O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI HUDUDIDA BARAVAR TO‘LOV VOSITASI SIFATIDA “SO‘M-KUPONLAR”NI MUOMALAGA KIRITISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 22-iyundagi 263-son “Valyuta bozorini yanada erkinlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar, nafaqalar va boshqa pul daromadlari aholiga o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlash, respublikaning ichki iste’mol bozorini muhofaza qilish maqsadida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1993-yil 7-maydagi 883-XII-son, 1993-yil 3-sentabrdagi 952-XII-son qarorlariga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qarop qiladi:
1. 1993-yilning 15-noyabridan boshlab O‘zbekiston Respublikasining hududida 1961—1992-yillarda chiqarilgan nusxadagi rubl bilan baravar to‘lov vositasi sifatida “So‘m-Kuponlar” muomalaga kiritilsin.
Belgilab qo‘yilsinki, “So‘m-Kuponlar” 1, 3, 5, 10, 25, 50, 100, 200, 500, 1000, 5000, 10000 “So‘m” qiymati bilan 1961—1992-yillar nusxasidagi 1 rublga 1 “So‘m-Kupon” nisbatida va Rossiya bankining 1993-yil nusxasidagi qog‘oz pullariga ham xuddi shunday nisbatda muomalaga chiqariladi.
O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki 1993-yil 15-noyabrdan boshlab ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar, nafaqalar va boshqa to‘lovlarni berishda rubllar bilan bir vaqtda va o‘z muddatida belgilangan nisbatlarda “So‘m-Kuponlar” berilishini ta’minlasin. Navbatdagi to‘lovlarning 1993-yil 21-noyabrgacha berilishi ta’minlansin. 1993-yil dekabr oyi uchun pensiya va stipendiyalar 100 foiz miqdorida “So‘m-Kuponlar” bilan to‘lansin.
“So‘m-Kuponlar” O‘zbekiston Respublikasining hududida davlat, kooperativ hamda boshqa korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoa xo‘jaliklari va aholi tomonidan barcha turdagi to‘lovlarga, shuningdek, bank muassasalari va Aloqa vazirligi korxonalari tomonidan joriy hisob-kitob schyotlariga, omonatlarga, akkreditivlarga qo‘shish uchun va pul o‘tkazish uchun hech qanday cheklovlarsiz qabul qilinishi majburiydir.
Xalq xo‘jaligida hisobga olish va O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxslari o‘rtasidagi naqd pulsiz hisob-kitoblar belgilangan tartibda rubllar hisobida saqlab qolinadi.
2. 1993-yilning 22-noyabridan O‘zbekiston Respublikasining hududida kuponli varaqchalar (bir marotabali kuponlar)ning amalda bo‘lishi bekor qilinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 27-dekabrdagi 611-son qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 27-dekabrdagi 611-son qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan)
5. Ilgari belgilangan tartibga muvofiq qiymati 25 ming rubldan yuqori bo‘lgan tovarlarning hammasi savdo tarmoqlari orqali O‘zbekiston Respublikasida faqat uning fuqarolariga berilgan hisob-kitob cheklari, chek daftarchalari bo‘yicha yoki omonatchilarning topshiriqlariga ko‘ra pul o‘tkazish yo‘li bilan, pasport ko‘rsatilgan va pasportga berilgan ilovada belgi mavjud bo‘lgan taqdirda sotiladi.
6. Pasportga ilovaning shakli va u haqdagi Nizom Jamg‘arma banki Moliya vazirligi va Davlat matbuot qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan hamda O‘zbekiston Respublikasi Jamg‘arma bankining muassasalariga yetkazilgani ma’lumot uchun qabul qilinsin.
7. 1993-yilning 15-noyabridan boshlab 1961—1992-yillarda chiqarilgan nusxadagi naqd rubl pullarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kelish taqiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 27-dekabrdagi 611-son qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan)
9. O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki “So‘m-Kuponlar”ni Rossiyaning 1993-yil nusxasidagi rubllariga 1:1 nisbatida va erkin muomaladagi valyutaga mavjud kurs bo‘yicha almashtirib beradigan maxsus punktlar ochsin.
