Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 23.07.2008
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
QIMMATLI QOGʻOZLAR VA FOND BIRJASI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2008-yil 22-iyuldagi OʻRQ-163-sonli “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Ushbu Qonun qimmatli qogʻozlar chiqarish va ularni muomalada yuritish, qimmatli qogʻozlar bozori qatnashchilari faoliyatini boshqarib borish shartlari hamda tartibini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotini rivojlantirishga koʻmaklashish maqsadida fond birjalari tashkil etish va ularning faoliyat yuritish prinsiplarini belgilab beradi.
I BOB. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Qimmatli qogʻozlar tushunchasi
Qimmatli qogʻozlar — bu ularni chiqargan shaxs bilan ularning egasi oʻrtasidagi mulkiy huquqlarni yoki zayom munosabatlarini tasdiqlovchi, dividend yoki foizlar koʻrinishida daromad toʻlashni hamda ushbu hujjatlardan kelib chiqadigan huquqlarni boshqa shaxslarga berish imkoniyatini nazarda tutuvchi pul hujjatlaridir.
Qimmatli qogʻozlar — blankalar, sertifikatlar shaklida yoki schyotlardagi yozuv shaklida boʻlishi va hisob-kitob qilishda, shuningdek kreditlar boʻyicha garov sifatida foydalanilishi mumkin. Qimmatli qogʻozlar yuridik va jismoniy shaxslar oʻrtasida ixtiyoriylik asosida tarqatiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Qimmatli qogʻozlarning qiymati, kiritilgan ulush shaklidan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasi pul birligida ifodalanadi hamda toʻlanadi, ularni chiqarish shartlarida nazarda tutilgan hollarda esa, chet el valyutasida (aksiyalar boʻyicha — mulkni oʻtkazib berish yoʻli bilan ham) toʻlanadi.
(1-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 27-avgustdagi 671-II-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 37-son, 408-modda)
2-modda. Qimmatli qogʻozlar va fond birjasi toʻgʻrisidagi qonunlar
Qimmatli qogʻozlar chiqarish va ularni muomalada yuritish bilan, qimmatli qogʻozlar bozori qatnashchilarning faoliyati bilan bogʻliq munosabatlar ushbu Qonun hamda Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solib turiladi.
3-modda. Qimmatli qogʻozlarning turlari
Ushbu Qonun qimmatli qogʻozlarning quyidagi turlariga amal qiladi:
aksiyalar;
obligatsiyalar;
xazina majburiyatlari;
Oldingi tahrirga qarang.
qimmatli qogʻozlarning hosilalari;
(3-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1995-yil 22-dekabrdagi 179-I-son Qonuniga muvofiq beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 269-modda)
depozit sertifikatlari;
veksellar.
Oldingi tahrirga qarang.
Aksiyalar, obligatsiyalar, xazina majburiyatlari va qimmatli qogʻozlar hosilalarining rekvizitlari — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori ishlashini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi tomonidan, depozit sertifikatlari va veksellarning rekvizitlari esa, — Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Aksiyalarning rekvizitlari “Aksiyadorlik jamiyatlarining aksiyalarini chiqarish, davlat roʻyxatidan oʻtkazish va soʻndirish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom (roʻyxat raqami 1159, 10.07.2002-y.)ning 2-paragrafi (7—16-bandlar)da belgilangan. (“Aksiyalarning rekvizitlari va ularni chiqarish tartibi”).
 LexUZ sharhi
Obligatsiyalarning rekvizitlari “Korporativ obligatsiyalarni chiqarish, roʻyxatga olish va qoplash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom (roʻyxat raqami 1158, 10.07.2002-y.)ning 2-paragrafi (6—16-bandlar)da belgilangan. (“Obligatsiyalarning rekvizitlari va ularni chiqarish tartibi”).
 LexUZ sharhi
Depozit sertifikatlarining rekvizitlari Banklarning depozit sertifikatlarini chiqarish, roʻyxatga olish va muomalaga kiritish qoidalari (roʻyxat raqami 522, 09.11.1998-y.)ning 5-bandida koʻrsatilgan.
(3-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2005-yil 19-dekabrdagi OʻRQ-14-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 51-son, 374-modda)
Qimmatli qogʻozlar egasi yozilgan va taqdim etuvchiga tegishli boʻlishi mumkin.
Qimmatli qogʻozlar, basharti mulkiy huquqlarni ularga egalik qilish bilan bogʻliq holda roʻyobga chiqarish uchun emitent (qimmatli qogʻozni chiqaruvchi) tomonidan yoki uning topshirigʻiga binoan qimmatli qogʻozlar borasida kasb faoliyatini amalga oshirayotgan tashkilot tomonidan egasining nomini qayd etish zarur boʻlsagina, egasi yozilgan boʻladi. Egasi yozilgan qimmatli qogʻozni bir mulkdordan ikkinchisiga berish hisob-kitobdagi tegishli yozuvlarni oʻzgartirishda aks etadi.
Qimmatli qogʻozlar, basharti mulkiy huquqlarni ularga egalik qilish bilan bogʻliq holda roʻyobga chiqarish uchun qimmatli qogʻozni taqdim etishning oʻzi yetarli boʻlsa, taqdim etuvchiga tegishli hujjatlar deb hisoblanadi. Taqdim etuvchiga tegishli qimmatli qogʻozlar erkin muomalada boʻladi.
4-modda. Aksiyalar
Aksiyalar — aksiyadorlik jamiyatining ustav fondiga yuridik yoki jismoniy shaxs muayyan hissa qoʻshganidan guvohlik beruvchi, aksiya egasining mazkur jamiyat mulkidagi ishtirokini tasdiqlovchi hamda unga dividend olish va, qoida tariqasida, ushbu jamiyatni boshqarishda qatnashish huquqini beruvchi, amal qilish muddati belgilanmagan qimmatli qogʻozlardir.
