|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.12.2025
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI YOʻLLARIDA HARAKATLANISH XAVFSIZLIGINI TAʼMINLASH TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida yoʻl-transport hodisalarining oldini olish, harakatlanish xavfsizligini taʼminlash va bu borada yagona davlat siyosatini oʻtkazish ishlarini yanada yaxshilash, harakatlanish xavfsizligini taʼminlashga daxldor barcha idoralarning faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekiston Respublikasi yoʻllarida harakatlanish xavfsizligini taʼminlash toʻgʻrisida Nizom” tasdiqlansin (1-ilova).
2. Yoʻllarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlash maqsadida:
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi yagona davlat siyosatini olib boradi, meʼyoriy, normativ-huquqiy hujjatlarni, Davlat dasturini ishlab chiqadi, yoʻllarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlashga oid qonunlar va meʼyoriy hujjatlarning ijrosini tashkil etadi, ularning boshqa vazirliklar va idoralar tomonidan bajarilishini nazorat qilib boradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Ijtimoiy taʼminot vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, “Kafolat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi harakatlanish xavfsizligini taʼminlash davlat xarajatlarini belgilaydi va mablagʻlar sarflanishini nazorat qiladi, yoʻl-transport hodisalari oqibatida nobud boʻlganlarning oilalarini va jarohatlanganlarni ijtimoiy himoya qilish, sugʻurtalash, tibbiy xizmat koʻrsatish tizimi va shartlarini belgilaydi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi hududida harakatlanish xavfsizligini taʼminlashga daxldor barcha vazirliklar, davlat qoʻmitalari, korporatsiya, uyushma, konsern va boshqa tashkilotlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ushbu qaror talablaridan kelib chiqadigan vazifalar ijrosini taʼminlash yuzasidan zarur chora-tadbirlarni belgilasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat avtomobil nazorati boshqarmasi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat avtomobil nazorati Bosh boshqarmasi tashkil etilsin.
Boshqarmaning qayta tashkil etilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat avtomobil nazorati Bosh boshqarmasining respublika budjeti boʻyicha shtatlari soni Davlat avtomobil nazorati boshqarmasining Ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlangan boshqa mavjud manbalar hisobidagi shtatlar sonini tegishli ravishda qisqartirish hisobiga 72 nafarga koʻpaytirilsin (2-ilova).
5. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bir oy muddatda Davlat avtomobil nazorati Bosh boshqarmasining Nizomini, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmalari (boshqarmalari) Davlat avtomobil nazorati boshqarmalari (boʻlimlari)ning Namunaviy nizomini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi haqida” 1991-yil 25-oktabrdagi 270-son qarorining 2-ilovasiga quyidagi oʻzgartirishlar kiritilsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi markaziy apparati tuzilmasining IV boʻlimidagi va prinsipial sxemadagi “Davlat avtomobil nazorati boshqarmasi” soʻzlari “Davlat avtomobil nazorati Bosh boshqarmasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 26-dekabrdagi 620-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi B. H. Gʻulomov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 5-dekabr,
539-son
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil
5-dekabrdagi 539-son qaroriga
1-ILOVA
5-dekabrdagi 539-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi yoʻllarida harakatlanish
xavfsizligini taʼminlash toʻgʻrisida
xavfsizligini taʼminlash toʻgʻrisida
NI3OM
1. Yoʻl-transport hodisalari mamlakat iqtisodiyotiga va jamiyatning maʼnaviy hayotiga juda katta zarar yetkazishi mumkin boʻlganligi uchun yoʻllarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlash davlat oldida turgan muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
2. Yoʻllarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlash bilan bogʻliq vazifalarni bajarish vazirliklar, davlat qoʻmitalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, shahar va tumanlar hokimliklari, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar konsern, korporatsiya, kompaniya, korxona, tashkilot, muassasa, jamoat birlashmalari va ijodiy uyushmalar, Oʻzbekiston Respublikasida yashovchi barcha jismoniy shaxslarning burchidir.
3. Yoʻllarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlash ishlari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, amaldagi qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Harakatlanish xavfsizligini taʼminlash komissiyasi qarorlari, ushbu Nizom, Oʻzbekiston Respublikasi qoʻshilgan harakatlanish xavfsizligini taʼminlashga oid xalqaro shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
4. Mahalliy hokimiyat va ijro etuvchi organlar:
yoʻllarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlashga oid reja va hududiy dasturlarni tasdiqlaydilar, muvofiqlashtiradilar va ularning ijrosini nazorat qiladilar;
mahalliy ijro etuvchi organlar rahbarlarining yoʻllarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlash boʻyicha hisobotlarini koʻrib chiqadilar;
tegishli hududda yoʻllardagi harakatlanish xavfsizligini taʼminlaydilar;
yoʻllarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlash tadbirlarini qonunchilikda belgilangan tartibda mablagʻ bilan taʼminlaydilar;
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Yoʻl harakati toʻgʻrisida”gi Qonunning 3-bobi.
ijro etuvchi hokimiyatning markaziy organlari, vazirlik va davlat idoralarining yoʻllarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlash doirasidagi qarorlarining ijrosini tashkil etadilar va nazorat qiladilar;
yoʻl-transport hodisalarining oldini olish tadbirlarini, aholiga yoʻllarda harakatlanish xavfsizligi talablarini oʻqitishni tashkil etadilar;
yoʻllar va koʻchalarni qurish, tuzatish ishlarini, harakatlantirishni tashkil qilish texnika vositalarini joriy qilish, yoʻllarni qoʻriqlash va xizmat koʻrsatish shoxobchalari bilan taʼminlashni tashkil etadilar va ulardan foydalanish holatini nazorat qiladilar;
hududda joylashgan yuridik shaxslarning yoʻllarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlash boʻyicha faoliyatlarini nazorat qiladilar va ularning muvofiqlashtirilishini taʼminlaydilar.
5. Yoʻllarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlash ishlari yuritilishining davlat nazorati maxsus organ — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat avtomobil nazorati xizmatiga yuklanadi. U Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi yoʻllarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlash va tashkil etish ishlarini nazorat qilish vakolati berilgan yagona organ hisoblanadi.
Davlat avtomobil nazorati tomonidan oʻz vakolati doirasida qabul qilingan va yoʻllarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan qarorlarni bajarish Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi barcha yuridik va jismoniy shaxslar uchun majburiydir.
6. Vazirliklar hamda idoralar tomonidan qabul qilinadigan va qoʻllaniladigan yoʻllarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlashga oid barcha meʼyoriy hujjatlar Davlat avtomobil nazorati Bosh boshqarmasi bilan kelishilgan boʻlishi zarur.
7. Davlat avtomobil nazoratini qonunchilik bilan uning zimmasiga yuklanmagan vazifalarni bajarishga jalb etish taqiqlanadi.
8. Davlat avtomobil nazoratining asosiy vazifalari quyidagilardan iboratdir:
yoʻllarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlash boʻyicha qonunlar, qoidalar, meʼyorlar va oʻlcham (standart)larga rioya etilishini nazorat qilish;
manfaatdor vazirliklar, idoralar, tashkilotlar va ilmiy muassasalar bilan hamkorlikda yoʻllarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlash, bu sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olishga oid takliflar va tadbirlarni ishlab chiqish;
yoʻl-transport hodisalari sodir etilishiga, yoʻllarda harakatlanish qoidalari buzilishiga, bu sohadagi boshqa huquqqa xilof xatti-harakatlar yuz berishiga olib keluvchi sabablarni aniqlash, oʻz vakolati doirasida ularni bartaraf etish choralarini koʻrish;
yoʻl-transport hodisalarining hisobini olib borish, ularning sabablarini tahlil qilish, ularni boshqa davlatlardagi maʼlumotlar bilan taqqoslash;
yoʻllarda harakatlanish qoidalari buzilishining hisobini olib borish, bu sohadagi qonunchilikni qoʻllash amaliyotini umumlashtirish, qonunda belgilangan tartibda maʼmuriy huquqbuzarliklarning koʻrib chiqilishini tashkil etish va amalga oshirish;
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Yoʻl harakati toʻgʻrisida”gi Qonunining 7-moddasi.
