|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 31.07.2017
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
DAVLAT MAXSUS MAKTABGAChA TAʼLIM MUASSASALARINING FAOLIYATINI TAKOMILLAShTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-iyuldagi 528-sonli “Maktabgacha taʼlim muassasalarining faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Davlat maxsus maktabgacha taʼlim muassasalarining faoliyati samaradorligini oshirish, ularda maktabgacha yoshdagi bolalar bilan olib boriladigan korreksiya ishlarini yaxshilash, ularning rahbar va pedagog xodimlarini ragʻbatlantirish tizimini takomillashtirish maqsadida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida” 2009-yil 22-dekabrdagi PQ-1245-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi mutaxassislaridan shakllantirilgan idoralararo ishchi guruh tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari vakillari ishtirokida jismoniy yoki aqliy rivojlanishida turli nuqsonlar boʻlgan bolalar uchun maxsus maktabgacha taʼlim muassasalari kompleks inventarizatsiyadan oʻtkazilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligining:
maxsus maktabgacha taʼlim muassasalarining sonini, ularning ixtisoslashuvi va joylashuvini qayta koʻrib chiqqan holda, shuningdek jismoniy yoki aqliy rivojlanishida turli nuqsonlar boʻlgan bolalar kontingentidan kelib chiqib, maqbullashtirish;
umumiy tipdagi davlat maktabgacha taʼlim muassasalarida maxsus guruhlarni tugatish, nutqi, eshitishi va koʻrishida yengil nuqsonlar boʻlgan bolalar boʻlgan taqdirda ularda defektolog lavozimini joriy etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
3. Davlat maxsus maktabgacha taʼlim muassasalari toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda idoralararo ishchi guruhning takliflarini hisobga olib va ushbu qaror talablariga muvofiq ikki oy muddatda:
davlat maxsus maktabgacha taʼlim muassasalarini maqbullashtirish, jismoniy va aqliy rivojlanishida turli nuqsonlar boʻlgan bolalar kontingenti mavjudligidan kelib chiqib, tegishli hudud sogʻliqni saqlash organlarining asoslangan statistik maʼlumotlariga qatʼiy amal qilib mintaqalarda bunday muassasalarni tashkil etish yoki qayta tashkil etish;
jismoniy yoki aqliy rivojlanishida turli nuqsonlar boʻlgan bolalar kontingenti mavjud boʻlmagan taqdirda davlat ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim muassasalarini umumiy tipdagi maktabgacha taʼlim muassasalari etib qayta ixtisoslashtirish chora-tadbirlarini koʻrsin.
5. Belgilab qoʻyilsinki:
bolalarni davlat maxsus maktabgacha taʼlim muassasalariga qabul qilish xalq taʼlimi hududiy boshqaruv organlari huzuridagi tibbiy-psixologik-pedagogik komissiyalarning xulosalari boʻyicha amalga oshiriladi;
davlat maxsus maktabgacha taʼlim muassasalarining rahbar, pedagog va tibbiy xodimlariga alohida mehnat sharoitlari uchun lavozim maoshlari va tarif stavkalariga 100% miqdorida qoʻshimcha toʻlov saqlanib qoladi.
6. Xalq taʼlimi vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Tibbiy-psixologik-pedagogik komissiyalar toʻgʻrisidagi Nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan birgalikda Moliya vazirligi bilan kelishgan holda ikki hafta muddatda davlat maktabgacha taʼlim muassasalarining taʼlim-tarbiyaviy va davolash-sogʻlomlashtirish faoliyatiga qoʻyiladigan talablardan kelib chiqib ularning barcha turlari uchun namunaviy shtatlarni ishlab chiqsin va yangi tahrirda tasdiqlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi davlat maxsus maktabgacha taʼlim muassasalariga ularni tibbiy xodimlar bilan butlash, maslahat yordami koʻrsatish uchun malakali mutaxassislarni jalb etish va davolash-sogʻlomlashtirish ishlarining zamonaviy usullarini joriy etishda, shuningdek ushbu muassasalarning tibbiy xodimlari malakasini oshirishda amaliy yordam koʻrsatilishini taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 18-iyun,
117-son
Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 18-iyundagi 117-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Davlat maxsus maktabgacha taʼlim muassasalari toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Taʼlim toʻgʻrisida”, “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq jismoniy yoki aqliy rivojlanishida turli nuqsonlari boʻlgan bolalarning maktabgacha taʼlim tizimini takomillashtirish maqsadida ishlab chiqilgan hamda Oʻzbekiston Respublikasida maxsus maktabgacha taʼlim muassasalari (keyingi oʻrinlarda maxsus maktabgacha muassasa deb yuritiladi) faoliyatini tartibga soladi.