Aksiyalar chiqarish toʻgʻrisidagi qaror aksiyadorlik jamiyati muassislari tomonidan yoki aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi tomonidan qabul qilinadi. Sotib olingan aksiya uni chiqargan aksiyadorlik jamiyatiga, basharti bu narsa jamiyat ustavida nazarda tutilmagan boʻlsa, sotilishi mumkin emas.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat korxonasi ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilganda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi emissiya risolasini tasdiqlashi aksiyalar chiqarish toʻgʻrisidagi qaror hisoblanadi.
 LexUZ sharhi
“Aksiyadorlik jamiyatlarining aksiyalarini chiqarish, davlat roʻyxatidan oʻtkazish va soʻndirish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom (roʻyxat raqami 1159, 10.07.2002-y.)ning 8-paragrafi (55—59-bandlar)ga qarang. (“Davlat korxonasi aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilganda dastlabki emissiyani (aksiyalar chiqarishni) davlat roʻyxatidan oʻtkazishning oʻziga xos xususiyatlari”).
(4-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2005-yil 19-dekabrdagi OʻRQ-14-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 51-son, 374-modda)
5-modda. Obligatsiyalar
Obligatsiyalar ularning egasi pul mablagʻlari berganligini tasdiq etuvchi va qimmatli qogʻozlarning belgilangan qiymatini ularda koʻrsatilgan muddatda, qayd etilgan foiz toʻlangan holda, basharti obligatsiyalarni chiqarish shartlarida oʻzgacha qoidalar nazarda tutilmagan boʻlsa, qoplash majburiyatini tasdiqlovchi qimmatli qogʻozlardir.
Quyidagi turlardagi obligatsiyalar chiqariladi:
respublika ichki zayomlarining va mahalliy zayomlarning obligatsiyalari;
Oldingi tahrirga qarang.
korporativ obligatsiyalar.
(5-modda ikkinchi qismi uchinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 23-iyuldagi OʻRQ-104-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 29-30-son, 297-modda)
Obligatsiyalar oddiy va yutuqli, foizli va foizsiz (maqsadli), erkin muomalada yuritiladigan yoki muomala doirasi cheklangan qilib chiqarilishi mumkin. Maqsadli obligatsiyalarning rekviziti obligatsiyalar qaysi mollar (xizmatlar) uchun chiqarilgan boʻlsa, shu mollarni (xizmatlarni) aks ettirishi shart.
Respublika ichki zayomlarining va mahalliy zayomlarning obligatsiyalari taqdim etuvchiga tegishli qilib chiqariladi. Respublika ichki zayomlarining va mahalliy zayomlarning obligatsiyalarini chiqarish toʻgʻrisidagi qaror tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va davlat hokimiyati mahalliy organlari tomonidan qabul qilinadi. Qarorda emitent, obligatsiyalarni chiqarish shartlari va ularni tarqatish tartibi belgilab qoʻyilishi lozim.
Korporativ obligatsiyalarni faqat ochiq aksiyadorlik jamiyatlari:
auditorlik tashkilotining xulosasi bilan tasdiqlangan oʻz kapitalining obligatsiyalar chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan sanadagi miqdori doirasida;
keyingi uch yil mobaynida rentabellik, toʻlov qobiliyati, moliyaviy barqarorlik va likvidlikning auditorlik tashkiloti xulosalari bilan tasdiqlangan ijobiy koʻrsatkichlariga ega boʻlsa, shuningdek qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mustaqil reyting bahosini olgan boʻlsa;
investorlarga tegishli mablagʻlarning emitentlar tomonidan toʻlanishi boʻyicha toʻlov agentlari vazifalarini bajaruvchi tijorat banklari ishtirokida chiqarishi mumkin.
Korporativ obligatsiyalar oʻz egalariga ochiq aksiyadorlik jamiyatini boshqarishda qatnashish huquqini bermaydi.
Korporativ obligatsiyalar chiqarish toʻgʻrisidagi qaror ochiq aksiyadorlik jamiyatining boshqaruv organi tomonidan ushbu Qonunga va jamiyat ustaviga muvofiq qabul qilinadi hamda bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Korporativ obligatsiyalarni emitentlarning ustav fondini shakllantirish va toʻldirish uchun, shuningdek emitentlarning xoʻjalik faoliyati bilan bogʻliq zararlarning oʻrnini qoplash uchun chiqarishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Korporativ obligatsiyalar chiqarishga faqat ochiq aksiyadorlik jamiyatining ustav fondi toʻliq toʻlanganidan keyin yoʻl qoʻyiladi”;
(5-modda beshinchi—toʻqqizinchi qismlari Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 23-iyuldagi OʻRQ-104-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 29-30-son, 297-modda)
6-modda. Xazina majburiyatlari
Oʻzbekiston Respublikasining xazina majburiyatlari — ularning egalari budjetga pul mablagʻlari berganliklarini tasdiqlovchi hamda bu qimmatli qogʻozlarga egalik qilishning butun muddati davomida qayd etilgan daromadni olish huquqini beruvchi, taqdim etuvchiga tegishli qimmatli qogʻozlar turidir.
Xazina majburiyatlarining quyidagi turlari chiqariladi:
uzoq muddatli — besh yil va undan koʻproq muddatga moʻljallangan xazina majburiyatlari;
oʻrtacha muddatli — bir yildan besh yilgacha muddatga moʻljallangan xazina majburiyatlari;
qisqa muddatli — bir yilgacha boʻlgan muddatga moʻljallangan xazina majburiyatlari.
Uzoq muddatli va oʻrtacha muddatli xazina majburiyatlarini chiqarish toʻgʻrisidagi qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadi. Qisqa muddatli xazina majburiyatlarini chiqarish toʻgʻrisidagi qaror Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan qabul qilinadi. Xazina majburiyatlarini chiqarish toʻgʻrisidagi qarorlarda daromadlarni hamda majburiyat qarzlarini toʻlash shartlari belgilab qoʻyiladi.
