O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 122-moddasiga, “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining asoslari to‘g‘risida”gi Qonunning 11-moddasiga va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1993-yil 3-sentabrdagi 952-XII-son qaroriga muvofiq:
1. 1994-yilning 1-iyulidan boshlab O‘zbekiston Respublikasining hududida 1000 so‘m-kuponga bir “So‘m” nisbati bilan O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasi — “So‘m” muomalaga kiritilsin.
2. Milliy valyutani joriy etish bo‘yicha respublika komissiyasining tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Naqd pullarni almashtirishga hamda pul muomalasiga oid barcha tezkor va joriy masalalarni hal qilish komissiya zimmasiga yuklatilsin.
3. O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasi “So‘m” O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qiymati 1, 3, 5, 10, 25, 50, 100 “So‘m” bo‘lgan bank qog‘oz pullari /banknotlar/ va 1, 3, 5, 10, 20, 50 “Tiyin” bo‘lgan metall tangalar holida naqd pul muomalasiga chiqariladi.
1994-yilning 1-iyulidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida “So‘m” qonuniy to‘lov vositasi hisoblanadi;
“So‘mlar” va “Tiyinlar” O‘zbekiston Respublikasi hududida mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, hamma jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan barcha turdagi to‘lovlarga, shuningdek banklar tomonidan omonatlarga va hisobvaraqlariga qo‘shib qo‘yish uchun hech qanday cheklovlarsiz qabul qilinishi majburiydir;
O‘zbekiston Respublikasi hududida milliy valyuta — “So‘m” bilan bir qatorda erkin muomaladagi valyutadan to‘lov vositasi sifatida belgilangan tartibda foydalanishga ruxsat beriladi.
5. So‘m-kuponlarni almashtirish uchun aholiga zarur shart-sharoitlarni yaratib berish va milliy valyutaga shoshmasdan o‘tishni ta’minlash maqsadida:
— O‘zbekiston Respublikasining bank muassasalari 1994-yilning 1-iyulidan boshlab so‘m-kuponlarni muomalaga chiqarishni to‘xtatsinlar;
— 1994-yilning 1-avgustiga qadar barcha turdagi to‘lovlarga, shuningdek fuqarolarning omonatlariga va O‘zbekiston Respublikasi doirasida pul o‘tkazish uchun milliy valyuta bilan bir qatorda 1000 so‘m-kuponga 1 “So‘m” nisbati bilan hech qanday cheklovlarsiz so‘m-kuponlarni qabul qilishga ruxsat berilsin. Aholiga xizmat ko‘rsatayotgan respublikaning barcha savdo tashkilotlari hamda boshqa korxonalari, tashkilotlari va muassasalari mazkur bandning so‘zsiz bajarilishini ta’minlasinlar.
O‘zbekiston Respublikasining Ichki ishlar vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda “So‘m” bilan so‘m-kupon bab-baravar muomalada bo‘lgan davrda so‘m-kuponlarga tovarlar sotishdan va xizmat ko‘rsatishdan bosh tortganlik uchun aybdor shaxslarni qattiq javobgarlikka tortsinlar.
6. Markaziy bank, “O‘zsanoatqurilishbank”, “O‘zdehqonchiliksanoatbank” va respublikaning boshqa banklari 1994-yil 28-iyundan 5-iyulgacha 1994-yil iyun oyining ikkinchi yarmi uchun ish haqi, shuningdek 1994-yil iyul oyi uchun pensiyalar, nafaqalar va stipendiyalar “So‘m” bilan berilishini ta’minlasinlar.
7. Respublikaning vakil qilingan banklari 1994-yilning 1-iyulidan boshlab tegishli punktlar orqali erkin muomaladagi valyutani O‘zbekiston Respublikasining “So‘mlari”ga O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki belgilaydigan kurs bo‘yicha cheklovlarsiz almashtirib berilishini ta’minlasinlar.
8. Mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, respublikaning barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlari va bank muassasalari 1994-yilning 1-iyuligacha bo‘lgan holatda hisobvaraqlaridagi, omonatlardagi va majburiyatlardagi mablag‘larni, shuningdek ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va boshqa to‘lovlarning miqdorlarini 1 “So‘m”: 1000 so‘m-kupon nisbati bilan qaytadan hisoblab chiqsinlar.
9. 1994-yilning 1-avgustidan boshlab O‘zbekiston Respublikasining butun hududida to‘lovlarning barcha turlari faqat milliy valyuta “So‘m” bilan amalga oshirilishini e’tiborga olib, aholiga 1994-yilning 1-avgustiga qadar qolgan so‘m-kuponlarni omonatlarga cheklovlarsiz qo‘yish tavsiya etilsin.
Jamg‘arma tarmog‘iga ega bo‘lgan “O‘zjamg‘armabank” va respublikaning boshqa tijorat banklari 1994-yil 1-avgustidan boshlab so‘m-kuponlarni omonatlarga qabul qilishni to‘xtatsinlar.
10. Jamg‘arma tarmog‘iga ega bo‘lgan “O‘zjamg‘armabank” va respublikaning boshqa tijorat banklari 1994-yilning 1-sentabriga qadar aholining omonatlar bo‘yicha shaxsiy hisobvaraqlaridagi operatsiyalarni faqat hisob-kitob cheklari, chek daftarchalari yoki omonatchilarning topshiriqlari bo‘yicha pul o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshirsinlar, 1994-yilning 1-sentabridan boshlab esa omonatchilarning xohishiga ko‘ra “So‘mlar” va “Tiyinlar” bilan bersinlar.
11. Milliy valyutani joriy etish mexanizmi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki ishlab chiqqan normativ hujjatlar ma’qullansin.
12. 1994-yilning 1-iyulidan boshlab mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlar uchun mehnat haqini to‘lashga beriladigan mablag‘larni davlat yo‘li bilan tartibga solish joriy etilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Moliya vazirligi o‘n kun muddat ichida buning uchun zarur yo‘riqnomalarni xo‘jalik yurituvchi subyektlarga yetkazsin.
13. Milliy valyuta – “So‘m” joriy etish hamda muomalada bo‘lgan so‘m-kuponlarni belgilangan muddatlarda yig‘ishtirib olish borasidagi ishlarning tashkil etilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki zimmasiga yuklatilsin.
14. O‘zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi ushbu Farmonni bajarish yuzasidan tegishli qaror qabul qilsin.