Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 06.06.2016
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi RAYoSATIning
Qarori
Ilmiy unvonlar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 25-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2444]
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2016-yil 28-apreldagi 224/8-sonli “Ilmiy unvonlar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2793, 03.06.2016-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 24-iyuldagi PF-4456-son “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan oʻtkazish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 30-son, 346-modda) va 2011-yil 20-maydagi PQ-1533-son “Oliy taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga hamda Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 28-dekabrdagi 365-son “Oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim hamda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 1-son, 5-modda) muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosati qaror qiladi:
1. Ilmiy unvonlar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 1996-yil 25-yanvardagi 34/2-son qarori bilan tasdiqlangan Ilmiy unvonlar berish toʻgʻrisida nizom (roʻyxat raqami 262, 1996-yil 10-iyul);
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2003-yil 17-iyuldagi 96/5-son “Ilmiy unvonlar berish toʻgʻrisida nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qarori (roʻyxat raqami 262-1, 2003-yil 12-avgust) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2003-y., 15-son);
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2009-yil 24-dekabrdagi 160/13-son “Ilmiy unvonlar berish toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qarori (roʻyxat raqami 262-2, 2010-yil 23-yanvar) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 3-4-son, 28-modda).
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais G. BAXADIROV
Toshkent sh.,
2013-yil 31-yanvar,
195/4-son
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2013-yil 31-yanvardagi 195/4-son qaroriga
ILOVA
Ilmiy unvonlar berish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 9-son, 225-modda), “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 11-12-son, 295-modda) qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 20-maydagi PQ–1533-son “Oliy taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga, 2012-yil 24-iyuldagi PF–4456-son “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan oʻtkazish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 30-son, 346-modda) va Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 28-dekabrdagi 365-son “Oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim hamda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 1-son, 5-modda) muvofiq ilmiy unvonlar berish tartibini belgilaydi.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
ilmiy unvon — professor, dotsent va katta ilmiy xodim ilmiy maqomi;
talabgor — ilmiy va pedagogik faoliyat olib borayotgan hamda ilmiy unvon olishga daʼvogar shaxs;
attestatsiya — talabgorlarning malakasini tizimli ravishda aniqlash jarayoni;
attestatsiya ishi — talabgorning attestatsiyaga oid hujjatlari toʻplami;
ilmiy ish staji — shaxsning mehnat shartnomasi (kontrakt) asosida ilmiy xodim lavozimida ishlagan hamda katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutida oʻqigan muddati;
pedagogik ish staji — shaxsning mehnat shartnomasi (kontrakt) asosida oliy taʼlim, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash taʼlim muassasalarida pedagog lavozimida ishlagan muddati;
oʻquv adabiyoti — muayyan taʼlim turi, yoʻnalishi yoki mutaxassisligining oʻquv rejasida belgilangan fanlar boʻyicha tegishli oʻquv dasturlari asosida zarur bilimlar majmuasi keltirilgan, oʻzlashtirish uslublari yoritilgan (jumladan, xorijiy tarjimalari) manba;
professor — tegishli malakaviy va attestatsiya talablarini bajargan hamda professor ilmiy unvoniga ega boʻlgan shaxs;
dotsent — tegishli malakaviy va attestatsiya talablarini bajargan hamda dotsent ilmiy unvoniga ega boʻlgan shaxs;
katta ilmiy xodim — tegishli malakaviy va attestatsiya talablarini bajargan hamda katta ilmiy xodim ilmiy unvoniga ega boʻlgan shaxs;
professor, dotsent yoki katta ilmiy xodim attestati (keyingi oʻrinlarda Attestat deb yuritiladi) — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi (keyingi oʻrinlarda OAK deb yuritiladi) Rayosati qarori bilan professor, dotsent yoki katta ilmiy xodim ilmiy unvoniga ega boʻlgan shaxslarga beriladigan davlat namunasidagi hujjat;
apellatsiya — ilmiy unvon berish yoki ilmiy unvon berishni rad qilish yoxud undan mahrum etish yoki uni tiklash toʻgʻrisidagi qarorlar yuzasidan berilgan shikoyat arizasi.
2. Professor va dotsent ilmiy unvonlari kafedra yoki ixtisoslik boʻyicha, katta ilmiy xodim ilmiy unvoni faqat ixtisoslik boʻyicha beriladi.
3. Kafedra boʻyicha professor va dotsent ilmiy unvonlari oliy taʼlim yoki kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash taʼlim muassasalarida (keyingi oʻrinlarda OTM deb yuritiladi) pedagogik faoliyat olib borayotgan, chuqur kasbiy bilim hamda ilmiy va pedagogik sohada yutuqlarga erishgan yuksak maʼnaviyatli shaxslarga beriladi.
4. Ixtisoslik boʻyicha ilmiy unvonlar OTM yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi yoki unga tenglashtirilgan muassasa yoxud OTMning ilmiy-tadqiqot tuzilmasida (keyingi oʻrinlarda ITM deb yuritiladi) ilmiy faoliyat olib borayotgan, fanning muayyan sohasida chuqur kasbiy bilim hamda ilmiy va pedagogik sohada yutuqlarga erishgan yuksak maʼnaviyatli shaxslarga beriladi.