7-modda. Depozit sertifikatlari
Depozit sertifikatlari — bu pul mablagʻlari — omonat qoʻyilgani toʻgʻrisidagi, omonatchi yoki uning huquqiy vorisining belgilangan muddat tugaganidan keyin omonat summasini va unga tegishli foizlarini olishga boʻlgan huquqini tasdiqlovchi bank — emitent guvohnomasidir.
Depozit sertifikatlarini chiqarish va roʻyxatdan oʻtkazish qoidalarini Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki belgilaydi.
 LexUZ sharhi
Banklarning depozit sertifikatlarini chiqarish, roʻyxatga olish va muomalaga kiritish qoidalari (roʻyxat raqami 522, 09.11.1998-y.)ga qarang.
8-modda. Veksel
Veksel beruvchining yoxud vekselda koʻrsatilgan boshqa toʻlovchining vekselda nazarda tutilgan muddat kelganda veksel egasiga muayyan summani toʻlash yuzasidan qatʼiy majburiyatini tasdiqlovchi qimmatli qogʻoz veksel hisoblanadi.
Veksellar oddiy va yuboriladigan veksellarga boʻlinadi.
Veksel beruvchining muayyan summadagi pulni veksel oluvchiga yoxud uning buyrugʻiga binoan belgilangan muddatda yoki uning talabiga koʻra toʻlashdan iborat qatʼiy majburiyatini oʻz ichiga olgan hujjat oddiy veksel hisoblanadi.
Veksel oluvchining muayyan summadagi pulni oluvchiga yoxud uning buyrugʻiga binoan boshqa shaxsga belgilangan muddatda yoki uning talabiga koʻra toʻlash toʻgʻrisidagi qatiy buyrugʻidan iborat toʻlovchiga qaratilgan hujjat yuboriladigan veksel hisoblanadi. Bunda toʻlovchi veksel boʻyicha belgilangan muddatda toʻlovlarni amalga oshirishga (akseptni bajarishga) roziligini yozma ravishda tasdiqlashi shart.
Veksellarni (xazina veksellaridan tashqari) chiqarish, roʻyxatdan oʻtkazish qoidalari, ularni chiqarish va muomalada yuritish shartlarini Markaziy bank Moliya vazirligi bilan birgalikda belgilaydi. Xazina veksellarini chiqarish va muomalada yuritish qoidalarini Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi belgilaydi.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun Korxonalar va tashkilotlar veksellarini chiqarish va muomalaga kiritishning Vaqtinchalik tartibi (roʻyxat raqami 149, 31.05.1995-y.), shuningdek Banklarning oddiy vekselini chiqarish va uning muomalada boʻlish qoidalari (roʻyxat raqami 554, 30.11.1998-y.)ga qarang.
Veksel oluvchining soliqlar boʻyicha va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha budjetdan qarzi mavjud boʻlsa, u faqat pul mablagʻlarini olish tarzida vekselning haqini toʻlashga kirishadi va budjet bilan hisob-kitob qilib boʻlgach, qolgan summani boshqa hisob-kitoblarga sarflashi mumkin.
(8-modda Oʻzbekiston Respublikasining 1995-yil 22-dekabrdagi 179-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 269-modda)
81-modda. Qimmatli qogʻozlarning hosilalari
Qimmatli qogʻozlarning hosilalari — daromadi (zarari) bir yoki bir necha bozor koʻrsatkichlari (indekslari) mazmuniga bogʻliq boʻlgan qimmatli qogʻozlardir.
Qimmatli qogʻozlarning hosilalari opsionlar, fyucherslar va boshqa moliyaviy vositalar tarzida chiqarilishi mumkin.
Opsion — shartnoma boʻlib, uning egasiga qimmatli qogʻozlarni yoki tovarlarni bitimda qayd etilgan narxda belgilangan muddatda xarid qilish huquqini beradi.
Fyuchers — qimmatli qogʻoz (shartnoma) boʻlib, muayyan qimmatli qogʻozlar va boshqa moliyaviy vositalarni yoki tovarlarni shartnomada belgilab qoʻyilgan narxda belgilangan kelgusi sanada xarid qilish yoki sotishdan iborat soʻzsiz majburiyatni tasdiqlaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Qimmatli qogʻozlarning hosilalarini chiqarish va ularni muomalada yuritish tartibini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori ishlashini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi belgilaydi.
 LexUZ sharhi
Qimmatli qogʻozlar hosilalarini chiqarish va muomalada boʻlishi tartibi (roʻyxat raqami 320, 02.04.1997-y.)ga qarang.
(81-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2005-yil 19-dekabrdagi OʻRQ-14-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 51-son, 374-modda)
(I bob Oʻzbekiston Respublikasining 1995-yil 22-dekabrdagi 179-I-son Qonuniga muvofiq 81-modda bilan toʻldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 269-modda)
82-modda. Qimmatli qogʻozlar boʻyicha daʼvo muddatlari
Veksellarga nisbatan quyidagi maxsus daʼvo muddatlari qoʻllaniladi:
veksel saqlovchining indossantlarga qarshi va veksel beruvchiga qarshi daʼvo talablari boʻyicha — belgilangan muddatda amalga oshirilgan protest kunidan boshlab yoki xarajatsiz aylantirish oldindan shart qilib qoʻyilgan boʻlsa, toʻlov muddati kunidan boshlab bir yil;
indossantlarning bir-biriga va veksel beruvchiga daʼvo talablari boʻyicha — indossant vekselni toʻlagan kundan boshlab yoki unga daʼvo taqdim etilgan kundan boshlab olti oy.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilmagan oʻzga hollarda, shuningdek boshqa qimmatli qogʻozlar boʻyicha daʼvo muddatlari qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
(I bob Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuniga muvofiq 82-modda bilan toʻldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda)
II BOB. QIMMATLI QOGʻOZLARNI DAVLAT ROʻYXATIGA OLISh, MUOMALAGA ChIQARISh
9-modda. Qimmatli qogʻozlar muomalasi
Qimmatli qogʻozlar muomalasi deganda ularni sotib olish va sotish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida nazarda tutilgan, qimmatli qogʻozlar egasi almashinuviga olib keladigan boshqa harakatlar tushuniladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida qimmatli qogʻozlarni (depozit sertifikatlari va veksellardan tashqari) muomalaga chiqarish hamda ularni roʻyxatdan oʻtkazish qoidalarini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori ishlashini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi tasdiqlaydi.
