Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi direktorining
buyrugʻi
Xususiy mehnat shartnomalari boʻyicha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga ketayotgan, shuningdek xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarning ixtiyoriy roʻyxatdan oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 21-fevralda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3070-1]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-oktabrdagi PF-162-son “Migratsiya jarayonlarini boshqarish tizimini isloh qilish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni, Оʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 27-fevraldagi 83-son “Uzoq muddatga xorijga chiqib ketgan va qaytib kelgan shaxslarning hisobini yuritish sohasidagi idoralararo hamkorlikni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda 2025-yil 22-apreldagi 252-son “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda tashkillashtirilgan tartibda ishga joylashtirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirining 2018-yil 10-avgustdagi 21-B-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 3070, 2018-yil 27-sentabr) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2018-y., 10/18/3070/1971-son) bilan tasdiqlangan Xususiy mehnat shartnomalari boʻyicha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga ketayotgan, shuningdek xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarning ixtiyoriy roʻyxatdan oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor B. MUSAYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 11-fevral,
2-son
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi direktorining 2026-yil 11-fevraldagi 2-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Xususiy mehnat shartnomalari boʻyicha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga ketayotgan, shuningdek xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarning ixtiyoriy roʻyxatdan oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Fuqarolarning roʻyxatdan oʻtishi ixtiyoriy boʻlib, bepul asosda va elektron shaklda amalga oshiriladi.”.
2. 2-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. 3-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Fuqaro Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining “Xorijda ish” mehnat migratsiyasi elektron dasturiy majmuasi (bundan buyon matnda elektron dasturiy majmua deb yuritiladi) orqali roʻyxatdan oʻtadi.”.
4. 4-banddagi “Saytda” degan soʻz “Elektron dasturiy majmuada” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
5. 9 — 11-bandlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
6. 12 — 14-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“12. Fuqaro tomonidan mazkur Nizomning 8-bandida nazarda tutilgan maʼlumotlar kiritilgandan soʻng Guvohnoma elektron dasturiy majmuada avtomatik ravishda shakllantiriladi hamda uning elektron shakli Fuqaroga taqdim etiladi.
Guvohnomaning amal qilish muddati Fuqaroning xorijiy davlatda mehnat faoliyatini amalga oshirish boʻyicha tuzilgan shartnomasi muddatiga mos ravishda belgilanadi.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 408-moddasiga muvofiq mehnat shartnomasi asosida chet elda yollanib ishlayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari yiliga bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir baravari miqdorida ijtimoiy soliq toʻlaganda toʻlovlar amalga oshirilgan davrlar mehnat stajini hisoblab chiqarish uchun asos boʻlib xizmat qiladi.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-martdagi PQ-3584-son “Vaqtinchalik mehnat faoliyatini olib borish uchun respublika hududidan transport orqali chet elga joʻnab ketish vaqtida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq elektron dasturiy majmua orqali roʻyxatdan oʻtgan vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga ketayotgan fuqarolarga “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan platskart va umumiy vagonlarga temir yoʻl chiptalarining narxlariga 20 foiz chegirmalar taqdim etiladi.”.
7. 15-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.02.2026 y., 10/26/3070-1/0169-son)