5. Katta ilmiy xodim ilmiy unvoni oʻz maqomiga koʻra ixtisoslik boʻyicha dotsent ilmiy unvoniga tenglashtiriladi.
6. Ilmiy unvon tegishli ilmiy darajaga, magistr darajasi, magistr darajasi joriy etilgunga qadar olingan oliy maʼlumot yoki oliy harbiy taʼlim diplomiga yoki oliy maʼlumotli mutaxassis diplomiga ega boʻlgan shaxslarga mazkur Nizomga muvofiq ilmiy unvon beruvchi OTM kengashlari yoki ITM ilmiy (ilmiy-texnikaviy) kengashlari (keyingi oʻrinlarda Kengash deb yuritiladi) taqdimnomasiga asosan, OAK Rayosati qarori bilan OAK tomonidan beriladi. Taqdimnoma talabgorning asosiy ish joyidan beriladi.
7. Ilmiy unvon berilgan shaxslarga Attestat beriladi.
II bob. Ilmiy unvon olish uchun qoʻyiladigan talablar
1-§. Umumiy talablar
8. Ijtimoiy-gumanitar, iqtisodiyot fanlari sohalari boʻyicha ilmiy unvonlarga talabgorlar tomonidan mustaqillik mafkurasi hamda demokratik jamiyat qurishning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy negizlari va ilmiy asoslari boʻyicha maxsus imtihon topshiriladi.
9. Talabgor tomonidan olib borilayotgan maʼruza kurslari, ilmiy va oʻquv-uslubiy ishlar unvon berish soʻralayotgan kafedra yoki ixtisoslik yoʻnalishiga mos boʻlishi lozim.
10. Talabgor nashr ettirgan darsliklar, oʻquv qoʻllanmalar OTMning ilmiy-uslubiy kengashi hamda tegishli vazirlik va idoralar tomonidan, boshqa oʻquv adabiyotlari esa, OTMning ilmiy-uslubiy kengashi tomonidan pedagogik amaliyotda foydalanishga tavsiya etilgan boʻlishi kerak.
Professor ilmiy unvoniga talabgorning dotsent yoki katta ilmiy xodim ilmiy unvonini olgandan keyin nashr ettirgan ilmiy va oʻquv-uslubiy ishlari boʻlishi shart.
“Oliy taʼlim muassasasining eng yaxshi pedagogi” tanlovining respublika bosqichi gʻolibining faxriy diplomi professor yoki dotsent ilmiy unvonlarni berish uchun nashr etilgan darsliklarga, oʻquv qoʻllanmalariga, ilmiy maqolalarga ega boʻlish boʻyicha talablarning bajarilganligiga tenglashtiriladi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2015-yil 20-martdagi 214/5-son qaroriga (roʻyxat raqami 2444-2, 30.03.2015-y.) asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2015-y., 13-son, 160-modda)
11. Xorijiy davlatlarning oliy attestatsiya organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar va Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashab va ishlab turgan chet el fuqarolariga berilgan ilmiy unvonlar haqidagi hujjatlar nostrifikatsiya qilinmaydi. Xorijiy davlatlarda ilmiy unvon olgan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasida mazkur Nizom talablari asosida ilmiy unvon olishlari mumkin.
2-§. OTM mutaxassislariga professor ilmiy unvonini berish
12. Professor ilmiy unvoni quyidagi talablarni bajargan shaxslarga beriladi:
a) fan doktori ilmiy darajasiga ega boʻlgan;
b) ilmiy unvonga ega boʻlgan;
v) kamida oʻn yillik ilmiy va pedagogik, jumladan OTMda besh yillik pedagogik ish stajiga ega boʻlgan;
g) kamida bir oʻquv yili davomida OTMning asosiy shtatida kafedra mudiri, professor, oliy harbiy taʼlim muassasalarida kafedra boshligʻi oʻrinbosari yoki kafedra boshligʻi lavozimlarida ishlab kelayotgan yoki bir oʻquv yili davomida kamida 0,25 stavka oʻquv yuklamasini bajargan holda pedagogik faoliyat olib borayotgan muassasa rektori (direktori, boshligʻi), prorektori (direktor oʻrinbosari, boshliq oʻrinbosari), ilmiy kotibi yoki OTMning oʻquv-tashkiliy tuzilmasi (fakultet, boʻlim) rahbari lavozimlarida muvaffaqiyatli ishlab kelayotgan;
Har bir taʼlim sohasi boʻyicha nominatsiyalarda 1-oʻrinni egallagan “Oliy taʼlim muassasasining eng yaxshi pedagogi” tanlovining respublika bosqichi gʻoliblari 3 yil mobaynida tegishli lavozimda vazifani bajarib turuvchining bir yillik muddatini oʻtamasdan professor ilmiy unvonini olish uchun OAKga hujjatlarni taqdim etish huquqiga ega;
(12-bandning “g” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2015-yil 20-martdagi 214/5-son qaroriga (roʻyxat raqami 2444-2, 30.03.2015-y.) asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2015-y., 13-son, 160-modda)
d) ilmiy daraja olgan oliy malakali mutaxassisni tayyorlagan;
e) pedagogik amaliyotda foydalanilayotgan, jumladan dissertatsiya himoyasidan keyin OTM oʻquv dasturlariga mos keladigan darslik yoki oʻquv qoʻllanmalar va boshqa oʻquv adabiyotlar nashr ettirgan;
j) dissertatsiya himoyasidan keyin ilmiy ishlar, jumladan ilmiy jurnallarda kamida beshta ilmiy maqola, shundan nufuzli xorijiy yoki xalqaro ilmiy jurnallarda ikkita ilmiy maqola chop ettirgan;
z) zamonaviy oʻqitish usullarini egallagan, zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan hamda multimediya taʼlim resurslaridan foydalangan holda yuqori ilmiy va oʻquv-uslubiy saviyada maʼruza kurslarini oʻqiyotgan;
i) davlat grantlari yoki boshqa ilmiy loyihalar yoxud xoʻjalik shartnomalari asosidagi ilmiy-tadqiqot loyihalari doirasida ilmiy izlanishlar olib borayotgan;
k) maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda va oʻquv-tarbiyaviy ishlarda ishtirok etayotgan;
l) attestatsiya jarayonlarida ishtirok etayotgan (taqrizchi, ilmiy seminar yoki fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash aʼzosi, rasmiy opponent va boshqalar).
