|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 18.04.2023
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TEMIR YOʻLDA TAShISh XAVFSIZLIGINI TAʼMINLAShGA QARATILGAN NORMATIV-HUQUQIY HUJJATLARNI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 17-apreldagi 159-sonli “Aerovokzal, temir yoʻl va avtobus vokzallarida xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 12-moddasini bajarish yuzasidan, yoʻlovchilarning hamda temir yoʻl transporti xodimlarining hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilish, temir yoʻlda yoʻlovchilar tashish xavfsizligini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Temir yoʻl vokzallarida (stansiyalarida) yoʻlovchilar va boshqa shaxslarni, qoʻl yukini, bagajni koʻzdan kechirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq;
Yoʻlovchilar va boshqa shaxslarning temir yoʻl vokzallarida (stansiyalarida) boʻlishi qoidalari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. “Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
a) bir oy muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar;
idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar;
ushbu qarorni ijro etishga yoʻnaltirilgan kompleks tashkiliy-texnik tadbirlarni ishlab chiqsinlar va ularning amalga oshirilishini taʼminlasinlar;
b) 2012-yil 1-martgacha boʻlgan muddatda Temir yoʻl transportida yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagajini tashish qoidalarini tasdiqlash uchun belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari kompleksi rahbari zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 30-noyabr,
314-son
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 30-noyabrdagi 314-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Temir yoʻl vokzallarida (stansiyalarida) yoʻlovchilar va boshqa shaxslarni, qoʻl yukini, bagajni koʻzdan kechirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom temir yoʻlda yoʻlovchilar tashish xavfsizligini taʼminlash, temir yoʻl transportida odamlarning hayoti va sogʻligʻini hamda obyektlarni noqonuniy aralashish harakatlaridan himoya qilish, yoʻlovchilar tashish temir yoʻl transportida transport xavfsizligi darajasini oshirish maqsadida temir yoʻl vokzallarida (stansiyalarida) yoʻlovchilar va boshqa shaxslarni, temir yoʻl vokzali (stansiyasi) hududidagi qoʻl yukini, bagajni koʻzdan kechirish qoidalarini, shuningdek koʻzdan kechirish vakolatiga ega boʻlgan shaxslarning huquq va vazifalarini belgilaydi.
2. Temir yoʻl vokzallariga (stansiyalariga) fuqarolarning sogʻligʻiga zarar yetkazish, jamoat xavfsizligini buzish, shuningdek temir yoʻl infratuzilmasi va harakatlanadigan tarkibni ishdan chiqarish uchun foydalanilishi mumkin boʻlgan yoʻlovchilarga yoʻlovchilar tashish poyezdlarida qoʻl yuki va bagaj shaklida tashish taqiqlangan xavfli moddalar va buyumlar bilan shaxslarning (ushbu Nizomga ilova) temir yoʻl vokzallariga (stansiyalariga) kirishga urinishini oʻz vaqtida oldini olish va barham berish koʻzdan kechirishning asosiy vazifasi hisoblanadi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining Harbiylashtirilgan qoʻriqlash boshqarmasi koʻzdan kechirishni amalga oshirish huquqiga ega boʻlgan vakolatli organ hisoblanadi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 30-yanvardagi 37-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.01.2023-y., 09/23/37/0063-son)
II. Asosiy tushunchalar va prinsiplar
4. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalar qoʻllaniladi:
yoʻlovchi — temir yoʻl transportida safar qilish uchun yoʻl hujjatlariga (chiptalarga) ega boʻlgan fuqaro (jismoniy shaxs);
noqonuniy aralashish harakati — huquqqa zid harakat (harakatsizlik), shu jumladan temir yoʻl transportining xavfsiz faoliyatiga tahdid soladigan, odamlarning hayoti va sogʻligʻiga ziyon, moddiy zarar yetkazadigan yoxud bunday oqibatlar kelib chiqishi xavfini yaratgan terroristik harakat;
koʻzdan kechirish — yoʻlovchilarga yoʻlovchilar tashish poyezdlarida qoʻl yuki va bagaj shaklida tashish taqiqlangan, noqonuniy aralashish harakatini sodir etish uchun foydalanilishi mumkin boʻlgan xavfli moddalar va buyumlarni aniqlashga moʻljallangan maxsus texnik vositalar qoʻllaniladigan tadbirlar kompleksi;
nazorat qilinadigan zona — koʻzdan kechirish amalga oshiriladigan temir yoʻl vokzali (stansiyasi) hududi;
koʻzdan kechirishni amalga oshirish vakolatiga ega boʻlgan shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining Harbiylashtirilgan qoʻriqlash boshqarmasi xodimlari;
(4-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 30-yanvardagi 37-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.01.2023-y., 09/23/37/0063-son)
maxsus texnik vositalar — koʻzdan kechirishni amalga oshirish uchun moʻljallangan texnik qurilmalar va moslamalar (introskoplar, turgʻun va qoʻlda ishlatiladigan metall detektorlar, radioaktiv moddalar detektorlari, portlovchi moddalar gaz analizatorlari va shu kabilar);
yoʻlovchilar tashish poyezdlarida qoʻl yuki va bagaj shaklida tashish taqiqlangan xavfli moddalar va buyumlar — noqonuniy aralashish harakatini sodir etish uchun foydalanilishi mumkin boʻlgan buyumlar va yuklar;
shaxsini tasdiqlaydigan hujjatlar — pasport yoki shaxsini tasdiqlaydigan boshqa hujjat, harbiy bilet, tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma, fuqaroligi boʻlmagan shaxs guvohnomasi, istiqomat uchun berilgan guvohnoma;
qoʻl yuki — oʻz oʻlchamiga koʻra vagonlarda qoʻl yukini joylashtirish uchun nazarda tutilgan, qiyinchiliksiz joylashtiriladigan, oʻrashning turi va xilidan qatʼi nazar, yengil tashiladigan buyumlar va ashyolar;
bagaj — yoʻlovchiga shaxsan tegishli boʻlgan, safar tamom boʻlgandan keyin unga zarur boʻladigan va temir yoʻl hujjati (chipta) boʻyicha bagajli vagonda tashish uchun qabul qilinadigan ashyolar.