atrof-muhitni avtomototransport vositalarining zararli taʼsiridan himoya qilish tadbirlarini amalga oshirish, bu boradagi meʼyoriy hujjatlar talablari bajarilishini nazorat qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va boshqa qoʻriqlanadigan shaxslar (shu jumladan, xorijiy davlat rahbarlari)ning maxsus avtomobillari kuzatib borilishini va ularning toʻsiqsiz oʻtishini taʼminlash, shuningdek, maxsus trassa va maxsus maqsaddagi avtomobillar holatini nazorat qilib borish;
avtomototransport vositalarini belgilangan tartibda, shu jumladan, shartnoma asosida kuzatib borishni amalga oshirish;
avtokarvonda odamlarni ommaviy ravishda tashishda harakatlanish xavfsizligini taʼminlash;
mamlakat va xalqaro miqyosdagi ijtimoiy-siyosiy, ommaviy-madaniy tadbirlar paytida harakatlanish xavfsizligini taʼminlash;
avtomototransport vositalarini, ularning tirkamalarini va yarim tirkamalarini davlat texnik koʻrigidan oʻtkazish;
avtomototransport vositalarini, ularning tirkamalarini va yarim tirkamalarini roʻyxatdan oʻtkazish, qayta roʻyxatdan oʻtkazish, roʻyxatdan chiqarish, roʻyxatdan oʻtkazilgan avtomototransport vositalarining hisobini olib borish, ularga roʻyxatdan oʻtkazish hujjatlari va davlat raqami belgilari berish;
fuqarolar tomonidan mustaqil ravishda tayyorlangan avtomototransport vositalarini tegishli tekshiruvdan soʻng roʻyxatdan oʻtkazish;
avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlaydigan oʻquv tashkilotlarini roʻyxatga olish va oʻquv jarayonini nazorat qilib borish, yoʻllarda harakatlanish qoidalari va avtomototransport vositalarini amaliy boshqarish malakasi boʻyicha imtihon olish, avtomototransport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi guvohnomalarni berish. Bu masalalarda jahondagi ilgʻor tajribalarni oʻrganish va hayotga tatbiq etish;
xorijiy davlatlar elchixonalari, konsulliklariga, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari, chet el korxona va muassasalariga qarashli avtotransport vositalariga maxsus davlat raqami belgilari berish, ularning xodimlariga va boshqa xorijiy fuqarolarga, fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga haydovchilik guvohnomalari va ularga qarashli avtomototransport vositalariga maxsus davlat raqami belgilari berish;
ogʻir vaznli, xavfli, maxsus va katta hajmli (gabaritli) yuklarni tashishga ruxsat berish, ularni tashishda harakatlanish xavfsizligi talablariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi, shuningdek, maxsus va maxfiy yuklarni tashiydigan muassasalar, idoralar va tashkilotlarning maxsus avtomototransport vositalariga maxsus talon berish;
yoʻllardagi harakatlanish sharoitlarini oʻrganish, koʻcha va yoʻllarda transport hamda piyodalar qatnovi tashkil etilishini takomillashtirish choralarini koʻrish;
yoʻllardagi harakatlanishni tartibga solish, shu maqsadda texnik vositalar va avtomatlashtirilgan tizimlardan foydalanish; avtobus, kichik avtobuslar muntazam qatnaydigan xalqaro, shaharlararo va mahalliy yoʻnalishlarni koʻrib chiqish va ularga ruxsat berish haqida xulosalar tayyorlash;
avtomobil yoʻllari, koʻchalar, yoʻl inshootlari, temir yoʻllardan oʻtish joylari, shahar elektr transporti yoʻli, turar-joy dahalari, alohida binolar, kichik meʼmorchilik inshootlari, savdo, umumiy ovqatlanish, maishiy xizmat koʻrsatish, avtomobillarga yonilgʻi quyish shoxobchalarini qurish va qayta qurish loyihalarini, avtomototransport vositalarining konstruksiyasi (tuzilishi)ni yoʻllarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlash nuqtai nazaridan koʻrib chiqish va ular yuzasidan xulosalar tayyorlash, ushbu inshootlarni va avtomototransport vositalarini foydalanishga qabul qilish komissiyalari ishida qatnashish;
