Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Fransiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
diplomatik pasport egalarini qisqa muddatli viza talablaridan oʻzaro ozod etish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari davlat reyestrida 2025-yil 18-martda roʻyxatga olindi, roʻyxat raqami 4585-FR-2025-H]
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati, bir tomondan, va Fransiya Respublikasi Hukumati, boshqa tomondan, keyingi oʻrinlarda birgalikda “Tomonlar” va alohida ravishda “Tomon” deb ataluvchilar,
1993-yil 27-oktabrda Parij shahrida imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi bilan Fransiya Respublikasi oʻrtasida doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Shartnoma asosida Tomonlar oʻrtasida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash istagi bilan harakat qilgan holda;
Tomonlarning diplomatik pasportga ega boʻlgan fuqarolarining harakatlanishiga koʻmaklashish istagida;
Mazkur Bitimning qoidalari Oʻzbekiston va Fransiyada amalda boʻlgan qonunlar va tartiblarga amal qilgan holda hamda xalqaro shartnomalarga muvofiq qoʻllanishini eʼtirof etgan holda,
Quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Bitimning qoʻllanish doirasi
Bitimning qoʻllanish doirasi
Amaldagi biometrik diplomatik pasportga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari diplomatik kanallar orqali xabardor qilinganidan soʻng, Shengen hududiga aʼzo davlatlar hududida yoki Fransiya Respublikasi hududining Shengen hududiga kirmagan har qanday qismida bir yuz sakson (180) kunlik har qanday muddat ichida umumiy davomiyligi toʻqson (90) kundan oshmaydigan bir marta davomiy boʻlib turish yoki bir necha marta boʻlib turish maqsadida Fransiyaning materik hududlariga, shuningdek, dengizorti hududlariga va viloyatlariga (DROM), dengizorti hududlariga (COM) va Yangi Kaledoniyaga kirish, tranzit oʻtish va ularda boʻlib turish uchun viza majburiyatidan ozod etiladi, bunda ular ushbu hududlarda, shu jumladan, oʻzini-oʻzi band qilgan shaxs sifatida, hech qanday mehnat faoliyatini amalga oshirmasliklari shart.
Amaldagi biometrik diplomatik pasportga ega boʻlgan Fransiya Respublikasi fuqarolari diplomatik kanallar orqali xabardor qilingandan soʻng, Oʻzbekiston Respublikasi hududida bir yuz sakson (180) kunlik har qanday muddat ichida umumiy davomiyligi toʻqson (90) kundan oshmaydigan bir marta davomiy boʻlib turish yoki bir necha marta boʻlib turish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirish, tranzit oʻtish va unda boʻlib turish uchun viza majburiyatidan ozod etiladi, bunda ular u yerda, shu jumladan, oʻzini-oʻzi band qilgan shaxs sifatida, hech qanday mehnat faoliyatini amalga oshirmasliklari shart.
2-modda
Pasportning amal qilish muddati
Pasportning amal qilish muddati
Mazkur Bitimning 1-moddasida nazarda tutilgan viza majburiyatidan ozod etish imtiyozidan faqatgina diplomatik pasportining amal qilish muddati Shengen hududiga aʼzo davlatlar hududini yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududini tark etish, koʻp marta safar qilinadigan hollarda esa Shengen hududiga aʼzo davlatlar hududini yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududini oxirgi marta tark etish rejalashtirilgan sanada olti (6) oydan koʻp boʻlgan Fransiya Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari foydalana oladilar.
3-modda
Viza olish majburiyati
Viza olish majburiyati
Har bir Tomonning diplomatik pasportga ega boʻlgan fuqarolari mazkur Bitimning 1-moddasida nazarda tutilgan muddatdan koʻproq muddatga bir yoki bir necha marta boʻlib turish uchun viza olishga majburdirlar.
