toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan moliyaviy xizmatlar sohasidagi maxsus huquqiy rejimni joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 19-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3956]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-noyabrdagi PQ-359-son “Oʻzbekistonda moliyaviy texnologiyalar sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan moliyaviy xizmatlar sohasidagi maxsus huquqiy rejimni joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar 2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais T. ISHMETOV
Toshkent sh.,
2026-yil 28 sentabr,
25/2-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2026-yil 28-sentabrdagi 25/2-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan moliyaviy xizmatlar sohasidagi maxsus huquqiy rejimni joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki (bundan buyon matnda Markaziy bank deb yuritiladi) tomonidan moliyaviy xizmatlar sohasidagi maxsus huquqiy rejimni (bundan buyon matnda “tartibga solish qumdoni” deb yuritiladi) joriy etish va bekor qilish, shuningdek mazkur rejim doirasida faoliyatni amalga oshirish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
“akseleratsiya” yoʻlagi — Markaziy bank tashabbusi asosida tashkil etiladigan tematik qumdon doirasida moliya bozori uchun yangi boʻlgan yoki xorijiy davlatlarda muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazilgan, qonunchilikka tegishli oʻzgartirish kiritishni talab etadigan moliyaviy xizmatlarni sinovdan oʻtkazish yoʻnalishi;
ariza beruvchi — yangi moliyaviy operatsiyalar, texnologiyalar va xizmatlarni (bundan buyon matnda moliyaviy xizmat deb yuritiladi) “tartibga solish qumdoni” doirasida “tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi sifatida sinovdan oʻtkazish uchun Markaziy bankka ariza taqdim etgan, Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan yuridik shaxs;
birgalikda ariza beruvchi — yangi moliyaviy xizmatni “tartibga solish qumdoni” doirasida “tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi sifatida sinovdan oʻtkazish uchun Markaziy bankka ariza beruvchi bilan birgalikda murojaat etgan Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti yoki norezidenti boʻlgan yuridik shaxs, bundan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno;
ishchi organ — “tartibga solish qumdoni” doirasida arizalarni qabul qilish va koʻrib chiqish, sinov jarayonlarini kuzatib borish hamda mazkur Nizomda belgilangan boshqa vazifalarni amalga oshiruvchi Markaziy bankning masʼul tarkibiy boʻlinmasi;
“innovatsiya” yoʻlagi — yangi, noanʼanaviy yoki moliya bozorida ilgari qoʻllanilmagan yondashuvlarga asoslangan, amaldagi tartibga solish talablariga oʻzgartirish kiritishni talab qiladigan, bozordagi mavjud samarasizlikni bartaraf etish, mijozlar ehtiyojlarini qondirish va moliyaviy ommaboplikni kengaytirishga qaratilgan moliyaviy xizmatlarni sinovdan oʻtkazish yoʻnalishi;
Markaziy bankning nazorati ostida boʻlgan tashkilotlar — banklar, shu jumladan islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklar, mikromoliya banklari, nobank kredit tashkilotlari, toʻlov tizimlari operatorlari, toʻlov tashkilotlari, kredit byurolari, valyuta birjalari, Milliy kliring markazi;
maxsus elektron platforma (bundan buyon matnda platforma deb yuritiladi) — yuridik shaxsning ariza topshirish oldi maslahatini olish boʻyicha soʻrovi va “tartibga solish qumdoni”da ishtirok etish uchun arizasini qabul qilish va koʻrib chiqish, shuningdek sinov jarayonlarini monitoring qilib borish boʻyicha “tartibga solish qumdoni” ishtirokchilari va Markaziy bank oʻrtasida elektron axborot almashinuvini taʼminlashga moʻljallangan tizim;
sinovdan oʻtkazish — yangi moliyaviy xizmatni “tartibga solish qumdoni” doirasida koʻrsatish;
“tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi — “tartibga solish qumdoni” doirasida yangi moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazishga ruxsat berilgan yuridik shaxs;
“tartibga solish qumdoni” ishtirokchilarining reyestri (bundan buyon matnda reyestr deb yuritiladi) — “tartibga solish qumdoni” doirasida yangi moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazishga ruxsat berilgan ishtirokchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni aks ettiruvchi ommaviy axborot resursi;
“tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi — yuridik shaxslarning yangi moliyaviy xizmatni nazorat qilinadigan cheklangan muhitda (qamrov hududi, sinov davri, operatsiyalar va xizmatlarning soni va (yoki) hajmi, isteʼmolchilar soni va boshqalar) sinovdan oʻtkazish boʻyicha faoliyati tartibga solinadigan maxsus huquqiy rejim;
“tartibga solish qumdoni”ning amal qilish muddati — Markaziy bank va “tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi oʻrtasidagi oʻzaro kelishuvga koʻra “tartibga solish qumdoni”ning vaqtinchalik tartibida (bundan buyon matnda vaqtinchalik tartib deb yuritiladi) belgilanadigan, biroq uch yildan ortiq boʻlmagan muddatni oʻz ichiga olgan davr;
“tartibga solish qumdoni”ning sinov yoʻlagi — yangi moliyaviy xizmat sinovdan oʻtkaziladigan “innovatsiya”, “akseleratsiya” va “texnologik hamkorlik” yoʻlaklari;
“texnologik hamkorlik” yoʻlagi — Markaziy bank nazorati ostidagi tashkilotlarning moliyaviy xizmatlarini takomillashtirishga qaratilgan hamda amaldagi qonunchilik hujjatlari va (yoki) Markaziy bank talablarining buzilishiga olib kelmaydigan texnologik yechimlarni sinovdan oʻtkazish yoʻnalishi.
2. “Tartibga solish qumdoni”ning asosiy maqsadlari quyidagilar hisoblanadi:
moliyaviy xizmatlar bozoridagi raqobatni oshirish;
moliyaviy xizmatlar mijozlarining huquqlarini himoya qilish va moliya tizimi barqarorligini taʼminlash sharti asosida yangi moliyaviy xizmatlarni joriy etishga koʻmaklashish;
moliyaviy xizmatlar turlarini kengaytirish, ularning ommabopligini hamda mijozlarning talablariga muvofiqlik va ularning qoniqish darajasini oshirish;
moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazishning muvaffaqiyatli natijalari boʻyicha qonunchilikni takomillashtirish.
3. Sinovdan oʻtkazishga ruxsat etiladigan moliyaviy xizmatlar quyidagi umumiy mezonlardan biriga muvofiq boʻlishi lozim:
moliyaviy xizmatning respublika moliyaviy xizmatlar bozori uchun yangiligi;
moliyaviy xizmat isteʼmol xususiyatlarining mavjud xizmatlarga nisbatan yaxshilanganligi;
moliyaviy xizmatni koʻrsatishga qonunchilikda cheklovlar yoki noaniqliklarning mavjudligi.
4. Moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazish uchun Markaziy bankning nazorati ostida boʻlgan tashkilotlar, shuningdek, faoliyati Markaziy bankdan boshqa davlat organlari va tashkilotlari tomonidan tartibga solinuvchi yuridik shaxslar ariza beruvchi va birgalikda ariza beruvchi boʻlishi mumkin.
Bunda faoliyati Markaziy bankdan boshqa davlat organlari va tashkilotlari tomonidan tartibga solinuvchi yuridik shaxsning “tartibga solish qumdoni”da yangi moliyaviy xizmatini sinovdan oʻtkazishga quyidagi hollarda yoʻl qoʻyiladi:
taklif etilayotgan moliyaviy xizmat Markaziy bank tomonidan nazorat qilinadigan moliyaviy xizmat (mahsulot) turi boʻlishi;
yuridik shaxs faoliyatini tartibga soluvchi hamda boshqa davlat organlari va tashkilotlarining mazkur yuridik shaxs faoliyati yuzasidan berilgan xulosasi va (yoki) maʼlumotlari ijobiy boʻlishi. Mazkur davlat organlari va tashkilotlarining yuridik shaxs faoliyati yuzasidan xulosa va (yoki) maʼlumotlari Markaziy bank tomonidan idoralararo elektron axborot almashinuvi orqali soʻrab olinadi.
Bunda mazkur Nizom doirasida:
