|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.12.2025
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“O‘ZBEKISTON MILLIY ENSIKLOPEDIYASI” DAVLAT ILMIY NASHRIYOTINI TASHKIL ETISH TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Mustaqil O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy hayotda erishgan yutuqlarini, xalqimizning ko‘p asrlik boy tarixi, fani, madaniyati, qadriyatlari, o‘zbek tilining keng imkoniyatlari, mamlakatimizning jahon madaniyati taraqqiyotida tutgan o‘rni va ahamiyatini atroflicha ilmiy aks ettirish, tarixiy voqea va hodisalarga, shaxslarga xolisona baho berish hamda uni keng ommaga yetkazish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Davlat matbuot qo‘mitasining Qomuslar Bosh tahririyati negizida “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti tashkil etilsin.
2. “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi”ni, shuningdek ko‘p jildli o‘zbek tilining izohli lug‘ati, soha ensiklopediyalari, ko‘p tilli lug‘atlar hamda ma’lumotnomalarni tayyorlash va chop etish nashriyotning asosiy vazifasi etib belgilansin.
“O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Bosh tahrir hay’ati tarkibi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-ilova berilmaydi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Fan va texnika davlat qo‘mitasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, boshqa tegishli vazirliklar va idoralar Davlat matbuot qo‘mitasi bilan birgalikda “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi”ni nashrga tayyorlashga yetakchi olimlar va malakali mutaxassislarni jalb etsinlar.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari milliy ensiklopediyaga kiritiladigan o‘z hududlariga tegishli maqolalarni uyushtirishda va tayyorlashda nashriyotga yaqindan yordam bersinlar.
5. O‘zbekiston Respublikasi Davlat matbuot qo‘mitasiga ensiklopedik nashrlarni o‘z vaqtida va sifatli nashr etish uchun Toshkent kitob-jurnal fabrikasini zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlash, nashriyotni tegishli qog‘oz va boshqa ashyolar bilan ta’minlash choralarini ko‘rish topshirilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 11-iyundagi 274-sonli qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan— O‘R QHT, 2004-y., 24-son, 272-modda)
7. O‘zbekiston Respublikasi Davlat matbuot qo‘mitasiga Mehnat vazirligi, Moliya vazirligi va Mualliflik huquqini himoya qilish davlat vakilligi bilan birgalikda ensiklopedik adabiyotlarga tegishli mualliflik gonorari stavkalarini shartnoma asosida erkin belgilash huquqi berilsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Davlat matbuot qo‘mitasi taqdim etgan hisob-kitoblarga binoan nashriyotning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, uni zamonaviy kompyuter texnikasi, matbaa resurslari va boshqa jihozlar bilan ta’minlash hamda xorijiy davlatlardan yangi matbaa texnikasi sotib olish uchun budjetdan zarur mablag‘lar ajratishni 3-ilovaga* muvofiq ta’minlasin;
* 3-ilova berilmaydi.
“O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyotiga 1 ta yengil avtomashinaga limit ajratsin.
9. “O‘zavtosanoat” uyushmasiga bitta “DAMAS” (yuk mashinasi) va bitta “TIKO” avtomashinasini nashriyotga sotishga ruxsat berilsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki nashriyotni tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchisi sifatida ro‘yxatga olsinlar hamda chet el valyutasida operatsiyalarni amalga oshirish uchun nashriyotning tegishli schyotlarini ochsinlar.
11. “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va normativ hujjatlarini, shuningdek vazirlik va idoralarning statistika to‘plamlarini olishi shart bo‘lgan muassasalar ro‘yxatiga kiritilsin.
Nashriyot direktori mehnatga haq to‘lash, maishiy, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish sharoitlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat matbuot qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosariga tenglashtirilsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Istiqbolni belgilash va statistika davlat qo‘mitasi nashriyotni belgilangan tartibda O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti haqidagi zarur statistik ma’lumotlar bilan ta’minlasin va tegishli maqolalarni aprobatsiyadan o‘tkazsin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Bosh arxiv boshqarmasi va O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni arxivlari nashriyot xodimlariga zarur hujjatlardan foydalanish imkoniyatini yaratsinlar.
14. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi milliy ensiklopediya sahifalaridan o‘rin oladigan chet davlatlarga tegishli materiallarni uyushtirishda nashriyotga yaqindan yordam bersin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Geodeziya, kartografiya va davlat kadastri Bosh boshqarmasi nashriyot buyurtmasiga muvofiq tegishli xaritalarni o‘z vaqtida tayyorlab berish choralarini ko‘rsin.
16. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A. Azizxo‘jayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 20-mart,
154-son
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 11-iyundagi 274-sonli qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2004-y., 24-son, 272-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(2a-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 11-iyundagi 274-sonli qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2004-y., 24-son, 272-modda)