4-modda
Pasportlar namunalarini va ulardan foydalanish bilan bogʻliq maʼlumotlarni almashish
Pasportlar namunalarini va ulardan foydalanish bilan bogʻliq maʼlumotlarni almashish
Tomonlar oʻzlarining foydalanilayotgan, yangi yoki oʻzgartirilgan diplomatik pasportlari namunalarini diplomatik kanallar orqali oʻzaro almashadilar hamda ushbu pasportlarni berish va ularni ishlatish shartlari toʻgʻrisida bir-birini xabardor qiladilar. Har bir Tomon boshqa Tomonga ushbu pasportlarning koʻrinishi va ularni berish yoki ishlatish shartlari bilan bogʻliq har qanday oʻzgarish toʻgʻrisida ushbu oʻzgarish amalga oshirilishidan kamida oltmish (60) kun avval maʼlum qiladi.
Diplomatik pasportning oʻgʻirlanishi, yoʻqolishi yoki bekor qilinishi bilan bogʻliq har qanday holat boshqa Tomonga ushbu holat haqida bir Tomon xabardor boʻlgan sanadan boshlab oltmish (60) kun ichida maʼlum qilinadi.
5-modda
Bitimni toʻxtatish va readmissiya boʻyicha hamkorlik
Bitimni toʻxtatish va readmissiya boʻyicha hamkorlik
Mazkur Bitimning qoʻllanishi toʻliq yoki qisman bir yoki boshqa Tomon tarafidan quyidagi hollarda toʻxtatilishi mumkin:
Quyidagilarga zarar yetgan hollarda:
milliy manfaatlarga;
milliy xavfsizlikka;
jamoat xavfsizligiga;
jamoat tartibiga;
jamoat salomatligiga.
Bir Tomon oʻz hududida boshqa Tomonning noqonuniy yashayotgan fuqarolarini readmissiya qilish boʻyicha hamkorlik yomonlashganini qayd etganda yoki diplomatik pasportlarni berish shartlarida mazkur Bitim imzolangan sanaga nisbatan oʻzgarish yuz berganda, u mazkur Bitimning qoʻllanishini toʻliq yoki qisman toʻxtatishi mumkin. Bir Tomon yuqorida qayd etilgan holat natijasida Bitimning qoʻllanishini toʻxtatganidan keyin, ushbu yomonlashuv va oʻzgarishni tuzatish maqsadida qisqa muddatlarda boshqa Tomon bilan muloqot boshlaydi.
Bitim qoʻllanishining toʻxtatilishi va ushbu choraning bekor qilinishi toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali xabar qilinadi.
6-modda
Nizolarni hal qilish
Nizolarni hal qilish
Mazkur Bitimni talqin qilish yoki amalga oshirish bilan bogʻliq nizolar yuzaga kelgan hollarda, Tomonlar ularni diplomatik kanallar orqali muzokaralar va maslahatlashuvlar yoʻli bilan hal qilishga intiladilar.
7-modda
Bitimga oʻzgartirish kiritish
Bitimga oʻzgartirish kiritish
Mazkur Bitimga, Tomonlarning oʻzaro kelishuviga asosan, uning ajralmas qismi hisoblanadigan alohida bayonnomalar shaklida oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Ushbu bayonnomalar mazkur Bitimning 9-moddasiga muvofiq kuchga kiradi.
8-modda
Bitimning boshqa xalqaro shartnomalar bilan munosabati
Bitimning boshqa xalqaro shartnomalar bilan munosabati
Mazkur Bitim oʻz davlatlari aʼzo boʻlgan Tomonlarning boshqa xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
9-modda
Bitimning kuchga kirishi va amal qilish muddati
Bitimning kuchga kirishi va amal qilish muddati
1. Mazkur Bitim besh (5) yil muddatga tuziladi hamda Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan ichki jarayonlarini amalga oshirgani haqida bir-birini xabardor qiluvchi ikkita yozma xabarnomaning oxirgisi olingan sanadan keyingi ikkinchi oyning birinchi kunida kuchga kiradi. Bitim uning amal qilish muddati tugashidan uch (3) oy avval muddatda verbal nota almashish yoʻli bilan rasman uzaytirilishi mumkin.
2. Har bir Tomon istalgan vaqtda diplomatik kanallar orqali boshqa Tomonga mazkur Bitimni tugatish maqsadida toʻqson (90) kun avval shu haqida yozma ravishda xabarnoma yuborish orqali uni tugatishi mumkin.
Parij shahrida, 2025-yil 12-mart kuni, ikki (2) asl nusxada, oʻzbek va fransuz tillarida tuzildi, bunda ikkala matn bir xil kuchga ega.
(imzolar)