2. Maxsus maktabgacha taʼlim muassasasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga hamda oʻz ustaviga amal qiladi.
3. Maxsus maktabgacha muassasaga jismoniy yoki aqliy rivojlanishida turli nuqsonlari boʻlgan bolalarning maktabgacha taʼlim olishlarida ularga yordam berish, ularni anglash imkoniyatlariga muvofiq tarbiyalash va sogʻlomlashtirish, buning uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida tashkil etiladi.
4. Maxsus maktabgacha muassasa taʼlim-tarbiya va sogʻlomlashtirish muassasasi hisoblanib, quyidagilar uning asosiy vazifalariga kiradi:
bolalarning sogʻligʻini muhofaza qilish va mustahkamlash;
bolaning rivojlanishidagi nuqsonlarni zarur tarzda korreksiyalash;
bola shaxsi asoslarini shakllantirish, uning bilim olishga boʻlgan qiziqishlarini rivojlantirish;
bolaning intellektual, shaxs sifatida va jismoniy rivojlanishini taʼminlash;
bolalarni milliy madaniyat va umuminsoniy qadriyatlar bilan tanishtirish;
bolalarni maktabda oʻqishga tayyorlash.
5. Maxsus maktabgacha taʼlim muassasasi yuridik shaxs hisoblanadi, oʻz ustaviga, bank hisob raqamlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va toʻliq nomi koʻrsatilgan muhrga, shtamplarga, oʻz nomi yozilgan blankalarga ega boʻladi.
II. Maxsus maktabgacha taʼlim muassasani tashkil etish tartibi
6. Maxsus maktabgacha muassasa muassis tomonidan tashkil etiladi va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtadi.
7. Quyidagilar:
davlat boshqaruvi organlari;
mahalliy davlat hokimiyati organlari;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa davlat tashkilotlari maxsus maktabgacha muassasa muassislari boʻlishi mumkin.
8. Maxsus maktabgacha muassasa Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalari, Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalari, Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi tomonidan jismoniy yoki aqliy rivojlanishida turli nuqsonlari boʻlgan bolalar kontingentini birgalikda oʻrganib chiqish yakunlari boʻyicha tashkil etiladi.
Davolash-sogʻlomlashtirish xizmatlariga muhtoj boʻlgan bolalar kontingenti mavjud boʻlgan taqdirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalari, Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, viloyatlar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmalari, Toshkent shahar sogʻliqni saqlash boshqarmasi bilan birgalikda tegishli tuman (shahar) hokimligiga maxsus maktabgacha muassasa tashkil etish toʻgʻrisida asoslangan taklif bilan murojaat qiladi.
Maxsus maktabgacha muassasa tashkil etish toʻgʻrisidagi taklif maxsus maktabgacha muassasani tashkil etish taklif etilayotgan mintaqada oxirgi 5 yilda 2 yoshdan 7 yoshgacha bolalar orasida tegishli kasalliklarning koʻpayganligini koʻrsatadigan sogʻliqni saqlash organlarining rasmiy statistika maʼlumotlari bilan asoslanishi kerak.
9. Tegishli tuman (shahar) hokimligi tashkil etiladigan maxsus maktabgacha muassasa joylashtirilishi moʻljallanayotgan hududda bolalar maktabgacha taʼlim muassasalarining joylashishini murojaat qilingan paytdan boshlab bir hafta muddatda oʻrganadi va maxsus taʼlim muassasasini joylashtirish uchun faoliyat koʻrsatayotgan bolalar bogʻchalari (yaslilar)dan namunaviy binoni yoxud maxsus taʼlim muassasasini tashkil etishga qoʻyiladigan normativ talablarni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan maxsus loyiha boʻyicha yangi bino qurish uchun uchastkani tanlaydi.