 LexUZ sharhi
“Aksiyadorlik jamiyatlarining aksiyalarini chiqarish, davlat roʻyxatidan oʻtkazish va soʻndirish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom (roʻyxat raqami 1159, 10.07.2002-y.) hamda “Korporativ obligatsiyalarni chiqarish, roʻyxatga olish va qoplash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom (roʻyxat raqami 1158, 10.07.2002-y.)ga qarang.
(9-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2005-yil 19-dekabrdagi OʻRQ-14-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 51-son, 374-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi yoki uning hududiy organlari davlat korxonalarini qayta tuzish orqali tashkil etilgan ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyatlari aksiyalarining birlamchi chiqarilishini davlat roʻyxatidan oʻtkazadilar, shuningdek aksiyalarning belgilangan tartibda joylashtirilishini taʼminlaydilar.
(9-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2005-yil 19-dekabrdagi OʻRQ-14-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 51-son, 374-modda)
Davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan hamda belgilangan tartibda roʻyxat raqamini olgan qimmatli qogʻozlarnigina Oʻzbekiston Respublikasi hududida chiqarilishiga va muomalada boʻlishiga yoʻl qoʻyiladi. Davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan qimmatli qogʻozlarni chiqarish gʻayriqonuniy hisoblanadi va bu hol egasidan ularning hamda mazkur qimmatli qogʻozlarni sotishdan tushgan pulning olib qoʻyilishiga va boy berilgan naf qoplanishini hisobga olgan holda investorlarga qaytarib berilishiga sabab boʻladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Bir yoki oʻzaro shartnomalar bilan bogʻlangan bir necha shaxslar, shuningdek shuʼba yoki bir-biriga qaram boʻlgan yuridik shaxslar guruhi bank aksiyalarining yigirma foizidan ortigʻini sotib olishi uchun oldindan Markaziy bankning roziligini olish talab qilinadi. Aksiya sotib oluvchilarning moliyaviy ahvoli qoniqarsizligi aniqlangan taqdirda, Markaziy bank bank aksiyalarining yigirma foizidan ortigʻi xarid qilinishi va sotilishiga rozilik bermaslik huquqiga ega. Markaziy bank, iltimosnoma olingan kundan boshlab, oʻttiz kundan kechiktirmay, ariza beruvchiga oʻz qarori toʻgʻrisida yozma ravishda xabar beradi.
(9-modda Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 26-apreldagi 231-I-son Qonuniga muvofiq beshinchi qism bilan toʻldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1996-y., 5-6-son, 69-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Shaxs, bir guruh shaxslar tomonidan aksiyalarning aksiyadorlik jamiyati ustav kapitalida ovoz berish huquqi bilan sotib olinishi, bunda ana shu shaxs, bir guruh shaxslar mazkur aksiyalarning oʻttiz besh foizdan koʻprogʻini tasarruf etish huquqini oladigan boʻlsa, monopoliyaga qarshi davlat organining oldindan roziligini olish talab etiladi. Bunday talab aksiyadorlik jamiyatini tuzish vaqtida aksiyadorlik jamiyati muassislariga tatbiq etilmaydi, moliya-sanoat guruhlari, xolding kompaniyalarni tashkil etish hollari bundan mustasno.
 LexUZ sharhi
“Xoʻjalik yurituvchi subyektning 35 foizdan ortiq aksiyalarini sotib olish ustidan nazorat qilish tartibi toʻgʻrisida”gi yoʻriqnoma (roʻyxat raqami 1079, 06.11.2001-y.)ga qarang.
(9-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda)
Qimmatli qogʻozlarning egalari saqlab turish maqsadida ularni pul oʻtkazish yoʻli bilan hisobga olish va sotish uchun kompyuterli telekommunikatsion tizimi bor ixtisoslashgan muassasalarga (depozitariylarga) ishonib qoʻyishlari mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi respublika sarhadlaridan tashqaridagi emitentlar chiqargan qimmatli qogʻozlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududida muomalaga kirishning umumiy qoidalari, har yilgi meʼyorlari va tartibini belgilab qoʻyadi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasining davlatlararo shartnomalar boʻyicha majburiyatlarini hisobga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasining huquqiy tasarrufidagi emitentlar tomonidan chiqarilgan yoki chiqarilishi moʻljallangan qimmatli qogʻozlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida muomalaga chiqarishning har yilgi meʼyorlari va ruxsat tartibini belgilab qoʻyishga haqlidir.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori ishlashini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi respublikada roʻyxatga olingan qimmatli qogʻozlar Yagona davlat reyestrini yuritadi hamda ularning roʻyxatini muntazam eʼlon qilib boradi.
(9-moddaning toʻqqizinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2005-yil 19-dekabrdagi OʻRQ-14-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 51-son, 374-modda)
10-modda. Qimmatli qogʻozlar emissiyasi
Qimmatli qogʻozlar emissiyasi ularni dastlabki egalar (investorlar) — yuridik va jismoniy shaxslarga sotish yoʻli bilan qimmatli qogʻozlarni muomalaga chiqarishdir.
