Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
RESPUBLIKA KORXONALARI, TAShKILOTLARI VA MUASSASALARIDAN PUL TUShIMI TUShIShI USTIDAN NAZORATNI TAʼMINLASh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 24-martdagi 104-sonli “Bank tizimini isloh qilishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasini muomalaga kiritish toʻgʻrisida” 1994-yil 16-iyundagi Farmoniga, Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasini joriy etishga oid tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 1994-yil 20-iyundagi 307-son qaroriga muvofiq hamda soʻm va soʻm-kuponlardagi tushumlarning sotilgan tovarlar va xizmatlarga mos ravishda oʻz vaqtida va toʻliq topshirilishini tezkorlik bilan nazorat qilishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining tijorat banklarining tuman, shahar muassasalari huzurida tovar sotishdan va pulli xizmatlar koʻrsatishdan tushgan pul tushumlari tushishining ahvolini nazorat qilish boʻyicha komissiyalar tuzish hamda ushbu komissiyalar tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasining vakolatli va bilimdon vakillarini kiritish toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin.
2. Quyidagi vazifalarni hal etish koʻrsatib oʻtilgan komissiyalar faoliyatining asosiy yoʻnalishlari qilib belgilansin;
tijorat banklarining tuman, shahar muassasalari bilan birgalikda tovar sotuvchi va xizmatlar koʻrsatuvchi har qaysi korxona, muassasa va tashkilotdan soʻmlarda va “Soʻm-kupon”larda tushgan tushumlarning har kuni inkassatsiya qilinishini taʼminlash;
tuman, shaharning inkassatsiya qilinadigan har qaysi korxonasi, muassasasi va tashkilotidan soʻmlarda va “Soʻm-kupon”larda tushgan tushumlarni tezkorlik bilan hisobga olish va tahlil qilish;
inkassatsiya qilinadigan har qaysi obyektdan — doʻkondan, savdo markazidan, xizmat koʻrsatish sohasi korxonasidan har kuni tushadigan tushum summasini ularning 10—15 kun oldin har kuni topshirgan tushum summasi bilan qiyoslab tahlil qilishni amalga oshirish;
tushgan tushumni qabul qilib olish yoki rad etish mumkinligi, shuningdek, sotilgan tovarlar va koʻrsatilgan xizmatlarning taqdim etilgan summaga muvofiq kelishini tezkorlik bilan tekshirib koʻrish zarurligi toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
tushumlarni inkassatsiya qilishning belgilangan tartibini buzish hollari aniqlangan taqdirda amaldagi qonunchilikka muvofiq choralar koʻrish.
Ushbu ish tartibi 1994-yil 1-iyuldan boshlab joriy etilsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, “Oʻzbeksavdo” uyushmasi, Oʻzbekbirlashuv, savdo tarmoqlariga ega boʻlgan, shuningdek, aholiga pulli xizmatlar koʻrsatuvchi vazirliklar va idoralarning rahbarlari ushbu qaror talablarining qatʼiy bajarilishini hamda tuzilgan komissiyalarning samarali faoliyat koʻrsatishiga amaliy yordam berishni taʼminlasinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 19-noyabrdagi 561-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Respublika komissiyasi raisi A.M. Mutalov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 29-iyun,
331-son