Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
LIZING TOʻGʻRISIDA
Oldingi tahrirga qarang.
1-modda. Lizing toʻgʻrisidagi qonunchilik
Lizing toʻgʻrisidagi qonunchilik lizingni amalga oshirish paytida yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga soladi hamda ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining lizing toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
(1-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
2-modda. Lizing tushunchasi
Oldingi tahrirga qarang.
Lizing — moliyaviy ijaraning alohida turi boʻlib, unda bir taraf (lizing beruvchi) ikkinchi tarafning (lizing oluvchining) topshirigʻiga binoan uchinchi tarafdan (sotuvchidan) lizing shartnomasida shartlashilgan mol-mulkni (lizing obyektini) mulk qilib oladi va uni lizing oluvchiga shu shartnomada belgilangan shartlarda haq evaziga egalik qilish va foydalanish uchun oʻn ikki oydan ortiq muddatga beradi. Bunda lizing shartnomasi quyidagi talablardan biriga javob berishi kerak:
lizing shartnomasining muddati tugagach, lizing obyekti lizing oluvchining mulki boʻlib oʻtsa;
lizing shartnomasining muddati lizing obyekti xizmat muddatining sakson foizidan ortiq boʻlsa yoki lizing obyektining lizing shartnomasi tugaganidan keyingi qoldiq qiymati uning boshlangʻich qiymatining yigirma foizidan kam boʻlsa;
lizing shartnomasining muddati tugagach, lizing oluvchi lizing obyektini uning bozor qiymatidan past narxda evazini toʻlab sotib olish huquqiga ega boʻlsa, bunda ana shu huquqni amalga oshirish kunidagi lizing obyekti qiymati asos boʻladi;
Oldingi tahrirga qarang.
lizing shartnomasi davri uchun lizing toʻlovlarining joriy diskontlangan (hisobga olingan) qiymati lizing obyektining lizingga topshirish paytidagi joriy qiymatining toʻqson foizidan ortiq boʻlsa. Joriy diskontlangan (hisobga olingan) qiymat buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq belgilanadi.
(2-modda birinchi qismining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
(2-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 28-dekabrdagi OʻRQ-138-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 52-son, 533-modda)
Lizing uch taraflama (sotuvchi — lizing beruvchi — lizing oluvchi) yoki ikki taraflama (lizing beruvchi — lizing oluvchi) lizing shartnomasi boʻyicha amalga oshiriladi.
Lizing beruvchi va sotuvchi oʻrtasida ikki taraflama lizing shartnomasi tuzilayotganida qoʻshimcha ravishda lizing obyektining oldi-sotdi shartnomasi tuziladi.
3-modda. Lizing obyektlari
Tadbirkorlik faoliyati uchun foydalaniladigan isteʼmol qilinmaydigan har qanday ashyolar, shu jumladan korxonalar, mulkiy komplekslar, binolar, inshootlar, uskunalar, transport vositalari hamda boshqa koʻchar va koʻchmas mulk lizing obyektlari boʻlishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Yer uchastkalari va boshqa tabiiy obyektlar, shuningdek muomaladan chiqarilgan yoki muomalada boʻlishi cheklangan boshqa mol-mulk lizing obyektlari boʻlishi mumkin emas.
(3-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 13-dekabrdagi 447–II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 1-son, 8-modda)
4-modda. Lizing subyektlari
Lizing beruvchi, lizing oluvchi va sotuvchi lizing subyektlaridir.
Lizing shartnomasi boʻyicha lizing oluvchiga kelgusida topshirish maqsadida lizing obyektini mulk qilib oluvchi shaxs lizing beruvchi deb eʼtirof etiladi.
Egalik qilish va foydalanish uchun lizing shartnomasi boʻyicha lizing obyektini olayotgan shaxs lizing oluvchi deb eʼtirof etiladi.
Lizing beruvchi lizing obyektini kimdan olayotgan boʻlsa, shu shaxs sotuvchi deb eʼtirof etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Lizing obyekti lizing oluvchining krediti (qarzi) hisobidan olingan taqdirda, aniq lizing obyektiga nisbatan lizing beruvchining kreditori va lizing oluvchi bir shaxs timsolida ish koʻrishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
(4-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 13-dekabrdagi 447–II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 1-son, 8-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
5-modda. Lizing shakllari
Lizing uning uchta subyekti ishtirok etadigan toʻgʻridan-toʻgʻri shaklda ham, lizing oluvchi va sotuvchi boʻlib bir shaxsning oʻzi ishtirok etadigan qaytariladigan shaklda ham amalga oshirilishi mumkin.