Emissiya:
aksiyadorlik jamiyati taʼsis etilib, aksiyalar uning muassislari oʻrtasida tarqatilgan taqdirda;
aksiyadorlik jamiyatining dastlabki ustav sarmoyasi (fondi) miqdori aksiyalar chiqarish yoʻli bilan koʻpaytirilgan taqdirda;
yuridik shaxslar, davlat tomonidan, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari tomonidan zayom sarmoyasi obligatsiyalar va boshqa qarz majburiyatlari chiqarish yoʻli bilan jalb etilgan taqdirda;
korxonalarning qarz majburiyatlari oʻzaro umum respublika koʻlamida toʻlangan taqdirda amalga oshiriladi.
(10-moddaning ikkinchi qismi toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 1995-yil 22-dekabrdagi 179-I-son Qonuniga muvofiq toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar bilan almashtirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 269-modda)
11-modda. Emissiya toʻgʻrisidagi axborot
Qimmatli qogʻozlarni chiqaruvchi emitent, shuningdek u bilan kelishib turib qimmatli qogʻozlarni dastlabki egalariga sotuvchi investitsiya muassasalari har bir xaridorga mazkur qogʻozlarni xarid etish paytiga qadar sotish shartlari va emissiya risolasi bilan tanishib chiqish imkoniyatini taʼminlashlari shart. Emissiya risolasi emitent toʻgʻrisidagi, sotishga havola etilayotgan qimmatli qogʻozlar haqidagi, qimmatli qogʻozlarni chiqarish taomili va tartibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni hamda xaridorning mazkur qimmatli qogʻozlarni sotib olish yoki bunday xariddan voz kechishga qaror qilishiga taʼsir etishi mumkin boʻlgan boshqa xil axborotlarni aks ettiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Emissiya risolasini chiqarish, uni roʻyxatga olish tartibini, shuningdek emissiya risolasida eʼlon qilinishi shart boʻlgan maʼlumotlar roʻyxatini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori ishlashini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi belgilaydi. Banklar uchun ularning emissiya risolalarida koʻrsatilishi lozim boʻlgan maʼlumotlar roʻyxatini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori ishlashini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan kelishilgan holda belgilaydi. Davlat korxonalari ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyatlariga aylantirilganda emissiya risolasini tasdiqlash Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi tomonidan amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
“Aksiyadorlik jamiyatlarining aksiyalarini chiqarish, davlat roʻyxatidan oʻtkazish va soʻndirish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom (roʻyxat raqami 1159, 10.07.2002-y.), “Korporativ obligatsiyalarni chiqarish, roʻyxatga olish va qoplash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom (roʻyxat raqami 1158, 10.07.2002-y.) hamda “Tijorat banklarining qimmatli qogʻozlarini chiqarish, davlat roʻyxatidan oʻtkazish va qiymatini toʻlab berish (bekor qilish) tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom (roʻyxat raqami 1216, 12.02.2003-y.)ga qarang.
(11-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2005-yil 19-dekabrdagi OʻRQ-14-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 51-son, 374-modda)
Ochiq yozilish uchun havola etilayotgan qimmatli qogʻozlarning emissiya risolasini emitent Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori ishlashini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markaziga taqdim etadi va u roʻyxatga olinganidan soʻng, mazkur qimmatli qogʻozlarga yozilish boshlanishidan kamida oʻn kun oldin matbuotda, shuningdek fond birjasining maxsus nashrida albatta eʼlon qilinishi kerak. Ochiq sotuvga havola etilayotgan aksiyalarni, korporativ obligatsiyalarni chiqarishga oid axborotlarda biron bir oʻzgarishlar yuzaga kelgan hollarda qimmatli qogʻozlarni chiqaruvchi emitent sodir boʻlgan oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi xabarni mazkur qimmatli qogʻozlarga yozilish boshlangunga qadar eʼlon qilmogʻi kerak.
(11-modda uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 23-iyuldagi OʻRQ-104-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 29-30-son, 297-modda)
Aksiyalar, korporativ obligatsiyalarni chiqarishga oid eʼlon qilingan axborotdagi maʼlumotlar notoʻgʻriligi aniqlangan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori ishlashini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi bu qimmatli qogʻozlarni chiqaruvchi emitent mazkur axborotga tegishli oʻzgartishlar kiritmaguniga qadar ularning tarqatilishini toʻxtatib turish huquqiga ega. Emissiyani roʻyxatga olish uchun taqdim etiladigan emissiya risolasidagi maʼlumotlarning toʻgʻriligi yuzasidan javobgarlik emitentning zimmasida boʻladi.
(11-modda toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 23-iyuldagi OʻRQ-104-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 29-30-son, 297-modda)
Qimmatli qogʻozlarni chiqarish toʻgʻrisidagi emissiya risolalari roʻyxatga olinmagunga qadar qimmatli qogʻozlarni ommaviy axborot vositalarida reklama qilish taqiqlanadi.
12-modda. Emitent faoliyati toʻgʻrisidagi axborot
Oldingi tahrirga qarang.
Emitent oʻzining moliya-xoʻjalik ahvoli va faoliyatining natijalari toʻgʻrisida jamoatchilikka har yili kamida bir marta axborot berishi (matnda bundan keyin yillik hisobot deb yuritiladi) shart. Yillik hisobot hisobot yilidan keyingi yilning 1-aprelidan kechikmay eʼlon qilinadi hamda egasi yozilgan aksiyadorlarga va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori ishlashini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markaziga yuboriladi. Yillik hisobotda emitent toʻgʻrisida quyidagi maʼlumotlar keltirilishi lozim:
(12-modda birinchi qismining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2005-yil 19-dekabrdagi OʻRQ-14-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 51-son, 374-modda)
uning oldingi yilgi xoʻjalik faoliyati natijalari toʻgʻrisidagi axborot;
moliyaviy ahvol toʻgʻrisidagi auditor tasdiqlagan maʼlumotlar, shuningdek oldingi yilgi balanslar va auditorlar hisoboti;
qoʻshimcha chiqarilgan qimmatli qogʻozlar toʻgʻrisidagi asosiy maʼlumotlar;
mansabdor shaxslar shaxsiy tarkibidagi oʻzgartishlarga doir asoslar.