13. Professor ilmiy unvoni mazkur Nizomning 12-bandi “b”, “g”, “j–l” kichik bandlari talablarini bajargan va fan nomzodi, xorijiy davlatlarda berilgan falsafa doktori (Ph.D) yoki unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalarga ega boʻlgan shaxslarga, istisno tariqasida, quyidagilardan birini hisobga olgan holda berilishi mumkin:
OTMda oʻn besh yillik pedagogik ish stajiga ega, pedagogik amaliyotda foydalanilayotgan yakka mualliflikda chop etilgan darslik va kamida ikkita oʻquv qoʻllanma muallifi boʻlgan, kasbiy va pedagogik faoliyatida salmoqli yutuqlarga erishgan, shuningdek ixtisoslik kafedralarida ishlayotgan talabgorlar bir nafar ilmiy daraja olgan oliy malakali mutaxassis va kamida ikki nafar magistr yoki toʻrt nafar bakalavrga ilmiy rahbarlik qilgan yoki davlat (nomdor) stipendiati yoxud xalqaro, respublika olimpiadalari yoki tanlovlari gʻolibini tayyorlagan yoxud taʼlim-tarbiya jarayoniga salmoqli hissa qoʻshgan yuqori malakali mutaxassislarga;
madaniyat, sanʼat, arxitektura yoʻnalishlari boʻyicha ixtisoslashgan (ijodiy, ijrochilik) kafedralarda muvaffaqiyatli ishlab kelayotgan, tegishli oliy maʼlumotga, kafedra sohasi boʻyicha fan nomzodi, xorijiy davlatlarda berilgan falsafa doktori (Ph.D) yoki unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalarga, kamida oʻn besh yil ilmiy va pedagogik, jumladan OTMda oʻn yillik pedagogik ish stajiga ega, dissertatsiya himoyasidan keyin oliy taʼlim, oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim pedagogik amaliyotida foydalanilayotgan oʻquv adabiyotlari, jumladan OTM oʻquv dasturlariga mos keladigan yakka mualliflikda chop etilgan darslik yoki oʻquv qoʻllanmalari hamda ilmiy-tadqiqot va ijodiy ishlariga ega boʻlgan, kasbiy va pedagogik faoliyatida salmoqli yutuqlarga erishgan va xalqaro yoki respublika tanlovlari gʻoliblarini tayyorlagan, kafedra sohasi mutaxassisliklari boʻyicha ijodiy xodimlarni, ijrochilik mutaxassislarini bevosita oʻz rahbarligida tayyorlagan yuqori malakali mutaxassislarga;
jismoniy tarbiya, sport va muhandislik grafikasi (chizma geometriya) yoʻnalishlari boʻyicha ixtisoslashgan kafedralarda muvaffaqiyatli ishlab kelayotgan, tegishli oliy maʼlumotga, kafedra sohasi boʻyicha fan nomzodi, xorijiy davlatlarda berilgan falsafa doktori (Ph.D) yoki unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalarga, kamida oʻn besh yil ilmiy va pedagogik, jumladan OTMda oʻn yillik pedagogik ish stajiga ega, dissertatsiya himoyasidan keyin pedagogik amaliyotda foydalanilayotgan oʻquv adabiyotlariga, shundan yakka mualliflikda chop etilgan darslik yoki oʻquv qoʻllanmalari hamda ilmiy-tadqiqot ishlari boʻlgan, kasbiy va pedagogik faoliyatida salmoqli yutuqlarga erishgan va xalqaro yoki respublika musobaqalarining gʻoliblarini yoki jamoa (jamoalari)ni tayyorlagan yuqori malakali mutaxassislarga.
14. Professor ilmiy unvoni mazkur Nizomning 12-bandi “b”, “g”, “z–k” kichik bandlari talablarini bajargan va ilmiy darajaga ega boʻlmagan shaxslarga, istisno tariqasida, quyidagilardan birini hisobga olgan holda berilishi mumkin:
tegishli oliy maʼlumotga, kamida oʻn yil ilmiy va pedagogik, jumladan OTMda besh yillik pedagogik ish stajiga ega, ikki oʻquv yili davomida muvaffaqiyatli ishlab kelayotgan, oliy taʼlim, oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim pedagogik amaliyotida foydalanilayotgan oʻquv adabiyotlari, jumladan OTM oʻquv dasturlariga mos keladigan yakka mualliflikda chop etilgan darslik va kamida ikkita oʻquv qoʻllanmasi hamda ilmiy-tadqiqot va ijodiy ishlari boʻlgan va xalqaro yoki respublika tanlovlari yoki musobaqalarining gʻoliblari yoki jamoa (jamoalari)ni tayyorlagan Oʻzbekiston Respublikasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi xalq artistlari, hofizlari, rassomlari, meʼmorlari, oʻqituvchilari, yozuvchilari yoki shoirlari, Oʻzbekiston Respublikasining fan va sanʼat arboblari, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist, rassom, meʼmor, trener, yoshlar murabbiyi yoki madaniyat xodimlariga;
madaniyat, sanʼat, arxitektura yoʻnalishlari boʻyicha ixtisoslashgan (ijodiy, ijrochilik) kafedralarida kamida ikki yil davomida muvaffaqiyatli ishlab kelayotgan, tegishli oliy maʼlumotga, kamida oʻn besh yillik ilmiy va pedagogik, jumladan OTMda oʻn yillik pedagogik ish stajiga ega, pedagogik amaliyotda foydalanilayotgan oʻquv adabiyotlari, shundan OTM oʻquv dasturlariga mos keladigan yakka mualliflikda chop etilgan darsligi va kamida ikkita oʻquv qoʻllanmasi, ilmiy-tadqiqot va ijodiy ishlari boʻlgan, kafedra sohasi mutaxassisliklari boʻyicha amaliy mashgʻulotlarni yuqori kasbiy darajada olib borayotgan, shuningdek xalqaro yoki respublika tanlovlari gʻoliblarini tayyorlagan yuqori malakali mutaxassislarga.