5. Quyidagilar koʻzdan kechirishda asosiy prinsiplar hisoblanadi:
a) koʻzdan kechirishda qonunchilikka qatʼiy rioya qilish;
b) ushbu Nizom talablariga rioya qilish;
v) koʻzdan kechirilayotgan shaxslardan yoʻlovchilarga temir yoʻl poyezdlarida qoʻl yuki va bagaj shaklida tashish taqiqlangan xavfli moddalar va buyumlarni belgilangan tartibda majburiy olib qoʻyish;
g) qonunchilik talablarini buzuvchi shaxslarni aniqlash.
(5-bandning “g” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
III. Koʻzdan kechirishning umumiy qoidalari
6. Koʻzdan kechirishning umumiy qoidalari quyidagilarni nazarda tutadi:
a) yoʻlovchilarni koʻzdan kechirishdan oʻtishning maqsadlari va qoidalaridan, ularning huquq va vazifalaridan, yoʻlovchilarga temir yoʻl poyezdlarida qoʻl yuki va bagaj shaklida tashish taqiqlangan xavfli moddalar va buyumlar hamda ular noqonuniy tashilganligi uchun javobgarlik toʻgʻrisida xabardor qilish. Qoʻl yuki va bagajni tashishda yoʻlovchilarga qoʻyiladigan talablar baland ovozli aloqa vositalari orqali, shuningdek temir yoʻl kassalarida yoʻl hujjatlarini, chiptalarni sotishda eʼlon qilinadi. Koʻzga koʻrinarli joylarga yoʻlovchilarga temir yoʻl poyezdlarida qoʻl yuki va bagaj shaklida tashish taqiqlangan xavfli moddalar va buyumlar hamda ular noqonuniy tashilganligi uchun javobgarlik toʻgʻrisidagi axborot osib qoʻyiladi;
b) maxsus texnik vositalarni, zaruriyat boʻlganda xizmat itlaridan foydalangan holda samarali qoʻllab qoʻl yuki, bagajni puxta koʻzdan kechirish va yoʻlovchilarni shaxsiy koʻzdan kechirish;
v) yoʻlovchilarga yoʻlovchi tashish poyezdlarida qoʻl yuki va bagaj shaklida tashish taqiqlangan xavfli moddalar va buyumlar noqonuniy tashilishini oʻz vaqtida aniqlash va oldini olish;
g) koʻzdan kechirilgan va nazorat qilinadigan zonaga qoʻyilgan shaxslarning koʻzdan kechirishdan oʻtmagan shaxslar bilan muomala qilishini istisno etish;
d) nazorat qilinadigan zonaga yoʻl hujjatlari (chiptalarga) ega boʻlmagan shaxslarni, shuningdek yoʻl hujjatida (chiptada) koʻrsatilgan maʼlumotlar yoʻlovchining shaxsini tasdiqlaydigan hujjatlardagi maʼlumotlarga mos boʻlmagan yoʻlovchilarni qoʻymaslik, tegishli ruxsatnomaga ega boʻlgan shaxslar bundan mustasno;
e) mansabdor shaxslar favqulodda holatni bartaraf etish (tugatish) boʻyicha xizmat burchlarini bajarishi bilan bogʻliq vazifalarni hal etayotganda ularga koʻmaklashish.
7. Yoʻl hujjatiga (chiptaga) ega boʻlgan shaxs koʻzdan kechirishdan oʻtishni yoki qoʻl yuki va bagajni koʻzdan kechirishga taqdim etishni rad etgan taqdirda ushbu shaxs nazorat qilinadigan zona hududiga va tashishga qoʻyilmaydi.
IV. Koʻzdan kechirishni amalga oshirish vakolatiga ega boʻlgan shaxslarning huquq va vazifalari
8. Koʻzdan kechirishni amalga oshirish vakolatiga ega boʻlgan shaxslar uni oʻtkazishda:
a) nazorat qilinadigan zonaga kirgan yoʻlovchilardan va boshqa shaxslardan ushbu Nizom talablarini soʻzsiz bajarishni talab qilish;
b) yoʻlovchilarda yoʻl hujjatlari (chiptalar) va shaxsini tasdiqlaydigan hujjatlar borligini tekshirish;
v) nazorat zonasiga kirgan yoʻlovchilardan va boshqa shaxslardan koʻzdan kechirish jarayonida aniqlangan yoʻlovchilarning yoʻlovchi tashish poyezdlarida tashish taqiqlangan qoʻl yuki va bagaj shaklidagi xavfli moddalar va buyumlarni transportdagi ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan olib qoʻyish bayonnomasi tuzilgan holda, nusxasi yoʻlovchini qoʻliga beriladi, belgilangan tartibda olib qoʻyish;
g) zaruriyat boʻlganda, noqonuniy aralashish harakatini yoki boshqa jinoiy harakatlarni sodir etish niyatidagi shaxslar uchun xarakterli boʻlgan bir qancha oʻzini tutish belgilari boʻyicha potensial xavfli shaxslarni aniqlash maqsadida koʻzdan kechirilayotganlarni psixologik soʻrab chiqish;
d) Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining axborot-izlash maʼlumotlar bazalari boʻyicha shubhali shaxslarni tekshirish (Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti xodimlari);
(8-bandning “d” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 30-yanvardagi 37-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.01.2023-y., 09/23/37/0063-son)
e) ayrim shaxslar tomonidan qurol-yarogʻ, patronlar va oʻqlarni tashishning belgilangan tartibiga rioya qilinishi ustidan nazorat qilish;
j) zaruriyat boʻlganda nazorat qilinadigan zonaning butun hududini koʻzdan kechirib chiqish huquqiga ega.
