LexUZ sharhi
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Surxondaryo viloyatining “Oqtosh” chegara postida harbiy xizmatchilarni halokatga olib kelgan fojiali voqea munosabati bilan:
Komissiya ikki hafta ichida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga o‘z ishi natijalarini taqdim etsin.
Harbiy intizomni bo‘shashtirib yuborganligi, o‘q otish qurollarini saqlash va ulardan foydalanish qoidalarini buzganligi va bu juda og‘ir oqibatlarga olib kelganligi uchun ushbu harbiy qism qo‘mondonligiga nisbatan jinoiy javobgarlikka tortishgacha bo‘lgan g‘oyat qattiq choralar qo‘llanib, jinoyat ishi keyinchalik harbiy sud tomonidan ko‘rib chiqish uchun topshirilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, chegara va ichki qo‘shinlari harbiy qismlarida harbiy intizomning ahvolini chuqur o‘rganish uchun 2-ilovaga* muvofiq komissiya tuzilsin.
Komissiya uch oy ichida harbiy qismlar harbiy xizmatchilari o‘rtasida nizomga zid o‘zaro munosabat hollarini bartaraf etishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar majmuini tayyorlab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdim etsin.
Mazkur komissiya tarkibida ushbu masalani har bir harbiy qismda o‘rganish uchun 3-ilovaga* muvofiq ishchi guruhlari tuzilsin.
3. Harbiy intizomning ahvoli va nizomga zid munosabat hollarini bartaraf etish chora-tadbirlari samaradorligi uchun harbiy qismlar komandirlari va tegishli qo‘shin turlari qo‘mondonlari shaxsan javobgar ekanliklari belgilab qo‘yilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi (X.K. Tursunov), Milliy Xavfsizlik Xizmati (R.R. Inoyatov), Ichki ishlar vazirligi (Z.A. Almatov) va Prokuratura (B.M. Mustafoyev) bir oy muddat ichida harbiy xizmatchilar o‘rtasida nizomga zid munosabat hollarining xizmat tekshiruvi tartiblari to‘g‘risida va o‘zaro munosabatlarda nizomga zid har bir holat uchun guruhlar, raschyotlar, bo‘linmalar, vzvodlar, rotalar, batalonlar, brigadalar komandirlarining hamda ularning shaxsiy tarkib bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosarlarining jinoiy javobgarlikka tortishgacha bo‘lgan shaxsiy javobgarligini belgilash haqida Nizom tayyorlab, uni tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdim etsinlar.
4. O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi (D.M. G‘ulomova) “Kamolot” Yoshlar jamg‘armasi (X.M. Abduraimov) va Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” jamiyati (J.J. Shohmardonov) bilan hamkorlikda o‘z faoliyatlarida harbiy qismlarda sog‘lom axloqiy muhitni yaratish maqsadida harbiy xizmatga chaqiriluvchilar va harbiy xizmatchilar o‘rtasida tarbiyaviy ishlarga alohida e’tibor qaratsinlar.
Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi huzurida doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi komissiya tuzilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Milliy Xavfsizlik Xizmati va Ichki ishlar vazirligi ushbu komissiya o‘z faoliyatini amalga oshirishi uchun tegishli shart-sharoitlarni yaratsinlar.