Markaziy bankning nazorati ostida boʻlgan tashkilotlarning boshqa davlat organlari va tashkilotlari tomonidan tartibga solinadigan muayyan sohalardagi moliyaviy xizmatlarini;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari, isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari, shuningdek umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlarga (Bank nazorati boʻyicha Bazel qoʻmitasi tavsiyalari, Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari va sohaga taalluqli boshqa xalqaro standartlar) muvofiq qabul qilingan qonunchilik hujjatlari normalariga amal qilmasdan koʻrsatiladigan moliyaviy xizmatlarni sinovdan oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.
5. Ariza beruvchi va birgalikda ariza beruvchi yuridik shaxs quyidagi talablarning barchasiga muvofiq boʻlishi lozim:
qayta tashkil etish va tugatish jarayonida emasligi hamda bankrot deb topilmagan va unga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik boʻyicha ish qoʻzgʻatilmagan boʻlishi;
benefitsiar mulkdorlarida, boshqaruv organlari aʼzolarida iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar yoki boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlar yoxud jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirgʻin qurolining tarqatilishini moliyalashtirish bilan bogʻliq jinoyatlar uchun tugallanmagan yoxud olib tashlanmagan sudlanganlik holatlari mavjud boʻlmasligi;
benefitsiar mulkdorlari, boshqaruv organlari aʼzolari Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan valyuta operatsiyalari amalga oshirilishining asoslanganligi yuzasidan monitoring olib borish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning (roʻyxat raqami 2467, 2013-yil 12-iyun) 1-ilovasida tasdiqlangan roʻyxatdagi davlat va hududlarning (offshor hududlar) rezidenti boʻlmasligi;
moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazish uchun arizani taqdim etgan kunda Markaziy bankning nazorati ostida boʻlgan ariza beruvchi va birgalikda ariza beruvchiga (mavjud boʻlganda) nisbatan “tartibga solish qumdoni” doirasida moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazishga toʻsqinlik qiluvchi moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishga doir cheklovlar qoʻllanilmaganligi;
ariza beruvchi va birgalikda ariza beruvchi (mavjud boʻlganda) mijozlarning shaxsga doir maʼlumotlari va bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni himoya qilish, shuningdek axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni taʼminlash boʻyicha zaruriy texnik va tashkiliy choralarga ega boʻlishi.
Agar ariza beruvchi va (yoki) birgalikda ariza beruvchining faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlarida “benefitsiar mulkdor” tushunchasi belgilanmagan boʻlsa, benefitsiar mulkdor deganda ariza beruvchiga va (yoki) birgalikda ariza beruvchiga haqiqatda egalik qiluvchi yoki uni nazorat qiluvchi jismoniy shaxs tushuniladi.
6. Markaziy bankning “tartibga solish qumdoni” doirasidagi vakolatlariga quyidagilar kiradi:
taklif etilayotgan yangi moliyaviy xizmat boʻyicha yuridik shaxsni (shaxslarni) “tartibga solish qumdoni”ni ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazishning maqsadga muvofiqligi yoki maqsadga muvofiq emasligi, sinovdan oʻtkazish muddatini “tartibga solish qumdoni”ning amal qilish muddati doirasida uzaytirish, sinovdan oʻtkazishni bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
vaqtinchalik tartibni hamda “tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi tomonidan moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazish jarayoni haqida Markaziy bankka taqdim etiladigan hisobot shakllarini tasdiqlash;
“tartibga solish qumdoni” ishtirokchisining moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazishga doir faoliyatini inspeksiya va alohida masalalar yuzasidan tekshiruvdan oʻtkazish;
“tartibga solish qumdoni” ishtirokchisiga “tartibga solish qumdoni” doirasida amalga oshirayotgan faoliyatiga nisbatan prudensial normativlar oʻrnatish;
faoliyati Markaziy bankdan boshqa davlat organlari va tashkilotlari nazorati ostida boʻlgan hamda “tartibga solish qumdoni”da ishtirok etish uchun murojaat qilgan ariza beruvchi va birgalikda ariza beruvchi yuridik shaxslar toʻgʻrisida tegishli maʼlumotlarni boshqa davlat organlari va tashkilotlaridan soʻrab olish;
“tartibga solish qumdoni” doirasida “tartibga solish qumdoni” ishtirokchisining yuzaga kelishi mumkin boʻlgan tadbirkorlik tavakkalchiligining tavakkalchilik darajasini inobatga olgan holda unga mutanosib ravishda sugʻurta qilinishini talab qilish;
moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazish natijalari toʻgʻrisidagi hisobotni koʻrib chiqib, sinovdan oʻtkazish natijalari muvaffaqiyatli yoki muvaffaqiyatsizligi toʻgʻrisida qaror qabul qilish.
Markaziy bank moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazish jarayonini kamida olti oyda bir marotaba koʻrib chiqadi.
7. “Tartibga solish qumdoni” ishtirokchilarini roʻyxatdan oʻtkazish Markaziy bank tomonidan mazkur Nizomning 1-ilovasida keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
8. Markaziy bankning “tartibga solish qumdoni”ga doir vakolatlari Markaziy bankning Moliyaviy ommaboplik, texnologiyalar va innovatsiyalar qoʻmitasi (bundan buyon matnda Qoʻmita deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
9. “Tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtish uchun taqdim etilgan arizalarni qabul qilish va koʻrib chiqish, shuningdek sinovdan oʻtkazilayotgan moliyaviy xizmat ustidan monitoringni amalga oshirish boʻyicha Markaziy bankning ishchi organi funksiyalari Moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish departamenti (bundan buyon matnda ishchi organ deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
10. Ishchi organ:
ariza beruvchining “tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi arizalarini qabul qiladi va koʻrib chiqadi;
moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazish boʻyicha taqdim etilgan hujjatlar va maʼlumotlarni Markaziy bankning boshqa tarkibiy boʻlinmalari bilan birgalikda oʻrganadi;
moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazish doirasida istisno qilinadigan qonunchilik hujjatlarining tegishli normalari roʻyxatini shakllantiradi;
“tartibga solish qumdoni” doirasida moliyaviy xizmat taqdim etilishi mumkin boʻlgan mijozlar turi va soni, amalga oshiriladigan operatsiyalar soni va hajmiga qoʻyiladigan eng yuqori chegaraning Markaziy bankning tegishli tarkibiy boʻlinmalari bilan birgalikda kelishilishini tashkil etadi;
ariza beruvchilar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqish natijasi boʻyicha “tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish yoki roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish haqidagi xulosani Qoʻmitaga koʻrib chiqish va qaror qabul qilish uchun kiritadi;
moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazish boʻyicha vaqtinchalik tartibga oʻzgartirish kiritish, shu jumladan, sinovdan oʻtkazish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi arizalarni qabul qiladi va koʻrib chiqadi;
“tartibga solish qumdoni” ishtirokchilarining reyestrini yuritadi;
“tartibga solish qumdoni” ishtirokchilarini tashkiliy-huquqiy va maslahat jihatidan qoʻllab-quvvatlaydi;
Qoʻmitaga “tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi maqomidan mahrum qilish va moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazish muddatini uzaytirish va (yoki) tugatish yuzasidan takliflarni kiritadi.
2-bob. “Tartibga solish qumdoni”ni joriy etish va bekor qilish
1-§. “Tartibga solish qumdoni” ishtirokchilarini roʻyxatdan oʻtkazish talablari va shartlari
11. Yuridik shaxslar yangi moliyaviy xizmatlarning xususiyatidan kelib chiqib “tartibga solish qumdoni”ning “innovatsiya”, “akseleratsiya” yoki “texnologik hamkorlik” yoʻlaklaridan biri orqali ushbu xizmatlarni sinovdan oʻtkazish boʻyicha ishtirokchi sifatida roʻyxatdan oʻtkaziladi.