9. Koʻzdan kechirish vakolatiga ega boʻlgan shaxslar uni oʻtkazishda:
a) ushbu Nizom, temir yoʻlda yoʻlovchilar tashish xavfsizligini taʼminlashga, fuqarolarning hayoti, sogʻligʻi va huquqlarini muhofaza qilishga qaratilgan qonunchilikning boshqa normalari talablariga rioya qilishga;
(9-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
b) koʻzdan kechirilayotgan shaxslarga nisbatan hushyor, eʼtiborli va iltifotli munosabatda boʻlishga hamda ularning shaʼni va qadr-qimmatini kamsituvchi harakatlarga yoʻl qoʻymaslikka;
v) koʻzdan kechirilayotgan shaxslarga oʻzlarida boʻlishi mumkin boʻlgan yoʻlovchilar tashish poyezdlarida qoʻl yuki va bagaj shaklida tashish taqiqlangan xavfli moddalar va buyumlarni ixtiyoriy ravishda koʻrsatishni taklif etishga;
g) koʻzdan kechirish sababli yoʻlovchilarning asossiz ravishda ushlanib qolishiga yoʻl qoʻymaslikka;
d) qoida buzilishiga barham berilishi choralarini koʻrishga;
e) koʻzdan kechirishdan bosh tortgan shaxslarni nazorat qilinadigan zona hududiga qoʻymaslikka;
j) yoʻlovchilarga yoʻlovchilar tashish poyezdlarida qoʻl yuki va bagaj shaklida tashish taqiqlangan xavfli moddalar va buyumlarni aniqlashning zarur koʻnikmalariga ega boʻlishga;
z) tabiiy va texnogen tusdagi avariyalar, halokatlar, yongʻin yoki tabiiy ofatlar yuz bergan taqdirda jabrlanganlarni qutqazish va ularga birinchi yordam koʻrsatish, maxsus qutqaruvchi xizmatlarni chaqirish choralarini koʻrishga;
i) qonunchilikda belgilangan tartibda maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnomalar tuzishga majburdirlar.
(9-bandning “i” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
10. Koʻzdan kechirish natijasida nazorat qilinadigan zona hududiga yoʻlovchilarga yoʻlovchilar tashish poyezdlarida qoʻl yuki va bagaj shaklida tashish taqiqlangan xavfli moddalar va buyumlar olib oʻtilishi mumkin boʻlgan yoki ular olib oʻtilishiga yoʻl qoʻyilgan koʻzdan kechirish boʻyicha xizmat majburiyatlari nohalol bajarilganligi, shuningdek koʻzdan kechirilayotgan shaxslarning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitishga olib kelgan xizmat vakolatlari oshirilganligi uchun aybdor vakolatli shaxslar yoʻl qoʻyilgan qoida buzilishining ogʻirligiga qarab qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradilar.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
V. Koʻzdan kechirish tartibi
11. Nazorat qilinadigan zona hududiga kirishdan oldin vokzaloldi maydonida maxsus jihozlangan nazorat-oʻtkazish punktlarida temir yoʻl vokzali va transportda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan yoʻl hujjati (chipta) va shaxsini tasdiqlaydigan hujjat tekshiriladi. Temir yoʻl vokzali (stansiyasi) binosiga kirishda har bir yoʻlovchi qoʻl yuki va bagajni koʻzdan kechirishga taqdim etgan holda koʻzdan kechirishdan oʻtishi (zaruriyat boʻlganda — shaxsiy koʻzdan kechirilishi) kerak.
12. Yoʻlovchining qoʻl yuki va bagaji u hozir boʻlganda koʻzdan kechiriladi.
13. Koʻzdan kechirish maxsus texnik vositalarni qoʻllagan holda, zaruriyat boʻlganda — xizmat itlaridan foydalanib quyidagi izchillikda oʻtkaziladi:
a) temir yoʻl vokzali (stansiyasi) binosiga kiruvchi shaxslar koʻzdan kechirish punkti orqali oʻtadilar, bu erda ularga mavjud metall buyumlari, yoʻlovchilarga yoʻlovchilar tashish poyezdlarida qoʻl yuki va bagaj shaklida tashish taqiqlangan xavfli moddalar va buyumlar, shuningdek tashish uchun berilgan oʻzga shaxslarning ashyolari (joʻnatmalar, banderollar, tugunlar, paketlar va shu kabilar) toʻgʻrisida maʼlumot berish taklif etiladi;
b) koʻzdan kechirilayotgan shaxsga kiyimdagi mavjud metall buyumlarni (portsigar, kalitlar, folgali pachkalardagi sigaretlar, tangalar va shu kabilarni) nazarda tutilgan idishga qoʻyish va odamlarning toʻplanib qolishiga yoʻl qoʻymay navbati bilan turgʻun metall detektor ramkasi orqali oʻtish taklif etiladi, metall buyumlar mavjudligi toʻgʻrisida signal tushgan taqdirda qoʻlda ishlatiladigan metall detektor qoʻllaniladi, u boʻlmaganda esa — belgilangan tartibda shaxsiy koʻzdan kechiriladi. Sirtga turtib chiqqan, biroq koʻz bilan yoʻlovchining kiyimida koʻrinmaydigan va metall detektorning ishlab ketishiga olib keladigan buyumlar koʻzdan kechirishni amalga oshirish vakolati berilgan shaxsning talabi boʻyicha koʻzdan kechirish uchun talab etiladi. Bagaj va qoʻl yuki introskopdan foydalangan holda koʻzdan kechiriladi. Zarur hollarda qoʻl yuki va bagaj maxsus qoʻshimcha uskunadan foydalangan holda koʻzdan kechiriladi;
v) koʻzdan kechirishda yoʻlovchilarga yoʻlovchilar tashish poyezdlarida qoʻl yuki va bagaj shaklida tashish taqiqlangan xavfli moddalar va buyumlar aniqlangan taqdirda introskop operatori (“Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining Harbiylashtirilgan qoʻriqlash boshqarmasi xodimi) tegishli choralar koʻrish uchun darhol transportda ichki ishlar organlari xodimini xabardor qiladi;
g) nogabarit buyumlar, yoʻlovchining qoʻlidagi ustki kiyimlar va ichida nimalar borligini introskop ekranidagi soyali tasvir boʻyicha aniqlab boʻlmaydigan qoʻl yuki qoʻlda koʻzdan kechiriladi;
d) qidiruvdagi shaxslarni aniqlash va ushlash maqsadida koʻzdan kechirilayotganlarning pasportga oid maʼlumotlari tanlab tekshiriladi, shuningdek shubhali shaxslar shaxsan koʻzdan kechiriladi;
e) texnik sabablarga koʻra introskopdan yoki turgʻun metall detektordan foydalanish mumkin boʻlmagan holatda shaxslarni, shuningdek ularning qoʻl yuki va bagajini koʻzdan kechirish shaxsan koʻzdan kechirib chiqish yoʻli bilan qoʻlda ishlatiladigan metall detektor yordamida amalga oshiriladi.