Madaniyat va sanʼat nazariyasi hamda tarixi boʻyicha mutaxassislar professor ilmiy unvonini olish uchun fan doktori ilmiy darajasiga ega boʻlishlari shart.
141. Professor ilmiy unvoni, istisno tariqasida, kamida ikki oʻquv yili davomida OTMda pedagogik faoliyat olib borayotgan, pedagogik amaliyotda foydalanilayotgan oʻquv adabiyoti (adabiyotlari) boʻlgan, ilmiy maqolalar chop ettirgan hamda respublika va xalqaro tanlovlarda nufuzli oʻrinlarni egallagan shogirdlarni tayyorlagan, taʼlim va amaliyot integratsiyasini rivojlantirishga va barkamol avlodni tarbiyalash ishlariga salmoqli hissa qoʻshgan “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni yoki “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan yuqori malakali mutaxassislarga berilishi mumkin.
(141-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2014-yil 26-dekabrdagi 211/3-sonli qaroriga (roʻyxat raqami 2444-1, 26.12.2014-y.) asosan kiritilgan — OʻR QHT, 2014-y., 52-son, 637-modda)
3-§. ITM mutaxassislariga professor ilmiy unvonini berish
15. Ixtisoslik boʻyicha professor ilmiy unvoni quyidagi talablarni bajargan shaxslarga beriladi:
a) fan doktori ilmiy darajasiga ega boʻlgan;
b) ilmiy unvonga ega boʻlgan;
v) kamida oʻn yillik ilmiy va pedagogik, jumladan ITMda besh yillik ilmiy ish stajiga ega boʻlgan;
g) kamida bir yil davomida davlat granti rahbari yoki ilmiy-tashkiliy tuzilma rahbari yoxud bosh ilmiy xodim, yetakchi ilmiy xodim yoxud kamida bir yil davomida ITM rahbari, rahbar oʻrinbosari yoki ilmiy kotibi lavozimlarida muvaffaqiyatli ishlab kelayotgan va ilmiy faoliyat olib borayotgan;
d) kamida ikki nafar ilmiy daraja olgan mutaxassisni tayyorlagan yoki bir nafar ilmiy daraja olgan mutaxassis va kamida besh nafar magistrga ilmiy rahbarlik qilgan yoki davlat (nomdor) stipendiati yoxud xalqaro yoki respublika olimpiadalari yoki tanlovlari gʻoliblarini tayyorlagan;
e) salmoqli ilmiy va ilmiy-texnik natijalarga erishgan (monografiya yoki risolalar nashr ettirgan yoxud ixtirolarga ega boʻlgan) hamda dissertatsiya himoyasidan keyin ilmiy ishlar, jumladan ilmiy jurnallarda kamida oʻnta ilmiy maqola, shundan nufuzli xorijiy yoki xalqaro ilmiy jurnallarda ikkita ilmiy maqola chop ettirgan;
j) taʼlim jarayonida ishtirok etayotgan;
z) davlat grantlari yoki boshqa ilmiy loyihalar yoxud xoʻjalik shartnomalari asosidagi ilmiy-tadqiqot loyihalari doirasida ilmiy izlanishlar olib borayotgan;
i) maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda ishtirok etayotgan;
k) attestatsiya jarayonlarida ishtirok etayotgan (taqrizchi, ilmiy seminar yoki fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash aʼzosi, rasmiy opponent va boshqalar).
16. Ixtisoslik boʻyicha professor ilmiy unvoni, istisno tariqasida, mazkur Nizomning 15-bandi “b–g” va “e–k” kichik bandlari talablarini bajargan va fan nomzodi, xorijiy davlatlarda berilgan falsafa doktori (Ph.D) yoki unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalarga ega boʻlgan, pedagogik amaliyotda foydalanilayotgan oʻquv adabiyotlariga, shundan yakka mualliflikda chop etilgan darslik va kamida ikkita oʻquv qoʻllanmalari boʻlgan, kasbiy va ilmiy-pedagogik faoliyatida salmoqli yutuqlarga erishgan, ilmiy daraja olgan mutaxassis tayyorlagan ITM mutaxassislariga berilishi mumkin.
