OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOSHQARUVINING
QARORI
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining Tezkor toʻlovlar tizimi orqali jismoniy shaxslar oʻrtasida mobil telefon raqami asosida pul oʻtkazmalarini amalga oshirish qoidalarini tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 24-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3930]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi hamda “Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida”gi qonunlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-noyabrdagi PQ-359-son “Oʻzbekistonda moliyaviy texnologiyalar sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining Tezkor toʻlovlar tizimi orqali jismoniy shaxslar oʻrtasida mobil telefon raqami asosida pul oʻtkazmalarini amalga oshirish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Rais T. ISHMETOV
Toshkent sh.,
2026-yil 14-avgust,
22/6-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2026-yil 14-avgustdagi 22/6-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining Tezkor toʻlovlar tizimi orqali jismoniy shaxslar oʻrtasida mobil telefon raqami asosida pul oʻtkazmalarini amalga oshirish
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining Tezkor toʻlovlar tizimi (bundan buyon matnda Tezkor toʻlovlar tizimi deb yuritiladi) orqali jismoniy shaxslar oʻrtasida mobil telefon raqami asosida ularning bank hisobvaraqlaridan toʻgʻridan-toʻgʻri pul oʻtkazmalarini amalga oshirish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
oluvchining bank hisobvaragʻi — bank tomonidan shartnomaga muvofiq jismoniy shaxsga 22616 Jismoniy shaxslarning bank hisobvaraqlaridagi masofadan turib xizmat koʻrsatish tizimi orqali boshqariladigan mablagʻlari hisobvaragʻida ochiladigan va uning mobil telefon raqami biriktiriladigan bank hisobvaragʻi;
bogʻlash — Bank depozitorlarining milliy axborotlar bazasida (bundan buyon matnda BDMAB) bank hisobvaragʻiga jismoniy shaxsning mobil telefon raqamini biriktirish;
“bogʻlash kodi” — bank hisobvaragʻiga jismoniy shaxsning mobil telefon raqamini biriktirish toʻgʻrisidagi soʻrovga javoban BDMABdan qaytariladigan maxsus kod;
Roʻyxat — terrorizmga, ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishga qarshi kurashishni amalga oshiruvchi davlat organlari va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa vakolatli organlaridan taqdim etilayotgan maʼlumotlar, shuningdek, chet davlatlarning vakolatli organlari va xalqaro tashkilotlaridan rasmiy kanallar orqali taqdim etilayotgan maʼlumotlar asosida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan tuzilgan terrorchilik faoliyatida yoki ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslar roʻyxati;
oʻtkazma — toʻlovchi tomonidan BDMABda mobil telefon raqami bogʻlangan bank hisobvaragʻiga pul oʻtkazmalarini amalga oshirish;
tashabbuskor bank — bank hisobvaragʻidagi mablagʻ hisobidan pul oʻtkazmalarini amalga oshiruvchi jismoniy shaxsga xizmat koʻrsatuvchi bank;
benefitsiar bank — bank hisobvaragʻiga pul oʻtkazmalarini qabul qiluvchi jismoniy shaxsga xizmat koʻrsatuvchi bank;
mobil telefon raqami — Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat yurituvchi mobil aloqa operatorlari tomonidan xizmat koʻrsatiladigan mobil aloqa abonenti raqami;
toʻlovchi — jismoniy shaxsning BDMABda mobil telefon raqami biriktirilgan bank hisobvaragʻiga pul oʻtkazmalarini amalga oshiruvchi jismoniy shaxs;
oluvchi — BDMABda mobil telefon raqami biriktirilgan bank hisobvaragʻiga pul oʻtkazmalarini qabul qiluvchi jismoniy shaxs.
2. Tezkor toʻlovlar tizimi orqali jismoniy shaxslar oʻrtasida mobil telefon raqami asosida ularning bank hisobvaraqlaridan toʻgʻridan toʻgʻri oʻtkazmalarni amalga oshirishda Kredit va toʻlov tashkilotlari, toʻlov tizimi operatorlari tomonidan jismoniy shaxslarga masofadan moliyaviy xizmatlar koʻrsatishda axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni taʼminlash hamda frod holatlarining oldini olish boʻyicha minimal talablar toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 3759, 2026-yil 21-yanvar) talablariga rioya etilishi lozim.
3. Jismoniy shaxslar oʻrtasida mobil telefon raqami asosida oʻtkazmalarni amalga oshirish bilan bogʻliq barcha jarayonlar avtomatik ravishda real vaqt rejimida amalga oshiriladi.
