O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
YOSH AVLODNI SOG‘LOMLASHTIRISH MUAMMOLARINI
KOMPLEKS HAL ETISH TO‘G‘RISIDA
KOMPLEKS HAL ETISH TO‘G‘RISIDA
Respublika aholisining salomatligini va oilaning tinchligini mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va “Ekosan” jamg‘armasining yosh avlodni sog‘lomlashtirish muammolarini kompleks hal etish to‘g‘risidagi takliflari qo‘llab quvvatlansin.
O‘zbekiston Respublikasining yosh avlodni sog‘lomlashtirish dasturi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
*ilova berilmaydi
2. “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasi va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga yosh avlodni sog‘lomlashtirish dasturini ro‘yobga chiqarishni muvofiqlashtirish va nazorat qilish funksiyasi yuklatilsin.
3. Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari homiladorlarga tibbiy yordam ko‘rsatuvchi va bolalar obyektlari ustunlik bilan qurilishini nazarda tutsinlar, ular qurilishini, odatda, mavjud ko‘p ixtisosli viloyat, shahar va tuman markaziy kasalxonalari negizida amalga oshirsinlar. “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi tegishli limitlar ajratishni nazarda tutsin.
4. Sog‘liqni saqlash vazirligi, “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasi, Qizil Yarim oy jamiyati Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari bilan birgalikda sog‘liqni saqlash birlamchi bo‘g‘inlari (feldsherlik-akusherlik punktlari, qishloq davolash ambulatoriyalari, qishloq uchastka kasalxonalari) negizida homiladorlarga va kichik yoshdagi bolalarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha doimiy ishlovchi guruhlar tashkil etsinlar.
5. Din ishlari qo‘mitasi xotin-qizlarga e’tiborning muhimligi, oilani oqilona tashkil etish, go‘dak bolalarni ona suti bilan oziqlantirish, bo‘lajak onalar va yosh avlodning salomatligi uchun ota-onalar va jamiyatning mas’uliyati to‘g‘risida tushuntirish ishlari olib borish yo‘li bilan yosh avlodni sog‘lomlashtirish dasturini ro‘yobga chiqarishda diniy tashkilotlarning hamkorligini ta’minlasin.
6. Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda umumiy ta’lim maktablari yuqori sinflarining, o‘rta maxsus va oliy o‘quv yurtlarining o‘quv dasturlariga o‘smirlar gigiyenasini, o‘g‘il va qiz bolalar organizmi rivojlanishining anatomo – fiziologik xususiyatlarini o‘rganish masalalarini joriy etsinlar. Tegishli darsliklar va qo‘llanmalar bilan ta’minlasinlar.
7. Vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, jamoat jamg‘armalari, mulkchilik shaklidan qati nazar, korxonalar, yosh avlodni sog‘lomlashtirish dasturini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashsinlar.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ijtimoiy masalalar, Fan va madaniyat majmuiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 3-dekabr,
589-son