Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING YoSh ISTEʼDODLAR UChUN “NIHOL” MUKOFOTI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 9-avgustdagi 169-sonli “Vazirlar Mahkamasining “Yosh isteʼdodlar uchun “Nihol” mukofotini taʼsis etish toʻgʻrisida” 2000-yil 25-avgustdagi 334-son va “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yosh isteʼdodlar uchun “Nihol” mukofoti toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida” 2006-yil 14-martdagi 44-son qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yosh isteʼdodlar uchun “Nihol” mukofoti toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 25-avgust “Yosh isteʼdodlar uchun “Nihol” mukofotini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi 334-son qaroriga quyidagi oʻzgartirishlar kiritilsin:
Oldingi tahrirga qarang.
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 16-maydagi 86-sonli qaroriga muvofiq chiqarilgan — OʻR QHT, 2006-y., 20-21-son, 176-modda)
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R. Qosimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2006-yil 14-mart,
44-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yosh isteʼdodlar
uchun “Nihol” mukofoti toʻgʻrisidagi
uchun “Nihol” mukofoti toʻgʻrisidagi
NIZOM
I.Umumiy qoidalar
1. “Nihol” mukofoti isteʼdodli yoshlarning jamiyatimiz maʼnaviy hayotini yuksaltirishdagi muhim oʻrnini inobatga olib, oʻzining estrada, musiqa, mumtoz qoʻshiq, raqs va opera sanʼati ijrochiligi sohasidagi mahorati bilan odamlarning yuragiga yetib boradigan, yoshlarni ezgulikka chorlaydigan, ularni maʼnaviy barkamol insonlar qilib tarbiyalashga xizmat qiladigan asarlar yaratishda faollik koʻrsatayotgan 17 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan iqtidorli yoshlarni muntazam ragʻbatlantirib borish maqsadida beriladi.
2. Nomzodlar jami beshta nominatsiya — estrada, musiqa, mumtoz qoʻshiq, opera ijrochiligi va raqs sanʼati boʻyicha tanlovlar orqali saralanadi.
3. Har bir oʻringa munosib nomzodlar tanlash uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda tanlovlar oʻtkaziladi. Tanlovda ishtirok etadigan ijrochilar isteʼdodi tomoshabinlar, keng jamoatchilik ishtirokida oʻziga xos sinovdan oʻtkaziladi.
4. Nomzod isteʼdodi va ijro madaniyatining oʻziga xosligi, badiiy mahorati va saviyasi, milliy sanʼatimizning yuksak namunalaridan boxabarligi bilan alohida ajralib turishi, xalqimiz maʼnaviyatini yuksaltirish, mustaqillik gʻoyalarini, jamiyatimizda amalga oshirilayotgan madaniy-maʼrifiy islohotlar mohiyatini sanʼat vositasida targʻib etishga xizmat qilishi lozim.
5. Tavsiya etilayotgan ishlarni koʻrishda nomzodning professional tayyorgarligi, badiiy ijrochilik mahorati, repertuar saviyasi (musiqa, matn), ijtimoiy faolligi, insoniy fazilatlari yetakchi mutaxassislar tomonidan yuqori baholanganligi, jamoatchilik tomonidan eʼtirof etilganligi inobatga olinadi.
6. Akademik va anʼanaviy ijrochilik, estrada, opera, raqs sohasidagi ijodiy ishlarni baholashda nomzodlarning mamlakatimiz va xorijdagi koʻrik hamda tanlovlarda erishgan yutuqlari ham eʼtiborga olinadi.
II. Tanlov oʻtkazish bosqichlari
1-bosqich (aprel)
7. Tanlovning birinchi bosqichi Oʻzbekiston Respublikasining tuman va shaharlarida oʻtkaziladi. Talabgorlar hujjatlarini tuman va shahar madaniyat va sport ishlari boʻlimlari huzurida tuziladigan ishchi guruhga taqdim etadilar.
8. Ishchi guruhlar 5—7 kishidan iborat boʻlib, ularning tarkibiga tuman, shahar madaniyat va sanʼat muassasalari mutaxassislari, joylardagi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati hamda boshqa jamoat tashkilotlari vakillari kiritiladi.
9. Ishchi guruhlar yigʻilishlarini tashkil etish va ular faoliyatini muvofiqlashtirish tuman, shahar madaniyat va sport ishlari boʻlimlari xodimlaridan tayinlanadigan masʼul kotib tomonidan olib boriladi.
10. Ishchi guruhlar topshirilgan hujjatlarni muhokama qilib, nomzodlarni atroflicha oʻrganib chiqib har bir nominatsiya boʻyicha bittadan nomzodni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda viloyat madaniyat va sport ishlari boshqarmalari huzurida taniqli mutaxassis va sanʼatkorlardan tuziladigan komissiyaga tavsiya etadilar.
