|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.07.2003
|
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING IQTIDORLI YoShLARNING ChET ELDA TAʼLIM OLIShLARINI QOʻLLAB-QUVVATLASh “UMID” JAMGʻARMASINI TUZISh TOʻGʻRISIDA
Ushbu Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 1-iyuldagi PF-3272-son “Istiqbolli yosh pedagoglarni va ilmiy kadrlarni malakasini oshirish va tajriba orttirish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmonga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mamlakatimizda ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga jahon andozalari darajasida bilim olgan zakovatli, har tomonlama barkamol milliy kadrlar ulkan hissa qoʻshishini nazarda tutib, Vatanga fidokorona xizmat qiladigan, sadoqatli, uning buyuk va qudratli boʻlishi uchun qaygʻuradigan, oʻz iqtidori bilan ona-yurtni ulugʻlashga qobil, isteʼdodli yigit-qizlardan xalq xoʻjaligining ustuvor tarmoqlari uchun yuksak malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining iqtidorli yoshlarning chet elda taʼlim olishlarini qoʻllab-quvvatlash “UMID” jamgʻarmasi tuzilsin. Jamgʻarma boshqaruvi tarkibi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-ilova berilmaydi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Fanlar akademiyasi, Fan va texnika davlat qoʻmitasi, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, “Kamolot” jamgʻarmasi, shuningdek Oʻzbekistonda faoliyat koʻrsatayotgan qator qoʻshma kompaniyalar, banklar va boshqa tashkilotlarining jamgʻarma homiysi boʻlishi haqidagi takliflari qabul qilinsin. Homiylar roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Bundan buyon Jamgʻarma boshqaruvi homiylar tarkibini, shu jumladan chet ellik ishtirokchilar hisobiga ham kengaytirish haqidagi takliflarni koʻrib chiqishi belgilab qoʻyilsin.
3. Jamgʻarma faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash maqsadida Jamgʻarma soliqlar, toʻlovlar va bojlarning barcha turlaridan ozod qilinsin.
4. Quyidagilar jamgʻarma faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
— Oʻzbekiston ijtimoiy-iqtisodiy hayotining ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida isteʼdodli yoshlarni tanlab olish, saralash va oʻqitish, tegishli reja va dasturlar ishlab chiqish va ularni taʼlim tizimiga joriy etish, hamda tanlov asosida chet el oʻquv yurtlariga oʻqishga yuborish;
— qobiliyatli yoshlarning nufuzli xalqaro olimpiada va tanlovlarda ishtirok etishini tashkil etish va ularni ragʻbatlantirish, shuningdek yetakchi chet el oliy oʻquv yurtlari va ilmiy markazlari, taʼlim yoʻnalishida faoliyat koʻrsatayotgan xalqaro va xorijiy tashkilotlar va jamgʻarmalar bilan oʻzaro hamkorlik munosabatlarini oʻrnatish;
— iqtidorli yoshlarning jahon andozalari talablari darajasidagi ilgʻor bilimlari asosida tahsil olishlari, barkamol inson va yuksak maʼnaviyatli yuqori malakali mutaxassis boʻlib yetishishlariga moddiy-maʼnaviy homiylik qilish;
— chet el oliy oʻquv yurtlarida taʼlim olayotgan hamda taʼlim olib kelgan iqtidorli yoshlar bilan doimiy aloqalar oʻrnatish, ularni milliy tiklanish mafkurasiga asoslangan holda umumbashariy qadriyatlarni oʻrganishga, Oʻzbekiston ilm-fanining shon-shuhratini, obroʻ-eʼtiborini dunyoviy miqyoslarga olib chiqishga daʼvat etish.
5. Iqtidorli yoshlarni chet elda oʻqitish uchun har yili Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti grantlari (oʻqish xarajatlari uchun beriladigan mukofotlar) joriy etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi va Tashqi ishlari vazirligi, Fanlar akademiyasi, Fan va texnika davlat qoʻmitasi bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti grantlarini berish tartibini ishlab chiqsinlar va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsinlar.
6. Jamgʻarma yoʻllanmasi boʻyicha xorijda oʻqitish har yili tasdiqlanadigan ustuvor mutaxassisliklar boʻyicha amalga oshirilsin va ustuvor mutaxassisliklarning taʼlim shakllari belgilansin. (3-4-ilovalar).