2-bob. Mobil telefon raqamini bank hisobvaragʻiga bogʻlash va uni bekor qilish
4. Bankning mobil ilovasida roʻyxatdan oʻtgan foydalanuvchining (bundan buyon matnda foydalanuvchi deb yuritiladi) mobil telefon raqamini uning bank hisobvaragʻiga bogʻlash bank va foydalanuvchi oʻrtasidagi bank hisobvaragʻiga mobil telefon raqamini bogʻlash toʻgʻrisidagi oferta shartnomasiga asosan amalga oshiriladi.
Bank hisobvaragʻiga mobil telefon raqamini bogʻlash toʻgʻrisidagi oferta shartnomasida foydalanuvchining ismi, familiyasi va otasining ismi, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, mobil telefon raqami bogʻlangan bank nomi va uning rekvizitlari, shuningdek, ushbu bankdagi mobil telefon raqami bogʻlangan bank hisobvaraqlarining rekvizitlari kabi shaxsga doir maʼlumotlardan foydalanishga roziligi nazarda tutilishi lozim.
Oferta shartnomasining matni foydalanuvchilar uchun tushunarli, aniq va sodda shaklda bayon etilishi lozim.
5. Bank tomonidan foydalanuvchining bank mobil ilovasida roʻyxatdan oʻtgan mobil telefon raqami avtomatik ravishda BDMABga real vaqt rejimida uzatiladi.
6. Foydalanuvchi bir bank doirasida mobil telefon raqamini oʻzining faqat bitta bank hisobvaragʻiga bogʻlashiga ruxsat etiladi.
7. BDMAB bogʻlash jarayoni yakunlangach, bankka avtomatik ravishda real vaqt rejimida “bogʻlash kodi”ni yuboradi va ushbu “bogʻlash kodi” foydalanuvchining bank mobil ilovasida koʻrsatiladi.
Bunda foydalanuvchi tomonidan “bogʻlash kodi” qabul qilingan vaqtdan boshlab uning mobil telefon raqami bank hisobvaragʻiga bogʻlangan hisoblanadi.
8. Foydalanuvchi bankning mobil ilovasida yangi mobil telefon raqamini roʻyxatdan oʻtkazgan taqdirda, bank tomonidan mazkur foydalanuvchining avvalgi bank hisobvaragʻiga bogʻlangan mobil telefon raqami avtomatik ravishda yangi roʻyxatdan oʻtkazilgan mobil telefon raqamiga oʻzgartiriladi.
9. Foydalanuvchi istalgan vaqtda bankning mobil ilovasi orqali yoki bankka bevosita murojaat qilgan holda shu bankdagi bank hisobvaragʻiga mobil telefon raqamini bogʻlash amaliyotini bekor qilishi mumkin.
Bunda foydalanuvchining mobil telefon raqamini bank hisobvaragʻiga bogʻlash boʻyicha bank va foydalanuvchi oʻrtasida tuzilgan oferta shartnomasi belgilangan tartibda bekor qilingan hisoblanadi.
10. Foydalanuvchining bank hisobvaragʻiga mobil telefon raqamini bogʻlash quyidagi hollarda bank tomonidan mijozning roziligisiz (topshirigʻisiz) bekor qilinishi mumkin:
foydalanuvchining bank mobil ilovasidagi hisobga olish yozuvi (akkaunti) oʻchirilganda;
foydalanuvchi Roʻyxatdagi shaxs ekanligi aniqlanganda.
Bunda bank tomonidan mobil telefon raqamini bogʻlash bekor qilingan kundan keyingi bank ish kunidan kechiktirmasdan foydalanuvchiga bank hisobvaragʻiga mobil telefon raqamini bogʻlash amaliyoti bekor qilinganligi sababi va murojaat qilishi mumkin boʻlgan bankning telefon raqamlari koʻrsatilgan holda xabar beriladi.
3-bob. Oʻtkazmalarni amalga oshirish
11. Oʻtkazma toʻlovchining bank mobil ilovasi orqali yoki bevosita bankka taqdim etiladigan topshirigʻi asosida amalga oshiriladi.
