Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
NODAVLAT NOTIJORAT TASHKILOTLARI FAOLIYATINING KAFOLATLARI TOʻGʻRISIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan
2006-yil 11-noyabrda qabul qilingan

Senat tomonidan 2006-yil 1-dekabrda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga kafolatlar berish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash, nodavlat notijorat tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchilik
Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Ushbu Qonunning ayrim nodavlat notijorat tashkilotlariga nisbatan qoʻllanilishining oʻziga xos xususiyatlari
Ushbu Qonun tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, nodavlat notijorat tashkilotlariga, shu jumladan kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar, diniy tashkilotlar va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlariga nisbatan, agar ularning tashkil etilishini hamda faoliyatini tartibga soluvchi boshqa qonunlarda oʻzgacha qoidalar nazarda tutilmagan boʻlsa, qoʻllaniladi.
4-modda. Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash kafolatlari
Davlat nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini kafolatlaydi, ularni qoʻllab-quvvatlash shakllari va shartlarini belgilaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Yuridik va jismoniy shaxslar qonunchilikka muvofiq nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatini moliyaviy yoki boshqa jihatdan qoʻllab-quvvatlashlari mumkin.
(4-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 511-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish toʻgʻrisida”gi qonunining 12 — 15-moddalari.
2-bob. Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining asosiy kafolatlari
5-modda. Faoliyat erkinligi kafolatlari
Oldingi tahrirga qarang.
Nodavlat notijorat tashkilotlari qonunchilik bilan taqiqlanmagan har qanday faoliyat turini oʻz ustavlarida belgilangan maqsadlari doirasida amalga oshirishi mumkin.
Nodavlat notijorat tashkilotlari oʻz faoliyatida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlaridan mustaqildir, qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqa hollarda ularga hisobot bermaydi hamda ularning nazorati ostida boʻlmaydi.
(5-moddaning birinchi va ikkinchi qismlari Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 33-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasi “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunining 16 va 17-moddalari.
Nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatiga toʻsqinlik qilish yoki aralashish taqiqlanadi.
6-modda. Axborotdan foydalanish kafolatlari
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat nodavlat notijorat tashkilotlarining qonunchilikka muvofiq axborotni izlash, olish, tadqiq etish, tarqatish, undan foydalanish va uni saqlashga boʻlgan huquqini taʼminlaydi.
(6-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Axborotdan foydalanish tegishli materiallarni eʼlon qilish yoʻli bilan hamda ustavda belgilangan faoliyatni amalga oshirish maqsadida zarur axborotni olish uchun davlat organlari va ularning mansabdor shaxslariga soʻrov bilan murojaat qilish huquqining nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan roʻyobga chiqarilishi orqali taʼminlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Nodavlat notijorat tashkilotining soʻroviga iloji boricha qisqa muddatda, agar qonunchilikda boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, soʻrov olingan sanadan eʼtiboran oʻttiz kundan kechiktirmay javob qaytarilishi kerak.
(6-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasining “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni 9-moddasiga asosan soʻralayotgan axborotni belgilangan muddatda taqdim etishning iloji boʻlmagan taqdirda axborot olish uchun murojaat etgan shaxsga uni taqdim etish kechiktirilganligi toʻgʻrisida xabar yuboriladi. Soʻralayotgan axborotni taqdim etishni kechiktirish soʻrov berilgan sanadan eʼtiboran ikki oydan ortib ketmasligi lozim.
Agar organ yoki mansabdor shaxs soʻralayotgan axborotga ega boʻlmasa, oʻziga murojaat etgan nodavlat notijorat tashkilotiga soʻrov olingan sanadan eʼtiboran yetti kundan kechiktirmay bu haqda maʼlum qilishi, shuningdek imkoniyatga qarab, unga bunday axborotga ega boʻlgan organning yoki mansabdor shaxsning nomini maʼlum qilishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari nodavlat notijorat tashkilotlariga bu tashkilotlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor qonunchilik hujjatlari, hujjatlar, qarorlar hamda boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berishi shart.
