Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
2003-YILNING 1-APRELIDAN BOSHLAB UY-JOY-KOMMUNAL XIZMATLAR HAQINI TOʻLASH BOʻYICHA BERILADIGAN IMTIYOZLAR OʻRNIGA KOMPENSATSIYA PUL TOʻLOVLARINI JORIY ETISH TOʻGʻRISIDA
Bozor islohotlarini chuqurlashtirish va iqtisodiyotni erkinlashtirish sharoitida aholini ijtimoiy muhofaza qilish borasidagi chora-tadbirlarning aniq yoʻnaltirilishini kuchaytirish maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
1. 2003-yilning 1-aprelidan boshlab uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha qonunchilik asosida beriladigan imtiyozlar oʻrniga pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori hisobidan tabaqalashtirilgan miqdorlarda oylik kompensatsiya pul toʻlovlari joriy etilsin (ilovaga muvofiq).
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-58-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.01.2022-y., 06/22/58/0078-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha kompensatsiya pul toʻlovlarining summasi jismoniy shaxslarning jami daromad tarkibiga kiritilmasligi hamda pensiya va nafaqalar toʻlanadigan tartib va muddatlarda:
respublika budjeti hisobidan pensiya oluvchilarga — pensiya tayinlangan tashkilot orqali;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Pensiya jamgʻarmasi) hisobidan pensiya oluvchilarga — Pensiya jamgʻarmasi orqali;
nafaqa oluvchilarga — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali toʻlanishi belgilab qoʻyilsin.
(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-185-sonli Farmoniga asosan birinchi — toʻrtinchi xatboshilar bilan almashtirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.11.2024-y., 06/24/185/0944-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Pensiya yoki nafaqa olmaydigan uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha kompensatsiya pul toʻlovlarini olish huquqiga ega boʻlgan shaxslarga kompensatsiya puli 2022-yil 1-martdan boshlab Pensiya jamgʻarmasi orqali pensiyalar toʻlanadigan muddatlarda toʻlanadi.
(2-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-185-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.11.2024-y., 06/24/185/0944-son)
Oldingi tahrirga qarang.
3. Respublika Davlat budjeti mablagʻlari ushbu Farmonga muvofiq uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha kompensatsiya pul toʻlovlarini joriy etish bilan bogʻliq sarf-xarajatlarni moliyalash manbai etib belgilansin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 21-dekabrdagi PF-4158-son farmoni tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 52-son, 558-modda)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha kompensatsiya pul toʻlovlari mexanizmi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqib, belgilangan tartibda tasdiqlasin.
5. 2003-yilning 1-aprelidan boshlab quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kommunal xizmat koʻrsatish sohasida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning yangi bosqichi toʻgʻrisida” 2001-yil 17-apreldagi PF-2832-son Farmonining 6-bandi va 3-ilovasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yadro poligonlarida va boshqa yadroviy-radiatsiya obyektlarida harbiy xizmatni oʻtagan pensiya yoshidagi shaxslarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida” 2002-yil 30-maydagi PF-3079-son Farmoni 1-bandining uchinchi xatboshi va 4-bandi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda boshqa tegishli idoralar bilan birgalikda qonunchilikka ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin;
vazirliklar va idoralarning meʼyoriy hujjatlari mazkur Farmonga muvofiq holga keltirilishini taʼminlasin.
 LexUZ sharhi
Uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha kompensatsiya pul toʻlovlarining mexanizmi toʻgʻrisida nizomga (roʻyxat № 1232, 15.04.2003y.) shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi shaharlari va aholi yashaydigan punktlarida uy-joy fondini saqlash, taʼmirlash va kommunal xizmatlarni koʻrsatish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarni toʻlash toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqidagi buyruqqa (roʻyxat № 1173-1, 01.08.2003-y.) qarang.
7. Ushbu Farmon matbuotda eʼlon qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 27-mart,
PF-3227-son
Oldingi tahrirga qarang.
(Farmonning ilovasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 13-apreldagi PF-3596-son Farmoniga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplamlari, 2005-y., 15-16-son, 110-modda)
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-y., 3-4-son, 56-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 15-16-son, 110-modda; 2009-y., 52-son, 558-modda; 2010-y., 52-son, 511-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.01.2022-y., 06/22/58/0078-son; 21.11.2024-y., 06/24/185/0944-son)