Oʻtkazmani amalga oshirishda toʻlovchining bank hisobvaragʻidagi pul mablagʻi oluvchining bank hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
12. Oʻtkazmalar bankning mobil ilovasi orqali oʻtkazilganda, mazkur Qoidalarning ilovasida keltirilgan Tezkor toʻlovlar tizimi orqali jismoniy shaxslar oʻrtasida mobil telefon raqami asosida oʻtkazmalarni amalga oshirish bilan bogʻliq jarayonlar sxemasi boʻyicha uzluksiz 24/7 rejimida amalga oshiriladi.
Bankka bevosita murojaat qilish orqali amalga oshiriladigan oʻtkazmalar bankning ish kunlari va ish vaqtiga muvofiq amalga oshiriladi.
13. Oʻtkazma amalga oshirilishidan oldin toʻlov summasi, oluvchining familiyasi, ismi va otasining ismi, benefitsiar bank nomi hamda toʻlov xizmatlari koʻrsatganlik uchun vositachilik haqi toʻgʻrisidagi maʼlumot toʻlovchiga koʻrsatilishi va u tomonidan yakuniy tasdiqlash Kredit va toʻlov tashkilotlari, toʻlov tizimi operatorlari tomonidan jismoniy shaxslarga masofadan moliyaviy xizmatlar koʻrsatishda axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni taʼminlash hamda frod holatlarining oldini olish boʻyicha minimal talablar toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 3759, 2026-yil 21-yanvar) asosan amalga oshirilishi lozim.
14. Oʻtkazmani amalga oshirish jarayonida banklar va Tezkor toʻlovlar tizimi oʻrtasidagi maʼlumot almashinuvi Tezkor toʻlovlar tizimi ishtirokchilari oʻrtasida maʼlumot almashinuvi boʻyicha texnologik yoʻriqnomaga (bundan buyon matnda Tezkor toʻlovlar tizimining texnik hujjati deb yuritiladi) asosan amalga oshiriladi.
Bunda tashabbuskor bank tomonidan toʻlov hujjatidagi tegishli maydonga toʻlovchining xos raqami bilan ochilgan bank hisobvaragʻi, uning shaxsiy identifikatsiya raqami, familiyasi, ismi va otasining ismi toʻliqligicha Tezkor toʻlovlar tizimiga yuboriladi.
15. Toʻlovchi tomonidan taqdim etilgan oluvchining mobil telefon raqami yoki “bogʻlash kodi” asosida tashabbuskor bank Tezkor toʻlovlar tizimiga identifikatsiya soʻrovini yuboradi.
16. Tezkor toʻlovlar tizimi tashabbuskor bankdan kelgan identifikatsiya soʻrovida koʻrsatilgan “bogʻlash kodi” yoki telefon raqami asosida oluvchining bank hisobvaraqlari roʻyxatini olish uchun BDMABga soʻrov yuboradi.
17. BDMABdan olingan maʼlumotlar asosida Tezkor toʻlovlar tizimi oʻtkazmalarni oluvchining familiyasi, ismi va otasining ismi hamda uning bank hisobvaragʻi ochilgan banklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarini tashabbuskor bankka yuboradi.
18. Toʻlovchi bankning mobil ilovasi orqali yoki bevosita bankka murojaat qilganda, unga tashabbuskor bank xodimi tomonidan mazkur Qoidalarning 17-bandidagi maʼlumotlar taqdim qilinadi. Toʻlovchi tomonidan ushbu maʼlumotlar asosida oʻtkazma amalga oshiriladigan benefitsiar bank tanlanadi.
19. Tashabbuskor bank toʻlovchi tanlagan benefitsiar bankdagi oluvchining bank rekvizitlarini olish uchun Tezkor toʻlovlar tizimiga soʻrov yuboradi.
20. Tezkor toʻlovlar tizimi orqali taqdim etilgan oluvchining bank rekvizitlari asosida hamda Tezkor toʻlovlar tizimining texnik hujjatida belgilangan maʼlumotlarni kiritgan holda tashabbuskor bank toʻlov hujjatini shakllantiradi va Tezkor toʻlovlar tizimiga yuboradi.
21. Tezkor toʻlovlar tizimi tomonidan toʻlov hujjati benefitsiar bankka tasdiqlash uchun yuboriladi.
Benefitsiar bank tomonidan toʻlov hujjatini qabul qilish tasdiqlangandan soʻng, Tezkor toʻlovlar tizimi tomonidan oʻtkazma amalga oshiriladi.
22. Toʻlovchi va oluvchi oʻrtasidagi oʻtkazmalar bir bank doirasida amalga oshirilsa, oʻtkazmalarni Tezkor toʻlovlar tizimi orqali amalga oshirish talab etilmaydi.