12. “Tartibga solish qumdoni”ning “innovatsiya” yoʻlagida quyidagi talablarga javob beradigan yangi moliyaviy xizmatlar sinovdan oʻtkaziladi:
taklif etilayotgan moliyaviy xizmat yangi, noanʼanaviy yoki bozorda avval qoʻllanilmagan yondashuvga asoslangan boʻlishi;
taklif etilayotgan moliyaviy xizmatning koʻrsatilishi amaldagi qonunchilik hujjatlari va (yoki) Markaziy bank talablariga muvofiq kelmasligi yoki ularning buzilishiga olib kelishi;
taklif etilayotgan moliyaviy xizmatni koʻrsatish uchun toʻsqinlik mavjud boʻlgan amaldagi qonunchilik hujjatlari va (yoki) Markaziy bank talablariga oʻzgartirish kiritishning imkoniyati boʻlishi;
moliyaviy xizmat bozordagi mavjud samarasizlikni bartaraf etishga yoki mijozlar ehtiyojini qondirishga qaratilgan boʻlishi;
moliyaviy xizmat mijozlari uchun aniq va sezilarli manfaatlar keltirishi hamda moliyaviy ommaboplikni kengaytirishga xizmat qilishi.
13. “Tartibga solish qumdoni”ning “akseleratsiya” yoʻlagida quyidagi talablarga javob beradigan yangi moliyaviy xizmatlar sinovdan oʻtkaziladi:
Markaziy bankning tashabbusi asosida joriy qilinadigan “tartibga solish qumdoni”da (tashabbusli tematik qumdon) sinovdan oʻtkaziladigan yangi moliyaviy operatsiyalar, texnologiyalar va xizmatlar boʻlishi;
moliyaviy xizmatni taklif etayotgan ariza beruvchi va (yoki) birgalikda ariza beruvchining kamida bittasi Markaziy bankning nazorati ostida boʻlgan tashkilot hisoblanishi;
taklif etilayotgan moliyaviy xizmat Oʻzbekiston bozori uchun yangi boʻlishi va (yoki) boshqa davlatda muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazilgan va (yoki) amaliyotga joriy etilgan boʻlishi;
moliyaviy xizmatni koʻrsatish uchun litsenziyalash, ruxsat berish yoki xabardor qilish talab etilishi va (yoki) qonunchilik hujjatlariga tegishli oʻzgartirish kiritish zaruriyati boʻlishi;
ariza beruvchi shaxs moliyaviy xizmat muvaffaqiyatli sinovdan oʻtgan taqdirda xizmatni kengaytirish imkoniyati mavjudligini koʻrsata olishi.
“Tartibga solish qumdoni”ning “akseleratsiya” yoʻlagida sinovdan oʻtkaziladigan yangi moliyaviy xizmatlarning xususiyatini inobatga olgan holda ularni sinovdan oʻtkazishning talab va shartlari hamda ariza beruvchi va birgalikda ariza beruvchiga (mavjud boʻlganda) qoʻyiladigan talablar Markaziy bank tomonidan har bir yangi moliyaviy xizmat uchun alohida belgilanadi hamda eʼlon qilinadi.
14. “Tartibga solish qumdoni”ning “texnologik hamkorlik” yoʻlagida quyidagi talablarga javob beradigan moliyaviy xizmatlarni takomillashtirish boʻyicha texnologik yechimlar sinovdan oʻtkaziladi:
texnologik yechim Markaziy bank nazorati ostida boʻlgan tashkilotlarning moliyaviy xizmatlarini takomillashtirish boʻyicha taklif etilayotgan boʻlishi;
amaldagi qonunchilik hujjatlari va (yoki) Markaziy bank talablarining buzilishiga olib kelmasligi.
15. “Tartibga solish qumdoni” doirasida Markaziy bank tomonidan quyidagi cheklovlar oʻrnatilishi mumkin:
moliyaviy xizmat taqdim etilishi mumkin boʻlgan mijozlar turi (jismoniy shaxslar, oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar, yuridik shaxslar) va soni;
“tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi tomonidan amalga oshiriladigan operatsiyalar soni va hajmi;
sinovdan oʻtkazishni amalga oshirish joyi (hududi);
berilgan toʻlov instrumentlari yoki tuzilgan shartnomalar soni;
bir mijoz tomonidan, shu jumladan belgilangan vaqt (kun, hafta, oy, chorak) davomida amalga oshiriladigan operatsiyalarning maksimal hajmi.
16. “Tartibga solish qumdoni”ning “akseleratsiya” yoʻlagida moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazish 12 oydan ortiq boʻlmagan muddatda amalga oshiriladi hamda zaruriyatga koʻra koʻpi bilan 6 oygacha uzaytirilishi mumkin.
2-§. Ariza topshirish oldi maslahatini olish
17. “Tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi sifatida moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazish istagini bildirgan yuridik shaxslar uchun ishchi organ va Markaziy bankning boshqa tarkibiy boʻlinmalari tomonidan ariza topshirish oldi maslahati (pre-application support) tashkil etilishi mumkin.
Bunda yuridik shaxs ariza topshirish oldi maslahatini olish istagini bildirgan taqdirda, platforma orqali tegishli maʼlumotlarni kiritgan holda soʻrov yuboradi.
18. Ishchi organ soʻrov kelib tushganidan soʻng besh ish kuni ichida ariza topshirish oldi maslahatini tashkil qilish chorasini koʻradi.
19. Ariza topshirish oldi maslahati quyidagi maqsadlarda tashkil qilinadi:
yuridik shaxs tomonidan sinovdan oʻtkazish taklif etilayotgan moliyaviy xizmatning modeli, innovatsion yechimi va uni amalga oshirish mexanizmini dastlabki tarzda oʻrganish;
yangi moliyaviy xizmatni “tartibga solish qumdoni”da sinovdan oʻtkazish doirasiga tushishi yoki tushmasligi boʻyicha dastlabki xulosalarni shakllantirish;
yangi moliyaviy xizmatning mohiyati va xususiyatidan kelib chiqib, “tartibga solish qumdoni”ning tegishli sinovdan oʻtkazish yoʻlagi orqali amalga oshirish masalasini muhokama qilish;
ehtimoliy huquqiy, texnologik, operatsion va isteʼmolchilar manfaatlariga oid xavflarni aniqlash hamda ularni muhokama qilish;
yangi moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazishning chegaraviy shartlari va boshqa xavflarni kamaytirish mexanizmlarini dastlabki tarzda muhokama qilish;
ariza topshirish jarayonida taqdim etiladigan maʼlumotlar va hujjatlar boʻyicha tushuntirishlar berish.
20. Ariza topshirish oldi maslahatini olish oʻtkazilganligi yuridik shaxs tomonidan keyinchalik taqdim etiladigan ariza qanoatlantirilib, “tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazishni kafolatlamaydi hamda Markaziy bankning arizani mazkur Nizom talablariga muvofiq koʻrib chiqish va baholash vakolatini cheklamaydi.
3-§. Arizalarni taqdim etish va koʻrib chiqish
21. Moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazish maqsadida “tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtish uchun ariza beruvchi va birgalikda ariza beruvchi (mavjud boʻlganda) platforma orqali mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shakldagi arizani toʻldirgan holda quyidagi maʼlumotlarni taqdim etadi:
sinovdan oʻtkazish taklif etilayotgan moliyaviy xizmat toʻgʻrisidagi mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq maʼlumotni;
moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazishda ariza beruvchi va birgalikda ariza beruvchi (mavjud boʻlganda) oʻrtasida vazifalarning taklif etilayotgan taqsimoti toʻgʻrisidagi maʼlumotni;
moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazish jarayoni haqidagi hisobot shakllarini;
mazkur Nizomning 22-bandiga muvofiq vaqtinchalik tartib loyihasini;
mijozlarning shaxsga doir maʼlumotlari va bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni himoya qilish, shuningdek axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni taʼminlash boʻyicha zaruriy texnik va tashkiliy choralar mavjudligi toʻgʻrisidagi asoslantiruvchi maʼlumotlarni;
arizada ariza beruvchining va birgalikda ariza beruvchining (mavjud boʻlganda) mazkur Nizomning 5-bandi talablariga muvofiqligi toʻgʻrisidagi maʼlumotni.
Arizada ariza beruvchining va birgalikda ariza beruvchining (mavjud boʻlganda) elektron manzili koʻrsatilishi mumkin. Bunda qabul qilingan qarorlar axborot tizimi orqali elektron manzilga yuborilishi mumkin.
Markaziy bank yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishga masʼul boʻlgan davlat organlari, shu jumladan soliq organlaridan “Elektron hukumat” idoralararo integratsion platformasi orqali ariza beruvchi va birgalikda ariza beruvchining (mavjud boʻlganda) tegishincha taʼsis hujjatlari va moliyaviy hisobotlarini soʻrab olishi mumkin.
22. Vaqtinchalik tartib loyihasida quyidagilar belgilanishi kerak:
sinovdan oʻtkaziladigan moliyaviy xizmatning, shuningdek tegishli biznes-jarayonning tavsifi;