14. Qoʻl yuki sifatida tashiladigan maishiy maqsaddagi radioelektron apparatlar, binokllar umumiy asoslarda koʻzdan kechiriladi.
15. Kinofoto apparatlar maxsus texnik vositalar qoʻllanmasdan koʻzdan kechiriladi.
16. Yashirin tashish uchun buyumlardan foydalanish holatlarini aniqlash maqsadida ashyolarni koʻzdan kechirishda:
a) uyali telefonlar va shu kabi elektron priborlarning ishlashi tekshirilishi;
b) gʻiloflar, jildlar koʻzdan kechirilishi, quvvatlantirish bloklari, kasseta oʻyiqlari, shuningdek plyonkali kameralar ochilishi va tekshirilishi (apparatlarni oʻchirish, quvvatlantirish bloki qopqogʻini va kasseta oʻyiqlari ochishni yoʻlovchi amalga oshiradi);
v) suyuqliklar solingan idishlar va termoslar koʻz bilan tekshirilishi;
g) gabaritiga koʻra maxsus texnik vositalar yordamida tekshirib boʻlmaydigan musiqa asboblari tekshirilar ekan, ularning gʻiloflari olib tashlanishi, jildlari ochilishi va ular silkitib koʻrilishi zarur.
17. Yurak faoliyatini ragʻbatlantiruvchi implantirlangan apparatlarga ega boʻlgan shaxslar maxsus texnik vositalar qoʻllanilmasdan qoʻlda yoki shaxsan koʻzdan kechiriladi.
18. Tibbiyot punktidagi yoʻlovchilar va ularga hamrohlik qiluvchi shaxslar bunday shaxslar koʻzdan kechirishdan oʻtishi uchun masʼul boʻlgan maxsus ajratilgan shaxslar tomonidan koʻzdan kechiriladi, shuningdek koʻzdan kechirishdan keyin ularning oʻzga shaxslar bilan aloqasini istisno etish tibbiyot punkti xodimlariga yuklanadi, bu haqda ularga tilxat olib eʼlon qilinadi.
19. VIP-maqomga ega boʻlgan yoʻlovchilar va shaxslar ushbu zallarning koʻzdan kechirish punktlarida koʻzdan kechirish tartib-qoidasidan oʻtadilar.
20. Yoʻlovchi vagonlarida uy hayvonlari, parrandalar va faunaning boshqa vakillarini tashiydigan yoʻlovchilar tegishli veterinariya maʼlumotnomalariga, shuningdek ular tashiladigan qafaslar yoki boshqa moslamalarga ega boʻlishlari kerak.
21. Koʻzdan kechirish tartib-qoidalaridan oʻtilgandan keyin yoʻlovchiga uning qoʻl yuki qaytariladi, yoʻl hujjatiga (chiptaga) yuk xatiga, bagajga koʻzdan kechirishdan oʻtganlik toʻgʻrisida belgi qoʻyiladi, shundan keyin yoʻlovchi temir yoʻl yoʻlovchilar tashish transportiga chiqish uchun kutish zaliga yoʻl oladi. Belgi (shtamp) yoʻl hujjati (chipta)ning yuza yoki orqa tomoniga qoʻyiladi. Qoʻl yuki, bagajga belgi koʻzdan kechirishdan oʻtganlikni tasdiqlaydigan lenta shaklidagi maxsus yelimlagich yopishtirish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Yoʻlovchida tegishli hujjat bilan taqib yurishga ruxsat berilgan qurol mavjud boʻlgan taqdirda yoʻl hujjatiga (chiptaga) “Qurol” degan qoʻshimcha belgi qoʻyiladi, yoʻlovchidagi mavjud qurol, unga oʻq-dorilar va ularning soni yozma ravishda koʻrsatiladi.
Tegishli ruxsatnomaga ega boʻlgan va xizmat vazifalarini bajaruvchi huquqni muhofaza qilish organlari va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining Harbiylashtirilgan qoʻriqlash boshqarmasi vakillaridagi qurol koʻzdan kechirilmaydi. Bunday hollarda qurol mavjudligi ushbu shaxslarning tegishli hujjatlarida koʻrsatiladi.
22. Yoʻlovchilarning (shu jumladan tranzit yoʻlovchilarning) yoʻl hujjatlarida (chiptalarida), qoʻl yukida, bagajida koʻzdan kechirishdan oʻtganlik toʻgʻrisidagi belgi mavjudligini vagon provodnigi tekshiradi.
Qoʻshimcha “Qurol” belgisi mavjud boʻlgan taqdirda provodnik yoʻlovchini safar davrida belgilangan tartibda saqlash uchun qurolni topshirish uchun yoʻlovchilar tashish poyezdi boshligʻiga yuboradi. Safar davrida yoʻlovchilar tashish poyezdi boshligʻiga:
toʻpponchalar, revolverlar, soyli miltiqlar, karabinlar va boshqa oʻq otar qurol;
oʻq-dorilar, ov pichoqlari va raketnitsalar (signal va yorituvchi raketalarni otuvchi toʻpponchalar);
arbaletlar va suv osti ovi quroli, qilichlar, xanjarlar, dudama qilichlar, egri qilichlar, uzun va ogʻir qilichlar, tigʻlar, qilichsimon nayzalar, nayzalar, xanjarlar, kortiklar, xanjarchalar, pichoqlar: harbiy, desant, fin pichoqlari, piskalar otilib chiqadigan, qulflanadigan dudama qilichlar saqlash uchun belgilangan tartibda topshiriladi.
23. Yoʻl hujjatida (chiptada), qoʻl yukida, bagajda koʻzdan kechirishdan oʻtganlik toʻgʻrisidagi belgi mavjud boʻlmagan yoʻlovchilarning vagonga kirishi qatʼiyan taqiqlanadi.
24. Koʻzdan kechirishdan oʻtish vaqti yoʻlovchilarning temir yoʻl yoʻlovchilar tashish transportiga chiqishdan kechikishi uchun shart-sharoitlar yaratmasligi zarur.