23. Tashabbuskor va benefitsiar bank oʻtkazmalarni amalga oshirishda Tijorat banklarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat qoidalari (roʻyxat raqami 2886, 2017-yil 23-may) talablariga amal qilishi lozim.
24. Oʻtkazma muvaffaqiyatli amalga oshirilganda, bu haqida toʻlovchiga quyidagi rekvizitlarni oʻz ichiga oladigan toʻlov xizmati koʻrsatilganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etiladi:
oʻtkazma amalga oshirilgan sana va vaqt;
oʻtkazma amalga oshirilgan toʻlov tizimining nomi;
oʻtkazmaning toʻlov tizimidagi xos raqami (BID);
tashabbuskor bank kodi va nomi;
toʻlovchining bank hisobvaragʻi;
toʻlovchining ismi, familiyasi va otasini ismi;
oʻtkazma va vositachilik haqi summasi;
oʻtkazma maqsadi (agar koʻrsatilsa);
benefitsiar bank kodi va nomi;
oluvchining bank hisobvaragʻi;
oluvchining ismi, familiyasi va otasini ismi;
oluvchining telefon raqami yoki “bogʻlash kodi”.
25. Oluvchining bank hisobvaragʻiga oʻtkazilgan oʻtkazmalar oluvchi tomonidan cheklovlarsiz tasarruf etilishi banklar tomonidan taʼminlanishi lozim.
4-bob. Banklarda hisob-kitoblarni tashkil qilish
26. Tezkor toʻlovlar tizimi orqali amalga oshirilgan oʻtkazma asosida tashabbuskor bank (A bank) tomonidan buxgalteriya hisobi yozuvi quyidagicha aks ettiriladi:
a) filialga ega boʻlgan tashabbuskor bankda:
1) debet 20206 Jismoniy shaxslarning talab qilib olinguncha saqlanadigan depozitlari — A bank filiali;
debet 22616 Jismoniy shaxslarning bank hisobvaraqlaridagi masofadan turib xizmat koʻrsatish tizimi orqali boshqariladigan mablagʻlari — A bank filiali;
debet 22617 Pensionerlarning bank kartalari boʻyicha majburiyatlar — A bank filiali;
debet 22618 Jismoniy shaxslarning bank kartalari boʻyicha majburiyatlari — A bank filiali;
kredit 22224 Bosh ofis/filiallarga Tezkor toʻlovlar tizimida hisob-kitoblar boʻyicha toʻlanadigan mablagʻlar — A bank filiali;
2) debet 22224 Bosh ofis/filiallarga Tezkor toʻlovlar tizimida hisob-kitoblar boʻyicha toʻlanadigan mablagʻlar — A bank filiali;
kredit 16123 Bosh ofis/filiallardan Tezkor toʻlovlar tizimida hisob-kitoblar boʻyicha olinadigan mablagʻlar– A bank bosh ofisi;
3) debet 16123 Bosh ofis/filiallardan Tezkor toʻlovlar tizimida hisob-kitoblar boʻyicha olinadigan mablagʻlar — A bank bosh ofisi;
kredit 20814 Markaziy bankka toʻlanishi lozim boʻlgan mablagʻlar — Tezkor toʻlovlar tizimi — A bank bosh ofisi;
4) debet 20814 Markaziy bankka toʻlanishi lozim boʻlgan mablagʻlar — Tezkor toʻlovlar tizimi — A bank bosh ofisi;
kredit 17480 Markaziy bankning Kliring tizimi boʻyicha tijorat banklaridan olinadigan mablagʻlar — Markaziy bank;
b) filialga ega boʻlmagan tashabbuskor bankda:
1) debet 20206 Jismoniy shaxslarning talab qilib olinguncha saqlanadigan depozitlari — A bank;
debet 22616 Jismoniy shaxslarning bank hisobvaraqlaridagi masofadan turib xizmat koʻrsatish tizimi orqali boshqariladigan mablagʻlari — A bank;
debet 22617 Pensionerlarning bank kartalari boʻyicha majburiyatlar — A bank;
debet 22618 Jismoniy shaxslarning bank kartalari boʻyicha majburiyatlari — A bank;
kredit 20814 Markaziy bankka toʻlanishi lozim boʻlgan mablagʻlar — Tezkor toʻlovlar tizimi — A bank;
2) debet 20814 Markaziy bankka toʻlanishi lozim boʻlgan mablagʻlar — Tezkor toʻlovlar tizimi — A bank;
kredit 17480 Markaziy bankning Kliring tizimi boʻyicha tijorat banklaridan olinadigan mablagʻlar — Markaziy bank.