Ushbu taklif tegishli asoslash bilan birgalikda bir hafta muddatda tuman (shahar) hokimligi tomonidan tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moliya vazirligiga, tegishli viloyat va Toshkent shahar moliya boshqarmalariga kiritiladi.
10. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar moliya boshqarmalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalari, Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi bilan birgaligida bir oy muddatda maxsus maktabgacha muassasa tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifni koʻrib chiqadi.
11. Maxsus maktabgacha muassasa tashkil etish toʻgʻrisidagi qaror Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalari, Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar moliya boshqarmalarining ijobiy xulosalari mavjud boʻlgan taqdirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan bir hafta muddatda qabul qilinadi.
12. Maxsus maktabgacha muassasalar ularning ixtisoslashuviga muvofiq quyidagi tiplarga boʻlinadi:
nutqida ogʻir nuqsonlar boʻlgan bolalar uchun maxsus maktabgacha muassasa;
eshitishida ogʻir nuqsonlar boʻlgan bolalar uchun maxsus maktabgacha muassasa;
koʻrishida ogʻir nuqsonlar boʻlgan bolalar uchun maxsus maktabgacha muassasa;
psixik nuqsonli (psixik rivojlanishda kechikish, aqli zaif) bolalar uchun maxsus maktabgacha muassasa
tayanch-harakatlanish apparatida nuqsonlar boʻlgan bolalar uchun maxsus maktabgacha muassasa;
murakkab nuqsonlari boʻlgan bolalar uchun maxsus maktabgacha muassasa.
Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan tiplar boʻyicha maxsus maktabgacha muassasa tashkil etish uchun tarbiyalanuvchilar kontingenti yetarli boʻlmagan taqdirda turli nuqsonlari boʻlgan (rivojlanishdagi chetga chiqishlar) tarbiyalanuvchilar guruhlari shakllantirilgan holda koʻp ixtisosli maxsus maktabgacha muassasa tashkil etishga ruxsat beriladi.
III. Maxsus maktabgacha muassasada oʻquv-tarbiya jarayonini tashkil etish
13. Maxsus maktabgacha muassasaga maktabgacha yoshdagi 2 — 7 yoshli bolalarning quyidagi toifalari qabul qilinadi:
nutqida ogʻir nuqsonlar boʻlgan bolalar (alaliya, bolalar afaziyasi, rinolaliya, dizartriya, duduqlanish, ruhiy-nutqiy rivojlanishda orqada qolish);
eshitishida ogʻir nuqsonlar boʻlgan bolalar (I — IV guruh karlik, yomon eshituvchilar, orttirilgan karlik);
koʻrishida ogʻir nuqsonlar boʻlgan bolalar (koʻzi ojizlar, ambliopiya va gʻilaylik, zaif koʻradiganlar);
tayanch-harakatlanish aʼzosida nuqsonlar boʻlgan bolalar (bosh miya, boʻyin, koʻkrak qafasi, umurtqa, boʻgʻimlar va oyoqlar operatsiyalarining barcha turlaridan keyingi holat, barcha tugʻma raxit, jarohat, kuyish va, boʻyin, koʻkrak qafasi, umurtqa va oyoqlarning idiapatik buzilishi; kifozlar, lordozlar, kifoskolioz, qomatning buzilishi, koʻkrak qafasi, umurtqa va oyoqlar deformatsiyasi, yassi oyoq panjasi, oyoq panjalari falaji; tayanch-harakatlanish aʼzosi rivojlanishi anomaliyasi, boʻgʻimlar deformatsiyasi, artrozoartritlar, boʻgʻinlar rekurvatsiyasi, jismoniy rivojlanishida orqada qolish; ostexondropatiya, xondrodistrofiya; poliomiyelit va meningoensefalitga chalingandan keyin bolalar tserebral falajida tayanch-harakatlanish aʼzolarining barcha patologiyalari, gemioporezlar, plegiyalar, monoporezlar, Erb-Dyushen falaji, poliradikulonevritlar);
psixik rivojlanishda orqada qolayotgan bolalar (aqliy orqada qolish, jiddiy aqliy orqada qolish, psixik rivojlanishning kechikishi);
Nuqsonlari murakkab boʻlgan bolalar (rivojlanishida 2 va undan ortiq nuqsonga ega boʻlgan bolalar).