10. O‘zbekiston Respublikasining Istiqbolni belgilash va statistika davlat qo‘mitasi respublikaning butun hududida takomillashtirilgan shakldagi № 1-torg blanki bo‘yicha oylik statistika hisobotini joriy etib, unga quyidagi grafalar qo‘shilishini hisobga olsin:
“So‘m-Kuponlar” bo‘yicha oborot;
tovarlarni me’yorlangan miqdorda berish bo‘yicha oborot.
11. “So‘m-Kuponlar”ni muomalaga chiqarish, hisobga olish, inkassatsiya qilish, berish va saqlash tartibi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki ishlab chiqqan Muvaqqat nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
12. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, “O‘zbeksavdo” davlat uyushmasi va “O‘zbekbirlashuv” boshqaruvining raislari, savdo tarmoqlariga ega bo‘lgan vazirliklar va idoralarning rahbarlari zimmasiga “So‘m-Kuponlar” bilan rubl baravar muomalada bo‘lishiga oid tasdiqlangan tartibni so‘zsiz bajarish, shuningdek, mazkur qaror talablariga muvofiq tovarlar sotish va xizmatlar ko‘rsatish borasidagi chora-tadbirlar majmui hududlarda ta’minlanishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklatilsin.
13. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari joylarda Jamg‘arma banki va tijorat banklarining muassasalari bilan, korxonalar, tashkilotlar va muassasalar bilan birgalikda ish haqi va boshqa daromadlarni naqd pulsiz hisob-kitoblar bo‘yicha bank muassasalari orqali olib borish tajribasini kengaytirishga doir qo‘shimcha ishlarni amalga oshirsinlar.
Oldingi tahrirga qarang.
(14-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 25-fevraldagi 96-son qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan)
15. Ushbu qaror ro‘yobga chiqarilishini ta’minlovchi respublika komissiyasining tarkibi 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 3-ilova berilmaydi.
Respublika komissiyasiga ilgari qabul qilingan normativ hujjatlarni bir hafta muddat ichida mazkur qarorga muvofiq holga keltirish topshirilsin.
16. Ushbu qarorning qanday bajarilayotganini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri o‘rtoq A. M. Mutalov zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 12-noyabr,
550-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 27-dekabrdagi 611-son qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan)
“So‘m-Kuponlar”ni muomalaga chiqarish, hisobga olish, inkassatsiya qilish, berish va saqlash tartibi to‘g‘risida
MUVAQQAT NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. “So‘m-Kuponlar” O‘zbekiston Respublikasining butun hududida SSSR Davlat banki va Rossiya Bankining 1961—1992-yillarda chiqarilgan nusxadagi qog‘oz pullari bilan bir qatorda aholining pul daromadlarini to‘lash hamda ularga tovarlar sotib olish va xizmatlar haqini to‘lash uchun to‘lov vositasi sifatida foydalaniladi.
2. “So‘m-Kuponlar” tasdiqlangan nusxalarga muvofiq 1, 3, 5, 10, 25, 50, 100, 200, 500, 1000, 5000 va 10000 so‘m qiymati bilan chiqariladi. Bir “So‘m-Kupon” 1961—1992-yillar nusxasidagi bir rublga va tegishli ravishda Rossiya Bankining 1993-yil nusxasidagi qog‘oz pullariga teng.
3. SSSR Davlat banki va Rossiya Bankining qiymati 1, 3, 5, 10, 25, 50 va 100 rubl bo‘lgan 1961—1992-yillar nusxasidagi qog‘oz pullaridan “So‘m-Kuponlar” bilan bir qatorda to‘lov vositasi sifatida cheklovlarsiz foydalanilishi mumkin. Rossiya Bankining 1993-yil nusxasidagi barcha qiymatlardagi qog‘oz pullari to‘lov vositasi sifatida cheklovlarsiz qabul qilinadi.
