|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.10.2017
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA AVTOMOTOTRANSPORT VOSITALARINI BOShQARISh HUQUQINI BERUVChI MILLIY HAYDOVChILIK GUVOHNOMASINING YaNGI NAMUNASINI TASDIQLASh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-martdagi 116-sonli “Milliy haydovchilik guvohnomasining hamda avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning yangi namunalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2017-yilning 1-oktabridan o‘z kuchini yo‘qotadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida avtomototransport vositalarini boshqarish huquqini berish, haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash tartibini takomillashtirish choralari to‘g‘risida” 2006-yil 2-avgustdagi 156-son qarorining ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasida avtomototransport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi milliy haydovchilik guvohnomasi va talonining yangi namunalari hamda tavsiflari 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin va 2007-yil 1-martdan boshlab amalga kiritilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi 2007-yil 1-martdan boshlab milliy haydovchilik guvohnomasi va uning talonini amalda joriy etishni ta’minlash uchun ularni tayyorlash yuzasidan buyurtma bersin va Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining hududiy bo‘linmalariga taqsimlasin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi “Davlat belgisi” davlat-ishlab chiqarish birlashmasiga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi buyurtmasi asosida milliy haydovchilik guvohnomasi va uning talonini yetarli miqdorda, sifatli tayyorlab berish yuklansin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash (malakasini oshirish), imtihondan o‘tkazish va ularga milliy haydovchilik guvohnomalari berish tartibi to‘g‘risida” 1998-yil 19-oktabrdagi 445-son qarori 2007-yil 1-martdan boshlab o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari N.M. Xanov va Ichki ishlar vaziri B.A. Matlyubov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2006-yil 19-dekabr,
261-son
Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 19-dekabrdagi 261-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Milliy haydovchilik guvohnomasining namunasi
Haydovchilik guvohnomasi namunasining
TASNIFI
TASNIFI
Haydovchilik guvohnomasi to‘rtburchak shakldagi, o‘lchamlari 102 x 62 mm. bo‘lgan, zichligi bir kvadrat metrga 140+/-5 grammli 100% paxtadan olingan va ultrabinafsha nurda ko‘rinmaydigan qog‘ozdan tayyorlanadi. Qog‘oz qatlami orasiga joylashgan, ultarbinafsha nurda ko‘rinadigan ko‘k va och yashil rangli tola hamda nurda yaxshi ajralib turadigan “paxta chanog‘i” ko‘rinishidagi uch o‘lchamli umumiy “suv belgi”si mavjud. Ofsetli yozuv, seriyasi ikki harfli, nomeri oltita raqamli.
Blanka quyidagi maxsus himoyalarga ega:
kimyoviy ta’sirga bardoshli poligraf bo‘yoqdan foydalanilgan, yuza qismidagi kataklarda nusxa olishga va skaner qilishga qarshi ingichka chiziqlar mavjud. Bir rangdan boshqa rangga rasm chiziqlari buzilmasdan ohista jilovlanishi ta’minlangan. Juda kattalashtirilganda mikromatn ko‘rinadi, ultrabinafsha nurda ko‘rinmaydigan tasvirlar va yettita raqamli son ko‘rinadi. Maxsus qabariq va o‘yiqlar mavjud.
Lotin alifbosi harflaridagi o‘zbek tili qo‘llangan.
“Haydovchilik guvohnomasi”ning old tomonida uning nomlanishi o‘zbek va fransuz tillarida yozilgan, Vena konvensiyasi talabida belgilangan majburiy ma’lumotlarning 10 ta bandi kiritilgan, fotosurat va muhr o‘rni ko‘rsatilgan.
Haydovchilik guvohnomasining orqa tomonida respublika nomi o‘zbek va ingliz tillarida yozilgan, O‘zbekiston Respublikasi gerbi tushirilgan. Vena konvensiyasi talabida belgilangan majburiy ma’lumotlarning 11-bandi kiritilgan. A, V, S, D va E toifalari qisqa tavsifi bilan yozilgan va beriladigan ruxsat belgisi uchun joy ko‘rsatilgan. Shuningdek, haydovchilik guvohnomasi taloni seriyasi va raqamlari, almashtirilganligi hamda dublikati berilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 19-dekabrdagi 261-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Milliy haydovchilik guvohnomasi talonining namunasi
Haydovchilik guvohnomasi taloni namunasining
TASNIFI
TASNIFI
Haydovchilik guvohnomasining taloni to‘rtburchak shakldagi, o‘lchamlari 102 x 62 mm. bo‘lgan, zichligi bir kvadrat metrga 140+/-5 grammli 100% paxtadan olingan va ultrabinafsha nurda ko‘rinmaydigan qog‘ozdan tayyorlanadi. Qog‘oz qatlami orasiga joylashgan, ultarbinafsha nurda ko‘rinadigan ko‘k va och yashil rangli tola hamda nurda yaxshi ajralib turadigan “paxta chanog‘i” ko‘rinishidagi uch o‘lchamli umumiy “suv belgi”si mavjud. Ofsetli yozuv, seriyasi “O’zR”, nomeri yettita raqamli.
Blanka quyidagi maxsus himoyalarga ega:
kimyoviy ta’sirga bardoshli poligraf bo‘yoqdan foydalanilgan, yuza qismidagi kataklarda nusxa olishga va skaner qilishga qarshi ingichka chiziqlar mavjud. Bir rangdan boshqa rangga rasm chiziqlari buzilmasdan ohista jilolanishi ta’minlangan. Juda kattalashtirilganda mikromatn ko‘rinadi, ultrabinafsha nurda ko‘rinmaydigan tasvirlar va yettita raqamli son ko‘rinadi. Maxsus qabariq va o‘yiqlar mavjud.
Lotin alifbosi harflaridagi o‘zbek tili qo‘llangan.
Talonning old tomonida berilgan haydovchilik guvohnomasining seriyasi va raqamlarini yozish uchun joy, blanka nomi va uning seriyasi hamda nomeri, egasi haqida ma’lumot, kim tomonidan qachon berilganligi, A, V, S, D va E toifalari ko‘rsatilgan, nurda aniq ko‘rinuvchi sakkiz qirrali yulduz rasmi va “UZ” yozuvi tushirilgan.
Haydovchilik guvohnomasi talonining orqa tomonidan yo‘l qo‘yilgan qoida buzilishlarini qayd etish uchun jadval, haydovchilik guvohnomasi kim tomonidan va qachon olib qo‘yilganligi to‘g‘risida belgilar uchun joy va muhr o‘rni ko‘rsatilgan. Toifalari bo‘yicha transport vositalarining surati tushirilgan.
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 51-52-son, 513-modda)