sinovdan oʻtkazishda ikki va undan ortiq yuridik shaxs ishtirok etganda, ular oʻrtasidagi vazifalar taqsimoti va majburiyatlar;
sinovdan oʻtkazishning boshlanish va tugash sanalari;
“tartibga solish qumdoni” ishtirokchisiga tatbiq etilmaydigan qonunchilik hujjatlarining normalari (mavjud boʻlganda);
“tartibga solish qumdoni”ning shartlari, “tartibga solish qumdoni” ishtirokchisiga nisbatan joriy etiladigan cheklovlar roʻyxati, shu jumladan mazkur Nizomning 15-bandida koʻrsatilgan cheklovlar;
“tartibga solish qumdoni” joriy etilishining samaradorligi va natijadorligini baholash tartib-taomillari va mezonlarini, shu jumladan mazkur Nizomning 4-ilovasiga muvofiq maqsadli indikatorlar (miqdor va sifat koʻrsatkichlari);
moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazish bekor qilinganda yoki muvaffaqiyatsiz deb topilganda “tartibga solish qumdoni” ishtirokchisining keyingi harakatlari (mijozlarga xizmat koʻrsatish yoki shartnomalarni bekor qilish, mablagʻlarni qaytarish tartibi va boshqa shartlar);
mijozlar huquqlari himoya qilinishini taʼminlovchi qoidalar;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashishga doir talablar;
moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazish jarayoni haqida Markaziy bankka hisobot taqdim etish tartibi;
moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazish natijalari toʻgʻrisida hisobot taqdim etish muddati;
“tartibga solish qumdoni” doirasida Markaziy bank bilan har qanday bogʻlanish uchun aloqa usullari, shu jumladan, elektron aloqa vositalari yoki qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa usullar;
kiberxavfsizlik hodisasi yoki shaxsga doir maʼlumotlarning ruxsatsiz oshkor etilishi yuzaga kelgan taqdirda, “tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi tomonidan Markaziy bankka xabar berish tartibi va muddati (bunday hodisa aniqlangan kundan boshlab 24 soatdan kechiktirmay);
moliyaviy xizmatni joriy etish va qoʻllash uchun zarur boʻlgan boshqa axborotlar.
Ariza beruvchi yoki birgalikda ariza beruvchi bank boʻlgan taqdirda, vaqtinchalik tartibda sinov davomida qoʻllaniladigan prudensial normativlar (jumladan, ulardan chetlashishlar, agar mavjud boʻlsa) Markaziy bank tomonidan belgilanishi mumkin.
23. Markaziy bank moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazish uchun arizani u qabul qilingan kundan eʼtiboran qirq ish kuni ichida koʻrib chiqib, ariza beruvchini (birgalikda ariza beruvchini) “tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish yoki roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Arizani koʻrib chiqish muddatiga ariza beruvchi va birgalikda ariza beruvchi (mavjud boʻlganda) tomonidan hujjatlarni qayta ishlashga sarflangan vaqt kirmaydi. Bunda ariza beruvchi va birgalikda ariza beruvchi (mavjud boʻlganda) oʻn besh ish kuni ichida hujjatlarni qayta ishlab, kamchiliklarini bartaraf etgan holda Markaziy bankka kiritishi lozim.
Arizani (shu jumladan, sinovdan oʻtkazish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi arizani) koʻrib chiqqanlik uchun yigʻim undirilmaydi.
Moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazishga ruxsat berilganligi aynan shunday moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazish boʻyicha taqdim etilgan boshqa arizani rad etish uchun asos boʻlmaydi.
24. Arizani koʻrib chiqishda Markaziy bank quyidagi huquqlarga ega:
ariza beruvchi va birgalikda ariza beruvchi (mavjud boʻlganda) bilan hamkorlik qilish, shu jumladan ariza beruvchi va birgalikda ariza beruvchi tomonidan (mavjud boʻlganda) mazkur Nizom talablariga muvofiq taqdim etilgan hujjatlardagi maʼlumotlarning toʻliqligini taʼminlash borasida hamkorlik qilish;
ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan vaqtinchalik tartib loyihasiga va moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazish jarayoni haqidagi hisobot shakliga ariza beruvchi va birgalikda ariza beruvchi (mavjud boʻlganda) bilan kelishilgan holda oʻzgartirishlar kiritish (qayta ishlash), shu jumladan “tartibga solish qumdoni” ishtirokchisiga nisbatan qoʻllaniladigan maxsus huquqiy rejim doirasidagi javobgarlik choralari toʻgʻrisida oʻzgartirishlar kiritish. Bunda oʻzgartirishlar loyihasi kelishish uchun ariza beruvchiga va birgalikda ariza beruvchiga (mavjud boʻlganda) platforma orqali kelishish muddatini koʻrsatgan holda yuboriladi.
25. “Tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish quyidagi hollarda rad etiladi:
taklif etilayotgan moliyaviy xizmat mazkur Nizomning 3-bandida koʻrsatilgan mezonlardan hech biriga muvofiq boʻlmasa;
yangi moliyaviy xizmatni “tartibga solish qumdoni” doirasida sinovdan oʻtkazmasdan koʻrsatish imkoniyati mavjud boʻlsa;
ariza beruvchi va (yoki) birgalikda ariza beruvchi (mavjud boʻlganda) mazkur Nizomning 5-bandida koʻrsatilgan mezonlardan istalgan biriga (bir nechtasiga) muvofiq boʻlmasa;
taqdim etilgan hujjatlarda notoʻgʻri va (yoki) buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar mavjud boʻlsa;
moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazish jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari, isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari, shuningdek umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlarga (Bank nazorati boʻyicha Bazel qoʻmitasi tavsiyalari, moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari va sohaga taalluqli boshqa xalqaro standartlar) muvofiq qabul qilingan qonunchilik hujjatlari normalariga amal qilmaslikka olib kelishi aniqlansa;
moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazishda unga xos boʻlgan tavakkalchiliklarni boshqarish imkoniyati mavjud boʻlmasa;
taklif etilayotgan moliyaviy xizmatni koʻrsatish uchun toʻsqinlik mavjud boʻlgan amaldagi qonunchilik hujjatlari va (yoki) Markaziy bank talablariga oʻzgartirish kiritish maqsadga muvofiq emasligi yoki moliyaviy xizmatni amaldagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan mexanizmlar doirasida amalga oshirish imkoniyati mavjudligi aniqlansa;
ariza beruvchi va (yoki) birgalikda ariza beruvchida (mavjud boʻlganda) mijozlarning shaxsga doir maʼlumotlari va bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni himoya qilish hamda axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni taʼminlash boʻyicha zaruriy texnik va tashkiliy choralarning mavjud emasligi aniqlansa;
vaqtinchalik tartib loyihasiga va moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazish jarayoni haqidagi hisobot shakliga oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha kelishuvga erishilmagan boʻlsa.
26. “Tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganidan soʻng bir ish kuni ichida ishchi organ tegishli maʼlumotlarni reyestrga kiritadi hamda ariza beruvchiga va birgalikda ariza beruvchiga (mavjud boʻlganda) platforma orqali xabarnoma yuboradi.
“Tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish maqsadga muvofiq deb qaror qabul qilinganda xabarnomaga Qoʻmita tomonidan tasdiqlangan vaqtinchalik tartib ilova qilinadi.
“Tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish maqsadga muvofiq emas deb qaror qabul qilinganda xabarnomada rad etish asoslari koʻrsatiladi.
27. Yangi moliyaviy xizmatni “tartibga solish qumdoni”ni joriy etmasdan koʻrsatish imkoniyati mavjudligi sababli “tartibga solish qumdoni”ni joriy etish rad etilgan taqdirda, ariza beruvchiga va birgalikda ariza beruvchiga (mavjud boʻlganda) mazkur moliyaviy xizmatni koʻrsatish boʻyicha mavjud imkoniyatlar, shu jumladan normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida tushuntirish yuboriladi.