Emitent oʻz xoʻjalik faoliyatida sodir boʻlgan hamda qimmatli qogʻozlarning qiymatiga yoki ular yuzasidan olinadigan daromadlar miqdoriga taʼsir etuvchi oʻzgarishlar, xususan:
qimmatli qogʻozlarga boʻlgan huquqlar oʻzgarganligi;
mansabdor shaxslar shaxsiy tarkibida oʻzgarishlar roʻy berganligi;
emitent bankdagi schyotlar xatlanganligi;
sogʻlomlashtirish (emitentning moliyaviy holatini sogʻlomlashtirishga qaratilgan tadbirlar majmuini amalga oshirish) harakatlari boshlanganligi;
emitent faoliyati qayta tashkil etilganligi, toʻxtatib qoʻyilganligi yoki tugatilganligi;
favqulodda holatlar oqibatida emitent mol-mulkining kamida 10 foizi nobud boʻlganligi;
emitent mol-mulkining 10 foizidan ortiq miqdorda emitentga nisbatan daʼvo qoʻzgʻatilganligi;
Oldingi tahrirga qarang.
ustav fondi yoki emitent asosiy va muomaladagi mablagʻlari qiymatining 50 foizidan ortiq miqdorida qarz olinganligi yoki qimmatli qogʻozlar emissiya qilinganligi toʻgʻrisidagi axborotlarni ikki kun ichida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori ishlashini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markaziga yuborishi, shuningdek mazkur oʻzgarishlarga oid axborotlarni eʼlon qilishi shart.
(12-modda ikkinchi qismining toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2005-yil 19-dekabrdagi OʻRQ-14-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 51-son, 374-modda)
Basharti emitent aksiyalari fond birjasida muomalada yursa, u mazkur axborotlarni birjaga koʻrsatilgan muddatda taqdim etishi shart.
Emitent oʻzi haqida qimmatli qogʻozlar qiymatiga yoki ular yuzasidan olinadigan daromad miqdoriga taʼsir etishi mumkin boʻlgan notoʻgʻri maʼlumotlar eʼlon qilingan taqdirda besh ish kuni mobaynida bu maʼlumotlarni tuzatish choralarini koʻrishi shart.
 LexUZ sharhi
Batafsil maʼlumot uchun “Qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchilari tomonidan axborotlarni ochish toʻgʻrisida”gi Nizom (roʻyxat raqami 1127, 18.04.2002-y.)ga qarang.
13-modda. Emissiya turlari
Qimmatli qogʻozlarni muomalaga chiqarish (emissiya) quyidagi koʻrinishlarda amalga oshirilishi mumkin:
ommaviy eʼlon bermay, reklama kampaniyasi oʻtkazmay, emissiya risolasini eʼlon qilmay va roʻyxatdan oʻtkazmay oldindan maʼlum cheklangan miqdordagi investorlar orasida xususiy yoʻsinda tarqatish;
emissiya risolasini eʼlon qilib va roʻyxatdan oʻtkazib, cheklanmagan miqdordagi investorlar orasida ochiq savdo oʻtkazish.
Oldingi tahrirga qarang.
Yuqorida aytib oʻtilgan hollarning har birida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori ishlashini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi emissiyalarning eng kam va eng koʻp miqdorlarini belgilab beradi.
(13-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2005-yil 19-dekabrdagi OʻRQ-14-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 51-son, 374-modda)
14-modda. Emissiya risolasini roʻyxatdan oʻtkazganlik uchun olinadigan yigʻim
Qimmatli qogʻozlar emissiya risolasini roʻyxatdan oʻtkazish chogʻida emitent emissiya nominal qiymatining 0,1 foizi miqdorida respublika budjetiga yigʻim toʻlaydi.
Davlat korxonalari aksiyadorlar jamiyatlariga aylantirilganida birlamchi emissiya risolasini roʻyxatdan oʻtkazganlik uchun yigʻim olinmaydi.
(14-modda Oʻzbekiston Respublikasining 1995-yil 22-dekabrdagi 179-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 269-modda)
15-modda. Qimmatli qogʻozlarni tarqatish
Emitentlar oʻzi chiqargan qimmatli qogʻozlarni mustaqil ravishda, komission haq evaziga banklar, investitsiya kompaniyalari, moliya brokerlari orqali sotish huquqiga ega.
Investitsiya kompaniyalari emitent bilan kelishib turib qimmatli qogʻozlarni quyidagi shartlar asosida chiqarishga kafil va tashkilotchi boʻlishlari mumkin:
keyinchalik boshqa investorlarga sotib yuborish maqsadida barcha chiqarilgan qimmatli qogʻozlarni qayd etilgan bahosida oʻz hisoblaridan sotib olishlari;
chiqarilgan qimmatli qogʻozlarning belgilangan muddat davomida chet investorlar oʻrtasida joylashtirolmay qolgan qismlarini oʻz hisoblaridan sotib olishlari.
 LexUZ sharhi
“Qimmatli qogʻozlar bozorida anderrayting faoliyati toʻgʻrisida”gi Nizom (roʻyxat raqami 860, 28.12.1999-y.)ga qarang.
Investitsiya kompaniyalari va moliya brokerlari tarqatolmay qolgan qismlarini sotib olish majburiyatini zimmalariga olmay turib qimmatli qogʻozlarni emitent nomidan chet investorlarga sotish toʻgʻrisida emitent distribyuter shartnomalari tuzishlari mumkin.
16-modda. Qimmatli qogʻozlar bozori qatnashchilari
Oldingi tahrirga qarang.