27. Tezkor toʻlovlar tizimi orqali amalga oshirilgan oʻtkazma asosida benefitsiar bank (B bank) tomonidan buxgalteriya hisobi yozuvi quyidagicha aks ettiriladi:
a) filialga ega boʻlgan benefitsiar bankda:
1) debet 10313 Markaziy bankdan olinishi lozim boʻlgan mablagʻlar — Tezkor toʻlovlar tizimi — B bank bosh ofisi;
kredit 22224 Bosh ofis/filiallarga Tezkor toʻlovlar tizimida hisob-kitoblar boʻyicha toʻlanadigan mablagʻlar — B bank bosh ofisi;
2) debet 22224 Bosh ofis/filiallarga Tezkor toʻlovlar tizimida hisob-kitoblar boʻyicha toʻlanadigan mablagʻlar — B bank bosh ofisi;
kredit 16123 Bosh ofis/filiallardan Tezkor toʻlovlar tizimida hisob-kitoblar boʻyicha olinadigan mablagʻlar — B bank filiali;
3) debet 16123 Bosh ofis/filiallardan Tezkor toʻlovlar tizimida hisob-kitoblar boʻyicha olinadigan mablagʻlar — B bank filiali;
kredit 22616 Jismoniy shaxslarning bank hisobvaraqlaridagi masofadan turib xizmat koʻrsatish tizimi orqali boshqariladigan mablagʻlari — B bank filiali;
4) debet 27480 Markaziy bankning Kliring tizimi boʻyicha tijorat banklarga toʻlanishi lozim boʻlgan mablagʻlar — Markaziy bank;
kredit 10313 Markaziy bankdan olinishi lozim boʻlgan mablagʻlar — Tezkor toʻlovlar tizimi — B bank bosh ofisi;
b) filialga ega boʻlmagan benefitsiar bankda:
1) debet 10313 Markaziy bankdan olinishi lozim boʻlgan mablagʻlar — Tezkor toʻlovlar tizimi — B bank;
kredit 22616 Jismoniy shaxslarning bank hisobvaraqlaridagi masofadan turib xizmat koʻrsatish tizimi orqali boshqariladigan mablagʻlari — B bank;
2) debet 27480 Markaziy bankning Kliring tizimi boʻyicha tijorat banklarga toʻlanishi lozim boʻlgan mablagʻlar — Markaziy bank;
kredit 10313 Markaziy bankdan olinishi lozim boʻlgan mablagʻlar — Tezkor toʻlovlar tizimi — B bank.
28. Oʻtkazma bir bank doirasida amalga oshirilsa, bank tomonidan buxgalteriya hisobi yozuvi quyidagicha aks ettiriladi:
debet 20206 Jismoniy shaxslarning talab qilib olinguncha saqlanadigan depozitlari;
debet 22616 Jismoniy shaxslarning bank hisobvaraqlaridagi masofadan turib xizmat koʻrsatish tizimi orqali boshqariladigan mablagʻlari — toʻlovchining bank hisobvaragʻi;
debet 22617 Pensionerlarning bank kartalari boʻyicha majburiyatlar — toʻlovchining bank hisobvaragʻi;
debet 22618 Jismoniy shaxslarning bank kartalari boʻyicha majburiyatlari toʻlovchining bank hisobvaragʻi;
kredit 22616 Jismoniy shaxslarning bank hisobvaraqlaridagi masofadan turib xizmat koʻrsatish tizimi orqali boshqariladigan mablagʻlari — oluvchining bank hisobvaragʻi.
29. Amalga oshirilgan oʻtkazmalar boʻyicha banklararo hisob-kitoblar Tezkor toʻlovlar tizimi tomonidan kliring usuli asosida tashkil etiladi. Bunda majburiyatlar va talablarni oʻzaro ayirish orqali tashabbuskor va benefitsiar banklarning sof pozitsiyasi aniqlanadi.
30. Bir operatsiya kuni davomida Tezkor toʻlovlar tizimi tomonidan amalga oshiriladigan kliring jarayonlari soni va vaqti Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
31. Joriy operatsiya kuni davomida yakunlanadigan kliring sessiyasida amalga oshirilgan oʻtkazmalar ushbu operatsiya kuni sanasi boʻyicha buxgalteriya balansida aks ettiriladi.
