O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
DAVLAT MULKINI DAVLAT TASARRUFIDAN ChIQARISh VA XUSUSIYLAShTIRIShDAN TUShADIGAN MABLAG‘LARNING TUShIShINI NAZORAT QILISh VA ULARNI TO‘LASh, TAQSIMLASh, HISOBGA OLISh TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI VAQTINChALIK NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 26-dekabrdagi 475-son “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishdan tushadigan mablag‘larni to‘lash, taqsimlash va ulardan foydalanish masalalariga oid ba’zi qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
Davlat mulki obyektlarini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishdan tushadigan mablag‘lardan oqilona va samarali foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishdan tushadigan mablag‘larning tushishini nazorat qilish va ularni to‘lash, taqsimlash, hisobga olish tartibi to‘g‘risidagi ilova qilinayotgan Vaqtinchalik nizom tasdiqlansin.
2. Davlat mulki obyektlarini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishdan tushadigan mablag‘lar sarflanishining quyidagi miqdorlari belgilab qo‘yilsin:
O‘zbekiston Respublikasi ichki qarzini qoplash uchun — 20 foiz;
xalq xo‘jaligi tuzilmasini qayta qurishni mablag‘ bilan ta’minlash uchun — 40 foiz;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish ehtiyojlari uchun — 15 foiz;
belgilangan tartibda tasdiqlangan davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish dasturlarida nazarda tutilgan boshqa maqsadlar uchun — 25 foiz, shu jumladan qimmatli qog‘ozlar bozori infrastrukturasini yaratish, shakli o‘zgartirilgan korxona va tashkilotlardan davlat mulki ulushi egasining boshqaruv vazifalarini amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun “O‘zdavjamg‘arma”ga — 0,5 foiz.
3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat mulki jamg‘armasi davlat mulkini xususiylashtirishdan tushadigan va ichki qarzni qoplashga yo‘naltirilishi lozim bo‘lgan vaqtincha bo‘sh mablag‘larni bank depozitlariga o‘tkazish, vazirliklar, idoralarga, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, vaqtincha moliyaviy jihatdan qiynalayotgan ayrim korxona va tashkilotlarga to‘lash, mulk bilan ta’minlash va qaytarish sharti bilan qisqa muddatli qarzlar berish uchun foydalanish tajribasini amaliyotda qo‘llasin.
4. “O‘zdavjamg‘arma” hududiy boshqarmalarining ishlashlari uchun zarur sharoitlarni ta’minlash maqsadida:
“O‘zshartnomasavdo” davlat uyushmasi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda ularni anjomlar va uskunalar bilan ta’minlash masalalarini ko‘rib chiqsinlar va hal qilsinlar;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi yengil xizmat avtomashinalarini saqlash uchun limit ajratsin, “O‘zavtotrans” davlat korporatsiyasi va “Toshshahartranskorxona” davlat uyushmasi esa ajratilgan limit doirasida ularga xizmat ko‘rsatishni ta’minlasinlar.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 23-avgust,
425-son
Vazirlar Mahkamasining
1993-yil 23-avgustdagi 425-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
Davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish va
xususiylashtirishdan tushadigan mablag‘larning tushishini
nazorat qilish va ularni to‘lash, taqsimlash, hisobga olish
tartibi to‘g‘risida
xususiylashtirishdan tushadigan mablag‘larning tushishini
nazorat qilish va ularni to‘lash, taqsimlash, hisobga olish
tartibi to‘g‘risida
VAQTINChALIK NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Vaqtinchalik nizom “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat mulki jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida” gi Farmoniga va Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 10-noyabrdagi 518-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat mulki jamg‘armasi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq ishlab chiqilgan.
2. “O‘zdavjamg‘arma”ning mablag‘lari quyidagilar hisobiga tarkib topadi:
davlat mulki obyektlarini (uy-joy fondidan tashqari) davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishdan tushadigan mablag‘lar;
davlat korxonalari va tashkilotlarining ijarasi uchun to‘lovlar;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi tomonidan yangidan ta’sis etilayotgan hamda tashkil etilgan aksionerlik jamiyatlarining aksiyalarini sotishdan olinadigan daromadlar;
davlatga tegishli bo‘lgan aksiyalar bo‘yicha olinadigan dividendlar.