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti grantlari boʻyicha chet elda taʼlim olib kelgan yosh mutaxassislar Oʻzbekiston uchun ustuvor boʻlgan sohalarga davlat tomonidan ishga taqsimlansin va ularning ish faoliyati, shuningdek hayoti bilan bogʻliq boʻlgan barcha masalalarga alohida ahamiyat berilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 10 kun muddatda ushbu Farmonning amalga oshirilishiga doir tashkiliy tadbirlarni koʻzda tutuvchi tegishli qaror qabul qilsin..
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 7-yanvar,
PF-1694-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 7-yanvardagi PF-1694-sonli Farmoniga
2-ILOVA
2-ILOVA
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING IQTIDORLI YoShLARNING ChET ELDA TAʼLIM OLIShLARINI QOʻLLAB-QUVVATLASh “UMID” JAMFARMASINING
HOMIYLARI
1. Tashqi ishlar vazirligi
2. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi
3. Xalq taʼlimi vazirligi
4. Fanlar Akademiyasi
5. Fan va texnika davlat qoʻmitasi
6. “Kamolot” jamgʻarmasi
7. Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki
8. Respublika aksioner-tijorat “Sanoatqurilishbanki”
9. Ixtisoslashtirilgan aksioner-tijorat “Paxta-banki”
10. Ixtisoslashtirilgan davlat aksioner-tijorat “Asaka banki”
11. Oʻzbekiston banklari assotsiatsiyasi
12. “Oʻzbekyengilsanoat” assotsiatsiyasi
13. “Oʻzavtosanoat” assotsiatsiyasi
14. “Oʻzbekneftegaz” milliy korporatsiyasi
15. “Oʻzbekiston Havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi
16. “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi
17. “Oʻzbekinvest” milliy sugʻurta kompaniyasi
18. “Oʻzinvestloyiha” respublika injiniring kompaniyasi
19. “OʻzAIG” sugʻurta kompaniyasi
20. “Oʻzbeklizinginterneshnl” kompaniyasi
21. Navoiy togʻ-metallurgiya kombinati
22. Olmaliq togʻ-metallurgiya kombinati
23. Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi
24. “Oʻzbektelekom” konserni
25. “Oʻzsanoatmashimpmeks” RXHTI birlashmasi
26. “Oʻzmarkazimpeks” RXHTI birlashmasi
27. “Innovatsiya” RXHTI birlashmasi
28. “Markazsanoateksport” RXHTI birlashmasi
29. “Oʻzmedeksport” RXHTI birlashmasi
30. “Interservis” RXHTI birlashmasi
31. “Zarafshon-Nyumont”
32. “Oʻz-BAT”
33. “Sovplastital”
34. “Koka-Kola ichimligi Toshkent KO”
35. “Oʻzdunrobita”
36. “Oʻzsalaman”
37. “OʻzDEU Avto”
38. “OʻzDEUElektroniks”
39. “OʻzKeysAgrolizing”
40. “Zarispak”
41. “Qobul-Toytepa Tekstayils”
42. “UrgutLadaMramor”
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 7-yanvardagi PF-1694-sonli Farmoniga
3-ILOVA
3-ILOVA
1997-1998 oʻquv yilida iqtidorli yoshlarning chet elda taʼlim olishlari uchun belgilangan
ustuvor mutaxassisliklar
1. Iqtisod
monetar siyosat va pul muomalasi;
tijorat banklari ishi;
moliyani boshqarish;
investitsiya va qimmatbaho qogʻozlar bozori;
menejment va marketing.
2. Xalqaro huquq
xalqaro siyosiy va huquqiy aloqalar;
xalqaro moliya huquqi;
xalqaro tijorat huquqi.
3. Axborot va kompyuterlashtirish
4. Tabiiy fanlar
5. Qishloq xoʻjaligi
6. Ekologiya va suv tizimlarini boshqarish
7. Jurnalistika
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 7-yanvardagi PF-1694-sonli Farmoniga
4-ILOVA
4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti “Umid” Jamgʻarmasining yoʻllanmalari boʻyicha iqtidorli yoshlarning xorijdagi taʼlim
shakllari
1. Bakalavrlik (4 yilgacha)
2. Magistratura (2 yilgacha)
3. Tajriba orttirish (1 yilgacha).
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 1-son, 15-modda)