4. “So‘m-Kuponlar”ni muomalaga chiqarishni va ularni inkassatsiya qilishni Markaziy bankning muassasalari rubllarga aynan o‘xshash tarzda amalga oshiradilar.
5. “So‘m-Kuponlar”ni qalbakilashtirish bank qog‘oz pullarini qalbakilashtirish kabi bab-baravar darajada qonun bo‘yicha ta’qib qilinadi.
6. Chiqarilayotgan “So‘m-Kuponlar” aholiga tovar sotuvchi va xizmat ko‘rsatuvchi barcha yuridik shaxslar hamda jamiki mulkchilik shakllaridagi xo‘jalik yurituvchi subyektlar va oddiy shaxslar tomonidan iste’mol mollari va pulli xizmatlar hisob-kitobi uchun, shuningdek, bank muassasalari va Aloqa vazirligi korxonalari tomonidan schyotlarga, omonatlarga qo‘shish uchun, pul o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi doirasida hech qanday cheklovlarsiz qabul qilinishi majburiydir.
7. “So‘m-Kuponlar”ni aholi maxsus omonat shaxsiy hisoblariga qo‘yishlari va birinchi talab qilishdayoq ulardan “So‘m-Kuponlar”da berilishi mumkin.
8. Xalq xo‘jaligida va barcha mulkchilik shaklidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlarda buxgalteriya hisob-kitobi belgilangan tartibda—rubllar hisobida olib boriladi. “So‘m-Kuponlar”dan foydalanish va ularning harakati yuridik shaxslarning tegishli subschyotlarida rublga teng qiymat bilan alohida aks ettiriladi.
9. Barcha mulkchilik shaklidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘rtasidagi hisob-kitoblar, shuningdek, yuridik shaxslar bilan oddiy shaxslar o‘rtasidagi naqd pulsiz hisob-kitoblar belgilangan tartibda rubllar hisobida amalga oshiriladi.
10. “Co‘m-Kuponlar” Rossiyaning 1993-yil nusxasidagi rubllariga 1:1 nisbatida va erkin muomaladagi valyutaga mavjud kurs bo‘yicha maxsus punktlarda almashtirib berilishi mumkin.
II. “So‘m-Kuponlar”ni berish miqdori
1. “So‘m-Kuponlar”ni berish miqdori aholiga to‘lanadigan oylik pul miqdorida “So‘m-Kuponlar” va rubllarning nisbatini belgilash yo‘li bilan aniqlanadi.
2. Berilishi lozim bo‘lgan “So‘m-Kuponlar” va rubllarning nisbatini O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki Istiqbolni belgilash va statistika davlat qo‘mitasi bilan birgalikda aniqlaydi hamda u vaqti-vaqti bilan qayta ko‘rib chiqiladi.
3. “So‘m-Kuponlar” va rubllarning belgilangan nisbati ommaviy axborot vositalari orqali O‘zbekiston Respublikasining fuqarolariga ma’lum qilinadi.
III. “So‘m-Kuponlar”ni berish, hisobga olish va saqlash tartibi
1. “So‘m-Kuponlar” fuqarolarga asosiy ish (o‘qish) joyida maosh (mehnat haqi), stipendiya, pensiya, nafaqalar hamda boshqa pullarni to‘lash chog‘ida rubllar bilan bir vaqtda beriladi.
2. O‘rindoshlik bo‘yicha ishlayotgan fuqarolarga “So‘m-Kuponlar” asosiy ish joyida ham, o‘rindoshlik bo‘yicha ishlayotgan joyida ham belgilangan nisbatlarda beriladi.