161. Professor ilmiy unvoni, istisno tariqasida, kamida ikki yil davomida ITMda faoliyat koʻrsatayotgan, fan doktori yoki fan nomzodi (xorijiy davlatlarda berilgan falsafa doktori (Ph.D) yoki unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalar) ilmiy darajasiga ega boʻlgan, dissertatsiya himoyasidan keyin ilmiy ishlar, jumladan hammualliflikda yirik ilmiy ish, monografiya chop ettirgan, ilmiy jurnallarda kamida 10 ta (shundan nufuzli xorijiy jurnallarda 2 ta) ilmiy maqola chop ettirgan, pedagogik amaliyotda foydalanilayotgan oʻquv adabiyoti (adabiyotlari) boʻlgan, salmoqli ilmiy va ilmiy-texnik natijalarga erishgan, jumladan olgan ilmiy natijalari normativ-huquqiy hujjatlarda (Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari yoki vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning buyruqlari hamda qarorlarida) tatbiq etilgan, taʼlim, fan va amaliyot integratsiyasini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash va barkamol avlodni tarbiyalashga salmoqli hissa qoʻshgan yuqori malakali mutaxassislarga berilishi mumkin.
(161-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2014-yil 26-dekabrdagi 211/3-sonli qaroriga (roʻyxat raqami 2444-1, 26.12.2014-y.) asosan kiritilgan — OʻR QHT, 2014-y., 52-son, 637-modda)
4-§. OTM mutaxassislariga dotsent ilmiy unvonini berish
17. Dotsent ilmiy unvoni quyidagi talablarni bajargan shaxslarga beriladi:
a) fan doktori (fan nomzodi, xorijiy davlatlarda berilgan falsafa doktori (Ph.D) yoki unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalar) ilmiy darajasiga ega boʻlgan;
b) kamida besh yillik ilmiy va pedagogik, jumladan OTMda uch yillik pedagogik ish stajiga ega boʻlgan;
v) kamida bir oʻquv yili davomida OTMning asosiy shtatida kafedra mudiri, professor, dotsent yoki oliy harbiy taʼlim muassasalarida katta oʻqituvchi, kafedra boshligʻi oʻrinbosari yoki kafedra boshligʻi lavozimlarida ishlab kelayotgan yoki bir oʻquv yili davomida kamida 0,25 stavka oʻquv yuklamasini bajargan holda pedagogik faoliyat olib borayotgan muassasa rektori (direktori, boshligʻi), prorektori (direktor oʻrinbosari, boshliq oʻrinbosari), ilmiy kotibi yoki OTMning oʻquv-tashkiliy tuzilmasi (fakultet, boʻlim) rahbari lavozimlarida muvafaqqiyatli ishlab kelayotgan;
Har bir taʼlim sohasi boʻyicha nominatsiyalarda 1-oʻrinni egallagan “Oliy taʼlim muassasasining eng yaxshi pedagogi” tanlovining respublika bosqichi gʻoliblari 3 yil mobaynida tegishli lavozimda vazifani bajarib turuvchining bir yillik muddatini oʻtamasdan dotsent ilmiy unvonini olish uchun OAKga hujjatlarni taqdim etish huquqiga ega;
(17-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2015-yil 20-martdagi 214/5-son qaroriga (roʻyxat raqami 2444-2, 30.03.2015-y.) asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2015-y., 13-son, 160-modda)
g) pedagogik amaliyotda foydalanilayotgan, jumladan dissertatsiya himoyasidan keyin OTM oʻquv dasturlariga mos keladigan oʻquv-uslubiy qoʻllanma va boshqa oʻquv adabiyotlar nashr ettirgan;
d) dissertatsiya himoyasidan keyin ilmiy ishlar, jumladan ilmiy nashrlarda kamida uchta ilmiy maqola chop ettirgan;
e) zamonaviy oʻqitish usullarini egallagan, zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan hamda multimediya taʼlim resurslaridan foydalangan holda yuqori ilmiy va oʻquv-uslubiy saviyada maʼruza kurslarini oʻqiyotgan, seminar mashgʻulotlarini olib borayotgan;
j) ixtisoslik kafedralarida ishlayotgan talabgor kamida ikki nafar magistr yoki toʻrt nafar bakalavrga ilmiy rahbarlik qilgan yoki davlat (nomdor) stipendiati yoxud xalqaro, respublika olimpiadalari yoki tanlovlari gʻolibini tayyorlagan yoxud taʼlim-tarbiya jarayoniga salmoqli hissa qoʻshgan;
z) davlat grantlari yoki boshqa ilmiy loyihalar yoxud xoʻjalik shartnomalari asosidagi ilmiy-tadqiqot loyihalari doirasida ilmiy izlanishlar olib borayotgan;
i) maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda va oʻquv-tarbiyaviy ishlarda ishtirok etayotgan;
k) attestatsiya jarayonlarida ishtirok etayotgan (taqrizchi, ilmiy seminar yoki fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash aʼzosi, rasmiy opponent va boshqalar).
