|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 28.09.2020
|
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI XALQ TAʼLIMI VAZIRLIGI HUZURIDAGI BOLALAR SPORTINI RIVOJLANTIRISh JAMGʻARMASI BUDJETINI HAMDA 2010 YILDA BOLALAR SPORTI OBYEKTLARI, SUZISh HAVZALARI VA BOLALAR MUSIQA HAMDA SANʼAT MAKTABLARINI QURISh, REKONSTRUKSIYA QILISh VA KAPITAL TAʼMIRLAShNING MANZILLI DASTURLARINI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻsib kelayotgan avlod oʻrtasida ommaviy fizkultura va sportni yanada avj oldirish, yoshlar orasida sogʻlom turmush tarzi tamoyillarini qaror toptirish, ularning qobiliyati va iqtidorini har tomonlama rivojlantirish, madaniy saviyasini oshirish, shuningdek bolalar sporti obyektlari, suzish havzalari va bolalar musiqa hamda sanʼat maktablarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan 2010-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi daromadlari va xarajatlarining prognoz parametrlari 1 va 2-ilovalarga* muvofiq;
* Ilovalar berilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda tayyorlangan 2010-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan bolalar sporti obyektlari, suzish havzalari va bolalar musiqa hamda sanʼat maktablarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlashning manzilli dasturlari 3, 3a va 3b-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
2. Respublika va hududiy tashkilotlar hamda korxonalar, shuningdek xorijiy investorlarning Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasiga 4 — 6-ilovalarga muvofiq prognoz hajmlarda ixtiyoriy homiylik yordamini yoʻllash toʻgʻrisidagi tashabbusi maʼqullansin.
3. Quyidagilar yuzasidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga shaxsiy javobgarlik yuklansin:
ijtimoiy soha obyektlari qurilishi boʻyicha ixtisoslashgan pudrat tashkilotlari oʻrtasida bolalar sporti obyektlari, suzish havzalari va bolalar musiqa hamda sanʼat maktablarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlashning manzilli dasturlariga kiritilgan obyektlar boʻyicha tanlov savdolarini 2010-yilning 20-martigacha yakunlash;
tanlov savdolari natijalari tasdiqlangach tanlov gʻoliblari bilan oʻn kun muddatda pudrat shartnomalarini tuzish hamda obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlashni oʻz vaqtida moliyalashtira boshlash;
qurilish-montaj ishlarini olib borishda namunaviy loyihalarga, shuningdek tasdiqlangan qurilish normalari va qoidalariga qatʼiy rioya qilish;
bolalar sporti obyektlari, suzish havzalari va bolalar musiqa hamda sanʼat maktablarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlashning tasdiqlangan parametrlarini belgilangan muddatlarda samarali hamda sifatli bajarish;
bolalar sporti obyektlari, suzish havzalari va bolalar musiqa hamda sanʼat maktablarini, ularni moliyalashtirish manbalaridan qatʼiy nazar, namunaviy loyihalar qoʻllanilmagan va tasdiqlangan qurilish normalari hamda qoidalariga, shuningdek ekspluatatsiya xavfsizligi talablariga muvofiq boʻlmagan holda qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash holatlariga yoʻl qoʻymaslik.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi bilan birgalikda, bolalar sporti obyektlarida, suzish havzalari va bolalar musiqa hamda sanʼat maktablarida tasdiqlangan namunaviy loyihalarga, qurilish normalari va qoidalariga muvofiq bajarilayotgan loyiha va qurilish-montaj ishlarining sifatiga nisbatan qoʻyilayotgan talablarga qatʼiy rioya etilishini hisobga olgan holda, buyurtmachilar bilan pudratchilar oʻrtasidagi shartnoma majburiyatlari bajarilishi ustidan tizimli monitoring oʻrnatsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi 2010-yilda ishga tushiriladigan bolalar sporti obyektlari, suzish havzalari va bolalar musiqa hamda sanʼat maktablarini belgilangan normalar va standartlarga muvofiq zarur uskunalar va anjomlar bilan oʻz vaqtida jihozlanishini, shuningdek oʻquvchilarga, ayniqsa kam taʼminlangan oilalardagi qiz bolalarga, ularni sportning ommaviy turlari bilan shugʻullanishga keng jalb etish maqsadida sport formalari va buyumlari xarid qilinishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
2010-yilning II choragidan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi daromadlari va xarajatlarining gʻaznachilik ijrosi mexanizmini joriy etish choralari amalga oshirilishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasining hisob raqamiga mablagʻlar oʻz vaqtida kelib tushishini taʼminlasin;
2010-yilning har choragi yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasining hududiy filiallari tomonidan bolalar sporti obyektlari, suzish havzalari va bolalar musiqa hamda sanʼat maktablari qurilishi obyektlariga ajratilgan mablagʻlardan maqsadli foydalanilishi va smeta xarajatlariga rioya etilishi ustidan tekshiruvlarni amalga oshirsin hamda bajarilgan ishlarning natijalari boʻyicha Jamgʻarma Vasiylik kengashiga axborot berib borsin.
7. Vazirlar Mahkamasi (Sh.M. Mirziyoyev) har chorakdagi yigʻilishlarida mazkur qaror bilan tasdiqlangan bolalar sporti obyektlari, suzish havzalari va bolalar musiqa hamda sanʼat maktablarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlashning manzilli dasturlari amalga oshirilishini koʻrib chiqsin, ularning oʻz vaqtida ishga tushirilishi va zarur uskuna hamda anjomlar bilan jihozlanishi ustidan qattiq nazorat oʻrnatsin.
8. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 15-mart,
PQ-1302-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2010-y., 3-son, 127-modda)