28. “Tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi vaqtinchalik tartibga oʻzgartirish kiritish, shu jumladan sinovdan oʻtkazish muddatini “tartibga solish qumdoni”ning amal qilish muddati doirasida uzaytirish toʻgʻrisidagi ariza bilan platforma orqali Markaziy bankka murojaat etishi mumkin. Bunda sinov muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi ariza sinov muddati tugashidan kamida bir oy oldin berilishi lozim.
29. Vaqtinchalik tartibga oʻzgartirish kiritish, shu jumladan sinovdan oʻtkazish muddatini “tartibga solish qumdoni”ning amal qilish muddati doirasida uzaytirish toʻgʻrisidagi ariza Markaziy bankka kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn besh ish kuni ichida koʻrib chiqiladi.
Bunda vaqtinchalik tartibga oʻzgartirish kiritish masalasi arizada asoslantirilishi lozim. Arizaga asoslantiruvchi boshqa hujjatlar va maʼlumotlar ilova qilinishi mumkin.
Ishchi organ ariza kelib tushganidan soʻng oʻn ish kuni ichida arizaning asoslantirilganligini oʻrganadi hamda oʻrganish asosida vaqtinchalik tartibga oʻzgartirish kiritish maqsadga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi toʻgʻrisidagi xulosa tayyorlab, Qoʻmitaga kiritadi.
Qoʻmita besh ish kuni ichida xulosani koʻrib chiqib, vaqtinchalik tartibga oʻzgartirish kiritish maqsadga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Ishchi organ qabul qilingan qaror toʻgʻrisida u qabul qilingan kundan boshlab uch ish kuni ichida “Tartibga solish qumdoni” ishtirokchisini platforma orqali xabardor qiladi hamda zaruratga koʻra reyestrga tegishli oʻzgartirishlar kiritadi.
Sinovdan oʻtkazish muddatini uzaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, vaqtinchalik tartibga sinovdan oʻtkazishni yakunlashning yangi muddatini oʻz ichiga oluvchi oʻzgartirish kiritiladi.
4-§. Moliyaviy xizmatning sinovdan oʻtkazilishini monitoring qilish va “tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi maqomidan mahrum qilish
30. Ishchi organ “tartibga solish qumdoni” ishtirokchilarining moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazish faoliyati hamda ular tomonidan vaqtinchalik tartib talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan platforma orqali doimiy monitoringni amalga oshiradi.
31. “Tartibga solish qumdoni” ishtirokchilari Markaziy bank tomonidan belgilangan muddat va shakllarga muvofiq ishchi organga moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazish faoliyati toʻgʻrisida tegishli hisobotlarni platforma orqali ishchi organga taqdim etadilar.
32. Markaziy bank tomonidan “tartibga solish qumdoni” ishtirokchisini maqomidan mahrum qilish va moliyaviy xizmatlarni sinovdan oʻtkazishni muddatidan oldin tugatish toʻgʻrisidagi qaror quyidagi hollarda u aniqlangan kundan boshlab besh ish kuni ichida qabul qilinadi:
“tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi tomonidan moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazishni bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza bilan Markaziy bankka murojaat etilganda. Bunda “tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi Markaziy bankka sinovdan oʻtkazishni bekor qilish sabablari va muddatini, tartibga solish qumdoni doirasida tuzilgan shartnomalar boʻyicha majburiyatlarni bajarish tartibini oʻz ichiga olgan xabarnomani platforma orqali yuboradi;
“tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi tomonidan moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazishni boshlash vaqtinchalik tartibda belgilangan sanadan eʼtiboran olti oydan ortiq muddatga kechikkanda yoki olti oy davomida sinovdan oʻtkazish amalga oshirilmaganda;
“tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi tomonidan vaqtinchalik tartib shartlari muntazam ravishda (sinovdan oʻtkazish muddati davomida ikki va undan ortiq marotaba) buzilganda;
mazkur Nizomning 21-bandida koʻrsatilgan hujjatlar va maʼlumotlarda notoʻgʻri va (yoki) buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar mavjudligi aniqlanganda;
“tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi tomonidan mijozlarning shaxsga doir maʼlumotlari yoki bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarning ruxsatsiz oshkor etilishiga yoki yoʻqotilishiga olib kelgan jiddiy kiberxavfsizlik hodisasi yuz berganda;
“tartibga solish qumdoni” ishtirokchisidan Markaziy bank tomonidan berilgan litsenziya chaqirib olinganda, uning amal qilishi tugatilganda, bekor qilinganda yoki “tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi Markaziy bank tomonidan yuritiladigan tegishli reyestrdan chiqarilganda yoki bankrot boʻlganda.
Bunda ishchi organ “tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi maqomidan mahrum qilinganligi toʻgʻrisida, bunday qaror qabul qilinganligi sabablarini koʻrsatgan holda u qabul qilingan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida tegishli maʼlumotlarni reyestrga kiritadi hamda bu haqida tegishli yuridik shaxsga (shaxslarga) platforma orqali xabarnoma yuboradi. Yuridik shaxs (shaxslar) xabarnomada koʻrsatilgan sanadan boshlab moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazishni tugatishi shart.
“Tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi “tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi maqomi bekor qilinganligi toʻgʻrisidagi xabarnomani olgan kundan eʼtiboran besh ish kuni ichida, mijozlarni “tartibga solish qumdoni” doirasidagi faoliyat tugatilganligi toʻgʻrisida xabardor qilishi lozim. Bunda “tartibga solish qumdoni” bekor qilinishi mazkur rejim doirasida tuzilgan shartnomalar boʻyicha tomonlarni oʻz majburiyatlarini bajarishdan ozod etmaydi. Markaziy bank “tartibga solish qumdoni” doirasida faoliyat koʻrsatgan tashkilotlarning “tartibga solish qumdoni” doirasida tuzilgan shartnomalari boʻyicha majburiyatlari bajarilguniga qadar mazkur tashkilotlar ustidan nazoratni amalga oshiradi.
3-bob. “Tartibga solish qumdoni” ishtirokchisining huquq va majburiyatlari
33. “Tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi quyidagi huquqlarga ega:
sinovdan oʻtkaziladigan moliyaviy xizmatni vaqtinchalik tartibda nazarda tutilgan shartlarda koʻrsatish;
moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazish muddatini uzaytirish yoki sinovdan oʻtkazishni bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza bilan Markaziy bankka murojaat etish;
vaqtinchalik tartib shartlarini oʻzgartirish boʻyicha asoslantirilgan sabablarni koʻrsatgan holda Markaziy bankka murojaat etish;
“tartibga solish qumdoni” doirasida Markaziy bank tomonidan qabul qilingan qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish.
34. “Tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi quyidagilarga majbur:
vaqtinchalik tartib shartlariga rioya etishga;
Markaziy bank vakillariga qonunchilikka muvofiq inspeksiya (tekshiruv), shu jumladan alohida masalalar yuzasidan inspeksiya (tekshiruv) oʻtkazishga, shuningdek sinovdan oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan axborotlarni olish uchun “tartibga solish qumdoni” ishtirokchisining axborot tizimidan foydalanishga toʻsqinlik qilmaslikka;
mijozlarni moliyaviy xizmat sinovdan oʻtkazish rejimida taqdim etilayotganligi, shuningdek mazkur xizmatdan foydalanishdagi ehtimoliy tavakkalchiliklar toʻgʻrisida xabardor qilishga;
mijozlar bilan “tartibga solish qumdoni”ning amal qilish muddatidan ortiq boʻlmagan davrga shartnomalar tuzishga;
moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazish jarayoni haqidagi hisobotlarni oʻz vaqtida taqdim etishga;
mijozga uning roziligisiz, shu jumladan “tartibga solish qumdoni” ishtirokchisining xatosi sababli koʻrsatilgan moliyaviy xizmatlar natijasida yetkazilgan zararni qoplab berishga;
bank siri, shaxsga doir maʼlumotlar va qonunchilik bilan muhofaza qilinadigan boshqa maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlashga, shuningdek ularni qonunchilikda nazarda tutilgan hollardan tashqari uchinchi shaxslarga oshkor etmaslikka;