14. Maxsus maktabgacha muassasalarga bolalarni qabul qilish tibbiy-psixologik-pedagogik komissiyalarning xulosasi asosida amalga oshiriladi.
Maxsus maktabgacha muassasada qancha boʻlish va bolalar bilan korreksiya olib borish muddati tibbiy-psixologik-pedagogik komissiyalarning xulosasida belgilanadi.
Ushbu Nizomning 13-bandida koʻrsatilgan toifalarga muvofiq boʻlmagan bolalarni maxsus maktabgacha muassasaga qabul qilish qatʼiyan taqiqlanadi.
15. Jismoniy yoki aqliy rivojlanishida turli nuqsonlar boʻlgan bolalarning taʼlim olishi va davolash orqali sogʻlomlashtirilishi quyidagi prinsiplar asosida amalga oshiriladi:
taʼlim, tarbiya va davolash (sogʻlomlashtirish)ning korreksion yoʻnaltirilganligi;
taʼlim va tarbiyaning maxsus metodologiyasidan foydalanish;
oʻquv-tarbiya jarayonini tashkil etishga tabaqalashtirilgan holda yondashish.
16. Maxsus maktabgacha muassasada taʼlim va tarbiyani tashkil etish bolalarning individual xususiyatlari hisobga olingan holda tashkil etiladi.
Maxsus maktabgacha muassasa belgilangan davlat normativlariga, maktabgacha taʼlimga va davolashga qoʻyiladigan talablarga muvofiq bolalarni tarbiyalash, oʻqitish, qarash, parvarish qilish va sogʻlomlashtirishni taʼminlaydi.
Maxsus maktabgacha muassasada taʼlimning mazmuni Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlangan yoki tavsiya qilingan dasturlar bilan belgilanadi. Maxsus maktabgacha muassasa oʻzining dasturlaridan (mualliflik dasturlaridan) foydalanish huquqiga ega. Bunday dasturlarni tasdiqlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan belgilanadi.
17. Maxsus maktabgacha muassasada guruhlarning toʻldirilishi bolalarning toifasiga va ularning yoshiga (ikki yoshdan boshlab va undan katta yoshdagi bolalar) qarab va tegishli ravishda quyidagicha tarzda belgilanadi:
nutqida ogʻir nuqsonlar boʻlgan bolalar uchun — 10 — 12 bola;
faqat 3 yoshdan katta boʻlgan nutqida fonetik-fonematik nuqsonlar boʻlgan bolalar uchun — 12 — 15 bola;
kar bolalar uchun — 8 bola;
yaxshi eshitmaydigan bolalar uchun — 10 — 12 bola;
koʻzi ojiz bolalar uchun — 6 bola;
yaxshi koʻrmaydigan bolalar, ambliopiyali, gʻilay bolalar uchun — 6 — 10 bola;
tayanch-harakatlanish aʼzolarida nuqsonlar boʻlgan bolalar uchun — 6 — 10 bola;
3 yoshgacha intellektida nuqsonlar boʻlgan bolalar (aqliy qoloqlik) uchun — 6 bola;
uch yoshdan katta yoshdagi jiddiy aqliy orqada qolgan bolalar uchun — 10 bola;
sil intoksikatsiyasi mavjud boʻlgan bolalar uchun — 15 — 20 bola;
tez-tez kasallikka chalinadigan bolalar uchun — 15 — 20 bola;
nuqsonlari murakkab boʻlgan (ikki yoki undan ortiq nuqsonlar) bolalar uchun — 8 — 10 bola;
rivojlanishida boshqa chetga chiqishlar boʻlgan bolalar uchun (endokrin kasalliklar) — 15 — 20 bola.
