʻlash miqdori mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 50 baravaridan koʻp boʻlgan taqdirda, Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga Oʻzbekiston sportchilarini tayyorlash boʻyicha tuzilgan Respublika komissiyasi raisining ruxsati bilan Davlat budjetidan qoʻshimcha moliyalashtirishga ruxsat beriladi.
(171-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 15-yanvardagi 23-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 09/22/23/0095-son)
Oldingi tahrirga qarang.
18. Vazirlik Ekspert komissiyasining qarorini ish beruvchiga u qabul qilingandan keyin bir hafta muddatda yuboradi.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-iyuldagi 508-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2018-y., 09/18/508/1477-son)
IV. Xorijiy mutaxassis bilan mehnat shartnomasi tuzish
19. Ekspert komissiyasining xorijiy mutaxassisning mehnatiga haq toʻlash uchun budjet mablagʻlari ajratishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi qarori asosida ish beruvchi xorijiy ishchi kuchini jalb etish va Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi faoliyatda foydalanish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni (mehnat faoliyati bilan shugʻullanish huquqi uchun tasdiqnoma, xorijiy ishchi kuchini jalb etishga ruxsatnoma, vizalarni rasmiylashtirish va shu kabilar) belgilangan tartibda oladi.
20. Ish beruvchi bilan xorijiy mutaxassis oʻrtasida zarur hujjatlar rasmiylashtirilgandan keyin mehnat shartnomasi (kontrakt) tuziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
21. Ish beruvchi xorijiy ishchi kuchini jalb etish va Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy ishchi kuchidan foydalanish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni ilova qilgan holda mehnat shartnomasining nusxasini Vazirlikka uch kun muddatda yuboradi.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-iyuldagi 508-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2018-y., 09/18/508/1477-son)
V. Xorijiy mutaxassis mehnatiga haq toʻlash xususiyatlari
Oldingi tahrirga qarang.
22. Xorijiy mutaxassisning mehnatiga haq toʻlash uchun ish beruvchiga tegishli moliyaviy yilga Vazirlikning sport va jismoniy tarbiya-ommaviy tadbirlar Kalendar rejasida nazarda tutilgan mablagʻlar hisobiga moliyaviy mablagʻlar ajratiladi.
(22-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 8-maydagi 272-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.05.2024-y., 09/24/272/0337-son)
Oldingi tahrirga qarang.
23. Vazirlik tomonidan Ekspert komissiyasining budjet mablagʻlari ajratishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi qarori va ushbu Nizomning 21-bandiga muvofiq ish beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlar asosida xorijiy mutaxassisning har oylik ish haqi va yagona ijtimoiy toʻlov bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun moliyaviy mablagʻlar ajratish toʻgʻrisida buyruq chiqariladi.
(23-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-iyuldagi 508-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2018-y., 09/18/508/1477-son)
Oldingi tahrirga qarang.
24. Xorijiy mutaxassisning mehnatiga haq toʻlash uchun budjet mablagʻlari Vazirlik tomonidan ish beruvchining hisob-kitob raqamiga oʻtkaziladi.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-iyuldagi 508-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2018-y., 09/18/508/1477-son)
Oldingi tahrirga qarang.
25. Xorijiy mutaxassisning mehnatiga haq toʻlash ish beruvchi tomonidan, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasiga (kontraktga) muvofiq, unga Vazirlik tomonidan ajratilgan mablagʻlar hisobiga amalga oshiriladi.
(25-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-iyuldagi 508-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2018-y., 09/18/508/1477-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(25-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 15-yanvardagi 23-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 09/22/23/0095-son)
26. Xorijiy mutaxassis har oylik ish haqini oʻzi bilan ish beruvchi oʻrtasida tuzilgan mehnat shartnomasi (kontrakt) asosida Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasida oladi.
VI. Kafolatlar va xorijiy mutaxassislarga yaratiladigan qoʻshimcha shart-sharoitlar
27. Ish beruvchi xorijiy mutaxassislarni sport kiyim-boshi, sport uskunasi, inventar va ular mehnat faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur boʻlgan boshqa moddiy-texnika vositalari bilan taʼminlashi, shuningdek koʻrsatib oʻtilgan kiyim-bosh, uskuna, inventar va moddiy-texnika vositalarini ulardan foydalanish uchun yaroqli holatda saqlashi mumkin.