3. “O‘zdavjamg‘arma”ning mablag‘lari:
O‘zbekiston Respublikasi ichki qarzini qoplashga;
respublika xalq xo‘jaligi tuzilmasini qayta qurishni mablag‘ bilan ta’minlashga;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga hududlarni ijtimoiy —iqtisodiy rivojlantirish ehtiyojlariga;
belgilangan tartibda tasdiqlangan davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish dasturlarida nazarda tutilgan boshqa maqsadlarga yo‘naltiriladi.
4. Mazkur bo‘limning 2-bandida ko‘rsatilgan mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Toshkent shahar boshqarmasining operatsiya bo‘limidagi “O‘zdavjamg‘arma”ning 000746106 MFO 172682116-son maxsus schyotida to‘planadi. Shunday schyotlar “O‘zdavjamg‘arma”ning hududiy boshqarmalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalarida ham ochiladi.
5. Mazkur Vaqtinchalik nizomda xususiylashtirish obyektlarining sotuvchilari deb O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalari tushuniladi.
6. Xususiylashtirilayotgan obyekt bo‘yicha hisob-kitob shakllari va muddatlari davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish komissiyalari tomonidan “O‘zdavjamg‘arma” ning vakillari ishtirokida belgilanadi, Davlat mulki qo‘mitasi yoki uning hududiy boshqarmalari tomonidan tasdiqlanadi va sotuvchi bilan xaridor o‘rtasida tuziladigan oldi-sotdi shartnomasida aks ettiriladi.
II. Davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishdan tushadigan mablag‘larning tushishini nazorat qilish va ularni to‘lash, taqsimlash, hisobga olish tartibi
1. “O‘zdavjamg‘arma” hududiy boshqarmalarining maxsus schyotlariga mablag‘larni o‘tkazib sotuvchi (yuridik shaxs) tomonidan to‘lov topshirig‘i orqali amalga oshiriladi. Jismoniy shaxslar ushbu schyotga mablag‘larni xususiylashtirish obyektlarini sotish shartlari bilan belgilangan tartibda o‘tkazadilar.
2. To‘lovchilar to‘lov hujjatlarida “O‘zdavjamg‘arma” hududiy boshqarmasi maxsus schyotining rekvizitlarini, mazkur Vaqtinchalik nizomning 1-bo‘limi 2-bandiga muvofiq to‘lovning nomi, mablag‘lar o‘tkazilishining asosi (oldi-sotdi shartnomasi, keyinchalik sotib olish huquqi bilan ijara shartnomasining yoki ular o‘rnini bosadigan boshqa hujjatning ro‘yxatga olish raqamini, xususiylashtirish obyektining nomini ko‘rsatishlari shart. To‘lovchining to‘lov topshirig‘ini to‘ldirish uchun zarur bo‘lgan “O‘zdavjamg‘arma” hududiy boshqarmasi maxsus schyotining raqami va boshqa bank rekvizitlari xususiylashtirish obyektining oldi-sotdi shartnomasida yoki uning o‘rnini bosadigan boshqa hujjatda keltiriladi.
3. Hududiy boshqarmalar maxsus schyotlarining kredit saldosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining ijrochi apparatlariga qoldiriladigan 15 foiz chiqarib tashlangan holda har oyning 25-kunida Markaziy bank muassasalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Toshkent shahar boshqarmasining operatsiya bo‘limidagi “O‘zdavjamg‘arma” ning 000746106 MFO 172682116-son maxsus schyotiga o‘tkaziladi.
4. Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishdan “O‘zdavjamg‘arma” ning maxsus schyotiga tushgan mablag‘lar 1-bo‘limning 3-bandida ko‘rsatilgan yo‘nalishlar va me’yorlar bo‘yicha quyidagi tartibda taqsimlanadi:
tushgan mablag‘larning 20 foizi “O‘zdavjamg‘arma” ning maxsus schyotida to‘planadi va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Markaziy bank tomonidan belgilangan tartibda va muddatlarda respublika ichki qarzini qoplashga yo‘naltiriladi;
40 foizi — Moliya vazirligi va “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi takliflariga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining, vazirliklar va idoralarning buyurtmalariga ko‘ra Hukumatning qarorlariga muvofiq xalq xo‘jaligi tuzilmasini qayta qurishni mablag‘ bilan ta’minlashga yo‘naltiriladi;
15 foizi — “O‘zdavjamg‘arma” bilan Davlat mulki qo‘mitasi tomonidan belgilanadigan tartibga muvofiq hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish ehtiyojlariga yo‘naltiriladi;
25 foizi — Hukumat qarorlariga muvofiq davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish dasturlarida nazarda tutilgan boshqa maqsadlarga yo‘naltiriladi.