daxldor vazirliklar, idoralar va tashkilotlar bilan birgalikda yoʻllar, yoʻl inshootlari, yoʻl belgilari va chiziqlari, harakatlanishni boshqarishning texnik vositalari, temir yoʻl kesishmalarining holatini oʻrganib chiqish boʻyicha har yili kamida ikki marta (bahorgi va kuzgi) mavsumiy koʻrik oʻtkazish;
yoʻl-transport hodisalari va toʻqnashuvlar yuzasidan surishtiruv ishlarini olib borish;
yoʻl-transport hodisasi yuz bergan joyda kechiktirib boʻlmaydigan ishlarni amalga oshirish, yoʻl-transport hodisasi ishtirokchilarini ushlab turish, guvohlarni aniqlash, yoʻl-transport hodisasini hujjatlashtirish, transport va piyodalarning xavfsiz qatnovini tashkil etish, jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish va boshqalar;
olib qochilgan, oʻgʻirlangan avtomototransport vositalarini va yoʻl-transport hodisasi joyidan yashiringan haydovchilarni qidirish ishini tashkil etish va amalga oshirishda ishtirok etish;
mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, yangidan ochilayotgan texnik xizmat koʻrsatish stansiyalari va avtomobillarni tuzatish ustaxonalarini roʻyxatdan oʻtkazish;
mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, texnik xizmat koʻrsatish stansiyalari va avtomobillarni tuzatish ustaxonalarida yoʻllarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlash sohasidagi meʼyoriy hujjatlarga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshirish, avtomototransport vositalari tuzatilishining qonuniyligini tekshirish;
militsiyaning boshqa xizmatlari bilan hamkorlikda jinoyatchilikka qarshi kurash, jamoat tartibini saqlash, jinoyat qilgan shaxslarni ushlashda ishtirok etish;
yoʻllarda harakatlanish qoidalarini targʻib qilish va yoʻl-transport hodisalarining oldini olish boʻyicha tushuntirish ishlari olib borish, shu maqsadda ommaviy axborot vositalari (matbuot, radio, televideniye), nashriyot, kino, teatr sanʼati imkoniyatlaridan foydalanish, koʻrik, tanlov va musobaqalar oʻtkazish;
Xalq taʼlimi vazirligi, boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bolalar oʻrtasida yoʻl-transport hodisalarining oldini olish choralarini koʻrish, maktab va maktabgacha tarbiya muassasalarida yoʻllarda harakatlanish qoidalari oʻrgatilishini nazorat qilish;
Davlat avtomobil nazorati shaxsiy tarkibi tomonidan qonun buzilishiga yoʻl qoʻymaslik, berilgan huquqlardan toʻgʻri foydalanish, yoʻllarda harakatlanish qatnashchilari bilan muomalada bosiq, odobli boʻlishni taʼminlash, ularni xizmat burchiga vijdonan va halol yondoshish ruhida tarbiyalash.
9. Davlat avtomobil nazorati oʻz zimmasiga yuklangan majburiyatlarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga egadir:
vazirliklar, idoralarga, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, barcha muassasalar, korxonalar, tashkilotlarga toʻsiqsiz kirish, zarur maʼlumotlar va hujjatlarni bepul olish, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan yoʻllarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlashga va atrof-muhitni avtomototransport vositalarining zararli taʼsiridan himoya qilishga oid qoidalar, meʼyorlar hamda oʻlcham (standart)larning bajarilishini tekshirish;
mansabdor shaxslar va fuqarolarga yoʻllarda harakatlanish xavfsizligini va atrof-muhitni himoya qilishni taʼminlashga oid qoidalar, meʼyorlar va oʻlchamlar talablari buzilishini bartaraf etish toʻgʻrisida bajarilishi shart boʻlgan yozma koʻrsatmalar berish, bunday koʻrsatmalarni bajarish yuzasidan chora-tadbirlar koʻrmagan shaxslarni belgilangan tartibda javobgarlikka tortish;
