Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
YUNESKO IShLARI BOʻYIChA OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MILLIY KOMISSIYASINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-noyabrdagi 957-sonli “YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy komissiyasi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Taʼlim, fan va madaniyat sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, madaniy va ilmiy axborotlarni ommalashtirish YUNESKO doirasida Oʻzbekistonning maʼnaviy aloqalarini kengaytirish, shuningdek, YUNESKO Ustaviga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasi huzurida YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi (bundan keyin Milliy komissiya deb ataladi) 1-ilovaga* muvofiq tarkibida tashkil etilsin.
* Ilova berilmaydi.
2. Milliy komissiya toʻgʻrisidagi Nizom va uning tuzilmasi tasdiqlansin (2 va 3-ilovalar).
3. Milliy komissiyasining ijro etuvchi organi sifatida Milliy komissiya kotibiyati tashkil etilsin.
Milliy komissiya kotibiyati xodimlarining cheklangan soni 4 nafardan iborat etib belgilansin, kotibiyatning shtatlar jadvali Milliy komissiya raisi tomonidan tasdiqlanishi belgilab qoʻyilsin.
4. Milliy komissiya kotibiyati Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti binosiga joylashtirilsin: Buyuk Ipak yoʻli, 54a-uy.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Milliy komissiya kotibiyatini mablagʻ taʼminlash uchun respublika budjetidan zarur ajratmalarni nazarda tutsin.
6. Aloqa vazirligi belgilangan tartibda, Milliy komissiya kotibiyatining buyurtmanomasiga binoan, zarur telefon va telegraf aloqa kanallarini ajratsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari S.S. Saidqosimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 29-dekabr,
629-son
YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi toʻgʻrisida
NIZOM
YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi, bundan keyin Komissiya deb ataladi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil etilgan hukumat tashkiloti hisoblanadi.
Komissiya oʻz ishlarini YUNESKO va AYSESKO ustav qoidalari, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va amaldagi qonunchiligi asosida tashkil etadi.
(muqaddimaning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-oktabrdagi 821-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.10.2017-y., 09/17/821/0106-son)
Komissiya yuridik shaxs hisoblanadi, oʻz muhriga ega boʻladi.
I. Komissiyasining vazifalari va funksiyalari
1. Respublika vazirliklari va idoralarining Oʻzbekiston Respublikasida YUNESKO va AYSESKO dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish masalalari boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirib borish Komissiyaning asosiy vazifasi hisoblanadi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-oktabrdagi 821-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.10.2017-y., 09/17/821/0106-son)
2. Quyidagilar Komissiya faoliyati va xalqaro hamkorligining asosiy sohalari hisoblanadi:
taʼlim;
gumanitar, tabiiy fanlar;
madaniyat;
ommaviy axborot va kommunikatsiyalar.
3. Komissiya zimmasiga quyidagi asosiy funksiyalar yuklatiladi:
YUNESKO va AYSESKO tadbirlarida hamda loyihalarida Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, idoralari, tashkilotlari va mutaxassislarining qatnashishi toʻgʻrisida YUNESKOning kotibiyatiga hamda mintaqaviy boʻlinmalariga, AYSESKO Bosh direksiyasiga takliflar tayyorlash va kiritish;
taʼlim, fan, madaniyat va axborot sohasida mintaqaviy, submintaqaviy va ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha YUNESKO, AYSESKO Bosh direksiyasining mintaqaviy byurosi va markazlari bilan muntazam konsultatsiyalar oʻtkazish;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida va uning tashqarisida YUNESKO va AYSESKO tadbirlarini tayyorlash va oʻtkazishda qatnashish;
YUNESKO va AYSESKO tomonidan chaqiriladigan Bosh konferensiya hamda boshqa hukumatlararo kengashlarni tayyorlashga va oʻtkazishga koʻmaklashish;
YUNESKO va AYSESKO dasturlarini ishlab chiqish va bajarishda Oʻzbekiston Respublikasining milliy, hukumat va hukumatga qarashli boʻlmagan tashkilotlarining ishtirokini ragʻbatlashtirish;
YUNESKO, AYSESKO Bosh direksiyasi kotibiyatida va mintaqaviy boʻlinmalarida ishlash uchun respublika mutaxassislari rezervini shakllantirish.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-oktabrdagi 821-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.10.2017-y., 09/17/821/0106-son)
II. Komissiya tarkibi
4. Komissiyaning raisi, rais oʻrinbosari, masʼul kotibi va aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadilar.
5. Komissiya tarkibiga vazirliklar, idoralar, tashkilotlar va muassasalar, ommaviy axborot vositalarining vakillari, shuningdek, atoqli fan, madaniyat va taʼlim arboblari kiritiladi.