Bunda koʻzdan kechirish vaqtini qisqartirish maqsadida yoʻlovchilarni koʻzdan kechirish tartib-qoidasini soddalashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
VI. Shaxsiy koʻzdan kechirish
25. Shaxslarni tanlab shaxsiy koʻzdan kechirish buning uchun maxsus jihozlangan xonalarda:
a) tayyorlanayotgan noqonuniy aralashish harakati toʻgʻrisida xabar kelgan;
b) koʻzdan kechirilayotgan shaxsda yoʻlovchilarga yoʻlovchilar tashish poyezdlarida qoʻl yuki va bagaj shaklida tashish taqiqlangan xavfli moddalar va buyumlar mavjudligi toʻgʻrisida xabar olingan;
v) koʻzdan kechirilayotgan shaxsning yuk xatida yoʻlovchilarga yoʻlovchilar tashish poyezdlarida qoʻl yuki va bagaj shaklida tashish taqiqlangan xavfli moddalar va buyumlar aniqlangan;
g) koʻzdan kechirish vakolatiga ega boʻlgan shaxslar tomonidan shaxsan kuzatish yoʻli bilan koʻzdan kechirilayotgan shaxsning shubhali oʻzini tutishi va xatti-harakatlari belgilari, balkim uning jinoiy niyatlaridan dalolat beruvchi yoki unda yoʻlovchilarga yoʻlovchilar tashish poyezdlarida qoʻl yuki va bagaj shaklida tashish taqiqlangan xavfli moddalar va buyumlar boʻlishi mumkinligi toʻgʻrisida shubha tugʻdiruvchi belgilar aniqlangan hollarda amalga oshiriladi.
26. Shaxslarni shaxsiy koʻzdan kechirish Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 289-moddasiga muvofiq va yoʻlovchilarga yoʻlovchilar tashish poyezdlarida qoʻl yuki va bagaj shaklida tashish taqiqlangan xavfli moddalar va buyumlarni aniqlash uchun zarur boʻlgan doirada amalga oshiriladi.
VII. Maxsus yuklarga, maxsus pochtaga va soqchilar nazorati ostidagi shaxslarga hamrohlik qiluvchi shaxslarni, harbiy xizmatchilar, mergan sportchilar, ovchilar, geologlar va qurol saqlash va tashish huquqiga ega boʻlgan boshqa yoʻlovchilarni koʻzdan kechirish tartibi
27. Temir yoʻl transportida tashiladigan maxsus yuklar, maxsus pochta va rasmiy xat-xabarlar hamda ularni kuzatib boruvchi Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralarining qurollangan xodimlari, shuningdek ichki ishlar organlari va boshqa huquqni muhofaza qilish organlarining ularni kuzatib boruvchi xodimlari, feldegerlik va maxsus aloqa xodimlari, konsullik valezlari va Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari asosida ularga tenglashtirilgan, diplomatik maqomga ega boʻlgan yoʻlovchilar tomonidan kuzatib boriladigan xorijiy muassasalar va xalqaro tashkilotlarning boshqa rasmiy xat-xabarlari tegishli hujjatlar taqdim etilgandan keyin koʻzdan kechirilmaydi va ushlab turilmaydi.
28. Qurollangan xodimlar tomonidan kuzatib boriladigan maxsus yuklar va pochtani ortish, shuningdek qurollangan xodimlarni va soqchilar nazorati ostidagi shaxslarni poyezdga chiqarish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
(28-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
29. Maxsus yuklar va maxsus pochtada yoʻlovchilarga yoʻlovchilar tashish poyezdlarida qoʻl yuki va bagaj shaklida tashish taqiqlangan xavfli moddalar va buyumlar boʻlmasligi kerak. Ushbu qoidalar buzilganligi uchun belgilangan tartibda joʻnatuvchi javob beradi.
30. Tegishli ruxsat beruvchi hujjatlar mavjud boʻlgan taqdirda qurol saqlash va tashish huquqiga ega boʻlgan mergan sportchilar, ovchilar, geologlar va boshqa yoʻlovchilarga tegishli boʻlgan qurol-yarogʻ, oʻq-dorilar, ov pichoqlari va raketnitsalar safar davrida saqlash uchun belgilangan tartibda yoʻlovchilar tashish poyezdi boshligʻiga beriladi. Ularga gʻilof kiydirilgan boʻlishi, qurol oʻqsizlantirilgan boʻlishi, magazinlar va oʻq-dorilar alohida saqlanishi kerak.
VIII. Temir yoʻl vokzallarida (stansiyalarida) yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatishga jalb etilgan xodimlarni, shuningdek huquqni muhofaza qilish va nazorat organlari xodimlarini koʻzdan kechirish tartibi
31. Temir yoʻl vokzallarida (stansiyalarida) yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatishga jalb etilgan xodimlarni, prokuratura, ichki ishlar organlari, Davlat xavfsizlik xizmati xodimlarini va nazorat organlari xodimlarini koʻzdan kechirish ushbu Nizomga muvofiq umumiy asoslarda amalga oshiriladi.
(31-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-maydagi 396-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.06.2018-y., 09/18/396/1287-son)
32. Prokuratura, ichki ishlar organlari, Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari va nazorat organlari xodimlarining va temir yoʻl vokzallarida (stansiyalarida) yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatishga jalb etilgan xodimlarning temir yoʻl vokzallari (stansiyalari) hududiga kirishi va u erda boʻlishi temir yoʻl vokzali (stansiyasi) xodimlari tomonidan beriladigan tegishli ruxsatnomalar boʻyicha amalga oshiriladi.
