Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 29.07.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING “SUDLAR TOʻGʻRISIDA”GI QONUNINI AMALGA KIRITISh TARTIBI HAQIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 28-iyuldagi OʻRQ-703-sonli “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunining 2000-yil 14-dekabrda yangi tahrirda qabul qilinishi munosabati bilan amalda oʻz ahamiyatini yoʻqotdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonuni eʼlon qilingan kundan amalga kiritilsin.
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasining “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonuni “Xalq soʻzi” gazetasining 1993-yil 17-noyabrdagi 224 (722)-sonida eʼlon qilingan.
Belgilab qoʻyilsinki, 62-moddaning qoidalari Qonun amalga kiritilganidan keyin saylanadigan va tayinlanadigan sudyalarga nisbatan qoʻllaniladi.
2. “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonun amalga kiritilgan vaqtdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi xalq maslahatchilarining vakolati tugatiladi. Xalq maslahatchilarining vakolat muddatlari ular sud ishlarini koʻrib turgan vaqtda tugaydigan boʻlsa, ularning vakolatlari shu ishning muhokamasi tugagunga qadar saqlanadi.
“Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonun amalga kiritilgunga qadar saylangan boshqa sudlarning xalq maslahatchilari oʻz vakolatlarini ular saylangan muddat tugaguncha saqlab qoladilar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiqlashtirilgunga qadar amaldagi qonun hujjatlarining mazkur Qonunga zid boʻlmagan qismi qoʻllanilaveradi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zimmasiga sudlarni xizmat binolari, avtotransport, tashkiliy texnika, aloqa vositalari bilan taʼminlash masalalarini hal etish va “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunda koʻzda tutilgan moddiy-texnika taʼminotiga oid boshqa choralarni amalga oshirish vazifasi yuklatilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining, viloyat sudlarining alohida rejimdagi obyektlarda amal qiluvchi doimiy sessiyalari tugatilsin.
6. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasida sud tuzilishi toʻgʻrisida”gi 1981-yil 27-noyabrdagi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sovetining Vedomostlari, 1981-yil, № 33, 642-modda);
Oʻzbekiston Respublikasining “Hakamlik sudi va xoʻjalik nizolarini hal qilish tartibi toʻgʻrisida”gi 1991-yil 20-noyabrdagi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-yil, № 2, 86-modda);
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Soveti Prezidiumining “Oʻzbekiston Respublikasi sudlarining konferensiyalarini chaqirish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi 1989-yil 30-noyabrdagi Farmoni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sovetining Vedomostlari, 1989-yil, № 31—33, 526-modda);
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Soveti Prezidiumining “Oʻzbekiston Respublikasi sudlari sudyalari va xalq mslahatchilarining qasamyodi toʻgʻrisida”gi 1989-yil 21-dekabrdagi Farmoni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sovetining Vedomostlari, 1989-yil, № 35-36, 605-modda).
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Raisi Sh. YOʻLDOShEV
Toshkent sh.,
1993-yil 2-sentabr,
925-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 10-son, 368-modda)