Qimmatli qogʻozlarning emitentlari, investorlar, investitsiya institutlari, shuningdek ularning birlashmalari (uyushmalari), fond birjalari (birjalarning fond boʻlimlari), qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish va muvofiqlashtirish boʻyicha davlat tomonidan vakolat berilgan organlar va boshqalar) qimmatli qogʻozlar bozori qatnashchilari hisoblanadilar.
(16-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 30-avgustdagi 281-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1996-y., 9-son, 144-modda)
Qimmatli qogʻozlar emitenti — qimmatli qogʻozlar chiqaruvchi va ular yuzasidan qimmatli qogʻozlarning egalari oldida oʻz nomidan majburiyatli boʻlgan yuridik shaxs yoki davlat organidir.
Oldingi tahrirga qarang.
Investor — qimmatli qogʻozlarni oʻz nomidan va oʻz hisobidan sotib oluvchi jismoniy yoki yuridik shaxsdir. Ajnabiy fuqarolar va yuridik shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasidagi qimmatli qogʻozlar bozorida investorlar sifatida ishtirok etishlari mumkin.
(16-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1994-yil 23-sentabrdagi 2022-XII-son Qonuni tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1994-y., 11-12-son, 285-modda)
Investitsiya muassasasi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq yuzaga keltirilgan yuridik shaxs boʻlib, u qimmatli qogʻozlar bilan bogʻliq faoliyatini asosiy faoliyati tariqasida amalga oshiradi.
III. BOB. FOND BIRJASI
17-modda. Fond birjasi tushunchasi
Fond birjasi — qimmatli qogʻozlar bir maromda muomalada boʻlishining zarur shart-sharoitini taʼminlash, ularning bozor bahosini (qimmatli qogʻozlar talab va taklifi oʻrtasidagi muvozanatni aks ettiruvchi narxlarni) belgilash va ularga doir maʼlumotlarni keragicha tarqatish, qimmatli qogʻozlar bozori qatnashchilarining kasb mahoratini yuqori darajada saqlab borish faoliyatining alohida sohasi boʻlgan tashkilotdir.
Fond birjasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga, birja ustaviga hamda qimmatli qogʻozlar bilan bogʻliq yumushlarni amalga oshirishning ichki qoidalariga amal qiladi.
18-modda. Fond birjalarini roʻyxatga olish
Oldingi tahrirga qarang.
Fond birjasi (mol-fond birjasining yoki valyuta birjasining fond boʻlimi) Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq roʻyxatdan oʻtkaziladi va u qimmatli qogʻozlarga doir birja faoliyati yuritish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasidan litsenziya oladi. Qimmatli qogʻozlarga doir birja faoliyati yuritish uchun litsenziya olmagan tashkilot bunday faoliyat yuritishga haqli emas.
(18-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2005-yil 19-dekabrdagi OʻRQ-14-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 51-son, 374-modda)
Mol-fond birjalari va valyuta birjalarida mustaqil tarkibiy boʻlinma va mustaqil boʻlmagan tarkibiy boʻlinma sifatida fond boʻlimlari tashkil etilishi mumkin. Fond boʻlimlari oʻz faoliyatlarida fond birjalariga qoʻyiladigan barcha talablarga amal qilishlari lozim.
19-modda. Fond birjasining muassislari va aʼzolari
Qimmatli qogʻozlar muomalasini amalga oshirish huquqini beruvchi ruxsatnomasi (litsenziyasi) boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslar fond birjasi muassislari boʻlishlari mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Birjada brokerlik oʻrnini sotib olgan yuridik shaxslar, shu jumladan, ajnabiy yuridik va jismoniy shaxslar fond birjasining (mol-fond birjasi yoki valyuta birjasi fond boʻlimining) aʼzolari boʻlishlari mumkin. Fond birjasi aʼzolarining miqdorini birjaning boshqaruv organlari tartibga solib turadi. Davlat hokimiyati va boshqaruv, prokuratura va sud organlari, ularning mansabdor shaxslari va mutaxassislari fond birjasi aʼzolari boʻlishga haqli emaslar.
(19-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2005-yil 22-sentabrdagi OʻRQ-7-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 37-38-son, 279-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Fond birjasi aʼzolari qimmatli qogʻozlar muomalasini amalga oshirish uchun ruxsatnomalarga ega boʻlgan hamda investitsiya muassasasi maqomini olgan taqdirdagina oldi-sotdiga qoʻyiladi.
(19-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2005-yil 22-sentabrdagi OʻRQ-7-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 37-38-son, 279-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Qimmatli qogʻozlar bozorining mutaxassislari qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish huquqini beruvchi malaka attestatiga ega boʻlishlari shart. Malaka attestatining amal qilish muddati — uch yil.
(19-modda Oʻzbekiston Respublikasining 1995-yil 22-dekabrdagi 179 I-son Qonuniga muvofiq toʻrtinchi qism bilan toʻldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 269-modda)
20-modda. Birja amallari qoidalari
Qimmatli qogʻozlarga doir birja amallari qoidalarini birjaning yuqori boshqaruv organi tasdiqlaydi.
Qoidalarda quyidagilar nazarda tutilmogʻi lozim:
mazkur birjada qimmatli qogʻozlar oldi-sotdisi prinsiplari;
birja oldi-sotdisi qatnashchilarining tarkibi hamda ularga qoʻyiladigan talablar majmui;
birja yigʻilishlari oʻtkaziladigan joy va vaqt toʻgʻrisidagi axborot;
qimmatli qogʻozlarni birja oldi-sotdisiga chiqarish tartibi;
birja bitimlarining tavsifi;
mijozlar brokerlarga beradigan topshiriq (buyruq) turlari;
oldi-sotdini tashkil etish;
bitimlarni roʻyxatdan oʻtkazish va rasmiylashtirish tartibi;
qimmatli qogʻozlar muomalasini amalga oshirishda foydalaniladigan shartnoma, hisobot, buyurtma va xabarnomalar hamda birjaga oid boshqa hujjatlar namunalari.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi “Birjalar va birja faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 21-moddasiga qarang.