(32-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-maydagi 396-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.06.2018-y., 09/18/396/1287-son)
IX. Yakunlovchi qoida
33. Ushbu Nizom talablarining buzilishi qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka olib keladi.
(33-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Temir yoʻl vokzallarida (stansiyalarida) yoʻlovchilar va boshqa shaxslarni, qoʻl yukini, bagajni koʻzdan kechirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Yoʻlovchilar tashish poyezdlarida tashish taqiqlangan va cheklangan xavfli moddalar va buyumlar
ROʻYXATI
I. Quyidagilar yoʻlovchilar tashish poyezdlarida qoʻl yuki va bagaj sifatida tashish taqiqlangan xavfli moddalar va buyumlarga kiradi:
a) tegishli ruxsat berilgan hujjat boʻlmagan barcha turdagi oʻq otar va tigʻli qurollar:
toʻpponchalar, revolverlar, soyli miltiqlar, karabinlar, boshqa oʻq otar qurollar va ularga oʻq-dorilar;
arbaletlar va suv osti ovi quroli, qilichlar, xanjarlar, dudama qilichlar, egri qilichlar, uzun va ogʻir qilichlar, tigʻlar, qilichsimon nayzalar, nayzalar, xanjarlar, kortiklar, xanjarchalar, pichoqlar: harbiy, desant, fin pichoqlari, piskalar otilib chiqadigan, qulflanadigan dudama qilichlar;
b) tegishli ruxsat berilgan hujjat boʻlmagan barcha turdagi portlovchi moddalar va ular bilan toʻldirilgan buyumlar, portlatish vositalari:
har qanday oʻramdagi barcha ov poroxlari;
ov kapsulalari (pistonlari) va kapsula-detonatorlar;
pirotexnika vositalari: signalli va yorituvchi raketalar, posadkali shashkalar, tutun chiqaruvchi patronlar;
dinamit, tol, ammonal, trotil va boshqa portlovchi moddalar;
v) siqilgan va suyultirilgan gazlar;
g) tez yonuvchan qattiq moddalar:
suv taʼsirida issiqlik va issiq gaz chiqaradigan, natijada oʻzidan oʻzi yonadigan va yongʻin keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan moddalar: kaliy, natriy, metalli kalsiy va ularning qotishmalari, kalsiy, fosforit va boshqalar;
oq, sariq va qizil fosfor hamda tez yonuvchan qattiq moddalar toifasiga tegishli boʻlgan boshqa barcha moddalar;
organik peroksidlar;
donador yoki parcha-parcha, quruq yoki nam, tarkibida kamida 25 foiz suv yoki erituvchi suyuqlik boʻlgan kolloid nitrotsellyuloza;
quruq va nam, tarkibida kamida 30 foiz suv yoki erituvchi suyuqlik boʻlgan nitrotsellyuloza;
d) tegishli ruxsatnoma berilgan hujjat boʻlmagan barcha turdagi zaharli va zaharlovchi moddalar:
har qanday idishga joylashtirilgan suyuq va qattiq holatdagi har qanday zaharli, kuchli taʼsir qiladigan va zaharlovchi moddalar;
brutsin;
nikotin;
strixnin
tetragidrofurfuril spirti;
etilenglikol;
simob;
tsianid kislotaning barcha tuzlari va tsianid preparatlar;
siklon, tsianplav, margimush angidrid va boshqa kuchli taʼsir qiladigan, zaharli, zaharlovchi moddalar;
e) germetik idishlarsiz va oʻramlarsiz tashiladigan oʻyuvchi, badboʻy va yemiruvchi moddalar:
kuchli va noorganik kislotalar: xlorid, sulfat, azot kislotalar va boshqa kislotalar;
ftorli-vodorod (shishani oʻyish qobiliyatiga ega boʻlgan) kislotasi va boshqa kuchli kislotalar va yemiruvchi moddalar;
j) bojxona qoidalariga va boshqa qoidalarga koʻra tashishga yoʻl qoʻyilmaydigan buyumlar.
II. Quyidagi cheklangan miqdorlardagi maishiy maqsaddagi moddalar va buyumlarni ehtiyotkorlik choralarini koʻrgan holda qoʻl yuki va bagajda yoʻlovchilar tashish poyezdlarida tashishga ruxsat beriladi va ular koʻzdan kechirishda olib qoʻyilmaydi:
sirka (bitta yoʻlovchiga 0,5 litrdan koʻp emas);
alkogolli ichimliklar;
xizmat maqsadlarida tashiladigan spirt, tamgʻa raqami koʻrsatilgan holda korxona (tashkilot) maʼlumotnomasi bilan tasdiqlanadigan, germetik yopilgan va tamgʻalangan idishlarda ikki litrdan ortiq boʻlmagan miqdorda tashiladi;
germetik idishda va oʻramda tashiladigan tez alangalanadigan suyuqliklar;
atseton;
neft mahsulotlari namunalari;
metalatsetat (metil efiri);
uglerod sulfid;
efirlar;
pardoz-andoz vositalari, shu jumladan tirnoq uchun loklar, loklarni koʻchirish uchun suyuqliklar, soch uchun suyuqliklar, shuningdek spirt-lok asosidagi havoni tozalovchi suyuqliklar;
gazli zajigalkalar va zajigalkalar uchun gazli ballonchalar (bitta yoʻlovchiga 2 ta ballonchadan ortiq emas);
buklama (fiksatorsiz) yoʻl pichoqlari va qayirma pichoqlar;
simobli tibbiyot termometrlari (gradusniklar) (bitta yoʻlovchiga 1 donadan ortiq emas);
standart gʻilofdagi simobli tonometrlar (bitta yoʻlovchiga 1 donadan ortiq emas);
joʻnatuvchining tamgʻasi bilan maxsus germetik konteynerlarda joylashtirilgan simobli barometrlar va manometrlar.
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 30-noyabrdagi 314-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Yoʻlovchilar va boshqa shaxslarning temir yoʻl vokzallarida (stansiyalarida) boʻlishi
QOIDALARI
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar (keyingi oʻrinlarda qoidalar deb ataladi) shaxslarning temir yoʻl vokzallari (stansiyalari) hududida boʻlishi tartibini belgilaydi.
2. Qoidalar temir yoʻl vokzali (stansiyasi) hududida boʻlgan temir yoʻl transporti xodimlari va boshqa shaxslar tomonidan bajarilishi majburiydir.
3. Ushbu Qoidalarda quyidagi terminlar va tavsiflar foydalaniladi:
temir yoʻl vokzali — yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish, poyezdlar harakatini boshqarish va xizmat xodimlarini joylashtirish uchun moʻljallangan temir yoʻl stansiyasidagi bino yoki binolar kompleksi, inshootlar va qurilmalar;
yoʻlovchilar platformasi (perroni) — stansiyalarda yoki toʻxtash shoxobchalarida yoʻlovchilarning vagonlarga qulay va xavfsiz oʻtishi, ularning vagonlarga chiqishi va tushishi uchun qulaylashtirilgan maydoncha.