18. Dotsent ilmiy unvoni mazkur Nizomning 17-bandi “v”, “e–i” kichik bandlari talablarini bajargan va ilmiy darajaga ega boʻlmagan shaxslarga, istisno tariqasida, quyidagilardan birini hisobga olgan holda berilishi mumkin:
tegishli oliy maʼlumotga, kamida oʻn yillik ilmiy va pedagogik, jumladan OTMda besh yillik pedagogik ish stajiga, ilmiy-tadqiqot ishlariga, pedagogik amaliyotda foydalanilayotgan oʻquv adabiyotlariga ega boʻlgan, jumladan darslik yoki kamida ikkita oʻquv qoʻllanmaning yakka muallifi boʻlgan yuqori malakali mutaxassislarga;
tegishli oliy maʼlumotga, kamida besh yillik ilmiy va pedagogik, jumladan OTMda uch yillik pedagogik ish stajiga, pedagogik yoki ijodiy amaliyotda foydalanilayotgan ilmiy-tadqiqot, ijodiy ishlari va oʻquv adabiyotlari, jumladan oʻquv qoʻllanmaning yakka muallifi boʻlgan hamda xalqaro yoki respublika tanlovlari yoki musobaqalarining gʻoliblari yoki jamoa (jamoalari)ni tayyorlagan Oʻzbekiston Respublikasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi xalq artistlari, hofizlari, rassomlari, meʼmorlari, oʻqituvchilari, yozuvchilari yoki shoirlari, Oʻzbekiston Respublikasining fan va sanʼat arboblari, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist, rassom, meʼmor, trener, yoshlar murabbiyi yoki madaniyat xodimlariga;
madaniyat, sanʼat, arxitektura yoʻnalishlari boʻyicha ixtisoslashgan (ijodiy, ijrochilik) kafedralarida kamida ikki yil davomida muvaffaqiyatli ishlab kelayotgan, tegishli oliy maʼlumotga, kamida oʻn yillik ilmiy va pedagogik, jumladan OTMda besh yillik pedagogik ish stajiga ega, ilmiy-tadqiqot, ijodiy ishlari va oʻquv adabiyotlari, jumladan oʻquv qoʻllanmaning yakka muallifi boʻlgan, shuningdek xalqaro yoki respublika tanlovlari gʻoliblarini tayyorlagan yuqori malakali mutaxassislarga, madaniyat va sanʼat nazariyasi hamda tarixi boʻyicha mutaxassislar bundan mustasno;
jismoniy tarbiya va sport yoʻnalishi boʻyicha OTMning ixtisoslashgan kafedralarida kamida ikki yil davomida muvaffaqiyatli ishlab kelayotgan, tegishli oliy maʼlumotga, kamida oʻn yil ilmiy va pedagogik, jumladan OTMda besh yillik pedagogik ish stajiga ega, ilmiy-tadqiqot ishlari va oʻquv adabiyotlari, jumladan oʻquv qoʻllanmaning yakka muallifi boʻlgan, shuningdek xalqaro yoki respublika musobaqalarining gʻoliblarini yoki jamoa (jamoalari)ni tayyorlagan yuqori malakali mutaxassislarga.
5-§. ITM mutaxassislariga katta ilmiy xodim ilmiy unvonini berish
19. Katta ilmiy xodim ilmiy unvoni quyidagi talablarni bajargan shaxslarga beriladi:
a) ilmiy darajaga ega boʻlgan;
b) kamida besh yillik ilmiy va pedagogik, jumladan ITMda uch yillik ilmiy ish stajiga ega boʻlgan;
v) kamida bir yil davomida grant rahbari yoki ilmiy-tashkiliy tuzilma boshligʻi yoxud bosh (yetakchi, katta) ilmiy xodim yoki kamida bir yil davomida ITM rahbari, uning oʻrinbosari yoki ilmiy kotibi lavozimlarida muvaffaqiyatli ishlab kelayotgan va ilmiy faoliyat olib borayotgan;
g) dissertatsiya himoyasidan keyin ilmiy ishlar, jumladan ilmiy jurnallarda kamida uchta ilmiy maqola, shundan nufuzli xorijiy yoki xalqaro ilmiy jurnalda ilmiy maqola chop ettirgan;
d) davlat grantlari yoki boshqa ilmiy loyihalar yoxud xoʻjalik shartnomalari asosidagi ilmiy-tadqiqot loyihalari doirasida ilmiy izlanishlar olib borayotgan;
e) maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda ishtirok etayotgan;
j) attestatsiya jarayonlarida ishtirok etayotgan (taqrizchi, ilmiy seminar yoki fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash aʼzosi, rasmiy opponent va boshqalar).
20. Ilmiy darajasiz shaxslarga katta ilmiy xodim ilmiy unvoni berilmaydi.
6-§. Oʻrindoshlik asosida ishlayotgan mutaxassislarga ilmiy unvonlar berish
21. Ilmiy unvonlar mazkur bobning 2 — 5-paragraflarida nazarda tutilgan tegishli lavozimlarda kamida 0,25 stavka oʻrindoshlik yoki 240 soatdan kam boʻlmagan mehnatga soatbay haq toʻlash asosida ishlayotgan iqtisodiyot tarmoqlarining yuqori malakali mutaxassislariga mazkur bobning 1 — 5-paragraflarida belgilangan talablarga rioya qilingan holda beriladi. Mazkur qoida asosiy ish joyi OTM va ITM boʻlgan mutaxassislarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
22. Taqdimnoma talabgorning oʻrindoshlik asosida ishlayotgan ish joyidan beriladi.
III bob. Ilmiy unvonga taqdim etish
23. Ilmiy unvonga taqdim etish boʻyicha masala quyidagi hollarda Kengashga kiritiladi:
dotsent va katta ilmiy xodim ilmiy unvonlariga – talabgorga ilmiy daraja berish toʻgʻrisidagi qaror tasdiqlangan yoki talabgorning ilmiy daraja olganligi toʻgʻrisidagi diplomi nostrifikatsiya qilingan kundan eʼtiboran kamida bir yil oʻtgach;
professor ilmiy unvoniga – talabgor dotsent yoki katta ilmiy xodim ilmiy unvonini olgan kundan eʼtiboran kamida bir yil oʻtgach.
24. Talabgorning hujjatlari Kengashga u faoliyat olib borayotgan muassasaning tegishli tuzilmasi tomonidan koʻrib chiqish uchun taqdim etiladi.
25. Talabgorning hujjatlari Kengash tomonidan ikki oy ichida mazkur Nizom II bobining 1 — 5-paragraflari talablariga asosan koʻrib chiqiladi va tegishli qaror qabul qilinadi. Koʻrib chiqish muddatini hisoblashda iyul-avgust oylari hisobga olinmaydi.
