Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining
Buyrug'i
Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi tomonidan qabul qilingan ayrim shaharsozlik normalari va qoidalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 2-iyunda hisobga olindi, hisob raqami 404]
Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksiga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi tomonidan qabul qilingan ayrim shaharsozlik normalari va qoidalariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi va “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir SH. XIDOYATOV
Toshkent sh.,
2026-yil 13-may,
01/2-21-son
Kelishildi:
“Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi raisi oʻrinbosari I. RAXIMOV
2026-yil 15-aprel
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi rahbari S. ESHQUVVATOV
2026-yil 1-aprel
Oʻzbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining 2026-yil 13-maydagi 01/2-21-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi tomonidan qabul qilingan ayrim shaharsozlik normalari va qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. SHNQ 2.03.03-21 “Armotsement konstruksiyalar” shaharsozlik normalari va qoidalarida (hisob raqami 303, 2024-yil 14-oktabr):
a) 2-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“armotsement — mayda zarrali betondan tayyorlanadigan, butun hajmi boʻylab toʻqilgan yoki payvandlangan metall simli yoxud metall boʻlmagan, shu jumladan bazalt asosidagi kompozit toʻrlar bilan armaturalangan material;”;
b) 4-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4. Armotsement konstruksiyalar chigʻanoqlar va burmalar koʻrinishidagi qoplamalarda, devor elementlarida, osma shiftlarda, sanitariya-texnik vositalar elementlarida, pardozlash elementlarida, shuningdek obodonlashtirish va yoʻl infratuzilmasi uchun moʻljallangan mayda yigʻma beton buyumlarda qoʻllanilishiga yoʻl qoʻyiladi.”.
2. SHNQ 2.03.07-21 “Tosh va armaturalangan toshli konstruksiyalar” shaharsozlik normalari va qoidalarining (hisob raqami 275, 2024-yil 19-avgust) 13-bandida:
a) toʻrtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“koʻp qatlamli devorlarning yuza qatlamini boʻylamasiga armaturalash uchun — polimer kompozit materiallardan, shuningdek geotoʻrdan tayyorlangan toʻrlar;”;
b) oltinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Koʻp qatlamli tashqi devorlarning egiluvchan bogʻichlari uchun A240 sinfiga mansub poʻlat armatura, toʻr koʻrinishidagi polimer-kompozit materiallar, shu jumladan geotoʻrlar, shuningdek anker moslamalari bilan jihozlangan alohida sterjenlar qoʻllanilishi lozim.”.
3. SHNQ 2.03.13-24 “Pollar” shaharsozlik normalari va qoidalarining (hisob raqami 262, 2024-yil 1-iyul) 54-bandi uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“quyma (yaxlit) yoki yigʻma styajkalar ostida zichligi 150 kg/m3 gacha boʻlgan sintetik bogʻlovchili mineral (bazalt va shisha tolali) plitalar va bordonlar, zichligi 25 dan 50 kg/m3 gacha boʻlgan penopolistirol plitalar, keramzit va kvars qumlardan issiqlik va tovush oʻtkazmaydigan qatlamlarni tayyorlashni;”.
4. SHNQ 2.03.14-22 “Kompozit polimer armaturali beton konstruksiyalar” shaharsozlik normalari va qoidalarining (hisob raqami 296, 2024-yil 30-sentabr) 2-bandi quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“bazalt kompozit — bazalt tolalar bilan mustahkamlangan polimer kompozitli material.”.
5. SHNQ 2.03.15-23 “Energiya tejamkor devorbop toʻsuvchi konstruksiyalar. Binolar qurilishida avtoklavda tayyorlangan silikatli gazbeton bloklardan terilgan konstruksiyalar. Loyihalash va qurilish talablari” shaharsozlik normalari va qoidalarining (hisob raqami 186, 2023-yil 19-iyul) 49-bandi birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“49. Gorizontal armaturalashda katak oʻlchamlari 10×10 mm dan 35×35 mm gacha boʻlgan hamda uzilishga mustahkamligi 50 kN/m dan kam boʻlmagan kompozit armaturalovchi toʻrlardan, shu jumladan bazalt geotoʻrlardan, QMQ 2.01.03-19 talablariga muvofiq seysmik hududlarda foydalanishga yoʻl qoʻyiladi.”.
6. SHNQ 2.05.01-23 “Temir yoʻllar. Loyihalash talablari” shaharsozlik normalari va qoidalarida (hisob raqami 291, 2024-yil 17-sentabr):
a) 891-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“891. Tarkibida massasiga nisbatan 50 foizdan ortiq miqdorda 2 mm dan 0,05 mm gacha boʻlgan zarralarni saqlovchi qumloqlardan tashqari namligiga koʻra oquvchanlik darajasi WL > 0,23 boʻlgan barcha turdagi loyli tuproqlardan qurilgan yoʻl toʻshamasida sovuq taʼsirida shishish deformatsiyalarining oldini olish maqsadida asosiy maydoncha zonasidagi konstruksiya kuchaytirilishi lozim. Bunda ballast prizmasi ostida drenajlovchi tuproqli himoya qatlami yoki bazalt-kompozit geotekstil materiallar bilan birgalikda ishlaydigan drenajlovchi himoya qatlami qurilishi nazarda tutilishi kerak.”;
b) 893-banddagi “geotekstil” degan soʻzdan oldin “bazalt-kompozit,” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
d) 894 va 906-bandlardagi “geotekstil materiallar” degan soʻzlardan oldin “bazalt-kompozit,” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
7. SHNQ 2.08.12-24 “Moddiy madaniy meros obyektlari” shaharsozlik normalari va qoidalarining (hisob raqami 334, 2025-yil 7-fevral) 143-bandi birinchi xatboshisidagi “chordoqlarni izolyatsiyalashda” degan soʻzlardan keyin “bazalt,” degan soʻz bilan toʻldirilsin.