(5-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 13-dekabrdagi 447–II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 1-son, 8-modda)
6-modda. Qoʻshimcha lizing
Lizing oluvchi lizing beruvchi oldida lizing shartnomasi yuzasidan javobgar boʻlib qolgani holda, lizing shartnomasi boʻyicha olgan lizing obyektini lizing beruvchining yozma roziligi bilan vaqtinchalik egalik qilish va foydalanish uchun uchinchi shaxsga qoʻshimcha lizingga topshirishga haqli. Bunda ushbu Qonunning qoidalari qoʻshimcha lizing shartnomasida qoʻshimcha lizing beruvchiga, qoʻshimcha lizing oluvchiga va sotuvchiga nisbatan muvofiq ravishda lizing beruvchiga, lizing oluvchiga va sotuvchiga boʻlganidek qoʻllaniladi.
Qoʻshimcha lizing shartnomasining amal qilish muddati lizing shartnomasining amal qilish muddatidan ortiq boʻlishi mumkin emas.
7-modda. Lizing obyektini hisobga olish va roʻyxatdan oʻtkazish
Oldingi tahrirga qarang.
Lizing obyekti lizing oluvchi balansida hisobga olinadi.
(7-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 13-dekabrdagi 447–II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 1-son, 8-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(7-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 13-dekabrdagi 447–II-son Qonuniga asosan chiqarilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 1-son, 8-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat organlarida roʻyxatdan oʻtkazilishi talab etiladigan lizing obyektlari qonunchilikda belgilangan tartibda lizing beruvchining yoki lizing oluvchining nomiga rasmiylashtiriladi.
(7-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
8-modda. Lizing faoliyati
Lizing faoliyati lizing beruvchi tomonidan oʻz mablagʻlari va (yoki) jalb etilgan mablagʻlar hisobidan lizing obyektining sotib olinishi va uni lizing shartnomasi boʻyicha lizing oluvchiga berilishi borasidagi investitsiya faoliyati turidir.
(8-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 13-dekabrdagi 447–II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 1-son, 8-modda)
9-modda. Lizing shartnomasi
Oldingi tahrirga qarang.
Lizing shartnomasi yozma shaklda, qonunchilikda belgilangan tartibda tuziladi.
(9-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Lizing shartnomasi:
shartnoma taraflaridan birining talabiga koʻra;
Oldingi tahrirga qarang.
mol-mulk lizing obyekti hisoblanib, u haqda tuziladigan bitimlar qonunga muvofiq notarial tartibda tasdiqlanishi talab qilinadigan hollarda notarial tasdiqlanishi lozim, bundan birlamchi bozordan koʻchmas mulk va transport vositalari olish chogʻidagi lizing toʻgʻrisidagi shartnomalar mustasno.
(9-modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 14-yanvardagi OʻRQ-602-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2020-y., 03/20/602/0052-son)
(9-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 13-dekabrdagi 447–II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 1-son, 8-modda)
Quyidagilar lizing shartnomasining muhim shartlari hisoblanadi:
lizing obyektining tavsiflanishi (lizing obyektining miqdori, sifati, roʻyxati, kontrakt qiymati va boshqa koʻrsatkichlari) va shartnoma umumiy pul summasining koʻrsatilishi;
taraflarning lizing obyektini olish va berish bilan bogʻliq majburiyatlari;
lizing obyektini berish tartibi, shu jumladan lizing obyektini yetkazib berish, montaj qilish va foydalanishga topshirish tartibi;
lizing toʻlovlarini toʻlash shartlari, miqdorlari, muddatlari va tartibi;
lizing obyektidan foydalanish, unga qarash, uni saqlab turish va taʼmirlash yuzasidan taraflarning majburiyatlari;
shartnomaning amal qilish muddati.
Oldingi tahrirga qarang.
sotuvchi va lizing obyektini tanlash uchun masʼul tarafning koʻrsatilishi.