26. Ilmiy unvonga taqdim etish toʻgʻrisidagi Kengash qarori yashirin ovoz berish yoʻli bilan qabul qilinadi.
Kengash majlisi, unda Kengash aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi. Kengashning ilmiy unvonga taqdim etish toʻgʻrisidagi qarori majlisda ishtirok etgan Kengash aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi yoqlab ovoz bergan taqdirda, qabul qilingan hisoblanadi.
27. Talabgorning attestatsiya ishi Kengash tomonidan ilmiy unvonga taqdim etish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran bir oy ichida OAKga yuboriladi.
28. Yilning eng yaxshi darsligi va oʻquv adabiyoti muallifi” tanlovida gʻolib chiqqan darslik muallifiga ilmiy unvon berish masalasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 6-iyuldagi 290-son “Yilning eng yaxshi darsligi va oʻquv adabiyoti muallifi” tanlovi gʻoliblariga ilmiy daraja va ilmiy unvon berish toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2001-y., 13-son, 87-modda) asosan koʻrib chiqiladi.
IV bob. Attestatsiya ishini OAKda koʻrib chiqish
29. Attestatsiya ishi OAK tomonidan uch oy ichida koʻrib chiqiladi. Koʻrib chiqish muddatini hisoblashda iyul-avgust oylari hisobga olinmaydi.
30. Kengash tomonidan taqdim etilgan attestatsiya ishi OAKda roʻyxatga olinadi va uch kun ichida normativ-texnik ekspertizadan, uch oy ichida ilmiy ekspertizadan oʻtkazilib, yakuniy qaror qabul qilinadi. Ekspertiza jarayonida OAKning tegishli boʻlimlari va ekspert kengashlari tomonidan attestatsiya ishining mazmun-mohiyati va uning mazkur Nizom talablariga muvofiqligi tekshiriladi.
31. Normativ-texnik ekspertizadan oʻtkazish jarayonida attestatsiya ishida mazkur Nizom talablariga rioya qilinmaganlik holatlari aniqlansa, OAK Tartib-qoida komissiyasi qarori bilan attestatsiya ishini koʻrib chiqish toʻxtatiladi va attestatsiya ishi rasmiy xat bilan tegishli Kengashga qaytarib yuboriladi. Kengash tomonidan tegishli kamchiliklar bartaraf etilgandan soʻng, attestatsiya ishi qaytadan rasmiylashtirilib, kuzatuv xati orqali OAKga qayta taqdim etiladi.
32. Attestatsiya ishi normativ-texnik ekspertizadan oʻtkazilgandan soʻng, uni tegishli ekspert kengashi koʻrib chiqadi va OAK Rayosatiga oʻzining xulosasini tavsiya etadi. OAK Rayosati ekspert kengashining xulosasiga asosan, ilmiy unvon berish yoki ilmiy unvon berishni rad qilish toʻgʻrisida yakuniy qaror qabul qiladi.
33. Talabgor attestatsiya ishini koʻrib chiqish jarayonining har qanday bosqichida, Kengashda yashirin ovoz berish oʻtkazilgunga, OAKda OAK Rayosatining yakuniy qarori qabul qilingunga qadar ishni muhokamadan olishga haqlidir. Attestatsiya ishi talabgorning yozma arizasiga asosan, OAKda muhokamadan olinganda, bu haqda OAK Rayosati tomonidan tegishli qaror qabul qilinishi lozim.
V bob. Ilmiy unvonga qayta taqdim etish
34. OAKda koʻrib chiqilgan va rad javobi berilgan yoki koʻrish jarayonidan toʻxtatilgan attestatsiya ishlari Kengash tomonidan quyidagi muddatlarda OAKga qayta taqdim etilishi mumkin:
OAK Rayosatining attestatsiya ishiga rad javobini berish toʻgʻrisidagi qarori u qabul qilingan kundan eʼtiboran kamida bir yil oʻtgach;
OAK Rayosatining qarori yuzasidan berilgan apellatsiya boʻyicha rad javobini berish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kamida uch yil oʻtgach;
talabgorning arizasiga asosan muhokamadan olinib, koʻrishdan toʻxtatilgan attestatsiya ishi boʻyicha tegishli kamchiliklar bartaraf etilgandan soʻng.
35. Kengash tomonidan ilmiy unvonga qayta taqdim etilganda mazkur Nizom talablari bajarilgan hamda talabgor yangi oʻquv-uslubiy va ilmiy ishlar nashr ettirgan boʻlishi shart.
VI bob. Attestatlarni rasmiylashtirish va berish
36. OAK Rayosatining ilmiy unvon berish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi va bir oy ichida Attestat rasmiylashtiriladi.
37. Attestat yoʻqolgan yoki yaroqsiz holga kelgan taqdirda, manfaatdor shaxslarning arizasiga muvofiq OAK tomonidan uning dublikati beriladi.
Talabgorning familiyasi, ismi va otasining ismi oʻzgargan taqdirda, Attestat yangisiga almashtirib berilmaydi.
VII bob. Ilmiy unvondan mahrum etish yoki uni tiklash
38. Shaxs attestatsiya ishi ekspertizadan noxolis oʻtkazilganligi natijasida shaxsga berilgan ilmiy unvondan OAK Rayosatining qarori asosida mahrum etilishi mumkin.