moliyaviy xizmatni targʻib qilishga qaratilgan reklama va axborot materiallarida ushbu xizmat “tartibga solish qumdoni” doirasida sinov tarzida taqdim etilayotganligini koʻrsatishga;
ishtirokchi bank boʻlgan taqdirda sinov doirasidagi operatsiyalarni alohida hisobga olish va ularni asosiy prudensial hisobotlarda alohida ajratib koʻrsatishga;
mijozlarning shaxsga doir maʼlumotlarini Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq saqlash va qayta ishlashga;
moliyaviy xizmat turi va tavakkalchilik darajasiga mutanosib ravishda mijozlarni kiberfiribgarlik va fishing xavflaridan ogohlantirish va ulardan himoya qilishga;
“tartibga solish qumdoni” doirasidagi faoliyati tugatilgan yoki maqomidan mahrum qilingan taqdirda, sinov davomida yigʻilgan mijozlarning shaxsga doir va bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarini qonunchilikda belgilangan saqlash muddatlaridan tashqari holatlarda oʻchirishga.
4-bob. “Tartibga solish qumdoni”da moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazishni yakunlash
35. Moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazish yakunlanganidan soʻng, “tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi vaqtinchalik tartibda belgilangan muddatda Markaziy bankka quyidagilarni oʻz ichiga oluvchi moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazish natijalari toʻgʻrisidagi hisobotni taqdim etadi:
“tartibga solish qumdoni” joriy etilishining samaradorligi va natijadorligi, shu jumladan vaqtinchalik tartibda belgilangan maqsadli indikatorlarga (miqdor va sifat koʻrsatkichlariga) erishilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
sinovdan oʻtkazish davomida “tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi duch kelgan muammolar tavsifini;
mijozlar tomonidan yangi moliyaviy xizmatga boʻlgan talabni baholash natijalarini;
mijozlarning yangi moliyaviy xizmat taqdim etilishi bilan bogʻliq shikoyatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
sinovdan oʻtkazish davomida aniqlangan tavakkalchiliklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
sinovdan oʻtkazish davomida yuz bergan kiberxavfsizlik hodisalari va ularni bartaraf etish choralari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
sinovdan oʻtkazilgan moliyaviy xizmatni keyinchalik koʻrsatishga toʻsqinlik qilishi mumkin boʻlgan qonunchilik normalari roʻyxatini.
36. Markaziy bank moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazish natijalari toʻgʻrisidagi hisobotni koʻrib chiqish natijasi boʻyicha moliyaviy xizmatni koʻrsatishda unga xos boʻlgan tavakkalchiliklarni boshqarish imkoniyati mavjud boʻlganda, shuningdek “tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi tomonidan maqsadli indikatorlarga (miqdor va sifat koʻrsatkichlariga) erishilgan taqdirda sinovdan oʻtkazishni muvaffaqiyatli deb, aks holda muvaffaqiyatsiz deb topadi.
Bunda tegishli qaror moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazish natijalari toʻgʻrisidagi hisobot taqdim etilgan kundan eʼtiboran oʻn besh ish kuni ichida qabul qilinadi.
37. Ishchi organ moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazish natijalari yuzasidan qabul qilingan qaror toʻgʻrisida “tartibga solish qumdoni” ishtirokchisini, qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida platforma orqali xabardor qiladi.
38. Moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazish natijalari muvaffaqiyatli deb topilgan taqdirda quyidagilar amalga oshiriladi:
а) moliyaviy xizmat “tartibga solish qumdoni”ning “innovatsiya” yoʻlagidan oʻtgan boʻlsa, Markaziy bank sinovdan oʻtkazilgan moliyaviy xizmatni keng miqyosda joriy etishga toʻsqinlik qiluvchi huquqiy toʻsiqlarni bartaraf etish, shu jumladan qonunchilik hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflar tayyorlash choralarini koʻradi;
b) moliyaviy xizmat “tartibga solish qumdoni”ning “akseleratsiya” yoʻlagidan oʻtgan boʻlsa, Markaziy bank “tartibga solish qumdoni” ishtirokchisiga litsenziya, ruxsat berish va xabardor qilish talab va shartlarini toʻliq bajarish uchun talab etiladigan tegishli muddatni belgilaydi yoki qonunchilik hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish choralarini koʻradi (zaruriyat boʻlganda);
d) texnologik yechim “tartibga solish qumdoni”ning “texnologik hamkorlik” yoʻlagidan oʻtgan boʻlsa, Markaziy bank “tartibga solish qumdoni” ishtirokchisiga tegishli moliyaviy xizmatni texnologik yechim orqali takomillashtirilishiga va keng miqyosda qoʻllashga qarshiligi yoʻqligi yuzasidan xulosasini yuboradi.
39. Sinovdan oʻtkazish muvaffaqiyatsiz deb topilgan taqdirda, xabarnomada “tartibga solish qumdoni” amal qilishi tugatilganligi koʻrsatilishi lozim. Bunda Markaziy bank “tartibga solish qumdoni” doirasida faoliyat koʻrsatgan tashkilotlarning “tartibga solish qumdoni” doirasida tuzilgan shartnomalari boʻyicha majburiyatlarining bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
40. Moliyaviy xizmatini “tartibga solish qumdoni” doirasida muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazgan ishtirokchining moliyaviy xizmatni koʻrsatishni davom ettirishi Markaziy bankning qarori asosida amalga oshiriladi. Bunda Markaziy bank ishtirokchiga tegishli qonunchilik hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilguniga yoki belgilangan tartibda litsenziya (ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat) olinguniga qadar, sinov davrida amal qilgan vaqtinchalik talablar va shartlarga rioya etgan holda moliyaviy xizmatni koʻrsatishga ruxsat berishi mumkin.
Bunda “tartibga solish qumdoni” doirasidagi sinovdan oʻtkazish muddati hamda muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazilganidan soʻng Markaziy bank ruxsati asosida ishtirokchining moliyaviy xizmatni koʻrsatishni davom ettirish muddati yigʻindisi uch yildan oshmasligi lozim.
5-bob. “Tartibga solish qumdoni” ishtirokchilari reyestrini yuritish
41. Reyestr ishchi organ tomonidan yuritiladi va unda quyidagilar koʻrsatiladi:
“tartibga solish qumdoni” ishtirokchisining nomi, tashkiliy-huquqiy shakli, joylashgan yeri (pochta manzili), elektron pochta manzili, telefon raqami;
sinovdan oʻtkaziladigan moliyaviy xizmatning qisqacha tavsifi;
vaqtinchalik tartib tasdiqlangan sana;
“tartibga solish qumdoni” ishtirokchisining roʻyxatdan oʻtkazish raqami va sanasi;
“tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi maqomidan mahrum qilingan sana va asoslar;
sinovdan oʻtkazish boshlanadigan va tugatiladigan sanalar, shu jumladan sinovdan oʻtkazish muddati uzaytirilganda uning yangi tugash sanasi;
sinovdan oʻtkazishning joriy holati (amalga oshirilmoqda, tugatilgan, bekor qilingan);
sinovdan oʻtkazish natijalari (muvaffaqiyatli, muvaffaqiyatsiz).
42. Reyestrda mavjud boʻlgan maʼlumotlar Markaziy bankning rasmiy veb-saytiga hamda platformaga joylashtiriladi va tanishib chiqish uchun ochiq hisoblanadi.
43. “Tartibga solish qumdoni” ishtirokchisining nomi, tashkiliy-huquqiy shakli yoki joylashgan yeri (pochta manzili) oʻzgargan taqdirda, ishtirokchi qayta davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan eʼtiboran besh ish kuni ichida Markaziy bankka reyestrga oʻzgartirish kiritish uchun tegishli oʻzgartirishlarni tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda platforma orqali ariza beradi.
Markaziy bank arizani qabul qilganidan soʻng besh ish kuni ichida reyestrga tegishli oʻzgartirishlarni kiritadi.
6-bob. Yakuniy qoida
44. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan moliyaviy xizmatlar sohasidagi maxsus huquqiy rejimni joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Moliyaviy xizmatlar sohasida “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi ishtirokchilarini roʻyxatdan oʻtkazish
SXEMASI