(9-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 13-dekabrdagi 447–II-son Qonuniga asosan, sakkizinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 1-son, 8-modda)
Taraflarning kelishuviga binoan lizing shartnomasiga quyidagi shartlar kiritilishi mumkin:
Oldingi tahrirga qarang.
lizing obyektini sotib olish tartibi va muddatlari;
(9-moddaning toʻrtinchi qismi ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 13-dekabrdagi 447–II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 1-son, 8-modda)
lizing shartnomasini oʻzgartirish va bekor qilish;
lizing obyektini sugʻurta qilish;
fors-major holatlar;
lizing beruvchi qoʻshimcha xizmatlar koʻrsatishi, bunday xizmatlarsiz lizing obyektidan foydalanib boʻlmasa;
lizing subyektlari tomonidan lizing shartnomasi shartlariga rioya etilishini nazorat qilish tartibi.
Oldingi tahrirga qarang.
Lizing shartnomasiga qonunchilikka muvofiq boshqa shartlar ham kiritilishi mumkin.
(9-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
10-modda. Lizing shartnomasini oʻzgartirish va bekor qilish
Oldingi tahrirga qarang.
Lizing shartnomasini oʻzgartirish va bekor qilish, agar qonunchilikda va shartnomada boshqa tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, taraflar kelishuviga binoan amalga oshirilishi mumkin.
(10-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
11-modda. Lizing beruvchining huquq va majburiyatlari
Lizing beruvchi quyidagi huquqlarga egadir:
Oldingi tahrirga qarang.
lizing oluvchining lizing obyektidan qanday sharoitlarda foydalanayotganligini va uni belgilangan maqsadiga muvofiq ishlatayotganligini lizing shartnomasi shartlariga hamda qonunchilik talablariga muvofiq nazorat qilish;
(11-modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
lizing oluvchining roziligi bilan lizing obyekti va uning sotuvchisini tanlash;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikda yoki lizing shartnomasida nazarda tutilgan hollarda va tartibda lizing oluvchidan lizing obyektini talab qilib olish;
(11-modda birinchi qismining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
lizing oluvchi tomonidan oʻz majburiyatlarining jiddiy ravishda buzilishiga yoʻl qoʻyilgan taqdirda, agar lizing shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, kelgusi lizing toʻlovlarini toʻlashni tezlashtirishni yoki garov narsasini undirish uchun nazarda tutilgan tartibda undiruvni lizing obyektiga qaratgan va zararni undirgan holda shartnomani bekor qilishni talab etish.
(11-modda birinchi qismining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 22-oktabrdagi OʻRQ-572-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.10.2019-y., 03/19/572/3943-son)
Agar lizing obyekti lizing beruvchining aybi bilan yetkazib berilmagan boʻlsa yoki lizing shartnomasi shartlariga nomuvofiq boʻlsa, lizing beruvchi lizing oluvchining roziligi bilan oʻzi lozim darajada bajarmagan lizing shartnomasi shartlarini tuzatib bajarishga yoki lizing oluvchiga boshqa lizing obyektini taklif etishga haqli.
Lizing beruvchi:
lizing shartnomasi boʻyicha mol-mulkni olishi va uni lizing oluvchiga egalik qilish hamda foydalanish uchun berishi;
lizing oluvchi uchun mol-mulk olayotganda mol-mulk muayyan shaxsga lizingga berishga moʻljallanganligini sotuvchiga maʼlum qilishi;
lizing obyektini, agar shartnomada shunday shartlar nazarda tutilgan boʻlsa, saqlab turish, taʼmirlash va unga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha lizing oluvchi oldida oʻz zimmasiga olingan majburiyatlarni oʻz vaqtida va toʻliq hajmda bajarishi shart.
Lizing beruvchi qonun hujjatlarida belgilangan boshqa huquqlarga ega boʻlishi va oʻzga mujburiyatlarni bajarishi mumkin.
12-modda. Lizing oluvchining huquq va majburiyatlari
Lizing oluvchi quyidagi huquqlarga ega:
lizing obyektini mustaqil aniqlash va sotuvchini tanlash;
lizing beruvchidan lizing shartnomasini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik tufayli yetkazilgan zarar qoplanishini talab qilish;
sotuvchiga lizing obyekti oldi-sotdi shartnomasidan kelib chiquvchi talablarni, jumladan uning sifati va butligi, topshirish muddati, kafolatli taʼmirlashi va hokazolar xususida talablar qoʻyish;
Oldingi tahrirga qarang.
lizing obyekti yetkazib berilmagan, toʻliq yetkazib berilmagan, yetkazib berish muddati oʻtkazib yuborilgan yoki sifati talab darajasida boʻlmagan lizing obyekti yetkazib berilgan taqdirda, agar shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, lizing toʻlovlari toʻlashni kechiktirish, yetkazib beriladigan lizing obyektidan voz kechish va lizing shartnomasining bekor qilinishini talab etish;
lizing shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingan taqdirda, oʻzi ilgari avans sifatida toʻlagan toʻlovlarni lizing obyektidan foydalanishdan olingan foydaning qiymatini chegirib tashlagan holda, qaytarib berishni talab qilish.