(6-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor axborot bepul beriladi, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
(6-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Axborot olish kafolatlari va erkinligi toʻgʻrisida”gi Qonunning 8-moddasi.
7-modda. Mulk huquqi kafolatlari
Nodavlat notijorat tashkilotlarining mulki daxlsiz va qonun bilan muhofaza qilinadi. Nodavlat notijorat tashkilotlarining mol-mulki natsionalizatsiya, rekvizitsiya va musodara qilinmaydi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzbekiston Respublikasida mulkchilik toʻgʻrisida”gi Qonunining 34-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 202 — 204-moddalari.
3-bob. Nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish
8-modda. Ishchanlik obroʻsini himoya qilish
Nodavlat notijorat tashkiloti oʻzining ishchanlik obroʻsiga putur yetkazuvchi maʼlumotlar yuzasidan raddiya berilishini sud tartibida talab qilishga haqli.
Agar nodavlat notijorat tashkilotining ishchanlik obroʻsiga putur yetkazuvchi maʼlumotlar ommaviy axborot vositalarida tarqatilgan boʻlsa, ayni shu ommaviy axborot vositalarida raddiya berilishi lozim. Agar bunday maʼlumotlar tashkilotdan yuborilgan hujjatda uchrasa, bunday hujjat almashtirilishi yoki chaqirib olinishi kerak.
Oʻzining ishchanlik obroʻsiga putur yetkazuvchi maʼlumotlar tarqatilgan nodavlat notijorat tashkiloti bunday maʼlumotlarga raddiya berilishi bilan bir qatorda ularni tarqatish natijasida yetkazilgan zararlarning oʻrni qoplanishini talab qilishga haqli.
9-modda. Intellektual faoliyat natijalarini himoya qilish
Nodavlat notijorat tashkilotining intellektual faoliyatning obyektiv ifoda etilgan natijalariga va uning xususiy alomatlarini aks ettiruvchi vositalarga boʻlgan mutlaq huquqi qonun bilan muhofaza etiladi hamda davlat tomonidan himoya qilinadi.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 97, 1031 — 1040-moddalari.
10-modda. Davlat organlarining gʻayriqonuniy qarorlaridan, ular mansabdor shaxslarining gʻayriqonuniy harakatlaridan (harakatsizligidan) himoya qilish
Nodavlat notijorat tashkilotlari davlat organlarining gʻayriqonuniy qarorlari, ular mansabdor shaxslarining gʻayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) ustidan boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilish huquqiga ega.
Nodavlat notijorat tashkilotlari oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzadigan davlat organlarining gʻayriqonuniy qarorlari, ular mansabdor shaxslarining gʻayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilganda davlat boji toʻlashdan ozod etiladi.
Davlat organlarining gʻayriqonuniy qarorlari, ular mansabdor shaxslarining gʻayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) natijasida nodavlat notijorat tashkilotiga yetkazilgan zararning oʻrni sudning qarori asosida qoplanishi kerak.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang:Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 15-moddasi.
4-bob. Nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash
11-modda. Davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash shakllari
Davlat nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatini subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar shaklida qoʻllab-quvvatlashi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat qonunchilikka muvofiq nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatini boshqa jihatdan ham qoʻllab-quvvatlashi mumkin.
(11-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Ijtimoiy sheriklik toʻgʻrisida”gi Qonuni 12-moddasi birinchi qismining ikkinchi xatboshisi va 19-moddasi.
Oldingi tahrirga qarang.
Mamlakatda demokratik oʻzgarishlarni yanada rivojlantirishga va bunda nodavlat notijorat tashkilotlarining faol ishtirok etishiga koʻmaklashish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzurida Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi va uning alohida boʻlinmalari, shuningdek Fond mablagʻlarini boshqarish boʻyicha Parlament komissiyasi tuziladi.
(11-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 21-avgustdagi OʻRQ-1083-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.08.2025-y., 03/25/1083/0769-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2024-yil 28-oktabrdagi 5005-IV/KQ-842-IV-sonli “Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlashni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qoʻshma qarori.
Oldingi tahrirga qarang.
