|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 22.02.2021
|
O‘zbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
JUMHURIYAT O‘QUVChI-YoShLARIGA VA MUTAXASSISLARIGA ChET TILLARNI KENG KO‘LAMDA O‘QITISh TIZIMINI TAKOMILLAShTIRISh VA UNING MODDIY-TEXNIKA BAZASINI RIVOJLANTIRIShGA OID TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Jumhuriyatda chet tillarni keng ko‘lamda o‘qitish tizimini tubdan takomillashtirish, uning moddiy bazasini mustahkamlash va rivojlantirish, o‘quvchi-yoshlarni va mutaxassislarni jahon fani va texnikasi yutuqlaridan bevosita bahramand etish, ularni xorijda ko‘plab o‘qitish va tajriba orttirishga yuborishni yo‘lga qo‘yish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. F. Engels nomidagi Toshkent davlat chet tillar instituti huzurida chet tillarni o‘qitish maxsus kurslari negizida jumhuriyat til o‘rgatish markazi tashkil etilsin.
Unga jumhuriyatda chet tillarni o‘qitishning bosh, bazaviy o‘quv va ilmiy-metodik markazi funksiyasi yuklatilsin.
2. O‘zbekiston SSJ Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (o‘rtoq Alimov), O‘zbekiston SSJ Xalq ta’limi vazirligi (o‘rtoq Yo‘ldoshev) Qoraqalpog‘iston MSSJ Vazirlar Kengashi, viloyat ijroiya qo‘mitalari va Toshkent shahar ijroiya qo‘mitasi bilan birgalikda Toshkent va Nukus shaharlaridagi, viloyat markazlaridagi mavjud oliy o‘quv yurtlari negizida 1-ilovaga muvofiq Jumhuriyat va mintaqa til o‘rgatish Markazlarini tashkil etsinlar.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-iyuldagi 429-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.07.2020-y., 09/20/429/1039-son)
4. Quyidagilar:
O‘zbekiston SSJ o‘quvchi-yoshlariga, mutaxassislariga zarur hajmda chet tillarni jadal o‘qitish;
ularning elektron-hisoblash texnikasida ishlash, informatikaning zamonaviy vositalaridan foydalanish ko‘nikmalarini egallashi;
xorijiy mamlakatlarning tarixi va madaniyati, davlat va siyosiy tuzilishi, ijtimoiy-iqtisodiy mavqeyi bilan tinglovchilarni tanishtirish;
korxonalar, tashkilotlar va o‘quv yurtlari xodimlari hamda o‘quvchi-yoshlarning til bilish malakasini oshirishda ularga ko‘maklashish Jumhuriyat va mintaqa til o‘rgatish Markazlarining asosiy vazifalari deb hisoblansin.
5. Jumhuriyat va mintaqa til o‘rgatish Markazlarini tashkil etish, ularni moddiy-texnikaviy jihozlash uchun 1991-yilda O‘zbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasidan 2 million so‘m, shuningdek, zarur valyuta mablag‘lari ajratilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-bandning birinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 18-dekabrdagi PQ-532-sonli qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2006-y., 51-52-son, 507-modda)
6. O‘zbekiston LKYI Markaziy Qo‘mitasining shu o‘quv yilidan boshlab Yoshlar instituti negizida mintaqa til o‘rgatish Markazining moddiy-texnika bazasini ta’minlash va rivojlantirishga paychilik asosida mablag‘ ajratishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Ulug‘bek nomidagi iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jumhuriyat jamg‘armasi chet tillarni o‘qitish tizimini rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida korxonalar, tashkilotlar, muassasalar va ayrim fuqarolardan tushadigan so‘m va chet el valyutasidagi mablag‘larni jamlash uchun O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy bankida belgilangan tartibda maxsus subschyot ochsin. Jumhuriyatdagi til o‘qitish Markazlariga moliyaviy jihatdan madad berish uchun mablag‘ ajratgan O‘zbekiston SSJ Davlat tashqi savdo va chet ellar bilan aloqalar qo‘mitasi, O‘zbekiston SSJ Vazirlar Mahkamasi huzuridagi xomashyo va yengil sanoat mahsulotlari ta’minoti hamda ularni sotish bosh boshqarmasi, O‘zbekbirlashuv, “Ipak yo‘li” yoshlar innovatsiya-tijorat bankining tashabbusi qo‘llab-quvvatlansin.
Vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar, birlashmalar va korxonalar, xorijiy mamlakatlar sarmoyasi bilan ish yuritayotgan qo‘shma korxonalar, kooperativlar va xo‘jalik hisobidagi boshqa tashkilotlar o‘z mutaxassislarini o‘qitish uchun shartnomalar asosida ana shu markazlarga yuborsinlar.
Mazkur Markazlarda til o‘rganishni xohlovchi fuqarolarga Markazlar ma’muriyati bilan shartnoma asosida til o‘rganish imkoniyati berilsin.
7. O‘zbekiston SSJ Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (o‘rtoq Alimov) bir oy muddat ichida:
a) Jumhuriyat va mintaqa til o‘rgatish Markazlari to‘g‘risidagi nizomlarni;
b) Jumhuriyat va mintaqa til o‘rgatish Markazlarida kompyuter sinfxonalari, mamlakatshunoslik madaniy-axborot markazlari va guruhlarini, jadal til o‘rganish sayyor kurslarini tashkil etishni ko‘zda tutib, ana shu Markazlar tuzilmasini;
v) qabul qoidasi, yagona o‘quv rejasi va dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
Jumhuriyat til o‘rgatish Markazi vaqtincha F.Engels nomidagi Toshkent davlat chet tillar pedagogika instituti binosida, Navoiy ko‘chasi, 48-uyda joylashtirilsin. Shu yilning 20-sentabrigacha binoni joriy ta’mirlash ta’minlansin.
8. Vazirlar Mahkamasining ijtimoiy rivojlanish, fan va madaniyat kompleksi (o‘rtoq Samandarov), O‘zbekiston SSJ Iqtisodiyot qo‘mitasi (o‘rtoq Hamidov), Toshkent shahar ijroiya qo‘mitasi (o‘rtoq Asqarov) Markaz binosi qurib bitkazilgunga qadar bir oy muddat ichida jumhuriyat til o‘rgatish markazi qayerga joylashishi to‘g‘risida kelishib olingan takliflar kiritsinlar.
9. O‘zbekiston SSJ Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (o‘rtoq Alimov), O‘zbekiston SSJ Xalq ta’limi vazirligi (o‘rtoq Yo‘ldoshev):
1-sentabrgacha bo‘lgan muddatda Jumhuriyat va mintaqa til o‘rgatish Markazlariga tinglovchilar qabul qilish rejasini tasdiqlasinlar va bunda mashg‘ulotlar shu yil 1-oktabrdan boshlanishini ta’minlashni nazarda tutsinlar;
mashg‘ulotlar boshlangunga qadar yuklatilgan funksiyalar va vazifalarga muvofiq holda Jumhuriyat va mintaqa til o‘rgatish Markazlarini yuqori malakali professor-o‘qituvchi kadrlar va ma’muriy-boshqaruv xodimlari bilan ta’minlasinlar.
10. Jumhuriyat va mintaqa til o‘rgatish Markazlarining professor-o‘qituvchilari uchun samarali ishlashning qo‘shimcha omillari va shart-sharoitlarini yaratish maqsadida:
Jumhuriyat va mintaqa til o‘rgatish Markazlariga oliy o‘quv yurtlari xodimlari uchun ko‘zda tutilgan mehnatga haq to‘lash tartibi joriy etilsin;
professor-o‘qituvchilarning ish haqi stavkalariga 25 foiz miqdorida qo‘shimcha haq va 1 o‘qituvchi 6 kishini o‘qitishi belgilansin;
til o‘rgatish Markazlarining pedagog kadrlari tajriba orttirish uchun xorijiy mamlakatlarga va SSJIning ixtisoslashtirilgan yetakchi tilshunoslik o‘quv yurtlariga muntazam yuborib turilsin.