(12-modda birinchi qismining beshinchi va oltinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 13-dekabrdagi 447–II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 1-son, 8-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Uchinchi shaxs undiruvni lizing obyektiga qaratganda lizing oluvchi lizing shartnomasini bekor qilish va lizing obyektini mulk qilib olish bilan bir paytda lizing shartnomasi boʻyicha tegishli lizing toʻlovlari qoldigʻini lizing beruvchining qolgan davrda oladigan daromadini chegirib tashlagan holda bir yoʻla toʻlashga haqli.
(12-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 13-dekabrdagi 447–II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 1-son, 8-modda)
Lizing oluvchi:
lizing obyektini qabul qilib olishi va undan lozim darajada foydalanishi, uni shartnoma shartlariga muvofiq saqlab turishi;
lizing toʻlovlarini oʻz vaqtida toʻlab turishi, agar lizing shartnomasida boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, lizing obyektini oʻz hisobidan joriy taʼmirlashi, uni saqlab turishga doir boshqa xarajatlar qilishi shart.
Lizing shartnomasi bekor qilinganda lizing oluvchi lizing obyektini lizing beruvchidan qanday holatda olgan boʻlsa, shunday holatda, normal eskirish va taraflarning kelishuvida shartlashilgan oʻzgarishlarni hisobga olgan holda qaytarishi shart, ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Lizing oluvchining lizing obyektini taʼmirlash va unga texnik xizmat koʻrsatishga doir huquqi va majburiyati sotuvchi bilan alohida tuzilgan shartnomada belgilanishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Lizing oluvchi qonunchilikda belgilangan boshqa huquqlarga ega boʻlishi va oʻzga majburiyatlarni bajarishi mumkin.
(12-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
13-modda. Sotuvchining huquq va majburiyatlari
Oldingi tahrirga qarang.
Sotuvchi qonunchilikka va shartnomaga muvofiq huquqlarga ega boʻladi va majburiyatlarni bajaradi.
(13-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Agar lizing shartnomasida yoki oldi-sotdi (mahsulot yetkazib berish) shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha sotuvchining lizing oluvchiga nisbatan huquq va majburiyatlari lizing beruvchiga nisbatan huquq va majburiyatlaridek boʻladi. Bunda lizing oluvchi lizing obyekti oldi-sotdi shartnomasini bekor qilishga yoki uni haqiqiy emas deb topishga haqli emas.
14-modda. Lizing obyektining oldi-sotdi shartnomasi xususiyatlari
Lizing obyektining oldi-sotdi shartnomasi lizing beruvchi va sotuvchi oʻrtasida tuzilib, unga koʻra lizing beruvchi lizing oluvchining topshirigʻiga binoan lizing obyektini keyinchalik lizing oluvchiga berish uchun oʻz mulki qilib oladi.
Taraflarning xohishiga koʻra lizing obyektining oldi-sotdi shartnomasi lizing shartnomasi kuchga kirishidan oldin yoki keyin tuzilishi mumkin.
Lizing obyekti oldi-sotdi shartnomasini tuzish paytida lizing beruvchi lizing obyekti qaysi maqsadda olinayotganligidan sotuvchini oldindan xabardor qilishi, buni oldi-sotdi shartnomasida qayd etishi shart.
15-modda. Lizing obyektiga boʻlgan mulk huquqi
Lizing obyektiga boʻlgan mulk huquqi lizing oluvchi tomonidan sotib olingunga qadar lizing beruvchiga tegishlidir.
Oldingi tahrirga qarang.
Lizing shartnomasining amal qilish muddati tugagunga qadar barcha lizing toʻlovlari lizing beruvchining lizing shartnomasi muddati tugagunga qadar qolgan davrda oladigan daromadi chegirib tashlangan holda toʻlangan taqdirda, agar lizing shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, lizing obyektiga boʻlgan mulk huquqi lizing oluvchiga oʻtishi mumkin.