12-modda. Davlat subsidiyasi
Davlat subsidiyasi Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan, Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan, davlat maqsadli jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan nodavlat notijorat tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlash uchun beriladigan va maxsus loyihalar bilan bogʻliq boʻlmagan moliyaviy yoki boshqa moddiy koʻmakdir.
Nodavlat notijorat tashkilotlariga davlat subsidiyalarini ajratish tartibi va shartlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan belgilanadi.
(12-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 21-avgustdagi OʻRQ-1083-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.08.2025-y., 03/25/1083/0769-son)
Oldingi tahrirga qarang.
13-modda. Davlat granti
Davlat granti nodavlat notijorat tashkilotlariga ijtimoiy foydali maqsadlarga erishishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish uchun tanlov asosida Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti, Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjeti, viloyatlarning viloyat budjetlari va Toshkent shahrining shahar budjeti mablagʻlari hisobidan beriladigan pul mablagʻlari va moddiy resurslardir.
Nodavlat notijorat tashkilotlariga davlat grantlarini ajratish tartibi va shartlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan belgilanadi.
(13-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 21-avgustdagi OʻRQ-1083-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.08.2025-y., 03/25/1083/0769-son)
Oldingi tahrirga qarang.
14-modda. Davlat ijtimoiy buyurtmasi
Nodavlat notijorat tashkilotlariga davlat ijtimoiy buyurtmasi sotsial va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish uchun davlat organi va nodavlat notijorat tashkiloti oʻrtasida shartnoma tuzish orqali ishlarni bajarish yoki tadbirlar oʻtkazishga qaratilgan davlat topshirigʻidan iboratdir.
Nodavlat notijorat tashkilotlariga davlat ijtimoiy buyurtmasini berish tartibi va shartlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan belgilanadi.
Davlat organlari har yili sotsial va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish uchun nodavlat notijorat tashkilotlariga budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan bevosita davlat ijtimoiy buyurtmasini berish boʻyicha tanlovlar tashkil etadi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari tegishli sohalar va tarmoqlardagi muammolarning yechimini nazarda tutuvchi tashabbusli loyihalarni amalga oshirish uchun davlat ijtimoiy buyurtmasini olish toʻgʻrisida davlat organiga taklif kiritishi mumkin. Tashabbusli loyiha belgilangan tartibda davlat organi huzuridagi jamoatchilik kengashi tomonidan ijobiy baholangan taqdirda, uning tashabbuskoriga davlat organining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining ming baravarigacha miqdordagi davlat ijtimoiy buyurtmasi toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzish yoʻli bilan berilishi mumkin.
Sotsial va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish uchun davlat organlari tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlariga davlat ijtimoiy buyurtmasi berish, shuningdek tanlov shartlari va uni oʻtkazish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
(14-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 21-avgustdagi OʻRQ-1083-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.08.2025-y., 03/25/1083/0769-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-fevraldagi 135-son qarori bilan tasdiqlangan Sotsial va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish uchun davlat boshqaruvi organlari tomonidan davlat ijtimoiy buyurtmasi berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 4-5-boblari.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
15-modda. Nizolarni hal etish
Oldingi tahrirga qarang.
Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga kafolatlar berish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash, nodavlat notijorat tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlash sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(15-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
16-modda. Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
(16-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 239-moddasi, Jinoyat kodeksining 216-moddasi.
Oldingi tahrirga qarang.
17-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
(17-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
Oldingi tahrirga qarang.
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
(17-moddaning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 21-avgustdagi OʻRQ-1083-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.08.2025-y., 03/25/1083/0769-son)
18-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
 LexUZ sharhi
Ushbu Qonun “Xalq soʻzi” gazetasining 2007-yil 4-yanvardagi 3 (4156) – sonida eʼlon qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 3-yanvar,
OʻRQ-76-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 1-2-son, 2-modda; 2008-y., 51-son, 500-modda; 2017-y., 37-son, 978-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.07.2020-y., 03/20/629/1087-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 22.08.2025-y., 03/25/1083/0769-son)