11. Vazirliklar, idoralar, konsernlar, korxonalar va tashkilotlar mutaxassislarni Jumhuriyat va mintaqa Markazlariga chet tillarni o‘rganish uchun yuborish paytida ana shu markazlarda o‘qiyotgan kishilarning ish haqi saqlanib qolgan holda ular haftasiga 6 (olti) soatgacha bo‘lgan hajmda ishdan ozod qilinsinlar.
12. Qoraqalpog‘iston MSSJ Vazirlar Kengashi, viloyat ijroiya qo‘mitalari, Toshkent shahar ijroiya qo‘mitasi raislari zimmasiga til o‘rgatish Markazlarini tashkil etish va ularning faoliyat ko‘rsatishi, Markazlarning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish bilan bog‘liq masalalarni hal etish vazifasi shaxsan yuklatilsin. Buning uchun mahalliy budjetlardan zarur moliyaviy mablag‘lar, binolar, transport va aloqa vositalari ajratish ko‘zda tutilsin.
1992-yilda Nukus shahrida, har bir viloyat markazida va Toshkent shahrida yuqorida aytib o‘tilgan Jumhuriyat va mintaqa Markazlari uchun binolarning yakka tartibdagi loyihalar asosida qurilishini boshlash ta’minlansin.
13. Jumhuriyat va mintaqa til o‘rgatish Markazlarida mashg‘ulotlarni o‘z vaqtida boshlash maqsadida O‘zbekiston SSJ Iqtisodiyot qo‘mitasi, O‘zbekiston SSJ Madaniyat vazirligi shu yil 1-sentabrga qadar O‘zbekiston SSJ Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligiga asoslangan ehtiyojlarga muvofiq birkitilgan yig‘ma ro‘yxat asosida asbob-uskunalar, mebel, o‘qitishning texnik vositalari va boshqa zarur moddiy-texnika resurslari ajratsinlar va yetkazib bersinlar.
14. O‘zbekiston SSJ hududida joylashgan vazirliklar, idoralar, korxonalar va tashkilotlar til o‘rgatish Markazlarini eng zamonaviy asbob-uskunalar va texnik vositalar bilan ta’minlashda ularga butun choralar bilan amaliy yordam bersinlar.
15. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining ijtimoiy rivojlanish, fan va madaniyat kompleksi (o‘rtoq Samandarov) va O‘zbekiston SSJ Prezidenti apparati tashqi iqtisodiy aloqalar bo‘limi (o‘rtoq Safoyev) zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 29-iyul,
197-son
Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 29-iyuldagi 197-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
O‘zbekiston SSJdagi til o‘rgatish Markazlari
RO‘YXATI
| I. | F. Engels nomidagi Toshkent davlat chet tillar instituti huzuridagi Jumhuriyat til o‘rgatish Markazi |
| II. | Til o‘rgatish mintaqa Markazlari: |
| 1. | Toshkent davlat sharqshunoslik instituti bazasida, Toshkent sh. |
| 2. | O‘zbekiston LKYI MQ yoshlar instituti negizida, Toshkent sh. |
| 3. | Nukus davlat dorilfununi negizida,Nukus sh. |
| 4. | Andijon davlat pedagogika instituti negizida, Andijon sh. |
| 5. | Buxoro davlat pedagogika instituti negizida, Buxoro sh. |
| 6. | Jizzax davlat pedagogika instituti negizida, Jizzax sh. |
| 7. | Qarshi davlat pedagogika instituti negizida, Qarshi sh. |
| 8. | Namangan davlat pedagogika instituti negizida, Namangan sh. |
| 9. | Samarqand davlat dorilfununi negizida, Samarqand sh. |
| 10. | Termiz davlat pedagogika instituti negizida, Termiz sh. |
| 11. | Farg‘ona davlat dorilfununi negizida, Farg‘ona sh. |
| 12. | Sirdaryo davlat pedagogika instituti negizida, Guliston sh. |
| 13. | Xorazm davlat pedagogika instituti negizida, Urganch sh. |
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-iyuldagi 429-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.07.2020-y., 09/20/429/1039-son)