Bosqichlar

Masʼullar

Tadbirlar

Ijro muddati

1-bosqich

Yuridik shaxs (shaxslar)

Ariza topshirish oldi maslahatini olish (pre-application support) uchun platformada soʻrov yuboradi.

Oʻz xohishiga koʻra

 

Markaziy bank

Soʻrov kelib tushganidan soʻng  Markaziy bankning ishchi organi tegishli tarkibiy boʻlinmalarni jalb qilgan holda (zaruratga koʻra) ariza topshirish oldi maslahatini tashkil qiladi.

5 ish kuni ichida

2-bosqich

Ariza beruvchi

Maxsus huquqiy rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtish uchun ariza va hujjatlarni Markaziy bankka taqdim etadi.

Oʻz xohishiga koʻra

Markaziy bank

Ishchi organning xulosasi asosida  Moliyaviy ommaboplik, texnologiyalar va innovatsiyalar qoʻmitasi (bundan buyon matnda qoʻmita deb yuritiladi) ariza beruvchini “tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish yoki roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.

40 ish kuni ichida

3-bosqich

Markaziy bank

1. Ariza beruvchini “tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganida ishchi organ tegishli maʼlumotlarni reyestrga kiritadi hamda ariza beruvchiga va birgalikda ariza beruvchiga (mavjud boʻlganda) platforma orqali xabarnoma yuboradi.

1 ish kuni

2. Ariza beruvchini “tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganida ishchi organ ariza beruvchiga va birgalikda ariza beruvchiga (mavjud boʻlganda) platforma orqali xabarnoma yuboradi.

1 ish kuni

4-bosqich

“Tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi

1. Maxsus huquqiy rejim talablari va shartlari belgilangan vaqtinchalik tartibga rioya qilgan holda sinovni amalga oshiradi.

2. Vaqtinchalik tartibga oʻzgartirish kiritish, shu jumladan sinovni amalga oshirish muddatini uzaytirish toʻgʻrisida platforma orqali Markaziy bankka ariza bilan murojaat qiladi.

Vaqtinchalik tartibda belgilangan muddatlarda

5-bosqich

Markaziy bank

1. Ishchi organ ariza kelib tushganidan soʻng vaqtinchalik tartibga oʻzgartirish kiritish maqsadga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi toʻgʻrisidagi xulosani tayyorlab Qoʻmitaga kiritadi.

10 ish kuni ichida

2. Qoʻmita vaqtinchalik tartibga oʻzgartirish kiritish maqsadga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.

5 ish kuni ichida

3. Ishchi organ qabul qilingan qaror toʻgʻrisida “tartibga solish qumdoni” ishtirokchisini platforma orqali xabardor qiladi hamda maqsadga muvofiq boʻlganda reyestrga tegishli oʻzgartirishlar kiritadi.

3 ish kuni ichida

6-bosqich

“Tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi

Nomi, tashkiliy-huquqiy shakli yoki joylashgan yeri (pochta manzili) oʻzgargan taqdirda, tegishli oʻzgartirishlarni tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda platforma orqali ariza beradi.

5 ish kuni

Markaziy bank

Ariza qabul qilinganidan soʻng reyestrga tegishli oʻzgartirishlarni kiritadi.

5 ish kuni

7-bosqich

Markaziy bank

Mazkur Nizomda koʻrsatilgan holatlar aniqlangan taqdirda, “Tartibga solish qumdoni” ishtirokchisini maqomidan mahrum qilish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.

5 ish kuni

Markaziy bank

“Tartibga solish qumdoni” ishtirokchisini maqomidan mahrum qilish toʻgʻrisidagi qaror asosida reyestrga tegishli maʼlumotlar kiritiladi hamda bu haqida tegishli yuridik shaxs xabardor qilinadi.

3 ish kuni

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan moliyaviy xizmatlar sohasidagi maxsus huquqiy rejimni joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi

Markaziy bankiga

Ariza

Sizdan _________________________________________________________________________________

(ariza beruvchining toʻliq nomi va yuridik manzili, STIR)

______________________________________________________________________________________ga

va__________________________________________________________________________________ga

(birgalikda ariza beruvchining toʻliq nomi va yuridik manzili, STIR)

________________________________________________________________________________________

(rejalashtirilgan moliyaviy xizmatning qisqacha tavsifi)

________________________________________________________________________________________

________________________________________________________________________________ sinovdan

oʻtkazishga ruxsat berishingizni soʻraymiz.

Ushbu ariza va hujjatlar bilan bogʻliq qoʻshimcha maʼlumot olish uchun bogʻlaniladigan shaxs:

(F.I.O., lavozimi, telefon raqami, elektron pochta manzili)

Ariza beruvchining rahbari imzosi

Birgalikda ariza beruvchining rahbari imzosi (mavjud boʻlganda)

“___” _____________20__ y.

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan moliyaviy xizmatlar sohasidagi maxsus huquqiy rejimni joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA
“Tartibga solish qumdoni”ni tashkil etish uchun maʼlumotnoma shakli

Ariza beruvchi toʻgʻrisida maʼlumot

1. Tashkilotning toʻliq nomi

2. Tashkilotning yuridik manzili

3. Soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR)

4. Tashkilotning veb-sayti

5. Taʼsischilar toʻgʻrisida maʼlumot

6. Ijro etuvchi organ tarkibi (rahbar, bosh buxgalter F.I.O.)

7. Moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazish uchun masʼul departament/boʻlim

8. Moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazish uchun masʼul departament/boʻlim rahbari F.I.O.

9. Moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazish boʻyicha bogʻlaniladigan shaxsning F.I.O.

10. Moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazish boʻyicha bogʻlaniladigan shaxsning telefon raqami

11. Moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazish boʻyicha bogʻlaniladigan shaxsning elektron manzili

Birgalikda ariza beruvchi toʻgʻrisida maʼlumot

1. Tashkilotning toʻliq nomi

2. Tashkilotning yuridik manzili

3. Soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR)

4. Tashkilotning veb-sayti

5. Taʼsischilar toʻgʻrisida maʼlumot

6. Ijro etuvchi organ tarkibi (rahbar, bosh buxgalter F.I.O.)

7. Moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazish uchun masʼul departament/boʻlim

8. Moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazish uchun masʼul departament/boʻlim rahbari F.I.O.

Sinovdan oʻtkazish taklif etilayotgan moliyaviy xizmat toʻgʻrisida maʼlumot

1. Moliyaviy xizmat tavsifi

moliyaviy xizmatning batafsil tavsifi

2. “Tartibga solish qumdoni”ni joriy etish zarurati, shu jumladan moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazishga asos boʻlgan mezon

“tartibga solish qumdoni”ni joriy etish zaruratiga koʻrsatma, shuningdek moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazishga asos boʻlgan mezon. Sinovdan oʻtkazishga ruxsat etiladigan moliyaviy xizmatlar mezonlari mazkur Nizomning 3-bandida belgilangan.