II. Yoʻlovchilar va boshqa shaxslarning temir yoʻl vokzallarida (stansiyalarida) boʻlishi tartibi
4. Yoʻlovchilar tashish poyezdiga yoʻl hujjatlari (chiptalari)ga ega boʻlgan, temir yoʻl vokzaliga (stansiyasiga) kelgan yoʻlovchilar faqat belgilangan tartibda amalga oshirilgan koʻzdan kechirishdan oʻtganlaridan keyin temir yoʻl vokzali (stansiyasi)ning nazorat qilinadigan zonasi hududiga oʻtadilar.
VIP toifali vagonlarga yoʻl hujjatlari (chiptalari)ga ega boʻlgan yoʻlovchilar ham belgilangan tartibda koʻzdan kechiriladilar.
5. Koʻzdan kechirish tartibotlaridan oʻtgandan keyin yoʻlovchilar temir yoʻl vokzali (stansiyasi) hududida koʻrsatiladigan barcha xizmatlardan foydalanish huquqiga ega.
Nazorat qilinadigan zonadagi kirish joyida va har bir qabul qilish-joʻnatish yoʻllari platformalarida yoʻlovchilarga qulay boʻlishi uchun temir yoʻl vokzali (stansiyasi) tomonidan bepul asosda qoʻl yuki va bagajni tashish uchun foydalanishga aravachalar beriladi.
6. Temir yoʻl vokzallari (stansiyalari)da mahalliy, davlatlararo va shaharlararo yoʻnalishlar poyezdiga chiqadigan yoʻlovchilar poyezdga chiqish uchun har bir temir yoʻl vokzali (stansiyasi) uchun alohida ishlab chiqilgan keluvchi va ketuvchi yoʻlovchilarning poyezdlarga chiqish sxemalariga muvofiq qabul qilish-joʻnatish yoʻllarining yoʻlovchilar platformalaridan biriga nazarda tutilgan piyodalar oʻtish yoʻllari, piyodalar koʻprigi yoki yer osti yoʻllari orqali oʻtiladi.
7. Kelgan yoʻlovchilarning temir yoʻl vokzali (stansiyasi) hududidan shaharga chiqishi piyodalar oʻtish yoʻllari orqali temir yoʻl vokzali (stansiyasi) binosini chetlab oʻtgan holda amalga oshiriladi.
8. Temir yoʻl vokzali (stansiyasi)ga kelgan boshqa shaxslar nazorat qilinadigan zonadagi kirish joyida joylashgan bevosita nazorat-oʻtish shoxobchasi yaqinida joylashadigan temir yoʻl vokzali (stansiyasi) ruxsatnomalar byurosida ruxsatnoma olgandan keyin koʻzdan kechirishga yoʻl qoʻyiladi.
9. Nazorat qilinadigan zonada boʻlish huquqiga ega boʻlgan yoʻlovchi boʻlmagan boshqa shaxslar ham olingan ruxsatnomaga muvofiq koʻzdan kechirishdan oʻtgandan keyin temir yoʻl vokzali (stansiyasi)ning nazorat qilinadigan zonasi hududiga oʻtadilar.
10. Xizmat zarurati boʻyicha kelgan mansabdor shaxslar koʻzdan kechirishdan oʻtgandan keyin nazorat qilinadigan zona hududiga oʻtish huquqiga ega.
III. Yoʻlovchilarning temir yoʻldan oʻtishda, vagonga chiqish va undan tushishdagi harakati tartibi
11. Temir yoʻl vokzali (stansiyasi)da boʻlgan shaxslarning temir yoʻldan oʻtishi faqat buning uchun belgilangan va jihozlangan joylarda amalga oshiriladi.
12. Nogironlik aravachasidagi shaxslarning temir yoʻldan oʻtishiga faqat piyodalar oʻtish yoʻllari orqali va albatta kuzatuvchi bilan yoʻl qoʻyiladi.
13. Temir yoʻlda va yoʻlovchilar platformalarida boʻlish vaqtida xavfsizlik choralariga rioya qilish va salomatlikni saqlash maqsadida quyidagilar taqiqlanadi:
a) yoʻlovchilar platformasi va temir yoʻlning harakatlanuvchi tarkibi tagiga kirish, vagonlar oʻrtasidagi avtomatik ulagichlardan oshib oʻtish;
b) temir yoʻlning belgilanmagan joylaridan oʻtish, poyezdlar harakatini buzishga olib kelishi mumkin boʻlgan buyumlarni temir yoʻlga qoʻyish;
v) yoʻlovchilar platformasi chetidagi chegaralovchi liniyalarga oʻtish, kelayotgan yoki joʻnayotgan poyezdlarning yonida yoʻlovchilar platformasida yugurish;
g) turli harakatli oʻyinlar oʻynash, bolalarni qarovsiz qoldirish (bolali shaxslar uchun);
d) temir yoʻl transporti toʻliq toʻxtagunga qadar vagonlarga yaqinlashish, poyezd yurib borayotganda vagonga chiqish va (yoki) tushish, vagonlar derazalari va tamburlar eshiklaridan bosh chiqarish, yoʻlovchilar platformasidan temir yoʻlga sakrash;
e) belgilar, koʻrsatkichlar yoki boshqa axborot manbalari bor boʻlgan jismlarga shikast yetkazish, iflos qilish, toʻsib qoʻyish, ularni olib tashlash, mustaqil ravishda oʻrnatish, temir yoʻl transporti infratuzilmasi obyektlariga, shu jumladan temir yoʻlning harakatlanuvchi tarkibiga ziyon yetkazish;
j) turgan vagonga suyanish, temir yoʻlning harakatlanuvchi tarkibi tomiga chiqish, vagonlar eshiklarining avtomatik ochilishi va yopilishini toʻxtatib turish, temir yoʻlning harakatlanuvchi tarkibi harakatiga xalaqit berish;
z) zinapoyalarda va oʻtish maydonchalarida turish, tirgaklarga hamda bogʻlovchi tarmoqlarning maxsus konstruksiyalariga va havo liniyalariga va sunʼiy qurilmalarga chiqish, tirgaklardan hamda bogʻlovchi tarmoqlarning maxsus konstruksiyalaridan va elektr uzatish havo liniyalaridan oʻtadigan simlarga qoʻl tegizish;
i) chekish uchun moʻljallanmagan joylarda chekish, temir yoʻl yoʻlovchilar tashish transportida alkogolli ichimliklar, toksik va giyohvand moddalar isteʼmol qilib mast holatda boʻlish;
k) ekilgan himoya daraxtlariga, qordan himoya qiluvchi toʻsiqlarga va boshqa yoʻl obyektlariga, signal beruvchi qurilmalar va aloqa inshootlariga shikast yetkazish;
l) sanitariya qonunchiligini, sanitariya normalari, gigiyena qoidalari va normativlarini buzish, poyezdlar vagonlaridan axlatlar va boshqa buyumlarni tashqariga tashlash;
m) nazorat qilinadigan zona hududida yongʻin xavfsizligi qoidalarini, jamoat tartibi qoidalari va normalarini buzish;
n) tegishli oʻramalarsiz yoki gʻiloflarsiz fuqarolarni mayib qilishi mumkin boʻlgan moddalar va buyumlarni oʻzi bilan olib yurish.