IV. Maxsus maktabgacha muassasada davolash-sogʻlomlashtirish jarayonini tashkil etish
18. Jismoniy yoki aqliy rivojlanishida turli nuqsonlar boʻlgan bolalarni sogʻlomlashtirishga yoʻnaltirilgan davolash-sogʻlomlashtirish, sanitariya-gigiyena va profilaktika tadbirlari maxsus maktabgacha muassasada shtatdagi tibbiyot xodimlari yoki sogʻliqni saqlash muassasalarining ularga biriktirilgan tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
19. Maxsus maktabgacha muassasaning tibbiyot xodimlari tomonidan kasalliklar qaytalanishining oldini olishga va bolalar sogʻligʻini yaxshilashga yoʻnaltirilgan davolash-sogʻlomlashtirish tadbirlari amalga oshiriladi.
20. Davolaydigan jismoniy tarbiya boʻyicha mashgʻulotlar davolaydigan jismoniy tarbiya instruktori yoki tegishli tayyorgarlikka ega boʻlgan oʻqituvchi tomonidan oʻtkaziladi.
21. Davolash kursida belgilangan tibbiy sogʻlomlashtirish muolajalarini qabul qilish mashgʻulotlar jadvali kelishilgan holda har bir bola uchun yakka tartibda rejalashtiriladi.
22. Maxsus maktabgacha muassasada har bir bolaga tibbiy karta tutiladi, bola maxsus maktabgacha muassasada boʻlishi muddati tamom boʻlgandan keyin undan koʻchirma yashash joyidagi davolash muassasasiga, ota-onalarga yoki ota-onalar oʻrnini bosuvchi shaxslarga beriladi.
23. Maxsus maktabgacha muassasada barcha sogʻlomlashtirish va reabilitatsiya tadbirlarining toʻgʻri tashkil etilishi va olib borilishi ustidan nazorat maxsus maktabgacha muassasa joylashgan hududdagi sogʻliqni saqlash organlari tomonidan amalga oshiriladi.
24. Maxsus maktabgacha muassasalarni tibbiy xodimlar bilan butlash tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari bilan birgalikda amalga oshiriladi.
V. Taʼlim jarayonining qatnashchilari
25. Tarbiyalanuvchilar, pedagoglar, tibbiyot xodimlari va boshqa xodimlar, ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar maxsus maktabgacha muassasada taʼlim jarayonining qatnashchilari hisoblanadi.
26. Maxsus maktabgacha taʼlim muassasasi tarbiyalanuvchilari quyidagi huquqlarga ega:
maktabgacha taʼlimni, tibbiy xizmat koʻrsatishni bepul olish;
Oʻzbekiston Respublikasida tasdiqlangan maxsus maktabgacha muassasa uchun sanitariya qoidalari va normalariga muvofiq oziq-ovqat bilan taʼminlanish;
turli tadbirlarda qatnashish.
(26-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 22-dekabrdagi PQ-2455-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 52-son, 646-modda)
27. Maxsus maktabgacha muassasa tarbiyalanuvchilarining boshqa huquq va majburiyatlari qonun hujjatlarida va maxsus maktabgacha muassasa ustavida belgilanadi.
28. Tegishli ixtisosli maʼlumotga, kasb tayyorgarligiga, yuksak maʼnaviy fazilatlarga ega boʻlgan shaxslar maxsus maktabgacha muassasada pedagogik va tibbiy faoliyat bilan shugʻullanish huquqiga ega boʻladi.
29. Ota-onalar yoki ota-onalarning oʻrnini bosuvchi shaxslar maxsus maktabgacha muassasaning taʼlim-tarbiyaviy faoliyati, oʻz bolalariga berilayotgan taʼlim va koʻrsatilayotgan tibbiy yordam bilan tanishish huquqiga egadir.