28. Xorijiy mutaxassis bilan tuzilgan mehnat shartnomasida (kontraktda):
xorijiy mutaxassisning mehnat faoliyati bilan bevosita bogʻliq boʻlgan qismida sport musobaqalari toʻgʻrisidagi qoidalarga (reglamentlarga) rioya qilish toʻgʻrisida xorijiy mutaxassisning majburiyati toʻgʻrisidagi;
Oʻzbekiston Respublikasining mehnat toʻgʻrisidagi qonunlarida nazarda tutilgan hollarda xorijiy mutaxassisning tashabbusi bilan mehnat shartnomasi (kontrakt) bekor qilingan taqdirda xorijiy mutaxassis tomonidan ish beruvchining foydasiga neustoyka toʻlash tartibi va koʻrsatib oʻtilgan toʻlovning miqdori toʻgʻrisidagi;
xorijiy mutaxassisning sogʻligʻini yaxshilash maqsadida tiklash tadbirlari oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi;
boshqa joyga ishga oʻtishi munosabati bilan qoʻshimcha kompensatsiyalar miqdorlari va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi;
ham respublika hududida, ham chet elda sport tadbirlarida qatnashish davrida moddiy taʼminlash toʻgʻrisidagi;
mehnat shartnomasi (kontrakt)ning amal qilishi davrida xorijiy mutaxassisni va uning oila aʼzolarini turar joy bilan taʼminlash toʻgʻrisidagi;
transport xarajatlarini qoplash toʻgʻrisidagi;
qoʻshimcha tibbiy xizmat koʻrsatish toʻgʻrisidagi;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikda belgilangan tartibda energiya sarf-xarajatlarini qoplash va jismoniy resurslarni tiklash toʻgʻrisidagi shartlar nazarda tutilishi mumkin.
(28-bandning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
VII. Xorijiy mutaxassisning funksional majburiyatlari
29. Xorijiy mutaxassisning funksional majburiyatlariga quyidagilar kiradi:
biriktirilgan sportchi(lar)ni tayyorgarlik rejasida rejalashtirilgan yuksak sport natijalariga erishishga, shu jumladan ularni jahon, Osiyo chempionatlarida, Olimpiya va Osiyo oʻyinlarida yuqori oʻrinlarni egallashga tayyorlash;
sport turlari boʻyicha terma jamoalar trenerlar kengashi tomonidan tasdiqlangan sport rejimiga va oʻquv-mashq jarayoni intizomiga qatʼiy rioya qilish, sport turi yoki turlariga biriktirilgan sport vrachlarining koʻrsatmalari va tavsiyalarini bajarish;
sport turlari boʻyicha terma jamoalar aʼzolarini musobaqalarga tayyorlashning yakka tartibdagi rejasini bajarish;
biriktirilgan sportchi(lar)ning sogʻligʻi va shaxsiy gigiyenasi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilish, shu jumladan uni (ularni) dispanser koʻrigidan oʻtkazishga muntazam ravishda yuborish;
yuksak maʼnaviy-axloqiy darajani saqlab turish.
30. Xorijiy mutaxassisga quyidagilar taqiqlanadi:
sport natijalariga erishish uchun musobaqa qoidalarida taqiqlangan usullar va vositalardan foydalanish;
doppingga qarshi qoidalarni buzish;
mehnat shartnomasi (kontrakt) amal qilishi muddati mobaynida tijorat sirini va boshqa maxfiy axborotni, shuningdek oʻquv-mashq jarayoni toʻgʻrisidagi axborotni, tibbiy va boshqa tekshirishlar (test sinovlari) natijalarini va hokazolarni oshkor qilish;
ish beruvchining yozma ruxsatisiz boshqa mamlakatlar nomidan ish koʻrishi, shuningdek ular bilan muzokaralar.
VIII. Yakunlovchi qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
31. Ushbu Nizom talablariga rioya etilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
(31-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
32. Xorijiy mutaxassis bilan mehnat shartnomasini (kontraktni) bekor qilish Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
(32-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 12-bobi.
Oldingi tahrirga qarang.
33. Ushbu Nizom talablarini buzgan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq javobgarlikka tortiladi.
(33-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 1-son, 4-modda; 2017-y., 20-son, 367-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2018-y., 09/18/508/1477-son; 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 09/22/23/0095-son, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 10.05.2024-y., 09/24/272/0337-son)