(15-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 13-dekabrdagi 447–II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 1-son, 8-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(15-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 13-dekabrdagi 447–II-son Qonuniga asosan chiqarilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 1-son, 8-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Lizing oluvchi bankrot boʻlgan, uning mol-mulki xatga olingan yoki musodara qilingan taqdirda, lizing obyekti lizing oluvchining umumiy mol-mulkidan ajratiladi va lizing beruvchiga qaytarilishi lozim, u mol-mulkni oʻz xohishiga koʻra tasarruf etishi mumkin. Lizing beruvchiga zararni qoplash tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.
(15-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
16-modda. Lizing beruvchi va lizing oluvchining oʻz huquqlaridan uchinchi shaxslar foydasiga voz kechishi
Lizing beruvchi lizing oluvchini xabardor qilgan holda lizing shartnomasi boʻyicha oʻz huquqlaridan toʻliq yoki qisman uchinchi shaxslar foydasiga voz kechishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Lizing oluvchi lizing beruvchining ruxsati bilan lizing shartnomasi boʻyicha oʻz huquqlaridan toʻliq yoki qisman uchinchi shaxslar foydasiga voz kechishi mumkin.
(16-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 13-dekabrdagi 447–II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 1-son, 8-modda)
Lizing obyektiga boʻlgan mulk huquqi lizing beruvchidan uchinchi shaxsga oʻtganda, lizing oluvchi bilan tuzilgan lizing shartnomasi yangi mulkdor uchun oʻz kuchini saqlab qoladi.
17-modda. Lizing obyektini jadal amortizatsiya qilishni qoʻllash
Oldingi tahrirga qarang.
Lizing beruvchi va lizing oluvchi oʻzaro kelishgan holda qonunchilikka muvofiq lizing obyektini jadal amortizatsiya qilishni qoʻllash huquqiga ega.
(17-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
18-modda. Lizing obyektini sugʻurtalash
Nobud boʻlish, yoʻqolish, oʻgʻirlash, shikastlanish, buzilish va barvaqt eskirish xavfi bilan bogʻliq boʻlgan tarzdagi har qanday yetkazilishi mumkin boʻlgan zarardan lizing obyektini sugʻurtalash taraflarning kelishuviga binoan amalga oshiriladi. Bunday kelishuv boʻlmagan taqdirda, lizing oluvchi lizing obyekti sugʻurtasi uchun javobgar boʻladi.
19-modda. Lizing obyekti bilan bogʻliq xavflar
Lizing obyekti bilan bogʻliq barcha xavflar, shu jumladan uning tasodifan yoʻqolishi (nobud boʻlishi) yoki tasodifan buzilishi, shuningdek oʻgʻirlanishi, barvaqt eskirishi, shikastlanishi xavflari lizing shartnomasida nazarda tutilgan tartibda lizing oluvchiga oʻtadi. Xavflar lizing oluvchiga oʻtgan daqiqadan eʼtiboran lizing oluvchi lizing obyekti har qanday tarzda yoʻqotilishi yoki shikastlanishi uchun lizing shartnomasi amal qiladigan muddat davomida javobgar boʻladi.
Agar xavflar lizing beruvchidan lizing oluvchiga oʻtadigan vaqt lizing shartnomasida belgilangan boʻlmasa, xavflar lizing oluvchiga u lizing obyektini olgan daqiqadan eʼtiboran oʻtadi.
Agar taklif etilgan lizing obyekti lizing shartnomasiga mos kelmasa va bu lizing oluvchiga lizing obyektidan voz kechish huquqini bersa, ana shunday nomuvofiqlik bartaraf etilgunga qadar yoki lizing oluvchi lizing obyektini olgunga qadar barcha xavflar lizing beruvchi zimmasida boʻladi.
Sotuvchining nochorligi yoki lizing obyektining undan foydalanish maqsadlariga nomuvofiqligi xavflari lizing oluvchining zimmasida boʻladi, lizing beruvchining sotuvchini yoki lizing obyektini tanlash yoxud lizing beruvchi lizing oluvchini muayyan sotuvchini yoki lizing obyektini tanlashga gʻayriqonuniy tarzda majburlash hollari bundan mustasno.
20-modda. Lizing shartnomasi boʻyicha taʼminlash
Lizing shartnomasiga bogʻliq ravishda sarflangan mablagʻlar qaytarilishining kafolati sifatida lizing beruvchi lizing oluvchidan taʼminlash berilishini, shu jumladan garov, bank kafolati yoki uchinchi shaxsning kafilligi koʻrinishidagi taʼminlash berilishini talab qilishi mumkin.