yoʻllarda harakatlanish va uning xavfsizligini taʼminlashga taalluqli qonun va meʼyoriy hujjatlar (qoidalar, meʼyorlar, oʻlchamlar)ni ishlab chiqishda qatnashish, amaldagilariga esa qoʻshimchalar va oʻzgartirishlar kiritish yuzasidan tegishli takliflar kiritish;
avtomobil yoʻllari, koʻchalar, yoʻl inshootlari, temir yoʻllardan oʻtish joylari, shahar elektr transporti yoʻllarini, koʻcha va yoʻl yoqalariga qurilgan savdo, umumiy ovqatlanish, maishiy xizmat koʻrsatish va avtomobillarga yonilgʻi quyish shoxobchalari va boshqa binolarni, avtomototransport texnikasining yangi namunalarini foydalanishga qabul qilish komissiyalari, shaharsozlar va texnik kengashlar ishida hal etuvchi ovoz bilan qatnashish;
belgilangan tartibda foydalanishga topshirilmagan avtomobil yoʻllari, koʻchalar, temir yoʻllardan oʻtish joylaridagi harakatni, shahar elektr transporti yoʻlidan va avtomototransport vositalarining yangi namunalaridan foydalanishni taqiqlash;
ommaviy tadbirlar, sport musobaqalari oʻtkazilayotganda yoki yoʻldan foydalanish harakatlanish xavfsizligiga putur yetkazganda yoʻlning ayrim joylarida harakatlanishni vaqtincha cheklash yoki taqiqlash;
avtomobil yoʻllari, koʻchalar, temir yoʻllardan oʻtish joylari hamda ularga ajratilgan mintaqalarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlash boʻyicha belgilangan qoidalar, meʼyorlar va oʻlchamlar buzilgan holda bajarilayotgan qurilish, taʼmirlash yoki boshqa ishlarning amalga oshirilishini taqiqlash yoki toʻxtatib qoʻyish;
harakatlanish taqiqlangan yoki cheklangan koʻcha va yoʻllarda korxona, tashkilot va muassasalarning transport vositalariga ishlab chiqarish zarurati bilan harakatlanishga ruxsatnoma berish;
yoʻllarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlash boʻyicha belgilangan qoidalar, meʼyorlar va oʻlchamlar buzilgan yoki Davlat avtomobil nazoratining yozma ruxsati boʻlmaganda koʻchalar va yoʻllarni qayta qurish va tuzatishni toʻxtatish yoki taqiqlash toʻgʻrisida koʻrsatmalar berish;
xavfsizlik talablariga rioya etilmagan hollarda belgilangan yoʻnalishda yoʻlovchilar tashish bilan shugʻullanadigan barcha avtobus va kichik avtobuslar qatnovini, ogʻir vaznli, katta hajmli, xavfli va maxsus yuklar tashishni taqiqlash yoki cheklash;
tegishli tashkilotlarga yoʻllarda harakatlanishni tartibga soluvchi texnik vositalarni oʻrnatishga ruxsat etish yoki ularni olib tashlash toʻgʻrisida koʻrsatma berish;
daxldor vazirliklar, idoralar va tashkilotlar bilan birgalikda yoʻllar, yoʻl inshootlari, yoʻl belgilari va chiziqlari, harakatlanishni boshqarishning texnik vositalari, temir yoʻl kesishmalarining ahvolini oʻrganib chiqish boʻyicha har yili kamida ikki marta (bahorgi va kuzgi) oʻtkaziladigan mavsumiy koʻrik komissiyasi ishida hal qiluvchi ovoz bilan qatnashish;
transport vositalarining konstruksiyasi yoki texnik holati Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunlariga, meʼyorlari va oʻlchamlari talablariga muvofiq kelmasa, shuningdek, transport vositasi belgilangan tartibda qayd etilmagan, davlat texnika koʻrigidan oʻtmagan boʻlsa, davlat raqami belgisiga ega boʻlmasa, davlat raqami belgisi, agregati va qismlarining raqamlari qalbakilashtirilgan, yashirincha yoki boshqacha tarzda oʻzgartirilgan boʻlsa, bunday transport vositalaridan foydalanishni taqiqlash, shu jumladan, davlat raqami belgilarini olib qoʻyish;
oʻlchamlar talablarini buzib, loyiha hujjatlarisiz (bunday hujjatlarning boʻlishi tegishli meʼyoriy hujjatlarda nazarda tutilgan hollarda) yoki belgilangan tartibda kelishib olinmagan hujjatlar bilan tayyorlangan yoki qayta jihozlangan transport vositalaridan (va qoʻshimcha qurilmalardan), shuningdek, egalari raqamli qism va agregatlar qonuniy xarid qilinganligi toʻgʻrisida tegishli hujjatlarni taqdim etmagan transport vositalarini foydalanishga yoʻl qoʻymaslik;