3. Moliyaviy xizmatga mijozlar tomonidan boʻlgan talab va uni joriy etishdan kutilayotgan ijobiy ijtimoiy va iqtisodiy samaralar tavsifi

miqdoriy koʻrsatkichlarni (mavjud boʻlganda) koʻrsatgan holda, moliyaviy xizmatni koʻrsatishdan koʻriladigan ijobiy samaraning tavsifi

4. Ariza beruvchi va birgalikda ariza beruvchining (mavjud boʻlganda) sinovdan oʻtkazishni boshlashga texnik tayyorgarligi, moliyaviy xizmatni koʻrsatishda foydalanilishi moʻljallanayotgan texnologiya tavsifi

texnik tayyorgarlik va foydalaniladigan texnologiya tavsifi

5. Shunga oʻxshash moliyaviy xizmatlarni koʻrsatishning jahon tajribasi tavsifi yoki bunday tajriba mavjud emasligiga koʻrsatma

Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida shunga oʻxshash moliyaviy xizmatlarni koʻrsatish tajribasi tavsifi yoki bunday tajriba mavjud emasligiga koʻrsatma

6. Moliyaviy xizmatni koʻrsatish bilan bogʻliq boʻlishi mumkin boʻlgan tavakkalchiliklar, shu jumladan, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish, kredit, likvidlilik va operatsion faoliyat (ariza beruvchi yoki birgalikda ariza beruvchi Markaziy bankning nazorati ostida boʻlgan tashkilot hisoblanganda) bilan bogʻliq tavakkalchiliklar tahlili

tavakkalchilik tavsifi

7. Koʻrsatilgan tavakkalchiliklarni minimallashtirishga yoʻnaltirilgan choralar tavsifi

8. Mijozlarning moliyaviy operatsiyalari boʻyicha axborotlar va ularning shaxsiy maʼlumotlari maxfiyligini taʼminlash tavsifi, shu jumladan shaxsga doir va bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni saqlash joyi, foydalaniladigan shifrlash va kirishni nazorat qilish vositalari hamda kiberxavfsizlik hodisalariga javob berish tartibi

9. Moliyaviy xizmatni “tartibga solish qumdoni”ni tashkil etmasdan koʻrsatishga toʻsqinlik qiluvchi qonunchilik hujjatlari qoidalari va boshqa holatlar

Normativ-huquqiy hujjatlar nomi, moddalari, bandlari

10. Moliyaviy xizmatni “tartibga solish qumdoni”ni tashkil etmasdan koʻrsatishga toʻsqinlik qiluvchi boshqa holatlar

Mavjud boʻlganda koʻrsatiladi

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan moliyaviy xizmatlar sohasidagi maxsus huquqiy rejimni joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
4-ILOVA
Moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazish natijalari boʻyicha muvaffaqiyatliligini baholash uchun maqsadli indikatorlar
I. Umumiy indikatorlar
1. Jismoniy shaxs hisoblangan mijozlar soni.
2. Yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini yurituvchi jismoniy shaxslar soni.
3. Yuridik shaxs hisoblangan mijozlar soni.
4. Faol mijozlar (oʻtgan oy davomida xizmatdan kamida bir marotaba foydalangan mijozlar) ulushi.
5. Identifikatsiyadan oʻtgan mijozlar ulushi.
6. Mijozlarning qoniqqanlik darajasi (anketa/soʻrov natijalari boʻyicha qisman tanlovda qoniqqanlik indeksi asosida).
7. Moliyaviy xizmatning isteʼmol xususiyatlari yaxshilanishi natijasida uning shakllangan narxi.
8. Ichki nazorat xizmati tomonidan shubhali deb topilgan operatsiyalar ulushi (operatsiyalar soni boʻyicha).
9. Ichki nazorat xizmati tomonidan shubhali deb topilgan operatsiyalar ulushi (operatsiyalar hajmi boʻyicha).
II. Toʻlovlar va pul oʻtkazmalari doirasidagi loyihalar uchun indikatorlar
1. Texnologiyadan foydalangan holda amalga oshirilgan operatsiyalar hajmi.
2. Umumiy mijozlar bazasi kesimida va faol mijozlar orasida bir toʻlov instrumentidan foydalangan holda amalga oshirilgan operatsiyalar oʻrtacha miqdori.
3. Umumiy mijozlar bazasi kesimida va faol mijozlar orasida bir toʻlov instrumentidan (bir oy ichida) foydalangan holda amalga oshirilgan operatsiyalar oʻrtacha soni.
4. Mijozlarga taqdim etilgan toʻlov instrumentlari soni.
5. Toʻlovchi uchun operatsiyaning oʻrtacha narxi.
6. Qabul qiluvchi uchun operatsiyaning oʻrtacha narxi.
7. Operatsiyalar hajmining oʻrtacha oylik oʻsish surʼati.
8. Toʻlov amalga oshirish boʻyicha operatsiyalar hajmining naqd pul yechish boʻyicha operatsiyalar hajmiga nisbati.
9. Mijozlar tomonidan bahslashilgan operatsiyalar ulushi (operatsiyalar soni boʻyicha).
10. Mijozlar tomonidan bahslashilgan operatsiyalar ulushi (operatsiyalar hajmi boʻyicha).
11. Mijozlarga qoplab berilgan bahslashilgan operatsiyalar ulushi (operatsiyalar soni boʻyicha).
12. Mijozlarga qoplab berilgan bahslashilgan operatsiyalar ulushi (operatsiyalar hajmi boʻyicha).
III. Kreditlash sohasidagi loyihalar uchun indikatorlar
1. Berilgan kreditlarning (qarzlarning) umumiy hajmi.
2. Berilgan kreditlarning (qarzlarning) umumiy soni.
3. Berilishi maʼqullangan kreditlarning (qarzlarning) oʻrtacha miqdori.
4. Kredit (qarz) olish uchun maʼqullangan arizalar ulushi.
5. Toʻlovlar boʻyicha kechikishlarga yoʻl qoʻygan mijozlar ulushi.
6. Berilgan kreditlar (qarzlar) boʻyicha qarzdorliklarning oʻrtacha miqdori.
7. Berilgan kreditlar (qarzlar) boʻyicha qarzdorliklarning umumiy hajmi.
8. Kredit (qarz) berish toʻgʻrisida qaror qabul qilishning oʻrtacha vaqti.
IV. Markaziy bankning Moliyaviy ommaboplik, texnologiyalar va innovatsiyalar qoʻmitasi tomonidan belgilangan boshqa indikatorlar.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2026-yil 28-sentabrdagi 25/2-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilayotgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2022-yil 30-avgustdagi 19/14-son “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan moliyaviy xizmatlar sohasidagi maxsus huquqiy rejimni joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori (roʻyxat raqami 3391, 2022-yil 4-oktabr) (Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.10.2022-y., 10/22/3391/0892-son).
2. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2025-yil 10-iyuldagi 14/10-son qarori (roʻyxat raqami 3658, 2025-yil 8-avgust) (Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.08.2025-y., 10/25/3658/0713-son) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi tomonidan qabul qilingan ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimchaning 5-bandi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.10.2026 y., 10/26/3956/1050-son)