21-modda. Lizing obyektidan garov sifatida foydalanish
Oldingi tahrirga qarang.
Lizing beruvchi lizing oluvchining oldindan roziligini olmay turib, lizing obyektidan garov sifatida foydalanish huquqiga ega emas.
(21-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 13-dekabrdagi 447–II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 1-son, 8-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Lizing shartnomasida nazarda tutilgan taqdirda, lizing oluvchi boshqa majburiyatlarning bajarilishi taʼminoti sifatida lizing obyektini mazkur obyekt qiymatining lizing beruvchiga toʻlanishi lozim boʻlgan lizing toʻlovlarining qolgan summasidan ortiq boʻlgan qismi boʻyicha berishi mumkin.
(21-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 22-oktabrdagi OʻRQ-572-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.10.2019-y., 03/19/572/3943-son)
22-modda. Lizing toʻlovlari
Oldingi tahrirga qarang.
Lizing toʻlovlari lizing beruvchiga lizing obyekti qiymatining lizing oluvchi tomonidan qoplanishidan, shuningdek lizing beruvchining foizli daromadidan iborat boʻladi.
(22-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 28-dekabrdagi OʻRQ-138-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 52-son, 533-modda)
Lizing toʻlovlari shartnomaning butun amal qilish muddatiga taqsimlanadi va boʻlib-boʻlib toʻlanadi. Lizing toʻlovlarining miqdorlari va davriyligi lizing shartnomasi bilan belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
23-modda. Pul summalarini undirish va undiruvni lizing obyektiga qaratish
Oldingi tahrirga qarang.
Pul summalarini undirish tartibi qonunchilikda belgilanadi, undiruvni lizing obyektiga qaratish esa undiruvni garov narsasiga qaratish uchun nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
(23-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
24-modda. Lizing subyektlarining javobgarligi
Lizing beruvchi mol-mulkni yetkazib bermaganlik, toʻliq yetkazib bermaganlik, yetkazib berish muddatini oʻtkazib yuborganlik va tegishli darajada sifatli boʻlmagan mol-mulkni yetkazib berganlik uchun, agar bu uning aybli harakatlari (harakatsizligi) tufayli boʻlsa, lizing oluvchining oldida javobgar boʻladi.
Lizing beruvchi lizing oluvchi oldida lizing obyekti yuzasidan javobgar boʻlmaydi, lizing obyekti sotuvchisi va lizing obyektining oʻzi lizing beruvchi tomonidan tanlangan va lizing oluvchi shu tufayli zarar koʻrganligi isbotlangan hollar bundan mustasno.
Lizing beruvchi va lizing oluvchi sotuvchiga nisbatan lizing obyektining oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha solidar kreditorlar sifatida ish koʻradilar. Sotuvchi ular oldida lizing obyektining oldi-sotdi shartnomasidan kelib chiquvchi majburiyatlarni bajarish (lizing obyektining sifati, butligi, lozim darajada yetkazib berilishi va boshqalar) yuzasidan javobgar boʻladi. Bunda sotuvchi lizing obyekti bilan bogʻliq aynan bitta zarar uchun bir paytning oʻzida lizing oluvchi va lizing beruvchi oldida javobgar boʻlishi mumkin emas.
Oldingi tahrirga qarang.
(24-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 13-dekabrdagi 447–II-son Qonuniga asosan chiqarilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 1-son, 8-modda)
Lizing beruvchi lizing obyektining lizing shartnomasini tuzishda qayd etib oʻtilgan kamchiliklari uchun javob bermaydi.
Lizing oluvchining aybi bilan lizing obyektining yoʻqolishi yoki lizing obyektining oʻz vazifasiga doir ahamiyatini yoʻqotishi, agar lizing shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, lizing oluvchini lizing beruvchi oldidagi javobgarlikdan ozod etmaydi.
25-modda. Nizolarni hal etish
Lizingni amalga oshirish jarayonida yuzaga keladigan nizolar sud tartibida hal etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 14-aprel,
756-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., 5-son, 108-modda; 2003-y., 1-son, 8-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 52-son, 533-modda; 2016-y., 52-son, 598-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.10.2019-y., 03/19/572/3943-son; 15.01.2020-y., 03/20/602/0052-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)