|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 29.12.2023
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat bojxona xizmati organlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 29-dekabrdagi 700-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlarining shaxsiy tarkibi hamda ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoya qilish tizimini tartibga solish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2011-yil 10-avgustdagi PQ–1595-son qarorini bajarish yuzasidan va bojxona postlarini zamonaviy maxsus asbob-uskunalar bilan jihozlash uchun zarur moliya-resurs bazasini shakllantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 30-iyuldagi 374-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining budjetdan tashqari maxsus jamgʻarmasi bojxona yigʻimlari va koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlovlar shaklidagi tushumlarning 40 foizini ajratish hisobiga shakllantiriladigan tartib belgilansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi budjetdan tashqari maxsus jamgʻarma mablagʻlaridan qatʼiy maqsadli foydalanilishini, birinchi navbatda, tasdiqlangan 2011 — 2015-yillarda davlat bojxona xizmati organlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash tadbirlari dasturini amalga oshirish, eng avvalo bojxona postlarini bojxona chegarasi orqali oʻtadigan tovarlarni toʻliq qamrab olish va hisobga olishni taʼminlash imkonini beradigan zamonaviy skanirlash va maxsus asbob-uskunalar bilan jihozlash uchun sarflanishini taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish kiritilsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2012-yil 11-aprel,
107-son
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 11-apreldagi 107-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 16-iyundagi 384-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.06.2020-y., 09/20/384/0770-son)
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish masalalari toʻgʻrisida” 1997-yil 30-iyuldagi 374-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1997-y., 7-son, 26-modda) 7-bandining ikkinchi xatboshidagi “20” raqami “40” raqami bilan almashtirilsin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Vazirliklar va idoralarning budjetdan tashqari jamgʻarmalariga mablagʻlar ajratishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2010-yil 2-apreldagi 62-son qaroriga 1-ilovada (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2010-y., 4-son, 14-modda):
3-banddagi “Ajratmalar miqdorlari (foizlarda)” ustunidagi “20” raqami “40****” raqami bilan almashtirilsin;
izohga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“**** “2012-yil 1-yanvardan boshlab joriy etiladi”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 15-son, 172-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.06.2020-y., 09/20/384/0770-son)