3. Banklardagi omonatlari bo‘yicha schyotlarga oldindan pul o‘tkazib ish haqi oluvchi fuqarolarga bank muassasalari “So‘m-Kuponlar”ni belgilangan nisbatlarda beradilar. Shu munosabat bilan ish haqi, pensiyalar va boshqa daromad turlarini bank muassasalari orqali to‘laydigan korxonalar, muassasalar, tashkilotlar taqdim etadigan hujjatlarida “So‘m-Kuponlar” va rubllar bilan berilishi lozim bo‘lgan mablag‘ miqdorlarini alohida-alohida ko‘rsatadilar.
4. Pensionyerlarga va nafaqa, tovon puli, bir yo‘la beriladigan to‘lovlarni oluvchi shaxslarga “So‘m-Kuponlar” belgilangan nisbatda ular olinadigan joylarda beriladi va har bir to‘lov turi bo‘yicha alohida qo‘shib hisoblanadi.
5. Alimentlar oylik pul daromadining rubl qismidan ham, “So‘m-Kuponlar” qismidan ham mutanosib ravishda ushlab qolinadi.
Alimentlarni korxonalar, tashkilotlar, muassasalardan pochta orqali o‘tkazish yo‘li bilan oluvchi fuqarolar “So‘m-Kuponlar”ni alimentlar olinadigan joylarda belgilangan nisbatlar bilan oladilar.
6. Pensiyalarni aloqa bo‘limlari orqali oluvchi pensionyerlarga shuningdek, ish haqi (daromadlar)ni, qalam haqi (gonorarlar)ni pul o‘tkazish yo‘li bilan oluvchi fuqarolarga “So‘m-Kuponlar” oylik pul daromadlarining umumiy belgilangan nisbatlarida beriladi.
7. Respublika ichkarisida pochta orqali o‘tkazilgan pullar boshlang‘ich aloqa manzilida qanday to‘lov vositalarida berilgan bo‘lsa, xuddi shunday to‘lov vositalari (rubllar yoki “So‘m-Kuponlar”) bilan beriladi. Aloqa bo‘limining pul o‘tkazish hujjatlarida qanday to‘lov vositalari (rubllar yoki “So‘m-Kuponlar”) o‘tkazilayotganligi to‘g‘risida tegishli belgi qo‘yiladi.
8. Ishsizlik bo‘yicha nafaqalar, bolani parvarish qilish uchun qisman haq to‘lanadigan ta’til puli, bolalar uchun pul nafaqalari va tovon pullari “So‘m-Kuponlar”da beriladi.
9. Kashfiyotlarning, joriy etilgan ixtirolar, ratsionalizatorlik takliflarining mualliflariga ixtiro uchun rag‘batlantiruvchi mukofotlar, shuningdek, ixtirochilik va ratsionalizatsiyaga ko‘maklashganlik uchun mukofotlar, taqdirlash pullari asosiy ish joyida boshqa pul daromadlari bilan qo‘shilib belgilangan nisbatlarda “So‘m-Kuponlar” bilan to‘lanadi.
10. Fuqaro — huquqiy shartnomalar (shartnoma-topshiriqlar, mualliflik shartnomalari, pudrat shartnomalari bo‘yicha, shu jumladan, muvaqqat ijodiy jamoalar tarkibida) bo‘yicha ishlarni bajaruvchi fuqarolarga “So‘m-Kuponlar” pul to‘lanadigan joylarda belgilangan nisbatlarda beriladi.
11. Donorlarga tovon pullarini sog‘liqni saqlash muassasalari “So‘m-Kuponlar” bilan to‘laydilar.
12. Muddatli xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga, shuningdek, harbiy bilim yurtlarining kursantlariga “So‘m-Kuponlar” pul ta’minoti doirasida to‘lanadi.
13. Har bir chaqaloq tug‘ilganida beriladigan bir yo‘la to‘lovlar, balog‘atga yetmagan bolalari bo‘lgan oilalarga tasdiqlangan tovon pullari ular olinadigan joylarda “So‘m-Kuponlar” bilan to‘lanadi.