transport vositalarini toʻxtatish, ulardan foydalanish hamda ularni boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarni, shuningdek, u transport vositalari va tashilayotgan yuk hujjatlarini tekshirish, qonunchilikda nazarda tutilgan holatlarda bu hujjatlarni tekshirishni davom ettirish uchun olib qolish;
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 1-dekabrdagi 975-son qarori bilan tasdiqlangan Yoʻl-patrul xizmati xodimlarining yoʻl harakati qatnashchilari bilan oʻzaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
mast yoki kasal holatda deb hisoblash uchun yetarli asoslar mavjud boʻlgan shaxslarni transport vositalarini boshqarishdan chetlashtirish, ularni belgilangan tartibda tibbiy koʻrikdan oʻtishga yuborish va vaqtincha transportni boshqarish huquqidan mahrum etish;
transport vositasini boshqarish va undan foydalanish huquqini beruvchi hujjatlari boʻlmagan shaxslarni belgilangan tartibda tekshiruvdan oʻtkazish, ularni transport vositalarini boshqarishdan chetlashtirish;
jinoyat yoki maʼmuriy huquqbuzarlik sodir qilishda gumon qilinayotgan shaxslarni ularning organizmida alkogol yoki giyohvand moddalar bor-yoʻqligini aniqlash uchun belgilangan tartibda tekshiruvdan oʻtkazish, tekshirish natijasi huquqbuzarlikni tasdiqlash yoki rad etish yoxud huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni xolis koʻrib chiqish uchun zarur boʻlgan hollarda bunday shaxslarni tibbiy muassasalarga yoʻllash yoki olib kelish;
yoʻllarda harakatlanish qoidalari buzilganligini aniqlash va qayd etish, transport vositalari va avtomobil yoʻllarining holatini nazorat qilish, toʻxtash va toʻxtab turish qoidalari buzilgan hollarda transport vositalarini majburiy tashish uchun maxsus texnika va transport vositalaridan foydalanish;
yoʻllarda harakatlanish qoidalarini buzgan transport vositalari haydovchilari va fuqarolarni Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan tartibda ushlab turish, haydovchi huquqqa xilof ravishda foydalanganligi gumon qilingan transport vositasini, shuningdek, noqonuniy tashilayotganligiga asos bor deb hisoblangan yukni koʻrikdan oʻtkazish (bunda qonunda koʻzda tutilgan holda mavjud boʻlmasa, shaxsni koʻrikdan oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi);
jinoyat sodir etilgan yoki yoʻl-transport hodisasi roʻy bergan joydan yashiringan va ichki ishlar organlari xodimlarining toʻxtash toʻgʻrisidagi talablariga boʻysunmagan haydovchilarning transport vositalarini boshqalarning hayotiga xavf solmagan holda majburan toʻxtatish va ularni ushlash, bunday hollarda qonunda belgilangan tartibda maxsus vositalardan foydalanish;
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 1-dekabrdagi 975-son qarori bilan tasdiqlangan Yoʻl-patrul xizmati xodimlarining yoʻl harakati qatnashchilari bilan oʻzaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
avtomototransport vositalari belgilangan tartibga xilof ravishda tuzatilayotganligi aniqlangan, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, texnik xizmat koʻrsatish stansiyalari va avtomobillarni tuzatish ustaxonalari faoliyatini toʻxtatib qoʻyish;
yoʻllarda harakatlanish sohasidagi huquqbuzarlik uchun mansabdor shaxslar va fuqarolarga nisbatan maʼmuriy bayonnoma tuzish, amaldagi qonunchilikda koʻzda tutilgan maʼmuriy jazoni oʻz vakolati doirasida belgilangan tartibda qoʻllash;
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 248-moddasi.