11. Agar muayyan nominatsiya boʻyicha munosib nomzod boʻlmasa, oʻsha yoʻnalishda tavsiya berilmasligi mumkin.
2-bosqich (iyun)
12. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyat komissiyalarining faoliyati Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda viloyat madaniyat va sport ishlari boshqarmalari tomonidan muvofiqlashtiriladi, uning tarkibi joylardagi yetuk madaniyat va sanʼat sohasi mutaxassislari hamda taniqli sanʼatkorlar, “Oʻzbeknavo” estrada birlashmasining hududiy boʻlimi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati va boshqa jamoat tashkilotlari vakillaridan tashkil topadi.
13. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyat komissiyalari tuman va shaharlar ishchi guruhlar taqdim etgan tavsiyalarni batafsil oʻrganib chiqib, keng jamoatchilik va tomoshabinlar ishtirokida nomzodlarni respublika bosqichiga saralash uchun konsert dasturi yoki koʻrgazmali chiqishlar shaklida koʻrik-tanlov oʻtkazadi.
14. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyat komissiyasi koʻrik-tanlov yakuniga koʻra har bir yoʻnalish boʻyicha 1 tadan jami 5 ta nomzodni tanlab olib, isteʼdodli yoshlarga “Nihol” mukofoti berish boʻyicha Respublika Kengashiga taqdim etadi.
15. Ayrim yoʻnalishlar boʻyicha munosib nomzod aniqlanmasa, tavsiya berilmasligi mumkin.
16. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyat ommaviy axborot vositalarida nomzodlar, ularning faoliyati, erishgan yutuqlari yoritib boriladi.
3-bosqich (iyul-avgust)
17. Respublika Kengashi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan taqdim etilgan nomzodlarning ijodiy ishlarini koʻrib chiqadi.
18. Respublika Kengashi faoliyatini muvofiqlashtirib borish Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligining Ijodkor yoshlar bilan ishlash boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi.
19. Respublika Kengashi barcha yoʻnalishlar boʻyicha jami 20 nafar nomzodni tanlab, ularning ijodiy ishlarini koʻrib chiqadi va tanlov asosida sovrindorlarni belgilaydi. 10 nafar sovrindor Kengashning maxsus qarori bilan tasdiqlanadi va ularga “Nihol” mukofoti topshiriladi.
20. Respublika ommaviy axborot vositalarida nomzodlar, ularning faoliyati va ijodi keng yoritib boriladi.
21. Gʻoliblarni aniqlash jarayoni bilan bogʻliq barcha ishlar avgust oyining birinchi oʻn kunligida yakunlanadi.
III. Hujjatlarni taqdim etish va rasmiylashtirish tartibi
22. Har bir nomzodning hujjatlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri komissiyalarining xulosalari va qarorlari bilan yuboriladi. Qarorda nomzodning ismi, familiyasi va otasining ismi, faoliyati va ijro mahoratining keng jamoatchilik tomonidan eʼtirof etilganligi haqidagi maʼlumotlar, mukofotga taqdim etish asoslari koʻrsatiladi.
Har bir nomzod boʻyicha quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
nomzodning pasport nusxasi, diplom nusxasi yoki taʼlim olayotgan oʻquv yurtidan maʼlumotnoma;
repertuarlar roʻyxati, video-audio albomlari;
nomzodning shaxsiy varaqasi, tarjimai holi, 4 dona fotosurat (2 dona 3x4, 2 dona ijodiy jarayondagi surat), tanlovlarda qatnashganligi haqidagi diplom yoki sertifikat nusxasi (agar boʻlsa);
doimiy oʻqish yoki ish joyidan berilgan va mazkur tashkilot rahbari tomonidan imzolanib, muhr bilan tasdiqlangan ijodiy tavsifnoma;
ommaviy axborot vositalarida nomzod haqida berilgan koʻrsatuv va eshittirishlar yoki maqolalar nusxasi (agar boʻlsa).
23. Talabgorning hujjatlari yuqorida koʻrsatilgan tartibda va belgilangan muddatlarda qabul qilinadi.
IV. “Nihol” mukofotini topshirish tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
24. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yosh isteʼdodlar uchun “Nihol” mukofoti har yili bir marta Mustaqillik bayrami arafasida tantanali vaziyatda topshiriladi.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 16-maydagi 86-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2006-y., 20-21-son, 176-modda)
25. “Nihol” mukofoti oʻz ramzi aks ettirilgan sovrin va eng kam oylik ish haqining 70 baravari miqdoridagi pul mablagʻidan iboratdir.
26. “Nihol” mukofotiga sazovor boʻlgan yoshlar madaniyat, sanʼat yoʻnalishidagi oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlariga imtiyozli ravishda qabul qilinadi, mamlakatning atoqli sanʼatkorlaridan saboq olish imkoniyatiga ega boʻladi.
27. “Nihol” mukofoti takroran berilmaydi.
28. “Nihol” mukofoti sovrindorlarining roʻyxati Mustaqillik bayrami arafasida ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 11-son, 85-modda, 20-21-son, 176-modda)