5. Mazkur bo‘limning 4-bandida nazarda tutilgan yo‘nalishlar bo‘yicha mablag‘larning ajratilishi respublika budjetidan mablag‘larni ajratish tartibiga muvofiq amalga oshiriladi.
6. Mablag‘larning tushishi va ular harakatining hisob-kitobi buxgalteriya hisobi va hisoboti haqidagi amaldagi Nizomga muvofiq Davlat mulki jamg‘armasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan olib boriladi.
7. “O‘zdavjamg‘arma” ning hududiy boshqarmalari mablag‘lar tushishi va ular harakatining hisob-kitobini tarmoqlar bo‘yicha alohida-alohida va mablag‘lar tushishining manbalari bo‘yicha har bir xususiylashtirish obyekti bo‘yicha olib boradilar.
Xususiylashtirishdan olinadigan mablag‘larning tushishi va ularning harakati haqidagi shu yo‘sindagi ma’lumotlar “O‘zdavjamg‘arma” ning hududiy boshqarmalari tomonidan har oyda hisobot oyidan keyingi oyning 1-kuni holatiga ko‘ra va 5-kunidan kechiktirmay “O‘zdavjamg‘arma” ga va mahalliy statistika organiga topshiriladi.
8. Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishdan tushadigan barcha mablag‘larga soliq solinmaydi.
9. Davlat mulki jamg‘armasi va uning hududiy boshqarmalari:
xususiylashtirish obyektlarini sotib oluvchilardan ularga Davlat mulki qo‘mitasi yoki uning hududiy boshqarmalari tomonidan beriladigan oldi-sotdi shartnomalariga yoki ular o‘rnini bosadigan hujjatlarga muvofiq mablag‘larning to‘liq va o‘z vaqtida tushishi ustidan nazoratni amalga oshiradilar;
bankning xizmat ko‘rsatuvchi muassasalari bilan kelishgan holda bankdagi maxsus schyotlardagi mablag‘larning harakati to‘g‘risida tegishli ko‘chirmalarni olib xususiylashtirishdan olinadigan mablag‘larning tushishi ustidan kundalik nazoratni amalga oshiradilar;
xususiylashtirishdan tushgan mablag‘larni, shu mablag‘larni turli oluvchilar o‘rtasida belgilangan tartibda o‘z vaqtida va to‘la hajmda taqsimlashni amalga oshiradilar.
10. Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishdan chet el valyutasida tushadigan mablag‘lar belgilangan tartibda “O‘zdavjamg‘arma” ning maxsus valyuta schyotiga o‘tkaziladi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda taqsimlanadi.
III. Xususiylashtirish obyektlarining sotuvchilari,
xaridorlari va ularga xizmat ko‘rsatuvchi bank
muassasalarining javobgarligi
xaridorlari va ularga xizmat ko‘rsatuvchi bank
muassasalarining javobgarligi
1. Xususiylashtirilayotgan davlat korxonalari va tashkilotlarining xaridorlari mablag‘larning to‘liq va o‘z vaqtida tushishi uchun qonunchilikka muvofiq javobgardirlar.
Obyektlarni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish uchun belgilangan muddatlarda to‘lanmagan pul mablag‘lari har bir kechiktirilgan kun uchun 0,5 foiz miqdorida qo‘shiladigan penya bilan so‘zsiz undirib olinadi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalari tegishli tarzda rasmiylashtirilgan oldi-sotdi shartnomalari yoki ularning o‘rnini bosadigan hujjatlarni “O‘zdavjamg‘arma”ga, uning hududiy boshqarmalariga topshiradilar.
3. Xaridor tomonidan oldi-sotdi shartnomasi talablarining bajarilishini “O‘zdavjamg‘arma”, uning hududiy boshqarmalari nazorat qiladilar.
4. Bank muassasalari “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq tegishli tarzda rasmiylashtirilgan va o‘z vaqtida taqdim qilingan to‘lov hujjatlari bo‘yicha mablag‘larning to‘g‘ri, o‘z vaqtida va to‘liq tushishi hamda o‘tkazilishi uchun javobgardirlar.