fuqarolar va mansabdor shaxslarni koʻrib chiqilayotgan ishlar va materiallar boʻyicha Davlat avtomobil nazorati organlariga chaqirish va ulardan yozma hamda ogʻzaki holda tushuntirish xatlari olish;
transport vositalari haydovchilarining yoʻllarda harakatlanish qoidalari boʻyicha bilimlarini, transport vositalarini boshqarish malakalarini tekshirish, shuningdek, ularning transport vositalarini boshqarishga yaroqli ekanliklarini aniqlash maqsadida belgilangan tartibda tibbiy tekshiruvdan oʻtkazishga yoʻllash;
yoʻl-transport hodisalari, toʻqnashuvlarda shikastlangan shaxslar va transport vositalarini tashishda korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning, favqulodda holatlarda esa fuqarolarning transport vositalaridan foydalanish;
mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari yoki fuqarolarga tegishli aloqa vositalaridan xizmat maqsadlarida toʻsiqsiz foydalanish;
manfaatdor tashkilotlar va ilmiy muassasalar bilan birgalikda yoʻllarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlash masalalariga oid tadqiqotlar oʻtkazishda qatnashish;
yoʻllarda harakatlanish sohasiga oid meʼyoriy hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlashda ishtirok etish;
yoʻllarda harakatlanish xavfsizligi masalalari boʻyicha xalqaro tashkilotlar ishida belgilangan tartibda qatnashish, manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasining ushbu masalalar boʻyicha davlatlararo va xalqaro bitimlardagi ishtirokidan kelib chiquvchi chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
yoʻllarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlash masalalari boʻyicha idoralararo konferensiyalar, seminarlar, kengashlar oʻtkazishni tashkil etish, ularda ishlab chiqilgan tavsiya va takliflarni amalga oshirish choralarini koʻrish;
harakatlanish xavfsizligini taʼminlash masalalari bilan shugʻullanuvchi xalqaro tashkilotlar va boshqa davlatlardagi turdosh organlar bilan yoʻl-transport hodisalarining oldini olish, transport bilan bogʻliq boʻlgan jinoyatchilikka, shuningdek, transport vositalarida narkotik moddalar, qurol-yarogʻlarni noqonuniy tashilishiga qarshi kurash borasida hamkorlik aloqalarini amalga oshirish;
moddiy-texnika bazasi, oʻquv jarayonini tashkil etish talablar darajasida boʻlgan oʻquv tashkilotlarida haydovchilar tayyorlash va qayta tayyorlashga ruxsat berish;
moddiy-texnika bazasi talablar darajasida boʻlmay qolgan, haydovchilar tayyorlash sifati qoniqarsiz boʻlgan oʻquv tashkilotlarining faoliyatini toʻxtatib qoʻyish yoki taqiqlash;
davlat avtomobil nazorati hisobidagi mablagʻlardan belgilangan tartibda foydalanish;
sugʻurta toʻlovlaridan tushgan mablagʻlar qismidan, undirilgan jarima, yigʻim, pullik xizmatlar va boshqa har xil tushumlardan ajratilgan mablagʻlardan qonunda belgilangan tartibda yoʻl-transport hodisalarining oldini olish, Davlat avtomobil nazorati moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va uning xodimlari ijtimoiy-maishiy muammolarini hal etishda foydalanish;
yoʻllarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlash sohasida targʻibot va tashviqot ishlarini olib borishda, shuningdek, ommaviy tadbirlarni oʻtkazishda, yoʻl-transport hodisalari, yoʻl va koʻchalardagi harakatlanish xavfsizligiga taʼsir etuvchi murakkab ob-havo sharoitlari, olib qochilgan, oʻgʻirlangan, jinoyat sodir etishda aloqasi boʻlgan va yoʻl-transport hodisasi yuz bergan joydan yashiringan transport vositalarini qidirishda, boshqa hollarda shoshilinch xabarlar berishni tashkil etishda ommaviy axborot vositalari (radio, televideniye, matbuot) imkoniyatlaridan bepul foydalanish;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Harakatlanish xavfsizligini taʼminlash komissiyasi yigʻilishida koʻrib chiqish uchun masalalar tayyorlash;
Davlat avtomobil nazorati organlari xizmati uchun mutaxassislar tayyorlash, shaxsiy tarkibning malakasini oshirish va dastlabki tayyorgarlikdan oʻtkazish uchun oʻquv yurtlari ochish va ularning faoliyatini tashkil etish.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat avtomobil nazorati organlari yuridik shaxs hisoblanadilar, mustaqil balansga, bankda hisob-kitob schyotiga, Davlat gerbi tasvirlangan va oʻz nomi yozilgan muhrga ega boʻladilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat
avtomobil nazorati bosh boshqarmasi xodimlari sonining
boshqa mavjud xodimlar hisobiga oʻzgarishi
avtomobil nazorati bosh boshqarmasi xodimlari sonining
boshqa mavjud xodimlar hisobiga oʻzgarishi
| | | |
| Jami | | — 72 nafar |
| Shu jumladan: | | |
| kichik va oʻrta boshliqlar tarkibi | | — 68 nafar |
| erkin yollanib ishlovchilar tarkibi | | — 4 nafar |
| | | |