14. Aholiga pul to‘lovlari (ish haqi, mehnat haqi, pensiyalar, stipendiyalar, nafaqalar, bolalar uchun tovon pullari va boshqa pul to‘lovlari) “So‘m-Kuponlar” muomalaga kiritilgandan oldingi oylar uchun faqat rubllarda beriladi.
15. Respublikada ishlayotgan va ish haqini rubllarda olayotgan chet ellik fuqarolarga “So‘m-Kuponlar” O‘zbekiston Respublikasining ishlovchi aholisi uchun amalda bo‘lgan shartlar asosida beriladi.
16. Ish haqini rublda olmayotgan, ammo respublikada yashab turgan yoki safarda bo‘lgan chet ellik fuqarolar erkin muomaladagi valyutani O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki belgilagan tartibda almashtirib olish huquqiga egadirlar.
17. Markaziy bank muassasalaridan “So‘m-Kuponlar”ni olgan barcha mulkchilik shaklidagi korxonalar, tashkilotlar, muassasalar xalq xo‘jaligida kassa operatsiyalari yuritishning tasdiqlangan Tartibiga (O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 1992-yil 3-apreldagi 5-son qarori) muvofiq pul harakatini alohida kassa daftarida hisobga olib boradilar.
18. To‘lanadigan “So‘m-Kuponlar” umumiy hisob-kitob vedomostiga qo‘shilib, to‘lanishi lozim bo‘lgan ish haqi (daromad) “So‘m-Kuponlar” va rubllarda ajratib ko‘rsatiladi.
19. Korxonalar va xo‘jalik tashkilotlarining kassasida qoldiq pullarning buxgalteriya hisobi quyidagicha yuritiladi:
— rubllar bilan operatsiyalar bo‘yicha — 50-schyotida 1-subschyot “Rubllar kassasi”;
— “So‘m-Kuponlar” bilan operatsiyalar bo‘yicha — 50-schyotida 4-subschyot “So‘m-Kuponlar” kassasi”.
Budjet tashkilotlari ham xuddi shunday tartibda 120 va 121-schyotlarning subschyotlarida tegishli ravishda rubllar va “So‘m-Kuponlar”ning buxgalteriya hisobini yuritadilar.
20. Deponentga qo‘yilgan rubllar va “So‘m-Kuponlar”dagi ish haqining buxgalteriya hisobi quyidagi alohida subschyotlarda yuritiladi:
Xo‘jalik tashkilotlari:
— 76-schyotning “Rubllarda deponentga qo‘yilgan ish haqi” 1-subschyoti, “Turli debitorlar va kreditorlar bilan hisob-kitoblar”;
— 76-schyotning “So‘m-Kuponlar”da deponentga qo‘yilgan ish haqi” 4-subschyoti, “Turli debitorlar va kreditorlar bilan hisob-kitoblar”.
— Budjet muassasalari:
— 177-schyot — “Deponentlar bilan rubllarda hisob-kitoblar”;
— 175-schyot—“Deponentlar bilan “So‘m-Kuponlar”da hisob-kitoblar”.
21. Mulkchilik shaklidan qat’i nazar, korxonalarning, tashkilotlar va muassasalarning vakillari oldindan berib qo‘yilgan buyurtmaga muvofiq bank muassasalaridan “So‘m-Kuponlar”ni cheklar bo‘yicha naqd rubllar bilan birga oladilar.
22. Pensiyalar, nafaqalarni beruvchi aloqa korxonalari “So‘m-Kuponlar”ni ijtimoiy ta’minot organlari tuzgan to‘lov vedomostiga muvofiq bank muassasalaridan oladilar. Ana shu vedomostda berilishi lozim bo‘lgan “So‘m-Kuponlar” miqdori alohida satrda ko‘rsatiladi.
23. Davlat soliq organlari iqtisodiyotning davlatga daxldor bo‘lmagan sohasida xo‘jalik yurituvchi subyektlarning moliyaviy faoliyatini taftish qilish chog‘ida olingan “So‘m-Kuponlar”ning miqdori ish haqi to‘lash vedomostlari bilan muvofiq ekanligini tekshirishlari majburiydir.