VI. Maxsus maktabgacha muassasani boshqarish
30. Maxsus maktabgacha muassasaga mudir bevosita rahbarlik qiladi. Maxsus maktabgacha muassasa mudirini ishga qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi bilan kelishgan holda xalq taʼlimi hududiy organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Maxsus maktabgacha muassasa mudiri bilan mehnat shartnomasi bir yil muddatga tuziladi.
Maxsus maktabgacha muassasa mudiri lavozimiga qoʻyiladigan malaka talablari Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan belgilanadi.
31. Mudir maxsus maktabgacha muassasa nomidan ish koʻradi, uning manfaatlarini ifodalaydi, maxsus maktabgacha muassasaning mol-mulkini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda boshqaradi va shartnomalar tuzadi.
32. Mudir:
maxsus maktabgacha muassasa vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha qarorlar qabul qiladi va maxsus maktabgacha muassasaga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
oʻz vakolatlari doirasida maxsus maktabgacha muassasaning barcha xodimlari uchun majburiy boʻlgan buyruqlar chiqaradi va koʻrsatmalar beradi;
oʻquv-moddiy bazani mustahkamlash, oʻquv-tarbiya ishlarini takomillashtirish, malakali pedagog kadrlar bilan taʼminlash va maxsus maktabgacha muassasa faoliyatining boshqa masalalari bilan bogʻliq alohida masalalarni hal etishga doir takliflarni xalq taʼlimi tegishli organlarining koʻrib chiqishi uchun kiritadi;
pedagoglar, tibbiyot xodimlari va boshqa xodimlar bilan mehnat shartnomalari tuzadi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
33. Maxsus maktabgacha muassasada pedagogika, metodika va vasiylik kengashlari shakllantiriladi va faoliyat koʻrsatadi. Ularning faoliyati tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan belgilanadi.
VII. Maxsus maktabgacha muassasaning mol-mulki va moliya-xoʻjalik faoliyati
34. Maxsus maktabgacha muassasa faoliyatini moliyalashtirish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning ixtiyoriy hadyalari va maqsadli badallari;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladigan bolalar maktabgacha muassasalarida bolalar taʼminoti uchun qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda va tartibda undiriladigan ota-onalar toʻlovi (keyingi oʻrinlarda ota-onalar toʻlovi deb ataladi);
(34-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 22-dekabrdagi PQ-2455-sonli qaroriga asosan toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2015-y., 52-son, 646-modda)
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
ota-ona toʻlovi undirilmaydigan bolalarning jismoniy yoki aqliy rivojlanishidagi nuqsonlar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan aniqlanadi.
(34-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 22-dekabrdagi PQ-2455-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 52-son, 646-modda)
35. Maxsus maktabgacha muassasasi maxsus maktabgacha muassasa tomonidan tasdiqlangan va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tegishli hududiy moliya organlarida roʻyxatdan oʻtkaziladigan xarajatlar smetasi asosida moliyalashtiriladi.
36. Shtat jadvali qonun hujjatlarida belgilangan tartibda namunaviy shtatlarga muvofiq tasdiqlanadi.
37. Maxsus maktabgacha muassasa xodimlarining ish haqi qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
38. Maxsus maktabgacha muassasa tarbiyalanuvchilari Oʻzbekiston Respublikasida tasdiqlangan sanitariya qoidalari va normalariga muvofiq maxsus maktabgacha muassasa uchun oziq-ovqat mahsulotlarini isteʼmol qilishning oʻrtacha sutkali ratsional normalari boʻyicha oziq-ovqat bilan taʼminlanadi.
(38-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 22-dekabrdagi PQ-2455-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 52-son, 646-modda)
39. Maxsus maktabgacha muassasa qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tegishli davlat organlariga moliyaviy va statistika hisoboti taqdim etadi.
40. Maxsus maktabgacha muassasaning moliya-xoʻjalik faoliyati ustidan nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Nazorat-taftish bosh boshqarmasi va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi.
VIII. Yakunlovchi qoida
41. Maxsus maktabgacha muassasani qayta tashkil etish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 24-25-son, 194-modda; 2015-y., 52-son, 646-modda)