O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOShQARUVINING
Qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI TOMONIDAN TIJORAT BANKLARI VA ULARNING FILIALLARI RAHBARLARI, BOSh BUXGALTERLARI, BOShQARUV A’ZOLARI HAMDA KREDIT UYuShMALARI IJRO ORGANLARI RAHBARLARI LAVOZIMLARIGA TAVSIYA ETILAYOTGAN NOMZODLARGA NISBATAN MALAKA TALABLARI QO‘YISh TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMGA O‘ZGARTIRIShLARNI TASDIQLASh HAQIDA
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2005-yil 28-oktabrda 1455-2-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi]
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2006-yil 7-oktabrdagi 24/6-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tijorat banklari va ularning filiallari rahbarlari, bosh buxgalterlari, boshqaruv a’zolari, kredit uyushmalari hamda mikrokredit tashkilotlari ijro organlari rahbarlari lavozimlariga tavsiya etilayotgan nomzodlarga nisbatan malaka talablari qo‘yish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori (ro‘yxat raqami 1641-son 14.11.2006-y.) bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
“O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki to‘g‘risida”gi Qonunning 51-moddasiga asosan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tijorat banklari va ularning filiallari rahbarlari, bosh buxgalterlari, boshqaruv a’zolari hamda kredit uyushmalari ijro organlari rahbarlari lavozimlariga tavsiya etilayotgan nomzodlarga nisbatan malaka talablari qo‘yish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga o‘zgartirishlar loyihasini ko‘rib chiqib va muhokama qilib, Boshqaruv qaror qiladi:
1. “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tijorat banklari va ularning filiallari rahbarlari, bosh buxgalterlari, boshqaruv a’zolari hamda kredit uyushmalari ijro organlari rahbarlari lavozimlariga tavsiya etilayotgan nomzodlarga nisbatan malaka talablari qo‘yish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga (2005-yil 10-mart, ro‘yxat raqami 1455-son) o‘zgartirishlar ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu qaror Adliya vazirligida Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan vaqtdan 10 kun o‘tgandan so‘ng kuchga kiritilsin.
Markaziy bank Boshqaruvi raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2005-yil 7-oktabr,
21/5-son
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tijorat banklari va ularning filiallari rahbarlari, bosh buxgalterlari, boshqaruv a’zolari hamda kredit uyushmalari ijro organlari rahbarlari lavozimlariga tavsiya etilayotgan nomzodlarga nisbatan malaka talablari qo‘yish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar
1. Nizomning 1-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Malaka talablarini qo‘yish va kasbga muvofiqlikni aniqlash (keyingi matnlarda “kasbga muvofiqlikni aniqlash” deb yuritiladi) — bank ishi va amaliyotini, shuningdek kredit uyushmalarining faoliyatini yuritishda amaldagi qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash uchun yuqori malaka va salohiyatga hamda benuqson ishbilarmonlik va jamoa orasida obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan mutaxassislarni tanlash usulidir.”
2. Nizomning 5-bandi ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“amalga oshirgan harakatlari yuridik shaxslarning bankrotlikka yoki moliyaviy ahvoli yomonlashuviga olib kelganligi to‘g‘risida dalillar ma’lum bo‘lgan taqdirda, bankrotlikka uchragan yoki moliyaviy ahvoli yomonlashgan banklar, kredit uyushmalari va yuridik shaxslarning sobiq rahbarlari, boshqaruv va kuzatuv kengashi a’zolari hamda yirik ishtirokchilari (ustav kapitalida 10 foiz va undan ko‘p miqdorida ovoz beruvchi aksiyalar yoxud ulushlarga ega bo‘lgan shaxslar);”
3. Nizomning 6-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“6. Bank yoki filial rahbarlari bir bank tarkibida boshqa filialga yoki umuman boshqa bankka teng lavozimlarga, bir kredit uyushmasi ijro organi rahbari boshqa kredit uyushmasi ijro organi rahbarligiga o‘tkazilganida ularning kasbga muvofiqligi Komissiya tomonidan qayta ko‘rib chiqiladi.”
4. Nizomning 7-bandi ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Tijorat banklari va kredit uyushmalari rahbarlari egallab turgan lavozimidan ozod etilganligi to‘g‘risidagi buyruqdan ko‘chirma 3 ish kuni muddat ichida Markaziy bankning Tijorat banklari rahbar xodimlarini tanlash va ular bilan ishlash Bosh boshqarmasiga yetkazilishi hamda ushbu o‘rinlarga tayinlash uchun tavsiya etilayotgan nomzodlarning hujjatlari tijorat banklari tomonidan 1-ilovaga, kredit uyushmalari tomonidan 2-ilovaga muvofiq 15 kun muddat ichida Komissiyaga ko‘rib chiqish uchun taqdim etilishi lozim.”
5. Nizomning 11-bandi birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“11. Tijorat banklari rahbarlari lavozimlariga tavsiya etilayotgan nomzodlar oliy iqtisodiy ma’lumotga, bank tizimida yetarli ish tajribasiga va oxirgi ish joyidan tavsiyaga, kredit uyushmalari ijro organlari rahbarlari lavozimlariga tavsiya etilayotgan nomzodlar esa oliy ma’lumotga, bank yoki moliya sohasida yetarli ish tajribasiga, ishbilarmonlikdagi benuqson obro‘-e’tiborga ega bo‘lishi lozim.
6. Nizomning 18-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“18. Tijorat banklari va kredit uyushmalaridagi Markaziy bank nomenklaturasiga kiradigan lavozimlarga tavsiya etilayotgan nomzodlarning hisob-tavsiflov hujjatlari dastlab tijorat banklari va kredit uyushmalari tomonidan ko‘rib chiqilib, so‘ng Komissiyaga taqdim etiladi. Komissiya tijorat banklari va kredit uyushmalari tomonidan taqdim etilgan nomzodlarning hisob-tavsiflov hujjatlarini ushbu Nizom talablariga muvofiq holda, 10 kun muddatda o‘rganib chiqadi va nomzodning lavozimga muvofiqligini aniqlash masalasini o‘zining navbatdagi majlisi kun tartibiga kiritadi.”
7. Nizomning 19-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“19. Tavsiya etilayotgan nomzodning lavozimga muvofiqligi Komissiya tomonidan o‘tkaziladigan suhbat va (yoki) test sinovi orqali aniqlanadi. Suhbat va (yoki) test natijalariga ko‘ra nomzodning tavsiya etilayotgan lavozimga muvofiq yoki muvofiq emasligi to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. Mazkur qarordan ko‘chirma tijorat banklari va kredit uyushmalariga yuboriladi.”
8. Nizomning 22-bandini “v”-kichik bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin.
9. Nizomning 1-ilovasidagi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Tijorat banklari va ular filiallari rahbarlari, bosh buxgalterlari, boshqaruv a’zolari hamda kredit uyushmalari ijro organlari rahbarlarining kasbga muvofiqligini aniqlash komissiyasiga taqdim etilishi lozim bo‘lgan hujjatlar ro‘yxatining to‘rtinchi xatboshisidan “yoki texnikumda” so‘zlari chiqarib tashlansin.
10. Nizomning 2-ilovasidagi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Tijorat banklari va ular filiallari rahbarlari, bosh buxgalterlari, boshqaruv a’zolari hamda kredit uyushmalari ijro organlari rahbarlarining kasbga muvofiqligini aniqlash komissiyasiga taqdim etilishi lozim bo‘lgan hujjatlar ro‘yxatining to‘rtinchi xatboshisidan “yoki texnikumda” so‘zlari chiqarib tashlansin.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2005-y., 43-44-son, 335-modda)