21-modda. Bitimlar tuzish tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
Fond birjasi birja oldi-sotdisi vaqtida bitimlar tuzish, bitimlarni tekshirib koʻrish va ular yuzasidan hisob-kitob qilish tartibini mustaqil ravishda ishlab chiqadi va tasdiqlaydi. Fond birjalari va fond boʻlimlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori ishlashini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi bilan kelishib olingan qimmatli qogʻozlar muomalasi bitimlarini amalga oshirish nizomlari va ichki qoidalari, fond birjasi ustavi (fond boʻlimi toʻgʻrisidagi Nizom) asosida ish tutadilar. Fond birjasida amallarni uning aʼzolarigina amalga oshira oladilar.
(21-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2005-yil 19-dekabrdagi OʻRQ-14-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 51-son, 374-modda)
22-modda. Fond birjasining huquqlari
Fond birjasi:
investitsiya muassasalarining birja aʼzoligiga kirishida ularga qoʻyiladigan eng kam majburiy talablarni belgilash;
birja oldi-sotdilarida birja aʼzolari vakillarining malakasiga qoʻyiladigan talablarni belgilash;
birja yigʻilishlarini chaqirish va oʻtkazish;
ekspert, malaka va baholash komissiyalari, maslahat va maʼlumotnoma beruvchi shuʼbalar hamda ularning ishlashi uchun kerakli boshqa muassasalar, shuningdek qimmatli qogʻozlar muomalasini amalga oshirishdagi nizolarni hal qiladigan komissiyalar taʼsis etish;
oʻz ustaviga muvofiq birja aʼzolari toʻlaydigan kirish va joriy badallarni belgilab, undirib olish, bitimlarni roʻyxatga olganlik, texnik xizmat koʻrsatganlik uchun, doimiy va bir galgi mijozlardan birjada boʻlganlik uchun haq belgilab, undirib olish, shuningdek birja ustavini, birja yigʻilishlari qoidalarini buzganlik, roʻyxatdan oʻtkazish yigʻimini vaqtida toʻlamaganlik uchun jarima va penyalar undirib olish;
birja bukletlari, maʼlumotnomalari, toʻplamlarini chop etish;
nazorat qiluvchi organlarning qonunga xilof xatti-harakatlari ustidan sud tartibida shikoyat qilishga haqlidir.
23-modda. Fond birjasi faoliyatini pul bilan taʼminlash
Fond birjasi faoliyatining pul taʼminoti:
fond birjasi aksiyalari va paylarini sotish;
fond birjasidagi brokerlik oʻrinlarini sotish;
fond birjasi aʼzolari muntazam toʻlab boradigan aʼzolik badallari;
birja bitimlarini roʻyxatdan oʻtkazishda olinadigan yigʻimlar;
qimmatli qogʻozlar muomalasida vositachilik qilishda olinadigan komission haq;
birja ustavida nazarda tutilgan axborot xizmati va boshqa xil xizmatlar koʻrsatishdan keladigan daromadlar hisobidan amalga oshirilishi mumkin.
24-modda. Fond birjasi faoliyatini toʻxtatish
Fond birjasi faoliyati:
muassislar umumiy yigʻilishining qaroriga binoan;
sud organlarining qarorlari asosida;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda toʻxtatiladi.
(24-moddaning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 27-dekabrdagi 357-I-son Qonuniga muvofiq uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar bilan almashtirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 56-modda)
IV BOB. YAKUNLOVChI QOIDALAR
25-modda. Qimmatli qogʻozlar muomalasi ustidan nazoratni yoʻlga qoʻyish
Qimmatli qogʻozlarni chiqaruvchi emitentlarning majburiyatlari yuzasidan javobgarlik ularning oʻz zimmasida boʻladi.
Investitsiya institutlariga ruxsatnomani (litsenziyani), qimmatli qogʻozlar bozorining mutaxassislariga malaka attestatini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori ishlashini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi berib, u fond birjasidagi birja faoliyati davomida qonun hujjatlari va birja ustavi talablariga rioya etilishini nazorat qilib borishga vakolatli boʻlgan hamda birjaning boshqaruv organlari majlislarida (yigʻilishlarida) va oldi-sotdilarda hozir boʻlish huquqiga ega oʻz vakilini tayinlaydi. Qonun hujjatlari buzilgan hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori ishlashini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi tartibbuzarlarga nisbatan qonun hujjatlariga muvofiq sanksiyalar qoʻllashi mumkin.
 LexUZ sharhi
“Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligining buzilishiga doir ishlarni koʻrib chiqish va jazo qoʻllash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom (roʻyxat raqami 1131, 23.04.2002-y.)ga qarang.
(25-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2005-yil 19-dekabrdagi OʻRQ-14-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 51-son, 374-modda)
26-modda. Davlat boshqaruv organi va oʻzga organning gʻayriqonuniy xatti-harakat va qarorlari ustidan shikoyat qilish
Davlat boshqaruv organi va oʻzga organning qimmatli qogʻozlarni chiqarish va muomalada yuritishga taalluqli gʻayriqonuniy xatti-harakat va qarorlari ustidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin.
27-modda. Xalqaro shartnomalar
Basharti Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida qimmatli qogʻozlar va fond birjasi toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlaridagidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 2-sentabr,
918-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 325-modda; 1994-y., 11-12-son, 285-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 269-modda; 1996-y., 5-6-son, 69-modda; 9-son, 144-modda; 1997-y., 2-son, 56-modda; 1999-y., 9-son, 229-modda; 2003-y., 1-son, 8-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 37-son, 408-modda; 2005-y., 37-38-son, 279-modda; 51-son, 374-modda; 2007-y., 29-30-son, 297-modda)