IV. Tovarlarni “So‘m-Kuponlar”ga sotish
1. “So‘m-Kuponlar”ning joriy etilishi tovarlarni belgilangan me’yorlarda (talonlar bilan) va chegaralangan narxlarda sotishning mavjud Tartibi va qoidalarini bekor qilmaydi.
2. Davlat savdosidagi, matlubot kooperatsiyasidagi va boshqa idoralarni savdo tarmoqlaridagi qiymati 25 ming rubldan kamroq bo‘lgan barcha tovarlari (“So‘m-Kuponlar”ga ham, rubllarga ham (qiymati 5000 va 10000 bo‘lgan rubllardan tashqari) sotiladi.
Ro‘yxati Vazirlar Mahkamasining qarori bilan belgilanadigan ayrim tovarlar faqat “So‘m-Kuponlar”ga sotiladi, shuningdek, SSSR Davlat banki va Rossiya Bankining qiymati 1, 3, 5, 10, 25, 50 va 100 pybl bo‘lgan 1961—1992-yillar nusxasidagi qog‘oz pullariga va Rossiya Bankining 1993-yil chiqarilgan barcha qiymatlardagi qog‘oz pullariga ham sotilishi mumkin.
3. 1993-yil 15-noyabrdan boshlab Rossiya Bankining qiymati 5000 va 10000 rubl bo‘lgan qog‘oz pullarini barcha turdagi to‘lovlarga qabul qilish taqiqlanadi, ulardan faqat belgilangan tartibda Jamg‘arma banki muassasalariga omonat sifatida qo‘yish uchun foydalanish mumkin.
4. Qiymati 25 ming rubldan ortiq bo‘lgan tovarlar va pulli xizmatlarning haqi respublikada faqat O‘zbekiston Respublikasining fuqarolariga berilgan hisob-kitob cheklari, chek daftarchalari bo‘yicha yoki omonatchilarning topshiriqlariga ko‘ra pul o‘tkazish yo‘li bilan belgilangan tartibda to‘lanadi.
Tovar haqini to‘lash uchun hisob-kitob cheki yoki chek daftarchasi taqdim etilganida do‘kon sotuvchisi olinayotgan chekning raqami va seriyasini pasport ilovasidagi yozuv bilan solishtirib tekshirishi va ular bir-biriga mos kelganda tovarni berishi kerak.
5. Xo‘jalik (ishlab chiqarish) subyektlari erkin muomaladagi valyutaga yoki tovar ayirboshlash vositasida olib kelgan tovarlar o‘z xodimlariga faqat “So‘m-Kuponlar”ga yoki O‘zbekiston Respublikasi Jamg‘arma bankining muassasalari mazkur korxona xodimlari nomiga yozib bergan cheklar yoki chek daftarchalari orqali haq to‘lash yo‘li bilan sotiladi.
6. Faqat “So‘m-Kuponlar”ga sotiladigan tovarlarning chakana narxlari narxnomalarda “So‘m-Kuponlar” bilan ko‘rsatiladi.
7. Savdo tashkilotlari tovarlarni, “So‘m-Kuponlar”ga sotish chog‘ida qaytimini berish uchun shunday mayda pullar yo‘q bo‘lgan taqdirda qiymati 1, 3, 5, 10, 25, 50, 100 rubl bo‘lgan pullardan foydalanadilar.
8. Savdo tashkilotlarining rahbarlari tovarlarni “So‘m-Kuponlar”ga sotish borasida belgilangan tartibga har bir savdo korxonasi qat’iy rioya etishini ta’minlashlari shart.
Mana shu tartibga va “So‘m-Kuponlar”ni inkassatsiya qilish tartibiga rioya etilishini ta’minlamaydigan savdo korxonalarining rahbarlari egallab turgan lavozimidan ozod qilinadilar.