14. Yoʻlovchilar va boshqa shaxslar temir yoʻlda va yoʻlovchilar platformalarida boʻlganda:
a) temir yoʻl vokzali (stansiyasi), “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining Harbiylashtirilgan qoʻriqlash boshqarmasi xodimlarini hamda ichki ishlar xodimlarini temir yoʻldagi mavjud xalaqit beruvchi toʻsiqlar va boshqa shubhali buyumlar, shuningdek temir yoʻl vokzali (stansiyasi) hududidagi begona va (yoki) unutib qoldirilgan buyumlar toʻgʻrisida xabar berishlari;
b) temir yoʻlning harakatlanuvchi tarkibi yaqinlashayotganda vujudga keladigan havo oqimining taʼsiri boʻlmaydigan masofaga borib turishlari;
v) temir yoʻlning harakatlanuvchi tarkibini shoshilinch toʻxtatish talab qilinadigan vaziyatlar yuzaga kelgan hollarda mumkin boʻlgan usul bilan signal berishlari;
g) perronga chiqishda, vagonga kirish va vagondan tushishda (bolali shaxslar uchun) bolalarning qoʻlidan ushlash yoki qoʻlda koʻtarib olishlari;
d) vagonlarga faqat poyezd toʻliq toʻxtaganda, boshqa fuqarolarga xalaqit bermasdan, faqat yoʻlovchilar platformasi tomonidan (temir yoʻl stansiyalarida maxsus ajratilgan va moslashtirilgan joylarda) kirishlari va (yoki) tushishlari kerak.
IV. Temir yoʻl vokzallari (stansiyalari)ning temir yoʻl vokzali stansiyasi) hududidagi shaxslarga xizmat koʻrsatishga doir vazifalari va funksiyalari
15. Quyidagilar temir yoʻl vokzallari (stansiyalari)ning temir yoʻl vokzali (stansiyasi) hududidagi shaxslarga xizmat koʻrsatishga doir asosiy vazifalari hisoblanadi:
a) xizmat koʻrsatishni tashkil etish;
b) xizmat koʻrsatish madaniyati darajasi va koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish;
v) koʻrsatiladigan xizmatlar doirasini kengaytirish.
16. Temir yoʻl vokzali (stansiyasi) temir yoʻl vokzali (stansiyasi) hududidagi shaxslarga xizmat koʻrsatishga doir unga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
a) maʼlumot-axborot xizmatlari koʻrsatish;
b) yoʻlovchilar va rasmiy delegatsiyalar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
v) uzoq muddat dam olish xonalariga hamda onalar va bolalar xonalariga joylashtirishni tashkil etish, shu jumladan temir yoʻlning aybi bilan va boshqa favqulodda holatlarda temir yoʻl yoʻlovchilar tashish transporti harakatida uzilishlar yuz bergan hollarda yoʻlovchilarni kutish zallariga joylashtirish, ovqatlanishini va ularga axborot berilishini tashkil etish;
g) yuk tashuvchilar tomonidan xizmatlar koʻrsatilishini tashkil etish;
d) yuk saqlash xonalari xizmatlari koʻrsatish;
e) bagaj va qoʻl yukini tashishning belgilangan normalariga rioya qilish ustidan nazorat qilish;
j) yoʻlovchilar poyezdlarga oʻtishining xavfsiz yoʻnalishlarini taʼminlash;
z) yoʻlovchilarni uzoq manzilga va shahar atrofiga qatnaydigan poyezdga chiqishini (undan tushishini) taʼminlash;
i) temir yoʻl vokzali (stansiyasi)da servis markazlarini tashkil etish;
k) imkoniyati cheklangan yoʻlovchilar, uyushgan guruhlar, shu jumladan bolalar guruhlari, harbiy komandalarning vagonlarga chiqishi-tushishi va temir yoʻl vokzalida boʻlishi uchun xavfsiz va qulay shart-sharoitlarni taʼminlash;
l) transport hodisalari, yongʻinlar va halokatlar, atrof muhitga zararli biologik taʼsirning oqibatlarini bartaraf etish chogʻida temir yoʻl vokzali (stansiyasi) hududida boʻlish davrida ekologik xavfsizlik talablariga rioya qilish hamda fuqarolar sogʻligʻini muhofaza qilishni taʼminlash ishlarini tashkil etish;
m) vokzal majmui obyektlarini, temir yoʻl vokzali (stansiyasi) xodimlarini, yoʻlovchilarni va boshqa shaxslarni noqonuniy aralashish harakatlaridan va boshqa jinoiy xatti-harakatlardan muhofaza qilishni taʼminlash.
Temir yoʻl vokzallari (stansiyalari), shuningdek qonunchilikka muvofiq boshqa funksiyalarni ham bajaradi.
(16-bandning oʻn toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
V. Yakunlovchi qoida
17. Ushbu Qoidalar talablarini buzgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 48-son, 493-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.06.2018-y., 09/18/396/1287-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 31.01.2023-y., 09/23/37/0063-son)