39. Shaxsni ilmiy unvondan mahrum etish yoki uni tiklash boʻyicha OAKga yoki tegishli Kengashga murojaat qilinadi. Bunda manfaatdor shaxslar tegishli dalillar (hujjatlar)ni oʻz murojaatiga ilova qilgan holda taqdim etishi shart.
Bunday masala bilan OAKga murojaat qilinganda, taqdim etilgan dalillar OAK ekspert kengashi tomonidan muhokama qilinib, masalani koʻrib chiqish uchun tegishli Kengashga yuboriladi.
40. Kengash tomonidan Kengash aʼzolari orasidan uch kishilik tarkibda komissiya tuziladi. Ushbu masala bir oy ichida komissiya tomonidan oʻrganib chiqiladi va Kengashning tegishli qarori loyihasi tayyorlanib, masala kengash majlisida koʻrib chiqiladi.
Kengash majlisi unda Kengash aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda, vakolatli hisoblanadi. Kengash majlisi ilmiy unvondan mahrum etilayotgan shaxs ishtirokida oʻtkaziladi. Shaxs bu haqda majlis oʻtkazilishidan kamida oʻn kun oldin ogohlantirilishi shart. Agar shaxs majlisga uzrsiz sabablarga koʻra kelmasa yoki majlisga kelishdan bosh tortsa, Kengash tomonidan uning ishtirokisiz majlis oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi. Mazkur shaxs uzrli sabablarga koʻra majlisga kelaolmasligi haqida oldindan xabar qilganda, Kengash majlisi boshqa kunga yoki boshqa vaqtga qoldiriladi. Zarur hollarda, boshqa mutaxassislar Kengash majlisiga taklif etilishi mumkin.
41. Kengashning ilmiy unvondan mahrum etish yoki uni tiklash toʻgʻrisidagi qarori yashirin ovoz berishda ishtirok etgan Kengash aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi tomonidan yoqlab ovoz berilgan taqdirda, qabul qilingan hisoblanadi.
Kengash tomonidan Kengash qarori, Kengash majlisi bayonnomasi hamda tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, oʻn kun ichida OAKga yuboriladi.
42. Kengash tomonidan taqdim etilgan hujjatlar OAK ekspert kengashida muhokama qilinadi va tegishli tavsiya qabul qilinadi. Kengashning ilmiy unvondan mahrum etish yoki uni tiklash toʻgʻrisidagi qarori hamda OAK ekspert kengashining tavsiyasi OAK Rayosatida koʻrib chiqilib, yakuniy qaror qabul qilinadi.
43. OAK Rayosatining ilmiy unvon berish toʻgʻrisidagi qarori oʻn yil oldin qabul qilingan boʻlsa, ilmiy unvondan mahrum etish masalasi koʻrib chiqish uchun qabul qilinmaydi.
44. Kengash murojaatnomasiga asosan ilmiy unvondan mahrum etilgan shaxsning ilmiy unvoni ushbu Kengashning murojaatnomasiga muvofiq OAK Rayosati qarori bilan tiklanishi mumkin.
VIII bob. Apellatsiyani koʻrib chiqish
45. Manfaatdor shaxslar ilmiy unvon berish yoki ilmiy unvon berishni rad qilish toʻgʻrisidagi OAK Rayosati yoki Kengash qarori yuzasidan u qabul qilingan kundan eʼtiboran ikki oy ichida OAKga apellatsiya berishlari mumkin.
46. Apellatsiya quyidagi hollarda qabul qilinmaydi:
mazkur Nizomning 45-bandida belgilangan muddat oʻtganda;
apellatsiya aynan bir masala boʻyicha takroran berilganda.
47. OAK Rayosati qarori yuzasidan berilgan apellatsiya, shuningdek Kengash qarori yuzasidan berilgan apellatsiya OAK Tartib-qoida komissiyasi tomonidan koʻrib chiqiladi. OAK Tartib-qoida komissiyasi apellatsiyani koʻrib chiqishni tegishli ekspert kengashiga topshirishi mumkin. Zarur hollarda, mazkur masalani koʻrib chiqishning avvalgi bosqichlarida ishtirok etmagan mutaxassis-olimlardan iborat Apellatsiya komissiyasi tuziladi.
48. OAK Rayosati tomonidan Tartib-qoida komissiyasi, tegishli ekspert kengashi yoki Apellatsiya komissiyasi xulosasi koʻrib chiqiladi va apellatsiya boʻyicha ilmiy unvon berish yoki ilmiy unvon berishni rad qilish toʻgʻrisida yakuniy qaror qabul qilinadi.
49. Apellatsiya boʻyicha qabul qilingan OAK Rayosatining yakuniy qarori besh ish kuni ichida apellatsiya bergan shaxslarga, shuningdek Kengashga taqdim qilinadi.
IX bob. Yakuniy qoida
50. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Fanlar akademiyasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi bilan kelishilgan.
Madaniyat va sport ishlari vaziri T. KUZIYEV
2013-yil 14-yanvar
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri B. XODIYEV
2013-yil 28-yanvar
Sogʻliqni saqlash vaziri A. ALIMOV
2013-yil 17-yanvar
Xalq taʼlimi vaziri T. ShIRINOV
2013-yil 18-yanvar
Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri Z. RUZIYEV
2013-yil 23-yanvar
Tashqi ishlar vaziri A. KOMILOV
2013-yil 22-yanvar
Fanlar akademiyasi prezidenti Sh. SALIXOV
2013-yil 15-yanvar
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi ijroiya apparati rahbari O. PARPIYEV
2013-yil 16-yanvar
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 13-son, 170-modda; 2014-y., 52-son, 637-modda; 2015-y., 13-son, 160-modda)