Yakunlanish vaqti joriy operatsiya kuni tugaganidan keyingi operatsiya kuniga toʻgʻri keladigan kliring sessiyasida amalga oshirilgan oʻtkazmalar keyingi operatsiya kuni sanasi boʻyicha buxgalteriya balansida aks ettiriladi.
32. Yakuniy hisob-kitob tashabbuskor va benefitsiar banklarning sof pozitsiyalari natijalari boʻyicha shakllantiriladigan toʻlov hujjatlari asosida tashabbuskor va benefitsiar banklarning vakillik hisobvaraqlari orqali amalga oshiriladi.
33. Yakuniy hisob-kitob natijasiga koʻra, 10313 Markaziy bankdan olinishi lozim boʻlgan mablagʻlar hisobvaragʻida passiv qoldiq yuzaga kelganda, buxgalteriya hisobi yozuvi benefitsiar bank xodimi tomonidan quyidagicha aks ettiriladi:
debet 10313 Markaziy bankdan olinishi lozim boʻlgan mablagʻlar;
kredit 23206 Aniqlanish jarayonidagi tranzaksiyalar.
10313 Markaziy bankdan olinishi lozim boʻlgan mablagʻlar hisobvaragʻida aktiv qoldiq yuzaga kelgan taqdirda, 10313 Markaziy bankdan olinishi lozim boʻlgan mablagʻlar va 23206 Aniqlanish jarayonidagi tranzaksiyalar hisobvaraqlaridagi qoldiqlar oʻzaro taqqoslanadi hamda ushbu hisobvaraqlardan qoldigʻi eng kam boʻlgan summa miqdorida (23206 hisobvaraqdagi qoldiq nolga tenglashguncha) buxgalteriya hisobi yozuvi benefitsiar bank tomonidan quyidagicha aks ettiriladi:
debet 23206 Aniqlanish jarayonidagi tranzaksiyalar;
kredit 10313 Markaziy bankdan olinishi lozim boʻlgan mablagʻlar.
Bunda 23206 Aniqlanish jarayonidagi tranzaksiyalar hisobvaragʻi alohida tartib raqami bilan ochiladi.
34. Yakuniy hisob-kitob natijasiga koʻra, 20814 Markaziy bankka toʻlanishi lozim boʻlgan mablagʻlar — Tezkor toʻlovlar tizimi hisobvaragʻida aktiv qoldiq yuzaga kelganda, buxgalteriya hisobi yozuvi tashabbuskor bank xodimi tomonidan quyidagicha aks ettiriladi:
debet 17305 Aniqlanish jarayonidagi tranzaksiyalar;
kredit 20814 Markaziy bankka toʻlanishi lozim boʻlgan mablagʻlar — Tezkor toʻlovlar tizimi.
20814 Markaziy bankka toʻlanishi lozim boʻlgan mablagʻlar — Tezkor toʻlovlar tizimi hisobvaragʻida passiv qoldiq shakllanganda, 17305 Aniqlanish jarayonidagi tranzaksiyalar va 20814 Markaziy bankka toʻlanishi lozim boʻlgan mablagʻlar — Tezkor toʻlovlar tizimi hisobvaraqlaridagi qoldiqlar oʻzaro taqqoslanadi hamda ushbu hisobvaraqlardan qoldigʻi eng kam boʻlgan summa miqdorida (17305 hisobvaraqdagi qoldiq nolga tenglashguncha) buxgalteriya hisobi yozuvi tashabbuskor bank tomonidan quyidagicha aks ettiriladi:
debet 20814 Markaziy bankka toʻlanishi lozim boʻlgan mablagʻlar — Tezkor toʻlovlar tizimi;
kredit 17305 Aniqlanish jarayonidagi tranzaksiyalar.
Bunda 17305 Aniqlanish jarayonidagi tranzaksiyalar hisobvaragʻi alohida tartib raqami bilan ochiladi.
35. Tashabbus va benefitsiar banklar mazkur Qoidalarning 33 va 34-bandlaridagi hisobvaraqlarda yuzaga kelgan passiv yoki aktiv qoldiqlar sababini aniqlash va oldini olish choralarini koʻrishi lozim.
5-bob. Yakuniy qoida
36. Mazkur Qoidalar talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.08.2026 y., 10/26/3930/0871-son)