III. Komissiya ishlarini tashkil etish
6. Komissiyaning umumiy majlisi yiliga 1-marta oʻtkaziladi, bunda Komissiya raisining va masʼul kotibining Komissiya ishchi guruhlari va kotibiyatining faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotlari tinglanadi, Komissiyaning istiqbolidagi faoliyati muhokama qilinadi hamda kotibiyatning va Komissiyaning kelgusi davrdagi ish rejalari tasdiqlanadi.
7. Komissiyaning umumiy majlislari oʻrtasidagi davrda barcha ishlarga YUNESKO ishlari boʻyicha Milliy komissiya rayosati rahbarlik qiladi.
8. Rayosat yilning har choragida kamida bir marta majlis oʻtkazadi.
9. Rayosat tarkibi Komissiyaning birinchi umumiy tashkiliy majlisida saylanadi.
10. Masʼul kotib boshqaradigan kotibiyat Komissiyaning doimiy ishlaydigan ijro etuvchi organi hisoblanadi.
IV. Komissiya kotibiyatining funksiyalari
11. Komissiya kotibiyati zimmasiga quyidagi funksiyalar yuklatiladi:
YUNESKO kotibiyati va AYSESKO Bosh direksiyasi, YUNESKO huzuridagi konsultativ maqomga ega boʻlgan komissiyalar va YUNESKO hamda AYSESKOga aʼzo davlatlarning Milliy komissiyalari bilan oʻzaro hamkorlikni muvofiqlashtirib borish;
Komissiyaning, uning ishchi organlarining ish rejalarini tayyorlashni va ularning bajarilishini nazorat qilishni taʼminlash;
YUNESKO va AYSESKOning vaqtli nashrlarida respublika fuqarolari, tashkilotlari, muassasalarining fan, taʼlim va madaniyat masalalari boʻyicha asarlari va boshqa materiallarini chop etishga koʻmaklashish;
YUNESKO va AYSESKO homiyligida oʻtkaziladigan xalqaro tadbirni tayyorlash va amalga oshirishda tashkilotlarga yordam koʻrsatish;
respublika tashkilotlarining takliflari asosida Fan, madaniyat va taʼlim boʻyicha dasturlarni tayyorlash va ularni Komissiyasiga koʻrib chiqish uchun kiritish;
YUNESKO va AYSESKO tadbirlarida ishtirok etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi vakillarini tanlash boʻyicha takliflar tayyorlash;
YUNESKO kotibiyatida va uning mintaqaviy boʻlinmalarida shuningdek AYSESKO Bosh direksiyasida ishlash uchun ekspertlar sifatida respublika mutaxassislarini tanlash boʻyicha takliflar tayyorlash.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-oktabrdagi 821-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.10.2017-y., 09/17/821/0106-son)
V. Komissiyaning moliyaviy mablagʻlari
12. Komissiyaning moliyaviy mablagʻlari quyidagilar hisobiga shakllanadi:
YUNESKO va AYSESKO Bosh direksiyasi kotibiyatining mablagʻlari;
(12-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-oktabrdagi 821-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.10.2017-y., 09/17/821/0106-son)
Komissiya kotibiyatini taʼminlashga ajratiladigan budjet mablagʻlari;
korxonalar, bank tashkilotlari, tijorat tuzilmalari va shu kabilardan tushumlar;
YUNESKO va AYSESKO yoʻli bilan oʻtkaziladigan tadbirlarni tashkil etish natijasida olinadigan tushumlar.
(12-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-oktabrdagi 821-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.10.2017-y., 09/17/821/0106-son)
13. Komissiyaning pul mablagʻlarini uning raisi tasarruf etadi.
YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy komissiyasining
tuzilmasi